Saydan (ya’ni Saydirasul) ko‘pdan beri Norxolga soyaday ergashib yurardi… Norxol to‘qqizinchida, o‘zi o‘ninchida o‘qib yurgan kezlari. E yo‘q, be yo‘q, bir kun u qizning yo‘lini to‘sib, yodlab olgan she’rini esdan chiqarib qo‘yadigandek, shosha-pisha, «men seni sevaman», dedi. Dabdurustdan aytilgan gapga Norxolning kulgisi qistadi.
- Nima qilay shunga? Qoch, yo‘limni to‘sma.
- Men senga, seni sevaman, deyapman?!
- Hay, nima qilay sevsang? Qoch yo‘limdan!
- Qochmayman. Oldin ayt: sen ham meni sevasanmi, yo‘qmi?
- E bor-e! Kallang ishlaydimi o‘zi?
- Ishlamaydi. Ayt: sevasanmi, yo‘qmi?
Saydanning bir etikka ikki oyog‘ini tiqishidan qizning achchig‘i chiqa boshladi.
- Qoch, bo‘lmasa, hozir borib otamga aytaman.
- Aytsang aytaver. Otangdan qo‘rqmayman. Bari bir seni sevaveraman.
- E bor-e! – deb Norxol uni siltab, ketdi, qoldi.
Shunga ham bir yilcha bo‘ldi. Lekin haliyam Saydan Norxolning ketidan qolmaydi. Nuqul sevish-sevmasligingni ayt, deb tiqilinch qiladi. Norxol esa… garchi o‘shanda otamga aytaman, deb uni qo‘rqitgan bo‘lsa-da, otasiga aytmagan. Saydanning qilig‘iga rosa kulgandi.
Saydan o‘zi zo‘r yigit-da! Qaddi-qomati kelishgan. Tengqurlari uning oldida shunaqa titrashadiki, asti qo‘yavering. Qaerda janjal – Saydan hoziru-nozir, tag‘in yengib chiqadi. Norxol uni sevadimi – o‘zi ham bilmaydi. U yo‘lini to‘sib, sarkashlik qilgandan keyin u haqda oz-moz o‘ylab qo‘yadiyu, keyin esdan chiqaradi. Uning so‘rog‘iga bir nima demaydi. Chunki, maktabni bitirib, o‘qishga bormoqchi. Institutga kirib o‘qiydigan bo‘lgach, sevmasligi kerak-a. Yo‘qsa, xayoli bo‘linib, miyasiga dars kirmay qoladi. Saydan-ku, o‘zi yaxshi yigit-a, lekin… Norxol ro‘yxush bermasligining sababi bor. Onasi sevishganlarni juda yomon ko‘radi. «Ota-onasi turganda qiz bolaning shuytib yurishini kim qo‘yipti?» deydi. Norxol onasining ra’yiga qaraydi. Iloji qancha – o‘qishga yubormay qo‘yishlari hech gap emas. Ustiga ustak biron kishi, «falonchi falonchiga ko‘z suzibdi», deb qolsa bormi, xudo urdi-da. Shu kuniyoq Barlos qishlog‘ini qora mushuk kabi mish-mish oralaydi. O’zini aqlli qiz deb hisoblaydigan Norxol esa gap bo‘lishni istamaydi. Avval gap-so‘z bo‘lib, keyin qiz tomondan ota-ona «sovchilik»ka qatnab yurganini ko‘p ko‘rgan. Ana, Ulbozorning otasi Bog‘mon aka ham Abulxayrning orqasidan yuguraverib, ovora bo‘lib ketdi-ku! To‘g‘ri, Saydan Abulxayrga o‘xshaganlardan emas, yaxshi yigit, lekin Norxolga hali hech kim kerak emas. To‘g‘risi – shu. Saydan esa buni tushunmaydi. Nuqul sevasanmi, yo‘qmi, ayt, deb oyoq tiraydi. «Sevaman desang, bas, qachongacha bo‘lsayam kutaman. Agar boshqa darding bo‘lsa, buni ayt, orqangdan ovora bo‘lib yurmayin», deydi. Albatta, Norxol mayli, demagan, demaydi ham ham. Saydanni o‘lguday yaxshi ko‘rib qolganda ham , bari bir, aytmasdi. Qadrini biladigan qiz bunaqa gapni og‘zidan chiqarmaydi-ku! Lekin uzil-kesil yo‘q deyishga ham, rosti, tili bormaydi. Bir yigit soyaday ketingdan ergashib yursa, g‘alati-da. Shuning uchun ham dugonalarining Norxolga havasi keladi. Uning yo‘lini poylab Saydan maktab atrofida aylanishgani-aylanishgan. Unga rahmi kelibmi, goho dugonalari Norxolni koyishadi: «Nimaga uni qiynaysan? Ber-da, javobini! Yo ha de, yo yo‘q!» Aslida kim unga ovora bo‘l, depti. Norxol aytiptimi? Bir gal kampirga o‘xshab mijinglaydigan dugonasi shunaqa gapni aytganda Norxolning jini qo‘zidi: «Juda joning achib borayotgan bo‘lsa, bor, o‘zing teg. Menga zaril emas». Buni qarang, bu gapi Saydanga ham yetib boripti. O’sha kuni yana yo‘ltusarlik qildi: «Bu nima deganing? Sevmayman, deganingmi? Bari bir men sevaveraman. Lekin sen ham meni sevishing kerak-ku!», deb turib oldi. «Sevaman deganingcha qo‘ymayman!», deydi. Bilib olgani – shu. Xuddi to‘tiqushga o‘xshaydi.
Bugun dam olish kuni bo‘lgani uchun Norxollar dalaga ishga chiqishdi. Saydan ham shu yerga keldiyu Bir oyog‘ini yerga, ikkinchi oyog‘ini velosipedining pedaliga tiragancha, ishdan bosh ko‘tarmayotgan qizlarga picha qarab turdi-da, keyin qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Norxol ikkita dugonasi bilan tokzor orasidagi yo‘ldan uyga qaytishayotganda Saydan velosipedini uchirib kelib, ularning yo‘liga ko‘ndalang qildi-da, qizlarga: «Sizlar ketaveringizlar. Mening Norxolda ishim bor», dedi. Norxol ham dugonalariga ergashib ketayotgandi , Saydan astagina, lekin buyruq ohangida: «To‘xta, gapim bor», dedi. Xuddi unga bog‘lanib qolganday, Norxol to‘xtadi. Har doimgiday, bor-e, deb ketaversa, bo‘lardiyu, nimagadir ketolmadi. Saydanning ovozidagi hukm ohangi ta’sir qildimi yoki uning niyati qat’iyligini sezgach, ketaman, deb baloga qolishini bildimi, har qalay, unga bo‘ysundi. Yo‘qsa, u bir qiliq chiqarishdan toymaydi-da. E, bu Saydan!.. Qizning vujudiga titroq yugurdi. Dugonalari esa uzoqlashib ketyapti. Nihoyat, Saydan velosipeddan tushdi.
- Yur bu yoqqa! – U xotinini yetaklaganday, Norxolning qo‘lidan tortib, tokzor orasiga boshladi.
- Oxirgi marta so‘rayapman, - dedi Saydan o‘qrayib, - meni sevasanmi, yo‘qmi?!
Norxol uning so‘rog‘idan ko‘ra vajohatidan qo‘rqdi. Yig‘lagisi keldi. Yerga qaradi. Keyin nima bo‘lganini o‘zi ham bilmay qoldi. Bir payt o‘zini Saydanning quchog‘ida ko‘rdi… Saydan uni qo‘yib yuborganda Norxol birdan xavfsirab qoldi: dugonalari kuzatishayotgan bo‘lsa-ya!? Endi Norxol bilan Saydan o‘pishdi, degan gap butun qishloqqa ovoza bo‘ladi. Onasi yer mushtlab qarg‘anadi. Shuni o‘ylab, Norxol dahshatga tushdi. Yuragini o‘rtayotgan alam bilan Saydanga yomon tikildi. Shunda u avvalgiday qo‘rqinchli tuyulmadi. Aftidan, o‘pich olganidan xursand, labini yalab, kulimsirab turibdi. Kulimsirashi qursin, masxara qilayotganga o‘xshaydi. Norxol shartta burilib, uyiga jo‘nadi. Orqasidan Saydanning yugurib kelishini, tiz cho‘kib «meni kechir!», deya iltijo qilishini istadi. Lekin… u shoshgancha ketib borarkan, yo‘l burilgan joyda boyagi ikki dugonasini ko‘rdi. Ular shivirlashib, ishshaygancha, Norxol tomonga qarab qo‘yishdi. Norxol esa o‘zini beparvo tutishga urindi. Qaramasdan o‘tib ketdiyu Xudo berdi ularga, endi gap tarqatishgani-tarqatishgan. Teshik quloq – onasi ham eshitadi. Shuning uchun Norxolning o‘zi aytgani ma’qul. Keyin boshi baloga qolmaydi. Nega endi anavi kechirim so‘rashga izidan kelmayapti? Norxol uning nima qilayotganini, qay holatda turganini bilishni istardi, ammo orqasiga burilib qarashga yuragi betlamasdi. Ko‘chani to‘ldirib o‘tishni istamay, tomorqa tarafdagi yolg‘izoyoq yo‘lga burildi. Nazarida hamma ko‘chaga chiqib turganday: «Ay-yay,yayy! Norxolni qaranglar! Shunday qiz kuppa-kunduzi anavi Saydan bilan tokzorda o‘pishib yuripti-ya!» deyayotganday bo‘laverdi. Saydan… orqasidan kelmadi-ya! Qanday qilib uning… Juda issiq ekan… Shundagina Norxol terlab ketganini, Saydan o‘pgan beti tobora qizib borayotganini his qildi. O’pish qiziq bo‘larkan. O’sha paytda uning ichidan bir to‘lqin otilib chiqayotganday bo‘laverdi. Agar Saydanning o‘zi quchog‘idan bo‘shatmaganda uning bag‘ridan chiqish xayoliga ham kelmasmidi? U qo‘yib yuborgandan so‘ng bir lahza hayron bo‘lib turdiyu, keyin alam qilib ketdi-da. O’pishga-ku, o‘pdi, tag‘in yuzingda ko‘zing bormi demay, tirjayib turgani ortiqcha.
Norxol paqir ko‘tarib, molxonadan chiqayotgan onasini ko‘rdiyu, bo‘shashib ketdiyu
- Ha, nega bu yoqdan kelyapsan? – so‘radi onasi hayron bo‘lib. So‘ng Norxolning olazarak ko‘zlariga ko‘zi tushdiyu, rangi o‘chdi. – Nima bo‘ldi?!
- Saydan… - dediyu, o‘pkasi to‘lib, Norxol yig‘lab yubordi.
- Nima Saydan?! Urdimi?!!
- Yo‘q.
- Bo‘lmasa, nima qildi?!
Norxol yig‘ini avjga chiqardi.
- Hay, buncha izillaysan? Gapirsang-chi!! Nima bo‘ldi o‘zi?
- Qo‘limdan ushladi.
- Kim? Saydanmi? Qaysi Saydan? Davlat bovoyning nevarasimi?
- Ha. O’sha!
- Voy qirilgur-ey! Nimaga ushlaydi?! Nima kerak ekan unga? Nima dedi?
- Seni sevaman, dediyu Sevib qolganmish!..
- Voy qirilgur-ey! Voy, yer yutkur-ey! Sevarmish?! Ha, iloyo, sevging boshingni yesin! Burningni artib ol, demadingmi? Haligacha ko‘chada janjal qilib yuradi-ku, voy mishiqi-ey! Oldin otang o‘zini eplab olsin, de! Ana! Ana shu-da. Bular…
Xuddi shu payt poylab turganday, otasi kelib qoldi.
- Ha, ona qizim, senga nima bo‘ldi?
Norxol ho‘ngrab yig‘lab berdi. Onasi qishloqni boshiga ko‘tarib qarg‘andi.
- Bu – Davlat bovoyning nevarasi!.. Voy yer yutkur-ey!..
Bu gap o‘sha oqshom butun Barlosga ovoza bo‘ldi.
Norxol kechasi tushida uni ko‘rdi: Saydan uning bilagidan mahkam tutib olganmish. Norxol, qo‘yvor, deb yalinsa, nuqul ishshayarmish…