OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Gul ko'tarib ketayotgan erkak (novella)

Guldasta ko‘targan erkak shaharning gavjum ko‘chasidan o‘tib boryapti.
Kattakon va ko‘rkam, gul bozoridagi eng chiroyli, shu chiroyiga yarasha eng qimmat guldasta. Balki qimmat sotish uchun maxsus parvarishlangan gullardan terilgandir.
Agar guldasta kichikroq, ko‘rksizroq, arzonroq bo‘lganda, ko‘zga uncha tashlanmas, biz ham u haqda yozmas edik, chunki ayni gul faslida gul ko‘tarib yurish juda ham diqqatni tortadigan, alohida tavsifga arziydigan hodisa emas; gul ko‘paygandan keyin gul ko‘targan ham ko‘payadi, bunga ko‘z ham o‘rganadi, gul fasli.
Lekin bu kattakon va ko‘rkam guldasta birinchi qarashdayoq uni sotib olgan odamning saxiyligini ko‘rsatar edi. Guldastaga qaragan odam beixtiyor uni sotib olgan odamga ham qarab, “Qara, dunyoda shunaqa guldastalarni qimmat demay sotib oladigan saxiylar ham bor-da, a, menda shunaqa imkoniyat yo‘q-da, a,” degan xayolga borar edi.
Guldasta yana nimasi bilandir o‘zini sotib olgan odamga diqqatni tortardi, negadir guldasta erkakka emas, balki erkak guldastaga yarashmayotgandek ko‘rinar edi. Ha, shunaqa, tikilib, razm solib qarasangiz, guldasta erkakni yoshidan ulug‘roq ko‘rsatardi, boshqa paytlari, masalan, kattakon kitob ko‘tarib ketayotgan bo‘lsangiz, bu kitob sizning yoshingizni ulug‘ ko‘rsatsa, nur ustiga a’lo nur, lekin hozir shundoq gavjum serharakat ko‘chada erkak kuppa-kunduz kuni guldasta ko‘tarib emas, balki chiroyli, chiroyi endi ochilgan bi, bokira suluv qizning belidan tutamlab ketayotganga o‘xshar edi. “Ey, og‘ayni, katta ko‘chada, oshim halol deb, bu nima yurish!?”, deging keladi-yu, guldastaga qarab… Guldasta ham anoyi emas, hashamatli, qandaydir barq urgan, yashnab turgan chiroyli, o‘zini ko‘tarib ketayotgan erkakni kamsitib borardi: go‘yo shunaqa guldasta ko‘tarib yurish uchun odamning nimasidir hammanikidan ortiqcha, nimasidir hammanikidan kam bo‘lishi kerakdek…
Xullas, guldastani uni ko‘tarib ketayotgan odamga qiyoslasangiz, xayolingizga ming xil bir-biriga qarama-qarshi fikrlar, o‘xshatishlar kelaveradi. Agar gul ko‘tarib ketayotgan odamning o‘rnida o‘zingizni tasavvur qilsangiz, yo‘q, men katta shaharning ko‘chasida bunaqa guldastani hech qachon ko‘tarib yurmayman, degan qat’iy fikrga borasiz.
O’zi erkak bu guldastani nega sotib olgan? Kimga olgan bo‘lsa?
Deylik, bugun do‘stining tug‘ilgan kuni. Guldastani shunga olgan. Ammo do‘stga bunaqa kattakon va ko‘rkam guldasta olish shart emas, do‘stga kichikrog‘i, umuman nomiga olinsa ham bas, deb o‘ylay boshlaymiz. Do‘stning tug‘ilgan kuniga guldastasiz, gulsiz va hatto quruq ham borish mumkin, bunday kunda do‘stning ko‘nglini ko‘taradigan yaxshi-yaxshi gaplardan gapirib o‘tirishning o‘zi katta sovg‘a. Do‘st odam tug‘ilgan kunida mehmonlarning qo‘liga qaramaydi, balki, ishqilib, do‘stlarimning hammasi, jilla qursa, eng yaqinlari, hech bo‘lmasa, birortasi kelsa, yolg‘iz qolmasam edi, deb yo‘lga qaraydi.
Yo‘q, erkak guldastani do‘stiga atab olmagan, do‘stiga ataganda guldastani bunaqa avaylamas edi, do‘stga olingan guldastani kishi odatiy, kundalik bir zaruratdek, bir oddiy buyumdek, masalan, shamsiyadek bamaylixotir ko‘tarib yuradi.
Deylik, guldastani erkak onasiga atab olgan. Deylik, bugun onasining hayotida quvonchli bir kun. Ammo erkak bunday qimmat guldasta bilan onasini quvontirarmikan? Bilmadik-da. Onalar, shu jumladan mazkur erkakning onasi ham bozorni, narx-navoni, farzandlarining cho‘ntagini yaxshi biladi, tug‘ilgan kuni tugul, undan kattaroq hodisa bo‘lsa ham, masalan, boya kitobni gapirganimiz uchun aytyapman - o‘g‘li akademiklikka saylansa ham, bunaqa qimmat sovg‘adan - isrofdan ko‘ngillari og‘riydi. Erkak shu guldastani “Ona, mana, shu guldastani falon munosabat bilan sizga olib keldim”, deb taqdim qilsa, ona: “Buning o‘rniga o‘zingga bir narsa olsang bo‘lmaydimi, shuncha yoshga kirding, qachon bolaliging qoladi”, deb koyishi turgan gap. Agar erkak biron-bir sabab bilan onasini yo‘qlamoqchi bo‘lsa, albatta biz sovg‘aga muhtojligi yo‘q, topgani o‘ziga ham, bolalariga ham yetib, yana ortib qoladigan onalarni nazarda tutmayapmiz, sovg‘adan ko‘ngli ko‘tariladigan volidasiga bir juft kalish yo mahsimi, ikkalasini hammi, odmigina kiyimlikmi, arzonbaho ro‘molmi olar, onasi buni ko‘rib chin dildan ko‘ziga yosh olar, o‘g‘lini qiynab qo‘ymaganidan quvonar edi.
Aslini olganda-ku, onalarga eng yaxshi sovg‘a - ularni hech bir sababsiz, hech qanday maqsadsiz, kasal bo‘lishi yo quvonchli kunini kutib o‘tirmay, yo ularning tashvishi yo o‘zingizning tashvishingizni o‘ylamay, shunchaki, to‘ppa-to‘g‘ri yo‘qlab borish. Siz uyni ukangizga qoldirib, yangi hovli solib chiqib ketgan bo‘lsangiz, agar manovi gul ko‘tarib ketayotgan erkakning yoshida bo‘lsangiz, unda xotiningiz, uch-to‘rt bolangiz bilan turasiz, ukangizning eshigini lang ochib: “Ona! (“Oyi!”, “Biyi!”, “Aya!”, “Ena!”, “Opa!”, “Buvi!”, "Anna!, "Acha!" - farqi yo‘q!) Ho‘, uydamisiz? Sizni bir ko‘rgim keldi-da! Yo‘q, xavotir olmang, tinchlik, aytyapman-ku, bir ko‘rgim keldi!”, desangiz, bas, onangizga bundan katta martaba yo‘q. Agar bunga qo‘shimcha qilib yana: "Nevaralaringiz, keliningiz ham sizni juda sog‘inibdi-da, bir ko‘…ib kelmaysizmi deb boshni qotirvorishdi!”, desangiz, onangiz quvonganidan
Yo‘q, erkak guldastani onasiga olmagan, bu aniq.
Deylik, erkak guldastani otasiga atagan. Lekin… otalarga bolalar hech vaqt gul sovg‘a qilarmikan? Siz otangizga gul berganmisiz? Bilmadigu, lekin otaga gul berish erish tuyuladiganga o‘xshaydi. Chunki, har qalay, haligi, ishqilib, gul onangiz bilan otangiz o‘rtasidagi, aytganimizdek, sizning dunyoga kelishingizga taalluqli munosabatlarga daxli bor. Yana ham kim biladi, otasiga hazillashadiganlar ham topilsa kerak. Bilmadik, bilolmadik, bizning otalarimiz rayhon hidlaganiga dumog‘i chog‘ bo‘lib yuradigan odamlar edi, gulni bog‘i bilan o‘rib kelardi. Har qalay, ota degani guldan juda baland turadimi, ishqilib, biz birorta yoshi ulug‘ erkakning otasiga atoqlab gul taqdim qilganini bilmaymiz. Ayollarning yo‘li boshqa, keyin... oxirgi paytlari yangi odatlar ham kelib chiqyapti, yana ham bilmadik.
Erkak guldastani xotiniga olganmikan? Yo‘q, unday emas - xotiniga atab gul ko‘tarib ketayotgan erkak yashnab, yosharib ketadi. Agar u guldastani xotiniga deb olganda odamlar unga ajabsinib emas, havas bilan qarar edi. Bunday kattakon va ko‘rkam guldastani xotiniga sovg‘a qiladigan kishi hali havasi o‘lmagan, baxtiyor bo‘lur edi va keyin, guldastani o‘zi olmas, bo‘y yetayozgan o‘g‘li yo qiziga oldirtirar, o‘g‘li yo qizining qo‘liga bir dasta pul berib: “Ma, bozordagi eng chiroyli, eng katta guldastani ol, hammamizning nomimizdan onangga sovg‘a qilamiz. Bunaqa ishlarni o‘rganib qo‘ygin”, deb vallomatlik qilgan bo‘lur edi.
Bu erkakning guldastasidan ko‘rinib turibdiki, hali u bunaqa baxtiyor emas, shu xaridi bilan baxtini topmoqchi. Shu guldasta uning baxtini yo bu yoqli, yo u yoqli qiladigandek... Yo‘q, biz bilag‘onlik qilayotganimiz yo‘q, erkakning guldastani tutishi shunaqa. Keyin, erkak guldastani kimga olib ketayotganini bildirmoqchi emas, lekin guldasta uni fosh qilib gullab ketyapti.
Kim bo‘lsa u? Erkakning sevganimi? Bilolmadik-da, bu yerda hali ko‘p gap borga o‘xshaydi. Har qalay, erkak allaqachon o‘n sakkiz yoshda emas, sevganining ham bu yoshdan o‘tib ketgani aniq. Chunki guldasta juda katta, qimmat, hammaning diqqatini tortadi. Erkak-ku uni sevar, ammo uning erkakni sevish-sevmasligi noma’lum. Aks holda, erkak guldastani mag‘rur ko‘tarib ketayotgan bo‘lardi. Hozir guldastaning o‘zi mag‘rur, qiyg‘och, yoniq, erkak esa guldastani o‘zi emas, boshqa erkak ko‘tarib ketayotgandek xijolatda ham edi.
Balki guldasta erkakning mahbubasini quvontirar. Balki o‘sha mahbuba, agar u chindan ham bor bo‘lsa, erkakning atoqlab guldasta olib kelishini oldindan bilib, intizor kutayotgandir, yoki... hafsalasi pir o‘tirgandir. Har qalay, muhabbat uchun guldan boshqa narsalar ham kerak-ku.
Erkak shundoq katta, ko‘rkam, qimmat guldasta olganidan o‘zini noqulay his qilar, ko‘chadagi odamlardan uyalar, guldastani yashirishga iloj topolmay, isitmasi chiqib borar edi, ammo guldasta nimasi bilandir unga shafqatsiz edi. Balki ko‘zimizga shunday ko‘rinar, ehtimol, uning xayoli qo‘lidagi guldastada emas, boshqa narsalardadir.
Xullas, shaharning katta ko‘chasi, tumonatning ichida bir erkak kattakon va chiroyli guldasta ko‘tarib ketyapti ekan.
Unga qaragan odam, hey og‘ayni, ko‘tar boshingni, hech birimizda senikidaqa kattakon va ko‘rkam guldasta yo‘q, yashavor deb xitob qilgisi keladi-yu, lekin xitob qilishidan oldin, avval bilay-chi, nega bu erkak shaharning eng gavjum joyida shundoq kattakon va ko‘rkam guldasta ko‘tarib yuribdi, boshiga qanaqa yaxshi kun tushgan ekan yo esi sal anaqaroqmikan, bo‘lmasa, nega buncha guldastasini ko‘z-ko‘z qiladi, degan xayollarga boradi.
Guldasta ko‘tarib ketayotgan erkakka qaragan odam o‘zining shunday guldasta ko‘tarib ketmayotganini o‘ylab qoladi, o‘zida shunday kattakon va ko‘rkam guldasta yo‘qligi uchun har xil taxminlarga boradi, erkakni jinday yanib ham qo‘yadi.
Rost-da, nega ko‘chada namoyishga guldasta ko‘tarib yuradi, boshqalar guldasta olib, ko‘chada yurolmaydimi? Nima, shahar shu guldasta ko‘targan erkakning mahriga tushganmi? Kuppa-kunduz kuni, odamlarning xayoliga har xil narsalar kelishini o‘ylamay, shunday kattakon va ko‘rkam, chiroyli va yashnoq guldasta ko‘tarib ketayotgan erkakni ko‘rganda odamning xayoliga hamma narsa kelar ekan.
Qarang, bir erkak tumonatning ichida o‘zining kattakon va chiroyli guldastasini ko‘tarib ketyapti! Odamning tinchi buzilmaydimi?..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.