OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdurazzoq Obro‘y. Kallangga qoyil, xotin (hajviya)

Kim agar xotindan aqlli maslahat chiqmaydi, desa, bekorlarni aytibdi. Ba’zan-ba’zan xotinning gapiga ham kirib turish kerak. O‘zimdan qiyos.
— Dadasi, — dedi bir kun xotin, — hozir hamma pul kirakashlarda. Bitta mashina olmasangiz, birimiz ikki bo‘lmaydi.
— To‘g‘ri aytasan, — dedim men ham. — Ishqilib haydovchilik guvohnomam yo‘qolib ketmaganmi?
— E, nima deyapsiz, sandiqqa solib qo‘yibman,— dedi u.
— Qani ol-chi.
Xotin sandiqdan guvohnomamni oldi. Badbo‘y hid dimog‘imga urildi.
— G‘alati hid bormi?
— Kuya yemasin deb naftalin sepib qo‘ygan edim.
— Yaxshi ish qilmabsan, yo‘lda tayoqcha ko‘tarib turadiganlar meni emas, guvohnomamni ushlashadi.
— Yo‘li bor, — dedi xotin. — Mana, siz ichib mashina haydayotganda aroqning hidini yo‘qotish uchun nima qilardingiz?
— Chet el saqichidan chaynardim.
— Guvohnomangizga saqich chaynatib bo‘lmaydi. Yaxshisi, fransuz atiridan sepamiz.
— Kallangga qoyil, xotin.
Yakshanba kuni Sergelidagi mashina bozoriga chiqdim. Juda ko‘p mashinalarni ko‘rdim. 1985 yilda chiqqan pritsepli “Moskvich” ma’qul kelib qoldi.
— Oka, — dedi egasi, — olsangiz zarar qilmaysiz, pulingiz o‘zingiz bilan ketadi.
Uncha tortishib o‘tirmay, shartta oldim.
— Pritsepiga balo bormi? — dedi xotin uni ko‘rib.
— Bunda yuk tashiyman.
— Qanaqa yuk?
— Qovun-tarvuz-da.
“Qo‘yliq” bozoriga erta tongdan jo‘nadim. Ikki soat mashina oldida sigareta chekib o‘tirdim. Birov kimsan deb so‘ramadi. Nima qilsam ekan deb boshim qotib turgan edi, boshida do‘ppi, egnida chopon, bir dehqon murojaat qilib qoldi.
— Dalada ozroq tarvuzim bor edi, bozorga obkep bermaysizmi?
— Narxini kelishsak, obkelaveramiz-da.
Tortishib bir to‘xtamga keldik. Unchalik uzoq joy emas ekan, dehqon bolalar bir zumda tarvuzni pritsepga yuklashdi. Bozorga qarab yo‘l oldik. Darrovda xaridor ham topila qoldi. Dehqon unga sotib, mening haqimni berib ketdi.
— Yuk mashinada turaversin, — dedi yangi “xo‘jayin”.
— Nega? — dedim hayron bo‘lib men.
— Bu yerda tirikchilik deb yuribmiz-da, oka. Hojatbarorman. Hozir xaridor kelib qoladi. Aytgan joyiga eltib berasiz. Undan ham haqingizni olasiz.
Menga nima, pul ishlasam bo‘ldi-da. Aslida maqsadim ham shu. Ko‘p kutmadik, ko‘zida ko‘zoynak, shim kiyib olgan bir ayol tarvuzga xaridor bo‘ldi. “Xo‘jayin” bilan savdosi pishgach, menga:
— Yukni Yunusobodga olib borasiz, — dedi.
— Xo‘p bo‘ladi, — dedim men.
Aytilgan manzilga yetib bordik. Bilaklari tarvuzday shishib chiqqan ikki yigit mashinadan yukni tushira boshladi. O‘n donalar tushirishgach, to‘xtab qolishdi.
— Opa, tarvuzlaringiz musichaning tuxumiday ekan-ku.
— Kichkina bo‘lsa ham pishgan, shirin.
Ular bittasini chaqmoqlab ko‘rishdi. Oppoq.
— Bo‘lmaydi. Olmaymiz. Buningizni hech kim olmaydi. Bizga kattasidan olib keling, — dedi yigitlardan biri.
— Olib-sotar aldabdi-da, — dedi ayol jig‘ibiyron bo‘lib. — Haydang orqaga.
Hojatbarorni zo‘rg‘a topdik. Ayol pulini qaytarib oldi. Menga bir so‘m bermadi.
— Sherigingiz meni chuv tushirdi, — dedi so‘ng hojatbaror.
— Qanaqa sherigim?
— O‘sha dehqon-da.
— Mening sherigim emas.
— Gapni aylantirmang, — dedi u. Bir imo qilgan edi, yonida baquvvat ikkita yigit paydo bo‘ldi. — Bu okamlar bozorning qoidasini bilmas ekan.
— Nima qilamiz? — deyishdi ular.
— Pulni qaytarsin, boshqa gap yo‘q, — dedi hojatbaror.
Xullas, u desam bu deyishdi, bu desam u deyishdi. Cho‘ntakdagi xotin benzin uchun bergan pulni ham qo‘shib qoqib olishdi.
Dalaga qarab yo‘l oldim. Dehqonni surishtirdim. Peshonasidagi terni belbog‘iga artib bir otaxon keldi.
— Ha, o‘g‘lim, nima gap?
— Boya shu yerdan tarvuz olib ketgan edim. Hech kim olmayapti, egasiga qaytarmoqchiman.
— Tarvuz hali xom edi. Pishmagan bo‘lsa ham bolalarni qo‘ymay o‘zing uzdiribsan-ku.
— Men bir haydovchiman, otaxon. O‘rta yashar bir dehqon boshlab keldi bu yerga meni.
— Ha, endi tushundim. “Tadbirkorga” duch kelibsan-da, bolam. Qanchaga tushding?
— O‘n besh mingga...
Kirakashligimni birinchi kunini yakunlab uyga qaytayotgan edim, yo‘l nazoratchisi tayoqchasini ko‘tarib to‘xtatdi. Mashinani obdon tekshirgach, hujjatlarimni so‘radi.
— Juda mug‘ombir haydovchiga o‘xshaysiz-a? — dedi nazoratchi guvohnomamni hidlab ko‘rib. — Ichgansiz, ichganingizni bildirmaslik uchun atir sepgansiz. Undan ko‘ra, saqich chaynaganingiz ma’qul edi.
Gapni qisqasi, cho‘ntakda borini nazoratchiga berdim. Uyga ikki qo‘limni burnimga tiqib qaytdim. Eshikdan kutib olgan xotinga:
— Kallangga qoyil! — dedim.
Xulosam shu: birim ikki bo‘lsin degan erkak xotinning gapiga ham kirib tursin.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.