I
Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz.
O‘zbekovullik Tirkash muallim g‘unchaday besh yashar qizchasidan ayrilib qoldi. Bola – bola-da, yon hovlida gurillab ishlayotgan nasosning tovushiga qiziqib borgan-u...
Ko‘zlari kirtayib, rang-ro‘yi bir holga kelib qolgan muallimni uch kundan so‘ng militsiyaga chaqirishdi. U xushmo‘ylov leytenantning turli-tuman savollariga karaxt tarzda uzuq-yuluq javob qaytarib, amallab tushuntirish xati ham yozib berib keldi.
Oradan yana uch kun o‘tgach, ishdan qaytgan muallim hovlisini qadamlab o‘lchayotgan o‘sha leytenantni ko‘rib unchalik ajablanmadi. “Ha, endi rasamadi shudir-da,” deb qo‘yaqoldi; so‘rashdi.
Muallim adabiyotchi edi, shunga qaramay qishloqcha to‘porilik, jaydarilik qon-qoniga singib ketgandi. Militsioner so‘zlarni chertib-chertib, o‘z nutqidan huzurlangan ko‘yi:
– Men fojiali ravishda halok bo‘lgan norasidangiz ishi bilan shug‘ullanyapman. Yana bir ta’ziyamni qabul qilgaysiz, – deyayotganida bu bachkana so‘zlar oqimi tugaguncha qiynalib ketdi. O‘ng‘aysizlanib, ko‘zlarini chaqirilmagan mehmonning yiltirab turgan, mamnunlik zohir nigohlaridan olib qochib nimalarnidir g‘o‘ldiradi; oxirida “palakat-da” deb qo‘ydi sekin.
Ammo qilayotgan ishining haqqoniy va qimmatli ekanligi haqidagi qat’iy fikr leytenantning yuzini qattiqqina qilib qo‘ygan shekilli, u istihola ham qilib o‘tirmay: “Eh, siz o‘zbeklar!” degancha qo‘l siltab, harbiychasiga shartta orqasiga burildi-da, shaxdam qadamlar bilan qo‘shni hovliga o‘tib ketdi.
Militsioner yana bir soatcha shu atrofda o‘ralashib yurdi, nimalarnidir erinmay qayta-qayta goh qadamlab, goh buklama chizg‘ichda o‘lchadi, goh peshonasini ushlagancha uzoq-uzoq o‘ylanib qoldi, goh shosha-pisha yondaftarchasiga allanimalarni qayd qilib qo‘ydi, ishqilib, astoydil ishladi.
Muallim, qiyomat qarz deganday, borib choyga taklif qildi, lekin yigitchaning o‘ziga oshkora ro‘yxo‘shlik bermayotganini ko‘rgach, indamay xonasiga kirib ketdi.
Leytenant ketish oldidan “Hoy!” deb ovoz berdi. Derazadan mo‘ralagan muallimga o‘ta ayricha, aytish mumkinki, Xolmsona diqqat bilan tikilgan ko‘yi so‘radi:
– O‘rtoq Begmatov, norasidangiz halok bo‘lgan quduq tug‘ishgan jiyaningiz Norboy Xudoyorovga tegishli ekan-da, a?
So‘rovdagi tagdor ohangdan g‘ashi kelgan muallim bosh irg‘ab qo‘ya qoldi.
– Shunday deng. Demak, o‘n barmog‘im ham o‘zimniki, qay birini tishlasam og‘riydi deng. Tu-shu-nar-li. Tu-shu-nar-li...
Oradan ikki haftalar o‘tgach, rayon gazetasining butun “Shanba sahifasi”ni to‘ldirib “Osoyishtalik posboni minbari” rubrikasida “Loqaydlik qurboni yoki bizni kechir, Sabohat!” sarlavhali maqola chiqdi.
II
Muz o‘rnidan ko‘chdi...
Kuntug‘mushning kuni tug‘di. Darrov pedsovet chaqirdi. Mana, o‘rtog‘lar, dedi gazetani baland ko‘tarib, feleton. Bu nimadan dalolat beradi? Bu maktabimiz sha’niga tushgan o‘chmas dog‘dan dalolat beradi... So‘ng o‘rni kelsa-kelmasa, “Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lmog‘i kerak”, “Ustoz otangdan ulug‘” singari yodlab olgan uch-to‘rt hikmatli jumlalarni to‘kib solarkan, sezdirmasdan o‘zining asl maqsadini ham qistirib o‘tib ketdi. Biz bilamiz, o‘rtog‘lar, dedi, chechamiz bir kunda uyda bo‘lsa, uch kun balnisada, Tirkash aka kuniminan maktabda. Raz shunday ekan, uyda kim qolardi? Saboning bir o‘zi-da. Qurib ketgur bu xo‘tirimizda yasli-masli bo‘lmasa, chol-kampirlarning bari yantoq chopiqdan beri kelmasa. Mana shularning hammasini hisobga olib, o‘rtog‘lar, mayli, og‘ir bo‘lsayam, men o‘zim u kishining besh-olti soatini o‘tib turishga tayyorman. Lekigin, o‘rtog‘lar, keyingi paytlarda darslarimiz saviyasi, o‘quvchilar davomati... Ketdi bidirlab.
Shunday qilib, Tirkash aka har kuni makbatdan ikkinchida o‘qiydigan o‘g‘li bilan, ba’zan undan ham ertaroq qaytadigan bo‘lib qoldi. Ishlab yurgan odam birdan bekorchi bo‘lib qolsa vaqtni qanday o‘tkazish, o‘zini qaerga qo‘yishni bilmay garansib qolarkan. Qirga chiqib el qatori yantoq chopay desa, otasidan qolgan molxonayu qo‘ton bo‘m-bo‘sh, bir biyasi bor edi, uniyam o‘tgan yili qo‘li qisqalik qilib sotib yuborgan; odamlarday fursat topib, eshik oldiga uch-to‘rt tup tok ham ekib qo‘ymagan ekan. Ustiga ustak, Kuntug‘mishning “bashorati” to‘g‘ri chiqib, Soliya checha yana markazdagi shifoxonaga tushib qoldi.
Mezbonning oriyati juda balandligidan yaxshi xabardor bo‘lishganidan, ko‘ngil so‘rashga kelgan hamkasblar qandaydir shikoyatlaru raddiyalarga shama qilish bilangina cheklanishar, muallim esa gap o‘zani qayoqqa burilayotganini mutlaqo tushunmayotganday, ma’yus jilmayib qo‘yib, mavzuni o‘zgartirishga shoshardi.
Biroq bularning bari holva ekan.
Oshkoralikning eng dastlabki sof shabadasi ko‘plarning boshini aylantirib qo‘ygan paytlar edi. Shunday hovliqmalardan biri leytenantning maqolasini to‘laligicha viloyat gazetasida e’lon qildirib yuboribdi. Tabiiyki, yana tekshir-tekshir, savol-javoblar, tushuntirish xatlari, tavsifnomalar, spravkalar...
Amal kursisida qaltirabgina o‘tirgan sovxoz direktori jon achchig‘ida qishloqdagi jamiki quduqlarning og‘ziga cho‘yan panjaralar o‘rnatish haqida farmon berib yubordi. “Xo‘jayin” boshida turgani uchunmi, buyruq hayratda qolarli darajada tezlik bilan va bekamu ko‘st ado etildi.
Bir dunyo qiyinchiliklar olib kelgan bo‘lishiga qaramay (axir quduqlarning o‘ndan to‘qqiz qismida oddiy chig‘iriq, endi bir satil suv olish uchun ham o‘n pudlik panjarani u yondan-bu yonga surish kerak) odamlar bungayam ko‘nika boshlashdi. Bu orada rayondan qandaydir kattakonlar kelishib “Texnika xavfsizligi” degan jurnalga yetti yashardan yetmish yashargacha qo‘l qo‘ydirib ketishdi. Nihoyat, viloyat gazetasida sovxoz “uchligi”ning imzosi bilan bir quloch rasmiy javob xati chiqdi.
Lekin, hali aytganimizday, hovliqib-entikib yurganlarning, salla ol desa, kalla oladiganlarning urug‘i seroblashgan paytlar edi. Ana o‘shalarning yana biri leytenantni viloyat radiosiga taklif etib, maqolasini o‘zi o‘qib berishini iltimos qilibdi.
Bir kuni Tirkash aka tom yonboshidagi kunchuvoqda kitob o‘qib o‘tirgan edi, qo‘shnisi tranzistorni qulog‘iga bosgancha oshig‘ich chiqib keldi.
“Sabohat... O, Sabohat! – qaltiragan ovozda o‘qirdi leytenant. – Uning ma’suma qalbi orzularga qanchalar limo-lim edi. U raqqosa bo‘lmoqchi edi, u muallima bo‘lmoqchi edi, u sut sog‘uvchi bo‘lmoqchi edi. Ammo o‘sha mash’um qirq qadam – supadan quduqqacha bo‘lgan masofani o‘zim o‘lchab chiqdim, – norasidaning barcha istaklari, orzulari, xohishlarini poymol etdi, ularning bariga eng so‘nggi nuqtani qo‘ydi. O, Sabohat...” va hokazo.
Maqolaning deyarli yarmi qizchaning quduq tubiga tushib ketayotgan lahzalardagi holatiyu o‘ylari tavsifidan iborat edi: “Sabohat ilkis munkib ketdi, u nimadandir ushlab qolmoqchi bo‘ldi, ammo jajji barmoqchalari bo‘shliqda benajot charx urdi. U pastga sho‘ng‘idi... Quyida, oyoq ostida muzdayin zulmat, tubsiz bo‘shliq bor edi. Sabohat ingrab yubordi; shahlo ko‘zlariga yosh quyilib keldi; mo‘‘jaz yurakchasi dukillab urib ketdi. Xuddi yaxday shilimshiq suyuqlik muhitiga tushib qolganday jon-jahdi bilan qo‘lchalari va oyoqchalarini qimirlata boshladi, bo‘g‘ilib entikib nafas oldi... “Onajon!” deya chinqirib yubordi u. Bu ayanchli nola quduqda jaranglab ketdi. “Otajon!” chinqirib yubordi u. Bu ayanchli nola ham quduqda jaranglab ketdi. Lekin... lekin uni hech kim eshitmadi. Faqat og‘ilda turgan toyxargina chivin kelib qo‘ngan qulog‘ini beparvo silkitib qo‘ydi. Norasida hamon o‘rtanib-yonib zulumot sari shiddat bilan uchib bormoqda edi. Bechora qiz talpinar, urinar, intilar, biroq hamma harakatlari behuda ketmoqda edi. Yo‘q-yo‘q, hali umid torlarining hammasi uzilib bitmagan edi, norasida hamon nimagadir ishonardi, nimalarnidir kutardi, bu ilinj, bu umid uni eng so‘nggi daqiqalargacha aslo tark etmadi. U quduq tuynugidan ko‘rinib turgan bir parcha firuza gumbazga qarab hiqillab bo‘g‘ilgancha: “Onajon!” deb qichqirdi. Bu eng so‘nggi ayanchli nola edi...” singari.
Muallif damo-dam tupugini qultillatib yutib, o‘pkasi to‘lib o‘qigan so‘nggi qism ko‘plab hind filmlaridagi ehtirosli monologlarga o‘xshash tavba-tazarrudan iborat edi: “O, Sabohat, o, hur go‘dak, sen bizni kechir, vaqtida falokatning oldini ololmaganimiz, beg‘am-beparvo yurganimiz uchun bizni ma’zur tut. Garchand yaxshi bilamizki, gunohimiz og‘ir. Mana, boshimiz xam...” va hokazo.
Muallim boshini changallagancha gurs etib yiqildi. Kimdir uning qoq miyasiga gurzi bilan tinmay urayotgandek edi...
His-tuyg‘ular o‘z yo‘liga; shu kuni radio tinglayotib qancha ko‘ngli bo‘sh kishilar ko‘z yoshiga g‘arq bo‘lishganini hisoblab o‘tirmaymiz. Biroq xo‘jalikning ishbilarmon direktori yuqorining ko‘rsatmasini kutib o‘tirmay darhol rasmiy javob xati yozishga o‘tirgani ma’lum: “...muhokama qilindi... to‘g‘ri deb topildi. Barcha quduqlar ko‘mib tashlandi. Institutga qishloqni vodoprovod suvi bilan ta’minlash uchun qirq ming so‘mlik loyihaga buyurtma berishga qaror qilindi...”
Yaqindan beri direktor so‘zi bilan ishi bir odam emasmi, uch kun ichidayoq barcha quduqlarni taqa-taq ko‘mdirdi-qo‘ydi. Ularning egalaridan tilxatlar ham olib qo‘yildiki, binobarin, qudug‘ini yashirincha ochishga jazm qilgan kishiga katta miqdordagi jarima va ko‘chirib yuborilish xavfi tahdid solib turardi.
“Xo‘jayin”-ku, sovxoz markazidan ertalab “Villis”da kelib, kechqurun yana o‘sha “Villis”da qaytib ketadi. O‘lgandan Abdujabbaor o‘ldi deganlariday, qiyin bo‘lgandan qishloq ahliga qiyin bo‘ldi. Qo‘ldan berganga qush to‘ymas. Kunda tashib keltirilayotgan ikki-uch tsisterna suv urvoq ham bo‘lmasdi. Ko‘ligi borlar o‘n besh chaqirim narida qurilayotgan suv omboridan flyagalarda suv tashishga kirishdilar; ko‘ligi yo‘g‘-u, aqchasi borlar tomorqasini sug‘orish uchun bir tsisterna suvni ustomon haydovchilardan o‘n-o‘n besh so‘mdan sotib ola boshladilar...
Avvallari cho‘pon mollarni oyiga bir so‘mdan, qo‘ylarni yarim so‘mdan olib boqardi, suv balosi chiqqanidan keyin bu narx besh-olti baravar ko‘tarilib ketdi. Ikki hafta o‘tar-o‘tmas yaqindagina yashnab turgan toklarning barglari shalpayib so‘la boshladi.
III
Ilojsiz ahvolda qolgan olomon junbishga keldi. Avvaliga “qizim, senga aytaman” qabilidagi pichinglarnigina eshitib yurgan muallim bora-bora ochiq-oshkor qarg‘ishu so‘kishlarning yagona nishoni bo‘ldi-qoldi – yig‘ilib kelayotgan alamni to‘kib turmasa odamni qon qilib yuboradi-da axir. Uning ismi ham, bir paytlar hurmat bilan tilga olinadigan “mallim” qo‘shimchasi ham unutildi. Endi uni kattayu kichik orqavarotdan ham, o‘ziga eshittirib ham “kasofat”, “palakat” deb atay boshladi. Muallim ostona hatlab ko‘chaga chiqolmay qoldi. Suv kelib qolganda uni turtib-surtib navbatdan tashqariga chiqarib yuborishar va har gal u satilini bo‘sh ko‘tarib qaytardi; kimlardir kechasi kelib uning uyidagi barcha deraza oynalarini sindirib ketdi; o‘spirinlar “iyya, iyya!” qilib tepaverishib guvala devorini qulatishdi; somon suvoq tomi ustida keraksiz temir-tersaklar, lash-lushlar, tosh-kesaklar uyulib qoladigan bo‘ldi.
Bir amallab otpuskaga chiqib olgan muallim aqldan ozguday ahvolda torgina xonasida boshini mahkam changallagancha u yoqdan-bu yoqqa yuraveradi, yuraveradi. Uni to‘y-ma’rakalarga, qo‘noqlar oldi u yoqda tursin, hatto hasharlarga ham chaqirmay qo‘yishdi; o‘g‘lini akasi uyiga olib ketdi.
Shu orada bir vahimali xabar yashin tezligida tarqalib qoldi: qishloq zaminidan suv qochibdi! Uch-to‘rt jo‘ra yashirincha bir quduqni ochib ko‘rishsaki, suv yo‘q! Hato qo‘shimcha uch-to‘rt quloch kavlab ham ko‘rishibdi – befoyda! Suv fizika qonunlariga to‘la amal qilgan ko‘yi omborda ishga tushgan qudratli nasoslar tomon yo‘l olgan edi...
Bu kunlar o‘tar-ketar deb yurganlaring nafasi ichiga tushib ketdi.
Vahima, qo‘rquv, hadik, umidsizlik to‘rt boshli ilonday qishloqda vishillab o‘rmalab qoldi. Yuz ellik so‘mga sotib olgan suvi qaqroq yerga singib ketgani, tok barglari uchidan boshlab sarg‘ayishda davom etayotganini ko‘rgan Mavri xola chidab turolmadi: izillab yig‘lagancha boshiga mushtlay-mushtlay, tiramo* shu tomorqasidan kelgan daromadga sunnat to‘yini o‘tkazmoqchi bo‘lgan nevarasini yetaklab kelib, muallimning hovlisi yonida bir qarg‘andi, bir qarg‘andi... “Qudaga ne jamanlik qilibiding-ey, kasapat?! Buytib bizding barimizding sho‘rimizni quritgandan ko‘ra ko‘chibgina ketag‘aysang bo‘lmasmidi, jergina jutqur! Buytib bizding barimizdi qon qaqshatgandan ko‘ra balangning o‘rniga o‘zing o‘libgina qo‘yag‘aysang bo‘lmasmidi-ey...”
Bu – dahshatli qarg‘ish edi.
Qishloq jimjit bo‘lib qoldi.
Mavri xola oxiri ko‘kragi shig‘illab quv-quv yo‘talib, yig‘lashgayam madori qolmay, endi chirqirashga tushgan nevarasini quchoqlagancha hansirab o‘tirib qoldi. Yantoq chopiqdan qaytgan kelin piq-piq yig‘lagancha uni bir amallab suyab uyga olib ketdi.
Kun bo‘yi muallimning uyida tiq etgan tovush eshitilmadi, kechga borib chiroq ham yonmadi. Bundan xavotirga tushgan o‘n-o‘n besh chog‘li odam yig‘ilishib qulagan devor yonigacha kelishdi-yu, lekin ichkariga qadam qo‘yishga yuraklari betlamay turib qolishdi. Oxiri muallimning derazasiga birrov quloq tutib chiqqan Mardi birgat hammani uy-uyiga tarqalishga unday boshladi. So‘rayverib hol-joniga qo‘ymaganlarga afsus bilan bosh chayqab: “Er jigit jiladi, jomon kun keladi...” dedi.
Tun yarmidan oshganida eshik g‘iyqillab ochildi. Muallim qirq chaqirimcha naridagi rayon markaziga qarab yo‘l oldi.
Shundan keyingi voqealarni har kim har xil talqin qiladi. Ba’zilarning aytishicha, muallim kechasi qabriston yonidan o‘tayotib qattiq qo‘rqqan. Boshqalar, ayniqsa xotin-xalaj uni tunda alvastiga duch kelgan deb ishontirishadi. Yana birovlar borki, kiprik qoqmasdan, ishonch bilan “muallimni qarg‘ish urgan” deyishadi.
Biroq xolis odamlarning aytishiga qaraganda, voqea butunlay boshqacha bo‘lgan. Ya’ni, ertalab soat o‘nlarda oyog‘ida bazo‘r turgan muallim rayon gazetasi tahririyatiga kirib kelgan. Tasodifni qarangki, ayni shu mahal endi ancha mashhur bo‘lib qolgan leytenantni televizorga suratga olishayotgan ekan. O‘nlab projektorlaru kameralar qarshisida, diktor juvon yonida o‘tirgan leytenant qaltiragan ovozda o‘qiyapti ekan: “Sabohat ingrab yubordi; shahlo ko‘zlariga yosh quyilib keldi; mo‘‘jaz yurakchasi dukillab ura ketdi...”
Muallim avvaliga rangi murdanikiday oqarib, ko‘zlarini yumgancha eshik kesakisiga suyanib qolgan. So‘ng birdan katta-katta ochilib ketgan ko‘zlari olayib, lablari pir-pir uchgan ko‘yi boshini mahkam changallagancha vahshiyona hayqiriq bilan yo‘lida uchragan projektorlaru odamlarni ag‘darib-yiqitib borib leytenantniga tashlangan...
IV
Oradan uch yilga yaqin vaqt o‘tdi.
Tirkash aka haliyam ruhiy kasallar shifoxonasida. Aytishlaricha ancha-muncha tuzalib qolganmish, lekin hamon qo‘liga gazeta olmasmish, radio eshitmasmish, televizor ko‘rmasmish.
Qishloqqa vodoprovod suvi olib kelish loyihasidan darak bo‘lmadi. Umuman, endi uning keragiyam yo‘q. Yetmish xonadonli qishloq rentabelsiz xutor sifatida tugatildi, bu yil guvala uylaru molxonalar yer bitta qilib tekislanib, shudgorlangach, lalmi arpa ekildi. Qishloq ahli uyasi buzilgan qushlarday turli tomonlarga to‘zg‘ib ketish oldidan bir yig‘ilib olishdi – Mavri xolaning qirqini o‘tkazishdi.
(1988)
_______________
*Tiramo – kuz (sheva)