Hayot go‘zal!
Yashash yaxshi!
Yaxshi yashash yana ham yaxshi!
Ozodlikda nafas olishning gashti qanchalar lazzatli,a!
Nahotki u endi doim ozod?
Nahotki endi uni har qadamda poylab yurishmaydi?
Nahotki erki o‘z qo‘lida?
Odamning ishongisi kelmaydi. Bu dunyoda odam bolasi ne hollarga tushmas ekan.
To‘lqin qamoqxonaga tushganda yetti yil sira o‘tmaydiganday tuyulgandi. Mana, hozirgina darvoza oldida hujjatlarini qo‘liga berib, «qaytib kelma», deb chiqarib yuborishdi. Qo‘liga uch so‘m pul tutqazishdi…
To‘lqin avtobusga o‘tirib, katta shaharga jo‘nadi. U odamlarga quvonch bilan qarar, «endi men ham sizlardek ozodman», degisi kelardi. Lekin dilidagi shodlik yuziga ayanchli hayajon bo‘lib chiqayotganidan bexabar. Uning yuzi, holati, qiliqlari chuqur ichki kechinmalari tufayli g‘alati ko‘rinib, yo‘lovchilar diqqatini jalb qilardi. To‘lqin o‘zining shunchalar quvonchli damlarida hech kimni yomon demas, hammani yaxshi ko‘rgisikelar, hammaga mehr bilan tikilishga harakat qilardi.
Qanday baxtli odamlar! Hammasi ozod! Qayoqqadir o‘z ishi, turmush tashvishlari sababli shoshishadi. To‘lqin ham Barlosdagi o‘z uyiga ketyapti. Hozir to‘g‘ri borib, onasi yotgan xonalarni, to‘shaklarni ziyorat qilmoqchi. O’z qo‘li bilan To‘lqinga atab tikkan buyumlarni bir boshdan ko‘zdan kechirmoqchi. O’pmoqchi.
Qanchalar qadrdon buyumlar-a!
Qanchalar qadrdon uy!
Shunchalar sog‘indiki, shunchalar sog‘inib ketdiki… Ehh!
Tezroq yetib borsaydi. Hovlisini ko‘rsaydi. Uyini ko‘rsaydi. Odam yo‘qligidan devorlari nurab ketgandir. Qarindoshlari qarab turishibdimikan?
Hovlida ikki tup husayni uzum bo‘lardi. Pishar-pishmas tagiga o‘tirib olib, bittalab terib yerdi. Onasining fikri-yodi uzumni bozorga chiqarib sotish edi. To‘lqin esa yey qo‘ygan bo‘lardi. Onasini buni bilib qolib, To‘lqinni oldiga solib quvardi. Keyin: «Sotib senga kiyim-bosh qilmoqchi edim. Pulini go‘rimga orqalab ketarmidim?», deb yig‘lardi. To‘lqin esa parvo qilmasdi. Bebosh edi…
Ehh! Qanchalar axmoq bo‘lgan ekan-a!?
Endi onasi yo‘q! Onaizori yo‘q!!
Borida qadriga yetmadi. Onasi qamoqqa tushganining birinchi yiliyoq o‘lib ketgan.
Onasini xotini ko‘mgan. Buni odamlar keyinchalik aytib berishdi. Shuning uchun To‘lqin xotinidan norozi bo‘la olmaydi. To‘lqin hozir to‘g‘ri qabristonga boradi. Onasining qabrini ziyorat qiladi. Yig‘laydi, siqtaydi, bo‘zlaydi, ko‘nglini bo‘shatadi.
Ilgari yengiltak bo‘lgan ekan. Ha, bu temir panjaralar odamni ko‘p narsaga o‘rgatadi. Hayotni tushuntiradi. O’lganda onasining boshida tura olmadi. Yakkayu-yolg‘iz o‘g‘il, yolg‘iz farzand edi. Balki umrining oxirgi daqiqalarida ham «o‘g‘lim» deb, yo‘liga ko‘z tikib ketgandir…
Dafn marosimi qanday bo‘ldi ekan? Onamlaydigan inson yo‘q, to‘rtta odam ko‘tarib borib, lahadga qo‘yganu, qaytib kelavergan. Na xudoyisi, na biron ma’rakasi o‘tkazilmagandir. To‘lqinning dastidan xor-zor yashab,xor-zor o‘lib ketdi-ya! Sudda unga hukm chiqarishayotganda ham onasi bo‘zlab yig‘ladi. To‘lqin esa qilmishidan emas, onasining ko‘z yoshlaridan ezilib ketgandi.
O’sha paytlari har kuni ichgani ichgan edi. «Onam meni ko‘chadan sog‘ kutib olmagan, doim mast bo‘lganman», deb hamtovoqlariga maqtanardi. Yaqinda uylangan xotinini sochidan tortib, dodlatib urayotganda oraga tushmoqchi bo‘layotgan onasini ko‘kragidan itarib yuborganini, onasining og‘zi-burni qon bo‘lib, o‘rnidan turganini havtovoqlariga aytardi. O’zicha bu ishlarni qahramonlik deb hisoblardi. O’shanda hozirgi aqlining zarrachasi ham bo‘lmagan. Onasining erka o‘g‘li edi. Aytgani aytgan, degani degan edi. O’z-o‘zidan kissaga pul tushib turardi. Faqat xohish kerak.Shunday bo‘lgandan keyin u ichmay kim ichsin? O’zini dunyoning ustuni deb bilardi. Go‘yo istasa, hamma yoqni ostin-ustun qilib yuboradiganday. Keyin uyga kelardi-da, kuchini qaerga sarf qilishni bilmay… yoshgina xotiniga musht ko‘tarardi. Uylanishda ham To‘lqin zarracha jon kuydirmagan. Hammasini onasi yugurib-elib to‘g‘rilagan. Istaganing shay bo‘lib tursa, atrofingdagilardan qiyiq axtaraverarkansan. Faqat bahona kerak. Keyin tayyor janjal. Kelganini ko‘rib, xotini chappa qarasa ham – tamom. Aybdor sanalardi-da, janjal boshlanardi. Unday emas – bunday, bunday emas – unday… Onasi: «Bolaginam, nega meni zorlatasan? Ota ko‘rmay o‘sding, ko‘ngli o‘ksimasin, deb aytganingni qilib, xohlaganingni yedirib, senikatta qildim. Uylantirib, endi orzu-havas ko‘raman, deganda nasibam shumidi? Katta bo‘lsa esi kirar dedim, uylansa bosilar dedim. Sen boshqacha bo‘lding. U yoq, bu yog‘ingga qarab ish qil, haliyam bo‘lsa esingni yig‘, bolam!», deb necha bor yalinardi. To‘lqin esa: «Sen kampir menga aql o‘rgatadigan bo‘ldingmi?», deb shqirardi. Qasdma-qasdiga, faqat «kampir»ning istaklari amalga oshmasligi uchun yanada ko‘proq ichardi. Ilgari xotinini o‘z xonasida ursa, endi hovliga, ko‘chaga chiqarib uradigan odat chiqardi. Qishloq ayollari: «Feodal qoldig‘i! Xotinbezori», deb orqavarotdan gap qilishipti. Xotiniga: «O’n gulingdan bir guling ochilmagan, er qurib ketibdimi senga, ket undan», deb aql o‘rgatishardi. Hali-hali hayron qoladi. Xotinining chidamiga ham balli-e! Na otasining uyiga arz qilib boripti, na sudga. To‘lqin yaxshi biladi, xotini qachon qarasa, To‘lqinning onasi bilan gaplashib o‘tirgan bo‘lardi. Bundan jahli chiqardi. «Ikkoving birikib, menga fitna uyushtirayapsanlar», deb battar dilozorlik qilardi. Yo‘q yerdan bahona topib, «bilaman, otangnikiga ketib qolmoqchisan. Sen meni sudga bermoqchisan. Agar shunaqa sassiq ishlaringni sharpasini sezib qolsam, so‘yib tashlayman», deb xotinini qon qilardi. «Bilaman, sening o‘ynashing bor, men yo‘g‘imda falon ish qilib yuribsan, pismadon ish qilib yuribsan. Menga o‘shalarni qaerdan bo‘lsa ham topib berasan», deb necha marta xotinining bo‘g‘ziga pichoq tiragan. E, o‘ziyam xotinining tog‘day yuragi bor ekan. Pichoqni bo‘g‘ziga tirasa ham chidabdi-ya! «Esi kirib qolar» degan. «Onasining arz-dodlaridan bir xulosaga kelar» degan. «Ming qilsa ham bir yostiqqa bosh qo‘ydim, ketib qolsam yaxshi bo‘lmas» degan, «engiltaklik qilmayin» degan. Ha, ko‘p narsalarni o‘ylagan. U esa… battar bo‘ldi.
To‘lqin odatdagiday, xotinini sochidan tortib, ko‘chaga sudradi. Orqasidan onasi dod-voylab chiqdi. Ikkisining yig‘isiga ko‘cha larzaga keldi. Ammo To‘lqinning bir tuki qilt etmadi. Bunaqa ishlar uning uchun odat tusiga kirib qolgandi. U ichgan edi. U zo‘r edi. Zo‘rligini namoyish qilayotgandi…
Qanchalar chiroyli juvon edi-ya, xotini!
Qanchalar ma’suma edi!
Sochlari momiqqina, mayingina edi. Xushbuy hid anqib turardi. U sochlarni tortish emas, silash kerak edi, ardoqlash kerak edi. Lazzatlarga ko‘milib, o‘pish kerak edi.
Qani endi hozirgi aqlining zarrachasi o‘shanda bo‘lganda edi. Onasining poyiga yiqilib zor yig‘lardi-ku! Xotinining ko‘zlaridan bir tomchi ham yosh oqizmasdi.
Eh, hayot! Shunaqa qilib yashagan ekan-da! Yashash mumkin ekan! Zo‘r edi. Sher edi. Qayirdilar! Sindirdilar! Esini kirgizdilar. Ammo kech! Juda kech. Ehhe!
Har bir ishning cheki bo‘ladi. Yaxshiligu-yomonlikning ham cheki bo‘ladi.
O’sha kuni zo‘ravonligiga chek qo‘yildi. Qo‘shnilarning sabr-toqati tugadi. O’rta yoshlardagi qo‘shnisi Fayzulla aka kelib, yelkasidan ushladi. «Qo‘y» dedi, «uyal» dedi. «Bu tomoshangni yig‘ishtir, bo‘lmasa o‘zim sudga beraman» dedi. To‘lqinning ko‘zlari chaqchayib ketdi. «Sudga beradigan nasihatgo‘yni» qulochkashlab solib yubordi. «Mening xotinimni himoya qilyapsan. Balki sen o‘ynashidirsanki, joning achiyapti. Yo‘qol tez!» deb vishilladi. Zo‘rligini yana bir karra namoyish qildi. Qo‘rqib ketar, deb o‘yladi. Fayzulla aka esa ketmadi. O’zini qaytarib urdi. «Sendaqa zo‘rni…», deb yerga yotqizib, qo‘lini orqasiga qayirib olmoqchi bo‘ldi. Qaysi zo‘r o‘zini urganlarida qarab turgan. Qaysi sher o‘zini zanjirlayotganlarida vahima bilan o‘kirmagan? Sher hech qachon osonlikcha zanjirband bo‘lmagan. Uni majbur qilishgan. To‘lqinni ham majbur qilishmoqchi bo‘lishdi. Qanaqasi bu? E yo‘q, be yo‘q, yotqizib olib uraversa, odamga alam qilarkan. Nima haqqi bor? Hali To‘lqinning qo‘lini qayiradigan onasidan tug‘ilgan emas. Hozir ko‘rsatib qo‘yadi.
«Zo‘r» jon-jahd bilan qarshilik ko‘rsatdi. Kuch bilan yotgan yerida bir qo‘lini ozod qilib, pichog‘ini shartta sug‘urdi-da, Fayzulla akaning qorniga solib yubordi. Ustidagi «tog‘» ag‘darilib tushdi. «Sher» zanjirdan xalos bo‘ldi. U yana ozodlikka chiqdi. Chiqdiyu…
Qo‘shnisi qonga belanib yotardi. To‘lqin qo‘liga qaradi. - Qonli pichoq!.. Vujudi bo‘shashib, mastligidan nom-nishon qolmadi. Qonli pichoqni otib yubordi. – Qo‘llari qon!
Yurakni ezib yuborguday qichqiriq eshitildi. Sochlarini yulgancha, Fayzulla akaning xotini yugurib kelardi. To‘lqin uyga kirib ketdi. Yotib oldi. Uning yelkalari silkina boshladi. – Yig‘lardi. Nima qilganini aniq-tiniq bilib turardi. Hozir hamma qo‘shnilar yopirilib kirishini, o‘zini o‘rtaga olib, o‘lguday do‘pposlashlarini istardi. O’ldirib tashlashsa ham mayli. O’shanda haq joyida qaror topadi.
Ko‘chada shovqin-suron kuchaydi, lekin bittasi ham To‘lqinning oldiga kirolmadi. Pichoq solib yuboradi, deb o‘ylashdi. U sezib turardi. Hammasi o‘zini o‘ylaydi. Hammasi munofiq. Jon shirin. Shuncha vaqtdan beri birontasi kelib: «Qo‘y endi! To‘lqin, esingni yig‘!» demadi. Mana, oxiri ish odam so‘yish bilan yakunlandi. Shunchalik ham oson ekan. Shartta pichoqni tiqib oldi, vassalom! O’shanda fikri-yodi o‘zini himoya qilish edi, xolos… Yaxshiyam, pichoq Fayzulla akaning qorniga kirib, jon joylariga unchalik zarar yetmagan ekan…
To‘lqin qamoqqa tushgandan keyin ko‘p o‘tmay xotini o‘g‘il tuqqan. Shuncha azoblardan keyin bola ona qornida qanday omon qoldi ekan. Hozir yetti yoshga kirgan. Qanaqa ekan? Maktabga borayotgan bo‘lsa kerak. Portfel ko‘tarib yugurib yurgandir. Otasini tanirmikan? Onasini ko‘mgandan keyin xotini boshqa er qilib ketgan. To‘lqin emas, boshqa kimdir o‘g‘liga otalik qilyapti. O’g‘li haqiqiy otasi qamoqda yotganini, bir vaqtlar qip-qizil bezori bo‘lganini bilmasa kerak. To‘lqin otalikdan ham mahrum. Qanchalar shafqatsizlik! O’g‘li qay taxlit o‘qiyotgan ekan? Unga o‘xsharmikan? Ismini nima qo‘yishdi ekan? Chiroylisidan tanlay oldilarmikan? To‘lqinning o‘zi bo‘lganda zo‘r ismlardan birini qo‘yardi-da: Shavkatmi, Shuhratmi, Ilhommi! Ehhe, qanchasini biladi. Xotini-chi? Qanaqa ekan? O’sha ma’sumaligicha turganmikan? To‘lqin bilishni istaydi. Axir u pushtikamaridan bo‘lgan o‘g‘lining onasi! Mayli, o‘g‘li bir umr otasining kimligini bilmasin, boshqa birovlarni «ota» desin, boshqa birovlar nomida yursin. Bari bir o‘g‘lida uning qoni bor. Yo‘q, yo‘q, hech kim uni o‘g‘lidan ajrata olmaydi. O’zinikimi, hech kimning haqqi yo‘q.. Boradiyu, «yur o‘g‘lim», deb qo‘lidan yetaklab olib ketaveradi. Qo‘llaridan kelganini qilishsin. U axir ota, hali o‘lgani yo‘q.. Bitta o‘g‘lini boqishga qurbi yetadi. Xotini ikkinchi eri bilan qoladimi, u bilan ketadimi, o‘zi biladi. Ishi yo‘q.Buning ustiga yana ikki-uchta tug‘ib olgan bo‘lsa, o‘shalariga ikkovi qanoat qilaverishsin. O’g‘lini esa o‘ziga qaytarib berishsin. Hozir to‘g‘ri o‘g‘lining oldiga boradi…
Vokzalga yetib ketishdi. To‘lqin kassag borib, passajir poezdi rayonlariga ikki soatdan so‘ng jo‘nashini bilib, qaytib ko‘chaga chiqdi. Odam g‘ij-g‘ij. Har kim har yoqqa shoshadi. Faqat u alanglab, bir unga qaraydi, bir bunga qaraydi. Qarashlari g‘alati. Bir ko‘rsang kulyapti deysan, yana bir ko‘rsang yig‘layapti deysan. Yuzi burishgan-tirishgan, kichkina ko‘zlaridan nimani o‘ylayotganini bilib bo‘lmaydi. U talmovsirab qadam tashlardi. Dimog‘iga ishtahani qitiqlovchi hid urildi. Yonginasida sixga terilgan kaboblar qizarib pishayotgandi. So‘lagi oqqancha iljayib, kabobpazga qaradi, so‘ng kabobga. Yana kabobpazga. Birdan qorni ochganini sezdi. Qachonlardan bu n bunaqa shirin taom ta’mini totmagan. Ammo cho‘ntagida bor-yo‘g‘i ikki so‘m to‘qson tiyin puli bor. O’n tiyin avtobusga ketdi. Uyigacha yo‘lga ikki so‘m. To‘qson tiyin ovqatga. Shuni mo‘ljallab, qo‘liga uch so‘m tutqizishgan. Biroq savil kabobning oldida tursayu, qanday o‘zini tutadi? Shuyam ishmi? Kabobni qarang-a! Qip-qizil! Ko‘zini uzgisi kelmaydi odamning. Sixi bilan olsangu, bitta-bitta tishlab yeyaversang. E, nima bo‘lsa bo‘lar, oldin qornini to‘ydirib olsin. Ozod qush axir, xohlagan tomoniga uchadi, istagan ishini qiladi.
To‘lqin bir kishilik kabob olib, chetdagi stol yoniga o‘tirdi. Yonidagi stol atrofida to‘rt yigit – oldilaridagi barkash to‘la kabob, birining qo‘lida shisha – xo-xolashib o‘tirishardi. Kosagul do‘stlariga aroq quydi: «oling-oling, siz iching, men ichmayman, yo‘q, men bo‘ldim…» Ularga qarab, To‘lqin zavqlanib ketdi. Kabobni olishga-ku, oldi, lekin… yuz gramm aroq bo‘lsaydi. Ko‘p kerak emas. Aytganday, bugun qamoqdan chiqdi, buni yuvish kerak. Ammo bor-yo‘g‘i bir so‘m yigirma tiyin puli qolgan. Uyiga ketishga ham yetmaydi.
«Aynan yuz grammlik qolipti!»
To‘lqin o‘z kashfiyotidan quvonib ketdi. O’zi uchun shunday quvonchli kunda hech kim ayb sanamaydi. Mana bu yigitlardan To‘lqinning qaeri kam?.. Bir zumda To‘lqinning istagi ro‘yobga chiqib, stolida aroqli stakan paydo bo‘ldi.
Ovqatni yeb bo‘lgandan keyin To‘lqin yana ichkisi kelayotganini payqadi. Yo‘q, yachxshisi uyga ketishning yo‘lini qilish kerak. Qanday qilib? Hech narsasi bormi? Bilagini ushladi. Qo‘liga soatning zanjiri tegdi. Miyasiga yalt etib bir fikr keldiyu… Soatni sotsa-chi?
To‘lqin o‘rta yoshlardagi, mo‘ylovli, qishloqiligi kiyimidan bilinib turgan bir kishini to‘xtatdi. Yo‘lovchi hayron bo‘ldi.
- Yuravering, aka, xursand bo‘lasiz, - dedi To‘lqin, ehtiyotkorlik bilan uni chetga chiqararkan.
- Menda nima ishingiz bor?
- Mana! – To‘lqin qo‘lidagi soatni chiqarib, uning qo‘liga tutdi. – Sotmoqchiman, qancha berasiz?
Yo‘lovchi hayron bo‘lib, bir uning g‘alati basharasiga, bir soatiga qaradi.
- Qo‘rqmang aka, o‘g‘irlaganim yo‘q. O’zimniki, - dedi To‘lqin, uning ko‘nglidan kechayotgan fikrlarni payqab. – To‘g‘risini aytsam, kissavurlarga pulimni oldirib qo‘ydim. Uyga ketishim kerak. Yo‘lga pul yo‘q. Shuning uchun soatimni sotyapman.
- Ha-a, - dedi yo‘lovchi bir oz taskin topib va soatni ko‘ra boshladi. – Qancha so‘raysiz?
- O’zingiz qancha berasiz?
- Mol sizniki, siz narx ayting.
- To‘g‘risini aytsam, o‘ttiz sakkiz so‘m turadi, yaqinda olganman, menga yigirma so‘m bersangiz bo‘ladi.
- Ehhe! Ishtahangiz karnay-ku! Yuraverib tamom bo‘lgan bu matohingiz. Kim biladi, uyga olib borganimcha yurib turadimit yo buzilib qoladimi? Oling, o‘zingizga siylov, yigirma so‘mga, yaxshisi, do‘kondan yangisini olaman, - deya yo‘lovchi ikki qadam bosgandi, To‘lqin to‘xtatdi.
- Aka, bu savdo, siz ham hech bo‘lmasa oladigan narxingizni ayting.
- Xohlasa-ang, - dedi yo‘lovchi cho‘zib, xotirjam sensirashga o‘tarkan, - uch so‘m beraman. Narxi – shu. Bo‘lmasa, o‘zing bilasan.
- Aka, sal insof qiling! O’ttiz sakkiz so‘mlik narsa, men hali ovqatlanishim kerak, yo‘lga ketadi, uch so‘mingiz nima bo‘ladi?
- Unda qancha so‘raysan?
- Sal ko‘paytiring.
- Besh so‘m…
- Aka…
- Endi o‘zing bilasan, men ketdim.
- To‘xtang, to‘xta-ang… mayli, oling. Juda qattiq odam ekansiz!
To‘lqinning ko‘ngli ancha yorishdi. Ikki so‘m yo‘lga ketsa, yana uch so‘m ortiqcha puli qoladi. Ehhe, uch so‘mga nimalar xarid qilish mumkin emas. O’g‘liga sovg‘a olsa-chi? Ajoyib fikr! – U qator do‘konlardan biriga kirib, bir so‘mlik qalpoqcha tanladi. Rosa quvonib ketsa kerak. Maktabdan chaqirib oladi-da:
- «Top-chi, nima olib keldim?» - deydi.
- «Mashina», - deydi o‘g‘li.
- «Yo‘q».
- «Tank!» - o‘g‘li atrofida irg‘ishlay boshlaydi.
- «Yo‘q».
- «To‘pponcha!» - o‘g‘li erkalanib, bo‘yniga osiladi.
Erib ketgan To‘lqin o‘g‘lini mahkam quchadi. O’padi. Yuzini yuziga ishqalaydi. Keyin bildirmasdan boshiga qalpoqchani kiygizib qo‘yadi.
- «Iye!» - deydi o‘g‘li hayron bo‘lib. Keyin boshidagi sovg‘ani qo‘liga olib, aylantirib ko‘radi. Quvonadi. «Rahmat, dadajon!» deb pitillab yerga tushgancha, qalpoqchani silkitib, yugurib ketadi…
To‘lqin yana kassaga bordi. Poezd kelishiga hali bir soat vaqt bor. Vaqt buncha imillamasa. Bilet olib qo‘ysa-chi? E, ulguradi!
To‘lqin qaytib chiqdi. Yana yuz gramm bo‘lganda kayfiyati joyiga tushardi. Lekin u ichmaydi. Ichkilik tufayli boshiga tushgan savdolar yetarli. Nazarida hali qorni to‘ymaganday. Yana kabob yesa-chi? Bir so‘mu yetmish tiyinga oladi. Ikki so‘m biletga ajratsa, yana o‘ttiz tiyin ortiqcha puli qoladi. Ha, ha, xuddi shunday qiladi, ammo ichmaydi. Bor irodasini to‘plab, bir gramm ham og‘ziga olmaydi.
To‘lqin kabobni olib o‘tirgandan keyin birdan yegisi kelmay qoldi. O’zini har xil bahonalar bilan aroqqa sudrab kelganini ham sezib turardi. O’ylab qarasa, ovqatni ko‘ngli tortmayapti, ammo bir so‘mu yetmish tiyinlik kabobni qoldirib ketish yaxshimi? Yuz gramm tashlab olsa!? Hammasini hazm qilib yuborardi… shunga juda aroqxo‘r bo‘lib qolmaydi-ku, to‘g‘rimi?! Faqat kabobga sarflangan pul hayf bo‘lmasligi uchun! Bunga yuz gramm kifoya. – Yuz gramm! Qachonlardan beri og‘ziga bir qultum olmagan. Shunday baxiyor damlari sal ko‘proq ichsa, kim urishadi? Kimning u bilan ishi bor? Qolaversa, o‘z puliga o‘zi xo‘jayin, istaganicha sarflaydi. Xohlasa. Kabob yeydi, xohlasa ichadi.
To‘lqin yuz grammni olib yubordi-da, sixga tutindi. Ammo ovqatlangisi kelmasdi. O’zini zo‘rlab yarmini yedi. Qolgan ovqatga qarab, ko‘ngli buzildi. Shu kabobning o‘rniga bemalol yana yuz gramm olsa bo‘lardi. Ellik tiyin ortib ham qolardi. Ko‘rgan kuni qursin! O’tiripdi so‘ppayi-ib!.. Mana, odamlar do‘stlari bilan ichayapti. Bir-biriga sog‘lik tilayapti. Bari xursand. To‘lqin esa yakka-yolg‘iz, g‘irt yetim! Onasi o‘lib ketgan. Xotini boshqaga tekkan. Bittayu-bitta o‘g‘li kimlarnidir «ota» deb chaqiradi. To‘lqin hech kimga kerak emas. Uni hech kim kutmaydi. Quchoq ochib kutib oladigan jonkuyarining suyaklari allaqachon go‘rda chirib tamom bo‘lgan. Barlosga borsa, odamlar yana undan cho‘chishadi. Ayollar chetlab o‘tishadi. Bolalariga: «Ana, To‘lqin odamxo‘r kelyapti, qochinglar undan», deb tayinlashadi. Hammasi uni yomon ko‘radi. Eh, bu sho‘r peshana!
To‘qin turib, ko‘chaga yo‘naldi. Kabob sovub qoldi. Pul hayf ketdi. Alvido yuz gramm arog‘u, yana ellik tiyin pul. Eshikning oldida aroq sotuvchi. To‘lqin shasht bilan o‘tib ketmoqchi edi, ammo qadami o‘z-o‘zidan sekinlashib, to‘g‘riga kelganda taqa-taq to‘xtadi. Kayfiyat rasvo bo‘ldi, endi ichib xumordan chiqmasa, o‘ziga kelmaydi. U pulining o‘n tiyinini olib qolib, qolganini sotuvchining qo‘liga tutdi.
Kassaga ketarkan, puli qolmaganini o‘ylardi. Endi ichmaydi, sira ham ichmaydi. O’zini shuncha aldagani yetar. Nima qilish kerak? Cho‘ntaklarini titkiladi. Kichkina pakkisi bor, o‘g‘liga atab olgan qalpoqcha. Qalpoqchani sotsa-chi? O’g‘liga shunday ham boraveradi. Sovg‘a haqida indamay qo‘ya qoladi. O’g‘liga ota azizmi, sovg‘a? Qolaversa, biron nima olganini bilib o‘tiribdimi? Otasi topilib borganiga xursand bo‘laversin. «O’g‘lim» deb borganining o‘zi katta davlat, agar o‘g‘li bilsa.
To‘lqin chetga chiqib, xaridor izladi. Odamlarning u bilan ishi yo‘q. Hamma o‘z yo‘liga shoshadi. Qariroq bir kampir kelaverdi.
- Xola, -dedi To‘lqin uning yo‘lini to‘sib. – Nevarangizga qalpoqcha olmaysizmi?
«Xola» hayron bo‘lib, og‘zidan aroq hidi anqib turgan «savdogar»ga qaradi.
- Siz hayron bo‘lmang, xola. To‘g‘risini aytsam, bugun yetti yillik qamoqdan ozodlikka chiqdim. Xursandchilikdan ozroq ichgandim. Uyga, o‘g‘limga sovg‘a –salom oldim. Qarasam, yo‘lga pul qolmapti. Shuning uchun sotishga to‘g‘ri kelyapti. Attang, yaxshi qalpoqcha edi.
- Yetti yildan beri deysizmi? – kampir unga ishonqiramay qaradiyu, aft-angoridan xotirjam bo‘ldi shekilli, qalpoqchani ko‘ra boshladi.
- Ha-a, yetti yil! – dedi To‘lqin jonlanib, kampirning ovozidagi xayrixohlikdan ko‘ngli yumshab. – Unda o‘g‘lim tug‘ilmagandi. Hozir kap-katta yigit bo‘lib qolgandir. Hayot shunaqa ekan, xola, - u chuqur uh tortdi. – Tezroq borsam deyman, o‘g‘limni ko‘rsam deyman…
- Bir so‘m bersam bo‘ladimi? – kampir uning orzularga berilib ketayotganini ko‘rib, shartta kesdi.
- Bir so‘m?! – To‘lqinning ko‘zlari yaraqlab ketdi. «Qalpoqchaning asl narxi bu. Yana o‘n tiyin bo‘lsa, kissamda o‘n tiyin bor, hammasi bir so‘m yigirma tiyin bo‘ladi. – Yuz gramm aroqning puli. Yo‘q, ichmaydi. Sirayam ichmaydi. Hozir faqat ketishga pul kerak. Yo‘lga». – Xolajon, kam aytmadingiz, ammo biletga bir so‘mu o‘n tiyin yetmay turgan edi. Nima qilsam ekan-a? Yana o‘n tiyin qo‘sha olmaysizmi?
- Ma! – kampir aytgan pulini chiqarib berdi. – Tezroq uyingga ket. Tag‘in ichib, yo‘l-po‘lda yumalab qolma. Xo‘pmi? Senga pulni faqat biletga deganing uchun berayapman. «He, odamlar! Shu zaharni deb nima yolg‘onlarni gapirishmaydi. Yetti yil qamalgan emish…», - dedi kampir o‘zicha yo‘l-yo‘lakay.
To‘lqin pulni cho‘ntagiga urib, kampir uzoqlashgancha zo‘rg‘a chidab turdi-yu, yugurgilab yetgancha. Yana yuz grammni urib oldi. Ko‘chaga qaytib chiqqanda hali es-hushi joyida, ammo oyoqlari qaltiray boshlagan edi. – Tamom! Endi ichmaydi. Bu oxirgi va qat’iy so‘zi. Hali o‘g‘lining oldiga borishi kerak. Maktabiga mast bo‘lib kirsa yaxshi bo‘lmaydi. Keyin hammasi o‘g‘lining ustidan «otang aroqxo‘r ekan», deb kulishsinmi? Yo‘q, To‘lqin bunday bo‘lishini xohlamaydi. U haqiqiy hurmatli otalardek, yangi kostyumda, galstuk taqib, shlyapa kiyib, maktabga dadil kirib boradi-da, direktorga uchraydi: «O’rtoq falonchiev, men shunaqa-shunaqa odamman! O’g‘lim qo‘lingizda o‘qiydi, uni olib ketgani keldim», deydi. Keyin o‘g‘li portfelini ko‘tarib, otilgancha kirib kelganda u direktor bilan Pentagonning navbatdagi kirdikorlarini fosh qilib o‘tirishgan bo‘ladi. Ammo hamma narsani unutib, cho‘kkalagancha, quchog‘ini ochadi. Ota-bola yig‘lab ko‘rishadi. Dirktor ham, o‘g‘lini chaqirib kelgan o‘qituvchi ham ta’sirlanib, ko‘zlariga yosh olishadi.
- «O’g‘lim, men keldim, - deydi To‘lqin, - seni olib ketaman»,
- «Ketdik, dada, bu yerda turishga bir minut ham toqatim yo‘q», deydi o‘g‘li.
- «Nahotki meni tanigan bo‘lsang?» - deb so‘raydi To‘lqin ajablanib.
- «Tanidim, dada, - deydi o‘g‘li. – Sizni har doim tushlarimda ko‘rardim. Kelishingizni kutdim».
Ota-bola qo‘l ushlashib, maktabdan chiqib ketishadi. Direktor va o‘qituvchilar orqalaridan o‘ychan qarab qolishadi.
… To‘lqin gandiraklaguday bo‘lib, kassaga jo‘nadi. Birdan nigohi ketib borayotgan passajir poezdiga tushdi. Yugurgilab, perronga chiqdi. – O’zining poezdi! Shunda ketishi kerak edi. Ovora bo‘lib, bilmay qopti. Obbo! Endi nima qiladi? Ha mayli, hechqisi yo‘q. Bugun bo‘lmasa, erta bor. Ozod odam, xohlagan payti ketaveradi. Ammo kissasi bo‘shab qoldi. Pul topish chorasini qilish kerak. O’g‘li uni utsa-ya! Ko‘zlari to‘rt bo‘lib o‘tirgandir. Do‘stlariga: «Bugun dadam keladilar», deb maqtanib qo‘ygan bo‘lsa-ya? To‘lqin bormasa! Uyat bo‘ladi! Judayam qattiq uyat bo‘ladi. Borish kerak! Qanday bo‘lmasin. Borish kerak. – U kassaga chqinlashdi. Navbatdagi poezd qirq besh minutdan keyin kelarkan. O’shangacha pul topish kerak. Yig‘laguday bo‘lib, yo‘lga tikilib o‘tirgan o‘g‘lini ko‘z oldiga keltirib, To‘lqin harakatga tushdi. Yo‘q, u o‘g‘lini xafa qildirib qo‘ymaydi. Haqiqiy ota ekanini isbotlaydi. Keyin ikkovlon, ota-bola Barlosga borishganda o‘g‘li do‘stlariga faxr bilan: «Bu kishi mening dadam!», deb ko‘rsatadi. To‘lqin, shunday-shunday degan kabi iljaygancha, bosh silkib, mehr bilan o‘g‘lining peshanasidan o‘pib qo‘yadi. Keyin uyga borishadi. O’g‘li yugurgancha uyga kirib: «Oyi, dadam keldi. Dadam!», deydi. Xotini yushurib chiqadi. Keyin… keyin… keyin nima bo‘lishini o‘ylashni xohlamaydi.
To‘lqin yana kissalarini kavladi. Kichkina pakkidan boshqa hech vaqo yo‘q. Qanchaga olisharkan? Bari bir emasmi? Qo‘liga pul tushsa bo‘ldi. Yo‘lga yetgulik qiladiyu, uyiga jo‘naydi. Bir so‘mu yigirma tiyinga olisharmikan? Yuz gramm aroqning puliga? Yo‘q, u aslo ichmaydi. Shunchaki, ko‘ngliga kelib qoldi-da.
To‘lqin yana xaridor kutdi. Beparvo kelayotgan bir o‘spirin ma’qul tushdi. Bunaqalar pichoqni yaxshi ko‘rishadi. O’zi ham shu o‘sprinday vaqtida doim pichoq ko‘tarib yurardi.
- Hey, bu yoqqa kel, - deya uni barmog‘i bilan imlab chaqirdi.
Yigitcha hayron bo‘ldi. Gandiraklab turgan mastning ko‘zlari qo‘rqinchli edi. Basharasi buncha xunuk bo‘lmasa.
- Kel deyapman senga! - Yarim do‘q, yarim yalinish aralash yana chaqirdi.
O’spirin o‘takasi yorilguday bo‘lib, orqasiga qaray-qaray, lekin sir boy bermay, sekin yoniga keldi.
- Menga qara, - dedi To‘lqin, har qanday takallufni yig‘ishirib (yosh bolaga ham takallufmi?), - bilasanmi, men kimman? Meni yetti yilga qamashgandi. Bugun chiqib kelyapman. Mana, - u kissasidagi pakkini chiqarib, qayirmasini ochdi. «Shuni ol, o‘tkir pichoq. Menga yo‘lga pul kera. Qancha bersang ber», demoqchi edi, ammo yigitcha shataloq otib qochib qoldi.
To‘lqin ajablanib turgandi, o‘spirin nariroqdagi bir militsionerning oldiga borib, To‘lqinni ko‘rsatib, allanimalar deyayotganini payqab qoldi. Keyin ikkovlashib, u tomonga kela boshlashdi. To‘lqinning kayfi tarqadi. Hozir qo‘lga tushsa, yana olib borib qamashadi. Arz-dodini tinglashmaydi. Axmoq bola ekanmi bu? Melisaga boradimi? Endi mastligi, manavining arzi, pichoq - dalil. Vassalom. Yo‘q, uni o‘g‘li kutyapti. Yetti yil yotgani yetadi.
Qochish kerak…
Poezd yo‘lga chiqayotgandi. Yuk poezdi. Bari bir emasmi? To‘lqin o‘shanga qarab yugurdi. Oyoqlari qaltirayapti. Yarim yo‘lda yiqilib qolmasa bo‘lgani…
Abulqosim Mamarasulov. Yo’lovchi (hikoya)
Bu dunyoda men bir yo‘lovchi…