OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abulqosim Mamarasulov. Arabcha o’yin (hikoya)

Tanacha ko‘zini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi.
(xalq naqli)


   Abdumajid  uzum uzish mavsumi boshlangandan beri vino zavodida xo‘jalik vakili bo‘lib turipti.Barlosdan kelgan uzumlarni topshirishda bosh-qosh bo‘ladi. Ba’zan topshiruvchi va qabul qiluvchi orasida janjal chiqsa, xo‘jalik tarafda turib, janjalni bartaraf etadi. Har zamonda xo‘jalik rahbari Xidir Sobirovich ham kelib xabar olib turadi. Har qalay, Abdumajidning ishidan mamnun shekilli, shu vaqtgacha tanbeh bergani yo‘q. Ha, Abdumajid  o‘z ishiga puxta, shu sababli gap eshitgani yo‘q.
    Tarozixonada o‘tirgandi. Xo‘jalikdan uch mashina uzum keldi. Shartta qabul qiluvchi bilan kelishib, ikkitasini “halladi”. Shu payt qulog‘iga mayin va nozli ovoz eshitildi:
   - Aka, bizning mashinani ham taroziga kiritingizlar.
   Abdumajidning qarshisida  kelishgan, qoracha, xushbichim, shim kiygan yoqimtoygina qiz ko‘zlarini  suzib turardi. “Kim ekan bu!? Kim  bo‘lsayam  bir balosi bor!”
   - Sizni nega navbatsiz kiritar ekanmiz?
   - Vo-oy, bizam uzum obkelganmiz.
   - Qaerdan?
   - Barlosdan!
   Barlosga  shahar medtexnikumining qizlari uzum terishga hasharlashish uchun kelganini
Kunda ularning bir-ikkitasi mashinalarga minib, zavodga kelib – ketishini ham Abdumajid yaxshi bilsa-da, o‘zini go‘llikka soldi:
   - Yo‘q, bo‘lmaydi. Navbatingiz kelsa kirasiz,   -  dedi-da, ataylab, yo‘l yoqasidagi uzun kursiga borib o‘tirdi. Kutganidek, qiz uning yoniga borib o‘tirdi: “Haqiqatan, buning bir balosi bor!”
   Shu payt o‘sha mashina kabinasidan yana bir qiz tushib keldi va u Abdumajidning ikkinchi tomoniga o‘tirdi.
   - Oldingizga qizlar ko‘p kelib turadimi? – so‘radi birinchi qiz.
   “Ovozi biram mayin-ey! Biram mayin! Gapirtirib qo‘yib, eshitaversang!”
   - Kelib turadi. Ammo sizlar juda boshqacha ekansizlar.
   - Darrov sizga yoqib qoldikmi? – ikkinchi qiz ko‘z suzdi.
   - Judayam yoqib qolilaringiz. Shuning uchun ozroq gaplashib o‘tiraylik deb mashinangizni navbatsiz  qo‘ymadim. – Abdumajid  to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldi, chunki yaxshi biladi, yolg‘on gapni izlayversa, chalkashib ketadi. To‘g‘risini aytsa, ko‘pincha qizlar gapiga ishonishmaydi yoki hazilga yo‘yishadi.
   - Unday bo‘lsa, hali,.. bir ko‘rishdan sevib ham qoldim dersiz?! – so‘radi qoracha qiz.
   - Sevganimni bilmadimu, tu-ursam, yonimda bir ma-ayin, no-ozli “aka!” degan ovoz  eshitilgandayoq  yuragim larzaga tushgan edi. Ichimda bir nima “shig‘g‘” etib, o‘girilsam, siz turibsiz. Ko‘zlaringiz... aytganday, ismingiz nima?
   - Malohat!
   - Ko‘zlaringizga qaradimu, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Bilmayman, bu ko‘zlarni sizga kim baxsh etgan. Turibman, turibman, tilimga kalima kelmaydi. Javob berishim kerak, ammo tilim aylanmaydi.
   - Shunda shartta sevib qoldingizmi?
   - Yo‘g‘-e! Sevib qolishdan xudo asrasin. Bu yurak sevaverib, sevilaverib, adoi-judo bo‘lgan. Endi tinch yashagisi keladi. Shunchaki Malohatga qarab, yaxshi qiz ekan, uylangan yigit baxtli bo‘ladi, deb o‘yladim.
   - Unday bo‘lsa, uylaning. – Malohat so‘z o‘yinini davom ettirarkan, yana shod kulmoqchi bo‘ldiyu, o‘z og‘zidan chiqqan gap o‘ziga erish tuyulib, rangi o‘zgardi.
   O’zgarishni Abdumajid darrov sezdi.
   - Uylanardim-ku, xotinim, bola-chaqam bor-da. Agar ikkinchi xotin bo‘lib tegsangiz yo‘q demasdim.
   - Bizlar tegaveramiz, - dedi Malohat o‘zini o‘nglab. – Ko‘chada qolgan qizlarmiz. Bizlarga er bo‘lsa bo‘ldi!
   “Bir nima bo‘lgan bu qizga. Ishqilib, sog‘ emas!”
   - Biz bir iltimos bilan kelgandik, - dedi ikkinchi qiz suhbat mavzusini o‘zgartirib. – Agar bajaraman desangiz aytaman.
   - Iy-e! Sizlarday qizlar iltimos bilan kelarkan-u, men yo‘q deymanmi? Agar qo‘limdan kelsa albatta...
   - Qo‘lingizdan keladiyu, lekin... yanayam...
   - To‘g‘risi, bizga spirt kerak, - deya Malohat shartta maqsadga o‘tdi, yelkalarini Abdumajidning yelkalariga  siypalarkan, yonlamasiga qarab. – Xo‘sh, yurak uradimi?
   “Eritding qizcha! Eritding! Hisobni aniq olgan ekansan!”
   - Qancha?
   - Ikki litr!
   “Eh-ha! Ikki litrgina spirt uchun shunchalar muqaddimami?”
   - Idishlaring bormi? Men ko‘p so‘raysizlarmi, deb o‘ylagandim. – Abdumajid qizlarning idishini olib, ichkaridan spirt to‘ldirib chiqdi. – Qachon kerak bo‘lsa kelaveringizlar. Bizda dehqonchilik.Sizlarga spirt nima kerak?
   - Operatsiya qilamiz, jarroh spirt topib kelinglar degan edi.
   - Uzumzordami?
   - Shunaqa... 
   Ancha suhbatlashib o‘tirishdi. Bu orada mashina uzumni zavodga topshirib chiqdi. Uchalasi xayrlashgani o‘rinlaridan turishdi.
   - Mehmondo‘st ekansiz. Ertaga yana kelsak, spirt olib berasizmi? – so‘radi ikkinchi qiz.
   - Malohat kelsin. Malohat menga yoqib qoldi. Qancha spirt desa, olib beraman. Sevmay desam ham bo‘lmayapti. Yurakka buyruq berib bo‘lmas ekan.
   - Bizlarni g‘alati  qizlar ekan, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak-a, - deya ikkinchi qiz yana tashabbusni o‘z qo‘liga olishga intildi.
   - Shunaqaga o‘xshaydi.
   Qizlar mashinaning kabinasiga kirishdi. Malohat kabina eshigi derazasini tushirib, boshini chiqardi-da, so‘radi:
   - Shuncha suhbatlashdik, yordam qildingiz, ammo haliyam ismingizni bilmaymiz. A!
   Ayniqsa, “a”ni shunaqa noz bilan aytdiki, Abdumajidning vujudi shodlikdan titrab ketdi.
   - Abdumajid!..
   Ertasi kuni Abdumajid daftariga qunt bilan o‘tgan kun hisob-kitobini qilayotgan  edi, nimadir yelkasiga tegib ketganday bo‘ldi. E’tibor bermay, yelkasini silab qo‘ydi-da, yana ishini davom ettiraverdi. Kimdir ko‘zlarini ikki kafti bilan yopdi. Abdumajid bu kaftlar ustiga o‘z kaftlarini qo‘ydi. Mayin qo‘llar. Qiz bolaniki! Abdumajid bilan qanaqa qiz hazillashmoqchi ekan. Abdumajid kaftlardan bilaklarga o‘tdi, so‘ng bilaklar egasini yelkasi osha pastga tortib yubordi. Qiz uning yelkasiga qapishib qoldi. Abdumajidning vutun vujudi qiz vujudini his qilib, hayajonga tushdi. Qiz hamon o‘zini tortib olmasdi. Go‘yo hech narsa sezmaganday.
   “E, bu faqat Malohat bo‘lishi mumkin!”
   - Kimsiz?
   Qiz piqillab kulib yubordi.
   - Malohatmisiz? Malohat!
   Malohat sharaqlab kulib yubordi-da, kaftlarini uning ko‘zlaridan oldi.
   - Ur-re! Shuncha vaqt topolmadingiz! Bopladim, bopladim! – Malohat sakrab-sakrab kulardi. Badaniga qapishib turgan shimi, yigitcha ko‘ylagi  uning chiroyini yanada ochgan, hatto kiyimiga qotib qolgan uzum shirasi ham unga juda yarashib turardi. O’ziyam alohida tayyorlanib kelganga o‘xshaydi.  Durrachaga o‘ralgan sochlari juda  chiroyli taralgan, borlig‘idan atirning xushbuy hidi taralardi.
   Abdumajid o‘zini tutolmadi. Shart turgancha yosh qizchaday sho‘x-shodon sakrayotgan Malohatni shartta  belidan opichib, ikki aylantirib, keyin yerga qo‘ydi.
   Qiz birdan tinchib qoldi. Ko‘zlari besaranjomlanib, qoracha yuzi qip-qizarib ketdi.
   - Siz meni kutganmidingiz?
   - Sizni kutmoq  gapmi? Kechadan beri oromimni yo‘qotib, fikru-yodim siz bo‘lib qoldingiz. Siz keldingizu, go‘yo hamma yoq charog‘on bo‘lib ketdi. Go‘yo qalbimga nur yog‘ildi. Endi bilsam, men sizni sevib qolibman! Men sizni jonimdan ham yaxshi ko‘raman, Malohat! Yo‘q, , mening Malohatim! – dedi Abdumajid, kulib yubormoqdan o‘zini arang tutib. Shunchalar masxarabozlik qilishga qodirligini o‘zi ham endi anglab  turar, bundan ham g‘ururlanib, ham hayratga tushardi. (Jigit-da, jigit!)
   - Yolg‘onchi!
   Malohatning noz bilan aytgan  shu bir so‘zi Abdumajidning yuragini yana hapriqtirib yubordi.
   - Ii-i, shoshmang, shoshmang! – Qiz Abdumajid yana beo‘xshov harakat qilib qo‘yishidan qo‘rqdi. – Yuring, yaxshisi, mashinaga chiqib o‘tiramiz.
   Malohat kelgan “GAZ-53” orqaroqda navbat kutardi.
   - Har kuni mashinama-mashina yurasiz. Kunlik topshiriq nima bo‘ladi? Domlalaringiz urishmaydimi?
   - Abdumajid akamiz bor, nima g‘amimiz bor! Domlalarga obborgan spirtimizning yarmini  bersak bo‘ldi, olam guliston .
   - Qolgan yarmichi?
   - Qolgan yarmiga qizlar bayram qildik. Haqqimiz bordir axir! Kuni bilan changga, shiraga botib ishlaymiz.
    - Men haqqingiz yo‘q, demadim, shekilli.
   Ularning mashinasi tarozidan o‘tib, uzumni to‘kish uchun ichkariga kirib ketdi.
   - Sizning mashinangizni ko‘rdik, endi yuring, menikini ko‘rasiz.
   - Voy, sizning mashinangiz bormi?!
   -  Ana! Xizmatingizga muntazir.
   Abdumajid o‘tgan yilgi terim mavsumida yaxshi ishlab ancha pul topgan, mukofotga yangi “Moskvich” olgan, nimalarnidir o‘ylab (nimalarni ekan??)  bugun minib kelgan edi.
   - O’h-ho‘! Hali yap-yangi-ya! – MAlohat mashinani siypaladi. – Rostdan o‘zingiznikimi?
   - Ha!
   - Tag‘in... – Malohat ayyorona ko‘z suzdi, - otangiz olib bermaganmi?
   - O’tgan mavsumdagi halol mehnatimga olganman, - dedi Abdumajid “halol”ga urg‘u berib, Malohatni orqa o‘rindiqqa o‘tirg‘izarkan, o‘zi ham yoniga o‘tirib.
   - Halol mehnat bilan bir  yilda bir mashinaga pul orttirolsangiz, unda... chindanam, ikkinchi xotin bo‘lib esa-da, sizga tegish kerak ekan
   - To‘g‘ri qilasiz. Keyin maza qilib, sizni mashinada kataysa qildirib yuraman. Keyin shiraga, changga botib yurmaysiz.
  - Oho! Shunaqamikan? – Malohat shirin  jilmaydi.
  Abdumajid o‘zini tutolmadi. Shartta qizni quchoqladi. Og‘ushiga tortdi. Endi o‘pmoqchi bo‘layotgandi, Malohat hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan, ammo yanada kuchliroq malohat bilan, yigitni battar junbushlantirib, ko‘rsatkich barmog‘ini yigitning lablariga bosdi:
   - Hey, hey! Kuppa – kunduzi-ya!  Yangamdan baloga qolib ketmang tag‘in! 

   Abdumajid noiloj qizni bag‘ridan bo‘shatdi, ammo hamon bir qo‘lini uning belidan tortib olmadi. Malohat bunga qarshilik bildirmadi.
   “Tamom. Malohat endi uning ixtiyorida. U hamma narsaga rozi. Qandingni ur, jigit!”
   - Ertaga domladan  javob olib, uyga borib kelmoqchi edim.
   Malohatlarning uyi qo‘shni tumandagi qishloqlardan birida ekan. Taxminan ellik chaqirimcha  bor.
   - Menam boraymi?
   - Borasizmi?
   - Ha-da! Birato‘la ikkinchi qaynona-qaynotalarim bilan tanishib olaman. Bu ko‘zlarni sizga baxsh etgan odamlarni ko‘rmasam bo‘lmas. Tanishtirasizmi?  “Moskvich”da borib kelamiz.
                      
***

   Malohatlarnikida ikki soatcha o‘tirishdi. Malohat oilaning katta farzandi. Sakkizta uka-singillari bor. Ota-onasi mo‘min-bechora odamlar bo‘lib, xo‘jalikda ishchilik qilar ekanlar.
   Malohat uzumni juda zo‘r teradi. Domlalar hurmat qilishadi. Shu sababli ota-onasini ko‘rib kelish uchun alohida mashina ajratishgan. Abdumajid bor-yo‘g‘i shofyor. – Ikkovlon yurganini shunday tushuntirishdi. To‘g‘rirog‘i qiziqqanga shunday tushuntirishni kelishib olgandilar.
   Shunday ota-onaning, oilaning qizimi, a, Malohat?! Abdumajidni nega boshlab keldi? Ota-onasini ko‘rsatishgami? Axir maqsad tamoman boshqa. Yo‘lda Abdumajid mashinani xilvatga burmoqchi edi, Malohat to‘xtatdi: “Avval borib ota-onamni ko‘raylik. Qaytishda peshanaga nima yozilgan bo‘lsa shu...” Indamay, aytganiga ko‘ndi. Abdumajidni  ipsiz bog‘lab oldi Malohat. Nima desa xo‘p deb, oldiga tushib yuripti. Uch kun istaganicha tekin spirt olib berdi. Bugun ishini tashlab, uni ko‘tarib yuripti. Hali niyati amalga oshadimi yo yana  uning oldiga poxol tashlab, qochib qoladimi? “Ko‘pni ko‘rgan yigit ekansiz!”, dedi kecha, uni maqtab. O’zi-chi!?.
   Qaytishda ancha yo‘lgacha o‘z o‘ylari bilan bo‘lib, Abdumajid yonida o‘tirgan Malohatga e’tibor qilmadi. Qiz ham tinchlanib qolgan, ilgarigi sho‘xliklari yo‘q, har zamonda Abdumajidga sal-pal nazar tashlab qo‘yganini e’tiborga  olmasa, o‘zi bilan o‘zi band edi. 
   Abdumajid  nihoyat bir  qarorga keldi: Tamom. Hozir Malohatni manziliga yetkazadiyu, ikkinchi  marta  bu qizni o‘ziga yaqinlashtirmaydi. Tinchlik kerak!..  
    Yo‘l chetidagi choyxonalardan biriga ko‘zi tushdiyu, Abdumajid qattiq ichkisi kelayotganini payqadi. E, unga nima? Dunyo ostin-ustun bo‘lib ketmaydimi? Nima bo‘lsa bo‘lganicha bo‘lib bo‘lgan bu qiz?  Abdumajidga qolgan bo‘lsa sarqitning ham sarqiti qolgan, yuvindisi qolgan. Aqli kirar joyga kirib, yetar joyiga yetib bo‘lgan bu qiz! Tag‘in nimasini o‘ylayapti? Hozir to‘ygunicha ichadi. – Hammasini unutadi.
   Choyxonada ancha o‘tirishdi. Rostakamiga hammasini unutib, bir shisha aroqni teng bo‘lib ichishdi. Ichmasa kerak deb, yanayam har ehtimolga qarshi bitta piyolaga quyib, Malohatning oldiga qo‘ygandi, Malohat bu odatdagi ishday, piyolani oldiyu, ichib yubordi. O’ziyam juda zaril bo‘lib turgan ekan. Noz-firoq ham qilib o‘tirmadi. Keyin sal o‘ziga keldi shekilli: “Ha, nega o‘y surib qoldingiz?”, deb so‘radi xiyol jilmayib. Uning g‘amgin o‘tirishlari, ko‘zlarining o‘ychanligi unga yanayam latofat, ko‘rk bag‘ishlagan, turgan turishi go‘zal edi Malohatning. Judayam go‘zal edi Malohat! Ha, ota-onasi topib ism qo‘yishgan. Shunday go‘zal qiz yonida o‘tirsayu, Abdumajid dunyo tashvishlariga ko‘milsa… adolatdan emas bu axir! Bir imo qilsa bas… Yana nima kerak unga?!
   Ikkovlon ikkinchi bor qadahlarni bo‘shatishgandan so‘ng Abdumajidning kayfiyati joyiga tushib, Malohatga suqlanib tikildi. O-oo! Zo‘r! Zo‘-o‘o‘r!  Yana piyolalarga quygan edi, Malohat uning bilagidan tutdi:
   - Siz ruldasiz, ichma-ang!
   “Ichmang” so‘zini cho‘zib, shunaqa yalingansimon aytdiki, Abdumajid yonidagi go‘zal qizdan bo‘lak dunyodagi hamma narsani unutdi.
   Iliq mezon kechi kira boshlagan, g‘ira-shira tushib qolgandi. Bunday, bir-biriga termulib ortiq o‘tirishga ikkalasining ham sabr-toqati qolmagandi.  Abdumajid tezda yana bir shisha aroqni  jiz-bizi bilan qo‘shib xarid qildiyu, mashinaga olib chiqishdi.
“Moskvich”  katta yo‘lga chiqib, choyxonadan sal o‘tgandan so‘nggi xilvat bir yo‘lakka burildi-da, kimsasiz qorong‘ilik qa’riga sho‘ng‘idi…
   Vinzavodga yetib kelganlarida  vaqt yarim tunga borib qolgan edi. Uzumni topshirib, endi jo‘namoqchi bo‘lib turgan xo‘jalik mashinalaridan biri – o‘sha yaqin tanishi – “GAZ-53” shofyori – dan qizni joyiga olib borib tashlashni iltimos qilib, “Moskvich”ga qaytdi.
   - Mashinadan tushmayman, - dedi Malohat. U xomush tortib, ko‘zlari allaqanday nursizlanib, bezday bo‘lib,  bir nuqtaga qadalib o‘tirardi.
   - Unda… nima qilasan?
   - Siznikiga boraman.
   - Biznikida nima qilasan? – Abdumajid achchiq bilan shu gapni aytishga aytdiyu, tilini tishladi. Boshi gangrab ketdi.
   - Menga uylanasiz, - dedi Malohat asta, ammo  qat’iy  loqaydlik bilan.
   - Ni-ma??? – Abdumajidning tili tanglayiga yopishib qolganday bo‘ldi.
   - Menga uylanasiz!
   - Qiz chiqmading-ku! Seni boshimga uramanmi?
   - Bari bir. Men bilan birga bo‘ldingizmi? – Bo‘ldingiz. Sizni oilamga bekorga ko‘rsatdimmi?  Men ularga hammasini aytib berdim.
   - Nimani? Qanaqa hammasini? Unda hali oramizdan hech narsa o‘tmagandi-ku!
   - Unda o‘tmagan bo‘lsa, choyxonadan keyin o‘tdimi?  Bari bir o‘tishini bilardim. Shuning uchun “shu yigit kuyovlaringiz bo‘ladi”, deganman.
   Abdumajid hangu-mang bo‘lib qoldi. Malohat hozir unga do‘q urayotgandi. Uylanishga majbursan, deyayotgandi. Yo‘qsa…
   - Siz axir qiz emasssiz-ku! – Abdumajid beixtiyor yana sizlashga o‘tdi. U tamom bo‘lgan edi. Tamom bo‘lganini anglab, a’zoyi-badani bo‘shashib ketdi. Bu gaplar Diloromga yetib borsa, u keyin Abdumajidni tiriklayib pishirib yeydi. Kelin-kuyov vaqtlari kuniga urishib turishgan bo‘lsa-da, keyin oyday tirikchilik qilib ketishgan, farzandlari bor. To‘g‘ri, Diloromga judayam ko‘ngli to‘lmaydi. Shu sababli manavi voqealar… Exx!!!
   - Ishonsangiz ham, ishonmasangiz ham o‘zingiz bilasiz, lekin bir martaga aytib qo‘yishim kerak: Sizga qadar biron yigit mening hatto qo‘limni ushlagan emas. Qiz emasligim esa… Unda to‘qqizinchi sinfda o‘qirdim. Qo‘shnimiz kelin tushirdi. Men kelin ko‘rgani bordim. Yosh emasmanmi, qiziqib, birinchi kechasi qanday o‘tganini surishtirdim.  Kelinchak juda qiynalganini, bu qiynoqlarni hech kimga ravo ko‘rmasligini aytdi. Men qo‘rqib ketdim. Bunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, men hech qachon erga tegmayman, dedim.  Ke, mushkuling oson bo‘lsin, menday qiynalib yurma, deb u menga qalamni tiqib oldi. Bor-yo‘g‘i shu.  Yosh bo‘lganman, yaxshi-yomonning farqiga bormaganman. Keyin bilsam, o‘sha kelinchak menga dushmanlik qilipti. Tuzatib bo‘lmas dushmanlik qilipti. Nega endi birovning dushmanligi tufayli, men aybsiz bo‘lsam-da, butun umr bebaxt bo‘lib qolishim kerak ekan? Nima? Baxtli bo‘lishga haqqim yo‘qmi mening?! 
Ayting!!! – Malohat qaltirab, telbanamo nafratli ko‘zlarini Abdumajidga tikdi. Nafratga to‘lgan ko‘zlar yanada go‘zal, yanada  ofatijon edi, ammo... Abdumajid dosh berolmay, ko‘zlarini olib qochdi.. 
   - Ha mayli, gaplaringga ishondim ham deylik. Men sizni bari bir ololmayman. Uyda xotinim, ikki bolam bor.
   - Aldamang! Xotiningiz ham, bolalaringiz ham yo‘q. Shunchaki, tag‘in menga tarmashib qolmasin, degan o‘yda har ehtimolga qarshi to‘qigan afsonangiz bu.
   “Seniki-chi? Seniki borib turgan ertak-ku!”
   - Men sizni aldab nima qilaman? To‘g‘risi, agar uylanmagan bo‘lganimda sizday qizni jon-jon deb olardim.
   - Haliyam olavering. Oling deb turibman-ku!
   - Yo‘q, siz meni tushunmayapsiz. Siz haqiqatan ham go‘zalsiz, ammo men xotinimni o‘ylamaganda ham ikki bolamni o‘ylamay ilojim yo‘q.. Ishonmasangiz, boring-da, anavi “GAZ-53”ning shofyoridan so‘rang. Qarang, sizni kutyapti. O’ziyam toqati-toq bo‘lib ketdi. Achchig‘i chiqsa, hozir ketib qolishi mumkin. Yo‘l-yo‘lakay men haqimda so‘rab bilasiz. Yoki... – Abdumajid tushunib, jimib qoldi. Malohat shofyorning ketib qolishini kutayotgandi Keyin... O, ayyor qiz!
   Malohat peshanasini oldingi o‘rindiqning orqasiga qo‘ydi.
   - Hech bo‘lmasa, bolalarimni o‘ylang, - deya yalinishga tushdi Abdumajid. – Axir, go‘daklarning baxtini o‘g‘irlash hisobiga baxtli bo‘lolmaysiz!
   - Nega? Mening baxtimni o‘g‘irlashdi-ku! Mening baxtimni o‘g‘irlaganlar baxtli yashashyapti. Men nima qilishim kerak?! A!? Nima qilay?! O’shalar tufayli bor iffatimni yer bilan yakson qilib, sizga bezbetlik qilib o‘tiripman-ku! Nima kerak o‘zi sizga?! – Malohatning xo‘rligi kelib, yig‘lab yubormaslik uchun yana peshanasini o‘rindiqning orqasiga tiradi. Chidolmay, o‘krab yubordi.
   Abdumajid tumshayib qoldi. Ovutishga, qizga qo‘l tekkizishga yuragi betlamasdi. Malohat tezda o‘zini tutib, yig‘isini to‘xtatdi:
   - Bo‘pti! Nima bo‘lgandayam bir martaga menga uylanasiz, keyin haydab yuborsangiz ham, - dedi quruqqina qilib, burnini tortarkan. – Bir martaga uylanasiz, - dedi u takroran dona-dona qilib.
   - Iye! Bir martaga sizga uylanadigan bo‘lsam, xotinim bir martaga ketib qolsa,  keyin qaytib kelmaydi. Bu yog‘ini hisobga olmaysizmi?
   - Siz-chi? Meni choyxonama-choyxona olib yurishni hisobga olmaysizmi? “Moskvich”da xilvatlarga olib ketishni-chi? “Arabcha o‘yna”, deganlaringizni-chi? Nima? Sizga birovning bekordan-bekorga boqib qo‘ygan qizi bormi, istagancha toptayveradigan?! Haydang mashinangizni uyingizga.Men tushmayman! Bildingizmi, tush-may-man!!
   Abdumajid lol bo‘lib qoldi. Xilvatga o‘tgandan so‘ng kayf-safo deganlariday, maza bo‘ldi. Yana yeb-ichishdi... keyin  Abdumajid mashinasining magnitofoniga arabcha qo‘shiqlari bor kassetani qo‘yib, Malohatni yarim yalang‘och qildi-da, arabcha o‘ynattirdi. Go‘yo o‘sha shirin damlar bir umr davom etadiganday edi. Malohat  nozli qarashlar bilan butun gavdasini, belini, belidan pastlarini likillatib o‘ynaganida Abdumajid  telbalarcha jazavaga tushgan, “o‘yna, o‘yna! Arabcha o‘yna!”, deya o‘zi ham shod qichqirgancha, raqs tushib ketgandi.  Endi esa...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.