OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Qulf tili (novella)

Odam uyidan chiqdi, eshigini berkladi — o‘zining o‘rniga qulfni ega qoldirdi.
Qulf butun boshli uyga, uydagi mulkka ega chiqqanidan hushyor tortib, eshikni itarsa ham, tortsa ham ochilmaydigan qilib, mahkam tishlab turaverdi.
Uy egasining uyda yo‘qligidan bexabar odamlar uni yo‘qlab keldilar: undan olgan qarzini bermoqchi bo‘lib do‘st keldi, unga bergan qarzini olmoqqa chog‘lanib do‘st dushman bo‘lib keldi, unga tegaman degan qiz keldi, orani biryoqli qilmoqchi bo‘lib juvoi keldi, irga ko‘raman, deb bir xotin keldi, mehmonga chorlamoqchi bo‘lgan tanish keldi, mehmon bo‘lishga chog‘langan notanish keldi, zerikkanidan qaerda laqillashni bilmay yurgan bir birodari aziz ham kelib ketdi...
Qulf bularning hammasiga qo‘rs muomala qildi, eshikni itarsalar ham, tortsalar ham mahkam tishlab turaverdi. Ketinglar, uy ochilmaydi, deb aytishga ham chog‘landi, lekin og‘zini ochsa, eshik ham ochilib ketishini bilib, jim turaverdi.
Odamlarning har biri eshikni itarib-tortib ko‘rishdi, egilib tirqishdan qarashdi, balki uy egasi dunyodan voz kechib, ustidan qulflab yotib olgandir, deb chaqirib ham ko‘rishdi. Unga tegaman degan qiz qachon kelishini men uchun biron qog‘ozga yozib, qistirib ketgandir, deb eshikning ziylarigacha qarab chiqdi, kelib qolar balki, deb ancha mahtal turdi ham.
Birodari aziz: “Hoy falonchi, men falonchiman, uyda bo‘lsang, ko‘p tarang qilmay, och eshikni, zerikib ketyapman-ku”, deb baqirib ham ko‘rdi...
Qulf uyda egasi yo‘qligini bilib tursa ham, ularga tushuntirmadi, qani, tuyoqlaringni shiqirlatinglar, demoqchi ham bo‘ldi-yu, ammo shiqirlashdan cho‘chidi; shiqirlashdan boshqa so‘zni ham bilmas edi, bilganda tishining orasidan bir narsa derdi...
Chunki bu odamlarning hammasi unga ajnabiy edi.
So‘ngra bir mushuk keldi, eshikning ziyiga mo‘ylovlarini suykadi, bu ochiladigan tuynukmi, ochilmaydiganmi, deb mushuk aqli bilan o‘ylanib qoldi. Mushuk vaqtini bekorga ketkazmaydigan xo‘p savodxon edi: eshikdan kelayotgan hidlarni go‘sht, qazi, hasip, pishloq, deb sharros o‘qib tashladi, ayniqsa sichqon degan hidni zavq bilan mutolaa qildi.
U eshikka ichidagi shundoq mazali sarguzasht ustidan yopilgan katta kitob muqovasiga qaragandek termilib, ko‘p afsusli miyovladi.
Qulf shundoq o‘qimishli mushukning ilmini nazarga ilmay, bez bo‘lib turaverdi.
Lo‘killab bir ko‘ppak ham keldi. Kela solib mushukka tashlandi. He yo‘q, be yo‘q, birdan bo‘lgan bu hujumdan dovdirab qolgan mushuk pixillagancha tomga otildi.
Ko‘ppak ko‘chada, mushuk tomda, dod-muomalani boshlashdi.
To‘pori ko‘ppak mushukdan nima yomonlik ko‘rganini o‘zi ham bilmay, xo‘p so‘kindi, mushukning yetti pushtini tuproqqa teng qildi, tarbiya ko‘rgan muhtaram mushuk esa bir-ikki marta yozg‘irdi, xolos. Dod-muomalaning mazmuni shunday edi: ko‘ppak mushukka o‘zining ko‘ppak tilida: “He katta buvangni... xushomadgo‘y, aldoqchi... odamlarning qo‘g‘irchog‘i, sichqonparast, padari qusur... falon-pismadon mushuk, past —doim mushukligingga borasan, po‘stiningni burdalab tashlamasam, ko‘ppak otimni boshqa qo‘yaman”, deb do‘q urayotgan, mushuk esa: “Pandavaqi! Yuvindixo‘r! Yeganing — sarqit, o‘zing go‘r bo‘larmiding, basharangga qara — mushuk uyaladi”, deb mushukchalab uzib-uzib olayotgan edi.
Qulf esa bu g‘alvadan boshi qotib, zingrayib turaverdi.
Bu voqea ko‘p takrorlangani, sal o‘tmay yana qaytarilishini bilgani uchun ko‘ppak ham, mushuk ham ko‘p asabiylashmay, shunchaki yo‘liga manjashib turishdida, keyin ikkalasi ikki tomondan: mushuk tomdan, ko‘ppak ko‘chadan ketnshdi.
Gap shundaki, ko‘ppak ham, mushuk ham o‘z tilida gapirishgan bo‘lsa-da, ikkalasi ham bir-birini juda yaxshi tushunishardi, chunki ikkalasi ham bir ko‘chaning fukarosi edi.
Ammo ikkalasi xam qulfga ajnabiy, negaki ular qulfnnpg mulkida yashamas, shundan qulf ularning tilinp bilmas edi.
Ko‘cha huvillab qoldi.
Qulf eshikni maxkam tutib turaverishdan zerikdi. Men bo‘lmasam, bu eshik qanday kun ko‘rar ekan, ochilib yopilaverganidan esi og‘ib qolsa kerak, deb o‘yladi.
Yaxshi hamki, men bor — tartib bor, deb mamnun ham bo‘ldi. Lekin mamnunligiii nimaga izhor qilishini bilmay, battar zerikdi.
...Keyin ko‘zlari alang-jalang bir kimsa keldi, egilib qulfga mehr bilan termildi.
Qulf sal bo‘lmasa, og‘iz ochib gapirib yuboray, dedi. Lekin bu kimsa ham tilimni tushunmaydi, degan o‘yda jim qotdi.
Kimsa boshqalarga o‘xshab eshikni itarib-tortib ko‘rmadi, egilib tirqishdan qaramadi, cho‘ntagidan qulflarning so‘zi shoda-shoda tizilgan sim halqani chiqardi — bu qulf tilining lug‘ati edi, shu bilan uni gapga soldi.
Izlay-izlay kerakli so‘zni topdi, shu so‘zni qulfga ohista ayttirdi... Hatto uyning egasi ham qulfga bunday yumshoq muomala qilmas, uni shaqir-shuqur qilib gapirtirar edi...
Bu kimsa qulfni shunaqa ardoqlab, shunaqa hurmatini joyiga qo‘ydiki... qulfning boshi aylanib ketdi.
Axir, bu kimsa qanaqadir tarbiyasiz bir ko‘ppak yoki tarbiyali bo‘lsa ham, mushuk emas, hatto odam ham emas edi-da!
Bu kimsa qulfga ajnabiy ham emas edi.
Bu kimsa oddiy qulfbuzar o‘g‘ri edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.