OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alinazar Egamnazarov. Tishi og‘rigan bo‘ydoq (hajviya)

Rayimboyning shu yil yozda uylanish niyati bor edi. Lekin mo‘ljalga to‘g‘ri keladigan qiz hadeganda topilavermadi. Boshi qotib, qo‘shni mahallada yashaydigan kayvoni ayol — Rohila opa oldiga maslahatga bordi.
— Senga o‘zi qanaqa qiz kerak? — so‘radi Rohila opa uni tinglagach. — Semizi bo‘lsinmi yoki oriqrog‘imi? Novchasini yoqtirasanmi yoki o‘rta bo‘yligini?
— Semiz, bo‘mbillaganini topavering, — dedi Rayimboy. — Fe’lim o‘zimga ma’lum. Menga semizgina, polvonginasi mos. Bunday qiz menga tegsa, kunda yonimda yursa hammaning havasi keladigan bo‘ladi.
— Ma’lumoti qanday bo‘lsin?
— Oliy ma’lumotli bo‘lgani yaxshi-da. Er-xotinning ma’lumoti teng bo‘lsa, gulni gulga qo‘shgan bo‘lasiz.
— Didingga balli! Sen izlagan qiz men ishlaydigan shifoxonada bor. Yaqinda u tish do‘xtirlikni bitirib keldi. Sen xohlaganday semizgina, polvongina, tagli-zotli... Xo‘p desang, o‘sha qiz bilan tanishtiraman.
— Bo‘ldi! — dedi Rayimboy. — Sizga yoqqani — menga yoqqani. Tanishtiring.
Shunday qilib, Rohila opa avval qiz bilan gaplashib, uchrashuvga roziligini oladigan, so‘ng Rayimboyga xabar qiladigan bo‘ldi. Rayimboy uyiga xursand bo‘lib qaytdi.
Tasodifni qarangki, oradan ikki kun o‘tgach, xuddi ataylab bo‘lganidek, Rayimboyning jag‘ tishi og‘rib, tun bo‘yi mijja qoqmay chiqsa bo‘ladimi! Ertalab yordam istab yana Rohila opaga qo‘ng‘iroq qildi. U voqeadan xabardor bo‘lgach, suyunib dedi:
— Voy, yaxshi bo‘libdi tishing og‘rigani! Har bir yomon narsaning yaxshi tomoni ham bo‘ladi, deganlari shu-da. Soat to‘qqizga shifoxonamizga kelaver. Ham tishingni davolatasan, ham qiz bilan tanishib olasan. O‘ziyam juda qo‘li yengil do‘xtir. Men unga sen haqingda aytdim. U uchrashuvga rozi bo‘ldi.
Bu gapdan Rayimboyning kayfiyati yaxshilanib, tish og‘rig‘i ham pasayganday bo‘ldi. Jag‘ini jun ro‘mol bilan bog‘lab, shifoxonaga shoshildi.
— Sevaraxon! — dedi Rohila opa yigitni do‘xtir qiz huzuriga olib kirib. — Sizga kecha aytganim mana shu yigit. Faqat hozir tishi og‘rib qolibdi. Yordam bersangiz. Ham tishini davolang, ham ikki yosh tanishinglar. — Keyin qo‘shimcha qildi: — Yulduzingiz yulduzingizga to‘g‘ri kelib, turmush qurib ketsanglar, bu ham bir esdalik bo‘ladi.
Qiz jilmayib yerga qaradi. Rayimboy esa og‘riq azobini zo‘r-bazo‘r yengib:
— Tanishganimizdan xursandman! — dedi. Sevara qizarib:
— Rahmat! — dedi.
U yigitni kursiga o‘tqazib, og‘riq tishini ancha ko‘rdi. Keyin qo‘liga kumushrang, jajji parmalash dastgohini olib, tishni parmalashga tutindi. Shunda jag‘idagi og‘riq ilgarigisidan ham kuchayib, Rayimboyning nazarida bir emas, bir nechta tishi zirqirab og‘riy boshlaganga o‘xshadi. Peshonasidan sovuq ter chiqib, «dod» deb yuborgisi keldi. Lekin nomus kuchli, chidadi. Axir qiz birdan: «Irodasiz yigit ekan-ku, menga kuyovlikka yaramaydi bu», degan xayolga borsa, hayot nima bo‘ladi keyin...
Qiz parmalashni tugatgandan so‘ng tish kavagiga margimush qo‘ydi. -Keyin: — Bugungi ishimiz tugadi, — dedi. — Ertaga kelsangiz, margimushni olib, kasal tishingizni plombalab qo‘yaman.
Rayimboy yengil tortib:
— Rahmat! — dedi va imkoniyatdan foydalanib qo‘shimcha qildi: — Meni mana shu azobdan qutqarsangiz, bir umrlik vafodoringiz bo‘laman.
— Menga birinchi navbatda sizning sog‘ligingiz kerak, — dedi qiz kamtarlik bilan.
— Rahmat!
Rayimboy uyiga qaytdi. Lekin tish og‘rig‘i zarracha ham pasaymay, aksincha, kuchayib ketdi.
Ertasi Rayimboydan «Qalay, og‘riq qoldimi?» deb so‘radi Sevara jonsarak bo‘lib.
— Yo‘q, aksincha, og‘riq kuchaydi.
Sevara yigitning og‘zini ochib, yana qaragan bo‘ldi-da, dedi:
— Kechagi margimush eskib, kuchi qolmagan ko‘rinadi. Kasal tishning nerv tolalarini o‘ldirmabdi. Bugun yangisini qo‘yaman.
— Mayli.
Rayimboy tishining og‘rig‘i pasayish o‘rniga kuchayib, yana tuni bilan -uxlolmay chiqdi.
Ertalab do‘sti Xolmatni uchratdi va unga bo‘lgan gaplarni aytib berdi.
— Bektemirda Solijon aka degan tajribali tish do‘xtir tanishim bor, — dedi Xolmat. — O‘shaning oldiga olib boray. Uning bo‘y yetgan qizi ham bor.
— Menga hozir xotin olish muhim emas, tish og‘rig‘idan qutulish muhim, oshna, olib bor tanishingga, — dedi Rayimboy. — Axir uch kundan beri mijja qoqqanim yo‘q. Bugun ham uxlolmasam, cho‘zilib qolsam kerak...
Ikki o‘rtoq taksi ushlab, Solijon do‘xtirnikiga borishdi. U Rayimboyning og‘zini ochib, tishlarini diqqat bilan kuzatgach:
— Tishingizni davolagan shifokor o‘zi biror joyda o‘qiganmi? — dedi.
— Ha, institutni bitirgan.
— Shundaymi?.. Unday bo‘lsa, institutning ravog‘ida sayr qilib yurib bitirgan ekan.
— Nega?
— U og‘rigan tishingizni emas, sog‘ini kavlabdi-ku!
— A?!
— Ha, shunday.
— Voy, baqalog‘ey!..
Rohila opa ertasi undan «Endi kimga uylanmoqchisan?» deb so‘raganda shunday javob berdi:
— Solijon do‘xtirning qiziga...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 19-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.