OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abulqosim Mamarasulov. Yaxshi va yomon odamlar (hikoya)

   “Tanlab-tanlab  tozisiga yo‘liqipti, deganlari shu!” – Buvixol opa alam bilan ko‘zlarini chirt yumib, boshini orqaga tashladi. Shunda ham ko‘zlaridan uch-to‘rt tomchi yosh tomchilari sizib chiqdi. “09”ning  yaap g‘ildiragi qaergadir urilib, silkindi.
   - Shu yo‘llar ham sira soz bo‘lmadi-bo‘lmadi-da, - dedi rulni boshqarayotgan jiyani – singlisining o‘g‘li  -  Hasan, birovning mashinasini o‘nqir-cho‘nqirga  tushirib olayotganidan xijolat tortib.
   Boya Buvixol opa keliniga yer bilan bitta bo‘lib yalinayotganda ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan gaplarning hammasini Hasan ham eshitib turdi. Kelinga bir nima demasa-da, achchiq ustida mashinani tez haydadi. Asfalt yo‘lning o‘ydim-chuqurlariga bir-ikki tushibolgandan keyingina hovuri pasayib, tezlikni sekinlatdi.
   - Xotin emas bu! Qanjiq! Qopaman, deydi-ya, tovba! – Mashinani boshqarishda  davom etarkan, Hasanning tag‘in jahli chiqa boshladi. – Ehh! – Hasan hasrat aralash  chap qo‘li bilan rulni tutgancha, o‘ng qo‘li bilan qo‘ng‘iroqni mushtladi. Qo‘ng‘iroq sadosi yon bag‘irdagi daralarga singib ketdi. – Asli Farhod bo‘lam axmoqchilik qilgan. Oyday xotinni qo‘yib, shuni olib o‘tiripti. O’qimishli, dunyoni tushunadi, devdi. O’qib-o‘qib erining  boshiga yetdi. Ota-bobolarimiz besabab bunaqa xotinlarni otning dumiga bog‘lab sazoyi qilishmagan.
   Buvixol opa indamadi. Shu chog‘ unga o‘z dardi yetib ortardi. Bir qarasang bu kelin – oyday. Hozir ham to‘rt-besh marta ko‘z yoshi qilib oldi. Bir qarasang, erini qamatib o‘tiripti. Mayli edi Buvixolning bu yoqda oshib-toshib yotgan o‘g‘illari bo‘lsa. Ikki qizi o‘qiymiz deb shaharga  tushib,   o‘sha yoqlarda kimlar  bilandir “sevishdim” deb, “shunga bermasang o‘zimni osaman”, “shunga  bermasang bari bir qochib ketaman”, deb qaysi  bir viloyatlarga erga tegib ketgan. Xudoga shukr, ishqilib o‘zlaridan tinib-tinchishgan. Ammo hozirgi kunda Hasan aytganday, Farhodni qamab yuborishsa, uning – qarib-qartaygan, o‘rik qoqidan farqi qolmagan kampirning – kuni kimga qoladi?!
   Yo‘q. Borish kerak! Boradigan joygacha borish kerak. Farhodning o‘zi: “Hasanga ayting, “09”ni minib, sizni idoralarga olib borsin, yalining-yolvoring, hech bo‘lmasa sudgacha meni ochiqqa qo‘ysin, Dilnoza bilan o‘zim gaplashaman”, - degan edi.  Bordi. Buvixol opa ko‘p idoralarga bordi. Bari Dilnozaning o‘zini, otasini ham  chaqirib gaplashdi, ammo Dilnoza...
   - Nima qilaylik, ko‘nmayapti, - deyishdi hokimiyatdagilar. – Hozir zamon chatoq, qayoqqa qarasang xotin-qizlar o‘zlariga o‘t qo‘yib yuboryapti. Majburlab bo‘lmaydi. Keliningiz bilan o‘zingiz gaplashing.
   Kimga borsa shu gap.
   - Menga zarilmi qizimni ikki bolasi bilan uyda saqlab o‘tirish!? – dedi qudasi darvozaga chiqib (hovlisiga kiritmadi).  O’tgan safar ham sizning ko‘z yoshingizga ishonib, berib yuborgan edik, o‘g‘lingiz keyin,  qizim  xotini ekan-ku, kelib, bizlarni ham urdi. Ana! Gaplashing o‘zi bilan! – Quda Buvixol opani hovliga taklif qilmadi. Dilnoza ham ko‘cha darvoza oldiga keldiyu, qaynonasini ko‘rib serraydi.
   - Nevaralarimni bir ko‘rsat, jonim bolam, - dedi Buvixol opa iltijo aralash.
   - Qo‘ying!.. – Dilnoza “qo‘ying, opa”, deb yuborishdan so‘nggi daqiqada o‘zini tiydi. Keyin ko‘chada Farhodning  “09” oldida  qo‘llarini beliga tirab o‘qrayib turgan  Hasanni ko‘rdiyu, Dilnozaning mehri tosh qotdi. “Battar bo‘linglar!” deganday lablari qimtilib, teskari o‘girildi.
   - Men nevaralarimga ishtonchalar opkelgandim, - dedi Buvixol opa Dilnozani eritishga urinarkan, asabdan dir-dir titrayotgan qo‘llarini sumkasiga tiqib.
   - Kerak emas! Qo‘ying! Alimenti ham kerak emas! Shu uydan eson-omon chiqqanimga shukr! Bolalarini bir balo qilib o‘zim boqib olarman.
   - Ha mayli,.. yashamasang ham!.. – Buvixol opaning so‘nggi so‘zi qaltirab chiqdi, ammo shu zahoti o‘zini tutib oldi. “Yig‘lab-yig‘lab bo‘lgan. Dilnoza yig‘iga erimaydi!”  - Hech bo‘lmasa da’voingdan kech! Menga rahming kelsin, bolam! Uni qamatib yuborsang mening kunim qanday o‘tadi?
   - E! – Dilnoza qo‘lini paxsa qilib silkidi. – Sizni o‘ylasa meni tinch qo‘ysin edi. Men-ku mayli, nimaga onamni urdi?
   - Urmagan, bolam, urmagan, salgina turtgan, xolos. Shungayam eringni qamatib yuboraverasanmi?
   Yo‘q. Dilnoza da’vosidan kechmadi. Avvalgi safar kelganida  Dilnozaning o‘zi  “bolalarim, dadamga boraman, deyapti”, deb yig‘lagan, lekin o‘shanda ham da’vosidan kechmagan, “chiqib kelsa tag‘in uradi”, deb qo‘rqqan edi. Farhod ham tinch turmay, melisalar ushlab olib ketayotganda: “chiqib kelsam seniyam, ota-onangniyam so‘yaman”, degan.  Ha, Farhod Dilnozani urardi. Ko‘p urardi. Farhodning otasi ham urong‘ich edi. Bo‘lsa, bo‘lmasa bahona topib, sal gapdan Buvixolni do‘pposlab qolaverardi. Farhod otasiga tortdi. Qo‘y deganga qo‘ymadi. Kaltakni ko‘taradigan, kaltakka chidaydigan xotin bor, chidamaydigani bor. Buni hisobga olmadi.
   Farhodning birinchi xotini lanj edi. O’n gapga bir javob qaytarmasdi. Bersang yeyman, ulsang o‘laman, deganlar xilidan edi. Uni urmasdiyu,  ko‘ngli ham to‘lmasdi. “Qo‘yaman, yashamayman”, deb turib oldi. “O’rgildim topib bergan xotiningdan”, deb onasiga tarmashdi. “Shu to‘nka bilan umrimni o‘tkazishim kerakmi?”, dedi. Men o‘zim ko‘rib-bilib, sevib uylanishim kerak”, dedi. “Men zamonaviy xotin olaman”, dedi. Xullas, aytganini qildi. Bir o‘rtog‘ining xotinini mashinasida tug‘ruqxonaga olib borsa, haligi xotin og‘irlashib qolipti. Keyin Farhod o‘rtog‘i bilan vrachni – shu Dilnozani uyidan olib kelgan. Keyin yana uyiga olib borib qo‘ygan. Shu-shu ikkovining gapi bir yerdan chiqib, “tegaman-olaman” deb kelishgan ekan.
   Birinchisini ikki bolasi bilan chirqillatib, haydab yubordi. Ikkinchisidan ham ikki bolali bo‘ldi. Shu orada g‘idirishlari boshlandi. “Kech soat oltidan keyin uyda bo‘lasan. Navbatchiligingni tan olmayman”, deb turib oldi. Dilnoza: “Xotinlar oqshom  ham tug‘aversa, yarim tunda o‘zingga o‘xshaganlar uyimga kelib, shunaqa ahvol, deb tursa, ilojim qancha”, dedi. “Mening topganim hammamizga yetadi. Uyda o‘tirasan”, dedi Farhod. Dilnoza: “ishimni tashlamayman”, dedi. Ikkovi g‘ijillashdi-qoldi.
   Topish-tutishi yomon emas Farhodning. Bug‘altir. Birovlar umr bo‘yi velosipedga yolchimay o‘tayotganda  Farhod ikkita mashina almashtirdi. “09” ham yangi. Birovlar buni ko‘rolmaydi. “O’g‘lingni harom pul quturtiryapti”, deb yuziga ochiq aytganlar bo‘ldi. Shu darajaga borishdiya odamlar. E, Barlosdan baraka ketdi.
   Dilnoza oxirgi safar ketib qolganda  Farhodning o‘zi orqasidan bordi. “Qo‘y, arazlama”, deb yaxshilikcha yalingan. Shunda Dilnozaning onasi o‘rtaga tushib vaysayveripti. “Gulday qizim bor edi. Senga tegib nima ko‘n ko‘rdi. Xarob qilding qizimni”, deb Farhodning yoqasidan olipti. Farhodning achchig‘i tez emasmi, qaynonasini silkib tashlapti. Yana tarmashsa, nariroq tur, deb turtib yuborgan. Shunda qaynona yerga yumalab, voy-voylab qolipti. “Nega onamni urasan?” , deb Dilnoza dod-voy qilsa, uni ham aylantirib solipti-da, ketib yuboripti. Ana endi ona-bola kasalxonaga yotib olib, “urdi-tepdi”, deb qog‘oz qilib, militsiyaga topshirishipti. Dilnozaga hech narsayam qilmagan. Onasining oyog‘i salgina toyishib, ozgina joyi singan, xolos. Jag‘iyam joyidan ko‘chgan, deyishyapti. O’zi kelib tarmashganda nariroq tur, deb o‘zidan xolis qilaman, deganda Farhodning qo‘li tegib ketgan shekilli-da. Yaxshi davolansa, uzog‘i bilan bir-ikki yilda singan joylari joyiga tushib, tuzalsa ko‘rmaganday bo‘lib ketadi, deyishyapti mutaxassislar. Shungayam endi bular vahima qilib, Farhodni qamatib o‘tirishipti. Uyat!  Duxtur bormi, melisa bormi, hammasi Dilnozaning otasiga qulluq qilishadi. Farhodning esa onasidan boshqa jon achiri yo‘q. Birgina jiyani Hasan bo‘lsa,  tayyor mashinani haydab kelishga zo‘rg‘a ko‘ndi. Tag‘in “avzoydan Farhod akani bular qamamasa qo‘ymaydi”, deydi. Bir og‘iz daldaga mahtal bo‘lib turganda  shu gapi o‘rinlimi?
    Farhodning gapi to‘g‘ri-da. Xotin degan kechqurun soat oltidan keyin uyda bo‘lishi kerak. Ishlaydigani albatta. Qayoqdan ham boshi aylanib, shu Dilnozaga ilinib qoldi. Ersiz yurgan qari qiz, qarasa, oyday yigit,  aylantirgan-da Farhodni! Asli bu uying kuygur o‘qiyman, ishlayman, degancha yoshi o‘tib, er topilmay yurgan.  Birinchi marta gaplashishganda Farhod  “xotinimga ko‘nglim yo‘q, qo‘ymoqchiman”, deganga o‘xshash gaplarni aytgan. Shunda Dilnoza uni chalg‘itgan. Uch-to‘rt marta uchrashib, gap-so‘z qilishgandan so‘ng “xotiningni qo‘y, keyin tegaman”, degan. Yaxshi qiz bo‘lsa, shunaqa dermidi! Bir xotinning, ikki bolaning ko‘chada qolishini talab qilarmidi? Ko‘p balo bor Dilnozada! Katta odamning farzandi, kelin bo‘lib tushganidan Buvixolniyam, Farhodniyam nazariga ilmadi. Katta yeb,katta kiygan, katta davralarda katta gapirib yurgan qiz bu oiladan ko‘ngli to‘lmadi. Urishni ham ataylab o‘zi uyushtirardi. Keyin Farhod bir shapati ursa, bahona... Hu, qirg‘ining kelsin! Mana endi, ikkita bola orttirib oldi, endi unga er kerak emas. Bilganini qilib yuraveradi...
   - Bilmayman, qanaqa zamon bo‘ldi, - dedi Hasan xayol surib mashina haydarkan. – Xotinlarni boshimizga chiqarib qo‘yishdi. Bir og‘iz qattiq gapirolmasang. Bir shapati urolmasang. Xotinlar og‘ziga kelganini qaytarmay vaysayversa. “Xotinlarning dastidan dod!” , deb yuborging  keladi. Endi nima qilamiz, xola. Indamasdan  uyga boraveramizmi?
   - Melisaxonaga hayda.
   Tuman ichki ishlar bo‘limida yoshgina, yuzidan go‘yo hozir kulib yuboradiganday  suratli leytenant navbatchilik qilayotgan ekan. Buvixol opaning arzini tingladiyu, qo‘llarini ilojsiz yozib, dedi:
   - Sal kechikibsiz, o‘g‘lingizni bu yerdan qamoqxonaga olib ketishdi.
   - Nega? Nima uchun?
   - Qamashgani yo‘q hali! – deb leytenant o‘zicha kampirni ovutdi. – Ishi sudga oshirilyapti. Bu yerda esa o‘n kundan ortiq saqlab turish mumkin emas. Qoida shunaqa.
   - Qo‘ying, bolam, dilimni og‘ritmang. – Buvixol opa ichki cho‘ntagidan ozroq pul chiqarib, leytenantning oldiga qo‘ydi. – Bir og‘iz gaplashib chiqay, zarur gapim bor. Dardingizni olay, yordam qiling. Sizning ham onangiz bordir, axir!
   Farhod o‘rgatganday, Buvixol opa o‘n kun davomida bir necha bor shu yo‘sin  Farhod bilan uchrashgan, amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot bergan, ko‘rilajak choralarni rejalashtirib, maslahatlashib  olgan edi. Hozir ham shak-shubhasiz pulning kuchiga ishongancha tinmay javrar, nima qilishini bilmay, angraygancha bir pulga, bir chorasiz kampirga tikilayotgan leytenantning ko‘ziga tikilgancha, yalinardi:
   - Iye! Nima qilyapsiz, xola?! – Nihoyat miyasiga nimadir urdi, shekilli, leytenant sachrab ketdi.
   “Kamlik qilyapti shekilli”.
   - O’rgulay melisajon!  Mana, yana beraman! – deya Buvixol opa cho‘ntagidan yana pul chiqaraverdi. Kampirda pul ko‘p edi. Farhodning o‘zi “ayamay ishlating”, deb tayinlagan.
   - Oling! Tez oling pulingizni! – Leytenantning ovozidagi sarosimalik o‘rnini zumda  qat’iyat egalladi.
   - Bolajonim, men bir daqiqaga kirib chiqay! – Buvixol opa yig‘lab yubordi.
   - Oling deyapman pulingizni!
   Buvixol opa pulni qanday olib, cho‘ntagiga solganini o‘zi ham bilmay qoldi.
   - Siz juda... qiziq ekansiz-ku! – Leytenant hayajondan duduqlandi. Bir zumda yuzi qizarib-bo‘zarib ketdi.
   Bu bilan ish bitmaydiganga o‘xshaydi. Avvalgi tanish militsionerlarga uchrash kerak. Kechagi semizi ma’qul edi. Bitta yarimtaning puliga ham ko‘naverardi. Buvixol opaning darmoni qurib, ko‘z yoshlarini artgancha, o‘rnidan turdi. Yo‘q,  bu melisani ona tug‘magan. Buning onasi bo‘lganda Buvixolga bunaqa do‘q urmasdi.
   - Men sizga o‘zbek tilida aytdim-ku, xola. O’g‘lingizni opketishgan. Bu yerda yo‘q, - dedi leytenant jahlidan ancha tushib.
   Eshik ochilib, kechagi semiz kirib keldi:
   - Ha, kampir, yana keldingizmi? O’g‘lingizni ko‘rgingiz kelsa, endi Xovosga boraverasiz.
   - Qanday borsam bo‘ladi u yoqqa?! – Buvixol opa bir zumda o‘zini tutib oldi. Demak hali harakat qilsa, o‘g‘liga uchrashsa bo‘ladi.
   Kattaga kirsangiz hal qilib beradi, - dedi semiz. – Zap o‘g‘lingiz bor ekanu, jabr bo‘pti-da! Keliningizning otasini yaxshi bilaman, juda o‘jar, iflos odam u! O’tiring kampir, o‘tiring.
   Buvixol opa ancha taskin topdi. Har qalay melisaxonada shunisi odamshavanda, gapga tushunadigan edi.  Pul olsayam qo‘lidan kelgancha ayamay xizmatini qiladi, yo‘l ko‘rsatadi. Achinyapti mana.
   - Uka, bir yordam berib yuboring, yo‘l ko‘rsating.
   - O’tiring qani, kampir, o‘tiring. Bizdan nima yordam kerak?
   “Kampir” o‘tirdi. Shu payt leytenant tashqariga chiqdi. Ayni muddao. Yosh bo‘lsayam o‘lguday qo‘rs ekan. Uning oldida qanday yorilishni bilmay turgan edi.
   - Uka, o‘g‘limni birato‘la qutultirib chiqarib bering. Kattalaringiz bilan gaplashasizmi, boshqa qilasizmi, yo‘lini siz bilasiz. Qancha pul desangiz boricha beraman. Uydagisi yetmasa, mana,  yangi “09” bor. Ko‘chada turipti. Kerak bo‘lsa, buniyam beraman. Jon ukajon!  Kattalaringizning birovi gapga ko‘nadi, birovi ko‘nmaydi. Men ularning tilini tushunmasam. Mana bu... hozir chiqib ketgan ham  “o‘g‘lingiz qamaladi”, deydi. Huquq shularga tegib, Farhodday yigitlarni qamab yuboraverishsa. Mendek kampirlarning o‘ligi ko‘chada qolib ketaversa, yaxshimi? – Buvixol opaning tomog‘iga nimadir tiqildi. Yig‘i-sig‘i qilib yubormaslik uchun o‘zini to‘xtatdi.
   - O’-o‘, bu qiyin masala, kampir. O’rtada iflos qudangiz bor. Unga iltimos qilib borsangiz ham bo‘ladi, bormasangiz ham bo‘ladi. Ular da’vo qilib tursa chatoq.  Eng avval qudag‘iyingizni kasalxonadan chiqarib olish kerak. “Da’vom yo‘q”, degan qog‘ozi kerak... Yanayam o‘ylab ko‘rish kerak ekan. Shu gapingizni sal ertaroq aytmaysizmi? O’g‘lingizning ishi  prokurorga o‘tib ketdi.
   - Ayollik qilganman-da. Miyam aynib qolgan o‘zi. Endiyam bo‘lsa, yordam qiling, jon uka! Farhodning o‘zi topgan pullar uyda turipti, kerak bo‘lsa, hammasini opkelaman. Qo‘llab yuboring, qo‘ldan kelgancha...
   Leytenant qaytib kirib, joyiga o‘tirdi. Buvixol opa tilini tiyib, iloji boricha o‘zini hokisor ko‘rsatishga urindi. 
   - Me-en, kampir,.. qo‘limdan kelgancha sizga yordam berdim. Kattalardan ruxsat olib, o‘g‘lingizga uchrashtirdim.
   - Rahmat, ukajon, rahmat! Bu yaxshiliklaringizni men bilaman. Men bilmasam xudo bilsin...
   - Xullas, bundan bu yog‘iga biz aralasholmaymiz. Shu gaplarni kecha aytganingizdayam, balki...  Endi iloji yo‘q, kampir.
   Buvixol opaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi.
   - Siz xafa bo‘lmang, kampir! – semiz shapkasini olib, boshini qashidi. – O’limdan boshqa narsaning iloji bor. Siz  to‘g‘ri hokimiyatga kirib arz qiling.
   - Kirdim. Uchradim.
   - Xo‘sh?
   - Qudamni, kelinimni chaqirtirdi. Kelinim yig‘ladi, majbur qilsalaring o‘zimga o‘t qo‘yaman, dedi.
   - Obbo! Ish chatoq-ku! Bizning xotinlar gapini o‘tkazishning yaxshi yo‘lini topib olishdi. Albatta, hokim ilojsiz qolgandir.
   Buvixol opa shunday deganday bosh irg‘adi.
   -   Siz prokurorga uchrang-chi, - deya semiz yana reja tuzdi. – Yaxshi odam. Qaynonasidan ko‘p jabr tortgan, sizni darrov tushunadi. O’g‘lingizga o‘xshab...
   Buvixol opani prokuror o‘rnidan turib kutib oldi. Hol-ahvol so‘radi, choy quyib berdi. Bunday xush muomalani kutmagan Buvixol opaning xo‘rligi kelib ketdi. O’g‘lini qamashgandan beri bironta odam  bunchalar g‘amxo‘rlik ko‘rsatmagandi. Semiz esa... semiz pul dardida. Xush muomalasi ham yasama,  qandaydir tahqirona. “Kampir” deb muomala qilishining o‘ziga odamning g‘ashi keladi, ammo iloj yo‘q. Buning ustiga Farhod nuqul: “bu ishni tezroq tinchitish kerak. Prokurorga o‘tsa, vaziyat og‘irlashadi. Prokuror qamaydi”, degan edi. Aftidan, qamaydiganga o‘xshamaydi.
   - Obbo shovvoz-e! Qaynonasini uriptimi? Obbo shovvoz-e! 
   - Bor-yo‘g‘i bir shapat. Shungayam kasalxonaga olib olipti. Necha bor taqsir-tavallo qilyapman, sira ko‘nmayapti. Da’voyimni qaytarib olmayman, deyapti. Siz yordam bering, prokurorjon!
   - Mayli-ku, lekin...
   - O’ligim ko‘chada qolmasin, iltimos, mening o‘g‘limni qamatmang.
   - Kim aytdi sizga prokuror qamaydi, deb?
   - Hamma shunaqa deydi. Men endi o‘zingizga uchrab, yaxshi odamligingizni ko‘rib turipman. Baraka toping ishqilib! Bitta yaxshilik qiling. Omon bo‘lsak qaytaramiz. Farhod ochiqqa chiqsa albatta qaytaradi. U ko‘p pul topadi.
   - O’g‘lingizning ishlari chatoq. Ishlagan joyida ko‘p pullarni o‘zlashtirib yuborgan ekan. Hali tekshirish davom etyapti... Undan ko‘ra mana shu janjal bilan tushsa, bir-ikki yilda qutuladi. Qaytaga bu yaxshi emasmi?
   - Iltimos, siz Farhodni ochiqqa chiqaring. Sudgacha. Siz Farhodni ko‘rmagansiz, bilmaysiz. Ish joyida ilgariyam ko‘p tekshirishlar bo‘lgan. Ochiqqa chiqsa, bunisiniyam bosdi-bosdi qilib yuboradi. Shuncha tekshirishdan keyin ham Farhod ikki yilda ikkita mashina oldi. Siz yaxshilik qilsangiz Farhod albatta xizmatingizda bo‘ladi.
   - Mayli, Farhod uddaburon ham deylik, ish joyini hal qilar. Ammo bir dam o‘zingizni qudag‘iyingizning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Oyoq sinib, jag‘ qiyshayib, ovqat yeya olmay... Kuyovingiz bormi?
   - Ha, bir emas. Ikkita, - dediyu, Buvixol opa gap burimi qayoqqa ketayotganini anglab, tizzalarigacha zirqirab ketdi. Nahotki?!. Degan fikr miyasini yashinday parmalab o‘tdiyu, tag‘in...
   - Deylik, qizingiz arazlab kelib qo‘ydi. Kuyovingiz ichib olib, uyingizga kelsa-da, ko‘z oldingizda qizingizni tepkilayversa, siz bir parcha go‘shtdan odam qilgan farzandingizni  himoya qilasizmi, yo‘qmi?
   Tamom. O’g‘li bilib aytgan ekan. Prokurordan yaxshilik chiqmaydi. Juda xushmuomala ko‘ringan edi kirganida. Prokuror ichirgan choy Buvixol opaning bo‘g‘ziga tiqildi. Bularda odamgarchilik yo‘q. Bular qamashdan boshqa narsani bilmaydi. Buvixol o‘sha, bir shapati yegan qudag‘ayini ham yaxshi biladi. Erini no‘xtalab olgan. Qudag‘ayi bir vaqtlar raykomning uchinchi sekretari bo‘lgan, er uning qo‘lida bo‘lim mudiri bo‘lgan. Ko‘pchilikning oldida, majlislarda er xotiniga: Falonchi Falonchievna” deb murojaat qilar ekan. Keyin orqalaridan odamlar: “Oqshomlari ham eri: “Falonchi Falonchievna, ruxsat bersalar...” deb turarmikan, deb kalaka qilishardi. Qudag‘ayi  raykom sekretari bo‘lgan vaqtida avariya bo‘lgan. Oyog‘i, jag‘ini o‘shanda ko‘p davolatgan.. Hozirgi yotib olishi  bahona, xolos. Aslida, singan, chiqqan, deganlari bari yolg‘on. Duxturlar bilan kelishib, qog‘oz qilib, kasalxonaga yotib olgan. Buni isbotlash imkoni bo‘lsa ekan Buvixolda! Uning gapiga birov quloq solsa ekan tumanda...
   - Xullas, kuyovingiz qizingizga qo‘shib sizni ham uraversa... Siz bunday vaziyatga  qanday qaraysiz? – Xushmuomala prokuror  o‘rnidan turgancha qo‘llarini silkib-silkib gapirar, aftidan kampirga o‘z fikrini to‘g‘ri tushuntira olayotganidan, kampirni “o‘tirg‘izib” qo‘yganidan  xursand edi.
   Yo‘q. Bu qaynonasidan jabr tortmagan. Buniyam onasi tug‘magan. Bungayam gap tushuntirish befoyda. Bularning ichida o‘sha semizdan tuzugi yo‘q shekilli. Bundan yaxshilik chiqmaydi. Bitta balodan qutqaz deb kirsa, bu ikkinchi baloni boshlab o‘tiripti. Qudasi bilan tili bir bularning barining. Ishxonasiniyam tekshir, bug‘altir u, kamchiligi har qandayiga topiladi. Shunda Farhod qimirlay olmaydi, deyishgan. Qirg‘in kelgurlar! 
   - Mayli, men imkon doirasida kam muddat so‘rayman, - dedi prokuror, - siz bitta yaxshi advokat toping.
   - Qanaqa adovat?
   - Adovat emas, advokat. Ya’ni sizni, o‘g‘lingizni  qonun doirasida himoya qiluvchi  mutaxassis. O’zingizni qo‘lga oling. Hali hech narsa bo‘lgani yo‘q. Advokat kuchli bo‘lsa, hammasi o‘nglanib ketadi.
   Buvixol opaning ichida yana chiroq yondi:
   - Ishqilib, yordam beradimi o‘sha adov... adak...
   - Ha, advokatning vazifasi sizga yordam berish. Aytgan pulini topib bersangiz bas.
   - Gap pulga qolsa, ishning bitgani shu-ku! – Buvixol opa prokurorning oldidan qanot  bog‘lab chiqdi. Har qalay semiz aytganday, prokuror yaxshi odam ekan. O’zining qo‘lidan hech narsa kelmasligini bildirib, yo‘l ko‘rsatdi.
   Advokat  haqiqatan ham Buvixol opaning gaplarini shoshilmay, diqqat bilan tingladi. “Agar o‘g‘limni chiqarib bersang, ko‘chadagi “09”ni  qo‘lingga topshiraman”, degan gapga kinoyaomuz kulimsirab qo‘ydiyu, parvo qilmadi.  Nihoyat bir nimalarni yozib, “ana shu hujjatlarni tayyorlab keling, albatta yordam beramiz”, dedi va ayyorona ishshaydi:
1.    Ariza
2.    Oilaviy sharoit haqida ma’lumotnoma.
3.    Ish joyidan xarakteristika.
4.    Mahalla oqsoqollari  nomidan iltimosnoma
5.    Deputatdan xat.
   - Deputatni qanday topaman?  - Buvixol opaning oyoq-qo‘li yanada yengillashdi. Dastlabki to‘rt hujjatni bir kunda jamlash mumkin edi.
   - Izlab yurasizmi? Qishlog‘imizdayam bor-ku, - dedi advokatning huzuriga birga kirgan Hasan. – O’rozgul opaga uchraymiz.
   - Qaysi?
   - Sog‘uvchi O’rozgul opa bor-ku. Fermada ishlaydi.
   - Qaysi? Barlos katta qishloq bo‘lsa... Menga otasini ayt.
   - O’rozgul opachi? Eshqobil ferma bilan birga ishlaydi. Fermada sog‘uvchi.
   - O’la qolsin! Bir kamim endi o‘shanga borib yalinish qoluvdi. –  Yarim soat oldin itning bo‘lsa-da oyog‘ini yalashga tayyor turgan  Buvixol opa ishi yurishib ketganiga ishonch hosil qilgandan so‘ng noz qildi.  Har qalay Buvixol opa otdan tushgani bilan egardan tushmagan, Farhodning puli ko‘paygandan bu yog‘iga  uncha-muncha xotinlar bilan ochilib gaplashmaydigan bo‘lib qolgan edi.
   - Ilojingiz qancha. O’sha, siz nazarga ilmagan O’rozgul opa – deputat. O’sha kishi qog‘oz bersa, Farhodning qamoqdan chiqishi tezlashadi. E, u kishining qog‘ozi bilan ko‘plar ozodlikka chiqqan.
   - A-a?! – Buvixol opa  shundaymi, deganday ishonqiramay advokatga o‘girildi.
   - Asosiy ishni biz qilamizu, agar deputat o‘g‘lingizga ijobiy xarakteristika bersa, ancha yordami  bo‘ladi.
   Buvixol opa advokatning oldidan yengil tortib chiqdi. Mana endi Dilnozaga, uning Tannoz onasiga ko‘rsatib qo‘yadigan xonasi keldi. Ular u yoqda “urdi-tepdi”  deb qog‘oz qilsa qilaversin. Buvixol opa bu yoqda ayol boshi bilan o‘g‘lini balo-qazolardan eson-omon olib chiqib ketadi. Egam sog‘likni bersa, omonlik bo‘lsa, albatta shunday bo‘ladi. 
   - .

1990 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.