Hammasi bo‘limimiz boshlig‘i Ahror akaning mehnat ta’tiliga chiqqanidan boshlandi. Yana tepsa-tebranmas Mirkomilovning tushlikka chiqmagani ham bunga sabab. O‘zi u uncha-munchaga ovqatlanmaydiyam.
Xullas deng, bo‘limdagilar Ahror aka bilan yaxshilab kelishib olishibdi. U go‘yo boshqa ishga o‘tayotganmish. O‘rniga — bo‘lim boshliqligiga Mirkomilov tayinlanibdi.
Azamatlar kadrlar bo‘limi boshlig‘i Hikoyat opani bitta shokolad bilan siylab, bor-yo‘g‘i — “ha, rost”, deyishga rozi qilishganmish.
Ertasi kuni hammamiz barvaqtroq ishxonaga borib, xonada Mirkomilovni kutib turdik. U kirib kelishi bilan o‘rnimizdan turib, iltifot ko‘rsata boshladik.
— Tabrik, tabrik, Elomon Mirkomilovich, — dedi Bahrom aka. — Bo‘lim boshlig‘i bo‘libsiz, bir og‘iz aytmaysiz ham.
— A? — angrayib qoldi Mirkomilov joyida qotib. Chamasi, u familiyasiga “vich” qo‘shib murojaat qilinayotgani uchun shoshib qolgandi. — Bo‘lim bosh... boshlig‘i?
— Ha-da, — gapni ilib ketdi Tojivoy. — Endi kechikib kelsangiz ham mayli. Aytishadi-ku, nachaynik ni apazdivayit, zaderjka budit, Elomon Mirkomilovich.
— Yo‘g‘-ey, nimalar deyapsizlar? — deya hammaga bir-bir qarab oldi Mirkomilov.
— Kecha favqulodda shunday buyruq chiqibdi. Ahror aka vazirlikka ishga o‘tibdi, eshitmadingizmi? Shef uning o‘rniga sizni loyiq ko‘ribdi.
Mirkomilov hangu mang bo‘lib qolgan edi.
— Bu yoqqa keling, — dedi Bahrom aka va telefon raqamini tera boshladi. — Alyo, Hikoyat opa, yaxshimisiz? Menga qarang, bu Elomon Mirkomilovichning bo‘lim boshlig‘i bo‘lgani rostmi, o‘zingiz ayting.
— Ha, rost, — degan chalpillagan ovozi eshitildi Hikoyat opaning — aftidan u shokoladni paqqos tushirayotgan edi.
— Ana, ishondingizmi? — dedi go‘shakni qo‘yib Bahrom aka.
— Bu... qanaqasiga, axir? — xonada qaqqayib turgancha so‘radi Mirkomilov. — Shef avval gaplashib olardi, shekilli, odatda... Bu...
— Shef xorijga zudlik bilan uchib ketganlar, — dedim “stsenariy” bo‘yicha men bidirlab. — Yoki sizga bo‘lim boshliqligi yoqmayaptimi, a? Eshitsalar, xafa bo‘ladilar-a!
— Yo‘q... yoqyapti, nega endi... Faqat... Nima desam ekan, kutilmaganda... qiziq bo‘lar ekan-da!
— Nima bo‘lgandayam sizni tabriklayman, — tirjaydi Farid. — Mukofotpullarida qarashib turasiz-da endi?.. Kreditga xolodilnik olganman-a... Tushlikka chiqasizmi, Elomon Mirkomilovich?
Mirkomilov qo‘li ishga bormay, anchagacha jim o‘tirdi. Biz og‘zimizni mahkam yopib, uni zimdan kuzatish bilan ovora edik. Qurmag‘ur Mirkomilov goh tirjayib qo‘yadi, goh qovog‘ini soladi.
Mirkomilov shunchalik xayolga berilgan ediki, bugun ham tushlikka chiqmadi. Bosh tebratishlari ham endi g‘alati, aniqrog‘i, salobatli edi. “O‘zlaring boraveringlar”, — deb ulkan boshini irg‘ab qo‘ydi.
Biz oshxonada rosa kuldik.
— O‘l-a, shunchalik ham bo‘lasanmi? — dedi Bahrom aka. — Amal ko‘rmagan-da! Xayol kemasiga o‘tirib, kosmosga uchdiyu ketdi.
— Rostini bilsa, biz haqimizda boshliqqa chaqmasmikan? — deb so‘radim men ko‘nglimga xavotir oralab. — Hazilni tushunmaydi u. Tag‘in hamiyatiga tegib, rasvomizni chiqarmasin.
Hamkasblar qo‘l siltashdi — o‘sha belgilangan kungacha qo‘yib beradigan bo‘ldik...
Mirkomilov tushdan keyin ham tuzuk-quruq ishlamadi. Xonaga kirib-chiqib yurdi. Endi uning bir qo‘li cho‘ntagida, qorni qappayib qolgandek edi. O‘zining aytishicha, o‘rinbosarning huzurida bo‘libdi. O‘rinbosar hali bilmasmish, Mirkomilovni xuddi avvalgidek oddiygina qarshi olganmish!..
— Siz hammaga aytavermang, — deb uqtirdi unga Bahrom aka. — Ja mansabga ko‘zi uchib turgan ekan, deyishi mumkin...
Ertasi kuni men ertalab o‘rnimdan turgim kelmay to‘yib uxladim. To‘g‘ri-da, katta boshliq xorijda, Ahror aka ta’tilda, shunday fursatdan foydalanmay bo‘larkanmi? Ishga shoshilmay, qovoqlarim shishib bordim. Xonaga kirsam, kichkina majlischa: Mirkomilov o‘tkazyapti! Shunaqayam kulgim qistadiki, o‘zimni zo‘rg‘a bosdim. Ishqilib kulmaganim yaxshi bo‘lgan ekan, Mirkomilov menga xo‘mrayib qarab, qaqshatqich so‘z qotsa deng:
— Nega kechikib yuribsiz? Nima, bu yer sizga podaxonami?.. Tushuntirish xati yozasiz, yarim soatda stolimda bo‘lsin.
Men hang-mang bo‘lib qoldim. Majlisimiz tugab, Mirkomilov viqor bilan xonadan chiqib ketgach, men portladim:
— Bu nima deyapti? Tushuntirish xati, deydimi? Voy, amal ko‘rmagan...
Toji mazza qilib kularkan, menga maslahat berdi:
— E, yozavering, buyam bir hangoma-da!
— Nega yozarkanman? Bu ahmoq hali meni hayfsan bilan siylashdan ham toymaydi. Yozib bo‘pman!
— Yozing-yozing, — dedi Bahrom aka. — Men ham yozdim. O‘zimiz boshlagan o‘yin-da! Kelishganimizdek, bir haftaga chidaymiz endi. Hayfsan berib kim bo‘libdi bu? Gapi o‘tmaydi-ku baribir! Ana, papkasida turadi tushuntirish xatlarimiz, xohlagan vaqtda ko‘zining oldida olib, yirtib-yirtib tashlaymiz.
— Hozir qayoqqa ketdi? — so‘radi Farid. — Biz bilan bir xonada o‘tirishga ham or qilib qoldi, shekilli?
— Ahror akaning xonasini chamalayapti, menimcha, — dedi Tojivoy. — Uning xonasi esa qulf. Ahror aka kalitni o‘zi bilan olib ketgan.
Eshik ochilib, xonaga Mirkomilov kirib keldi.
— Kalit deysizmi? — deb so‘radi Tojivoydan u.
— Qo‘shnimizni gapirayotgandim, — dedi tutilib qolgan Tojivoy. — Kalitini nuqul biznikiga tashlab ketadi-da!
— Ish paytida qo‘shnini gapirmang, tushundingizmi? — do‘q urdi Mirkomilov. Keyin to‘ppa-to‘g‘ri mening tepamga keldi: — Qani, tushuntirish xati?
Xodimlar menga sekin imo qilishgani uchun indamaygina yozib berdim. Bu to‘ng‘iz qo‘pgur Mirkomilov balo ekan – tushuntirish xatimdan sakkizta imlo xatosi topib, shuncha hamkasbning oldida meni uyaltirsa bo‘ladimi!
— “Tushintirish” emas, “tushuntirish” bo‘ladi. “Irtalab” emas, “ertalab”! “Qornim ag‘rib qoldi”, emas, “og‘rib qoldi”, agar rostdan ham og‘rib qolgan bo‘lsa! Savoddan bergan ekan-da o‘ziyam.
Tushuntirish xatini qayta yozishimni buyurdi. Mening jig‘ibiyronim chiqdi. Bugun bir haftalik muddatning bir yarim kuni o‘tayotganini inobatga olib, Mirkomilovning aytganini ado etdim.
Biz kechgacha boshimizni ko‘tarmay, burun tortmay ishladik. Orada Mirkomilov chiqib ketganidan foydalanib, ertani o‘ylaganim uchun, hamkasblarga taklif kiritdim:
— Ertaga hammamiz ikki soat kechikib kelamiz, qani nima qilarkan bu xumpar!
Birinchi bo‘lib Bahrom aka o‘z fikrini aytdi:
— Jon deb kechikib kelardim-u, ammo bu xumpar, ertalabga balans tayyor bo‘lsin, degan-da! Chatoq ekan Mirkomilov, bilmaskanmiz.
— Ie, kim bo‘pti Mirkomilov? — dedim men bo‘g‘riqib. — Tojivoy, Bahrom akaning gapiga qarang!
— Menga, mahsulotlar tannarxini bulturgi ko‘rsatkich bilan taqqoslaysan, degan. Bugun kechgacha ulgurmasam kerak, erta saharda kelib tugataman! — deb stoli ustidagi bir uyum qog‘ozlarga imo qildi Tojivoy.
Faridga o‘girildim.
— Men boshqarmaga xat tayyorlayman, — dedi u ko‘zlarini mendan olib qochib...
Xullas, ertasi kuni tong azonda biz ishxonada edik. Mirkomilovni bo‘ralatib so‘kib o‘tirgan edik, o‘zi kirib keldi. “Nega past ovozda salom berasiz?”, deb yana mening asabimga tegdi. O‘zi shundoq ham uni ko‘rsam allergiyam qo‘ziyapti.
“Sen o‘zi kimsan? Bir marta hazillashganimizga keting kursi ko‘rib, g‘o‘ddayib qoldingmi? Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin!” — dedim men... ichimda.
— Assalomu alaykum! — bor ovozda baqirdim unga.
— Menga iddao qilmang, — dedi u teshib ketgudek nigoh bilan.
Kechga yaqin esa Mirkomilov Tojivoy bilan Faridga “tarbiyaviy soat” o‘tdi. Alamim kelib o‘tirgan edim, boshimni ko‘tarmay ularning ahvoliga rosa kuldim.
Bir hafta, o‘n kundan o‘tdi hamki, Mirkomilov bergan vazifalar ado bo‘lmasdi. Paydar-pay ish buyuraveradi. O‘ziyam “as” bo‘lib ketdik. Bosh qashlashga vaqt yo‘q. Tushlikkayam g‘iz etib chiqib kelamiz — o‘y-xayol stol ustidagi yumushlarda!..
Nechanchi kun edi, esimda emas, xonamizning eshigi ochilib, Ahror aka kirib keldi. Mirkomilov yo‘q edi. Biz azbaroyi quvonganimizdan Ahror akani quchoqlab yig‘lab yuborishimizga oz qoldi. Shundan keyin hamma gapni unga yetkazib, Mirkomilovning go‘riga g‘isht qaladik.
— Bu galvarsga ayting, bo‘lim boshlig‘i emassan deng, — baqirib yubordi Farid. — Jonimizdan to‘ydirdi-ku!
— Ta’tilingiz tugagani rost bo‘lsin, — dedim men hamon Ahror akaning yelkasiga qoqib. — Bizni bu eshakdan qutqaring.
Ahror aka miyig‘ida kulib turar, nima deyarini ham bilmasdi. Uning og‘iz ochishini uzoq kutishga to‘g‘ri keldi.
— Men sizlar bilan xayrlashishga keldim, — dedi nihoyat Ahror aka, tomdan tarasha tushganday. — O‘shanda farishtalar omin degan ekan, yuqoriga ko‘tarilib ketyapman. Eslaringdami, hujjatlarni topshirib qo‘yganman, devdim? Nihoyat, chaqirib qolishdi.
— Nima?!. — bu savol to‘rttalamizning og‘zimizdan bab-baravar chiqdi.
— Shunday bo‘lib qoldi, — aybdorona yelka qisdi Ahror aka.
— Mirkomilov-chi? — bu so‘rog‘imiz ham tengma-teng chiqdi.
— Nazarimda, u endi haqiqiy bo‘lim boshlig‘i bo‘ldi. O‘rinbosar shefga tavsiya qilgan ekan, ma’qul tushibdi.
Shu vaqt eshik ochildi-da, g‘o‘ddaygancha Mirkomilov kirib keldi...
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 30-son