Chol bukchayib o‘zidan ham yoshi ulug‘roq yong‘oq daraxti ostini tozalardi. Yong‘oq mevasi po‘stini archaverib qo‘li, labi va yalang oyog‘idagi barmoqchalari qorayib ketgan bolakay ser¬g‘ayratlikda bobosidan ham oshib tushardi. Shox-shabbalarni uloqtirib o‘ynar, kezi kelganda, bobosiga taqlidan belini ushlab voy-voylab qo‘yardi. Tanish bolakay. Judayam tanish. Ko‘zlari, nigohlari, quyoshdan qoraygan yuzi menikiga o‘xshaydi. U menmidim?! Chol ba’zan yong‘oqning vujudini, g‘adir-budir tanasini siypalardi. «Po‘sting to‘kilayapti-ya», deya g‘udranib qo‘yardi. «Shoxing sinayapti-ya»¬, deya oh urib qo‘yardi. Daraxt tanasidagi bo‘rtiq chiziqlar cholning yuzidagi ajinlarga o‘xshardi. Cholning to‘kilib ketgan sochi yong‘oq shoxiga o‘xshardi. Bir-biriga o‘xshash ikki hayot birlashgan, ikki hayot keksaygandek edi. Men ikkalasi ham qachonlardir bu yerdan mangu ketib qolishini sezardim. Judayam qattiq his qilganimdan g‘ing demasdim. «Bobo, kim bilan gaplashayapsiz?» – deya olmasdim. Tinglardim. Bobo tomoq qirib qo‘yardi. Bolakay shox o‘ynash bilan ovora edi.
«Bizning muddatimiz tugab qolayapti, qariya. Yodingda bordir, men seni yoshligingdan beri bilaman. Uy qurayotganimda seni kesib tashlamoqchi ham bo‘lganman. Menga uy kerak edi. Sen emas. Kechirim so‘ramoqchi emasman. Sen ham hech narsa demaganding. «Keldim, dunyongni ham ko‘rdim. Hech bir qizig‘idan, hech bir jozibasidan nishona yo‘q. Qursang quraver o‘sha uyingni», degandek hatto barg qimirlatmading. Keyin men aynidim. Nima, sen shoxing sinmasi juftakni rostlayverasanmi, deb o‘yladim. Men bilan yomon yashamading, shundaymi? Lekin ko‘p qiynalding. Atrofingga beton to‘kdik. Kichkinamiz ZILda bosib tsement olib kelib tashladi. Qachongacha loy kechib yuramiz, dedik. Sen yana hech narsa demading. Bir kuni dardingni ichingga yutaverib quriysan, deb o‘ylagandim. Joning toshdan ekan. Endi bu safar ketishimiz aniq. Sen xoh rozi bo‘l, xoh bo‘lma... Yerimiz biz uchun aylanishni tugatadi, quyosh biz uchun sochayotgan nurlarini bas qiladi. Nasiba».
* * *
O‘smirligimda chol o‘sha paytlari charchagan bo‘lsa kerak, deb ko‘p o‘ylardim. Ayniqsa rok, pop, jaz va boshqa jazavali qo‘shiqlar ta’siriga tushib, inson tanasidan boshqa vujudni tan olmay yurgan paytlarim cholni esini yeganlikda aybladim. Ma’shuqamga soxta hayotdan kelganligimni, shaharga kelib haqqoniyatga ko‘milganimni hayajon bilan aytib bergan paytlarim bo‘lgan. U oppoq tishini ko‘rsatib kulgan, pushti lablarini cho‘chchaytirib, «O‘zimning yovvoyiginam», deya qulog‘imga pichirlagandi. Men cholning ko‘nglini og‘ritib qo‘ygan ekanman. Ishim o‘ngidan kelmay yurgan kezlari cholning haqqiga duo qilgim kelib ketdi. Chol joynamozga o‘tirvolib hadeb takrorlayveradigan so‘zlarini eslay olmasdim. «la», «la», bu – arabchada «yo‘q» degani ekan. Miyamga tuzukroq gap kelmadi. Peshonam terlab ketdi. Yuk kelishi kerak edi. Issiqda kuyib-pishib o‘tiraverdik. Akrom, Zubay, Xurshid va men. Xurshid asabiylasha boshladi. Omborxona xo‘jayinini sekin yo‘qladi. Onasini ham. Men kuldim. Jahlim chiqsa, kuladigan odatim bor edi. Miyamda hamma voqealar qorishib ketar, tetapoya qilib, tilim biyron bo‘la boshlagandan beri o‘tgan eng mas’ud damlarimni eslab kulardim. Go‘yoki quyoshning qaynoq nurlari qa’rida paydo bo‘lgan yo‘l meni o‘sha tomonga yetaklardi. Bu yo‘l menga puldan ham qadrliroq mukofotni va’da qilar, kimgadir yo‘liqishimga ishora etardi. Oyog‘im uvishib, turishga madorim yo‘q edi.
* * *
Chol eshikni g‘iyqillatib ochdi. Bola uning ketidan qolmasdi. Kampir to‘rda nimadir tikib o‘tirardi. Chopon bo‘lsa kerak. Kuyovlikbop choponlar kampirning qo‘l fabrikasidan chiqardi. Chol oyoq uchida kelib kampir yonida turgan g‘altakka qo‘l cho‘zdi. Faltak ip boshqa tomonga tortildi.
– Sezib qolding-a? – dedi chol kulimsirab.
– Xudoga shukur, ko‘zim hali o‘tkir, – dedi kampir kinoya bilan.
Kampir ko‘zoynagini ko‘tarib qo‘ydi. Keyin katta-katta, haqiqiy Sharq go‘zallarigagina xos bo‘lgan ko‘zlarini bolaga tikdi. Darrov hamma ishini yig‘ishtirib eshikka chiqdi. Chol mahsisini yechdi. Bola ham sakrab turdi. Falati quvonch bilan barmoqlarini yig‘ib, jajji mushtchasini namoyish etdi. «Ana, eshitdingizmi? – dedi ovozini balandlatib. – Bobo, eshitdingizmi?» Cholning ko‘zi ilingan shekilli, ovozi chiqmadi. U yonboshlagancha yutinib qo‘ydi.
– Ho,– dedi bolakay erkalanib, – berib bo‘pman sizga. Keyin sal yumshadi: – O‘ziz-da, «Tovug‘ing baqiroq, tovug‘ing yig‘loq», deyaverasiz. Mayli, tuxumni cho‘qqa pishirib bersayiz, sa-algina beraman. – «Salgina»ni barmoqchalari bilan ifodalab berdi. Chol kulib yubordi.
* * *
Chap ko‘ksini changallab qolishini kutgandim. Bunaqangi baqirishda infarkt yo insult bo‘lish hech gapmas. Xurshid ayolga hamroh ikki barzangiga e’tibor bermadi. Men bilan Zubayga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi, xolos.
– Xola, ko‘p «shantaj» qilmang. Sizga bo‘yoqni men sotganim yo‘q. U men emas.
– Kim edi u, arvohingmi? Mashinnik...
Ayolning haqoratlari ko‘paygani sari Xurshidning yuzi tundlashib boraverdi. Bozordagi aravakashdan tortib vositachi-o‘rtakashlargacha yig‘ildi. Menga ko‘proq Sopi Bema’nining laqillashlari yoqmayotgandi.
– Bola ko‘proq qo‘shvorganmi, nima balo... O‘rtakashga osonmas, jigar. Yuz so‘m topish uchun ming so‘mlik gap eshitishi kerak. Ko‘zi ko‘kargani zarariga.
Indamadim. Xurshid ham gap eshitadiganlar xilidanmas. Bozordan qorin to‘ydiradiganlarning ko‘pchiligi buni yaxshi biladi. Uni sirli joyga ko‘milgan portlovchi moslamaga qiyoslash mumkin. To‘satdan o‘zini namoyon qiladi.
* * *
Kampir sahardan taraddudlanib qoldi. Hali uyoqqa yuguradi, hali buyoqqa. Cholini oppoq kiyintirib, ko‘ngli tinchidi. Keyin darvozagacha kuzatib qo‘ydi. Chol hassasini qo‘ltiqlab ketarkan, ortiga o‘girildi.
– Sen ham bor, – dedi jiddiy qiyofada. – Qobiljon xafa bo‘ladi.
Kampir dasturxon tugmasin. Mayiz, turshak, yong‘oq, o‘zi yopgan non, hammasi bo‘ladi. Bolani kiyintirmasin. O‘zi tikkan ishtonchadan tortib, ko‘ylakchagacha kiydiradi. Ke¬yin yo‘lga tushadi. Yo‘l ora bolakayga yaxshilab ta¬yinlaydi:
– Dasturxonga qo‘l cho‘zaverib, meni uyaltirma, xo‘pmi, qo‘zim. Qorning och bo‘lsa ayt, ovqat suzib beray.
Shu orada yo‘llaridan shox-shabba chiqib qolishi ta¬yin. Kampir shuni ham ko‘zi qiymaydi. «Harna-da, tandir qizitishga yarar». Bolakayning tili qichiydi.
– Momojon, Xurshidni to‘yimi bugun? Sunnat to‘yimi? – deya so‘raydi. – Nima, uni usta yana «halol» qiladimi?
Momo «yo‘q», degandek bosh qimirlatadi.
– O‘tgan safar «halol» qilgan edi, bugun osh yediradi, – deydi.
* * *
Osh unchalik tatimadi. Hech narsa ko‘ngilga taskin berolmasdi. Xo‘rligim keldi. Qachongacha shunday yashayman? Uyga ketaman. Tamom-vassalom. Bu yerlarni tashlab ketaman. Bir omadsiz yigit sifatida bosh egib, qishlog‘imga kirib boraman. Hamma kulgan taqdirda ham bobom bilan momom yashagan hovliga qamalib olaman. Chiqmayman.
– Ko‘p aljirama, – dedi Xurshid kechagi mushtlashuvdan so‘ng turfa rangga kirgan yuzini men tomon burib. – Yaxshisi, mana bu diskni ko‘r, xursand bo‘lishing aniq.
Ekranda tanish manzara namoyon bo‘ldi. Xurshidning sunnat to‘yi. O‘sha paytlari videokamera to‘ylarga endigina «tashrif buyurgan» edi. Hamma bu og‘ir matohni yelkasiga qo‘ndirib olgan kishini ko‘rsa yo kulishga, yoki bo‘lmasa qo‘l silkishga oshiqardi. «Mana, men», deb qo‘ygisi kelardi. O‘ylarim ichimga tushib ketdi. Uni ko‘rib qoldim. Mana, mana mening bobom. Xuddi o‘zi. Kalta soqoli. Yong‘oq daraxtinikiga o‘xshash ajinlari. Tirik ekan. Duoga qo‘l ochdi.
– Omin, – dedi Qobil amakining: «Duo bering», degan qistovidan so‘ng.
Falati duo qildi. Juda g‘alati. «Mening yoshimga kirib yuringlar», deyishini kutgandim. Unday demadi.
– Barchamizni Yaratgan to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin, aslimizni unutmaylik, – dedi.