OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abulqosim Mamarasulov. «Baxitli savet ayalining arzasi» (hikoya)

   Qarshigul qalamining uchini tishlab turdi, o‘ylandi. Nihoyat yozishga qaror qildi. Eri Xudoyberdi bilan ajrashib ajrasholmaydi, yarashib yarasholmaydi. To‘rt bolasi bilan sakkiz oydan beri  otasinikida sig‘indi bo‘lib o‘tiripti. Kecha rayijroqo‘mga borgan edi. Qabul qilgan odam yaxshi gaplashdi. Yaxshi odam ekan. Xudoyberdi bo‘lsa, uni men o‘zim zirillataman, sen uyga bor-da, o‘ylab, bitta yaxshi ariza yozib kel, oralaringda nima gap o‘tgan bo‘lsa, barini yoz, dedi. Qarshigul ikki kunki, ariza yozishga urinadi, ammo... to‘rt bola?.. Qirilgur, bo‘yning uzilgur sakkiz oydan beri tayinli xabar olmadi. Bolalarimning ahvoli nima kechdi, usti butmi, qorni to‘qmi, demadi. Onasini yuboripti. Qarshigulning qaynonasini! Qayin opasi bilan birga! Qarshigul ularni boshiga uradimi? Qarshigul... axir...
   - Hech kim sizlarni yarashtirishga urinmadimi? – deb so‘radi qabul qilgan odam.
   - Yarashtirishgandi, bari bir bo‘lmadi, - dedi Qarshigul qimtinib.
   - Nega?
   - Shunday. Yasholmadik.
   - To‘rt bola tug‘ilgancha yashapsizlar-ku. Endi... singlim, siz bor gapni ochiqchasiga aytavering. Tortinmang. Nega yasholmadinglar?
   Qarshigulning qo‘lidagi go‘dagi chirillay boshladi. U qildi-bu qildi, go‘dak ovunmadi. Qarshigul xijolatdan qizarib, o‘rnidan turgancha, bolani silkib, ovutmoqqa urindi. Bola ko‘nmadi.
   - Biz bola ko‘rmaganmizmi? Emizavering, -dedi  rayijroqum buva, qandaydir, otalarcha zarda bilan.
   Qarshigul ana shu ishoraga mahtal edi. Bolasiga ko‘kragini tutdi. Bola talpinib emishga tushdi. Go‘dagiga qarab turib, Qarshigulning xo‘rligi keldi. “Bolalaringni shu ko‘yga solgancha avarya bo‘lib o‘l!”, deya ichida qarg‘angancha, ko‘z yoshlari yuziga sizib chiqdi. Buni o‘zi sezmadi. Ko‘z oldida Xudoyberdi turardi. “Tur yo‘qol! Sen mening tengim emassan!”, degan edi o‘shanda.
   “Tengi bo‘lmasam  nega uylandi? Etagiga osilib olganim yo‘q edi-ku!” 
   Qarshigul  uzil-kesil qarorga kelib, yengi bilan ko‘z yoshlarini artdi-da, yozishga tutindi:

                             “ARZA
   “Bizding turmush qurushimizg‘a enalarimiz sababchi bo‘g‘an. O’ning enasi meni kelin qimoqchi bo‘b keldiyu “Bittagina tog‘amding ulidan qizimdi ayaymamma?!” dep  mening enam to‘ppa-to‘sinnan rozi bo‘ldi. Keyin Xudoyberdiminan meni uchrashtirishdi. Bir-birimizdi ko‘rdik. Ekavmizam to‘yg‘a rozi bo‘ldiq.. Men o‘ vaxtlari 17 jashdaydim. Turmush, xayat, sevgi nimaligini tushunmaganman. Enam  qarindoshligimiz makkam bo‘sin degan. Men emasam xayat shuyakan, voyag‘a jetgan qiz  erga tiyib ketayberishi keragakan dep o‘ylag‘amman. Tuvrisi, Xudoyberdi balant bo‘yli, kelishgan jigit edi. Muning ustiga institutti bitirib keganiydi. Shulardi o‘ylab, rosa quvonganman. Maktabti men b-n pitirgan qizlar ketmanchigayam, o‘roqchigayam tiyib boraytib edi. Shunday bo‘sayam men qarab turg‘anim jo‘q. Xudoyberdi maktapta ishlab pul tovg‘an bo‘sa, men dalaga chiqib, xashak jiydim. Qanorga solib. Eshshakta uyga tashidim. Xudoyberdi bu ishlardi qilishga iymanariydi. Mayli dedim. Oliy ma’lumotli odamdi uyaltmay dedim. Jiygan xashagim qishta mollardan ortib qoldi. Ortganini bozorga opchiqib sottik. O’zingiz bilasiz, bizda lalmikor. Men somondi, xashakdi urlamaganman. Moshinga ortip ketgannam keyin  uyumding tagida qog‘an  maydasini tashiganman.  Sovxoz diriktiri Xidir akayam bir marta ko‘rib qop: “Ha mayli. Bu urlikka kirmaydi, tashiyber” degan.
   Qo‘ni-qo‘shnilarimiz gilam to‘qir edi. Keyinchalik menam qiziqib, uyrandim. Singilchalariga bosh bo‘p 6 ta gilam to‘qidik. Mina shuytib ro‘zg‘ordi ancha butlab oldik.  Pulimiz ko‘paydi. O’ ko‘tarilib, rayonga ishga o‘tdi.  Jilt janga moshin oldi. “Jiguli”. Moshin oldiyu, aynidi. O’ni shu darajaga jetkazgan men jomon bo‘p qoldim. Avvallari mayda janjallar bo‘p turar edi. Birinchi farzandimiz 25 kunlik bo‘g‘anda  meni birinchi marta urdi va tepti. Kaltak va tepki zarbidan hushumdi bilmay, esim ovub qopti.Sho‘nnan so‘g‘in belim ovruydigan bo‘p qoldi.  Sho‘nda janjal nimadan chiqqanini bilmayman. Har kuni oxshomlari  menga tirg‘alariydi. Mening chillam chiqmag‘an bo‘sa, qaytayin... Keyin o‘ning ochuvi chiqar edi. “Ota-bovolarimiz bekorga eki-uchtadan xotin omag‘anaken. O’larding kallasi ishlaganaken!” deb gap sotar edi. Nima desang deyber, ilojim jo‘q, deb turib olar edim.  Shuniyam aytishim kerak, rayijroqo‘m bova, Xudoyberdi nuqul: “Men butun dunyani og‘an Amir Temirding urug‘iman, barlosman. Sen Shayboniyxonding avlodisan, barloslarding dushmanisan. Sendan yaxshilik kutib bo‘maydi” degich edi. Birinchi janjalgacha bu gaplardi hazillashib aytar edi. Keyin chini bilan meni dushmanga chiqarib qo‘ydi. O’ shundaychaqit, o‘taketgan millatchi. Millatchi bo‘masa meni – ammasining qizini nimaga xo‘rlaydi? Biz axir savet zamonida jashayappiz. Amir Temir bovosining bizga nima aloqasi bor.. Aslida, Xudoyberdiyam sho‘ bovosiga o‘xshap zo‘r bo‘sam deydi. Uydayam, ko‘chadayam, qishloqdayam hamma unnan qo‘rqadi. Hatto qishloqda hech kimga gap bermaydigan Eshqobil fermaniyam bir to‘yda ichib olib urgan. Mening  bilishimcha, sho‘nda o‘zini atay mastlikka sog‘an. Asli mast bo‘mag‘an. Bizding bovomiz Shayboniyxon o‘ning aytishicha, Amir Temirding bollarini O’zbekistonnan  quvib chiqarganaken. Ajab qipti, xo‘p qipti. Menam sizdi rayis bovo, Xudoyberdini rayonnam haydashingizdi so‘rayman. Siz bizding urug‘dan ekansiz-ku. Iltimos sizdan, barlosman, Amir Temirding avlodiman, deb kerilib jurganiga o‘ning bir ta’zirini bering. Shayboniyxonding avlodlari haziram zo‘rlig‘ini bilib qo‘ysin. Rayonda barloslar ozchilik, qo‘rqmang, Xudoyberdining tarafini oladig‘an hech kim jo‘q.. Bu yaqda men dod-voy qip turaman, urdi-so‘kdi, savet zamanida ayallardi himoya qiladig‘an borma, jo‘qma deb. Shuytib bir boplamasangiz, juda haddidan oshib ketdi. Nima, ichib keldim deb uray beradima? O’taketgan jomon u!  Hech kimdan qo‘rqmay qo‘yg‘an. Jilovini tortmasangiz iloj jo‘q.. Iloji bo‘sa bir-eki  jilg‘a qamating...”
   Qarshigul so‘nggi jumlani yozgan zahoti  o‘chirib tashladi. O’la-ar, tag‘in... Xudoyberdini qamatib o‘zi nima qiladi?
   “... Iloji bo‘sa qamataman deb qo‘rqiting. Shuytip, ekinchi marta ko‘z jorishimdan sal aval  yana janjal qildi. Kechasi soat 9-10 larda mast holda kirib kelib, yuzimga shapaloq tortdi va qo‘lini musht qip ovzima urdi. Ovzim qonga to‘lib, miyam zirqirab ovridi. Bir jildan keyin  10 dekabr kuni kechasi to‘ydan mast bo‘p qaytib yana urdi va  sochimding bir o‘rimini julib oldi. Tashqariga qochib chiqib edim, akasi ko‘rib qop, o‘rtag‘a tushdi. Xudoyberdini qo‘lidan tutib, homilador ayaldi urasamma, esing qayaqda, deb qaytarmoqchi bo‘ldi. Shunda Xudoyberdi xudoy urgur mening javobimdi berdi. Sho‘nnan so‘g‘in men birga yashashga ko‘nmadim. Xudoyberdi kelib otamg‘a jolindi. Bunnan enam erib, “E, bolangdi qaytib otasiz o‘stirasan”, deb meni urishdi. Boshqa buytmaslikka so‘z berdi-ku, deb qaytib bordim. O’ esa xudoy bermagir o‘zi jolinip uyga opporib og‘annan so‘ng 6 oyg‘acha kechalari chappa qarab jotdi. Men b-n gaplashmadi. Pishirgan ovqatimdi jemadi. Nima, meni quruq cho‘rilikka og‘amma,  buytib jashagannam o‘lgan joxshi, deb mening ochuvim chiqdi. Lekin bir nima deyishga ilojim jo‘q, qaytamanaken, deb juribidim, enamding davleniyasi ko‘tarilib to‘satdan vafot etdi  Otamding  bir o‘zi josh-josh ukalarim va singillarim bilan  qoldi. Shuytib arazlab boradig‘an joyimding tinchligi buzilib, o‘zlari bilan o‘zlari bo‘p qoldi. Shuning ustiga men 3 bola b-n bormayin deb taqdirga tan berdim.  Barlosga yana bir xolam ham kelin bo‘lib turgan. E, bu barloslar juda millatchi bo‘laraken. Bizding uruqqa bitta qiz berib, megan o‘xshaganding eki-uchtasini kelin qip op qo‘ydi. Shuytib g‘am-tashvishlarim ko‘payib, nima qilarimdi bilmay, xolamdikiga bordim. Hasratlashib, ozroq o‘tirdim. Qaytib kesam avzoyi buzilib, jo‘limdi poylab o‘tiri. Xolangdikida q... borma deb, ha, shuytib so‘kdi. Betimga bir shapat urdi. Tepdi. Jig‘ilib, boshim zirqirab, ko‘zlarim tinib ketdi. Shundayam uytib-buytib uy-ro‘zg‘or tashvishlari b-n g‘imirlab kundi kech qildim. Ammo kechasi boshim ovrib, jotolmay juragim sig‘ilib, xuddi hazir o‘lib qoladig‘anday bo‘lay berdim. Bollar  qo‘rqmasin deb tashqarig‘a chiqib o‘tirdim. Kechasi soat 2 da keldi-da, “o‘ladigan bo‘sang ko‘chaga chiqib o‘l, o‘liging mag‘an dardisar bo‘masin, dedi. Ovruvim battar kuchayib, oyoq-qo‘lim uyishib, jomon bo‘p qoldim. So‘ng katta ulimdi uyg‘otib, biror moshin tovib duxturga boraman degan xayol b-n kechasi ko‘chaga chiqdim”.
   Qarshigul alamdan chimirilib ketdi. Hali-hamon o‘sha holati o‘ziga ta’sir qiladi. Orqamdan chiqar, uyga kir deb aytar, deb umid qilgandi. Kechasi soat ikkida qishloqda mashina nima qiladi? Ayol boshi bilan kimnikiga borardi? Shuni yaxshi anglagani holda “arza”sida boshqacha yozdi. Har qalay g‘ururini yerga urishni istamadi.
   “Moshin topolmay qaytib kirdim. Sho‘-sho‘ kasalim zo‘rayib jotib qoldim. 2-3 kundan keyin singlisi keldi. Enasi bilan til biriktirib, men bilan janjallashdi. Tuvolmay o‘l kasalcha, chillashir, deb meni toza axlatga bulg‘ab tashladi. O’lim ketgan enam ham, padarim ham qomadi. Kechqurun xo‘jayinim keb edi, qaynnam o‘g‘an:  “bu kasalingdi javobini ber. Qiz opperaman deb edim-ku! Sen Barlosdan erka ulisan. Enasi o‘ppagan qiz segan tiyadi”, deb baqirdi. Shuytib uchalasi   3  joqdan  kutkilay berdi. Bosh ovruvim ko‘payib, bu kecha o‘lib qolaman-ov, deb 1 tiyinsiz yana chiqib ketdim. Xudoyberdiga aytdim... Rayis bova, arzamdi xo‘jayinimga ko‘rsatmang. Otimdi tilga opsan deb bala bo‘ladi. O’ning borida xudoga shukr deb aytishgayam qo‘rqaman. Sho‘ndaychaqit ariyatchil. Shuytib xo‘jayinimga aytdim. Otamdikiga boraman, o‘ligim ko‘chada qop sag‘an juk bo‘masin dedim. Otam meni duxturga ko‘rsatdi. Duxturlar meni qoning kam deb op qoldi. 15  kun kasalxonada jotib chiqdim. Baraka topsin, jomon kunimga jomon otam joradi. Duxturlardi rozi qildi, bir qancha pul pul evaziga dori, quyishga qon topib keldi. O’ esa xabar omadi. Bittasiyam ko‘rishga bormadi. Duxturdan kelaytsak, X. astanofkada turg‘anaken, kep otamg‘a: “bo‘ldi, qizingizdi  jiyishtirib opketing”,  dedi. Sho‘ndayam otam, akamlar qarindoshchilik hurmati, 3 bolaning hurmati deb yoroshtirishga olib bordi. O’ esa hech narsadan  hech narsa jo‘q, javobimdi berib jerdi.
   Bir o‘limdan qolib, 4 bolam jeti oylik bo‘p dunyaga  keldi. Bir-biridan shirin, bir-biridan jajji uch bolaga otalik mehrini berolmagan, dunyaga jonga 4 farzandi kegandayam ko‘rishga qiziqmagan ota yana qaytib otalik qilishi mumkin? Ota-bovolarimizdan qog‘an naql bor: “Ota bo‘lish onsot, otalik qilish qiyin”.
   Qarshigul o‘zi topgan iboradan g‘ururlanib ketdi. Xudoyberdi yuripti-da, rayon bo‘yicha muallimlarga kattalik qilyapman deb. Qarshigul o‘qimasa-da, kerak bo‘lsa, mana bunaqa gaplarni topib qo‘yadi.  Qarab tursin. Bu xatga ko‘zi tushib qolsayam rosa angraysa kerak. Nahotki shuncha gap mening xotinimdan chiqdi deb. Sudga ariza bergan o‘zi. Qarshigul ham bo‘pti, ajrashsak ajrashaveramiz, deb ko‘ndi. Mana, yana Xudoyberdining o‘zi ishni paysalga solyapti. Onasi ko‘nmayapti-da jodugar! Yomon bo‘lgandayam o‘taketgan yomon, yaramas kampir ekan. Qarshigul bir marta aytganini qilmagan edi, shu-shu qaynona-kelin terslashib qolishdi. Nevaralarini biron marta qo‘liga olgan emas. Judayam mehri qattiq. Xudoyberdining o‘ziga qolsa-ku... Ichmagan paytlari undan yaxshi odam yo‘q, lekin... To‘rt bolasi bilan ko‘chaga  haydab, qiz olib bo‘pti. Ho-o! Tug‘adiganidan oladimi, tug‘maydiganimi? U hali to‘rt bola tug‘ib, o‘stirib bera oladimi Qarshigulday? Oson bo‘pti-da, a?! Xudoyberdi jimgina munda-ay qilib yursa bo‘ladi Munda-ay qilib yurmasa, endi Qarshigul ham bo‘sh kelmaydi. Xudoyberdining bolalarni bir ko‘rishga zor bo‘lib yurganiniyam biladi. Zor bo‘lmasa, onasini, so‘ngra singlisini, ha, ha, aynan Xudoyberdini xotiniga qayrab solganlarni orqasidan yubormas, bolalarga deb bir dunyo kiyim-kechak jo‘natmas edi. Men erkakman, xotinga yalinmayman, deb axmoq bo‘lib yuripti-da. Kerak bo‘lsa, yalinadi. Hali shunaqa yalinadiki... Ana shu niyatda kecha u rayijroqo‘mga borgan edi. To‘g‘ri, meni erim bilan yarashtirib qo‘yinglar, demadi. Lekin ajrashaman degan so‘zni ham aytgani yo‘q. Qachongacha bunday yuradi. Yo u yoqli, yo bu yoqli  bo‘lishi kerak-da. Shuning uchun shunaqa-shunaqa gaplar, deb tushuntirdi. Aytayotib, o‘ziyam yig‘lab yubordi. Bir tomondan qo‘lidagi go‘dagi chirillab turipti. Xullas, rayis bovaning ko‘ngli yumshadi. Xudoyberdining ko‘ziga ko‘rsataman,  dedi.  Yo rayONOda ishlab, bola-chaqasini uyiga opkeladi, yo ... Qarshigulning niyati ham shu edi. Xudoyberdi amaldan ketkisi kelmaydi. “Rayonni nuqul sening urug‘ing egallab olgan. Barloslarga kun yo‘q”, deb Qarshigulga da’vo qilgich edi. Oxiri, kuyovlaring bo‘laman, men ham begona emasman”,  deb ishga joylashdiyu, shu-shu o‘zi aytmoqchi, Shayboniyxonning avlodi bilan birikib, hatto o‘zining barlosliklarini ham tan olmay qo‘ydi. Oxir-oqibat xotinini bola-chaqasi bilan haydadi. Qarshigulni rayijroqo‘mga borishga tezlaganlar ana shu gaplarni albatta aytishni tayinlashgan. “Rayijroqo‘m o‘zimizdan. Xudoyberdining “bizga dushmansan” degan gaplarini eshitsa, oriyati qo‘ziydi”, deyishdi. Shunday bo‘ldi ham. Barlosdan bosh ko‘tarib chiqqan bitta menman deb gerdayib yurgich edi. Qani qaergacha borar ekan? Tezlab jo‘natganlar: “Nima kasaling bor deb so‘rashi bilan birdan ho‘ngrab yig‘lab yubor. Iloji bo‘lsa, rayijroqo‘mga bildirmasdan bolangni chimchila, uyam yig‘lasin”, deb tayinlashgandi. Rayijroqo‘m gap so‘ragandan keyin sira yig‘lagisi kelmadi. Gapiniyam yo‘qotib qo‘ydi. Bolasiniyam chimchilashni unutdi. Tutilib-tutilib gapirayotgandi, bolasi g‘ingshiyverdi. O’z holiga  o‘zi asabiylashib turgan Qarshigul achchiq bilan bolasini qattiqroq silkigan ekan, chirillab yig‘lab berdi. Shu-shu rayijroqo‘mning ruxsati bilan bolasini emiza turib, xo‘rligi kelgan Qarshigulning gap xaltasi ochilib ketdiyu, bor dardini to‘kib soldi. Uning holini eri bo‘la turib, uy-joyi bo‘la turib, to‘rt bolasi bilan otasinikida sakkiz oy badalida sig‘indi-boqimanda  bo‘lib o‘tirgan xotin biladi. G’urur ham o‘lsin. Ba’zi kunlari, e, bore, deb eri ruxsat beradimi, yo‘qmi, bora solib, bolalari bilan o‘z uyiga kirib o‘tirib olgisi keladi. Shunday qilsa, Xudoyberdi uni quvolmasdi. O’zing ketaver, men to‘rt bola bilan qayoqqayam borardim, derdi Qarshigul. Ammo... achchiq ustida otasinikiga kelishga kelib qo‘ygan, endi... Achchig‘i yomon-da Qarshigulning. Xudoyberdi ichib kelgan paytlari sal kayfiyati buzilib turardi. Shunda Qarshigul indamasa-ku! Tili qichiydi. Keyin...  Xudoyberdi yomon emas. Qarshiguldan ham o‘tgan. Necha bor Xudoyberdi ichib kelgan mahallari “E qoch!” deb chappa qarab yotib qolgan. O’zi yetti yil turmush qurgani badalida bor-yo‘g‘i  uch marta uch shapalog‘u, bir musht urgan. Ana, qo‘shnilari... xudoning bergan kuni er-xotin janjallashib, xotinining goh u yeri, goh bu yeri ko‘karib yuradi. Parvo qilmaydi, otamnikiga ketaman, demaydi. Qashqatayoq. O’rgangan. Ikki-uch kun tinch yashashsa, xotini o‘zini qo‘ygani joy topolmay, asabiylashaveradi. Kaltakni sog‘inaveradi.Uning  oldida Qarshigulniki holva. O’sha shapaloqlarni ham Xudoyberdi, kerak bo‘lsa, ayab, og‘ritmay urgan. Faqat kaltak yemay o‘rgangan xotin kaltak yesa “chibijinglab” ketarmikan, har qalay. Umuman, Xudoyberdi ichib kelgani uchun emas, onasining xarxashasi tufayli uni urgan. Qarshigulga ana shu alam qiladi. Ishqilib, qaynona-kelin kelishib yashashi qiyin ekan. G’urbat chiqmasligi mumkin emas ekan. Aytishlariga qaraganda qaynonasi Qarshigulni haydatishga haydatib qo‘yib, endi o‘zi afsuslanib yurganmish. Yaxshi ko‘rgan qizi kelib, Qarshigulning oilasini buzishga buzdirdi, ammo o‘zining eri bor, ro‘zg‘ori bor, ketdi, onasiga qarashmadi. Hovlidagi mol-holning bari  kampirga qoldi. Oldida ovqati yo‘q, qaynoq choyi yo‘q. Chug‘urlashib yotgan nevaralari yo‘q. Uyi go‘ristonday tinchib qolgan. Akadir, ukadir, o‘g‘ildir, qizdir, ro‘zg‘ori boshqami, bo‘ldi, ko‘ngliyam boshqa bo‘ladi. Yaqinda ona-bola janjallashga emish. Onasi: “kelinimni nevaralarim bilan olib kel. Nima bo‘lsa bo‘lib o‘tdi”, degan ekan, Xudoyberdi jirillab onasiga tarmashipti. “Hammasini siz qilgansiz. Siz borib opkeling”, depti. Singlisi kelib oraga tushmoqchi ekan, Xudoyberdi uni shiriqtirib quvib yuboripti. “Onamni aynitgan, ro‘zg‘orimni buzgan sensan”, depti. Shunaqa gaplar. Bu  yoqda Xudoyberdining o‘zi sudga ajrashish uchun ariza berib qo‘ygan. Arizasini qaytarib olishga yuzi chidamayapti.  Qarshigul yalinadi, ajrashmayman, deb turib oladi, o‘shanda shart qo‘yaman, deb o‘ylagan-da. Qarshigul past ketmadi. Shayboniyxon bovosi kabi barlosning erka o‘g‘lini yengishiga ishonadi. Shuning uchun rayijroqo‘mga bordi. Shuning uchun tap tortmay shunaqa gaplarni yozyapti. Yolg‘oni yo‘q, hammasi bo‘lgan voqea. Faqat o‘sha janjallarga o‘zining tili tezligi sabab bo‘lganini yozmaganini aytmaganda... Negadir o‘sha qayinsinglisi bilan avval-boshdan kelishmay qolgan. Akasini Qarshiguldan rashk qiladimi-ey. Shunchalik ham bo‘ladimi? Topgan gapi shu:  “Yangam yomon, akamni ajratib olaman”. “Ajratib olib o‘zing birga yotasanmi?”, deb bo‘lmasa. Qiyin ekan. Mana endi har kim qilsa – o‘ziga,  deganday, yaxshi ko‘rgan akasi  itday haydapti-ku! Battar bo‘lsin! O’z akasining ro‘zg‘orini buzganga buyam kam. Endi kerak bo‘lsa, Qarshigul o‘yin ko‘rsatadi, o‘zini la’liga soladi. 
   Qarshigul yozishda davom etdi:
   “Darhaqqat X. o‘z farzantlariga otaliq qilolmaydi. O’zingiz aytingchi rayis bova, shu  darajada buzilg‘an aylani  tiklaymiz deb  so‘d xodimlari bizdi sarson qib jurishi joxshima?  - “Bizdi” so‘zini  yozishga yozib qo‘yib, Qarshigulning badani  jimirlab ketdi. Nega endi “meni”  emas? Har qalay ko‘ngli... ha mayli... – “6 oy surok bergan bo‘sa surogi  tamom bo‘p ketdi. Nimaga bizdi ajratib qo‘ymayapti? Yo ajrash uchunam so‘dga pora berish kerakma?  So‘d sekretari Iskandar ro‘yxatti tuvri omadi. Ro‘yxatiga rozi bo‘mag‘an edim, do‘q urdi. Bir joqdan o‘zlari qonundi buzib, 6 oy surokdi o‘tkizib jerdi. Tag‘in do‘q qisa. Rabochi, bechara odamdi, to‘rt bolali ayaldi do‘xlash mumkin deb qaysi savet qonunida jozilg‘anaken? Iskandan sho‘ni megan tovib bersin. O’nnanam so‘rab ko‘ring, rayis bova.  Bo‘masa  men o‘ningam ustidan arz qilaman. Rayijroqo‘mga yozay ber, haqqat qip beradi, deb odamlar aytti. Iskandar ro‘yxatga mollardi kirgizmadi. “Mollarda bollarding haqqi bor”,  deb edim, “bollaringizga aliment olasiz”, dedi. Men axir sho‘l uyda  8 ta moldi odam qilaman deb o‘lib ketay dedim. Hech bo‘masa, to‘rt bola uchun bittayam sigir bermaymaken? Alimenti nima bo‘lar edi? Alimentini boshima uramanma?”
   To‘g‘ri, shunday yozish kerak. Aliment olmayman, degani – yarashaman degani. Rais bova o‘zi tushunib oladi. Aqlli, o‘ta shum odamga o‘xshaydi. “Arza”si cho‘zilib ketdi. Endi tugatsa ham bo‘lar. Tugatishda... rayijroqo‘mga jo‘natganlar o‘rganganday  yozish kerak:
   “Shuytib rayis bova, mening – bir jabrdiyda savet ayalining gapini eshitasiz, haqqat qip berasiz, deb oldingizga keb edim. Ho‘kimatga  rahmat, xo‘jayinim  ko‘chaga quvib jersayam ochimdan o‘lmadim, dori sepsayam mayli, ho‘kimatting paxtasi boraken, sho‘nda ishlab, pul tovib, kunimdi ko‘rdim. Paxtazorda o‘z baxtimdi qaytadan tovg‘anday bo‘ldim.
   Sizga arza bilan murajat qiluvchi Barlos qishlog‘iga kelin bo‘p tushgan, lekin hazir otasinikiga quvilgan bir jabrdiyda baxitli Savet ayali
Qarshigul. 8/ V11 – 1989 g.” 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.