O’shanda menga nima bo‘lganini o‘zim ham bilmayman, buni hozir ham tushuntirib berolmayman. Hech narsa bo‘lmagandek yuribman. Lekin bunga ko‘nikkunimcha juda ko‘p narsalar bo‘lib o‘tdi.
Bir kuni cho‘zma lag‘mon yeb o‘tirgan edim, o‘zimcha shundan ko‘raman, birdan oyoqqo‘lim bo‘shashib, boshim bo‘m-bo‘sh bo‘lib, ichim huvillab ketdi. Atigi bir-ikki soniya, o‘zimni yo‘qotdimu darrov o‘zimga qaytdim. Boshqacha tushuntirsam, tuppa-tuzuk, hamma qatori rostmana odam tuyqusdan o‘z mazmunini yo‘qotib, yana qaytib topgandek g‘alati ahvolga uchradim, rostdan, birdan mazmunim chiqib ketib, yana qaytgandek bo‘ldi. Shu holat lag‘monning chilvirini qoshiqqa o‘rab, og‘zimga olib borguncha davom etdi. Bor gap shu. O’zi tushlik desa, yuragim bezillaydi, yana aksiga olib sheriksiz chiqqanman. Bu holat shuv etib o‘tib ketdi-yu, lekin kayfiyatimni buzdi, ko‘p ochin-to‘qin yuraman, toliqqanimdan dedim-da, bir amallab, lag‘monni tamomladim. Ishga qo‘l siltadimu ijaramga jo‘nadim.
Xonamga kelib o‘zimni oynaga soldim, ko‘rinishim yaxshi, rangi ro‘yim joyida. Faqat uyqu bosyapti. Karavotga cho‘zilganim zahoti tubsiz quduqqa quladim. Shu uxlagandan ertasi kuni oftob tikkaga kelguncha dong qotibman. Tiniqib uyg‘ondim. Kecha bunaqa bo‘lgani kechalari bilan uxlamay kitob o‘qishimdan, vaqtida yotib, vaqtida turish kerak, yo‘q esa, sog‘liqqa ham, miyaga ham ta’siri bor, odam o‘zini ayashi lozim, dedim. Ayvonga chiqdim, oftob charaqlab turibdi. Ko‘p uxlaganimga ko‘zim sal achishayotganini aytmasa, hamma narsa hamishagidek. Hech e’tibor qilganmisiz, uyqudan turib, ko‘p qavatli uyning ayvonigami, hovligami chiqasiz-da, atrofga ko‘z solasiz, hech qanaqa o‘zgarish ko‘rmaysiz, shamol yo bulut, qor yoki yomg‘ir bo‘lishi, havo aynishi mumkin, lekin dunyo o‘zgarmaydi, balki o‘zgarar, lekin o‘zgarishi yillab, o‘n yillab cho‘ziladi, odamga bilinmaydi. Shunaqa, men qaraganda ham hamma narsa hamishagidek, hatto ayvonga chiqishimda ham o‘zgarish yo‘q, kecha yo bir yil oldin qanday qaragan bo‘lsam, shunday qarayotgan edim. Lekin, bilasizmi, shu har doimgi muqimlikda pinhona bir o‘zgarish bo‘lsayu siz buni ko‘rmasangiz yo nimanidir izlab chiqsangiz-da, shu izlayotganingizning nima ekanligini anglab ololmasangiz, bir narsani zo‘r berib bilmoqchi bo‘lsangiz-da, shu narsaning o‘zi nima bo‘lishi mumkinligini ham bilolmasangiz, ko‘nglingizga omonatlik kirib qoladi. Falati-ya? Men shunga aytyapman, odamning mazmuni yo‘qolganga o‘xshagan bir holat deb.
Men ana shunaqa bir holatda edim. Ayvonga bir aniq maqsadda chiqqanim yo‘q, shunchaki har kungi odatim, mana uyqudan uyg‘ondik, dunyoga yana bir qarab qo‘yaylik, o‘zimizni ham ko‘rsataylik deb qaradim. Dunyo ham -o‘sha-o‘sha, lekin shu ko‘rinishida o‘zining emas, mening o‘zgarganimni bilgi qilayotgan bir narsa bordek, shu kalavaning uchini topolmay, ko‘nglim doim o‘zi tayanib turadigan tayanchlarini yo‘qotib qo‘ygandek omonat edi, agar tushuntira olgan bo‘lsam. Ijarada bir o‘zim turganimdan emas, ana shu xayollar chulg‘ab olgani, bu xayollar iskanjasida yakka ekanim va yonimda hatto hamxona do‘stim yashaganda ham, unga bu ahvolimni aytganim bilan, nafaqat u, do‘st, balki umuman hech kim tushunmasligi, hech birovga tushuntirib berolmasligim uchun ham mahkum yolg‘iz edim. O’zimni odamlar to‘dasiga urgim keldi, lekin bu to‘da ichida meni hech kim tanimasligi, begona ekanligimni ko‘nglim sezib, xonamdan chiqqim kelmay turardi.
Ko‘chaga tushib, ishxonaga telefon qildim, meni hech kim so‘ramabdi, boshliq ham yo‘qlamabdi, hammasi joyida ekan. Nahotki, bir inson tushdan keyin ishdan ketib qolsa, ertasi kuni ishga bormasa, biron odam qiziqmaydimi, deb ham o‘yladim.
Telefon go‘shagini ilib, endi yurayotganimda, oftob charaqlab turgan edi, bir ko‘zoynakli semiz yigit avval oyog‘im tagiga, keyin o‘zimga qaradi-da, hayron turib qoldi. Biron narsa ilashibdimi yo boshmog‘imni poyma-poy, yo shimimni teskari kiyibmanmi, degan xavotirda o‘zim ham o‘zimga qarab oldim - hech gap yo‘q. Bizda qiziq odamlar bor-da, ba’zilari notanishga ham xuddi odamyovvoyiga uchragandek baqrayib turaveradi, dedimu yo‘limda ketaverdim. Negadir men shunaqalarga ko‘p duch kelaman. Trolleybusdami, avtobus yo tramvaydami albatta bitta-yarim odam menga tikilayotgan bo‘ladi. Tikilgani bilan qarashida ma’no yo‘q, xuddi “Chipta olishni unutmang!”, "Yukning bahosi o‘n tiyin", degan e’lonlarni loqayd o‘qiyotgandek. Ko‘chadagilar-chi, ko‘zini qadab o‘tgani yetmagandek, orqamdan ham tikilib qoladi. O’rganib ketganman, lekin semiz yigitning qarashidan g‘ashlandim. Nariroq yurib orqamga o‘girilsam, u hali ham menga qarab turgan ekan, yuzini burdi. Meni bir o‘zgarib ketgan eski tanishiga o‘xshatdi-yov, deb o‘yladim. Har ehtimolga qarshi yana u yoq-bu yog‘imga qarab oldim, yo‘q, hammasi joyida.
Qarshidan bir qiz kelyapti ekan, begonaga tikilish odobsizlik ekanini o‘ylab borayotgan bo‘lsam-da, yana bu qiz bola, ko‘zimni uzolmadim: - kichkina, ingichka, yuzi cho‘zinchoq, burgutcha burun, qirra iyagi katta, o‘ziga yarashig‘li xunuk, yupqa qora charm kamzulcha, qora yubka boshmoqqacha, oyoq jonivor ham sibiziqday shekilli, qadam bosishida goh u yog‘idan, goh bu yog‘idan ochilayotgan lozimi… lozim bo‘lib lozim, kolgotki bo‘lib kolgotki emas, qora yupqa matodan, to‘piqqacha; pochasiga qalampirnusxa, rangdor gul tikilgan, har xil tosh qadalgan, yuziga tushgan tola sochini ko‘tarib qo‘yayotganda ko‘rdim: tirnoqlari ingichka, uzun-uzun ustirilgan, etdan tashqari qismi oqligicha qolgan, et usti qizg‘ish bo‘yalgan, qulog‘iga qaramabman, sirg‘alarini sochi yopgan shekilli, lekin xivich barmoqlarida ikki-uchtadan, toshi mayda, men farqiga bormayman, balki olmosdir, uzuk. Mo‘‘jazgina urg‘ochi yirtqich! U menga bir qarab qo‘ydi-da, bir qadam chetlanib o‘tdi. Xuddi men uni yeb qo‘yadigan bir mahluqdek. Shunda, hamma kiyimi qora bo‘lganigami, xayolimga bu qiz shu qiz emas, balki biron qizning guldor soyasi, degan bir qiyos keldi.
Soya degan narsa ayni shu vaqti xayolimga bekorga kelmaganiga haligacha hayronman: odamning shuuri uning o‘zi bilmagan narsalarni ham sezar ekan.
Shu kuni ul-bul yegulik olib yana ijaramga qaytdim, cho‘zilib yotib kechgacha o‘qidim, turib shiftdagi neonchiroqning elas-elas g‘o‘ng‘illashi ostida yozuv-chizuv bilan alla-pallagacha o‘tirdim. Har kungidan sal g‘alatiroq bo‘lgandek edi, diqqat qilmabman, keyinroq, ahvolim oydinlashgandan so‘ng bildim, bilmaganim ham yaxshi bo‘lgan ekan, qoq yarim tunda aqlim ozishi hech gap emas edi.
Bu kunisi ishxonaga keldim, boshliq huzuriga kirib, kecha “sal maza qochib” kelolmaganimni aytdim, koyisa kerak, deb o‘ylagan edim, aksincha, hamishagidek ilajayib: “Hay-hay! Qo‘ying shu maza-pazalarni, kasal bo‘lmang sira”, dedi, so‘qqabosh yigitning bunday yurishi yaxshi emasligini gapirib, bir oz nasihat o‘qidi. Mendayligida uylanmay yurib, hozir jabrini tortayotgan, o‘sha paytlari faqat ishga qarab, o‘ziga qaramagani uchun hozir goh u yeri, goh bu yeri og‘rib turar ekan, hay-hay. “Men so‘qqabosh emas, bo‘ydoqman, xolos, ikkovi ikki narsa!”, deb aytay dedim-u, menga yaxshilikni sog‘inyapti-ku, deb ichimga yutdim.
Ha-ya, aytmabman, ikki qavatli ishxonamizning derazalari oftobga teskari, oftobni bizdan to‘qqiz qavatli ministrlik to‘sib qo‘ygan, shuning uchun bizda kunduzi ham chiroq yonadi, hamma chiroqimiz “dnevnoy” - neon, bular hamma narsaning soyasini yoyib yuboradi. Lekin ma’lumotnoma yozayotganimda stolning usti odatdagidan ravshanroq edi, bunga ham diqqat qilmagan ekanman.
Tushda Barot ikkovimiz birga tushlikka chiqdik. Menga bir narsa bo‘lganini shu Barot bilib qoldi. U uch yilcha oldin ko‘chadan hamyon topib olgan. Sakkiz yuz qirq yetti so‘m. Shundan beri yerga tikilib yurishni odat qilgan.
Ishxonamizning soyasidan chiqib, sal yurganimizdan keyin mening gaplarimga ha-hu deb yerga qarab ketayotgan Barot bir to‘xtadi-da, dabdurustdan: “Iy-e, sening soyang qani! Qizig‘-u!”, deb qoldi. Avvaliga Barotning gapini to‘g‘ri tushunmadim, “Shu ham hazilmi”, demoqchi bo‘lib, beixtiyor yerga qarasam, mendan yerga soya tushmayapti! Tuyqusdan kallamga bir narsa kelmadi. Lekin, mana, soya, mendan tushgan soya yo‘q! Oftob tomon bo‘lsa kerak degan ilinjda osmonga qarab, keyin soya tushadigan joyni mo‘ljal qilsam, oppoq! Ya’ni oqarib ketgan asfaltning o‘zi! Oftob mendan to‘ppa-to‘g‘ri o‘tib, yerga tushyapti, o‘rtada men yo‘q! Barotning oyoqdan boshlangan, boshi ham do‘mpayib turgan soyasi bor. Oftob tikkada charaqlab turgani uchun kalta, girdig‘um, lekin, har qalay, odamning soyasi-da! Meniki esa yo‘q! Rostdan yo‘q! Dovdirab qoldim-u, lekin bo‘lishi mumkin emas, ikkovimizning ham ko‘zimizga shunday ko‘rinyapti, hozir soyam lip etib yerga tushadi, degan bir mustarlik ham bor. Bema’nilik-da, axir, shunaqasi ham bo‘ladimi?
Barot hech qachon chuqur o‘ylamaydi, hozir unga qiziq, juda qiziq. "Qoyil-e! E-e, zo‘r!" deydi nuqul. Men bilan ishi yo‘q.
Birdan bo‘lsa-da, odamning xayoliga ko‘p narsa kelar ekan: hamma boshqa, men boshqa bo‘lib qoldim, odamlar orasidan chiqib, boshqa dunyoga o‘tib ketdim, lekin shu dunyoda yashayman, shu dunyoda odamga o‘xshab yu…ibman, lekin odamlarga o‘xshamayman, hamma rosmana odam, men esa Atrofimga qarayman, hu, ana, tosh bo‘lsa ham, haykalning soyasi bor, daraxtlarning tagi quyuq ko‘lanka, ko‘chada mashinalarning soyasi yonida hilpirab ketyapti, trolleybus simlariniki ko‘chani chizib ketgan, simyog‘ochiniki yo‘lga ko‘ndalang, Barotning soyasi o‘zi bilan, qadam bossa, u ham odimlaydi, qo‘lini silkitsa, u ham qimirlaydi! Yonimizdan o‘tib borayotgan odamlarning hammasining tagida soyasi bor! Men… nega bunaqa?!
O’ylab o‘yimga yetolmayman, Barotga bir narsa deyay desam, tilimga gap kelmaydi. Barot “Qizig‘-a, nega bunaqa bo‘lyapti?”, deydi. Barot shunaqa savol berdimi, javobini aytsangiz ham, bari bir, tushunmaydi. Savolining o‘zi "Mana, men shu yergacha zo‘rg‘a keldim, u yog‘iga yaramayman”, degani, o‘ylaganining chegarasi shu. Shuning uchun: “Ha-e, tezroq yuraylik, qorin ochib ketdi", dedi.
Yurib boryapman, shu paytgacha oyog‘imga lip-lip ilashib ergashgan soyamning joyiga qarayman, hech narsa yo‘q, shunga xuddi oyog‘im ham yerga tegmayotganga o‘xshaydi. Shunday qilsam soyam mendan ajralib yalp etib yerga tushib qolar degan ilinjda, uch-to‘rt marta sakrab-sakrab ham ko‘rdim, foyda chiqmadi. Barot: “Ha?” dedi, “Kecha cho‘milganimda quloqqa suv kiribdi”, dedim.
Birdan Mashhurani o‘ylamaganim esimga tushib qoldi. Boyadan beri yana bir narsa xayolimni chimdilab kelayotgan edi, birdan yuzaga chiqdi, agar soyam shu bilan yo‘qolib ketaversa, ahdu paymonimiz nima bo‘ladi? Odamlardan buni yashirib bo‘lmasa, nima ko‘p quyoshli kun! Ko‘chada soyasi yo‘q yigit bilan ketayotganini ko‘rgan odamlar menga emas, Mashhuraga achinadi, bechora qizning bir nuqsoni borki, soyasi yo‘q yigit bilan yurishga ko‘nibdi, deydi. Uchrashaylik, desam, bundan keyin: “Kechirasiz, hali ham sizni yaxshi ko‘raman, lekin soyasi yo‘q yigit bilan qanday yuraman?”, desa-ya. Nima, ko‘chada qolgan qiz emas, aytishi mumkin.
Fikru o‘ylarim chuvalashib ketganu o‘zim xuddi oyna ustida sirg‘alayotgandek ketib boryapman. Tagingizga soyangiz tushib turmasa, muallaq bo‘lib qolar ekansiz!
Barotning xayoli esa ovqatda: "Nega hamma lag‘mon bir lag‘mon, Xalil mo‘ylovniki boshqacha?", dedi. "Qo‘y shu lag‘monni, o‘zimning lag‘monim chiqib turibdi-ku", dedim. "E-e, kim qaydagi narsalarni o‘ylaysan-a, - Barot shunday deb oyog‘im tagiga qarab qo‘ydi: - Hali ham yo‘q. Hay, bo‘lmasa bo‘lmapti-da". Aytdim-ku, Barot shunaqa haftafahm deb. “Ke, qo‘y, odamning soyasi bo‘ldi - nima, bo‘lmadi - nima, - deb menga yana taskin berdi u. - Eng asosiysi, odamning o‘zi bo‘lsin. Mana borsan, soppa-sog‘san, yuribsan. Yetadi shu!” To‘nkaning falsafasini qarang!
Ko‘chada odamlar o‘tibqaytib yuribdi, hamma o‘z tashvishi bilanmi, bizga bir-da-yarimi ko‘z tashlab o‘tgani bilan, uncha ahamiyat bermaydi. Har ehtimolga qarshi Barotning bu yoniga - oftob tomonga o‘tdim: Barotning soyasi ikkalamizga ham o‘tadi. Barotning yelkasi oftob, mendan soya tushmayapti. Shu vaqti bir fikr kelib, hayajonlanib ketdim. “To‘xta-chi!", dedim. Barot to‘xtab menga qaradi. "Mendan oftob ko‘rinyaptimi?", deb so‘radim. Barot tushunmadi: "Oftob? Ana osmonda-yu! Senda nima qiladi?”, dedi. Bo‘yim Barotdan uzunroq, uning betini boshimning soyasiga mo‘ljal qilib: “Yaxshilab qara, yuzimdan oftob ko‘rinyaptimi, yo‘qmi?”, dedim. Barot yuzimga tikilib turdi-da: “Yo‘q, - dedi. - Beting joyida. Nega oftob ko‘rinishi kerak, beting teshik emas-ku. Ke, qo‘y shu gapni, odamni jinni qilay deyapsan”. Barot menga g‘irt begona ko‘rindi. U bari bir tushunmaydi. Axir, soyam bo‘lmasa, demak, oftob nuri to‘ppa-to‘g‘ri o‘tishi, unda o‘zim ham bo‘lmasligim kerak-ku! Boshim Barotning ko‘ziga soya solmasa, unda Barotga yuzimning o‘rnida ham oftob ko‘rinishi kerak emasmi? Yuragim o‘ynab ketdi, juda g‘alati: oftob bilan Barotning o‘rtasida tursam ham u meni ko‘ryapti, demak, men oftob to‘syapman, unda soyam qayoqqa ketadi? Bosh qotdi. Bu yog‘i nima bo‘ladi endi, kimga qanday tushuntiraman?
Odamlar nima deydi? Ishxonadagilar… Xayol ke-etdi!
Boshliq chaqirtiradi-da, iljayib: “Xo‘-o‘sh, ukam, nima qildik? -deydi. - Ishlayvering desam, ahvol bunaqa, ishdan bo‘shang, desam mehnat qonunini - KZOTni buzganingizcha yo‘q, lekin ichimizda boshqacha odam bo‘lishi… Hay-hay, yo o‘z ixtiyoringiz bilan ariza yozasizmi, a?”. Men boshliqning iljayishini yomon ko‘raman, xuddi boshqa bir begonaning iljayishini rasm solib, yuziga taqib olganga o‘xshaydi. “Mayli-ku-ya, nima aybim uchun?”, deb so‘rayman. Boshliq: “Ukajon, to‘g‘ri tushuning, raykomdan "Sizda bir soyasi yo‘q yigit bor ekan, nega chora ko‘rmayapsiz, nega ushlab turibsiz?”, deb so‘rashsa, nima deb javob beramiz? Siyosiy tus olishi mumkin”, deb iljayadi. “Nega, axir, soyam yo‘qligi siyosiy xato emas-ku?!”, deyman hamma narsani tushunib turgan bo‘lsam ham. Boshlig‘imiz endi mayin iljayadi: “Unday demang, hay-hay, bizda hamma masalaga siyosiy qaraladi-ya, men shu xatoning oldini olaylik, deyman, hali siyosiy xatoga o‘sib chiqmasdan”. “Bunga raykomning nima aloqasi bor? Ularning shundan boshqa qiladigan ishi yo‘qmi? Nahotki soyam yo‘qligi bilan shug‘ullanishsa?”, deb chin ko‘ngildan so‘rayman. “Hay-hay, aytmadimmi? Hazillyapsizmi? - deb rahbarimiz yana iljayadi. – Bilsangiz, ukam, hammamiz partiyamizning panohida va… doimiy g‘amxo‘rligidamiz”. “Ishdan bo‘shasam, keyin menga qanday g‘amxo‘rlik qiladi?”, deb so‘rayman. Boshliq bir derazaga qarab olib, menga egiladi: “Yo‘q, –kam, hamma yerda partiyamiz panohida bo‘lasiz! - deb endi sovuq iljayadi. Sizga yaxshi yo‘l ko‘rsatgan edim-a, hay-hay, endi kollektivga qo‘yishga to‘g‘ri keladi”…
Majlisni, albatta, boshliqning o‘zi ochadi: “Jonajon partiyamizning hayotbaxsh qarorlaridan ilhomlanib, kollektivimiz keyingi paytlari katta yutuqlarni qo‘lga kiryapti… (hokazo-hokazo)… Mana, hammamiz o‘z soyamizga egamiz. Lekin oramizda soyasi yo‘q odamning paydo bo‘lgani, to‘g‘rirog‘i, uning o‘z soyasini yo‘qotib qo‘ygani bizni jiddiy o‘ylantiryapti. Hali yuqori organlardan bu borada ko‘rsatma olganimiz yo‘q, lekin shunday ko‘rsatma olishga aminmiz. Buning uchun u yoqqa tashabbus bilan chiqishimiz, bu masalani o‘z kuchimiz yechishimizni aytishimiz kerak… Qani, kimda qanday fikr bor?” Birinchi Mirqosim aka so‘z oladi: “Ko‘pdan beri shu bolada gumonim bor, buning ideologiyasi buzuq deb partkomimizga ham aytganman. Chunki g‘oyaviy yot, bema’ni adabiyotlarni ko‘p o‘qiydi. Aksariyati chet elliklarniki. Bir kuni xonasiga kirsam, stoli ustida Xeminguey, Folkner degan amerikaliklarning kitobi turibdi ekan. Hey, uka, yosh joningni o‘ylamaysanmi, nima qilasan antipartiyaviy kitoblarni o‘qib, desam, bular bizga do‘st progressiv yozuvchilar-ku, deb ustimdan kulgandek bo‘ldi. Axir, o‘sha chet ellik yozuvchilar chet elda yashasa, o‘sha yoqda ham o‘zining kompartiyasiga kirmagan bo‘lsa, yozganlari antipartiyaviy bo‘lmay, nima bo‘ladi? Men Fqimayman shularni, shunga, mana, o‘zim ham, kallam ham sog‘”. Partkomimiz ulom aka siyosiy hushyor, lekin bama’ni odam, ensasi qotib: "Mirqosim aka, masaladan chalg‘imaylik!”, deydi. “A, men nima deyapman? -deb bo‘sh kelmaydi Mirqosim aka. - Masalaning g‘irt o‘zini gapiryapman-ku. Bo‘lmasa aytdim-a sizga: qarang, shu bola har xil narsalarni o‘qiydi, dedim, qaramadingiz! Axir, o‘sha yozuvchilar bizga do‘st emas, do‘st tbo‘lsa, nima uchun jonajon partiyalari safida emas, bor-ku, bor-ku, Gesxol degan o‘rtoq boshqaradi, yo‘q kirmaydi, chunkpi do‘st emas. Kapitalizmda yashaydi ular, yaxshisining ham ham qonqoniga buzuq ideologiya singib ketgan. Mana oqibati, universitetni bitirgan, kelajagi porloq yigit idealizm g‘oyalari ta’sirida aynib o‘tiribdi!”. Fulom aka vazmin jilmayib tushuntirmoqchi bo‘ladi: “O’shalarni men ham o‘qiganman, asarlarida hech qanaqa g‘oyaviy buzuqlik yo‘q. Ana, o‘zimizning kutubxonada ham bor, olib o‘qib ko‘ring!”. Mirqosim aka: “O’qimayman, kutubxonada bor deb hamma narsani o‘qiyveradimi?!”, deydi. Boshliq qalam bilan suv to‘la grafinni uradi, grafin to‘qillaydi: “O’rtoqlar, masalaga qaytamiz: kim gapiradi? Mirqosim aka, boshqalarga ham navbat bering!”. Botir aka so‘z oladi: “Men boshlig‘imizning gapidan shuni tushundimki, bu yigitga oramizda o‘rin yo‘q ekan. Nega? Soya yo‘qligi uchun! Mirqosim buni g‘oyaviy buzuqlik, deyapti. Og‘zim bor deb gapirib, o‘zimiz xato qilmaylik-da. Mana, bir vaqtlar shunaqa gaplar bilan qancha shoir, yozuvchi, siyosiy arboblarimiz qamalib, otilib, keyin reabilitatsiya bo‘ldi. Bu yigitni uch-to‘rt yildan beri bilamiz yaxshi yigit, lekin, to‘g‘ri, ko‘p o‘qiydi, ammo ko‘p o‘qigani uchun ko‘p narsani biladi. Mana, soyasi yo‘qolib qolibdi, lekin shu bilan yomon odamga aylanib ketdi, desak, xato qilib qo‘ymaymizmi? Balki boshqa qobiliyati ochilgandir? Shaxsan mening bu masalada o‘z fikrim bor: yuragi toza, ko‘nglida kiri yo‘q, oq, niyati yaxshi - yorug‘, shuning uchun undan yerga qora soya tushmaydi”. “Hay-hay, - deydi boshliq. - Bizlar-chi?”. “Nima bizlar?”, deb tushunmadi Botir aka. Boshliq iljayadi: “Bizlarning yuragimiz qora ekan-da unda? Shunaqa demoqchimisiz? Butun kollektivga qora suykayapsizmi?”. Botir aka g‘uldirab qoladi: “Hech kimga qora suykayotganim yo‘q”, dedi. “Suykayapsiz! -Boshlig‘imiz asabiylashsa qat’iy iljayadi, xuddi yig‘lamsirayotgandek bo‘lib qoladi. - Faqat kollektivimizga emas, butun jamiyatimizga qora chaplayapsiz! Chunki hammaning soyasi bor, bu yigitniki esa yo‘q! Siz hali javob berasiz bu gapingizga!”. Shu payti Turobjon sakrab turib: "O’rtoqlar, menda bitta taklif bor. Og‘aynimizni invalidlikka chiqarib yuboraylik!”, deb qoladi. Hamma angrayadi, hatto boshlig‘imizning og‘zi ochilib, Turobjonga baqrayadi. “Tushunmayapsizlar-a? - deydi Turobjon. -Oyog‘i yo‘q odam invalid bo‘ladimi? Soyasi yo‘q bo‘lsa shunday-da! Eng yaxshi yo‘li shu”. “Mumkin emas, - deydi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Zuhra opa. -Mehnat qonunlarida bunaqa band yo‘q”. To‘xtagan bahs yana qiziydi. Mirqosim aka vag‘illayotganda unga qarab turib bir narsaga e’tibor qilgan edim: o‘zining ham soyasi yo‘q edi. Uning ham, o‘tirganlarning ham -birortasining soyasi yo‘q, chunki neonchiroqdan soya tushmaydi, oftobga chiqqanda paydo bo‘lsa ham, lekin hozir hammasi men qatori. Soyalari yo‘qligi o‘zlariga xalal bermaydi-ku, nega men bularning qatorida, kollektivda bo‘lmasligim kerak, deb o‘ylayman… Oxiri yana Fulom aka so‘z oladi: “O’rtoqlar! Masalani juda chuvalatib yubordik. Bunaqada bir qarorga kelolmaymiz. Bir o‘ylab ko‘raylik: hozir bu yigitni ishdan haydash haqida qaror chiqarsak, u ko‘chada qoladi, unda chindan ham har xil ta’sirlarga beriladi, g‘oyaviy-ahloqiy buzilishi mumkin. Keyin u oldin ishlagan kollektiv qayoqqa qaragan edi, partiya komiteti nima uchun o‘z vaqtida chora ko‘rmagan, degan savollar chiqadi. Biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz, chunki partiyamiz har bir insonni o‘ylaydi, uning g‘oyaviy og‘ishqing‘ayishlariga yo‘l qo‘ymaydi, nazoratda tutadi. To‘g‘ri oramizda yot unsur bo‘lmasligi kerak, bu yigit soyasi yo‘qligi bilan oramizda yot, lekin hali unsur emas. Keling, uni o‘z tarbiyamizga olaylik, soyasini topishga muhlat beraylik. Topolmasa, ko‘pdan quyon qochib qutulmas, soyasini joyiga qotirib qo‘yamiz! Bu yerda bo‘lgan bahslar shu eshikdan chiqmasin, ma’qulmi, nima dedingiz?”. Botir aka: “E-e, otangizga rahmat! Bu - aqlli odamning gapi!”, deb yuboradi. Boshliq darrov tashabbusni o‘z qo‘liga oladi: “Rahmat, o‘rtoq Ahmedov, keling, endi masalaga yakun yasasak-da, bir qaror chiqarsak. Bir komissiya tuzsak! Komissiya bu yigitning soyasi yo‘qolish sabablarini o‘rgansa va soyasini yana paydo qilish tadbirlarini ishlab chiqsa-da, navbatdagi yig‘ilishda hisobot bilan chiqsa, nima dedingiz?”, deydi. Bahsdan boshi g‘ovlagan hamma uning gapini ma’qullaydi, boshliq mayin iljayadi, Fulom aka sovuqqina jilmayadi, shu bilan yig‘ilish tugaydi.
Keyingi voqealar aynan bo‘lmasa-da, shunday kechdi.
Turgan gap, ishxonadagi gap-so‘zning hammasi, men, ya’ni soyam yo‘qligi haqida bo‘ladi. Neon chiroqlar yonib turadigan ichkaridagi davralarda hamkasblarim yo‘q soyamni chiqib qolarmikan degan umidda ko‘zi bilan paypaslaydi, ko‘chaga chiqsam, tekin tomoshaga gurr etib ergashadilar, ishi zarillari derazadan bo‘ynini cho‘zadi, ana-ana deb, qo‘llari bilan ko‘rsatadi. Bular borib uylariga, og‘aynilariga “Bizda shunaqa antiqa odam bor!”, deb maqtansa kerak, boshqa ishxonalardan ham odamlar kelib: “Og‘ayni, iltimos, o‘tinib so‘rayman, bir oftobga chiqing, soyangiz yo‘qligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘raylik”, deb xiralik qiladi, hatto ba’zilari pul qistirmoqchi ham bo‘ladi. “Yo‘q narsaning nimasini ko‘rasiz?”, deb unamayman, ishdan chiqishimni poylab ko‘chada turaveradi. Bir-ikkita salobatli boshliqlar kelib meni ko‘rib ketdi, tavba, deyman, kap-katta odamlar, boshqa qiladigan ishi yo‘qmikan? Tushlikka yaqin pastda qora moshin ko‘rinsa, bas, bilaman, hech bo‘lmasa, birontasi kelgan bo‘ladi, yonida shotirlari bilan. Tushmayman, kutadilar, u yoq-bu yoqqa betoqat yuradilar, oxiri bittasini ichkariga yugurtiradilar. Boshliq kaftlarini xursand ishqalagancha iljayib mening xonamga keladi: “Qani, t–shdik, Samijon Salimovichning o‘zlari keptilar!” "Tushmayman! - deyman. Jonga tegib ketdi-ku! Maymun o‘ynatyapmanmi?” "Hay-hay, ukam, shundoq baobro‘ odam sizni ko‘rgani kelsayu siz xursand bo‘lish o‘rniga… - deydi boshliq - Sizdan nima ketdi, tushib, o‘n qadamcha aylanib. Yana qaytasiz, vassalom!” Tushsam, haligi Samijon Salimovich degani coyam yo‘qligini ko‘rgani kelganini yashirib, o‘zini arxitektor ko‘rsatadi: “Da-a, to‘g‘ri, bino eskirgan, ministrlikning orqasiga xunuk yamoqdek bo‘lib turibdi”, deydi, viqor bilan gapirishga urinadi, lekin tovushi titrab ketadi - ko‘zi mening oyog‘im tagida, o‘zimga qarashga qo‘rqadi. Yosh bolaga o‘xshaydi bular! Bir kuni bir kattakoni kelibdi, derazadan ko‘rdim: rangi sovuq, gapirmaydi, atrofda besh-oltita bir xil silliq kiyingan, galstuk taqqan kulrang kostyumli yigitlar, nuqul atrofga alanglaydi. Yigitlaridan birovi unga egilib, bir narsa so‘ragan edi, u boshini silkitdi. “Opchiq!” degan shekilli, birpasda rangi o‘chib boshlig‘imiz xonamga kirdi. “Tashqariga chiqaylik! Lekin, iltimos, hech kimga qaramay, to‘g‘ri ko‘chaning u tomoniga o‘tib ketaverasiz!”. Ko‘rgani kelganlarga o‘rganib qolganman, lekin bunaqasiga duch kelmagan edim. “Nega? To‘xtamaymi, men bilan gaplashmaydimi?”, deb hayron bo‘lgan edim, boshlig‘imning betidagi iljayish rasmi tirishib ketdi: “Hay-hay! Sizni ko‘rgani kelishganini zinhor-bazinhor bilmasligingiz kerak!”, deb g‘alati gap qildi. “Qanday bilmayman, aytib turibsiz-ku!”, dedim. “E-e, ukam, hozir hayotingiz hal bo‘lishi mumkin! Aitganni qilsangiz-chi!”, deb boshlig‘im sal bo‘lmasa yig‘lab yuborayozdi. Xo‘p dedim, kelishib oldik: avval u chiqadi-da, mening qanday qilib ishxonaning eshigidan ko‘chaga qarab yurishimni ko‘rsatadi, keyin men u nima qilsa, shuni takrorlayman.
Men eshikning ichkarirog‘idan qarab turdim, haligilar ham ko‘rinib turibdi, boshliq chiqdi, atrofda xuddi hech kim yo‘qdek g‘o‘dayib alanglamoqchi edi, haligilarga ko‘zi tushib, kalovlanib qoldi-da, tekis yerda qoqilib, soyasining ustiga yiqilib tushay dedi, o‘zini o‘nglab o‘qday uchib ko‘cha tomonga otildi. Haligi kattakon boshlig‘imizni soyasini yo‘qotgan odam shu deb o‘ylagan shekilli, hafsalasi pir bo‘ldi, yonidagiga qaragan edi, unisi meni taniydi shekilli, sezilar-sezilmas bosh chayqadi. Keyin men chiqdim, bamaylixotir boraverdim, ko‘z qirimda ko‘ryapman, ularning ko‘zi menda, hammasi yaxshi edi, oftobro‘yaga chiqqanimni bilaman, haligi kattakon: “O-o chert! Sgni, satana!”, deb cho‘qina ketsa bo‘ladimi! Rangi sovuqligiga qaramay, o‘zi ko‘ngilchanroq ekanmi, yomon bo‘lib qoldi deng! Ikkitasi yugurib kelib, uni suyadi, bittasi ichkariga chopdi. Juda katta amaldor ekan, hammasini tipirchilatdi. Ichkariga chopgani bir stakan suv olib chiqdi. Men ketarimni ham, ketmasimni ham bilmay qotib turibman. Kattakonga dori ichirishdi, u o‘ziga kelgandan meni sekin imladi. Men oldiga bordim. U menga qarab turdi-da: “Chelovek kak chelovek, da pust jivyot. Tolko smotrite za…”, deb u yog‘ini aytmadi, men o‘zimcha tushundim.
Soyam yo‘qligi ancha vaqt kabinetlarda, xonalarda, dolonlarda, tushliklarda, o‘zim borimda ham, yo‘g‘imda ham ko‘p muhokama, tortishuv-bahslarga sabab bo‘lib yurdi. Ishxonamizga jon kirdi, masala bitta va buning chorasi yo‘qligi, chora topish hech kimning qo‘lidan kelmayotgani uchun hammaning boshi qovushdi, umumiy chorasizlik hamkasblarni ahil, bir-biriga qandaydir mehribon ham qilib qo‘ygan edi. Ilgari ishga qatnashim ertalab kelganlarga eshik oldida “temir daftar"ga qo‘l qo‘ydirib, keyin xonalarga bir-bir bosh suqib chiqadigan, kechqurun ketayotganlarga, endi xonasida qo‘l qo‘ydirib qoladigan Zuhra opamizni qiziqtirgan bo‘lsa, endi kelishim bilan hamma meni ko‘rgani kiradi, chin ko‘ngildan sog‘lig‘imni so‘raydi, ketayotganimda jo‘r bo‘lib yaxshi tilaklar bildirib xayrlashadi.
G’ulom aka ikki kundan keyin meni kabinetiga chaqirib, suhbatdan o‘tkazdi. “Men sizning yurish-turishingizda bir favqulodda narsa ko‘rmayapman. Lekin, bari bir, negativ hodisa. Raykomdagi o‘rtoqlar bilan maslahatlashdik, ishlayversin-chi, deyishdi. O’rganishadi sizni. O’zingizga qarang. Har kim bilan gaplashmang. Keyin… o‘sha yozuvchilarning asarlarini o‘qimay turing, ma’qulmi?”, dedi.
O’zim ham shu o‘rtada o‘ylab yurgan edim, chunki odaning soyasi yo‘qligiga tegishli u-bu narsalarni o‘qigandek edim. Xemingueyning bir asarida "Oftob charaqlab turmasa, matadorning soyasi yo‘q odamdan farqi bo‘lmaydi”, deb yozilgani esimda. Yana qaysidir kitobda o‘qiganman: frantsuz shoirlaridan biri, Mallarme bo‘lsa kerak, balki Rembodir, o‘rtog‘i bilan yo‘lda ketayotib, soyasiga qaragan-da: “Hozir shu soyamni sholchadek yumaloqlab, qo‘ltig‘imga olsam, nima deysan?”, degan. Shoirlar, bilasiz, shunaqa tesha tegmagan gaplarni gaplarni topadi, buni aytgan shoir ham soyasini yumaloqlab, qo‘ltig‘iga qistirmagan-u, lekin “Soyasi yo‘q odam"mi, “Soyasini yo‘qotgan odam"mi degan doston yozib shuhrat topgan ekan. Dostonni, turgan gap, ruschaga tarjima qilinmagani uchun, o‘qimaganman, frantsuzchani esa bilmayman. Faqat bir kitobda u haqda yozilganiga ko‘zim tushgan: kambag‘allarning soyasi oriq, boylarniki semiz ekani haqida aytilgan ekan, lekin qaysi kitobda - bu ham esimdan chiqib ketgan, lekin bu ma’lumot sahifaning o‘zida emas, pastidagi “snoska"da edi. Dunyoda kitobdan ko‘pi yo‘q, qaysi birining nomini yodingda saqlaysan. Lekin soyam yo‘qolib qolgandan keyin shu o‘qiganlarim esimga tushib, uydagi to‘rt mingdan oshiq kitoblarimning hammasini bir boshdan titib, o‘sha kitobni axtardim, topilmadi. Lekin ularda, bari bir, hayotda haqiqatan ham soyasini yo‘qotgan odam haqida aytilmagan-ku. Tashbeh, o‘xshatish, xolos. Meniki esa hayotda bo‘lyapti, soyam haqiqatan yo‘qolib qoldi.
Balki, balki… mening soyamning yo‘qolishi bilan o‘sha shoirning soyasini yo‘qotgan odam degan dostoni qandaydir robita bordir? Ya’ni o‘sha shoir xayolida soyasini yo‘qotgan odamni o‘ylab topgan, bu odam uning dostonida yashagan, bu dostonni bir adabiyotchi o‘qib, uni kitobiga kiritgan, u kitobni boshqa adabiyotshunos o‘qib, maqolasida tilga olgan, bu maqolani yana boshqasi o‘z kitobidagi “snoska"da eslatgan, buning kitobi o‘z navbatida rus tiliga tarjima qilingan, men shu tarjimani o‘qiganman, o‘qiyotganimda o‘sha shoirning soyasi yo‘q odami dostondan kitobga, kitobdan maqolaga, yana kitobga, keyin tarjima kitobga, undan menga o‘tib qolgan-da, bir necha yildan keyin mening soyamni yo‘qotgan, ya’ni o‘sha soyasi yo‘q odam o‘sha shoirning xayolidan, yo‘q, dostonidagi botiniy shuuridan dostonni o‘qigan adabiyotchining botiniy shuu…iga, undan boshqasining, oxiri tarjimonning botiniy shuuriga, undan esa mening botiniy shuurimga emas, hayotimga o‘tib qolgan. To‘pori g‘oyaviy Mirqosim aka, umuman, kitob o‘qimasa-da, shu ma’noda haq bo‘lib chiqadi: o‘qiganlarim menga ta’sir o‘tkazgan… Firt bema’nilik, lekin hech boshqa ma’nili izoh topolmay, miyam qaynab ketadi! Bunaqa gaplarni hamkasblarimga aytmayman, chunki soyam yo‘qolgani yetmagandek, meni aqldan ozganga chiqarishlari ham mumkin.
Shusiz ham o‘zi hammasi men bilan shug‘ullanyapti. Soyamni yana paydo qilish uchun komissiya ishlayapti, meni bir juda tajribali professorga ko‘rsatishdi. Oqsoch, basavlat odam ekan, chirt uzilib ketay deb turgan ko‘ylagining tugmalari tagidan qornining juni ham ko‘rinib turadi. Tizzalarimga rezinka bolg‘acha bilan urdi, qorachig‘imni u yoqqa qarang, endi bu yoqqa deb rosa tekshirdi, qovog‘imni chappa qilib ko‘rdi. “Ko‘p o‘qiysizmi?”, dedi. Men umidlanib: “Ha, ko‘p o‘qiyman, ko‘p o‘qishdan ham soya yo‘qolishi mumkinmi?”, dedim. “E-e, yo‘g‘-a, jinday toliqish bor, boshqasi hammasi normada. O’qiyvering. Mana, biz o‘qib professor bo‘lganmiz, soyamiz yo‘qolmagan-ku”, dedi. Keyin negadir: “Ichingiz qotmaydimi?” deb qoldi. "Nima edi?” dedim - har bir savolidan umid qilyapman-da. “Ko‘p o‘tirib kitob o‘qigan odamda ich qotish bo‘ladi”, dedi professor bamaylixotir. “Yo‘q, menda unaqa emas”, dedim. “Ta-ak, oilangizdan hech kimning soyasi yo‘qolmaganmi? Vaqtincha bo‘lsa ham?”. “Yo‘q”, dedim. “Ajdodlaringizda-chi?
Bobo, buvi, ammo, xola, xullas, hammasida?”, deb so‘radi. Sal nafsoniyatimga tegdi, “Yo‘q, bo‘lmagan! Men ruhiy kasal emasman-ku, domla!”, degan edim. "Shunday, - professor jahlimga parvo ham qilmay. - Lekin biz hamma tomonni so‘rashimiz kerak”. Oxir-oqibat, professor menga hech qanaqa tashxis qo‘ya olmadi, komissiyaga o‘zimning oldimda: “Bu juda noyob hodisa, zamonaviy tibbiyotda bu hol ko‘rilmagan ham”, dedi. Buni o‘zim ham bilardim. Lekin komissiya degani bari bir tadbirlar tuzishi va shu haqda hisobot berishi kerak, bir marta yig‘ilish o‘tkazib, menga shu tuzilgan tadbirlarni o‘qib berdilar. Asosan, “o‘rtoq Falonchi Falonchievning soyasini topish masalasi har taraflama chuqur o‘rganib chiqilib, qat’iy zora tadbirlar ishlab chiqilsin”, deganga o‘xshagan odatiy gaplar. Meni hayron qoldirgani shu bo‘ldiki, mehnat intizomimni qatiy nazoratda ushlash chora-tadbirlari ham bor ekan. “Ishga shusiz ham o‘z vaqtida kelib-ketaman-ku”, dedim. “Endi, o‘rtoq, shu modda bo‘lmasa bo‘lmaydi”, deb uqtirishdi. "Ma’qul”, dedim. Faqat endi bechora Zuhra opa meni poylayman, har kungi do‘kon kezishlaridan mahrum bo‘lar ekan.
Lekin mening soyam yo‘qolgani bir tomondan ishxonadagi mehnat intizomini yaxshiladi. Ishxonadagi hayot men tufayli qiziq bo‘lgani bois, hamma, yangilikdan quruq qolmay deb ishxonaga o‘z vaqtida keladi, vaqtidan o‘tkazib ketadi. Hatto boshlig‘imiz yuqoridagi rahbarlar meni ko‘rgani kelib qolishini o‘ylab, ishxonadan qimirlamaydi, amali bundan karra ko‘tarilib ketgandek, yurish-turishlari ham o‘zgarib qolgan, lekin menga quyuq muomala qiladi, xonamizga ham kirib: “Xo‘sh, ukam, qalay, hali ham yo‘qmi?”, deb so‘raydi, ishdan bo‘shatishni xayoliga ham keltirmaydi, aksincha, hatto, bir-ikki odamdan eshitdim, men bilan faxrlanar ham emish, “Shu yigitni asrashimiz kerak, bir xosiyati bor”, degan emish bir joyda. To‘g‘ri-da, meni deb u rahbar bo‘lgan ishxona og‘izga tushdi. Tumonat odam kelib ketyapti.
Boshlarida odamlardan qochgani joy topolmay yurdim. Ko‘rgani kelishgani yetmagandek, kun-kunora choyxonaga sudraydilar. Buni qarang, ishxonamizdagilar boshqa joydagi jo‘ralari bilan odamning soyasi bo‘lmasligi mumkinligidan oshga garov o‘ynab, turgan gap, albatta yutib chiqadi. Avvallari jahlim chiqdi, lekin o‘ylab ko‘rsam, hamkasblarim meni soyasi yo‘q deb qatordan chiqarib tashlamayapti-ku. aksincha davralariga olyapti, choyxonaga borishning nimasi yomon, yosh men uchun bo‘ladi-ku!
Borib-borib keyin hammasiga o‘rgandim, qarangki, keyin odamlar ham ko‘nikdi: yo‘q narsani tomosha qilaverishning qizig‘i qolmadi. Oldinlari qachon soyam yo‘qligidan gap ketsa, Barot o‘sha yerda bo‘lar, “Ikkovimiz Xalil mo‘ylovning lag‘moniga ketayotgan edik, birdan qarasam, buning soyasi yo‘q! Rostdan yo‘g‘-ey! X,ayro-o-on qoldim”, deb boshlasa, men qolib, uni odam o‘rab olar edi. Borib-borib uning hikoyasi boyib, boyib, o‘ziga yod bo‘lib ketdi, qiziqib kelgan odamlar, meni ko‘rgandan keyin albatta, unga ham uchrar edilar. Vaqt o‘tib, uning gaplari ham zerikarli bo‘lib qoldi.
Bu orada Mashhuradan umid uzib, institutiga bormay yurgan edim, tashvishlanib o‘zi keldi. “Tinchlikmi, yo mendan xafamisiz, na telefon qilasiz, na ko‘rinish berasiz?”, deb o‘pkaladi. Uning yosh to‘layozgan ko‘zlariga qarab, tomog‘imga bir narsa tiqildi, axir, shunday qizdan ayrilish osonmi?
- Yuring, ko‘chaga chiqaylik, - dedim vidolashuv ohangida.
- Yo‘q, shu yerda ayting, nima bo‘ldi? - dedi u oxirgi gaplashishimiz ekanini ko‘ngli sezib.
- Bo‘ldi bir narsa, - dedim o‘zimni zo‘rg‘a tutib. - Ko‘chada aytaman… ko‘rsataman.
O’zim yo‘l boshladim, Mashhura es-hushi uchib menga ergashdi.
Oftob charaqlab turgan edi, mening baxtsizligimga butun dunyoni nurga to‘ldirgan, hamma narsa o‘z tagiga soya tashlayotgan edi.
- Mana, qarang! - dedim.
Ko‘zimga yosh kelganidan o‘zim Mashhuraga qaray olmadim, yuzimni teskari burdim.
- Ko‘ryapman, - dedi Mashhura qulog‘im tagida.
- Nimani? - dedim, Mashhura bilan oxirgi ko‘rishuvim shu ekanidan ko‘nglim idrab.
- Soyangiz yo‘qligini! - dedi Mashhura.
Bor kuchimni to‘plab Mashhuraga qaradim, uning ko‘zlari kulib turardi. Yuragim hapriqib ketdi.
- Xo‘sh? - deb g‘uldiradim.
- Sizniki bo‘lmasa, mana, meniki bor-ku!
Mashhura qo‘ltig‘imga kirdi-da, ikkala qo‘li bilan mahkam changalladi.
- Mana, bitta soya bo‘ldik! Yetadi ikkalamizga ham!
Bu charaqlab, olamni yorishtirib turgan oftob ostida mendan baxtiyor odam yo‘q edi.
Ko‘p o‘tmay to‘yimiz bo‘ldi, oftob charaqlab turgani qo‘ltiqlashib yuramiz, bizga qaragan birovning “juda madaniy er-xotin ekan” deb havasi kelsa, boshqa birovining ensasi qotadi, “O’ birodar, mahkamroq qo‘ltiqlang, bo‘lmasa qochib ketadi!”, deydi, men kulib Mashhurani mahkamroq qo‘ltiqlayman, ikkovimizning soyamiz atigi bitta ekanini qaraganlar bilmaydi.
Yashab yuribman. Bulutli kunlari bemalol, oftob charaqlab turgan kunlari ko‘chada hali ham bir-da yarim odam soyam yo‘qligini ko‘rib, angrayib qoladi, beparvo o‘tib ketaveraman. Ba’zilari to‘xtatib: “Og‘ayni, qiziq, sizning soyangiz yo‘qmi yo ko‘zimga shunday ko‘rinyaptimi?”, deb erinmay so‘raydi. “Qo‘ysangiz-chi? Odamning ham soyasi bo‘lmaydimi? Anavi yalpayib yotgan narsa soyam bo‘lmay nima?”, deb soyam tushishi kerak bo‘lgan joyga xuddi uni ko‘rayotgandek qarayman. So‘ragan bechora o‘sal bo‘lib, o‘zining tomidan xavotir olib qoladi. Qizig‘-ey, agar soyangiz bo‘lmasa ham u xuddi bordek bemalol yursangiz, ko‘rgan odamlar ham o‘z ko‘ziga ishonmay, sizni soyasi bor deb o‘ylar ekan. Lekin uch-to‘rt kishi birdan soyam yo‘qligini ko‘rib qolsa, bunday qilish qiyin. Uch-to‘rt kishi birgalikda “Ko‘zimizga shunday ko‘rinyapti shekilli”, deb ayta olmaydi, hatto ular har bi,i o‘zicha aqldan ozsa ham birgalikda birdek aqlli bo‘lib qoladilar. “Mana, og‘ayni, uch-to‘rt kishi ko‘rib turibmiz, soyangiz yalpayib yotgani yo‘q, umuman, yo‘q”, deb turib oladilar. Mening ham tajribam oshib ketgan, soyam tushishi kerak bo‘lgan joyga qarayman-da: “E-e, to‘g‘ri, lekin o‘zi bor, ishxonamda. Hozir tushlikka chiqayotib, oyoqqa ilashib xalal beradi deb, ishxonaga tashlab keldim”, deyman. Haligilarni ko‘rsangiz! Zavqim keladi: “Rost-da, yerda sudraladi, xas-xashak ilashadi, kirlanadi, uni yuvib beradigan xotin hali yo‘q, o‘zim tozalayman. Soya o‘zi qora bo‘lsa ham uni toza tutish kerak, axir!”, deyman. O’zlarining tomoshasi chiqadi, kalima qaytaradi yo shosha-pisha cho‘qinib qo‘yadi.
Ishqilib, goh unday, goh bunday, bemalol yashab yuribman lekin…
Ko‘p o‘ylayman, mening soyam rostdan ham yo‘qolganmi yo bu voqealarning hammasini xayolimda o‘zim o‘ylab topib, keyin shunga ishonib qolmaganmikanman? Unda haligi yozuvchilar o‘sha kitoblarni yozgan-ku, men ularni o‘qiganman-ku, deyman. Shuncha narsani, odamlarni, ularning majlisda meni muhokama qilganlarini xayolimda to‘qiy olmayman-ku, soyasi yo‘qotgan odam bo‘lsam ham shular bilan ishlab yuribman-ku, raykomda, undan yuqorida ishlaydiganlarni, bir gap bordirki, meni kuzatishga majbur qilyapman, ular g‘oyamni tekshirmoqdalar, nazoratda tutib turibdilar, deyman.
Bitta odam xayolida shuncha narsani o‘ylab topib, keyin buni hayotga aylantira olmasa kerak. Ainiqsa shuncha kitobni. Butun boshli dunyo-ku. Yana Shklovskiyning kitobida bir xitoy rohibining tush ko‘rgani, tushida kapalakka aylangani, uyg‘onganidan keyin, o‘sha tushim tushmidi yo hozirgi hayotim kapalakning ko‘rayotgan tushimikan, deb farqiga borolmay qolganini she’riyatning chiroyli misoli sifatida tilga olib o‘tilganini o‘qiganman. Lekin uniki, unisi bo‘lsa ham, bunisi bo‘lsa ham, bari bir, tush. Bunaqa tushlarni bizning Barot ham ko‘radi - bir kuni ertalab uyidan keldi-da: “ Qizig‘-ey! Bugun tushimda Hayotning tushini ko‘ribman!”, deb talmovsiradi. Men Barotning shu kallasiga shunday chiroyli tashbeh kelsa-ya, deb hayrat bilan: “Hayotning tushi!”, deb yuboribman. “Hayotning tushida men hali ham ikki yashar bola, ko‘rpachaning ustida yig‘lab o‘tirgan ekanman. Onam kelib: "Bo‘ldi-da, Barotjon, quloqdan quloq qolmadi, deb qo‘limga kulcha beribdi. Kulchaga qo‘lchalarimni uzatayotganda uyg‘onib ketdim”, dedi Barot. “E-e, o‘g‘lingni aytyapsanmi?”, dedim. “Ha-da, otini otimga uyqash qo‘yganman. Qara-ey, o‘zimning shundayligimni tush ko‘rsam ham boshqa gap edi, tushimda, ey, aqling yetyaptimi, Hayotning tushini ko‘ribman, uning tushida men Hayotdek yosh bolaman, yig‘labman! Qizig‘-a, nega bunaqa bo‘ladi?”, dedi Barot ma’yuslanib. Men indamadim. Insonning ko‘ngli juda sezgir, Barot o‘ziga uyqash qilib ot qo‘ygan Hayotiga juda mehribon, hatto Hayotginam uxlaganda tush ko‘rsa, tushida yolg‘iz qolib qo‘rqmasmikan, deb ko‘p o‘ylagan, shuning uchun tushida o‘g‘lining tushiga kirib, uning holatida o‘zini ko‘rgan. O’ziga tushuntirmadim, chunki aytganim bilan bari bir tushunmaydi.
Nima bo‘lmasin, Barotniki ham, xitoy rohibiniki ham tush. Meniki esa esa hayot! O’ngimda bo‘lyapti. Tushim bo‘lganda, tushuntirib berardim. Tushunmayapman ham, tushuntirib ham berolmayman.
Soyam yo‘q, lekin yashab kelyapman soyamni yo‘qotgan bo‘lsam-da…
Ahmad A’zam. Soyasini yo'qotgan odam (hikoya)
1986 - 2000