Shohidaning sanatoriyga kelganiga ancha bo‘ldi. Tog‘ havosi yoqdi, shekilli, yuziga qizillik yugurib qoldi. Birinchi kunlari palatasidan chiqmasdi: yotardi, televizor ko‘rardi. Ovqatlanish uchun oshxonaga zo‘rg‘a borib kelardi. Ba’zan hamxonasi Muharram:
- Palatada yotaverib, dimiqib ketmaysizmi? – degancha ko‘chaga sudrardi.
Muharram – yigirma besh yoshlardagi quvnoq juvon. Dam oluvchi yigitlardan tanishlari ko‘p. Tashqariga chiqdimi, o‘shalar yetib kelishadi. Muharramular bilan ochiq-oydin gaplashaveradi. Ba’zan meyoridan oshirib yuboradi. Shohidaga bunaqa chegaradan chiqishlar yoqmaydi, mazam qoyapti, degan bahonani qilib, shartta palataga qaytadi. Yo‘q, yigitlarni yomon demaydi, balki haqiqatan ham yaxshi yigitlardir. Ko‘ngillarida kiri yo‘qdir, bari bir ular gap so‘rayvergandan keyin javob berishga majbur. Suhbatlashayotganda ko‘z oldiga Obloqul keladiyu,..
Shohida kasalxonada bir yil yotdi. Shundan yetti oyi gipsda. Shohida yotgan yerida erining borgan sari ozib-to‘zib borayotganini ko‘rib, u kelganiga ko‘zlariga tikilib, uning haroratli qo‘llarini yuziga surkardi. Yosh tomchilari yonoqlariga sizib chiqardi. Obloqul uni alqamasdi, ko‘ngil uchun “yig‘lama”, demasdi. Mehr to‘la ko‘zlarini tikib turaverardi.
- Mana ko‘rasan, - derdi ishonch bilan, - hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Sen tuzalasan, vrachlar bilan gaplashdim. Menga Shohidani tuzatib bersangiz bo‘ldi, dedim. Nima kerak bo‘lsa topaman, dedim. Ular ham “qo‘limizdan kelgan chorani ko‘ramiz, tuzalib ketadi”, deyishdi. Eh-he, hali hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketasan. O’shanda yana tog‘larga chiqamiz, lola teramiz, xo‘pmi?
... Shohida ahvoli og‘irligini kasalxonaga tushgandayoq sezgan, hayotdan umidini uzib qo‘ygandi. Uy-joy, mol-hol, bola-chaqa u yoqda tursin, o‘zini eplay olmasa, boshini yostiqdan ko‘tara olmasa, nima qilsin? O’shanda erining kulib turgan ko‘zlariga qarab, rahmi kelgandi. O’ziga oson: o‘ladi-ketadi, vassalom. Sho‘rlik eri esa ovora bo‘lib, har hafta Barlosdan Samarqandga kasalxonada yotgan xotinini ko‘rgani kelishi kerak. Balki bir kun bu yurishlar joniga tegar... Shohida shuni o‘ylasa, qo‘rqib ketar, oxirgi daqiqasigacha undan ajrashni istamasdi. Mayli, keyin o‘ligini kigizga o‘rab, Barlosga olib ketsin. – Boshqa hech kimmas! Faqat – u! Kelin bo‘lib tushgan, bir dunyo shirin-shirin orzular olib kelgan xonasida hech narsadan bexabar, behis, bejon, tinchgina yotaveradi. Qaynonasi boshia sochlarini yulib yig‘laydi. U juda yaxshi ayol. Kelinligining birinchi kunlari unga yoqish uchun vositalar axtarardi. Keyin bilsa, qaynonasi ham kelin bilan kelishib, yaxshi yashab ketish uchun vosita axtarayotgan ekan. Keyinchalik shu haqda gaplashib qolib, ikkalasining ham fikri bir joydan chiqib, rosa maza qilib kulishgandi... Yana... shahardan ota-onasi borishadi. Hovli yig‘ida to‘ladi. Onasi uning sovuq, qotib qolgan yuzini silaydi. “Qizginam, sen o‘lgancha men o‘lsam bo‘lmasmidi? Xudo sening joningni olgancha menikini olsa bo‘lmasmidi?” deya ayuhannos soladi. Keyin U keladi. U mard, chidamli. Bari bir sevgan yori – Shohidasi bilan vidolashishi kerak. – Ko‘zlari namlanadi.
Shohidani esa hayotning hech qanday tashvishlari endi qiziqtirmaydi.Lekin shunga qaramay, qalban azoblanayotgan, g‘am-g‘ussaga botgan eriga tikiladi. Sochlariga darrov oq oralapti. Hammasi o‘zining o‘limi tufayli ekanini anglaydiyu, sakrab turgisi, “bo‘ldi, ko‘p kuyinavermang, men endi o‘lmayman, jonim”, degisi keladi. Hatto o‘rnidan turmoqchi bo‘ladi. Ammo qimirlay olmaydi. Shunda o‘lik ekani esiga tushadiyu, yana hammasiga befarq bo‘lib qoladi. Keyin Shohidani kafanga o‘rab-chirmab soladilar-da, qabristonga olib jo‘naydilar. Hovlida ayollar bo‘zlab qolishadi. Ularning ichida onasi bilan qaynonasi ham bor. Bir yoshli o‘g‘ilchasi qandaydir begona ayolning qo‘lida. U ham chirqillayapti. Uch yoshli qizchasi esa qaynonasining pinjiga tiqilgancha, yomon hodisa bo‘layotganini sezib, qo‘rquv aralash bir unga, bir bunga olazarak alanglaydi. Shohidani chiqarishayotganda qaynonasi dod soladi. Tobut ko‘targanlarga: “qizimni bermayman!” (Shohidani, qizim, derdi) deb tarmashadi. Ko‘z oldi qorong‘ulashib, hushidan ketadi. Ayollar qaynonasi bilan ovora bo‘lib qolishadi. Tobut ko‘targan erkaklar ham to‘xtashadi. U o‘z dardi bilan avval hech narsani payqamaydi. Hamma hovliga shoshilayotganini ko‘rib, yana bir ko‘ngilsizlikni sezib, asta qadam tashlaydi. – Onasi hushidan ketgan! - Shoshib qoladi. Najot izlab odamlarga qaraydi. – Shohidasi tirilsagina hamma narsa avvalgi joyiga tushishi mumkin. Ammo Shohida o‘lgan... O’lgan!!!
Bu ko‘ngilsizlikni kuzatib yotgan Shohida chiday olmaydi. O’rnidan turmoqchi, sakrab yerga tushmoqchi bo‘ladi, lekin mahkam bog‘lab tashlashgan. “Jonim, qo‘llarimni yeching, tushay, dardingizga darmon bo‘lay”, demoqchi bo‘ladi, ammo ovozi chiqmaydi. – O’lgan! – xo‘rligi keladi. O’lgan odam ojizligini, tiriklar nima qilsa, shu holga tushishini yana bir bor eslab, qimirlashga harakat ham qilmay yotaveradi....
Shohida kasalxonaga dastlab tushgan kezlari shunaqa vahimali narsalar haqida ko‘p o‘ylardi. Ba’zan qo‘rqsa, ba’zan o‘z o‘limiga ham odatdagi voqeaday xotirjam qaraydigan bo‘lib qolgandi. Yaxshiyam U bor ekan. Bo‘lmasa, so‘zsiz g‘amning o‘ziyoq Shohidani ado qilardi. “Sochingni supurgi, qo‘lingni kosov qilib bo‘lsa-da, ko‘nglini oladigan ering bor ekan. Tuzalib chiqqaningdan keyin sira gapini ikki qilma”, deydi Vrach. Shohidaning ko‘zlari porlab ketadi. Yaqiningning yaxshiligini qalban his qila turib, boshqa birovdan ham eshitish odamga alohida quvonch bag‘ishlarkan-da. Uni esalasa, yuziga yosh tomchilari sizib chiqaveradi. Artmaydi. Artishga urinmaydi. Mayli, nimaga yig‘layotganini bilib qo‘yishsin. – Baxt yoshlaridan uyalish shart emas. Har kim ham Shohida erishgan baxtga muyassar bo‘lavermaydi. Har bir juvonning ham turmush o‘rtog‘i Obloquldek sodiq va mehribon emas. U ishonch bilan “toqqa chiqamiz, lola teramiz”, dedi. Agar shu gapini kasalxonaga tushgan kunlari aytsa, ishonmas. Mendek bechora, xastaning ustidan kulyapti, deb xafa bo‘lardi. Ammo o‘sha damda beixtiyor sevgilisining gaplariga ishongisi, “Siz juda yaxshi odamsiz!”, deb ko‘ksiga minnatdorona bosh qo‘ygisi keldi. Ammo hali gipsda yotipti. Ko‘p o‘tmay, Shohida yana yurib ketadi. Ular birgalashib toqqa, lola sayliga chiqishadi. Ikkovlon qo‘l ushlashgancha lolazor oralashadi. U lola tutadi. Shohida lolani olayotganda kaftidan tutib qoladi. Qo‘llari haroratli. Harorat Shohidaga ham o‘tadi. Uning ko‘zlarida mehribonlik, sadoqat mujassam! Bu nigohlarda Shohida ilg‘aydigan va ilg‘amaydigan, sezadigan va sezmaydigan, biladigan va bilmaydigan ko‘pdan-ko‘p yaxshilik alomatlari bor. Hammasi Shohida atalgan. Shuni his qiladiyu, Shohidaning baxtiyorligi o‘n chandon oshib ketadi. – Qo‘lida esa lola! Lolani birgalashib tutib turishipti. To‘lib-toshib kelayotgan hislarini jilovlash uchun Shohida lolaga qaraydi, fikrini chalg‘itishga urinadi. Ammo... qayoqqa qaramasin ko‘zlari birgina Uni izlaydi. Yuragi birgina Unga intiladi. Fikrlari birgina Unga qaratiladi. Beixtiyor o‘zini Uning bag‘riga otadi. Uyalib, yuzini Uning ko‘ksiga yashiradi. Hamma yoq qip-qizil lola! Uddi yoyilgan gilamdek...
U “toqqa chiqamiz”, deganda Shohida shunday xayollar surgandi. Asli, ikkovining tanishishlariga ham lola sayli sabab bo‘lgan edi. Umuman, buni unchalik lola sayli demasa ham bo‘laveradi.
O’shanda ham toqqa chiqishgandi. Samarqandda institutda ikkisi parallel guruhlarda o‘qishardiyu, hech yurak yutib, yaqinlashib, biron marta tuzukroq suhbatlashmagandilar. Albatta, o‘sha voqeagacha bu narsa ikkisining ham xayoliga kelmagandir: jismoniy tarbiya darsidan “sinov”dan o‘tish uchun shahardan o‘n besh kilolmetr naridagi Ohalik tog‘iga piyoda “tur-poxod” tashkillashtirildi. Ikkinchi kurs bitiruvchilari ko‘chalarni to‘ldirib, Samarqanddan chiqishdi. Yarim yo‘lga yetgancha birikib harakat qilishdi. Keyin-keyin tartib buzildi. Ko‘plab toliqib, ortda qola boshladi. Nozikroq bo‘lgani uchun Shohida bir dugonasi bilan eng oxirgilar safida borardi. Bir qishloq yo‘lidan o‘tishayotganda bir uyga suv ichishga kirishdi-da, charchoq tufayli bir pas o‘tirib qolishdi. Qaytib chiqishsa, hamma ketib qolgan ekan. Shohidaning madori qurigandi. Dugonasi oldinga qarab-qarab qo‘yardi. Shohida uning toqatsizlanayotganini, lekin ilojsiz ketolmayotganini sezar, “sen boraver”, desa mutlaqo yolg‘iz qoladi. Buning ustiga “sen meni kim deb o‘ylayapsan?”, yeb xafa bo‘lishi mumkin. Shu alfozda sekin-sekin ketisharkan, yo‘l chetidagi daraxtlarning soyasida o‘tirgan qo‘shni guruh talabalaridan to‘rt yigitga duch kelishdi. Shohida daf’atan quvonib ketdi. Axir orqada yolg‘iz o‘zimiz qoldik, deb o‘ylagandi-da, xayriyat... Birgalashib yo‘lga tushishdi.
- Siz charchab qolganga o‘xshaysiz, keling, yetaklab ketaman, - deb javob ham kutmasdan, Obloqul ismli yigit qo‘lidan ushlab oldi.
“Og‘ir yuk”dan xalos bo‘lganiga quvongan dugonasi ozroq yonma-yon yurdiyu, keyin oldinroqqa o‘tib, yigitlarning biri bilan qo‘l olishdi. Shu tariqa ketaverishdi: Eng oldinda ikki yigit, o‘rtada dugonasi bir yigit bilan, orqada Shohida Obloqul bilan.
Yiqilayotganingda tayanch borligini bilsang, har qalay, ko‘ngling cho‘kmaydi. Shohida xuddi shu tayanch – Obloqul ekanini, unga suyanish kerakligini, unga suyanish mumkinligini his qilib, ancha xotirjam tortgandi. Shohidaning xushtorlari ko‘p edi. Shohida ularni axmoq qilar, ovorayu-sarson etib, yugurtirardi. Ammo hozir Obloqulni “o‘ynatish”ga holi yo‘q. “Balki bu ham o‘shalarning biridir. Ataylab, orqada qolib, uni kuzatib kelayotgandir. Agar shunday bo‘lsa, hozir gap boshlaydi. Qiziq-qiziq latifalar aytadi. Yoqish uchun o‘zini yaxshi odam qilib ko‘rsatishga urinadi”, deb o‘yladi. Mayli, urinaversin, o‘zini ko‘rsataversin. Yaxshi bo‘lsa – yaxshidir, Shohidaga farqi yo‘q. Yetaklasa kifoya. Dugonasining kishi bilmas g‘ijinishlarini ko‘rmasa, hammasiga rozi. Hozir Obloquldan foydalanib qolish kerak. Qizlik latofatidan uni chalg‘itib, foydalanmasa, nima qilib yuripti qiz bola bo‘lib!?
Biroq qancha yurishmasin, Obloqul gapirmas, gapirishga urinmas, Shohidaning qo‘lidan tutgancha, oldinga qarab ketib borardi. Balki meni o‘ylayotgandir, deb yigitning yuzidagi fikrlarni uqmoqchi bo‘lar, ammo bir maromda harakat qilayotgani tufayli yigitning yuzida ham bir xil o‘ychanlik ifodasi aks etar, Sho=ida =ech narsani anglay olmasdi. Obloqul har zamonda qarab qo‘yar, faqat ko‘zlarigina mehribonlik bilan kulib turardi. Nihoyat nigohlar rosmana to‘qnashdi. Shohida:
- “Qachon yetamiz, charchab ketdim-ku, tezroq olib bormaysmzmi?”, - degandek zorlandi.
- “Yuravering, yaqin qoldi”, - degandek, Obloqul qizning qo‘lini daldali qisib qo‘ydi. Qo‘llari haroratli. Harorat Shohidaga ham o‘tib, yurishlari birmuncha tetiklashdi.
Oltovlon soy bo‘ylab borishmoqda. Borgan sari soy kengayib, yo‘l chekinardi. Yo‘l jarlik ichiga tushdi. Keyin jarlik ichida daraxtlar uchradi. Ular tobora ko‘payib, tog‘ yon bag‘riga yetishganda daraxtzordan narini ko‘rib bo‘lmay qoldi. O’zlaridan oldin kelayotganlarning izi yo‘qolgandi. Yana yo‘l yurishda davom etishdi. Yana daraxtlar kamayib, jarlik tugab, tog‘ oralig‘idagi soyning o‘zi qoldi. Shohida qattiq charchadi. Ixtiyorsiz ravishda yigitning bag‘riga kirgancha, behol qadam tashlardi. Ilojini qilsayu, shartta o‘tirsa, keyin... Ammo oldindagilar ketib borar, ikkovi ortlaridan sudralar, asosiy guruh sira ko‘rinmasdi. Shohida yigit shundoqqina qulog‘i tagida nafas olayotganini sezar, nafasi bir-ikki dona soch tolalarini muttasil pirpiratardi. Nogahon yana tizginsiz xayollarga berildi: “Hozir OObloqul to‘xtab, Shohidani o‘ziga qaratsayu, mahkam quchoqlab o‘paversaya!? Nima bo‘ladi? Qarshilik ko‘rsatadimi? Siltab tashlaydimi? Baqirib yordamga odam chaqiradimi? Anavi to‘rttalasi ancha oldinda. Bir tomon – soy, ikkinchi tomon – qir, oldilarida - baland cho‘qqi. Dodini kimga aytadi? Yigit... Keyin o‘zi ham... E-e, shuniya? Nega bunday o‘ylayapti? Nimaga yigitni nazari ilmayapti? Hamma yigitlarga o‘xshagan yigit. Umuman, o‘ptirsa nima qipti? Birov ko‘rib o‘tiriptimi? Hindulardek, anavi toshlar orasidagi g‘orga kirib olishsa... keyin,..” – Shohida o‘z o‘ylaridan lazzatlanib, kulimsiradi. Voqea qanday davom etishini tasavvur qilib qo‘rqib ketdi. Keyin “bu faqat xayol”, deb o‘ziga tasalli berdi. Obloqul esa... hamon oldinga qaragancha nimalarnidir o‘ylab ketib borar, yonidagi qiz fikran u bilan nima ishlar qilganidan mutlaqo bexabar edi. “Yo‘q, bu yigit unaqalardan emas!” Shu daqiqa Obloqul unga nazar tashladi. Ko‘zlari mehribonlik bilan kulib turardi. “Yo‘q, bu ko‘zlar aldamaydi!”
“Yo‘q, bu ko‘zlar aldamaydi!” – fikran takrorladi Shohida va uyalib qo‘ydi. – Qiz bola boshi bilan shunaqa narsalarni o‘ylayaptiya!
Navbatdagi do‘nglikdan oshganlarida to‘rtovlon suv bo‘yida o‘tirishgan ekan. Yo‘l bo‘ylab, tog‘ning ancha ichkarisiga kirib ketishgan, tog‘u-toshlar orasida salkam ikki soatdan beri yurishar, lekin hamon asosiy guruhning qorasi ko‘rinmasdi. Har yer – har yerda sayrga chiqqan kichik-kichik guruhlar qir yon bag‘irlarida dam olib yotishar, ulardan gap so‘rab, tayinli javob olisholmasdi. Nihoyat hech kim uchramay qo‘ygandan keyin to‘rtalovi o‘tirib olishgan ekan. Ular to‘rxaltalarida olib chiqqan tushliklarini o‘rtaga qo‘yishdi. Shohida qo‘liga non, shokolad oldi. Ammo ishtahasi bo‘g‘iqligini anglab, qo‘lidagilarni joyiga qo‘ydi. Obloqul esa shapati nonning yarmini sindirdi-da, soy suviga botirib yeya boshladi.
- Siz ham shunday qiling, - dedi u. – Har qanday shokoladdan ko‘ra ko‘proq maza qilasiz.
Shohida jilmaydi. Keyin yigit uzatgan nonni soy suviga botirib, bir oz shimdirdi-da, tishladi. Nazarida shirindek tuyuldi. Nonni yana suvga botirdi. Yana tishladi. – Non juda shirin! – Shohidaning ishtahasi ochildi, toliqqanini unutdi. Obloqulga shodon tikildi. Uning ko‘zlari: “aytmadimmi, zo‘r-a?” deganday tikilib turardi. Shohida boshqacha bo‘lib ketdi... Obloqulning ko‘zlaridagi nur qalbining qaysidir burchini yoritayotganday.
Shunday o‘zgarishni o‘zida birinchi marta his qilayotgandi...
Shohida endi ichida Obloqulni maqtayotgandi. Nimasini maqtaydi? Nimaga maqtaydi? Hammaga o‘xshagan yigit. Azaldan yigitlar qizlarga yordam berib kelgan. Hech ajablanarli joyi yo‘q. Bari bir... ipsiz bog‘lanib borayotganini tushunar, sovuqqon bo‘lishga harchand urinmasin, eplay olmas. Shunchaki qarayman, deb yigitga mehr bilan tikilayotgani ustida o‘zini o‘zi qo‘lga tushirardi. Yuragi esa...
Uzoqdan eshak mingan odam kelaverdi.
- Shu tarafga ketayotgan yigit-qizlarni ko‘rmadingizmi, ota?
- Yo‘q, -dedi ota eshagini to‘xtatib, qo‘lidagi cho‘pon tayog‘ini qo‘ltig‘iga qistirib, oq oralagan soqolini silarkan, sinovchan ko‘zlarini yigitlarga, keyin qizlarga tikdi. – Sizlarga kim kerak?
- Biz Samarqanddan tur-poxodga chiqqan talabalarmiz. Asosiy guruhdan orqada qolganmiz. Ular shu tarafga ketgan bo‘lishi kerak.
Ota tur-poxod mag‘zini chaqchoqchi bo‘ldimi, bir zum soqolini tutamlab o‘ylandi.
- Shahardan kelganlarning hammasi pastda, - dedi keyin, - bu tomonda faqat qo‘y suruvlari bor. Ko‘rmasdan o‘tib ketgansizlar. Yo‘l jarlikka tushganda qalin daraxtlar bor, shaharliklar odatda o‘sha yerdan qaytishadi.
Oltovlon bir-biriga qarashdi. “Ota” eshagining qorniga nuqib, yo‘lida davom etdi. Hammasi charchagan, oxirgi umid uchqunlari ham so‘ngandi.
Orqaga qaytish kerak...
Yana avvalgiday uch bo‘lak bo‘lib orqaga qaytishdi. Obloqul Shohidaning qo‘lidan tutgancha, xotirjam ketmoqda.Kam gapiradi, har zamonda qarasa, ko‘zlari mehr bilan kulib turadi. Bir maromda nimalarnidir o‘ylaydi. Bir mahal qirga tikilib qoldi. O’n qadamcha shu alfozda yurdi. Keyin “to‘xtab turing”, deb shoshilgancha, qiyalab qirga chiqa boshladi. Shohida hayron. Yigitning chaqqon harakatlarini kuzatarkan, epchilligini tan olayotganini, “ko‘rdingmi, qanday zo‘r yigit!”, deya o‘ziga-o‘zi maqtayotganini sezib qoldi.
- Nimasi zo‘r? – deya yuragining ikkinchi tomoni qarshi chiqdi. – Oddiy yigitlardan biri.
- O’jarlik qilma! – dedi birinchi tomon. – Bunaqa yigit har qadamda uchrayvermaydi. Sinash uchun har kuni bunaqa vaziyat bo‘lavermaydi.
- Ho, kim sinar ekan? – vujudida yuz berayotgan hodisani ko‘rib ko‘rmaslikka olardi ikkinchi tomon. – Shu pachoq yigitni sinar ekanmanmi? Nimasini sinayman? Bema’ni gaplaringni qo‘ysangchi!
- Hali bu gaplaring uchun pushaymon yeysan! – derdi birinchi tomon o‘jarlik bilan.
- Nima? Sen nega meni tinch qo‘ymaysan? Nimaga undamoqchisan? Fikringni sezyapman, shu yigitni sev demoqchisan.
- Mana endi ikkimizning fikrimiz bir joydan chiqdi.
- Hech qachon bunday voqea yuz bermaydi!
- Buni endi... ko‘ramiz!.. Ana, qaragin, qandaydir xarsangning yonida cho‘kkaladi. Nimanidir oldi. Ana, baland ko‘tarib ko‘rsatyapti. Ur-re! Lola!
Qiz-qizil lola ko‘tarib, yuzi qizargancha yigit kelardi!
Qip-qizil lolani kutib, yuzi qizargancha sevgiga tashna qiz turardi.
Lola qip-qizil edi! Yuzlar qip-qizil edi! Ular hayajondan entikardilar.
Lola ikkovining umr yo‘lini uzil-kesil bir tomonga burib yuborgandi.
O’zidek nozik, chiroyli lolani ko‘ksiga bosib, Shohida bormoqda. Charchog‘idan asar ham qolmaganday. Orqasiga qaramaydi, ammo U (shu damdan boshlab Obloqul Shohida uchun “U” ga aylandi.) yonginasida kelayotganini his qilib, yanada qattiqroq hayajonlanardi.
Tog‘ yo‘lidan qaytib tushganlarida kursdoshlarini ko‘rib quvonib ketishdi. Keyin bilishsa, o‘zlaridan boshqa hech kim toqqa chiqmagan, “ota” aytganday, jarlikdagi daraxtzor oralab ketishgan ekan.
Institutni bitirishda nikoh to‘ylari bo‘ldi. Kelin-kuyov qo‘sh diplomni qo‘ltiqlashib, Barlosga ravona bo‘lishdi. Shohida asli qishloq qizi, otasining xizmati yuzasidan Samarqandga kelib yashab qolishgandi. Kishi qishloqda tug‘ildimi, qishloqda o‘sdimi, keyin har qancha shaharda yashamasin, g‘ala-g‘ovurga o‘rganmasin, qalbining bir burchagida qishloqqa intilish hissi yashirinib turaveradi. Shu sabablimi, Shohida yangi hovliga tezda o‘rgandi. Qaynonasi unga ish qiling, demas, sigirni ham o‘zi sog‘averar, kirni ham o‘zi yuvaverar, nonni ham o‘zi yopaverardi. Shohida qaynonasining yordami bilan bu ishlarni o‘z qo‘liga oldi. Shu orada qizchasi tug‘ildi. Keyin o‘g‘li... Hamma ko‘rguliklar o‘shandan boshlandi. Kichik, katta chillalari o‘tdi hamki, ishga chiqolmadi. Hatto emizikli o‘g‘liga tuzukroq qarolmasdiyu Asta-sekin uy tashvishlari yana qaynonasining chekiga tushdi. Shohidaning darmoni ketib borar, uyda “bekorchi xotin” bo‘lib qolayotganidan vijdoni qiynalardi. Bola tug‘ilgandan so‘nggi nimjonlik, o‘tib ketsa kerak, deb dastlabki oylarda ahamiyat berishmadi. Shohidaning o‘zi ham shu fikrda edi. O’zi avvaldan u nimjon qiz edi. Shu nimjonligi bois Obloqul bilan tanishgandi. Qaytadan kuchga kirsa, qaynonasining qo‘lidan uy tashvishlarini olishini o‘ylab, o‘ziga tasalli berardi. Asta-sekin o‘zidagi o‘zgarish vaqtincha bo‘lmay, kuchayib borayotganini tan olishga majbur bo‘ldi. Shu orada gripp bilan qattiq og‘rib yotib qoldi. Uni kasalxonaga olib borishmoqchi edi, “o‘laman sattor, bormayman. Emizikli bolamni qanday tashlab ketaman”, deb turib oldi. Shohida grippga qadar belida og‘riq sezardi. Gripp asoratlari ham qo‘shildiyu, og‘riq kuchaydi. U bo‘ldi-bu bo‘ldi, oradan yana ikki oy o‘tdiyu, Shohida o‘rnidan turolmay qoldi. Majburan kasalxonaga, Samarqanda olib borishdi.
O’shanda edi-da, yotgan joyida o‘limini tasavvur qilishlari...
Umurtqa suyagi chiriy boshlagan ekan. Davolash juda qiyin edi. Ahvoli og‘irligini Shohida ham sezardi. Sezardiyu, “o‘lib ketsam U nima qiladi?” deb azob chekardi. O’lsa... eh-he, U ozmuncha tashvishga qoladimi? “Mendan keyin o‘ziga menday xotin topa olarmikan?” deb qayg‘urardi. Ammo ko‘nglining bir burchagida o‘sha ayolga rashki kelayotganini ham angrab turardi. O’limini kutardiyu, o‘lishni istamayotganini bilib qolardi. Unga: “Ko‘p kelavermang, uy ishlariga qarashing”, derdiyu, doim U o‘z yonida o‘tirishini istayotganini bilib qolardi. “Balki hozirdan yangi xotin izlayotgandir”, deb o‘ylar, go‘yo shunday bo‘lishi tabiiydek, Uning yonida boshqasini ko‘z oldiga keltirardi.
... U kuyovlik kiyimida. Yonida harirga burkanib, uyagancha kelinposhsha turipti. Qizchasi, qaynonasining qo‘lidagi o‘g‘ilchasi bir chetda mo‘ltirashadi. To‘yxonaning bir burchagida gipslangan Shohida yotipti. Keltn-kuyovga qaraydiyu, o‘zini tutolmaydi. U esa:
- Axir o‘zing shuni istagandingku. Bari bir erta-indin o‘lib ketadigan odamsan, men esa yashashim kerak. Ko‘rdingmi, qanday chiroylisidan topdim, - deydi.
Shohidaning battar xo‘rligi keladi. Baqirib yig‘lamoqchi bo‘ladi, ammo ovozi chiqmaydi. Tura solib, kelinni kosov bilan quvib chiqarmoqchi bo‘ladi, ammo gipsda yotipti. Kelin-kuyov tantana bilan Shohidaning yonidan o‘tib ketadi. O’tirganlar o‘rinlaridan turib, qarsaklar bilan ularni olqishlaydilar. Shohidani esa o‘tgan-ketgan turtadi, masxaralaydi.
Shunday bo‘lishi kerak edi...
Shohida buni yaxshi tushunadi. Ammo tushunish boshqayu, hayot o‘yinlarini o‘z boshingdan o‘tkizishing boshqa ekan-da! Taqdirga tan bermoqchi bo‘ladi, biroq yuragida isyon.
... Yostig‘i ho‘l bo‘lib ketdi. Kimdir peshonasiga qo‘l qo‘ydi. Ko‘z yoshlarini artdi. Shohida siltab tashladi. Qulog‘iga: “Shohida! Shohida, bu – men! Men keldim”, degan muloyim ovoz eshitildi. U!!? Bu yerda nima qilib yuripti?! Hozirgina kelinchakning yonida savlat to‘kib turuvdi-ku! Shohida qo‘rqa-pisa ko‘zini ochdi. Haqiqatan ham yonida – U!! Shohida battar yig‘ladi. O’zini to‘xtatib ololmasdi.
- Sizdan iltimos! – Shohidaning birinchi gapi shu bo‘ldi. – Agar yana uylanadigan bo‘lsangiz, men o‘lganimcha sabr qilib turing. Xo‘pmi?!
- Tentakkinam! – dedi U. – Nimalarni o‘ylab yotipsan? Men dori topib kelyapman. Bu yerda boshqa hech kimda yo‘q. Kamyob. Vrachlar buyurishgandi. Ko‘p joylarni izladim. Oldindan chiqib ketgandan beri hali uyga borganim yo‘q..
Shohida dorini ko‘rgandan so‘ng Obloqulga sinsiklab qaradi: Ko‘zlari kirtaygan, yoqasi kirlagan, soqoli o‘sgan. Shohida uyalib ketdi:
- Xayolimda... biznikida to‘y bo‘layotgan emish. Siz... boshqa bir kelinchak bilan to‘rda... bosh egib turipsizlar, - dedi Shohida o‘zini bosib olgandan keyin. – O’rnimga olgan yangi xotiningizga qarab, alam o‘tib yig‘layotgandim, siz... – Shohida shirin jilmaydi.
- Olib bergan xotining chiroylimi?
- Juda ham. Sizga yoqdi! – Shohida davom etolmadi, yana kelinchakka rashki qo‘zidi
- Menga balki... faqat sen kerakdirsan. Balki men faqat sen uchun... – Uning sokin ovozi Shohidaning vujudini jimirlatib, rohatli bo‘shashtirib yubordi.
O’shanda aytgan edi-da, “toqqa, lola sayliga chiqamiz” deb.
Uni yana bir marta qattiq ovora qilganini eslaydi. Gipsni olganlaridan keyin darrov yaxshi yurib ketolmas edi. Shuning uchun qo‘ltiqtayoq kerak edi. Vrachlar buyurgandan keyin rosa bir hafta izlapti. U shahardan – bu shaharga dorixonama-dorixona izlab ketaveripti. Oxiri hafsalasi pir bo‘lib, qaytib kelsa, o‘zlarining Barlosidagi kichikkkina dorixonaning bir burchagida ikkitasi sakkiz yildan beri xaridor chiqmay, chang bosib yotgan ekan. Olasolib, Samarqandga jo‘nayveripti.
O’shanda yana aftodahol, lekin baxtiyor holatda kirib kelgandi.
Birinchi marta oyoqqa turganichi? Xuddi go‘dak endi qadam tashlayotgandek. Vrach bilan U ikkovlon ikki qo‘ltig‘idan tutishdi. O’z oyoqlaring bilan yurish qanchalar katta baxtligini yolg‘izgina Shohida biladi. Bemalol qadam bosadigan bo‘lgancha U yonidan ketmadi. Shohidaning Unga rahmi kelar, uyda qaynonasi bolalari bilan juda qiynalayotganini bilar, lekin uni yonidan ketkizishni istamasdi. Ayni daqiqada Shohidaga qo‘ltiqtayoqdan ham ko‘ra ko‘proq Uning o‘zi kerak edi.
Bir yil deganda kasalxonadan uyga javob berishdi. Vrachlar Shohidani sanatoriyga jo‘natishni maslahat berishgandi. Avvalgiday kuchga kirishi uchun sanatoriy sharoitida davolanishi shart ekan. O’shanda Norxolning onasi, yana Usmonga o‘xshaganlar: “Sanatoriyda xotinlar unaqa bo‘lib ketadi, bunaqa bo‘lib ketadi...”, deyishaversa, U ancha o‘ylanib qolipti. Oxiri ko‘nglidagi hamma gumonlarini yengdi.
Muharram sanatoriyga Shohidadan sal oldin kelgan. Shu yerdayoq (o‘zining aytishicha) ikki-uch yigitni telba qilipti. Kasalxonaga tushgandan keyin “sil bo‘lding”, deb eri tashlab ketganmish. Shuning uchun jamiki erkak zotini ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Fikri-zikri tug‘ri kelganini boplash. Xushbichim juvon bo‘lgani uchun sanatoriyda ancha xushtorlar orttirgan, ataylab, birini ikkinchisiga tezlab, urishtirib, o‘zi huzurlanib yurardi.
Muharram Shohidaning hikoyasini maroq bilan tinglasa-da, Obloquldek yaxshi odamlar borligini tan olgisi kelmasdi. Bu Shohidaga yana-ada xush yoqar, Uning aziz kishisi borligidan faxrlanardi. Muharram esa ko‘p o‘ylanadigan bo‘lib qoldi. Shohidadan takror-takror Obloqul haqida so‘rar qanday xabar olganlarini, dori izlaganlarini juda aniq bilgisi kelardi. Muharram asta-sekin Shohidaga bog‘lanib borar, ilgari ko‘chaga sudraydigan bo‘lsa, endi palatada o‘tirib, uzoq suhbatlashardi. Gap qayoqqa aylanmasin, oxir-oqibat Unga taqalar, keyin xayol surib o‘tirib qolardilar. Xat orqali Uning suratini olishdi. Suratdagi ko‘zlari mehribonlik bilan tikilib turgan yigitga Muharram uzoq tikildi.Ko‘nglidan ko‘p narsalar o‘tayotganini tushunib, Shohida indamasdan kuzatdi. Muharramning qo‘llari titrardi. Surat polga tushib ketdi. Ammo Muharram buni sezmadi. Shohida dugonasining holatidan ko‘ngli buzilib, qimirlolmay o‘tiraverdi. Muharramning boshi egilgan, ko‘zlarini tuman qoplagan.
Yoningdagi kishi ham chekayotganini ko‘rsang, aslo kulib o‘tolmaysan. Uning g‘ami zarracha bo‘lsa-da, senga ham ko‘chadi. Shohida Muharramni tashlab ketgan abevafoni juda yomon ko‘rib ketdi. Yomon ko‘rish – oddiy munosabat! Nafratini ifodalashga so‘z yo‘q. Balki oralaridan biron gap o‘tgandir, ammo qaysi mard erkak xotinini qiyin ahvolda kasalxonada yotganida tashlab ketadi. Xotin degan insonga aynan o‘sha vaqtda er tayanchi, mehri, sadoqati kerak-ku!
Nihoyat Muharramning dardi bir oz kamaydi, shekilli, suratni qidirdi. Xijolatlik bilan poldan avaylab olib, puflab, Shohidaga tutarkan:
- Siz juda baxtiyorsiz! – dedi. Ko‘zlarida yosh g‘iltilladi. Kafti bilan yoshini artdi-da, o‘zini oqladi. – Ko‘nglingizga kelmasin, men shunchaki... Hali ko‘rasiz, menga ham Obloqul akaga o‘xshagan yigit uchraydi. Uchramasa, o‘zim izlab topaman! – Muharram kulimsirashga harakat qildi. O’shanda sizga suratini yuboraman. Mana ko‘rasiz!