Oloviddin istirohat bog‘idan o‘tib borayotgan mahali ulkan eman tagida yotgan eski chiroqni ko‘rib qoldi.
Bolakay chiroqni olib, uning naqshlarini tomosha qilgan bo‘ldi. So‘ng, ancha xira tortgan joyini yaxshiroq ko‘rish uchun kaftida artdi. Birdan chiroq ichi g‘alayonga keldi, tutun va olov tili ko‘rindi. Qo‘rqib ketgan Oloviddin jon holatda uni otib yubordi.
Chiroq ichidan quyuq tutunga qo‘shilib keksa jin chiqdi. U uzun qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qildi:
— Amringga muntazirman, Oloviddin xo‘jam!
Bu kutilmagan hodisadan Oloviddin angrayib qoldi:
— Ie, eski chiroq ichida jin yashashi rost ekan-da!
— Rost, xo‘jam, rost.
Oloviddin o‘ziga keldi, quvonib ham ketdi:
— O‘h-ho‘, zo‘r-ku! Demak endi sen mening hamma aytganimni qilasanmi?
Jin ta’zim qildi:
— Buyur, xo‘jam.
Oloviddin o‘ylanib turdi-turdi, so‘ng amr qildi:
— Internet-kafeda bo‘lib qolishni istayman!
Jin oldinga tushib, yo‘l boshladi:
— Ketdik, xo‘jam.
Chiroqni qo‘liga olgan Oloviddin beixtiyor jinga ergasharkan, farmoniga aniqlik kiritdi:
— Lekin men u yerda tez paydo bo‘lib qolishni istayman.
— Unda yugurdik, xo‘jam.
Jin chopib keta boshladi. Oloviddin lo‘killab uning ortidan biroz yugurdi, keyin charchadi shekilli, to‘xtadi.
— E, bo‘ldi-ey!.. Menga qara, jin, senga boshqa buyrug‘im bor. Bugun uchta “ikki” oldim...
— To‘rtta, — aniqlik kiritdi jin .
Oloviddin e’tiroz bildirdi:
— To‘rtinchisini kundalikka qo‘ydirmadim-ku.
Ammo jin bo‘sh kelmadi:
— Lekin jurnalda turibdi.
Oloviddin qo‘l siltadi:
— Xullas, bugungi, kechagi, umuman o‘qish boshlanganidan beri olgan hamma-hamma “ikki”larimni “besh”ga aylantirasan. Keyin shunday qilki, bundan keyin hamma ustozlarim menga faqat “besh” qo‘ysin. Faqat “besh”!
Jin iyagini tutamlagancha uzo-oq o‘ylanib qoldi. Oloviddin bu safar rostakamiga hayron qoldi:
— Nega o‘ylanasan? Bu senga arzimagan ish bo‘lsa kerak.
— Arzimagan ish emish, — to‘ng‘illadi jin. — Hammayoq reyting bo‘lsa...
— Bahona qilma, jin. Men axir seni necha yillik tutqunlikdan ozod qilgan xo‘jangman-ku! Bo‘lmasa yotgan bo‘larding haliyam chiroqning ichida.
Jin aniq javobdan o‘zini olib qochdi:
— Sal torligini aytmasa, unchalik yomon emas, u yerdayam yashasa bo‘ladi, xo‘jam...
Toqati toq bo‘lgan Oloviddin baqirib berdi:
— Aytganimni qilasanmi-yo‘qmi?
Shunda deng, nogoh jin yana quyuq tutunga aylanib, chiroqqa kirib oldi-qo‘ydi. Chiroq ichidan uning gumburlagan ovozi keldi:
— Men shu yerda yana biroz yota turay, xo‘jam. Biron a’lochiroq bola uchrab qolar.
Oloviddin yig‘laguday ahvolga tushdi:
— Bu nima deganing? Va’dang qani? Hamma aytganingni qilaman deding-ku.
Jin, noilojligini bildirganday, bu gal shivirlab sado berdi:
— Va’damning reyting bilan testga aloqasi yo‘q edi, xo‘jam.
Bolakayning hafsalasi pir bo‘ldi:
— Uf-f... Shuyam jin bo‘ldimi!
Oloviddin jahl bilan chiroqni uloqtirib yubordi-da, boshini eggancha yo‘lida davom etdi...