OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Majnuntol tagida... (esse)

Men “Guliston” jurnaliga yangi ishga kelganman, tutash kirdi-chiqdi ikki xonaning oyoq osti joyidan bitta stol tekkan, shu yerda o‘tirib ishlayman. Chekimga she’r qarash tushgan, har kuni dasta-dasta “she’rlar”ga javob yozaman, shoir bo‘laman deganlar bilan tortishib, baobro‘ jurnalimiz sha’nini himoya qilaman. Stolim oldida dermantin qoplamasi toshday qattiq bir eski kursi — kamina adabiyotga da’vogarlarni shu kursiga o‘tirg‘izib qabul qiladi. O‘zimning kursim ham avlo emas-u, lekin bunisi shunday baobro‘ jurnalning salobatiga sira to‘g‘ri kelmas, o‘tirgan odamning boru yo‘q obro‘sini ham yerga to‘kar edi.
Bir kuni Mirtemir domla o‘z oyog‘i bilan kirib kelib, shu kursiga lop etib o‘tirib olsa! Ha, o‘zi kirib keldi, menga bir bosh irg‘ab, shu kursiga o‘tirib oldi. Asqad Muxtorning muhtasham kabineti, Vahob Ro‘zimatovning hayhotdek xonasiga kirmay, to‘g‘ri mening oldimga kelibdi. O‘rnimdan sapchib turdimu qaytib o‘tirishni bilmay kalovlanib qolaverdim. Ha, aytgancha, Mirtemir o‘sha davrning gumbur-gumbur “buyuklar”i sirasiga kirmas, o‘zim o‘qiydigan dunyo adabiyoti balandliklaridan qaraganda ham qandaydir tinch, dardini ichiga yutgan, tig‘dek o‘tkir nur taratib turadigan bir cho‘qqi, shaxs sifatida ulug‘ kamtar edi. Uning yuksakligi o‘zi bilan edi. Mana, shunday shoir: “Ahmadjon sizmi, she’riyatga siz qarar ekansiz, hukmingizga bir nechta she’r olib kelgan edim”, deb turibdi! Hukmimga! Mirtemirning she’rlarini ko‘zga surtib, o‘qimay ham tushirib yuboramiz, iloji bo‘lganda yo‘talganini ham bosib chiqarsak! Shu ma’noda bir nima deb g‘uldiradim. “Yo‘q, Ahmadjon, men sizga o‘qib beraman. Ma’qul topsangiz, olasiz”, dedi domla.
Mirtemir she’r o‘qishga tushdi. O‘sha qo‘sqi kursida, odam o‘tib-qaytadigan yo‘lakda. Uning sal xasta, lekin tiniq ovozi bor ekan, ovozki, sayqal topgan dard.
Tasodifni qarangki, jurnal tushib ketgandan keyin nafas rostlash haftasimi, shu kuni shu ikki xonada ikkalamizdan boshqa hech kim yo‘q edi. Baribir hozir birov kirib xalal berib qolmasa deb qizg‘anib o‘tirdim. Shoirning diydorini boshqa odam bilan baham ko‘rgim kelmasdi.
Ochig‘i, shoir she’rlarini o‘qiganda qandayligini ichimda baholashga ham haddim sig‘may o‘tirdim. O‘qib bo‘lib sekin so‘radi: “Qalay? Nima deysiz?” “E-e, nima ham deyman, domla! Juda ham zo‘r!” dedim shosha-pisha. Qo‘limni cho‘zdim: “Bering, hammasini bosamiz”, dedim.
“Yo‘q, bo‘tam, — dedi Mirtemir, meni “bo‘tam” deganiga shoirning yaqin odami bo‘lib qolgandek mamnun edim. — Ko‘chirib kelay, keyin olasiz”. “Yo‘q, yo‘q. Ovora bo‘lmang. Mashinistkamiz ko‘chirib beradi”, dedim. Mirtemir qo‘lidagi dasta qog‘ozning yuzini ko‘rsatdi: “Bularni mashinistkangiz ko‘chira olmaydi-da. Fikringizni bilish uchun olib kelgan edim. Bo‘ldi, o‘zim tayyor qilib kelaman”.
Mirtemir she’rlarini bijir-bijir arab imlosida yozar ekan. Universitetda bir yil fors, bir yil urdu tilidan dars olgan bo‘lsam-da, domlaning dastxatiga tishim o‘tmasligi aniq edi.
Vijdonim qiynalgani ana shu yerdan boshlandi: domla she’rlarni hozirgi imloga o‘tkazib, o‘zi olib kelib bermoqchi bo‘ldi, men: “Siz ovora bo‘lmang, o‘zim borib olib kelaman”, deb turib oldim, domlani ko‘ndirmaguncha qo‘ymadim. Oxiri kelishdik, shanba kuni ertalab domla meni uyida kutadigan bo‘ldi.
 Shu shanba kuni ertalab yomg‘ir yog‘di. Kaminaning shamsiyasi yo‘q, keyin shoir bilan uchrashuvdan hayajonlari bosilgan, ustiga ustak, bir shoir jo‘ramiz yo‘qlab kelib qoldi, ikkovlashib uchinchi shoir jo‘ramizni so‘roqlab bordik, suhbatimizga “suyuq yonilg‘i” quyildi, kalla qizidi-da, Mirtemirnikiga ayni shu bugun bormasa ham bo‘ladigandek tuyulib qoldi. Astoydil yig‘lasa so‘qir ko‘zdan ham yosh chiqadi deganlaridek, yo‘qsillarning cho‘ntagidan barakali suhbatga yetarli pul chiqib turib, kunduzni tongga, tongni ertasi kunga ulab yubordik. Kambag‘al bo‘lsak ham ko‘nglimiz boy damlar edi-da.
Dushanba kuni ishga kelsam, o‘sha yag‘ir kursida Mirtemir domla meni kutib o‘tiribdi!
“Xayriyat! – dedi domla salomimga alik olib. — Juda xavotirda keldim. Shanba kutdim, kecha yo‘lingizga ko‘zim to‘rt bo‘ldi. Boray desam, na turar manzilingizni bilaman, na telefoningizni. Jurnal bu kunlari ishlamasa. Yosh yigit narsa, musofir, yolg‘iz tursa kerak, yomg‘irda ko‘chaga chiqib, qattiq shamollab yotib qolgan bo‘lsa-ya, biron qarovchisi yo‘q degan xayollarga bordim. Qalay, bo‘tam, tuzukmisiz? Mana, o‘zingizni ko‘rib ko‘nglimning hovuri bosildi”.
Qay ahvolga tushganimni tasavvur qilavering: Mirtemirdek insonni ikki kun -mustar qilibman! Juda uyaldim. Ming yomg‘irga qaramay borsam bo‘lar edi-ku. Xay, jo‘ralar har kungi jo‘ra-da. Keyin, domlaning qo‘li ishga bormay, she’rlarni ko‘chirmabdi ham. Bugun esa faqat meni ko‘rib, ko‘nglini joyiga tushirish uchun kelibdi!
E-e tavba, odam ham shunaqa odamoxun bo‘ladimi! Men Mirtemirning shogirdlari sirasiga kirmas edim, u kishini bir-ikki uyushma majlisida uzoqdan ko‘rgan edim, xolos. Endi esa uyiga borib, bir piyola choy ichib kelmasam she’rlar ham bo‘lmas ekan!
Bir kunni kelishdik, bu gal va’dani buzmay bordim. Mirtemir oppoq, juda ham oppoq dasturxon yozdirib kutib o‘tirgan ekan. Esimda qolgani: domlaning oldida mayda chorburchak kesilgan oq qoqnon. Mening oldimda patir. Qolgani esimda yo‘q. Ovqat kelganda ham domlaga tiniq milmilak sho‘rva, menga sergo‘sht qovurdoq. “Doim parhezdaman, menga qaramang”, deb izoh berdi. Keyin so‘radi: “Bo‘tam, ozgina no‘sh etasizmi?”. Bir zum angrayib turdim. Boshdan ishni pishiq qilganimda-ku domlaniki tabarruk deb no‘shning ham changini chiqarib yuborar edim-u, lekin noqulay, ham haddim sig‘madi.
Shusiz ham gap gapga qovushdi, domla ochildi va kutmaganimda bir she’r o‘qib berdi.
 
O‘pirib-o‘pirib O‘rmonjonga suz,
Shopirib-shopirib Shodmonjonga suz.
Qarama hech kimning qosh-qovog‘iga,
Davring kelibdi-da, hukmingni yurgiz.
 
“Domla, buni ham ko‘chirib qo‘ydingizmi?” deb so‘radim. “Yo‘q, bo‘tam. Buni bermayman. Tinch o‘tiraylik. Hali bular ot ustida”, deb shoir siniq jilmaydi.
Shu, uzr, uchinchi satrni men shunday eslayman, sal boshqacharoqdek edi shekilli, lekin to‘rtlikning tagma’nosi bitta — adolatsizlik edi. Sirtqi ma’nosi uyushmadagi bir g‘irromlikka ishora: domla ko‘p qatori leniniana poygasiga qo‘shilib, “Lenin haqida doston” degan baquvvat asar yaratgan. Asarning shov-shuvi ham salobatli edi. Shu doston o‘zbek adabiyotidan leninianaga munosib hissa sifatida Lenin mukofotiga qo‘yilgan yo qo‘yilmoqchi bo‘lgan, ishqilib, shu gap chiqqan. Uyushma ustunlari — o‘zbek adabiyotining o‘sha vaqtdagi otalari qarasa, shunday yuksak mukofot oldin ijtimoiy xavfli yot unsur, hozir ham minbarlarda shiddati yo‘q ozg‘in bir boboyga ketib qolyapti. Bu yoqda sho‘roga xizmat qilib qo‘ygan, uning mo‘‘tabar kursilarida o‘tirib she’riyatni o‘tirg‘izib-turg‘izayotganlar bor! Mirtemirga Hamza mukofoti ham bo‘laveradi, bu ham katta himmat, jon desin! Xullasi, Mirtemir chetga surilib, boshqa bir shoiri kalonning dostoni o‘sha mukofotga qo‘yilgan, keyin baribir ololmagan.
Bu gaplar, endi, chet-chopda turib eshitib qolganlarimiz. Bunaqa mukofotlar biz yoshlarga tushimizda ham tegmasligini bilganimiz uchun o‘ngimizda ham qiziqmas edik. Keyinroq umumga tekkan obro‘mandlik kasali bizga ham tegmay qolmadi, lekin endi navbatimiz kelganda bu ittifoq degani orden-medal, mukofotu unvonlari bilan girdibodga yutilib ketdi.
Lekin qiziq o‘yin, tuyaqush siyosatidek keti ochiq va besharm edi obro‘ talashish ham. Mirtemir domla ko‘ngli ranjiganini birovga doston qiladigan odam emas edi. Mirtemir o‘sha ko‘p buyuklar orzu qilib erisha olmagan juda ulkan mukofot sohibi: uning o‘lanlari avjida dashtlar gul ochib, zamon uyg‘onib, dunyo-dunyo gasht bilan olam to‘lg‘onib yotar, ya’ni uning ka’basi, ezgu ehromi she’riyati, og‘u ham bol to‘la bebaho jomiga shaydolar son mingta edi, shu bois ranjiganini kichkina bir lutf qilib qo‘ygan, xolos.
E-e, bu unvonu mukofotlarning orqasida talay imtiyozlar bor edi-da. Mirtemir domla ham qarigan xasta holimga kunimga yaraydi, bu sho‘roning azobini ko‘rdim, ozgina rohatini ham ko‘ray-da, deb o‘ylagan bo‘lishi mumkindir. Sho‘ro davri butun qatag‘onlariyu mehnat jabhasidagi g‘alabalari, qator-qator orden-medallari, qahramonlik unvonlari bilan tarix sahifasini tark etdi, uni kuylagan ne-ne ordenu unvon sohiblari ham to‘rdan tushib qoldi. Qiziq, shularni ko‘rgan bizga ham bu mantiqsiz damlar bo‘lmagandek tuyuladi.
 Mirtemir haqida yozilgan biografiyalarda hayotining kattagina bir davri bo‘lmagandek. Boshda har yili, keyin ikki-uch yilda bittadan to‘plam chiqarib turgan shoir 1939 yilgi “Ko‘zi” to‘plamidan keyin to‘satdan sukutga ketgan-da, 1957 yiliga kelib paydo bo‘lgan va “Qoraqapoq daftari”ni chiqargan. Oradagi o‘n sakkiz yil qayoqqa ketdi? Bu o‘n sakkiz yil shoir yashamaganmi? Yozmaganmi? Ka’basi she’riyatni tashlab, faqat o‘lan eshitgani Iqoniga ketib qolganmikan? O‘zi ham aytadi-ku:

G‘o‘za ham ekkanman, juvari, kunjut,
Qo‘limda raqs etur teshayu randa,
Yo‘l ham, qo‘nalg‘a ham mo‘l bu Vatanda,
Kamchil ham bo‘lganman, to‘q, quvnoq va but...
 
Chuvak ham tikkanman, mol ham boqqanman,
Quduq ham qazganman naq o‘n bir quloch,
Zilol suvlarida yuvishardi soch,
Ne-ne qiz sochiga lola taqqanman.
 
Taqdirimga hech ham o‘pka qilmayman,
Qo‘limdan kelmaydi degan pesha kam.
Ba’zan ko‘zlarimda tomchi-tomchi nam.
Hanuz she’r yozishni bilmayman...
 
 Bu she’r zamirida hamma g‘amni ham vallomatlik qilib ko‘tarib ketgan odamning hayotdan ginasi bor, go‘yo mehnat quvonchi, go‘yo qishloqning ohorli manzaralari, lekin tubi achchiq. Chuvak tikishi, mol boqishi, ayniqsa, ne-ne qizlarning sochiga lola taqishi va... “Ba’zan ko‘zlarimda tomchi-tomchi nam, Hanuz she’r yozishni bilmayman”, degan e’tirof Mirtemirning tarjimai holida aytilmaydigan manzillariga ishora beradi, shoirona tomchi-tomchi ko‘zyosh tashbehlari tagidan hasrat sing‘ib turadi. Mirtemir bu ishlarni qilmagan, balki tubsiz quduq tagida osmon yorug‘ligiga qarab orzulagan. Qatag‘on qilinib, shu kichkina-ixcham jussasi bilan Moskva — Volga kanalini qazishga etap qilingan kezlari sog‘ingan qishlog‘i, chuvak ham tikish, mol ham boqish, o‘n bir quloch quduq qazish o‘sha aristonning orzulari bo‘lgan, ayniqsa, qizlarning zilol suvlarda yuvilgan sochiga lolalar taqishi zindonbandning ko‘nglidagi erkinlik orzulari, yuragi qonab turgan odamning zo‘rdan jilmayishi. Uning she’rlari nechog‘li sho‘x-shodon, qochirimlarga boy, chiroyli pardali bo‘lmasin, baribir darddan, ochiq aytib bo‘lmaydigan dardlardan yaratilgan edi. Qatag‘onda otilganlar otilib, o‘lganlar o‘lib ketdi, lekin tirik qaytganlarning og‘zi muhrlangan, dardini faqat o‘ziga aytar edi. Ovozini chiqarmay. Mirtemir yurak yutib aytgan bu sodda satrlar bekorga yuraklarni zirqiratmaydi:

Majnuntol tagiga o‘tqazing meni,
Boshqalar yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim.

O‘zimning pushaymonlarim bor: shu bir-ikki uchrashuvda yaqin bo‘lgandek bo‘ldik, Mirtemir yuragini ochib gapirdi. Hozirlari o‘zimdan xafa bo‘lib ketaman: domlani gapga solib, boshidan nimalar o‘tganini bir-bir yozib olmaymanmi! Shu to‘rtlikni o‘qish bilan katta ko‘ngil kitobi ochilay degan edi-ku! Men nodon dunyo adabiyotiga shaydoman deb yonimdan o‘tib ketayotgan ozurda dunyoni ko‘rmaganman. Bu dunyo ikki yildan keyin qaytish bo‘ldi, o‘zi bilan qatag‘onning aytish ta’qiq hasratlarini olib ketdi, bizga faqat ishoralari qoldi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 43-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.