Birinchi SMS to‘yning ikkinchi kuni ertalab, Zebo kelinlik libosida o‘zini biroz o‘ng‘aysiz sezib, hovli sahniga olachalpoq qilib suv sepayotganida keldi.
“Tabriklayman. Bir-biringizga juda monandsizlar. Havasim keldi. Baxtli bo‘linglar. Qani endi, menga ham sizdek bir go‘zal qiz uchrasa”.
Zebo kim tabriklayotganini bilmasa-da, ko‘ngli biroz yorishdi. To‘y chiroyli o‘tdi, ammo ko‘nglida ozroq xavotir ham yo‘q emasdi. Javlon bilan tanishganiga, aniqrog‘i, tanishtirishganiga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Durustroq gaplashishga ulgurishmadi ham. Kuyov nomdor firmada ishlar ekan, uchrashuvga chiqishga arang vaqt topdi. Onasiga: “Men u bolani yaxshi bilmasam...” degan edi, “To‘ydan keyin bir-biringizni yaxshilab bilib olasizlar, vaqtingiz yetib ortadi”, deyishdi. Sinfdoshlaridan birini xushlab yurardi, ayta olmadi ham.
To‘yni tezlashtirishdi. Kuyovning singlisi chet elga ketishi kerak ekan. Qiz tomonning: “Biroz vaqt beringlar, uyimizni ta’mirlayotgandik”, degan gapiga hech kim quloq tutmadi.
Ikki kun avval hashamatli “Orzu” kafesiga odam sig‘may ketdi. O‘ziyam, aytilgan bir kishi o‘rniga uch kishi keldi-yov. Kelinning qulog‘iga: “San’atkorlar navbat kutib qolishdi, ana, bittasi arazlab ketvordi”, degan gap chalindi.
Qistir-qistir avjiga chiqdi. Varettechi qizlar avval o‘rtadagi sahnada raqsga tushishdi, keyinroq davra aylanib, shunaqangi muqom qilishdiki...
Zebo, yangalari tayinlaganlaridek, ibo bilan, odamlarga qaramay, kazo-kazo odamlar qutlov so‘zlari aytishganida, kuyov bilan birga o‘rnidan turib, to‘y adog‘ida juda horidi. Tomog‘i qaqrab ketdi. Shundoqqina oldida turli sharbatlar turibdi, ammo dasturxonga qo‘l uzatsam yaxshi bo‘lmas, deya sabr qildi.
Bir-ikki Javlonga o‘girilib qaragisi keldi. Yomon yigitga o‘xshamaydi. Hurmati joyida shekilli, shu yerning o‘zida ham to‘yona yig‘ib ulgurmayapti. Hozir ortiqcha qilig‘i yo‘q yigitlarni topish hammaga ham nasib qilavermaydi. Omad deganlari shu bo‘lsa kerak-da...
Kuyov yonida o‘tirgan kelinchakka uncha e’tibor bermadi. Kuyovjo‘ra bilan allanimalarni pichirlashib o‘tirishdi. Ora-chira qo‘l telefoniga javob berib, “rahmat-rahmat” dedi, kimlargadir topshiriq berdi, bittasiga: “Ho‘ maraz, sanga ertagacha srok, olib kelmasang, bilasan-a, yanchib tashlayman”, deya do‘q urdi.
“O‘zini tutib o‘tiribdi, shunisi yaxshi”, deb o‘yladi Zebo.
* * *
Oradan ikki kun o‘tib, yana SMS keldi.
“Kecha azonda nahor oshga ketaturib, ko‘zim tushib qoldi. Qaynonalar kelinchaklarni sira ayashmaydi-da. Tongda ko‘chani supurish shartmi? Qaddi-qomatingizga supurgi yarashmabdi. O‘zingizni ehtiyot qiling. Kuyovbolaga hali ko‘p kerak bo‘lasiz”.
Erta-azonda kelin bo‘lib tushgan hovlini supurish qizlarning qulog‘iga juda erta quyiladi. Zebo buni yaxshi biladi. Ammo shundoq ham kech yotib, saharmardonda turish qiyin bo‘larkan. Shularni o‘ylab turganida, notanish kishining bu tasallisi yoqib tushdi. Shu yaqin-atrofda yashaydigan qo‘shnilardan bo‘lsa kerak. Telefon raqamini qaerdan bila qoldiykin?..
O‘ylab o‘yiga yeta olmadi, Javlon “Choyni oyimlar bilan birga ichamiz”, deganida xayoli bo‘lindi. Ichkariga kirib, kiyimini o‘zgartirdi, big‘illab qaynayotgan samovarni ko‘tarib, so‘ri tomonga yurdi.
Keyingi hafta tig‘iz o‘tdi. Kuyovning qarindoshlari o‘ziga to‘q kishilar ekan, biri qo‘yib, ikkinchisi kelinchakni yo‘qlab kelishdi.
* * *
Javlon uch-to‘rt kunga viloyatlardan biriga xizmat safariga ketdi.
SMS keldi.
“Zebo, zerikmayapsizmi? Kafeda sizlarni ko‘rib, to‘g‘risi, mening ham uylangim kelib ketdi. Javlondan bir yosh kichikman. Biznesni birga boshlaganmiz. Ichidan pishgan bola. O‘zidan so‘rab yurmang. Rashki yomon, sizni xafa qilib qo‘ymasin tag‘in...”.
Kafeda o‘tirishganini ko‘ribdi-da. Kecha Javlon ikkovi kechgi ovqatdan keyin, ochiq havoda biroz aylanamiz deya ko‘chaga chiqishgandi. Yangi ochilgan kafe ekan, bir chetda o‘tirib, muzqaymoq yeyishdi. Katta zalda nikoh bazmi boshlanib, tez chiqib ketishdi. Shu ham oshkor bo‘libdi-da. Mahallaninng shunisi yomon, chumchuq bir shoxdan ikkinchisiga o‘tsa, yetti xonadon eshitadi. “Rashki yomon...”. Qiziq, bu pismiqdan hali ko‘p gap eshitaman shekilli...
Pismiq uzoq kuttirmadi.
“Zebo, bugun sizni atlas ko‘ylakda ko‘rib, hushimni yo‘qotayozdim. Dunyo dunyo bo‘lganidan beri hali hech bir kelinchak bu qadar latofatli ko‘rinmagan. Atlas sizni emas, siz atlasni bezabsiz. Menga qolsa, shu ko‘ylakdan boshqasini kiymang.. Ammo men kimman, bir bechoraman, bunday deyishga haqqim yo‘q...”.
Ana xolos! Bu “bechora” haddidan osha boshladi-ku. Nima, qaysi ko‘ylagimni kiyishni undan so‘rashim kerakmi? – Zebo avvvaliga biroz achchiqlanganday bo‘ldi. Hovlidagi yumushini tashlab, beixtiyor yotoqxonaga qarab yurdi. Ichkariga kirib... atlas ko‘ylagini qo‘liga oldi. Kiydi. Oyna oldiga keldi. “Dunyo dunyo bo‘lganidan beri hali hech bir kelinchakka nasib etmagan latofatni” o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi bo‘ldi.
Ko‘rdi ham.
Chiroyi ancha ochilgan. Qizg‘ish, lo‘ppi yonoqlari o‘ziga ham yoqib ketdi. Qoshlari bir nimadan cho‘chib, uchishga chog‘lanayotgan qushlarday, hurkib turibdi.
Ko‘zlariga tikildi. Ko‘zlaridan so‘radi: chindan ham chiroylimanmi, yigitlar hushini yo‘qotishi rostmi?
O‘zi javob qildi: rost, chiroy bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da.
Ammo...
Atlas ko‘ylagini kiyib, nonushta hozirlayotganida Javlon oldidan ketmadi, qarashib turdi, oyisiga ko‘rsatmay, belidan quchib, erkaladi, yonoqlaridan bo‘sa oldi, lekin “Ko‘ylaging yarashibdi” demadi. O‘zi ham: “Ko‘ylagim yarashibdimi?”, deb so‘ramadi. So‘rasa aytarmidi. Aytardi.
Zebo SMSni o‘chirishdan oldin yana bir marta o‘qidi va... yoqimli hayajon bilan entikib qo‘ydi.
* * *
Javlon haqida o‘ylay boshladi.
Birga yashashayotganiga o‘n kundan oshdi. Ochilib bir gaplashishgani yo‘q. Ko‘proq ishini o‘ylaydi. Yolg‘iz qolishganida bir-ikki bag‘riga bosganday bo‘ladi, durustroq erkalamaydi ham, gaplari endi qovushganida sabil qolgur telefon jiringlab qoladi: “Eshitaman, alaykum assalom, xo‘sh, pishdimi? Nima, qaytarvor, nasiyaga beradigan ahmoq yo‘q. He, manga qara...”.
Shunga o‘xshash gaplar.
Yana entikdi. Bunisi endi sal boshqacha entikish bo‘ldi. Xayoliga “Erim menga beparvomi?” degan savol keldi.
Shu savol, o‘zi bilan birga ancha-muncha narsani boshlab keldi. Nahotki...
Kun bo‘yi o‘ziga o‘xshamay yurdi.
* * *
SMS keldi.
“Zebo. Meni kechiring. Sizni aldadim, yaxshi ish qilmadim. Hammasini tushuntirib beraman. Menga ishoning. Habib”.
Bunisi endi hammasidan oshib tushdi.
“Sizni aldadim...”. Nima degani bu? Kim o‘zi bu Habib degani? Nega mendan kechirim so‘rayapti?
Fikri alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi.
Ertalab nonushta payti, qo‘lidan piyola tushib sindi. Tushlikda qozon qusdi, moshxo‘rda emas, qora atalaning o‘zi bo‘ldi.
Qaynonasi piyola singanida: “Mayli-mayli, kelgan balo-qazo shunga ursin”, dedi. Ammo Zeboning ichidan kelayotgan ovoz bunday demadi.
Boshqacha gap qildi.
Zebo to‘yqus-to‘yqus telefoniga qaraydigan bo‘lib qoldi.
* * *
Ikki kun o‘tdi.
Javlon xizmat safaridan qaytib keldi. Xotinini bilinar-bilinmas o‘pdi. Bor-yo‘g‘i bitta so‘z aytdi: “Yaxshimisiz”. Shuni ham nomigagina, yarim ovoz bilan, onasi: “Bor, xotiningning oldiga kir”, deganidan keyin aytdi.
Bu Zeboga kamlik qildi. Hech bo‘lmasa: “Sog‘indim” desa bo‘lardi. Demadi. Yasan-tusaniga e’tibor ham qilmadi. Telefonga zo‘r berdi.
“Allo, alaykim salom, ha, keldim. Nima gaplar? A? Hali ham ivirsib yuribsanlarmi? Vey, menga qara...”.
Xotiniga “Menga qara” demadi. Shunisi alam qilib ketdi.
* * *
SMS keldi.
“Zebo, privetik, kak tы…».
Maktabda birga o‘qigan dugonasi ekan. Dubayga ketuvdi. Zo‘r narsalar olib kelganmish.
Ko‘ziga zo‘r narsalar emas, boshqa narsalar ko‘rindi. Idish yuvayotganida SMS keldi. Dugonasi: “Biror narsa olsang, biznikiga kel”, debdi.
Hayoliga “Habib emas ekan” degan gap keldi. Badani seskandi. Nima, undan maktub kutyaptimi? Yo‘g‘-e, nega kutsin, shunchaki...
Zebo “Kutayotganim yo‘q”, deya o‘zini o‘zi ishontirishga behuda urinayotganini bilib turardi. Ammo buni tan olgisi kelmasdi. Bunday paytda xayolni bir joyga yig‘ish juda mushkul.
Xotining bu holatini sezdi chog‘i, Javlon unga tikilibroq qaradi. Hech nima demay shundoq qaradi. Bir nima desa yengilroq bo‘larmidi.
Zebo taraddudlanib qoldi. Beixtiyor javob qilishga shaylandi, baxt qushi qanotida osmonda uchib yurgan ayollarday jilmayishga harakat qildi. O‘xshamadi. Tamomila teskarisi bo‘ldi.
Javlon xotinining yoniga yaqinroq kelib: “Biror narsadan xafamisiz, yo oyim...” dedi.
Sal nariroqdan turib aytsa ham bo‘lardi shu gapni. Yoniga kelib, ko‘ziga qarab dedi.
Eri sezmadi, yo sezsa ham o‘zini sezmaganlikka oldi: Zeboning badani titrayotgandi.
Badan titrashi nimaligini bilasizmi? Bunday paytda birovning ko‘ziga qarash oson emas.
Kechqurun Javlon mahalla choyxonasiga chiqib ketdi.
* * *
SMS keldi.
“Zebo, endi aytmasam bo‘lmaydi. Yuragim qon bo‘lib ketdi. O‘zim haqimda avval yozgan gaplarimning hammasi yolg‘on. Javlon bilan tanish emasmiz. Uni to‘y kuni ko‘rdim. Asli, men noshudlik qildim. Baxtimni qo‘ldan chiqardim. Siz... meniki bo‘lishingiz kerak edi... O‘zim yaratgan qora taqdirga tan berishdan boshqa choram yo‘q endi. Yagona yupanchim – Sizning baxtingiz. Ammo... baxtli bo‘larmikinsiz...”.
* * *
“Kelin, chiqa qoling...”.
Zebo qaynonasining ovozini eshitibgina o‘ziga keldi.
Qaynona qo‘rqib ketdi.
Voy kelin, tuzukmisiz, nima bo‘ldi sizga? Biror joyingiz...
Qaynona Javlonning uchta akasini uylantirib, uyli-joyli qilgan, birdan tutib qoladigan og‘riqlarni ko‘p ko‘rgan ayol edi. Shu bois, xayoli yaxshi tomonlarga qochdi. Savolini takrorladi:
– Voy sho‘rim, rangingizda rang qolmabdi-ku, tinchlikmi o‘zi?
Zebo bir og‘iz “Tuzukman oyi” desa bo‘lardi, shunga ham tili kelmadi. Ayb ish qilib qo‘ygan boladay turib qoldi.
– Voy, bo‘yginangdan o‘rgilay, o‘zimning asal kelinim, kirib yoting, charchabsiz shekilli...
“Asal kelin” shundagina:
– Yo‘q oyijon, yaxshiman, haligi, sal..., – deya oldi, xolos.
* * *
O‘sha kuni tong qiynalib otdi. Oqarmay, bo‘zarib turaversa qiyin ekan.
Zebo to‘lg‘onib chiqdi.
“Kim bo‘ldi bu Habib degani? Maktabda bunday bola yo‘q edi-ku? Maqsadi nima? Yo uyimni buzmoqchimi?
Javlon pishillab uxladi. Yarim kechada turib, choynakda qolgan choyni jumragidan xo‘rillatib ichdi. Xotinining holatini sezmadi.
Nonushta payti oralaridan kichginagina “ola mushukcha” o‘tdi.
Bexosdan o‘tdi.
– Zebo, mendan xafamisan? – dedi Javlon kutilmaganda.
– Voy, nega unaqa deysiz, xafa emasman, – dedi Zebo kulimsirab. Ammo kulgisi o‘xshamadi. Bu dunyoda o‘xshamagan kulgidan ko‘ra yoqimsiz narsa yo‘q. Xuddi shunday bo‘ldi. Kulgisigina emas, keyingi gapi ham pishiq chiqmadi:
– Oyim juda mehribonlar...
Bu gap Javlonning ensasini qotirdi. Chunki u onasini bafurja tinglab ulgurgan edi.
– Mendan nimanidir yashirayotganga o‘xshaysiz?
– Voy, Javlon aka, nimani ham yashirardim, hammasi joyida.
– Joyida bo‘lsa, nega ovozing titrab, g‘alati bo‘lib o‘tiribsan?
Xullas, oilada “ola mushukcha” paydo bo‘ldi.
Ko‘chada, qaysidir muyulishda esa, Zeboning nazdida, “katta ola mushuk” voqealar rivojini kuzatib turardi...
* * *
Oradan ikki kun o‘tdi.
Eslagulik voqea yuz bermadi desa ham bo‘ladi.
Faqat bir narsa: Javlon gapni boshlashga boshladi-yu, davom ettirmadi. Hech narsa bo‘lmaganday, ertalab nonushta qildi, ishiga otlandi. Kechqurun Zeboga bir-bir qarab qo‘yganini aytmasa, o‘zini xotirjam tutdi.
Zebo bo‘lsa, birovning hovlisiga kirib qolgan qo‘zichoqday, uyda, hovlida o‘ziga joy topa olmaydi. Nimanidir kutadi, to‘g‘rirog‘i, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqeani, shu bois, ehtiyotkorlik qiladi.
Ehtiyotkorlik qilgani sari...
Bu hayotda tavakkalchilardan ko‘ra ehtiyotkorlar ko‘proq qoqilishadi. Qani, birorta donishmand buning sababini izohlab bersin-chi?
* * *
Oralaridan “ola mushuk” o‘tgan kuni Zebo qaynonasidan so‘rab, ikki ko‘cha naridagi dugonasinikiga borib keldi. Aslida, borgisi yo‘q edi. Ammo o‘ziga ham noma’lum bo‘lgan ichki bir kuch uni tashqariga yulqib olib chiqdi.
Hali hech qachon bunday ahvolga tushmagandi. Ko‘chada duch kelgan odamga, albatta yoshrog‘iga, zimdan, o‘g‘rincha razm soladi. “Yo‘q, bu emas, bu emas, bu ham emas. Balkim hu anudir. Yo‘q, o‘xshamaydi...”.
Qaytishda ham shu ahvol.
Bunday holatga duch kelmagan odamga tushuntirish qiyin: izlaysiz, qidirasiz, ammo nimani izlayotganingizni, kimni qidirayotganingizni bilmaysiz. O‘zingizdan o‘zingiz qochasiz, o‘zingizdan o‘zingiz yashirinmoqchi bo‘lasiz.
* * *
Uyiga qaytib keldi. Telefoni jim. Ichki bir ovoz: “Shu sabilni o‘chirib qo‘y, xotirjam bo‘lasan”, deydi. Qani endi o‘chirib bo‘lsa. Barmoqlari mitti tugmachalar ustiga boradi-yu, tok urganday orqaga tisariladi.
* * *
Kechga yaqin...
“Zebo, mening menga nasib qilmagan jonim. Bo‘lar ish bo‘ldi. Sizni ortiqcha tashvishga qo‘ymoqchi emasman. Ammo, men ham odamman, hech kimdan kam joyim yo‘q. Javlonga o‘xshab qo‘li uzunlardan bo‘lmaganim aybim emas. Shunday ekan, bu dunyoda hech bo‘lmasa dardingni eshitadigan, holingni so‘raydigan bir kishi bo‘lishi kerak-ku. Nahotki shunga ham arzimasam? Nima dedingiz?”.
Ikki soat o‘tib...
“Zebo, sizni ko‘chada ko‘rib qoldim. Yo‘q, men o‘zim orzulagan mag‘rur, latofat bog‘ining ko‘rki, muhabbat taxtining bezagi, baxtdan entikkan, menga tutqich bermagan Zeboni emas, so‘lishga boshlagan gavdani – vujudini o‘kinch kemirayotgan bir bechorani ko‘rdim. O‘zimni o‘zim aldamay – bu siz edingiz. Hammasiga chidayman, ammo bu holatingizga chidashim qiyin, ishoning. Nima bo‘ldi? Hech bo‘lmasa bir og‘iz javob qilsangiz bo‘ladi-ku...”.
* * *
Zebo o‘ziga o‘xshamasdi.
Qaynonasi mahalla poliklinikasiga olib chiqdi. Uch-to‘rtta xonaga kirishdi. Ko‘rikdan o‘tdi. Vrachlar aniq bir gap aytishmadi, qaynona o‘ylanib qoldi. Ko‘nglidan: “Kelinim telefonini yonidan qo‘ymaydi, erta-kech uyiga qo‘ng‘iroq qiladimi-a. Qudalar tinchmikin, ishqilib?”, degan xayol o‘tdi.
Xullas, o‘sha kuni kechki ovqatdan so‘ng “ola mushuk” yana ozroq “miyovladi”.
* * *
Ertasiga tush payti...
Eri bugun tushlikka keldi. Qaynonasi bilan birga ovqatlanishdi. Bunday paytda kimdir: “Baraka toping, shirin bo‘libdi” deyishi taomilda bor, ammo na qaynona, na er churq etishmadi.
Onasi dasturxonga fotiha o‘qib, hovliga chiqqach, Javlon tilga kirdi:
– Do‘xturlarga ko‘rinibsan, dori-pori yozib berishgandir...
Zebo bir nima demoqchi bo‘lib, endi og‘iz juftlagandi, Javlon gapini hali tugatmagan ekan:
– To‘ydan oldin kasal-pasal bo‘lmaganmisan o‘zi?...
Bu gapni shunchaki bir qiziqdi-da, deb ham tushunish mumkin. Biroq, Zeboga og‘ir botdi. “Og‘ir botdi” deyish oz, bu gap Zeboning boshidan o‘tib, tanasini ming-ming bo‘lakka bo‘lib, tovonini yorib chiqib ketdi, yer ham chok-chok bo‘ldi. Qaergacha yetib borgan bo‘lsa, o‘sha yerga olov ilashdi.
Mana shunisi to‘g‘ri.
* * *
Zeboning singlisi keldi. Qudalar yo‘qlov tog‘ora, quda xolaga, kuyovga kiyimlik yuborishibdi.
Opa-singil ancha dardlashib o‘tirishdi.
– Endi sening navbating, – dedi Zebo singlisiga.
– He, men sizga o‘xshab shoshmayman, – dedi shaddod qiz.
Bu gap opasiga yoqmadi. Javob o‘rniga:
– Boraqol, ancha o‘tirib qolding, oyim kutib o‘tirgandir, – dedi qo‘ydi.
– Telefoningiz nuqul band, pochcham bilan rosa-a?..
– Boraqol, jinni...
* * *
Zebo singlisini sog‘ingandi. Juda sirdosh bo‘lib qolishgandi bu qaqajon bilan. Yarim tungacha allanimalarni pichirlashib yotishardi.
Gaplari qovushmadi. Bir-birlariga begona qarash qilishdi. Buning ustiga, kelishi bilanoq, “Voy-vuy, ko‘zlaringiz kirtayib qolibdimi, opa?”, degani Zeboni dovdiratib qo‘ydi. “Oyimga borib aytadi bu yaramas...”.
* * *
SMS keldi.
“Turmush deganlari shunaqa bo‘ladi, kelin bola. Bir kun undoq, bir kun bundoq. Chidash kerak, boshqa iloj yo‘q. Ammo hamma narsani ichiga yutaverib, adoyi-tamom bo‘lish mumkin. Bir og‘iz so‘z desangiz-chi, bir og‘izgina-ya! Qahringiz buncha qattiq...”.
* * *
Zebo chidab turolmadi. Telefoniga yopishdi. Bir og‘iz so‘z sen tentakdan ayrilsin, mana:
“Nima demoqchisiz?”.
Javob keldi.
“Baxtli bo‘ling demoqchiman, baxtli yashashga haqqingiz bor demoqchiman”.
“Siz aytmasangiz ham, baxtliman”.
“Yo‘q, unday emas, baxtingiz juda omonat, buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz...”.
“Mendan nima istaysiz o‘zi? Gaplaringiz jonimga tegib ketdi”.
“Yolg‘on baxtga ishonib qolmang, demoqchiman”.
“Sizningcha, nima qilishim kerak?”.
“Ana, o‘zingizga kela boshladingiz. Shu savolga javob topsangiz bas...”.
* * *
Hovlida bir nima taraqlab ketdi. Zebo telefonining ovozini pasaytirib, tashqariga chiqdi. Yo‘q, qo‘shni hovlidan kelayotgan ovoz ekan. Ichkariga kirib, bahsni davom ettirmoqchi bo‘ldi, lekin o‘zini to‘xtatdi. “Bir baloni boshlab qo‘ydim, endi meni tinch qo‘ymaydi...”.
* * *
Ertasiga yozishma davom etdi.
“Yaxshi yotib turdingizmi, kuyov bola omonmilar, sizni xafa qilmadilarmi?”.
“Sizga nima?
“Kayfiyatingiz buzilmasin, ochilib-sochilib yuring, deyman-da”.
“G‘alati bola ekansiz, sizdaqalarni dovdir deyishadi”.
“To‘g‘ri topdingiz, dovdirligim bor. Ko‘rsangiz kula-kula o‘lasiz”.
“Shunaqa o‘ladigan tasqaramisiz?”.
“E, tasqara ham gapni, shalpangquloq, karnayburun, g‘ilayko‘zman”.
“Onangiz gapga tuqqan ekan shekilli...”.
“Shunaqa. Lekin, gapdan boshqa narsalarni ham bilaman...”.
“Siz uylangansiz, uylanmaganman deb yolg‘on gapirayapsiz”.
“To‘g‘ri, uylanganman, ammo sevib emas. Bittasiga uylab qo‘yishgan”.
“Yoqtirmaysizmi?”.
“Murosa uchun yashab yuribman”.
“U-chi, balki sizga ko‘ngli bordir?”.
“Yo‘q, unda ko‘ngil nima qilsin. Ovqat pishiradi, yeydi, yotadi”.
“Birortasini sevmagan ekan-da?”.
“Meningcha, sevgan, ammo hozir sevgining vaqti emas,to‘g‘rimi?”.
“Bilmasam...”.
* * *
Yana bir kundan keyin.
“Kecha televizorda turkcha yangi serial boshlashdi. Ko‘rdingizmi?
“Ko‘rolmadim. Erim o‘rtoqlariga ziyofat berdi. Charchab jonim uzilayozdi. Nima kino ekan?”.
“Bir kelin bo‘ladi. Uni hech kim tushunmaydi. Hamma o‘zini o‘ylaydi. Bechora kelinni tinglaydigan odam yo‘q. Bugun albatta ko‘ring”.
* * *
Yana bir kundan keyin.
“Kino ma’qul bo‘ldimi?”.
“Qo‘shnilar chiqishgandi, ularga qarab ko‘ra olmadim. Bir qozon ovqatni paqqos tushirishdi. Choy-choy deyishadi nuqul. Bugun ko‘rarman”.
“Kelinsiz-da, xizmat qilishingiz kerak”.
“E, kelinlik ham qursin. Tinka-madoring qurib ketar ekan”.
“Kuyov bola qalay, ishlari yaxshimi?”.
“Bilmasam, kayfiyati yo‘qroq. Tekshiruvchilar kelishibdi. Hujjatlarni bitta-bittadan ko‘rishayotganmish”.
“Gaplashsa bo‘ladi. Tekshiruvchining ham nafsi bor”.
“Shunaqa deng? Balkim, yordam berarsiz?”.
“Siz uchun jonim bilan...”.
* * *
Chexov domla: “Yaxshi yozuvchi gapni cho‘zmaydi, bo‘ladiganini yozadi-qo‘yadi”, deganlar. Yozuvchilikka davoim bo‘lmasa-da, gapni cho‘zvorganimni o‘zim sezib, o‘quvchidan uzr so‘rashga chog‘lanib turibman.
Alqissa, Zebo va Habib muloqotlari yana uzoq davom etdi. Ular bir-birlarini ko‘rishmagan bo‘lishsa-da, telefon bahona juda yaqin, qadrdon, sirdosh, ko‘ngildosh bo‘lib qolishdi. SMS jo‘natish va uning javobini o‘qish kundalik turmushning mazmuniga aylandi desam, ishonavering. Ahvol shu darajaga yetdiki, Zebo Habibdan maslahat so‘raydigan, unga ko‘nglini yozib, ichini bo‘shatib oladigan, bir-ikki kun jim bo‘lib qolsa, uyqusi qochadigan bo‘lib qoldi.
Habib bo‘lsa o‘zini odob bilan tutar, sobiq ma’shuqasi ko‘ngliga botadigan biror so‘z aytmas, xatlarida iboli, ta’sirchan so‘z va iboralarni qo‘llar, yosh kelinchakni vazminlikka, qiyinchiliklarni bardosh bilan yengishga undardi. Faqat bitta so‘z bu qoidadan istisno edi. U ham bo‘lsa: “jonim”.
Zebo avvaliga “jonim”ni xushlamadi, olifta yigitlarning olifta qilig‘iga yo‘ydi, keyin-keyin SMS matnidagi ayni shu so‘zni nigohlari tiyraklashib o‘qiydigan bo‘ldi. Shu so‘z uning qanotiga aylandi.
Habib bo‘lsa Javlonlar oilasining ichki hayotini baland bir joydan durbinda kuzatayotganga o‘xshardi. Bu yerda bir nima bo‘ldi deguncha, u bundan xabar topib, SMS matnini shu voqeaga moslardi.
Bir kuni Javlon uyga mast keldi. “Tamom, hammasi tamom”, deya shovqin soldi. Firma yopiladigan, o‘zi odam eshitsa yuragi orqaga tortib ketadigan darajada ko‘p jarimaga tortiladigan bo‘libdi.
Zebo uni yupatmoqchi bo‘ldi. Ammo yupanch so‘zlari olovga kerosin quyganday bo‘ldi. Umrida birinchi marta erkak kishidan shapaloq yedi. Ertasiga ertalab Javlon uyidan bezor bo‘lgan odamday, “Men ketdim” dedi. Zebo “Qayoqqa?” degan edi, erining og‘zidan yozsa qog‘oz ham uyaladigan so‘z chiqdi.
Tushga yaqin Habibdan SMS keldi. Oralarida nima gap-so‘z bo‘lganini yozish shart emas. Ammo Zebo, bordi-yu Habibning qaerdaligini bilganida, oldiga borishga, birov ko‘rsayu ko‘rmasa boshini yelkasiga qo‘yib, yum-yum yig‘lashga tayyor edi.
Uzoqdagi Habib buni juda yaxshi his qilib turardi.
* * *
SMS
“Zebo, mening zebo sirdoshim.
Bugun tush ko‘ribman. Qirg‘oqlari ufqqa tutashib ketgan dengiz emish. Qayiqda suzib borayotgan ekansizlar: Siz, Javlon. Birdan dovul ko‘tarilib, qayiq to‘nkarilib ketdi. Ikkingiz ham dod soldingiz. Olam dodingizdan larzaga keldi. O‘zimni suvga otdim. Ammo harchand urinmayin, Sizga yetolmadim, dengiz tubiga cho‘ka boshlagan Javlon menga mahkam yopishib olib, pastga torta boshladi. Men esa ko‘zlarim jovdirab Sizni qidiraman. U bo‘lsa ovozi xirrillab: “Do‘stim, meni qutqar, meni...” deydi. Men unga do‘st emishman. Uyg‘onib ketdim. Ko‘nglim xira...”.
Zebo shu zahotiyoq javob yo‘lladi:
“Sizda avliyolik xislati bor. Men chindan ham cho‘ka boshladim. Atrofim to‘la odam, ammo hech kim qo‘lini cho‘zmaydi. Siz ham. Dunyodan sovidim. Bu sovuq dunyoni ko‘rishga toqatim qolmadi”.
Habibga shu kerak edi. U, mana ikki oydirki, ayni shu holat uchun kurashdi va bugun g‘oliblik nashidasini surdi.
“Zebo, mening yagonaginam, yagona ilinjim, bugun ko‘rishmasak dengiz tubiga sizdan oldin men yo‘l olaman. Rahmingiz kelsin”.
Zebo o‘zida emasdi.
“Qaerda?”.
Habib, aftidan, qachondir shu savol berilishini kutgan va unga tayyor ekan chog‘i, darhol javob yozdi:
“Qo‘shni mahalla adog‘ida “Mushtarak” kafesi bor. Ichkariga kirib, o‘ng tomondagi oxirgi xonaga yuring. Bir soatdan keyin o‘sha yerda bo‘laman. Sizni ko‘p ushlamayman”.
* * *
Bir soat ming soatdan ham o‘tib ketdi. Soat millari imillab qoldi. Vaqt to‘xtaganday edi.
Zebo kiyindi, taqinchoqlarini taqmadi, ammo sumkachasiga soldi. Yaqinlashganida taqib oladi. “Mushtarak” kafesini biladi. Javlon bilan bir marta kirishgan, nimadir yoqmay, qaytib chiqishgan edi.
Kafega yaqinlashgani sari yuragi gupillab ura boshladi. Maktabda o‘qib yurgan kezlari, yosh shilqim domla uni chetga tortib, qo‘pollik bilan quchog‘iga tortganida shunday ahvolga tushgandi. Oyoqlari birinchi marta yurayotganday chalkashib ketar, ammo to‘xtamasdi, aksincha, ildamlab borardi.
Yetib keldi. Vaqt kech emasdi, odamlar siyrak, borlar ham o‘zi bilan o‘zi ovora. Bunday joylarda birov birovga qaramaydi, ammo hamma hammani ko‘radi.
O‘ng tomon. Birinchi, ikkinchi, uchinchi va, nihoyat, oxirgi xilvatroq xona.
U hozir shu xilvat xonaning eshigini ochadi. Keyin ko‘nglini ochadi, balkim bag‘rini ham ochar. Qo‘shiqda “Nima bo‘lsa bo‘lar ertaga” deyiladi-ku.
Xona eshigi qiya ochiq ekan. Qo‘li tegishi bilan lang ochildi. Va shu yerda, ming bor uzr, hikoyamiz... nihoyasiga yetdi.
Nega deysizmi?
Negaligi shundaki, eshik ochilishga ochildi, ammo hech nima sodir bo‘lgani yo‘q. Kimdir Zeboning ustidan bir tog‘ora sovuq suv quyib yubordi. Badani avvaliga muzladi, so‘ng tosh qotdi. Ko‘zlaridagi hayrat va qo‘rquv ham qotib qoldi.
Ichkarida Javlon lag‘monni sanchqiga o‘rab, ishtaha bilan tushirayotgandi...
* * *
Oradan bir oy o‘tdi.
Zebo qaqajon singlisi bilan uy ichini tozalab bo‘lib, endi divanga cho‘zilgan ham ediki, SMS keldi.
“Zebo. Hammasiga o‘zim aybdorman. Uyga qayt. Ahmoqlik qildim. Men yaramasni kechir. Axir, biror ayb ish bo‘lgani yo‘q! Kelmasang xarob bo‘laman. Oyim yotib qoldilar. Xo‘b desang, o‘zim borib olib kelaman”.
“Javlon aka, bu dunyoda men uchun faqat bitta ish qoldi, u ham bo‘lsa... Habibni topish”.
“Zebo, nega tushunmaysan, Habib axir menman-ku!”.
“Yo‘q, Siz hech qachon Habib bo‘lolmaysiz. Bo‘lo-olmaysiz! Men uni albatta topaman”.
Bu – so‘nggi SMS edi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 11-son.