OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Adham Damin. Men sizga aytsam (hajviya)

Ochig‘i eslamay deyman-u, lekin turib-turib alam qilarkan-da, kishiga. Siz uning mushugini “pisht” demasangiz-u, u siz haqingizda ko‘pchilik o‘rtasida bo‘lmag‘ur gaplarni qilsa, Shodivoyning bugungi majlisdagi gaplarini aytaman-da. “Yoshsiz uka, mundoq ko‘krakni ko‘tarib yuring! Odamlar bilan muomalada o‘z qadringizni yerga urmang! Laganbardorlik – ilonning yog‘ini yalagan, muttaham, lo‘ttiboz odamlar ishi”, deydi-ya, uyalmay-netmay. Gapini qarang: chayondek chaqadi. Do‘st bo‘lsang, sekin qulog‘imga ayt! Til suyaksiz deb og‘zingga siqqanini sannayverasanmi? O‘sha gap deganning ham nuqta, verguli bo‘ladi. Odamzodda esa yuz-xotir. Laganbardor emishman... patxalim emishman... Voy, birovni ko‘rolmaydigan-ey! Mana, bilim yurtiga ishga kelganimdan buyon o‘tgan yarim yillik umrimni, odamlar bilan qilgan muomalalarimni birin-sirin eslayapman, sira qing‘ir joyi yo‘q.
 ...Aslida o‘zim ko‘ngilchan, muloyim tabiat, xushfe’l, sertakalluf odamman. Bilim yurtida hammani – direktordan tortib pol yuvuvchi xotinlargacha hurmatini joy-joyiga qo‘yaman. Xo‘sh, buning nimasi yomon? Qolaversa, oddiy o‘qituvchi bo‘lsam... toki biror kattaroq odam bo‘lguncha, endi...
 Direktor basavlat, sersoqol kishi. To‘g‘risi, bilim yurtida undan ilmsiz odam yo‘qdek tuyuladi menga. Lekin, uni ko‘rdim deguncha qo‘llarim o‘z-o‘zidan bukilib ko‘kragimga kelib qoladi, gavdam oldinga egilib, tilim muloyimlashadi, ko‘zlarimga, lablarimga kulgi qo‘nadi. Bu qo‘rqoqlikdan emas, qo‘rqoqlarni o‘zim yomon ko‘raman. Bu salobat bosish, sir bosishdan bo‘lsa kerak. Bo‘lmasa, direktorni zig‘ircha jinim suymaydi. Biroq hurmat qilaman. Ayniqsa, u bilan shaxmat o‘ynaganda. Tosh terildimi, yutqazish yo‘llarini o‘ylayman. Bu ham oson emas. Shaxmatni eng yomon o‘ynaydigan ham u kishi. Lekin bir mengina emas, hali birorta o‘qituvchi, “master” ham, tuppa-tuzuk o‘ynovchi qorovul chol ham uni yutmagan. Men ham o‘zimga yetgulik hushyorman – sharoitni tezda ilg‘ab oldim. Yodimda, yangi kelganimda bilmasdan yutib qo‘yib, rosa bir oy direktorning shafqatsiz ta’qibiga duchor bo‘lganman: o‘tirsam o‘poq deydi, tursam so‘poq. Bazo‘r qayta ishonch qozonib, kattalarni hurmatlashni o‘rganib oldim.
 Direktor o‘rinbosari bor – Ma’ruf aka. Meksikaliklarga o‘xshab savatday shlyapa kiyib g‘o‘dayib yuradi. Shlyapa yarashsa o‘lay agar! Tag‘in o‘zini bilag‘ondek tutadi. Kulib gapirsa ham menga shubhali ko‘rinadi. Uni ham hurmat qilaman. Axir direktor yo‘g‘ida (ba’zan turli xil shaxsiy ishlar bilan yo‘qolib ketish odatimiz bor) u kishidan so‘raymiz-da uzrimizni...
Ilmiy bo‘lim mudiri bor – pakanagina, yuzlari archilgan piyozdek silliq. Qarashlari-yu, gapirishlarigacha sovuq – qishning o‘zi. Laqabi “antarktida”. Umrida kulmagan ekan. Unga ko‘zim tushsa, tanamni titroq bosadi. O‘zi ham mushukniki singari qo‘rqinchli, zangori ko‘zlarini lo‘q qilib, to‘tiqushga o‘xshab so‘raydigan gapi bir xil: “Konspekt bormi? Ishga nega kechikdingiz? Ish kuni oxirigacha shu yerda bo‘ling! Bugun majlis bor”. Uni ham hurmat qilaman. Axir doim konspekt bo‘lavermaydi, uyquni yaxshi ko‘raman, majlisbozlikka toqatim yo‘q, darsdan so‘ng bir joyda turolmasam...
 Bitta o‘zim tengi bola bor – aktivist! Mirquruq. Birinchi sort ezma! Aytishlaricha, bir institutda bizning soha bo‘yicha olim akasi bormish. Ishimni o‘zgartirish niyatim ham yo‘q emas. O‘qituvchilik ham podachidek bir gap ekan, jonga tegyapti. Podachiga maza, mol-qo‘y gapirmaydi. Bu yerda-chi?! Bay-bay, tokaygacha kap-katta odam mushtdek bolachalarning bema’ni savollariga javob berib yuraman?
 Yusufjon degani bor, og‘zi naqd bir qarich. O‘lgudek boqibeg‘am. Gapirgani futbol. Ammo o‘ta tashkilotchi, har kuni “tushdan keyin oshdan gapir, oshdan”, deb barchani kuldirgancha pul yig‘ib yuradi. Qurg‘ur, og‘zi katta bo‘lgani uchunmi, askiyaboz. Do‘st bor, dushman bor demaydi: duch kelgan joyda olaveradi. O‘rin-noo‘rin olib qolmasin deyman-u, undan ham hurmatimni darig‘ tutmayman.
 Bir-ikkitasini hisobga olmaganda qolgani davlatning oltin, kumush, suyaklaridan ola-bula qilib turnaqator tishlar qo‘ydirgan, ko‘zlari chaqchaygan, hiringlab gapiradigan keksa bir muallim bor. Hech kim mensimaydi uni. Lekin men anchadan buyon uni ham hech ikkilanmay hurmat qilyapman. Eshitishimcha, tagi-zoti pishiq odamlardan ekan. Keyin chiroylikkina bo‘yi yetgan qizi bormish. Hali bo‘ydoqmiz, boshimizda Xudoning qarzi...
 Oshpazimiz bor, hamma uni “shef” deb chaqiradi. Dunyoning xushchaqchaqligi unda. So‘raganingni bolalarning haqi demay bir pasda hoziru nozir qiladi. Tili shakardan shirin. “Domlajon nima kerak? Go‘shtmi, yog‘mi? Hech bo‘lmasa tuxum ola keting, qaqillab-shaqillab yurasiz...” Sertakalluflikni qarang, mendan ham o‘tadi-ya! Shunday odamni hurmat qilmay bo‘ladimi?..
 Xullas, qissadan hissa deganlaridek, hozircha kichkina odam bo‘lsak-da, barchaning og‘zidamiz (Ko‘z tegmasin!). O‘tgan kuni bir o‘tirishda direktor ham, ilmiy bo‘lim mudiri ham kayf ustida meni toza maqtadi. “Yosh, o‘sadigan, chaqqon, ziyrak kadr” deb. Hatto ilmiy bo‘lim mudiri teskari qarab turganda direktor qulog‘imga pichirlab: “stajingiz yetganda-ku zavuchlikni olib berardim” deydi. Shu ketishimiz bo‘lsa, kelajakda orzumiz ushalib, oz-moz ko‘tarilib qolsak ajab emas.
 Endi o‘zingizdan qolar gap yo‘q – Shodivoy bekorlarni beshtasini aytibdi. Xarakterimda ham, muomalamda ham bir gramm ortiqcha joyi yo‘q: hammasi sharoitga mos. Axir o‘saman degan odam... To‘g‘rimi?..
 Haytovur dardim anchayin yengillashdi. Shuni aytsa kerak-da, “gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga”, deb.
Ha, aytmoqchi, yoddan ko‘tarilishiga oz qolibdi. So‘zlarimni bo‘lmay eshitganingiz uchun sizga ham hurmatim oshib ketyapti...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.