OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdurazzoq Obro‘y. Xotirani pishitish (hajviya)

Avtobusgami, tramvaygami, metrogami chiqib olsam bas, ko‘zim to‘rt bo‘lib,  bo‘sh joy qidiraman. Albatta o‘tirib olishim kerak. Bo‘lmasa ish chatoq. Kimdir oyog‘imni bosadi, kimdir tirsagini  qornimga tiraydi, kimdir turtib yuboradi. Xullas, yo‘l azobi — go‘r azobi. O‘tirib olgach, ko‘nglim joyiga tushadi. Cho‘ntagimdan gazet olib o‘qishga yoki ko‘zimni chirt yumib olib xayol surishga tushaman. Bittasi xotira mustahkamlash yo‘lini o‘rgatgan. Mana bunaqa: Ra’no deb, bir  deyman, keyin Ra’no deb ikki... shu tartibda o‘ttiz uch marta sanayman. Sanab bo‘lgach, Dilbarga o‘taman. Undan so‘ng Sanamga, Shahloga. Bu usul  juda foydali ekan. Miya bir tartibda ishlashga o‘rganib, xotira pishib borar ekan.
Kunlarning birida, bir avtobusga chiqib qolibman. Baxtni qarang, bo‘sh joy bor ekan. Darhol o‘tirib oldim. Qo‘limda o‘qiydigan hech vaqo yo‘q. Xotira pishitish mashqini boshlab yubordim. Ko‘zni yumib,  sanamlarni sanay boshladim.  Sanoqqa berilib, ko‘z qurg‘ur sag‘al ilinibdi. Yelkam aralash bo‘ynimga bir narsa "shirq" etib tushdi. Ko‘zim ochilib, xayolim qochib ketdi. Qarshimda bir chol, qo‘lida hassa:
— Enangni uyimi bu, xurrak otib uxlaysan?! Qarilarga joy bersang o‘lasanmi?! — dedi jahl bilan.
Shundan buyon avtobusgami, tramvaygami, metrogami chiqsam, darrov o‘sha voqea esimga tushadi. Xotiram pishgan-da.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.