Yaxshigina izg‘irin, yurganda baharnav, betni yalaydi, faqat quloqni jiz-jiz o‘radi, lekin bir joyda turganda etakdan kirib, badanni dildiratadi, yoqadan xuddi oqayotgandek quyiladi - bo‘ynimni qisib olganman, anchadan beri turganimdan yelkam qo‘nishibqotib, xuddi bir umr shunday bo‘ynimni qisib yashab kelayotgandekman, xayolimga ming xil umidsiz o‘ylar keladi, ming to‘qqiz yuz sakson ikkinchi yilning noyabri, bo‘lmasa, universitetni nuqul “a’lo"ga bitirganman, o‘n yildan beri Toshkentdaman, lekin bor pulim cho‘ntagimda, borgunimcha yo‘lkiraga yetadi xolos, mendan olti yosh kichkina Eshnazar boya o‘zining “Jiguli"sida Jonboydan qaytdi, men yo‘ldan o‘tgan mashinaga sarg‘ayaman, bu yog‘i buyuq, qahraton qish, ko‘klam sira kelmaydigan, kunlar endi ilimaydi.
Dalalarda yakkam-dukkam birchigit qolgan, sovxoz oktyabr oyi o‘rtalarida planni do‘ndirib bajargan-u, elu yurt hali hamon shu bajariqni to‘ldirolmay jon-halak, bo‘l-ha-bo‘l hiqildoqqa kelgan.
Oftob - beta’sir shiorga o‘xshaydi - charaqlaydi, tafti yo‘q, chor-atrofga eski uvada sochilgandek - kir qor.
Mashina har zamonda o‘tib qoladi, bari to‘la, biron taziyali joyga borayotganini aytmasa, beruxsat yurish yo‘q, yo‘lda hujjatini olib qo‘yadilar; boya avtobus vang‘illab yonboshlagancha to‘xtamay o‘tib ketdi, umid shundan edi, buni ham egam ko‘p ko‘rdi.
- Qo‘ling tolgandir, menga ber, - deb qalin kiyimda pish-pish uxlayotgan o‘g‘limni ayasining qo‘lidan oldim.
Obro‘ni qo‘ldan bermay, xotinni gapga alahsitaman:
- Manavi yo‘l Istalin, Po‘shkinDo‘lbosti, Leninobod, Kalelin, degan qishloqlarimizdan, bunisi Yettiurug‘, Kakanavich, Botbot, Navro‘ztepadan keladi, bu yoqda Mo‘ltip, Qo‘ybeship, Varashilop degan qishloqlarimiz bor.
- Mo‘ltip - pgo‘ng‘ib deganimi yo Molotovmi - deb qiziqsinadi xotinim.
- Mo‘ltip - Molotov, Kakanavich - Kaganovich, Varashilop -Voroshilov… mayda kolxoz zamonidan shu otlar kelyapti, o‘zlari urilib, kimligi odamlarning esida ham yo‘q, lekin oti el og‘zida qolgan. Qo‘ybeship - Kuybishev… Qiziq-da, mana “Sanoat”, “Davlatli turmush” degan qishloqlarning oti ham shunaqa. Bittasining oti “Yemxashak”. Ey, zo‘r-ey, molbozorda “Mo‘ltipning moli”, “Qo‘ybeshipning moli” deb turishadi.
Masalan, Kakanovichning moli Maskvaga to‘g‘ri kelmaydi, chunki Maskvaning havosi past Kakanovichning moli yerda chidamaydi, issiqlab qoladi. Zo‘r-ey, yo‘lda, o‘zing ko‘rding, Svinsovxoz degan joy bor, “Qaydan bo‘lasiz” desang "Svinsapxozdan”, deyishadi, “Yo‘q, asli tug‘ilgan joyingizni ayting”, desang “Tug‘ilgan joyimiz ham shu Svinsapxozda, u yog‘ini bilmasak”, deyishadi. Qara-e, boshqa yoqqa bursang, nima ma’no chiqadi.
Izg‘irinda gapi–aversa odamning jag‘i ham og‘rib qolar ekan, akam g‘ir etib “Perekro‘ska"ga Toshkent yo‘liga tashlab kelardi, shu vaqtiga kelib moshini buzilib berganini qara, yosh bola bilan hammaga tomosha bo‘lib turibman, deb ichimga siqilaman. Bu orada o‘tgan-ketganlar bilan salomlashib ham turaman: Birovi uzoqdan bosh irg‘aydi, biroga ikki qadam boraman, yonimga kelgani qo‘limni hovuchlaydi boshqasi qo‘l olishadi-yu, pichirlab qo‘yadi yo bo‘lmasam, xuddi ta’na qilayotgandek “Ha-a” deydi, boshqa so‘z qotmaydi, aybing bordek dovdiraysan. Otda, eshakda o‘tayotganlar jilov yo no‘xtani nomiga bir tortib, iyak qoqadi - yo salomi, yo aligi; mashinada ketayotganla– xuddi tanimagandek xo‘mrayib keladi-yu, birdan burnini silkitadi bu ham hisob.
Katta yo‘lning chorrahasi, chorrahasida gap ko‘p, qishloqqa juda kam kelaman, to‘y-marakaga aralashish yo‘q, tobutkash bo‘lolmayman, kelganimda fotihalik joylarning hammasini bir qilib kirib chiqaman, hamqishloqlarim bilan ko‘rishib so‘rashadigan joy - shu chorraha, shu yerda turishimga qarab, qandayligimga xulosa chiqarishadi, boya Abdujalil dod-muomala qilgandan keyin bir xotinimga bir shlyapamga qarab qo‘ydi-da: “Sen ham endi qishloqdan uzildingda”, deb ketdi.
- Shuncha qishloqning bariga bizning ~azira - markaz. Bozori bor-da. Bozor bor qishloq tevaragidagi hamma qishloqni birlashtiradi, ularga o‘ktamlik qiladi, odamlari ham uddaburon bo‘ladi. ~aziraning o‘zidan uchta professor, o‘ttiz nechta kandidat chiqqan. Ilmga bunday berilgan qishloqni eshitmaganman. Bitta Otaboy degan joy bor. Lekin u Turkistonda.
- Shunday qishlog‘ingizga alohida avtobus qo‘yishsa bo‘lmasmikan? -deydi xotinim ma’yuslanib.
- Ha, kep qolar, - deyman, - chakkifurush ko‘payib ketadi deyishadi-da. Shusiz ham Samarqand bozorida “chakki qaerniki?” desang, hammasi “~aziraniki!”, deydi. Sen bu gaplarni qo‘y, qara, melisa kelyapti. Qanday par tushgan qishloqqa! Bekorga alohida melisa qo‘yishmagan!
Rostdan, Stalin tomondan melisa kelayotgan edi, bizga yaqinlashib qolgan.
Xotinim tirsagimga turtdi:
- Qarang… bir chol kishi so‘rashayapti.
Bu yoqqa qarasam - Saidbovo, ~aziradan chiqib, ~arovtepasiga qayrilish joyda to‘xtab, biz tomonga jilmayib, tez-tez bosh irg‘Ayapti. Tovushini eshitmasam ham, kallasini qimirlatishidan nima deyayotganini bilaman: “E-e, eshonbovo, yaxshimisiz? Qaytyapsizmi?… Bir kelgan ekansiz-da. Toshkanlar yaxshimi? E-e, kelin shumi?… Shunday-shunday kep turing-da…” Shunga yarasha javob qilaman: “O’zingiz yaxshimisiz? Bizning sinfdosh O’rin qanday? Nevaralar… Ha, shu, qaytyapmiz endi…” Albatta, u ham eshitmaydi -oramiz ancha, baqirib so‘rashmaymiz-ku ko‘chada.
- Borib salomlashmaysizmi, yoshlari ulug‘ ekan, - dedi xotinim.
- Biz-da shunaqa, hammasi bosh bilan, qimirlasa - bas, - dedim.
Rostdan ham shunaqa, ko‘rmay qolmasang bo‘ldi, ishqilib.
Lekin Saidbovo so‘rashib bo‘lgandan keyin yo‘lni biz tomonga soldi. Do‘konga kirmoqchi shekilli. Bari bir yonimdan o‘tadi, ikki qadam peshvoz chiqmasam bo‘lmas, chollar bilan qo‘shqo‘llab so‘rashish kerak.
- Ma, bolangni ushlab tur, - dedim xotinga.
Shunday bo‘ladi: avval yurishni o‘ylaysiz, o‘zingizning qay bir soniyasida gavdangiz oldinga intilib, hali oyog‘ingiz qimirlamagan ham bo‘ladi; mana shunday - gavdam xarakatga kelib, bu qo‘zg‘alish oyoqlarimga o‘tay deganda naq qulog‘im tagidan, “Qayoqqa?!” degan amirona tovush yangrab, yana qotib qoldim.
Qarasam, boya Stalin tomondan kelayotgan milisa yigit qavatimda turibdi. Menga emas, Saidbovoga qarab baqiryapti:
- O’v boboy, to‘xtang! Qani, men kimga aytyapman?!
Saidbovo joyida taqqa to‘xtadi.
Yana shunday bo‘ladi, ko‘z o‘ngingizda nogahon, kutilmaganda, bir be’manilik kechadi, kallangiz to‘g‘ri ishlab turadi-yu, lekin bu hodisa haqida undan ham be’maniroq o‘yga borasiz. Men ham tuyqusdan shunday xayolga boribman: boboyi tushmagur ~aziradan biron narsani o‘marib kelyapti, deb o‘ylabman. Xuddi hozir melisa yigit yugurib boradi-yu, shartta quv boboyning malla chakmoni yoqasidan ushlaydi. “Ablah! Qo‘lga tushding-ku!” bir-ikki siltab, qo‘lini qayirib, odiga solib ketadi. Dabdurustdan shunday tuyuldi menga!
Lekin melisa yigit mening yonimdan qo‘zg‘almay, yana baqirdi:
- Boya nima dedim sizga, a? Boya?!
Uning baqirig‘idan o‘g‘ilcham uyg‘onib ketdi, qarang-ey, bir yoshdan sal oshgan go‘dak, yig‘lamadi, melisaga “Jinnimi bo‘?” degandek bir qaradi-da ayasining bo‘ynidan mahkam quchoqlab oldi.
- O’zbek tilida aytdim, yaxshilikcha keting, chuvalashib yurmang, dedim. Quloq bormi, quloq?! Yo jun bosganmi? Keting, demadimmi?
Saidbovo xuddi ko‘rinmas moshin-g‘altak ip bilan joyiga chandib qo‘yilgandek, yurishga ham, turishga ham o‘xshamaydigan bir harakat qildi-da, melisaga jovdirab qaradi.
-alati odam-ey! Boya ~azirada, keting, dedim-a! - Melisa qo‘lini paxsa qildi. - Yo demadimmi?!
Saidbovo nihoyat tilga kirdi:
- Dedingiz, ulim, dedingiz…
Cholning tilga kirgani battar melisaning hamiyatini qo‘zg‘adi:
- Degan bo‘lsam, qani ketganingiz?
Keting deganimga qachon bo‘ldi? Men Istalinga borib kelyapman. A, qani ketganingiz? Haliyam ko‘zga tikan bo‘lib yuribsiz-ku!
Saidbovoning beti pir-pir uchdi, menga najot so‘ragandek qarab qo‘ydi. Men esa melisaning dag‘dag‘asidan shoshib, aralashishga ham, aralashmaslikka ham hayron, kalovlanib turibman, bularnikini juft demasang bo‘lmasa… Saidbovo bo‘ynini qisib, xoksor g‘uldiradi:
- Tursunxonning magaziniga pechka keptimikan, deb kiruvdim, uyam yo‘q ekan. Endi opkesang, bitta opqo‘y, dedim. Eskisi nihoyati tutayapti. Aytganingizdan keyin o‘zim ketayotgan edim. Endi bu yoqda…
Melisaning battar jahli chiqdi:
- O’v boboy! Jonga tegdingiz lekin! Boya nevaramga jilob olaman dedingiz! Endi bu gap chiqdimi?! Qarib, miyangizni yeb qo‘yganmisiz?
- Endi, o‘g‘lim, to‘g‘ri, qarichilik, miya qolmagan… Qaytayotgan edim, shu…
- Turibsiz-ku shu yerda?! Qani ketganingiz?! E-e, yana nimaga bu yoqqa yuryapsiz? Boyadan beri qarab kelyapman, bu boboy ketadimi, yo‘qmi, deb… -Melisa yigitning tovushi yana balandladi, keyingi gapi endi atrofga ham tegishli edi. - Nima qilay sizni, a, oborib tiqib qo‘yaymi yo?
Bir xil odamlar o‘xshab bu ham baqirsa ko‘zi oldidagini ko‘rmay qoladi shekilli, Saidbovoning pusibgina ancha beri kelib qolganini sezmadi, payqagandan keyin jon-poni chiqib ketdi:
- Iya, yana kelyaptimi bu boboy!? O’v, kimga aytayapman?! Soqolim bor deb… He, o‘sha pechkangizniyam!.. O’v, to‘xtang, deyapman! Quloq bormi? Obketaman lekin, panjaradan termiltirib qo‘yaman!
Saidbovo yana to‘xtadi, yana javdiradi, men ham g‘alati bo‘lib ketdim: nima qiladi nevarasi tengi bola bilan manjashib, ket degandan keyin ketavermaydimi, hozir bularning quturgan payti bo‘lsa...
- Ulim, yana bitta kechiring… Iltimos, shunday bir…
- Iltimos-piltimos yo‘q! Jo‘nang!
- Bir minitga… shunday bir…
- Achchig‘imni chiqarmang lekin…
- Ulim, siz ham bir musulmon…
- Yo‘q, kopirman! Shuncha aytdim, soqoli bor, dedim, endi - bas!
- Ulim, bu dunyoda!..
- Chaynalmang! Bu dunyongizni yig‘ishtiring! Nima deyapman sizga?!
- Ketaman, ulim, ketaman, oldin shu…
- Oldin-poldin yo‘q! Vsyo! Turgan joyingizdan krugom marsh!
Saidbovo nochor turib qoldi. Endi melisaning gaplari shunchaki do‘qqa o‘xshamay borayotgan edi. Men ham bir mujmal ahvoldaman, melisaning gaplari Saidbovodan ko‘ra, nimagaligini hali bilmayman-u, ishqilib, menga qaratilayotgandek edi, lekin boboyning ham qaysarlini tushunolmay turibman.
- Tamom, cho‘kirtak soqolingizga qaramayman! Obketaman! Bu yog‘i printsip!
- Hay, ulim, shu domilla bilan bitta ko‘rishay! Keyin marsh bo‘lsa -marsh-da! Tez ketaman.
- Ey, dunyoi qo‘tir! Mana gap qayoqda ekan!
- Mumkin emas! - Melisa qulochini yoyib, cholning yo‘lini to‘sdi. -To‘xtang! Aytganimni qiling, deyapman!
Men Saidbovoga intildim, u kishi melisaning qulochi tagidan chaqqon egilib o‘tib, qo‘limni oldi.
- He, bizniki shul-da, ulim, - dedi chol menga, “ko‘rayapsan-ku, bolam, qanaqa yashayapmiz degan ma’nodagi hasratda, keyin so‘rashdi. Yaxshimisiz bolalar yaxshimi?
Ko‘zim cholda, bor diqqatim melisada: ko‘karib, qaltqalt titraydi, urishganlarni ajratish boshqa, ko‘rishganlarni ayirish bir boshqa ekan, nima qilishini bilmaydi, faqat ko‘zining paxtasini chiqaradi: “Bo‘ldi bo‘ldi, bas. Bobo, sizga aytayapman. Bo‘ldi, deyapman”, - deydi nuqul.
Saidbovoning qo‘lini qisimlab uzoq so‘rashdim, cholning qo‘llari qadoq, siqib so‘rashganda toshdek bota–di. Men O’rinboyni, Suyunboy akani, biz bilan - ukasi ikkovi bir sinfda sakkazinchigacha o‘qib, keyin uy qilib ketgan qizining bolalari nechta bo‘lganigacha surishtirdim.
Saidbovo oxiri qo‘lini kuch bilan tortib olib, melisaga qaradi, sal yengil tortdi.
- Mana ulim, so‘rashdim, - dedi unga.
- Bo‘ldi , so‘rashgan bo‘lsangiz, endi keting, turmang bu yerda, - dedi melisa yigit sal shashtidan tushib.
Melisaning yumshagani solga ham ta’sir qildi, tushuntirishga kirishdi.
O’zi ketayotgan edim. Tushunaman, hozir qattiq. Shu aytganingizdan keyin Tursunxonning magaziniga kirdim. Bitta siniq shkopni qoqishyapti ekan. Shu keyin qaytayotib, bu domilla ulimni ko‘rib qoldim. Bu kishi Toshkanday joyda o‘qiydi, eshonbovomizning ullari. Otalari bilan yaxshi edik, u kishi, rahmatli, odam ayirmas edilar. Domilla ulimni ko‘rdim-u, u kishining o‘zlari ko‘zimga ko‘ringanday bo‘ldi. Bir k…ishib o‘tay, tavarrik odamning bolasi, dedim. E-e, bizlarga qarz-da, ulim Erta-indin o‘zimiz ham borsak, nega ko‘chada ulim bilan ko‘rishmadingiz, deb so‘rasalar, uyatga qolamanda… - Saidvobo o‘ksinib, ko‘zlariga yosh oldi-da, keyin birdan gapni boshqa yoqqa burdi. - Ke, melisaulim, seniyam bir qo‘lingni olib qo‘yay!..
Melisa bu gapni kutmagan edi, noqulay bo‘ldi, yuzini burib, cholga qo‘lini berdi. Chol uning qo‘lini mahkam ushlab, xuddi molbozorda bor-baraka qilayotgandek o‘ktam-o‘ktam siltadi:
- Yaxshimisan? Tan sovliqmi? Munday so‘rashda-e, ulim, biz ham tavarrik, yetmish beshga chiqdim. Musulmon bolasisan - so‘rash, yaxshimisiz, bovo, damlikkina yuribsizmi, de, shunday yuring, de. Yetmish beshga chiqdim man, ulim, sizning yoshingizga yetaylik, bundan ham o‘taylik, de Men ham seni duo qilay! Baraka top, ulim, deb aytay! Ko‘p ham shapkangga mast bo‘lave…ma. Paxta, paxta, deysan, mana, paxtaning ichida qaridik, kelgan joyimiz shu
Melisa yigit sal-pal qizarinib, cholning gaplaridan jinday hijolatga tushdi, lekin uning gapini kesdi:
- Bo‘ldi, ota, boshni qotirmang. Ko‘rishdingiz, ishingiz bitdi, endi keting.
Saidbovo unga xotirjam qaradi, lekin alami ichida ekan:
- Ketaman, ko‘rishish bizga qarz edi, uzdik. Ko‘ngilxotirjam. Endi oborib tiqib qo‘ysang ham, mayli, - dedi.
- Bovo, iltimos, qonimga tashna qilmang, - dedi melisa yigit endi zorlanib.
Saidbovoning lablari titrab ketdi, o‘ksik bir o‘jarlik bilan gapdan qolmadi:
- Qamaysan-a! Ko‘rishganga qamaydigan zako‘n yo‘q, qopqora qo‘l xalqlar bor-ku, o‘shalarning so‘dida ham yo‘q! Odamlarni muncha qon qaqshatma. Bu uchun hukumat senga shimildiriq ham bermaydi: Qaytangga yomon bo‘lganing qoladi. Mana, bola yoshimizdan shu paxtaning ichida, umrni shu paxta yedi.
Ko‘kragimga bitta temir ham taqqani yo‘q! Sen bo‘lsa, ~aziraning bozorini yopib, hammaga do‘q urasan…
Melisa yigit alam bilan bir narsa demoqchi edi, chol gap bermadi, melisa “bor-e!” degandek, ters burildi.
- Oborib tiqib qo‘yaman emish! Oborib tiqsang, nima, meni garmidi? Hukumatning tekin nonini yeb yotaveraman.
Melisa shaxt bilan cholga qaradi:
- Menga qarang, boboy, ketasizmi, yo‘qmi? Yetmish beshga chiqdim, endi menga hech kim teginolmaydi, deyapsizmi yo?
Saidbovo bu gapdan cho‘chigandek:
- Ketaman, ulim, ketaman… - deb g‘uldiradi, lekin ketish oldidan, yo alami bosilmagan, yo endi melisaning “oborib tiqib qo‘yishi"ga qo‘l siltadimi, uzib oldi: - Hammani onasi tug‘adi, seni, ulim, bilmadim…
Boboy gapini tugatmay, yo‘lini ~arovtepasiga buraverdi.
Melisa chichonglab ketdi:
- O’v, boboy, to‘xtang! To‘xtang, deyapman! Saidbovo o‘sha yoqdan turib:
- Kiptingga shapaloqday narsani yopishtirib… - dedi-yu, gapini tugatmay ketaverdi.
O’zi shusiz ham ichimda cholning gaplariga besh ketib turgan edim, kulib yuboribman.
Melisa yigit shart menga o‘girildi, men ataylab cholning orqasidan tikilaman, bunga qarasam - tamom. Ko‘zimning qirida kuzatyapman: alami olti, hozir menga yopishadi!
- Nega kulasiz? Ochib o‘tiribdimi? - dedi u.
- Shunga kulyapman, - dedim.
O’zi tilim yomon, lekin nariroqda xotinim turibdi, nima qilay? Melisa yigit uncha tushunmadi:
- Nima shunga? Maymun o‘ynatyaptimi sizga? - dedi.
- Anavi boboy o‘ynatdi shekilli, - dedim.
U yana tushunmadi, lekin mayna qilayotganim yetib bordi.
- Kuldirib qo‘yaman lekin! - dedi.
- Men o‘zim xohlasam kulaman, - dedim.
- Bu yerda men ruxsat bersam kulasiz, - dedi melisa.
- Saidbovo nariroqqa borib,to‘xtab qoldi. Men xotinimga qarab qo‘ydim. Boshqa joyda bo‘lsa, ochig‘i, shu siyqa bosh bilan aytishib o‘tirmasdim, endi kech, bir yog‘i - alam qilayotgan edi baobro‘ bir redaktsiyada ishlasam, o‘z qishlog‘imda, xotinim, yana shuncha odamning oldida bir yosh bola, yelkasida shapaloqday pogoni bor uchun menga ham do‘q ursa!
Ha, aytmabman, chorrahada bizdan ham boshqalar bor edi. Terim deb hammayoq taqa-taq bo‘lgani bilan, yo‘lning u yog‘idagi do‘kon ochiq. Katta-katta ko‘zli derazasida o‘ch-to‘rtta bosh qimirlab turibdi, beriroqda Shafoat xola hamishagidek pista sotayapti, uning tepasida Hoshim aka bilan ikkita o‘smir, biri Xolmat akaning, biri Ergash akaning bolasi, og‘izaridan pista cho‘poq xuddi kurak chuviydigan mashinadan chiqqandek otiladi, ko‘zlari boshqa yoqda-yu, lekin quloq ding - bu yerdan ketar-ketmasimizdan ~azirani unday depti, bunday bo‘pti degan mahovat bosishi tayin.
- Menga ruxsat tepadan keladi, jo‘ra, - dedim.
Melisa yigit bir odim chekinib, meni boshdan oyoq-kuzatib chiqdi, boshqa gap topolmadi shekilli:
- Nima qilay shunga? - dedi. - Ana, ostanopkaniyam tepadan aytib surdirishgan. Bu yerda odamlar turmasin, degan.
- Doim shu yerdan ketaman. Turaman!
- Nega turar ekansiz!
- Moshin poylab.
- Moshin poylashga, ana ostanopka, deyapman-ku!
-Doim shu yerda bo‘lgan.
Rostdan, bekat azaldan shu yerda edi, o‘ng‘ay, uch tomondan - ~azira, Stalindan keladigan, idoradan chiqqan mashinalar ham shu yerdan o‘tadi, lekin bular idora to‘g‘risida odam uymalashmasin deb, to‘rt yuz metrcha uzoqqa surgan.
- Boring, dedimmi - boring!
Bitta o‘zim bo‘lganimda “Ke, qo‘y, mendan o‘tgan bo‘lsa, kechir, Saidbovo uchun ham uzr, aytishadigan narsaning o‘zi yo‘q-ku oramizda”, deb aytardim, faqat yangi bekatga bormasdim, turgan gap. Lekin do‘kon derazasidagi kallalar qimirlamay qo‘ydi, pista chaqayotganlarning ham ko‘zi bizda, xotinim bechora bolasini mahkam bag‘riga bosgan, Saidbovo bechora sal nariroqda ketolmay qarab turibdi…
- Bormasam-chi? - dedim.
Bu odamning bosh-oyog‘iga qarab chiqishdan boshqa narsani bilmaydi shekilli, yana shunday qildi, keyin birdan:
- Sizda butkul vijdon yo‘q, - deb qoldi, xuddi o‘sha vijdon ko‘kragimda osilib turishi keragu bu izlab topolmagandek.
- Qaydan bildingiz? - dedim ajablangan bo‘lib.
- Ko‘rinishingiz aytib turibdi, - dedi u. - Vijdon bo‘lsa sizda, xalq ishga ko‘milib yotgan bir vaqtda shlyapani qo‘nqaytirib, galstukni osiltiri-ib yurarmidingiz? Tag‘in xotiningizni ergashtirib olganingizga o‘laymi! -Bunaqa ma’ruzaxonlikning havosini olgan ekan, menga gal bermay balandlab ketdi: - Vijdoni borlar hozir dalada, partiyamizning topshirig‘ini bajaryapti, davlatning ishini qilyapti. Sizda vijdon bo‘lsa, bunaqa shirdinglab yurarmidingiz? Xalq ertayu kech mehnatning tagida yotgan paytda oyoqni ho‘lga tegizmay bunaqa olifta yurish uchun vijdonni yutgan bo‘lishi kerak odam…
Melisaning valdirashidan miyamga og‘Riq kirib, chakkam tirishib ketdi, u meni ustimdan kulyapti deb o‘ylab, birdan boshqa alfozda baqirib berdi:
- Kuldirib qo‘yaman lekin! Bu yerdagilar yerda yotgan kartishka emas! Osmondan oyog‘Ingni osiltirib tushgan bo‘lsang ham… Menga desa Brejnevga bormaysanmi keyin! Bor, ana, Rashidovga! Bizga o‘zi shunday topshiriq bergan: senga o‘xshagan tekinxo‘r tuniyatlarni qama, deb!
Bu o‘rtada Saidbovo g‘ir etib yonimizga kelib oldi, bechora chol qo‘rqib ketgan, bir melisaga yolvorib qaraydi, bir menga mo‘ltiraydi deng.
- Yo‘g‘-e, menga bu kishi boshqacha aytgandilar, - dedim, boshqa gap topolmay.
- Yo‘g‘emi? Qani, dakimentti ol!
- Nima qilasan? - deim bir gapdan qolgim kelmay.
Saidbovo “Jo-on ulim, unday qilmang, qo‘ying!”, deb bir melisaga, "Eshonbovo, siz - katta, xo‘p, deng, sizdan lozim” deb menga yalindi, ish chiqmagandan keyin: “E-e, ulim, meni deb bo‘ldi, ullarim!”, deb javradi.
- Ol, deyapman! - U qaltqalt titrab qo‘lini orqaga yubordi. Xizmat burchini bajarayotgan odamman, men bilan hazillashma!
X,ali bu siyqabosh hammaning o‘rtasida to‘pponchasini o‘qtalmasa edi, deb, bir yog‘i cho‘chidim ham, haliroq bersam o‘lamanmi shuni, g‘alva chiqmasdi deb darrov guvohnomamni uzatdim.
U guvohnomani bir ochib qaradi-yu, yopib ustidan dutor chalayotgandek chitirlatib tirnoq urdi-da, menga bepisand tikildi:
- Ah-ha, san’atchi! - deb zahargina iljaydi. - O’zim ham aytdim: nega bunaqa shirdinglab yuribdi deb. Bu galstuk, shlyapalar… “KPZ"da bir san’atingizni ko‘rsatasiz endi…
Rosti gap, angrayib qoldim, baloni ham tushunmadim.
- Endii moshin ushlasak bo‘ldi, - dedi u va xuddi shunday qilsa, darrov mashina kelib qoladigandek, yo‘l o‘rtasiga chiqdi, bir zum Stalin tomonga tikildi, yana qaytib keldi, sal noqulay bo‘lib, o‘zicha “Xo‘-o‘sh”, deb qo‘ydi.
Saidbovo bechora hali ham “Ullarim, ullarim, unday qilmanglar-ey! Men benavat-ku!” deb turibdi. Shunda birdan miyamga urdi:
- Faqat farosatdan desam, savoddan ham urib ketgan shekilli? -dedim.
- Bitta hujjatni to‘g‘ri o‘qiyolmasang!
U menga bir olayib qaradi, dovdiraganini bildirmaslikka tirishdi.
- O’qi! - dedim. - San’atdan boshqa so‘zlar ham bor. “Gazeta redaktsiyasi”, “muxbir” deb yozib qo‘yibdi! Kim seni yelkangga katta serjant degan “lichka"ni yopishtirgan o‘zi?
- Pogonga til tekizmang, - dedi u endi sal past tushib. - Buning javobgarligi bor.
- Sen qo‘lingdagini o‘qigin, keyin gaplashamiz, - dedim.
U avval atrofga alanglab oldi-da, guvohnomani ochdi, go‘yo u yerda juda ko‘p narsa yozilgandek boshini ancha egib turdi, keyin mendan ko‘zini olib qochib, sekin xotinimga qaradi, do‘kon tomonga alangladi, chaynalib, og‘irligini u oyog‘idan bunisiga tashladi. Bir zum jim qoldik, u ikkilanayotgan edi. Saidbovo ilinj bilan unga “Uljonim! Ulim!…” dedi. Melisa boboyga qarab sekin: “Ota, siz ketavering! O’zimiz kelishib olamiz”, dedi, Saidbovo yelkasini qisib, ketolmay turaverdi.
Mening alamim bosilmagan edi:
- Kim to‘g‘ri kelsa, oborib tiqib qo‘yaverasanmi, og‘ayni? Balki men davlatning muhim topshirig‘i bilan yurgandirman, -dedim.
- Boshdan shuni aytmaysizmi? Oborib tiqib qo‘yganimda, bilasizmi, sixni u yerda nima qilishardi? - dedi melisa yigit yengil tortib.
- Yelkaning ustida bir narsani ko‘tarib yurgan odam tiqib qo‘yishdan oldin surishtiradi: kim, qaerda ishlaydi, deb…
- Ey-y, aka, kalla qoladimi, dakimentingizdan faqat “san’at"ini o‘qibman, savoding yo‘q deb yerga urmang, - deb xunob bo‘ldi u. - Endi… ishimiz shuda. Bajar, desa - bajaramiz. Topshiriq qattiq. Odamlar yurmasin ko‘chada, deyishgan. Mana, kurayapsiz-ku odamlarni, gap ta’sir qilmaydi! To‘dalashmanglar shu yerda, kattalar o‘tadi, ko‘zi tushsa, menga gap tegadi, deb tushuntirganni tushunishmaydi. Bilmayman, bularni onasi ko‘chada tuqqanmi! Bu yerdan haydasam - ~azirada! U yoqdan haydasam - bu yoqqa! Shunday vaqtda nima bor ko‘chada desam, magazinga, deyishadi. Magazinga bo‘lsa, keragingni ol-da, ket! Ana qarang, turishibdi, men aytmaguncha turaverishadi-ey! - U shunday deb do‘kon oldida tizilishganlarga qichqirdi: - O’-o‘, albatta men aytishim kerak-da, a sizlarga? Yo kansert bo‘lyaptimi? Qani! Shapaat opa, ko‘taring to‘rvangizni, men sizga bir soatga mayli deganman, boring!
- Do‘kon oldidagilar bamaylixotir ichkariga kirishdi, “Shapaat xola” pistaxaltasini og‘zini yopgan bo‘ldi, xolos, lekin tomosha to‘xtaganiga hafsalalari o‘lib, nariroqqa jildilar.
- Hozir, qarab turing, yana chiqishadi, gap o‘tmaydi bularga!
- Odamni oyog‘idan bog‘lab qo‘yib bo‘lmaydi, og‘ayni, - dedim - endi sekin balanga chiqib, bildirmay o‘chimni olishga o‘tdim. - Xudoyim uni erkin qilib yaratgan. Xohlasa yuradi, o‘tiradi, yonboshlaydi…
- Mayli, lekin shuni uyida qilsin, - deb u o‘zinikidan qolmadi. -Ko‘chada balo bormi! Men ularni uyiga kirib tekshirmayapman-ku, axir.
- Ko‘cha ham odamlarga qilingan, - dedim. - Molpodaga emaski, bitta cho‘pon qo‘yib qo‘yadigan.
- E-e, men kampaniyani aytyapman, - deb xunob bo‘ldi u. - Yigirma kun chidab berishsin - bo‘ldi! Cho‘pon… nimam cho‘pon? Qanaqa so‘kish eshitishimni bilasizmi? Bular, orqadan so‘kada, lekin u yoqda raykom bor! Mana, kechagi bozor, qor urib turibdi. Odamlar insofing bormi, kartishka-partishka olib olaylik, bir soatginaga och, deb chuvvos yopishishdi menga. Qor-ku, e-ertalab bo‘lsa, shu havoda kim ham dalaga chiqardi, debman. Mayli, yarim soat muhlat, bozorlaringni qilib olinglar, lekin xafachilik yo‘q, dedim.
Saidbovo:
- Shunday, shunday, bozorni ochib berdingiz lekin, - dedi qimtinib. -Vallamatlik qildingiz, mayli, bozor qilib olinglar, dedingiz.
Mashinadan darak yo‘q, melisa yigit qo‘llarini siltab-siltab kuyinib gapiradi, do‘kondagilar qaytib chiqqan, “Shapaat xola” joyida, o‘smirlar sal nariroqda, men, ikki qo‘l cho‘ntakda, go‘yo shu melisaning ko‘cha kiyimidagi kattasi, arzini tinglayapman. Melisa yigit boyagi baqirganlariga kechirim so‘ragan alfozda: “Xrzir, yanga hozir” dedi, men “X,a bozorni ochdingiz, keyin?” dedim.
- Odamlar endi darvozadan kirib, savdoni boshlagan edi, babillab qora “Volga” kepqoldi. Odamlarga hech narsa degani yo‘q. Menga qarab: "Onayni falon sani! Sanga shapka kiydirganni onasini!” deb ke-etdi!..
- Kim? Raismi?
- Yo‘-o‘. Raykom! Amir ~apporovich! Bir urdi, haliyam betimga tegmadi, lekin shapkam uchib ketdi.
Boya aytishish bilan ovora, faqat betiga qarabman shekilli, endi razm kolsam, melisa pachoqqina yigit ekan, burni ko‘karib, suvlab turibdi, qorin jonirovdan yo‘q, kitel xalta osilgan, kamar qiyshayib, orqaga tortib ketgan, shim shalviragan, tumshug‘i tirish etikdan sachragan loy belgacha urgan…
Unga qarab qoldim, halidan beri ko‘nglimni bosgan bir g‘ashlik, o‘jar bir gunohkorlikka o‘xshagan tuyg‘uni anglagandek bo‘ldim, melisani hali u Saidbovoga baqirmagan, men bilan manjashmagan, umuman hali yonimizga yetib kelmagan payti - unga ko‘zim tushgandayoq yomon ko‘rib qolgan, yo‘q, ustidagi rasmiy kiyimi militsionerligi uchun emas, yo‘q, aytayapman-ku, hali menga baqamti bo‘lishidan oldin deb, u har qishloqqa kelganimda qora mehnat, og‘ir ketmondan qochib, o‘qishga kirganim, bitirganimdan keyin shaharda qolib ketganimga tirik ta’na bo‘lib ko‘ringan, men esa himoyaning eng yaxshi yo‘li deb xujumni tanlagan ekanman.
Endi uning rasmiy kiyimni ham eplab kiya olmagani, abaroi ko‘ngli og‘riganidan og‘zi ko‘piklanganini ham sezmay xasratidan dasturxon yoyishiga qarab turib, atay ermaklaganim, “KPZ"i ham shunchaki gapdan yengish uchun po‘pisa ekanini, xo‘p, ana, olib borgan taqdirda ham u yerdagilar, o‘z tumanidan poytaxtga borib ishlayotgan muxbirini oyoqosti qilmasliklarini bilib turib hamqishloqlar ayniqsa xotinim oldida bir ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lganimga, lekin, yana, baribir, guvohnomani ko‘rsatishga to‘g‘ri kelganiga uyalib ketdim.
Bu gaplarning bari ko‘nglimda mubham bir g‘ashlik bo‘lib turgan edi, melisaning hasrati endi uni tinitib, tubida yotgan narsalarni ochib qo‘ydi.
- Ishni shu odamlar qiladi-ku, raykomning o‘zi loy kechib paxta termaydi! Bozorni bir soatginaga ochganga shunchami?! Mayli, shu odamlarni deb so‘kish eshitaman, lekin, baribir, birontasi, ey inson, so‘ksang, o‘zini so‘k, onasida nima ayb, demagani botib ketadi. E-e, bechoralarga nima ham deyman, hammamiz shunday. Lekin, raykom, meni tumonatning ichida tepkilab, yana qanday bularni chizig‘ingga sol, deydi? Shuni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turganlar meni uch pulga oladimi? Raykomga nima, so‘kdi, so‘kdi, keyin ketdi-bordi! Elga ro‘para bo‘lib men qoldim. Nima qilishim kerak? Ketvoray desam - ish bu, tirikchilik degan narsa bor. He, mayli-da, biz bir kichkina odam, melisalikni ham qilish kerak, bari bir. Betni qalin qilib yuribmizda…
Gap bilan yonimizga sariq “Jiguli” kelib to‘xtaganini sezmabmiz. Melisa yigit, shartta uning eshigini ochdi.
- Qayoqqa boryapsiz? - dedi.
Haydovchi egilib, bizga qarab jilmaydi - Tursunxon ekan.
- Jomboyga. Mol gaplashaman, - dedi u melisaga.
- Bo‘lmasa, gap bunday - shu akani Perekro‘skaga tashlab o‘tasiz, - dedi melisa ukam, - bolalar bilan turib qoptilar.
- Mayli… mayli, o‘tiring! - dedi Tursunxon menga ma’noli qarab qo‘yib.
- I-i, yanga o‘g‘ilchaning boshiga bohor bo‘ling, - dedi melisa mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirayotgan xotinimga.
Keyin u qo‘limni mahkam qisib, siniq iljaydi:
- Aka, xizmatchilik, xafa bo‘lmaysiz-da. U xuddi ukamdek, yuragim achishdi.
- Bo‘ladi-da shunaqasi ham, bizdan ham o‘tdi, - dedim boshqa gap topolmay.
Lekin men hali mashina eshigini yopib ulgurmay, u do‘kon oldidagilarga baqirdi:
- O’-o‘, necha qoqqan qoziqday turibsizlar? Necha marta aytish kerak sizlarga! Tomosha tugadi-ku…
Tursunxon vang‘illatib gazni bosgandan keyin Saidbovo bilan xayrlashmaganim esga tushib, orqaga o‘girilib, boboy, xuddi ta’zim qilayotgandek, chakmonining yenglarini kiyishtirib, melisa “uli"ning yonidan o‘zoqlashib biz ketayotgan yo‘ldan kelayotgan edi, qo‘limni ko‘tardim, turgan gap, mashina ichidan ko‘rinmaydi, chol ham boshini egib olgan, biz tomonga qaragani yo‘q.
Yo‘lda ketyapmiz, Tursunxon so‘radi:
- Nimaga shu bilan solishib yuribsiz?
- Siz qayoqdan bildingiz? - deb xayron bo‘ldim. - Yaxshi gaplashib turganimizda keldingiz-ku.
Tursunxon yo‘ldan ko‘zini uzmay kuldi:
- Telefon bor-da. - Keyin menga qarab izoh berdi. - Ergash akaning bolasidan shu gapni eshitdim-u, tag‘In sizni ovora qilib yurmasin, deb moshinni bosdim, bo‘lmasa Jomboyda ishim yo‘q. Uning o‘zi bola yomon emas, Nurmat akaning bolasi-da, Yakanshihdan beriroqdagi qishloq… oti tilimga kelmayapti, shu ye…dan, tanimaysiz. Qishloqdan chiqib ketgansiz-da, bizla…ni zo‘rg‘a taniysiz-u Ha, rost-da, bir xil vaqti salom bersak - ko‘rmaysiz
- Ja gapni opqochasiz-da lekin, - dedim-u, bari bir, xijolatda edim.
Mashinaning ichi issiqqina edi. “Shu Tursunxon juda oqibatli yigit-da”, deb o‘yladim.
Qishloqdan chiqib ketayotgan edim.