OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Namozov. Notanish (qissa)

G’aybarov tebranma kursida o‘tirar ekan, ko‘zlarini yumib olgan edi. Ish og‘ir, o‘ziga xos yuki bor. Mansab pillapoyalari bo‘ylab ko‘tarilish chetdan qaraganda, yaxshidir, ammo uning zalvori, mashaqqatlarini har kim ham his etolmaydi. Aqliy mehnat bo‘lsa-da, tinkangni quritadi, ezib tashlaydi. Yutoqib-yutoqib chekkaningda ham charchog‘ing bosilmaydi, aksincha o‘pkaga tutun yutib, o‘z umringni qisqirtirayotganing qoladi. Keyin kotiba tayyorlab bergan achchiq qahvani simirasan – go‘yo boshingga darmon kirgandek bo‘ladi. Bu esa vaqtinchalik “davo”. Ko‘zlaringni ochib, stol ustidagi qog‘ozlarga termilganing hamon yana ong-shuuringni tashvishlar kemira boshlaydi. Biroq ish tugab, uyga qaytar mahaling o‘zgacha hissiyotlar og‘ushida bo‘lasan. Haydovchi eshigini ochib bergan mashinaning ipakdek yumshoq o‘rindig‘iga cho‘kkach, diling yayrab ketadi. Tezroq uyga borib, xotining, bola-chaqang xushnud holda kutib olishlarini, yo‘q, avval bitta-ikkita qo‘ni-qo‘shni ko‘rib qolib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha salom berishlarini o‘ylasang, boshqacha bo‘lib ketasan. Mayli, kimdir havas qilar, boshqa birovi hasad ko‘zi bilan boqar, har holda munosabatlar oliy darajada!..
U mashinaga o‘tirar ekan, chekkaroqda turgan notanish kimsaga ko‘zi tushdi. Tavba, bir haftadan buyon ko‘zini lo‘q qilib turadi. Kim o‘zi bu? Maqsadi nima? G’aybarovning huzuriga kirmoqchi emish! Nima masalada deyishsa, aytmabdi. Shaxsiy ishim bor, degan emish! Qabulxonadan haydab chiqarishgach, endi pastda poylaydigan bo‘ldi. “Melisaga aytamiz”, deyishgandi, G’aybarov ko‘nmadi. “Yo‘qolib ketar”, deb qo‘ydi. Mana, endi yana sovuq nigohlari bilan ta’qib qilishni kanda qilmayapti. G’aybarov kecha o‘rinbosari Ma’sudovga tayinladi. U tushib, rosa tergov qilgan bo‘ldi. Keyin shalvirab qaytib chiqdi. Notanish daydi yana o‘sha gapni takrorlaganmish: “O’zi bilan gaplashaman, shaxsiy ishim bor...”
G’aybarov uyiga yeta-etguncha shu haqda o‘yladi. Ke¬yin hovlisiga kirgach, bu odam esidan chiqdi. Xotini ovqatdan oldin keltirgan bir piyola konyakni sipqordi-da, ishtahasi ochilib ketdi. Keyin hammomga kirib, ulkan hovuzga kalla tashladi. Iliq, musaffo suv bugungi charchoqlarini sidirib olgandek bo‘ldi.
Xotini, bolalari bilan yayrab suhbatlashgach, uyqu elita boshladi. Qani edi, uxlamasa! Ko‘zlaringni yumdingmi, yana ertangi kun boshlanadi. Tag‘in tashvishlar, muammolar... Yirik korporatsiyaning ishlari ham yirik. Ikki yuz chog‘li odam uning og‘ziga qarab turadi. G’aybarov, ayniqsa yig‘ilishda buni boshqacha tuyg‘u bilan idrok etadi. Ana shu idrok etish asnosida dili yayraydi. Xodimlarini urishib-so‘ksa, yanada ulug‘vorlik tuyadi o‘zida...
U ertalab ishxonaga kirishda yana o‘sha daydiga ko‘zi tushdi.
– E, manovi daydi yo‘qoladimi-yo‘qmi? – dedi haydovchiga ta’bi tirriq bo‘lib.
– Bilmasam, Xalil aka, mengayam yoqmayapti, – javob berdi haydovchi yigit. – Bir-ikki tepib haydagan edik, yana paydo bo‘ldi. Oldingizga kirmasa, bo‘lmasmish!
– Telba bo‘lsa kerak, tavba, bundan boshqa ishim yo‘qmi? – zarda qildi G’aybarov.
Yana ishga sho‘ng‘idi. Tushdan keyin malikalardek bo‘lib Noila paydo bo‘ldi. Nozik qo‘llari bilan G’aybarovning yelkalarini uqalab qo‘ydi. Ikkovlon sekin yon xonaga o‘tdilar...
Noila ham shu daydi haqida so‘z ochdi.
– Namuncha teshib qo‘ygudek qaramasa, arpasini xom o‘ribmanmi, – dedi. – Mabodo qarindoshingiz emasmi?
G’aybarov olayib qaragan edi, kelib suykaldi:
– Voy, hazillashdim-ku, kechiring!.. Oldingizga kirmoqchi bo‘layotgani uchun aytyapman-da!
– Menga qara, Zohidga ayt, o‘shani yo‘qotsin bu atrofdan. Biror narsa yo‘qolgan, deb yozsin, o‘zimning ham jonimga tegdi.
Noila ko‘zlarini katta-katta ochib so‘radi:
– Qamatib yuborasizmi?
– Nima, rahming kelyaptimi?
– Voy, gaplarini! So‘radim-da!.. Charchayapsiz-a, Xalil akajon? Hozir...

* * *

Daydi yana uch kun o‘tib paydo bo‘ldi. Tag‘in o‘sha ta’qib etuvchi nigoh!
G’aybarovning jahli chiqib, Zohidni chaqirdi-da, uni rosa so‘kdi...
O’sha kuni kechqurun esa daydi tushiga kirdi. Qing‘ir-qiyshiq tishlarini ko‘rsatib, allanimalar dedi u. G’aybarov hech nimani tushunmadi. Uni urmoqchi edi, qo‘lini ko‘tarishga ham kuchi yetmadi...
Tavba, tushiga kiradigan boshqa odam qurib qol¬ganmi?
Zohid rosa ta’zirini bergan bo‘lsa kerak, daydi ko‘zdan yo‘qoldi. G’aybarov haydovchiga sezdirmay, mashina ichida o‘tirganicha oynadan xavotirli qarab uni izlagan bo‘ldi. Yo‘q, ko‘rinmaydi, daydilar uyida bo‘lsa kerak! Daydilar uyi! Shunaqa dargoh bormikan o‘zi?!
Oradan bir hafta o‘tdi. G’aybarov ishda o‘tirganida xizmat telefoni jiringlab qoldi.
– Xalil Murodovich, sizni kimdir so‘rayapti, ammo ism-familiyasini aytmadi, – dedi kotiba. – Shaxsiy ishi bor emish!
G’aybarovning esidan chiqib ketgan edi. Notanish kishining “shaxsiy ishi” borligi ham daydini yodiga solmadi. Boz ustiga kayfiyati chog‘, hozirgina Ma’sudov mullajiringlarni berib, charchoqlarini yozib yuborgan edi.
– Kim deding?
– Tanishingiz ekan.
– Bo‘pti, ulayver...
Birozdan so‘ng sokin musiqa to‘rt-besh soniya yangrab, xirillagan ovoz eshitildi:
– Xalil, o‘zingmisan?
G’aybarovning birdan jahli chiqib ketdi. Xalil dedimi? Sensiradimi? Kim o‘zi bu muttaham? Shaxsiy masalada qo‘ng‘iroq qilib, qo‘pollashganini-chi! Hatto, qarindoshlariyam bunaqa ohangda gaplashishmaydi. Tog‘asi-yu, amakilari muloyim tarzda murojaat qiladilar. Umuman aytganda, ular qo‘ng‘iroq qilishgayam botinishmaydi.
– Allo, Xalil?
– O’zing kimsan? – baqirdi G’aybarov. – Kimga telefon qilayotganingni bilasanmi?
– Albatta, bilaman, – javob berdi xirillagan ovoz. – Sen Xalil G’aybarovsan, nima bo‘pti shunga?
– Kim bo‘lib ishlashimniyam bilasanmi?
– Bilaman. Korporatsiya xo‘jayinisan. Necha kundan buyon huzuringga kirolmayapman. Mana, endi telefon orqali gaplashyapman. Qabul qilmaysanmi meni?
Bu paytda azbaroyi jig‘ibiyroni chiqqan G’aybarov o‘rnidan turib ketgan edi. Birorta sinfdoshi hazil¬lashyapti, desa, bunaqa befarosati yo‘q. Agar dushmanlaridan kimdir, deb o‘ylasa, bo‘lishiyam mumkin emas!.. Ha, o‘zi aytib turibdi: o‘sha daydi! Basharasi sovuq, ko‘zlari teshib qo‘ygudek qaraydigan notanish kimsa!
– Seni kim yolladi, ayt, – baqirdi G’aybarov. – Nima kerak o‘zi senga? Nega tinch hayotimga kirib kelib, oromimni o‘g‘irlayapsan?
– O’zingni bos, xavotir olma! Men eski tanishingman! Unutib qo‘yibsan, shekilli?
G’aybarov o‘zini bosishga harakat qilsa-da, uddalay olmadi:
– Mening sendek tanishlarim yo‘q, bildingmi? Ke¬yingi vaqtlarda tanishlarim shunaqangi ko‘-paymoqdaki...
– Sen nega huzuringga kirishimdan qo‘rqyapsan? Ba’zi narsalarni eslatib qo‘ymoqchi edim, xolos. Qachon kirsam bo‘ladi? Ko‘rishmaganimizgayam ancha...
– Menga qara, bu yer har xil qalang‘i-qasang‘ilar keladigan idora emas. Ikkinchi telefon qilma. Qo¬rangniyam ko‘rsatma! – shunday deb G’aybarov go‘shakni taq etib tashladi.
“Unutib qo‘yibsan” emish! O’zing kimsan-u, ba’zi narsalarni eslatishing nimasi?.. Tavba, nima gapi bor ekan?
Eski tanish...
G’aybarov xotirlashga urinib ko‘rdi, ammo sira eslay olmadi. Keyin shungayam bosh qotirayotgani uchun o‘zidan jahli chiqdi. Hech qanaqa tanish-panish emas. Huzuriga kirib oladi-da, o‘zini qadrdondek ko‘rsatadi-da, pul so‘raydi.
Kotiba bog‘lanib, yana o‘sha kishi qo‘ng‘iroq qilayot¬ganini aytdi. G’aybarov unga baqirib berdi. Kotibaning uni o‘chdi. Shu bilan hammasi tinchigandek edi. Biroq...
Kechqurun o‘sha daydi yana G’aybarovning xizmat mashinasi ro‘parasida paydo bo‘ldi. Hatto, haydovchi ham g‘ijinib, so‘kinib qo‘ydi. G’aybarovga, “Bir marta gaplashib qo‘ysangiz, nima qiladi, xo‘jayin?” degandek qarab qo‘ydi.
– Menga qara, – dedi G’aybarov mashina oynasini tushirar ekan, ovozini balandlatib, – bugun juda charchaganman, ertaga ertalab kel, nima gaping bo‘lsa, aytasan!..
Mashina g‘izillab yo‘lga tushdi. Ha, bir marta gap¬lashmasa, bu devona kelaveradi. Eshitib ko‘rsin-chi dardini? Balki, rostdan ham tanishidir? Ammo ishxonadagilar gapirmasmikan? Boshliq qandaydir tilanchini xonasida olib o‘tiribdi, deyishmasmikan?..
Ertasiga G’aybarov xonasiga kirib kelishi bilan orqasidan qo‘rqa-pisa kotiba ergashdi. Anchagacha botinolmay turdi.
– Nima deysan, chaynalma, – dedi G’aybarov.
– Anuv... odam oldingizga kirmoqchi emish!
– Kim?
– Kecha o‘zingiz aytganmishsiz, ertalab kel, deb.
G’aybarovning yodidan ko‘tarilgan edi, hozir eslab, peshanasi tirishdi. Indamay turdi. Bahona topmoqchi bo‘ldi. Keyin bu qaroridan qaytdi. Gaplashsa, gaplashibdi-da!
– Qaerda o‘zi?
– Qabulxonada.
G’aybarov sal tin oldi. Kotiba, qo‘rqyapti, deb o‘ylamasin, tag‘in. Besh daqiqa gaplashadi-da, keyin chiqarib yuboradi.
– Bo‘pti, kirsin, ammo darhol orqasidan kirgin-u, yuqoridan so‘rashyapti, tez kelsin, deyishyapti, degin!
– Xo‘p, – kotiba ko‘zlarini pirpiratib chiqib ketdi.
Birozdan so‘ng eshik ochilib, o‘sha so‘xtasi so¬vuq paydo bo‘ldi. Rangi oppoq, yuzlari so‘lg‘in. G’aybarovning battar peshanasi tirishdi. O’zini ishga andarmon qilib ko‘rsatarkan, unga olayib qarab qo‘ydi. Ko‘rishish uchun qo‘l cho‘zish u yoqda tursin, mut¬laqo mensimadiyam!
– Bu – menman, – dedi daydi. – Eslab ko‘r-chi!.. Ismim...
G’aybarov qog‘ozdan bosh ko‘tarmay javob berdi:
– Birodar, men sizga o‘xshagan bekorchi emasman, har bir kelgan odamni esla-a-a-b o‘tiradigan. Ota-onangiz tarbiya bermaganga o‘xshaydi. Madaniyatli odam duch kelgan kishini sensiramaydi, bildingizmi?
– Ha, sen ancha o‘zgaribsan, – bo‘sh kelmadi notanish kimsa. – Agar hozir eslay olmasang, keyin pushaymon bo‘lasan.
– Sensiramang, dedim sizga! Po‘pisa ham qilmang.
– Men senga bor gapni aytdim. Huzuringga oldi-orqangga qarab yur, deb kirdim o‘zi! Halol-haromning farqiga bormay qo‘yding, birodar! Bunaqada ishlaring teskari ketadi.
G’aybarov qoshlari chimirilib, sekin o‘rnidan turdi. U nihoyatda jahlga mingan edi:
– Menga qara, kimsan o‘zi-a? Bir notavon, bechorasan-u, maslahat berganingni qara! Kim bo‘¬lib-sanki, mening ishlarimni taftish qilasan? Ust-boshingga bir qara, axlatxonadan chiqib kelyapsan, shekilli? Tag‘in halol-haromdan gapirasan!
– Men sen bilan birga ishlaganman, Xalil. Bozorda, esingdami?
– Nima?! Qanaqa bozor? Bilib qo‘y, men seni tanimayman, eslashga urinmayman ham! Bor, chiqib ket!
Notanish kishi biroz jim turdi-da, unga ko‘z ostidan g‘alati qaradi:
– Mayli, chiqib ketaman. Biroq bilib qo‘y, meni ko‘p izlaysan hali! Tavbangga tayanadigan kunlaring oldinda! Ehtimol, hozir bilinmas, ammo shunday kunlar keladiki, xato, gunohlaringni birma-bir yodga ola boshlaysan. Shunga majbur bo‘lasan! Men faqat shu haqda aytishga kelgandim.
– Har kim xatosi uchun o‘zi javob beradi, – to‘ng‘illadi G’aybarov. – Gaping tugagan bo‘lsa, senga javob, janob bashoratchi! Senga ikkinchi marta bu yerga kelmasligingni tilab qolaman!
Bu vaqtgacha kotiba ikki marta kirgan, G’aybarovni allakimlar so‘rayotganini aytib, chiqib ketgan edi.
– Men ham senga chin dildan xatolaringni anglab yetishingni tilab qolaman, – shunday deb daydi mehmon eshik tomon yurdi.
G’aybarov so‘kinmoqchi edi, ammo gap cho‘zilishini, bu daydi yana qolib ketishini o‘ylab qo‘l siltadi. Har holda endi tinch qo‘yar! Birorta faylasuf bo‘lsa kerak, birovlarning gunoh, xatolarini eslatib yuradigan. Ammo kayfiyatini tushirib ketdi.
Bozor emish! Hozir ko‘ngilga bozor sig‘adimi? Ish qalashib yotibdi...
Ma’sumov kirdi. O’sha turqi sovuqdan qutulgani uchun tabriklagan bo‘ldi. Keyin qilingan ishlar to‘g‘risida hisob bera boshladi. G’aybarov unga razm solib, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushdi. Boyagi daydini shu yollamaganmikan?
E, yo‘q, Ma’sumov – shogirdi-ku! Ismi nima edi-ya! Avval boshdan G’aybarov uni Ma’sumov, Ma’sumov, deb kelgan. Og‘ir kunlarida suyagan. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan. Ikkisining ko‘pdan-ko‘p siri bor. Bir-biriga ishonishadi-da!
– Oxirgi yuk bo‘yicha gap-so‘z chiqib qoldi, – bosh chayqab dedi Ma’sumov. – Noqonuniy ish qil¬ganmishmiz!
– Bu nima deganing? – hayron bo‘ldi G’aybarov.
– Esingizdami, sizga aytgandim, hech kim so‘ramaydi, degan edingiz?
G’aybarov tan oldi:
– Ha, esimda, nima bo‘pti shunga?
– Xavotirli joyi yo‘q, biroq titkilab boshlashsa chatoq bo‘ladi, Xalil Murodovich.
– Titkilab nimayam qilishardi? Ja qo‘rqoqsan-da!.. Mana, ombor mudiriga to‘nkab qo‘yaver. O’shaning imzosi bor-ku! Ishqilib bizning familiyamiz yozilgan hujjatlarda joyidami?
– Joyida-joyida, ammo ombor mudiriyam anoyi emas-da! Mabodo yozib beradigan bo‘lsa...
– Tavba, yana vahima qilasan! O’zing ham juda maydalashib ketyapsan-da!
Ma’sumov hujjatlardan ko‘z uzolmay chiqib ketdi. Rostdan ham vahimaning uyasi! Qo‘rqoq! Bu dunyoda hal etilmaydigan ish bor ekanmi? Noqonuniy! Shuyam gap bo‘ldi-yu!..
Shu kuni G’aybarov kechgacha g‘ayrat bilan ishladi. Orada Noilani chaqirib, ko‘ngilxushlik qilishga ham ulgurdi. Uni xonasidan chiqarib yuborib, derazadan tashqariga tikilganicha chekib turgandi, xonasiga begona kishilar kirib kelishdi. Hujjatlarni ko‘rsatib, G’aybarovni sal dovdiratib qo‘yishdi.
Ma’sumov aytganicha bor ekan – bu mutlaqo jiddiy masala edi. Ombor mudirini chaqirishgandi, labi gezarib, bir balolarni aytib tashladi.
G’aybarovning paytavasiga qurt tushib qoldi. Na¬hotki, shu ishni deb ovorai sarson qilishsa? Nima bo‘lganda ham mol ushlab qolingan-ku! Qolaversa, o‘sha noqonuniy yuk bilan bog‘liq hujjatlarda G’aybarovning imzosi yo‘q! Biroq tekshiruvchilarning ta’kidlashicha, ombor mudiri tushuntirish xatida hammasi G’ay¬barovning ko‘rsatmasi bilan bo‘lganini qayd etibdi. Bu haqda shuncha odam ichida ham shartta-shartta aytib tashladi. G’aybarov sekin Ma’sumovga qaragan edi, u yelkasini qisib, hech nima demadi...
G’aybarov oddiy hisoblagan muammo kattargandan-kattaraverdi. Ishxonani jiddiy tarzda tekshirishga tushdilar. Ombor mudiri qamalib ketdi. G’aybarov, mening imzoim qo‘yilmagan, deb turib oldi. Ammo kichikroq bo‘lsa-da, boshqa kamchiliklar chiqib qoldi (“ha, endi titkilasang, chiqaveradi-da!”) Hafta oxiriga borib, G’aybarovga kursini bo‘shatib qo‘yishi lozimligini chiroyli qilib tushuntirib qo‘ydilar. U hang-mang bo‘lib qoldi. Pul orqali ishini bitirmoqchi edi, bu muammo sal boshqacha yakun topdi: mayli, qoladi, ammo o‘rinbosar sifatida! Uning joyiga hozircha Ma’sumov o‘tiradi. To‘g‘rirog‘i, uning nomzodini G’aybarovning o‘zi ko‘rsatdi. Hozircha u boshliq vazifasini bajaruvchi bo‘lib tursin, keyin mana bu gaplar tinchigach, yana o‘rin almashadilar.
Ma’sumov bu taklifga ko‘nmagan edi, G’aybarovning o‘zi ko‘ndirdi.
– Gap bor, – dedi sirli qilib. – Sen ishni bemalol boshlayver.
– Mayli, siz uchun, Xalil Murodovich, roziman, biroq xonangizda o‘tirmayman.
– O’tirasan! Vaqtincha, deyapman-ku senga!
G’aybarov hali oldinda o‘zini nimalar kutayotganini bilmasdi, albatta...

* * *

Shu kuni G’aybarov negadir uxlay olmadi. Xuddiki, shogirdi Ma’sumov uning kursisini tortib olayotgandek tuyulaverdi. Bunga ishongisi kelmagani sari hadik-xavotiri ortardi. Nega unga topshirdi? Aslida boshqa chorasi ham yo‘q edi. Mehnat ta’tiliga chiqib ketsa, kim bilsin, nimalar qilishadi! Tergovni boshlab yuboradilarmi? Ma’sumov esa... ishonchli! Axir shuncha vaqtgacha G’aybarov uning yelkasiga qoqib kelgan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan. Har holda ustozining boshini urib yormas! Vaqtinchalik ekanligini uning o‘ziyam biladi-ku! Qolaversa, G’aybarovning taklifiga osonlikcha ko‘nmadi! “Men bunday qilolmayman”, deb turib oldi. G’aybarov vaziyatni obdon tushuntirgach, noiloj rozi bo‘ldi. Ammo...
Baribir amal kursisi yomon-da! Unga o‘tirgach, ohanrabodek o‘zidan uzoqlashtirmaydi, sira turging kelmay qoladi. Shunday yopishqoq kursiki, ajrala olmay, o‘zing bilib-bilmay, mehr-oqibatni, yaqinlaringni unuta boshlaysan. Tebranib o‘tirganing sayin faqat rohat-farog‘at haqida o‘ylay boshlaysan!.. G’aybarov bu fikrini tezda o‘zgartirdi: odamiga bog‘liq, albatta... har kim ham bunaqa bog‘lanib qolmaydi. Ma’sumov ham shu toifadan bo‘lishi... kerak. G’aybarov uning fe’lini biladi-ku! Baribir tez-tez eslatib turishi lozim. O’zi bu qancha vaqtga cho‘ziladi? Nari borsa, bir oydir-da! Ammo... bir oy ichida ishxonani ostin-ustun qilib tashlash ham mumkin-da!..
G’aybarov xotiniga bugungi g‘avg‘olar haqida bildirmadi. Aks holda kayfiyati buzilib, qo‘rqib ketadi. Erta-indin mavridi bilan tushuntirar.
Xotini baribir sezdi:
– Tinchlikmi, nima gap?
– Hech gap yo‘q, – ko‘zini olib qochdi G’aybarov. – O’zlaring qalaysizlar, yaxshimisizlar?
Xotini javob bermadi. Eriga zimdan qarab turaverdi.
G’aybarov chala-chulpa ovqatlanib, o‘rniga cho‘zildi. Tezroq uxlab, ertaga birinchi navbatda Ma’sumov bilan gaplashishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Attang, vaq¬tinchalik deb rasmiylashtirmabdi-da! Mayli, ertaga to‘g‘rilab qo‘yar! Ma’sumovga nima deydi? Xavotirlanayotganini sezdirib qo‘ymasmikan? E, sezsa, nima?! Bu kursiga o‘tirguncha ne-ne zahmat chekkanini biladi-ku uyam! Ko‘rgan, guvohi bo‘lgan!.. Ha, aynan guvohi bo‘lgan. Shunisi ko‘ngilni xijil qiladiyam. Bir paytlar Xalil Murodovich Sobir Jabborovichning o‘rnini qay tarzda egallaganini biladi! Yo, tavba, xuddi yaqin o‘tmish tak¬rorlanayotgandek! Sobir Jabborovich bilan ham shunday bo‘lgan edi-da! U... G’aybarovning ustozi edi, axir! To‘g‘ri, ishxona hozirgidek katta emasdi, xodimlar ham kam edi. Afsuski, mana shu Ma’sumov ham bor edi. U paytlarda sal go‘lroq, sodda edi. Balki o‘zini shunaqa tutgandir? Quv, olg‘ir bo‘lishni mana shu Xalil Murodovich o‘rgatdi. Keyin-keyin o‘ziga yordamchi, bo‘lim mudiri, o‘rinbosar qilib oldi. Xuddi Sobir Jabborovichga o‘xshab! Naqadar o‘xshashlik, takroriylik! Xuddi kecha sodir bo‘lgandek hammasi!..
G’aybarov u yonboshidan-bunisiga o‘girilib tuzuk uxlay olmadi. Ertasiga ishga boshi g‘uvillab bordi. Ma’sumov o‘tirganini bilsayam to‘g‘ri o‘zining xonasiga qarab yurdi. Kirishdan oldin sekin tomoq qirib qo‘ydi.
Ma’sumov uni ko‘rishi bilan sakrab o‘rnidan turdi. Kela solib qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Uydagilarni, yangani, bolalarni so‘radi. G’aybarov xushlamaygina javob berdi.
– O’tiribsanmi? – dedi keyin. – Tinchmi ishqilib? Qo‘ng‘iroq bo‘lmayaptimi?
Shogirdi xo‘rsinib, sekin shipshidi:
– Bo‘lyapti-da, Xalil Murodovich! Hali uzoq davom etadiganga o‘xshaydi.
G’aybarovning qoshlari chimirildi:
– Nega uzoq davom etarkan? Kelishganimizdek qildik-ku! Yo sengayam e’tirozlari bormi? Tinchitib yuboramiz, deyishdi-ku, yana nima istaydilar?
– Bilmasam... Barvaqtroq kelgandim, uch-to‘rt marta sizni so‘rashdi. Meni tanimaydigan odamlar, nuqul osmondan kelishadi.
– Nima qilay, ko‘rinmay turaymikan? – o‘ylanib gapirdi Xalil Murodovich. – Nega buncha yopishib olishdi-ya!
Ma’sumov yelkasini qisdi. U ham o‘ylanib qolgan edi.
– Meni so‘rashganida nima deding?
– Arizasini yozgan, dedim.
– Jim bo‘lishdimi?
– Qayoqqa ketdi, deyishdi. Bilmadim, dedim.
– Bildirma, – tayinladi G’aybarov. – Men anovilar bilan gaplashib ko‘ray-chi!.. Aytganday, kabineting qaerda edi?
Ma’sumov o‘ng‘aysizlandi:
– Xalil Murodovich, shu yerda o‘tira qoling. Menga noqulay bo‘lyapti. O’tirolmayapman.
G’aybarov kulimsirab dedi:
– Yuzingdan unaqaga o‘xshamaydi-ku! Aksincha, men yoqib qolganmi, deb o‘ylayapman.
Shogirdining tusi o‘zgardi. Ammo xijolat tortganidan emas, qandaydir norozi bo‘lgandek tuyuldi G’aybarovga. Unga sinovchan tikildi. Oraga og‘ir jimlik cho‘kkan edi. Xuddi bir paytlar Sobir Jabborovich bilan Xalil Murodovich bilan ro‘y bergandek! Ajab, G’aybarov xuddi shu holatni esladi. Rostdan ham tak¬rorlanayotgan bo‘lmasin tag‘in. Yo‘g‘-ey, nimalar deyapti? Shunday bo‘lganida ham oldini olishi kerak.
– Nega indamaysan?
– Jahlimni chiqarasiz-da, Xalil Murodovich!
G’aybarov zil ketdi:
– Balki, kechirim so‘rang, dersan?
Shu payt kotiba kirib, noqulaylikka chek qo‘ygan bo‘ldi, biroq uning o‘zi o‘ng‘aysizlanib qoldi. Kimga murojaat qilishni bilmasdi.
– Nima gap? – so‘radi G’aybarovdan oldin Ma’sumov.
– Haligi... kechagi majlis bayoniga imzo qo‘ysangiz, devdim.
– Qani, bering, – Ma’sumov shunday deb kotiba uzatgan qog‘ozni oldi.
G’aybarov battar diqqat bo‘ldi. Yopiray, bu atayin qilyaptimi? Tasavvurida, allaqachon amal o‘ziniki-ku! Tasavvurida emas, mana hozir, shundoqqina ko‘zi o‘ngida!
U, hatto o‘tirmagan edi. Ma’sumov imzo chekib, kotiba chiqib ketgunicha qaqqayib turaverdi.
– Yuring, Xalil Murodovich, xonangni ko‘rsat, dedingiz, shekilli?
G’aybarov uni ergashtirib chiqdi. Vaqtida to‘g‘ridagi mana shu xonani Ma’sumovga bersa bo‘larkan. Jinqarcha shogirdi o‘tiraversayam ish bitardi. Negadir qizg‘angan edi. Qandaydir mehmonxona qilib qo‘ygandi, nufuzli mijozlar, xorijdan keladigan hamkorlar uchun. Endi, kim bilsin, Ma’sumov qayoqqa olib boradi?..
Xonasi ancha narida ekan. G’aybarov endi esladi. Bir paytlar, ikki-uch yil oldin bo‘lsa kerak, shu xonada o‘tirishini aytgan edi. Demak, vaqti kelib, o‘zi o‘tirishi kerakligiga hukm chiqargan ekan. Oddiygina, kichkina xona! Bu yerda qanday o‘tiradi? Xodimlarning ko‘ziga qanday qaraydi? Qay biriga, bu – vaqtinchalik, deb tushuntiradi? Rostdan ham... vaqtinchalikmikan? Tavba, o‘ziyam ishonmayapti! Kecha qanday kun edi-yu, bugun ne ko‘rgiliklar tushyapti boshiga?
O’z xonasiga qaytmoqchiyam bo‘ldi. Ammo yuqoridan bo‘¬ladigan qo‘ng‘iroqlardan cho‘chidi. Qo‘ng‘iroq qilish¬magani bilan joyida qolganini eshitib qolishsa, sira qo‘yishmasa kerak. Umuman, bu ishda qolgani quloqlariga chalinsa-chi? Ketishi kerakmi? Axir, qachongacha aldaydi?
Shu tarzda G’aybarovni vahima bosib kelardi. Bir ko‘ngli, ket, bu yerdan, derdi. Keyin sarkash xayollari, shuncha yillik mehnatini sarobga aylantirishi mumkin emasligini uqdirardi. Tinchib qolsa, yana kursisiga o‘tirar? O’tib ketar-ey, o‘ldimi!
– Marhamat, Xalil Murodovich, – joy ko‘rsatdi Ma’sumov. – Bitta-ikkita begona odamlarning ovozini eshitsangiz, chiqmay turasiz-da!
G’aybarov to‘ng‘illab qo‘ydi:
– Aql o‘rgatma! Bu yog‘ini o‘zim bilaman.
– Mayli-mayli... Ehtiyot shart, aytaman-da!
Ma’sumov chiqib ketdi. U esa shalviraganicha qol¬di. Nazarida, endi aslo ortiga qaytmaydigandek, hatto bu joy ham omonatdek tuyuldi. Bitta-ikkita begona odam... Nima, endi devor ortidagi quloq bo‘lib o‘tiradimi, yuragini hovuchlab?! Ma’sumovning o‘zi nima qiladi? Qanday ish tutadi? Tinchita olarmikan? Avvalgi qing‘irliklarini sotsa-ya! Axir, ko‘p sirlardan voqif u! Nima bo‘ladi?
G’aybarov xiyla kichik oromkursiga cho‘kib, o‘zini noqulay his qildi. Odatiga ko‘ra, beixtiyor qo‘lini oldinga cho‘zdi – choynakdan piyolaga choy quymoqchi bo‘ldi. Qo‘li muallaq qoldi. Choynak ham, piyola ham yo‘q edi. Esiga tushdi: olifta Ma’sumov faqat ma’danli suv ichardi. Stakanga quyib o‘tirmay, yelim idishning o‘zidan ko‘tarib qo‘ya qolardi. Ziyofat-u tug‘ilgan kunlarda ham bu odatini kanda qilmasdi.
Attang, shu topda choy ichgisi kelgandi-ya! Kotibaga buyuradi! G’aybarov harchand urinmasin, qabulxonaning telefon raqamini eslay olmadi. Avvallari Noila ham choynakni to‘ldirib ko‘k choy olib kiraverardi. Qani endi u? Nima derkan-a, bu ishlar haqida?..
G’aybarovning boshi g‘ovlab ketdi. Tushgacha nimalar qilganini bilmaydi. Bitta-ikkita xodim kirib qolib, anqayib chiqib ketganini aytmasa, “it” ham so‘ramadi. Hatto sadoqatli shogirdi xabar olmadi. Alam qilib ketdi G’aybarovga.
Maxsus restoranda tushlik qilardi. Endi esa... Bugun ovqatlanmaydi. Shu yerda pusib o‘tiradi. “Boshliq” shunaqa degan...
Tushdan keyin G’aybarov sekin xonadan chiqdi. Qa¬bulxona tomonga yurdi. Sekin kirdi. Kotiba uni ko‘¬rib, ohista o‘rnidan qo‘zg‘algan bo‘ldi. G’aybarov, “o‘tiraver” ishorasini qilib, ichkariga imladi.
– Hech kim yo‘q, bir o‘zlari, – dedi sekingina kotiba.
G’aybarov sal dadillanib, ichkariga yurdi. Ma’sumovning naq ustiga bostirib bordi hamki, u sezmadi. O’sha yerdagi kursilardan biriga cho‘kib uni kuzatdi. Ma’sumov qandaydir hujjatlarni ko‘rish bilan andarmon edi. U qoshlarini chimirib olgan, ba’zida bosh chayqab qo‘yardi. Stol ustidagi ma’danli suvga qo‘l cho‘zish asnosidagina G’aybarovga ko‘zi tushdi. Hayron bo‘lib, sekin o‘rnidan turdi:
– Qachon kirdingiz?
– Bir soatcha bo‘lib qoldi, – istehzo aralash javob berdi G’aybarov. – Ish ko‘pmi, deyman? Ana shunaqa, bizning ish og‘ir.
Ma’sumov bosh irg‘adi:
– Ha, og‘ir... hujjatlar shunaqangi chalkashib ketganki, boshi-adog‘i qaerda, bilib bo‘lmaydi. Bo‘limdagilar nima qilishgan, hayronman.
– Demak, nazorat qilmagansan-da! – chaqib olmoqchi bo‘ldi G’aybarov. Shunday ohangda aytdiki, xuddi bekorchi odam ishlayotgan kishini ko‘rolmay, gapirgandek tuyuldi. Buni, avvalo, o‘zi ilg‘adi. Darhaqiqat, u hozir rostdan ham bekorchi-da!..
Ma’sumov joyidan turgan edi, tag‘in o‘tirdi. G’ay¬barov undan hol-ahvol so‘rashini kutdi. “Xalil Murodovich, qalaysiz? Zerikib ketgan bo‘lsangiz kerak? Ish shunchalar ko‘pki, sizdan ham xabar ololmadim, uzr”, deydi, deb o‘yladi. Hech bo‘lmasa tannoz kotibani yuborsin edi. Yubormasa, demak, fahm-farosati yetmaydi ularning! Aks holda birrov bo‘lsayam xabar olardi. Hali shoshmay tursin, G’aybarov joyiga qaytgan kuni, eng avvalo, mana shu kotibani yo‘q qiladi. Kotiba zotiday sotqinlar bo‘lmasa kerak. Darrov yangi boshliqqa yaltoqlana boshlaydi.
– Ishlar chatoq, Murod Xalilovich, – bosh chayqadi Ma’sumov. – Yana bir-ikkita ishimiz ochilib qolgan emish!
– Vahima qilma, – o‘dag‘ayladi G’aybarov. – Darrov shovqin ko‘tarasan! Nega shu joyga o‘tqazdim-a seni?
Ma’sumov uning ko‘ziga tik qarab javob berdi:
– Joningizni asrab qolish uchun-da, Xalil Murodovich. Axir, pishiqsiz-ku! Ham joningizni, ham kursingizni! Ammo bu qiyin.
G’aybarovning ichidan bir nima uzilib ketgandek bo‘ldi. Shundoqqina qarshisidagi shogirdi yetti yot begonadek, avvallari mutlaqo ko‘rmagan odamdek, mutlaqo notanishdek ko‘rinib ketdi. Ha, ha, notanish! Bir kunda mutlaq begona kimsaga aylanib qolibdi. Mana shu kursiga bir-ikki o‘tiribdi-yu, miyasi ham, fikri ham aynibdi. Nahotki, G’aybarovning joyini qaytarib bermasa? Bu qanday bedodlik?
– Sen bir kunda shunchalik o‘zgarib qoldingmi? – dilidagini tiliga chiqardi G’aybarov.
Ma’sumov biroz sukut saqlab, keyin javob berdi:
– O’zgarganim yo‘q, axir, nima bo‘lganda ham rostini gapir, deb o‘rgatgansiz-ku! Ehtiyot bo‘lishingiz kerak, demoqchiman-da! Hali ko‘p kavlashadi, Xalil Murodovich... Aytdim-ku, men o‘zim ko‘rganimdayam chalkashliklar chiqib qolyapti.
G’aybarov sal shashtidan tushgan bo‘lsa-da, Ma’sumovga hujum qilishdan to‘xtamadi:
– Ishqilib o‘zing kavlashtirmayapsanmi ortimdan?
Ma’sumov unga xiyol norozi qarab qo‘ydi-da, lom-mim demadi. G’aybarov so‘zida davom etdi:
– Menga qara, shunaqa hujjatlar chiqib qolsa, menga, albatta, ayt. Birgalashib yo‘qotamiz.
– Xo‘p, – bosh irg‘adi Ma’sumov.
– A, bu kotibaga aytsang bo‘lmaydimi, ertalabdan buyon choy ichganim yo‘q, tomog‘im qaqrab ketdi.
Ma’sumov stol yonidagi tugmachani bosdi. Sal o‘tmay kotiba kirdi:
– Labbay, Shohid Kamolovich.
G’aybarov bir titrab qo‘ydi. Shu asnoda shogirdining ismiyam ko‘p narsani esiga tushirdi: ha, Shohid edi. Bir paytlardagi jikkakkina bolakay, mana endi Shohid Kamolovichga aylanib o‘tiribdi. Bu kotibaning chindan ham farosati yo‘qqa o‘xshaydi. Jilla qursa, G’aybarovning oldida shunday demasin edi. Biroq... nima deb murojaat qilsin? Shohid aka, desinmi? Shundoq korporatsiyaning xo‘jayinini-ya (vaqtincha bo‘lsayam)?
Ma’sumovdan avval G’aybarov kotibaga murojaat qildi:
– Nega menga choy damlab bermading? Nima, senga eslatishim...iz kerakmi? Uyingda choy-poy damlarding, shekilli?
Kotiba bu gaplarni eshitib, keyin Ma’sumovga qaradi. U bosh irg‘agach, sekin chiqib ketdi. Ustoz-shogird o‘rtasida yana jimlik cho‘kdi. G’aybarov serdiqqat, Ma’sumov xotirjam edi. Bir-biridan gap kutishardi.
– Boyagi gapni bekor aytding, – dedi Xalil Murodovich.
– Qaysi gapni?
– Joningizni asrab qolish uchun, degan gapni!..
Ma’sumovning yuzida tabassum zohir bo‘ldi. G’aybarov uncha tushunmadi. “Bu gap hazil edi”, de¬moqchimi? Masxaralayotgandir balki? Nima bo‘lgan¬dayam uning og‘zini kutishga qaror qildi. Ma’sumov kutilmagan gap bilan uni esankiratib qo‘yayozdi:
– Xalil Murodovich, bilasizmi, ishlar juda ko‘p. Shu haqda keyinroq gaplashsak ham bo‘lar?..
G’aybarov hech nima demadi. Bo‘g‘riqib o‘rnidan turdi. Axir, ket, degani-da bu! Nonko‘r, yaramas! Yaxshilikni bilmagan tullak! Tirjayib turib, joningni olishi mumkinligini bilmagan ekan G’aybarov buning!
Indamay chiqib ketdi. Kotibaga xo‘mrayib qarab qo‘ydi.
Xonaga kirgach, stol ustidagi choyni ichgisiyam kelmadi. Telefon jiringlab qoldi. G’aybarov go‘shakni ko‘tarishniyam-ko‘tarmaslikniyam bilmadi. Telefon ham to‘xtovsiz, asabga tegadigan tarzda jiringlayverdi. Demak, kimdir G’aybarovni so‘ragan. Noiloj go‘shakni ko‘tardi. Avvallari kim qo‘ng‘iroq qilganini aytib, ke¬yin ulab berishardi, hozir esa birdan ulab yuborishdi.
– Ha, tinchlikmi? – so‘radi xotini. – Sotkangiz o‘chirilgan?.. Ishxonangizga qo‘ng‘iroq qilsam, boshqa xonaga o‘tgan, deyishdi. Men tushunmadim.
G’aybarov tomoq qirib, javob berdi:
– Vaqtincha, xotin, vaziyat shunaqa bo‘lib qoldi.
– Nima vaqtincha?
– Bas qil, – o‘dag‘ayladi G’aybarov. – Keyin tushuntiraman hammasini. Bu yerga umuman qo‘ng‘iroq qilma, – shunday deb go‘shakni tashladi. Keyin burchakdagi yumshoq kursiga o‘tirib, ko‘zlarini yumdi. Noilani qo‘msab ketdi. Qaerda ekan-a? Nozik qo‘llari bilan suyaklarni yozib yuborardi-da! Yana shunaqangi suykalardiki, beixtiyor ehtiroslaring jo‘shib-toshardi. Hozir loaqal shu kelsa edi. Biroz o‘tirib, chaqchaqlashishardi. Avvallari G’aybarovning vaqti bo‘lmasdi, mana endi xohlagancha! Ammo Noila ko‘rinmaydi, G’aybarov uning qaysi bo‘limda ishlashiniyam bilmaydi...
Kechga yaqin eshik shaxd bilan ochilib, Ma’sumov kirib keldi. G’aybarov uning avzoyini ko‘rib, beixtiyor o‘rnidan turdi.
– Tinchlikmi... Shohid...jon?
– Sizni bo‘limga o‘tkazmasak bo‘lmaydi, Xalil Murodovich. Ahvol juda jiddiy. O’rinbosarlik shtatini, umuman yo‘q qilib turishga to‘g‘ri keladi... Xah, shuncha boshog‘riq qildingiz-a!
– Nima boshog‘riq qilibman? – labi gezardi G’aybarovning, keyin rostdan ham vaziyat yanada jid¬diylashganini idrok etib, o‘zini qutqarishni o‘ylab dedi: – Men, yaxshisi, mehnat ta’tiliga chiqaman.
– Endi kech, Xalil Murodovich, kecha hamma buy¬ruqlarni olib bo‘lishgan. O’rinbosarlik joyi bo‘sh, degandik, bittasi, mana shu haqda ham rasmiy ma’lumot yuboring, deb o‘tiribdi. Juda yopishib olishyapti, qo‘yishmayapti!
G’aybarov bosh qashlab dedi:
– Bo‘pti, bo‘lim bo‘lsa, bo‘lim-da! Ammo bilib qo‘y, men ishxonaga kelib o‘tirmayman. Yo uyda bo‘laman, yo biror yoqqa ketaman.
– Menga qarang, – izoh bera boshladi Ma’sumov, – bu bo‘lim mudirligi o‘zi vakansiya edi. Siz kelib turmasangiz, bo‘shligini bilib biror kishini tiqishtirishmasin tag‘in.
– Men bo‘limda o‘tirsam, surishtirishmaskanmi? – qoshlarini tugun qildi G’aybarov.
– Surishtirishmaydi, buni o‘zingiz ham bilasiz-ku! Yuqorini hozir ko‘proq bo‘sh o‘rinlar qiziqtiryapti, tushunyapsizmi?
G’aybarovning jahli chiqdi:
– Ularga o‘zi nima kerak?
– Siz diqqat-e’tiborlarini tortmay turing, dey¬¬man-da! Hozir ketsangiz ham, bundayroq joyda o‘tir¬sangiz ham sezib qolishadi.
– Men bo‘limda ishlay olmayman!
– Nega? Axir, avval ishlagansiz-ku!
G’aybarov yalt etib unga qaradi. Rostdan ham ishlagan, biroq avval, o‘z nomi bilan, avval edi-da!
– Tushuning, agar ehtiyotkorlik bilan harakat qilmasak, ish ochishlari mumkin, – qo‘rqitishda davom etdi Ma’sumov. Keyin sobiq boshlig‘ining javobini kutdi. Undan sado chiqmadi. Aftidan, nimadir demoqchi-yu, tiliga chiqarolmayapti. – Nega indamaysiz?
G’aybarov zo‘rg‘a tilga kirdi:
– Mening joyim nima bo‘ladi?.. Haligi sen o‘tirgan joy!
Ma’sumov unga qarab, attang, degandek, bosh chay¬qadi-da, chiqib ketdi.
G’aybarov o‘zicha mulohaza yuritdi: bu bola o‘yin qilyapti – futbol! G’aybarov boshlagan o‘yinni davom ettirib, uning o‘zini koptok qilib tepyapti! Endi nima bo‘ladi?..
Eshik ochilib, Noila ko‘rindi!
Noila, o‘zining Noilasi! U ana shunday – G’ay¬barovning kayfiyati yo‘q paytda paydo bo‘ladi. Keyin orom, quvonch bag‘ishlaydi. Ayniqsa, hozir G’aybarov uni ko‘rib, shu qadar entikib ketdiki, naq yig‘lab yuborayozdi. Ma’sumov uning kayfiyatini ostin-ustun qilgan, Noilaning paydo bo‘lgani mushkulotlarini aritgandek edi.
– Nima bo‘ldi? – dedi Noila uning quchog‘ida erib, o‘zining kayfiyati tushkun edi.
– Vaqtinchalik, – javob berdi G’aybarov. – Shunaqa bo‘lib qoldi... O’zing yaxshimisan?
Noila biroz sukut saqlab, javob berdi:
– Yaxshi... Bir og‘iz aytmabsiz ham. To‘ppa-to‘g‘ri kirib boribman. Shohid akani o‘rningizda ko‘rib qo‘rqib ketibman.
G’aybarov Noilaning “Shohid aka” deganiga rashki kelib, uni so‘roqqa tutdi:
– Nima dedi senga?
– Hech nima! Shu zahotiyoq qaytib chiqdim-da!
– Bu xonada ekanligimni kim aytdi?
– O’zim o‘yladim. Joyingizda Shohid aka o‘tirgach, siz shu yerda bo‘lasiz-da!.. Ishdan olishdimi, Xalil aka? Nega?
– Vaqtinchalik, dedim-ku, – diqqat bo‘ldi G’aybarov. – Vaziyat sal yumshasin... Xodimlar nima deyishyapti?
– Hali hech kim bilmaydi, menimcha. Kechqurun yig‘ilishda aytishsa kerak-da!
G’aybarov hayron bo‘ldi:
– Qanaqa yig‘ilish?
– Hammaga aytib chiqishdi-ku, bilmasam!
Xalil Murodovich achchiqlandi. Bu ishi endi ortiqcha Ma’sumovning! Orqa-oldini bilmay qolyapti, shekilli. Noiladan Shohid Kamolovich o‘tirgan o‘zining sobiq xonasi telefon raqamini so‘radi. Noila aytdi. G’aybarov ichki telefondan o‘sha raqamni terdi. Birozdan so‘ng Ma’sumov go‘shakni ko‘targach, shoshilmay gap boshladi:
– Bugun majlis qilmoqchi ekansan, to‘g‘rimi? Nega mening xabarim yo‘q?
Ma’sumov keskin javob berdi:
– Ha, sal turib majlis o‘tkazmoqchiman. Buning sizga daxli yo‘q.
Agar hozir Noila bo‘lmaganida G’aybarov unga baqirib yuborishi mumkin edi. Biroq Noilaning hamma gapdan vaqif bo‘lishini, qolaversa, telefondagi bunday tarzdagi so‘zlashuv – go‘yo Ma’sumov allaqachon uning kursisini tortib olganini namoyon etishini istamadi u. Bosiqlik qildi, shu bilan birga Ma’sumovning javobini Noila eshitib qolmaganmikan, degan xavotirga ham bordi.
– Yaxshi, men qatnashib o‘tirmayman, o‘zlaring o‘tka¬zaveringlar, – dedi sir boy bermay. Go‘shakni qo‘yib, Noilaga xotirjam qiyofada yuzlansa-da, kayfiyati nosoz ekanligi ayon edi.
Noila undan gap kutdi. G’aybarov gapiravermagach, so‘radi:
– Qanday masala ekan?
G’aybarov qo‘l siltadi:
– Aytarli jiddiy gap emas, – dedi jo‘yali javob topolmay, keyin so‘zlarini suvab ketdi: – Intizom masalasi!.. Esimdan chiqibdi, men o‘zim tayinlagan edim. Onda-sonda jamoaning jilovini tortib qo‘ymasak bo‘lmaydi, to‘g‘rimi?
Noila o‘ylanib qolgandi.
– Agar siz qatnashmasangiz, men ham kirib o‘tir¬mayman. Aytib qo‘yarsiz, Xalil aka. Shu yig‘i-lishlarga tobim yo‘q, bilasiz-ku!
G’aybarov nima deb javob berishini bilmay, bosh irg‘ab qo‘ydi. Noila so‘zida davom etdi:
– O’zi nima bo‘ldi, ayting... Kecha u yoqda o‘tirgan odam bugun boshqa xonada o‘tiribdi. Shunday bo‘lishiyam mumkinmi?
– Nega bo‘lmas ekan? – uning yelkasidan quchdi Xalil Murodovich. – Buyam bir o‘yin-da! Bir xil atmosferadan ko‘ra, vaqti-vaqti bilan vaziyatni o‘zgartirib turish kerak. Hademay hammasi joyiga tushadi... Hali rejalar ko‘p, Noila.
Noila indamadi. Uning shahlo ko‘zlari katta-katta ochilgan, yuzida hayrat ifodasi qotgan edi. Hayrat bilan birga qandaydir xavotir bor. Yo‘q, xavotir deyish ham to‘g‘ri emas, Noilaning hafsalasi pir bo‘lgandek edi. G’aybarov bir so‘z aytmay uni kuzatib o‘tiraverdi. Nima deyishniyam bilmasdi. Ayni damda Ma’sumovning kursisida o‘tirgani uchun o‘zini o‘ng‘aysiz sezar, Noiladan uyalayotgan ham edi. Nazarida hademay bu juvon uni yo‘qlashni bas qiladigandek tuyuldi. Agar G’aybarov rostdan ham amaldan ketsa, Noilani boshqa ko‘rmaydi. Aniqrog‘i, u o‘zini olib qochadi. Ehtimol, Ma’sumovga yaltoqlanib boshlar! Nahotki, shunday bo‘lsa? Axir, hozirgacha G’aybarovni amali uchun yaxshi ko‘rardi-da! Yaxshi ko‘rardi?.. Qanaqa yaxshi ko‘rish? G’aybarovning pullari kerak edi, xolos. Yoshi ellikdan oshgan tepakalni yosh juvon boshiga uradimi? Muhabbat deganlari kitoblarda, xolos. Jilla qursa, bu tuyg‘u yoshlarda bo‘lishi mumkin. Kattalarda, ayniqsa, mansabdorlarda bu borada muhabbat emas, o‘ynash bor, xolos. Muhabbat emish-a!..
Nega G’aybarov bu haqda shu kungacha o‘ylamadi ekan? Mana, hozir Noilasi huzurida! Lekin u avvalgidek emas, sarosimaga tushgan. Kim bilsin, ichida nimalarni o‘ylayapti ekan? G’aybarovdan xalos bo‘lish haqida bosh qotirayotgandir, ehtimol?..
– Nega buncha o‘ylanib qolding? – dedi G’aybarov chiday olmay.
– Bilmadim... o‘zim, – dedi Noila ohista. Ovozi siniq chiqdi. Birozdan so‘ng so‘radi: – Baribir joyingizga qaytasiz-a, Xalil aka? Axir, sizning joyingiz bu yer emas-ku?!
G’aybarovning dilidagi tiliga chiqdi:
– Mabodo qaytmasam, sen... unutib yuborasanmi meni?
– Unaqa demang, – Noila uni quchoqlab oldi.
G’aybarovning nazarida u Noila bilan xayrlashayotgandek tuyulib ketdi. Bir paytlar harbiy xizmatga ketishidan oldin sevgilisi Sanobar uni xuddi shu tarzda kuzatgan edi. Ancha paytgacha xat yozib yurdi. Keyin dabdurustdan maktub yubormay qo‘ydi. Yosh Xalil qancha yozmasin, xatlari javobsiz qolaverdi. Ichiga o‘t ketdi. Sanobarning boshqa yigitga erga tegayotganini sezdi. Juda alam qildi. Harbiy xizmatdan qaytib kelgach, xuddi shu gapni eshitdi.
– Hazillashdim, deng, – pichirladi qulog‘iga Noila. – Ayti-i-i-n-g...
Negadir G’aybarovning xo‘rligi keldi. Agar, ha¬zil¬¬lashdim, desa, Noila quvonib, mahkamroq quchoq¬¬lab oladi, yo‘q, jiddiy aytyapman, desa, barini yi¬g‘ishtiradi. Buyam xuddi Ma’sumovga o‘xshagan odam-da! Tarozi posangisiga qarab ish tutadi. Darvoqe, faqat Noila bilan Ma’sumov emas, boshqalar ham, hamma-hamma shunday! Senga mansabingga qarab muomala qiladilar. Tanimay qo‘yadilar. Sen ular uchun notanishga aylanasan!
G’aybarov Noilani ranjitgisi kelmadi, o‘zini ham:
– Hazil, – deb qo‘ydi.
Shu payt eshik taqillab qoldi. Noila tezda o‘zini yig‘ishtirib, u yoq-bu yog‘ini tuzatdi.
Kotiba kirdi:
– Noila opa, shu yerdamisiz? Hamma joyni ko‘rib chiqdim... Yuring, Shohid Kamolovich chaqiryapti sizni.
Noila hayron bo‘lib o‘rnidan turdi. G’aybarov ham lol edi. Noila unga sirli ko‘z tashlab, kotiba hamrohligida xonani tark etdi.
G’aybarov yana huvillagan diqqinafas xonada bir o‘zi qoldi. Oshnalaridan birortasiga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldi, ammo bu qaroridan qaytdi. Agar ular ham bu dargohdagi gaplarni eshitishgan bo‘lsa, so‘roqlab, battar kayfiyatini buzishadi. Uyga qo‘ng‘iroq qilsinmikan? Hol-ahvol so‘rardi. Bolalar qalay, nima qilishyapti? Darvoqe, endi qo‘shnilarning ko‘ziga qanday ko‘rinadi?.. E, ular bilib o‘tiribdimi? Umuman, bilsalar nima! O’zi nega buncha fojia qilib yubordi?! Yetti muchasi sog‘-salomat-ku! Shunchalik ham tushkunlikka tushish mumkinmi?..
Burchakdagi oromkursiga o‘rnashib, ko‘zlarini yumdi. Vaqtni o‘tkazishning yo‘li – uxlash!..
Biroq G’aybarovning ko‘zlariga uyqu kelmadi. U Ma’sumov Noila bilan nimalar haqida gaplashayotganiga qiziqardi. “Qo‘y endi o‘sha odamni”, desa-ya Shohid! Aytishi mumkin, axir! Yig‘ilish o‘tkazmoqchi edi, tezroq o‘tkaza qolsa-chi!
Nega ishni o‘ylamayapti? Ma’sumov, endi bo‘limga o‘tasiz, dedi-ku! Bo‘limda qanday ishlaydi?.. Aslida o‘sha paytning o‘zida ketishi kerak ekan, bu yerda qolib sharmanda bo‘lgandan ko‘ra. Ma’sumov rosa kalaka qilsa kerak!
Indamay ketvorsa-chi? O’tiraveradimi indamaygina? Kech ham tushib qoldi.
G’aybarov sakrab o‘rnidan turdi. Eshik oldiga borib, sal talmovsirab, keyin shaxd bilan itardi. Koridorda hech kim yo‘q – hamma yig‘ilishda bo‘lsa kerak. Birdan kallasiga keldi: Ma’sumov yig‘ilishda Xalil Murodovich o‘z joyini bo‘shatganini e’lon qilsa-ya?! Aniq shu haqda gapiradi. Aks holda yig‘ilish chaqirib o‘tirmasdi.
G’aybarov shu haqda o‘ylab-tashvishlanib, tezda ishxonadan chiqish yo‘lagiga qarab yurdi. Tashqariga yo‘l oldi. Xizmat mashinasi – ana! Haydovchi qo‘l telefonida kim bilandir valaqlashib o‘tiribdi. G’aybarovni ko‘rib, gapini tugatdi-da, savol alomati bilan qaradi. “Uyga ketamiz”, degan buyruqni eshitib, jonlanib qoldi. Tezda mashinani o‘t oldirdi.
G’aybarov yo‘l bo‘yi Ma’sumov uni surishtirib qolishi mumkinligini ham o‘yladi. So‘rasin, surish¬tiraversin! Endi bu yerlarga kelmaydi, yelkasining chuquri ko‘rsin! “Bo‘limga o‘tasiz” emish! Oqibatni bilmagan shogird! Shuncha yaxshiliklari, yordamlari qaerga ketdi? Mana, bugun o‘zining tagidagi kursi yetmagandek, Noilani ham tortib olishga kirishdi. Ko‘z olaytirib yurgan ekan-da, ablah! Biroq, ustozdan qolgan-ku bu, demasmikan? Shunchalik yuragidan urgan, shekilli? Ol, olaver! Endi shundoq ham G’aybarovga uyat bo‘ladi. Oilasi, bola-chaqalari bor. Noilasiz ham kuni o‘tadi...
Shunday deydi-yu, baribir alam qiladi-da! Axir shogird tushmagur tayyoriga ayyor bo‘lib o‘tiribdi!..
G’aybarov uyiga vaqtli qaytgani uchunmi, xotini yana so‘roqqa tuta boshladi. U indamadi. Dam olmoqchi, bolalari bilan suhbatlashmoqchi edi, yo‘q, aksincha, xuddi ishxonada qidirib qolishgandek, behalovat bo‘la boshladi.
U zo‘rg‘a tunni o‘tkazdi. Ertasiga ertalab, xizmat mashinasi kelgan edi, haydovchiga javob berib yubordi. “Endi qachon chaqirsam, kelgin, Ma’sumovga o‘zim tayinlab qo‘yaman”, – dedi. Keyin ko‘chaga chiqib ketdi. Anchagacha tentiradi. Bozor, do‘konlarni aylanayotgandi, qo‘l telefoni jiringladi. G’aybarov ko‘zoynagini taqib, raqamga qaradi: Ma’sumov! A-ha, telefon qilarkansan-ku! Ishing tushibdi-da baribir! Bir o‘zing hal qila olarmiding shuncha tashvishni?! Oson, deb o‘ylaganmiding?
– Eshitaman.
– Assalomu alaykum, Xalil Murodovich... Bugun ishga chiqmadingizmi?
G’aybarov o‘shqirib berdi:
– Sen o‘zi kimsan, mendan hisobot so‘raydigan? Ishga boramanmi-yo‘qmi, o‘zim bilaman.
– Sizdan hisobot so‘rayotganim yo‘q.
– Gapimni bo‘lma! Kecha mendan bemaslahat majlis qilding, aytgandirsan-da, hammasini! Tipirchilab qolgansan-ku! “Otning o‘limi – itning bayrami”, deb bejiz aytishmagan ekan. Bilib qo‘y, men hech qanday ishingga yordam bermayman. Xomtama bo‘lma! Qanday qilib o‘sha joyga o‘tirgan bo‘lsang, shu tarzda ishlayver! Bo‘limni ham pishirib ye! Men esa ko‘chada qolmayman!
– Xalil Murodovich, namuncha otashinsiz? – Ma’sumovning ovozi ham baland chiqdi. – O’zingizni bosing. Men sizni o‘ylab, shu taklifni aytdim. Eng qulay yo‘li, axir! Vaqtinchalik, dedim-ku! Mana, bugun ham so‘rashdi... Sizni qochib ketdi, deb o‘ylashlari mumkin, tushunyapsizmi? Ish ochiladi. Ochiladi!.. Shu yerda bo‘lsangiz, bamaslahat hammasini hal qilardik.
– Endi maslahatim kerak bo‘lib qoldimi? Kecha majlis...
– Yana majlisni gapirmang, iltimos. Men vaqtincha boshqa bo‘limga o‘tishingizni aytdim, xolos. Haligi g‘avg‘olar haqida churq etganim yo‘q. Ishonmasangiz, xohlagan xodimdan so‘rashingiz mumkin.
– Bo‘liming boshingdan qolsin! Nega aytasan? Men jamoaning ko‘ziga qanday qarayman? Shu haqda o‘ylab ko‘rdingmi?
– Aytmasam ham bo‘lmasdi-da! Sizdan so‘rashmasa, mana, mendan so‘rashyapti. Kecha yuz marta so‘rashdi. Nuqul “Xalil Murodovich qani?.. Nega boshqa joyda o‘tiribdi?..” Mayli, agar rostdan ham ishga chiqmayman, desangiz, zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q. Ertaga mendan ranjib yurmasangiz bo‘lgani!
G’aybarov bo‘g‘ilib dedi:
– Qo‘rqitma meni.
Ma’sumov bo‘sh kelmasdi:
– Qo‘rqitayotganim yo‘q, ogohlantiryapman, Xalil Murodovich. Hozirgi vaziyatni mendan ko‘ra siz ko‘proq bilasiz.
– Sen shogird bo‘lib, menga qanday yaxshilik qilding, ayt.
Ma’sumov uning gapini eshitmagandek so‘radi:
– Mashina borsinmi-yo‘qmi?
G’aybarov rostdan ham xavotirga tushib qolgan edi. Axir, qonun buzilgan, bu hazilakam gap emas. Hamma ayb ombor mudiriga ag‘darilgani bilan G’aybarov ishxonada ko‘rinmay yursa, rostdan ham, bir balosi bor, deyishlari mumkin.
– Men haqimda yuqoriga nima deding? – so‘radi u.
– Bu ishni menga topshirganlariga ancha bo‘lgan, dedim. U kishi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tarafdori, dedim. Eng oqsayotgan bo‘limga o‘z ixtiyorlari bilan o‘tib, ishni rivojlantiryaptilar, dedim.
Ma’sumovning gaplari G’aybarovga ma’qul tushdi. Baribir ichidagi hadikni aytdi:
– Baribir ombor mudiri sotib qo‘yadi-ku!
– Nima deb sotardi? – shivirlab gapirdi Ma’sumov. – Orqa sana bilan rasmiylashtirib qo‘ysak, hech vaqo qilolmaydi.
G’aybarov, “o‘zing kursini qachon bo‘shatasan?” de¬moqchi edi, tili bormadi. Ja o‘lib turgan ekan, deb o‘ylamasin. Beradiganga o‘xshayapti-ku! Oqibatli har qalay! Aks holda qo‘ng‘iroq qilmasdi. Astoydil kuyinib gapiryapti. Ammo... bo‘lim mudirligi... Qanday ishlaydi? Boshqa bo‘limdagilar ustidan kulishmaydimi? Axir, ularni ozmuncha so‘kkanmi janob G’aybarov!
Bu gapni ham yashirmadi:
– Endi anovi Safarov, Vosiev, Fathiddin, Ilhomov, yana kim edi, ha, Zulfiya opalarga kulgi bo‘lib yuraman-da, shunaqa-da-a?
Ma’sumov biroz tin olib javob berdi:
– Qani birortasiga kulsin-chi!.. Kulmaydi. Hech kim kulmaydi... Demak, mashinani yuboraveray?
– To‘xta, avval xonani yaxshilab tayyorlab qo‘yishsin. Kechagidek bo‘ladigan bo‘lsa, kerak emas. Haydovchiga ayt, menga qo‘ng‘iroq qilsin. Qaerdaligimni aytaman, – G’aybarov shunday deb qo‘shimcha qildi: – To‘xta, yaxshisi, tushdan keyin kelsin, ungacha ishlarim bor.
Ma’sumov indamay go‘shakni qo‘ydi. G’aybarov uning bu qilig‘idan xiyol ranjisa-da, ishxonada o‘zining kerakligidan xursand bo‘ldi. Bo‘lim-bo‘lim, deb bahona qilyapti, – o‘yladi u, – aslida ishni eplay olmayapti. Attang, Ma’sumovdan, “nima deb o‘ylaysan, tezroq bosdi-bosdi bo‘larmikan?” deb so‘ramabdi-da! Hechqisi yo‘q, ishxonaga borganida so‘raydi...
Tushdan keyin G’aybarov mashinada g‘o‘ddayib o‘tir¬ganicha ishga ketdi. Beixtiyor, “otdan tushsam ham egardan tushmayapman”, – deb qo‘ydi o‘ziga nisbatan.
Bo‘limdagilar sovuqroq qarshi olishdi. Rostdan ham eng qoloq bo‘lim bu. Shu bois barisi G’aybarovdan eshitadiganini eshitardi.
– Biz Xalil Murodovichdan shu bo‘limni rivojlantirishni so‘radik, – dedi Ma’sumov. – O’ylaymanki, ishlar silliq ketadi.
G’aybarov uning gapini tuzatgan bo‘ldi:
– Aslida ko‘nmasdim-u, iltimos qilishganiga kelaverdim, – keyin qo‘shimcha qildi: – Har holda o‘zimizning qadrdon ishxona. Jonimizni jabborga berib ishlaymiz. Ishni hisobotlarni qayta ko‘rib chiqishdan boshlaymiz. Har bir oy bo‘yicha balanslarni ko‘zdan kechiramiz. Xatolar bo‘lmasligi uchun choraklik bilan taq¬qoslab chiqamiz.
– Bu masalalarni o‘zlaring gaplashib olarsiz¬¬¬lar, – kulimsiradi Ma’sumov. – Ishdan so‘ng yana bir bor yig‘ilishib, natijalarni tahlil qilsak, Xalil Murodovich?
G’aybarov unga norozinamo qarab qo‘ydi...
Ishlar silliq ketmadi. Xodimlar xo‘mrayib qa¬rasa, labini burib, ensasini qotirsa, ish bo‘ladimi! Bitta-ikkitasi eshitilar-eshitilmas piching ham qi¬lib ulgurdi: “Bir paytlar bo‘limimizni tugatmoqchi bo‘lishgandi-ya, zararga ishlayapti, deb, o‘sha vaqtda tor-mor qilishmaganining sababi bor ekan-da!.. Shunday kunda kerak bo‘lib qolarkan, qarang”.
Muttahamlar-ey, avvallari qaltirab turarding¬lar. Tillaring chiqib qolibdi-da!
Keksa Do‘stov degani Ma’sumovning huzuriga kirib-chiqishga ulguribdi. “Bu odam o‘zi tushunmaydi-yu, nega bo‘limga qo‘yasiz?” – degan emish! “O’zi qilmay, faqat buyuradi”, – debdi yana. Senlarga tayyor qilib berish kerakmi? Tag‘in Do‘stov emish! Otasi do‘st bo‘lgandir-da kimlargadir, o‘zi aslo unaqa emas! Oldinlari ham mijg‘ovlanib asabga tegardi.
O’zi bular G’aybarov yana o‘z kursisiga qaytib o‘ti¬rishini fahmlashmaydi, chog‘i! E, bu shunday bo‘limki, o‘zlari xohlagan, orzu qilgan odamni, hattoki otasiniyam boshliq qilib qo‘ysang, norozi bo‘lishadi...
Kechroq kichik majlis chog‘ida G’aybarovga “hujum” qilib ketishsa, deng! U bu bo‘limga, umuman, ishxonaga kerak emasmish! Uyalmay aynan shunday deyishdi. G’aybarov boshini qay toshga ursin! Alam qilgani – manovilar, go‘yo uni endi ko‘rib turgandek, mutlaqo begonaga qilgandek munosabatda bo‘lishdi. Baraka topkurlar, shuncha vaqt ishladi-ku G’aybarov, hali yana o‘tiradi kursisiga! Yo‘q, aksincha, xuddi yovvoyi odamlardek, chuvillab gap berishmaydi. Ular bir tomon, G’aybarovning o‘zi bir tomon.
Ma’sudov ikkala tarafni zo‘rg‘a tinchlantirdi. Hammasi joyiga tushishini, bir-birlariga o‘rganib ketishlaridan umid qilayotganini aytdi.
– Umid yo‘q, – dedi cho‘rt kesib Do‘stov. – Bu odam, aksincha, ishni orqaga tortadi. Menda boshqa taklif bor.
– Xo‘sh? – unga ko‘z tikdi Ma’sudov.
– Biz tayyorlagan balanslarni chiqitga chiqarayotgan ekan, marhamat, o‘zi qilib bersin. Ana shunda ko‘ramiz kuchini! Hisobchilik bu odam o‘ylayotganidek osonmas! Bo‘lim mudirligi ham faqat buyur-buyurdan iborat emas. Shu choqqacha tinchgina ishlayotgan edik. Mana, bugun shuncha g‘alva orttirib o‘tiribdi. Oddiy hisobchi shtatiga tushirish kerak buni.
G’aybarov sakrab o‘rnidan turgan edi, Ma’sumov uni sekin yelkasidan bosib, joyiga o‘tqazdi. Tushuntirmoqchi bo‘ldi, ammo Do‘stov ham, boshqalar ham eshitishni istashmadi.
– Nima, eplay olmayman, deb qo‘rqyapsizmi? – dedi Do‘stov ko‘zlarini lo‘q qilib G’aybarovga. – O’zi shu ish keladimi qo‘lingizdan? Bi-i-r o‘zingizni ko‘rsating-chi! Ish buyurishni biz ham bilamiz.
Xuddi kelishib olishgandek, hamma jim bo‘lib, uning og‘zini poyladi. G’aybarov asabiylashdi:
– Qo‘limdan keladi, bildingizmi? Meni kim deb o‘ylayapsiz? Nima, kechagi kungacha butun boshli ishxonani boshqarganimni unutdingizmi?
– Siz kechagi kunni qo‘ying, – istehzoli kuldi Do‘stov. – Bugundan gapiring. Bizga risoladagidek hisobotni tayyorlab ko‘rsating, yana takrorlayman, agar qo‘lingizdan kelsa.
Ma’sumov G’aybarovga yuzlandi:
– Nahotki bular bilimingizga ishonmayotgan bo‘lishsa? Bir qoyillatib tashlang!..
G’aybarov ertasiga bo‘limdagilarning talabi bilan oddiy hisobchilikka o‘tkazilib, hammaga namuna bo‘ladigan hisobot tayyorlab beradigan bo‘ldi.
Uyga qaytar mahali G’aybarov beixtiyor daydi-shumqadamni esladi. Rostdan ham bashoratchi edimi u?

* * *

G’aybarov uyga kelgach, uzoq vaqt o‘ylanib o‘tirdi. Ko‘z oldidan shumqadam daydi sira ketmasdi. Keyin xotiniga yorildi. Mana shu odam xonasiga kelib-ketganidan so‘ng barcha ishlari telba-teskari bo‘layotganini aytdi. Ishni vaqt?ncha shog?rd?ga topsh?rgan?n? ta’k?dlad?. Xot?n?n?ng ch?royl? qoshlar? ch?m?r?ld?. “Hal? mendan shuncha gapn? yash?r?b yur?bs?zm?, ko‘ngl?m sezgand?-ya”, – ded?.
G’aybarov uchun bu gaplar muh?m emas ed?. Parvo q?lmad?. Yana o‘z?n?ng o‘y-xayollar?ga ber?ld?. Ertaga yoz?b berad?gan h?sob-k?tob ?shlar? haq?da bosh qot?rd?. Ablah Do‘stov! O’sha dayd?n?ng tan?sh? bo‘lmas?n tag‘?n! Allaqachon ?shxonadan haydab yubor?sh kerak ekan. Mana, zahr?n? soch?b o‘t?r?bd?. Yon?dag?lar?, “e, n?malar deyaps?z, ax?r, bu k?sh? – Xal?l Murodov?ch-ku”, ham dey?shmad?. Ular ham ablah! Do‘stov degan g‘alam?s b?lan ?shlagandan key?n hammas? ablah-da! Nega boshl?qn?ng taraf?n? ol?shmad?? Sob?q bo‘lgan? uchunm??..
Ha, mayl?, ertaga shunday qoy?lmaqom h?sob-k?tob q?l?b bers?nk?, og‘?zlar? lang och?l?b qols?n! Shog?rd? Ma’sumov ham qo‘llab turar har holda! Nega shu bo‘l?mga o‘tkazd?-ya! T?l? b?r bo‘lsa kerak bularn?ng. Hammas?n? o‘sha shumqadam q?lyapt?! Rosa qadam? rasvo odam ekan-da!..
Kechqurun yot?shda xot?n? devor tomonga o‘g?r?l?b old? – xudd? u ham G’aybarovdan yuz o‘g?rgandek. Alam? keld? G’aybarovn?ng. “End? kerak bo‘lmay qold?mm?? Avvallar? aylan?b-o‘rg?lard?ng-ku! Yelakalar?mn?, bosh?mn? uqalab qo‘yard?ng... E, hammang b?r go‘r!..”
U allamahalgacha to‘lg‘an?b yotd?. Ich-?ch?dan asta-sek?n ?shxonadan chetlashayotgan?n? h?s q?lar, ammo bun? s?ra tan olg?s? kelmasd?. Asl?da-ku, tezroq ketgan? ma’qul, ammo ket?shga ham qo‘y?shmayapt?-da!..
Qachon uxlab qold?, b?lmayd?. O’sha notan?sh dayd? tush?ga k?rd?. “Qalaysan?” degandek kul?ms?rab tur?bd?. K?m ed?-ya u? Hal? men? ?zlab qolasan, degand?, rostdan ham ?zlarm?kan o‘shan?? Izlagan b?lan n?ma? Kech?r?m so‘rash? kerakm?? Aks?ncha tumshug‘?ga b?r musht tush?r?b, sal bo‘lsa-da, alam?dan tush?sh? mumk?n...
Ertas?ga G’aybarov h?sobotn? rostdan ham qoy?lmaqom q?l?b berd?. Ma’sumov yolg‘ondakam ko‘z yugurt?r?b, “zo‘r, bundan ort?q bo‘lmayd?”, – deya Do‘stovga uzatd?. U esa ensas? qot?b, n?goh tashlad?. B?r Ma’sumovga, b?r G’aybarovga qarad?. Xato topolmasa-da, mens?magandek bo‘ld?.
– Bun? o‘z?ng?z q?ld?ng?zm?? – deb so‘rad? key?n.
G’aybarov jahl? ch?q?b, Ma’sumovga o‘g?r?ld?. U esa Do‘stovga so‘z qotd?:
– Bu n?ma degan?ng?z? B?rov q?l?b berarm?d?? Ko‘z old?ng?zda tayyorlab berd?, nazar?mda. Yok? bungayam ?shonmays?zm??
– Ha, end?-?, – yelka q?sd? Do‘stov, – b?rovga pul bersang ham tayyorlab berad?gan zamon-ku hoz?r.
– S?z o‘z? avvaldan maydagap ed?ng?z, hoz?r besh battar bo‘l?bs?z, – tutaq?b ketd? G’aybarov. – Cho‘kayotgan odam cho‘pga yop?shar ekan. Kamch?l?k topolmagan?ng?zdan key?n shunaqa bahonalar q?d?ryaps?zm? end??
Do‘stov unga olay?b qarad?:
– K?m cho‘kyapt?, menm? yo s?zm?? Bunday maqol¬lar?ng?zn? p?sh?r?b yeng, b?ld?ng?zm?? Men rost?n? ayt¬yapman, o‘z?ng?z tayyorlagan?ng?zga ?shonmayman. Y?g‘?b qo‘ygan pullar?ng?z bo‘lsa, b?rorta tan?sh h?sobch?ga bergan bo‘lsang?z, q?l?b tashlagan-da!
Ma’sumov xudd? bu dahanak? jangga xayr?xohdek ?ndamay turard?. G’aybarovga qo‘y?b bersa, hoz?r Do‘stovn?ng basharas?ga boplab tush?rard?-yu, ammo bu – yomon odam! Shartta sh?koyat yoz?b, mel?sama-mel?sa chop?shdan ham toymayd?. O’z? g‘?rt savods?z-u, gap?n? qarang!
– Shoh?d, men bu odam b?lan pachak?lash?b o‘t?r¬mayman, – ded? G’aybarov Ma’sumovga. – Mana, q?l?b ber?ng, ded?lar?ng, q?ld?m. Xohlasang, o‘z?ng b?rorta mutaxass?sga ko‘rsat, xulosas?n? bers?n! Key?n o‘sha xulosan? manov? odamga ham ber, tan?sh?b ch?q?b, battar j?zg‘anak bo‘ls?n!
– O’v, o‘v, – ovoz?n? b?r parda ko‘tard? Do‘stov, – men senga j?zg‘anak bo‘l?shn? ko‘rsat?b qo‘yaman.
G’aybarovn?ng alam? keld?, ax?r shu choqqacha bu ?shxonadag?lardan b?rortas? un? sens?ramagan. Hur¬mat?n? joy?ga qo‘y?shgan. Shunchal?k ham hurmat¬s?zl?k bo‘lad?m??!
– Sens?ramang, – ded? lab? gezar?b. – Men s?zn?ng bolang?z emasman. Shuncha odamn?ng old?da madan?yats?zl?k q?l?shga uyalmays?zm??
– N?ma?! – qulog‘?ga qo‘l?n? karnay q?larkan, kalaka q?ld? Do‘stov. – Bolang?z emasman, deysanm?? Shoh?d Kamolov?ch-ch?? U sen?ng bolangm?? Nega un? sens?raysan? Avval o‘z?ngga boq, key?n nog‘ora qoq, deyd?lar. Ana shunaqa, b?z ham maqoln? b?lam?z. Shoh?d Kamolov?ch – boshl?g‘?m?z. Sen shuncha odamn?ng ?ch?da un? sens?raysan-u, men b?rg?na sen? senlasam, jahl?ng ch?qad?m??
G’aybarov Ma’sumov o‘rtaga tushad?, deb o‘ylagan ed?. Do‘stovn?ng gaplar? ma’qul keld?m?, u ?ndamad?. Go‘yo bu gapn? qo‘llab-quvvatlayotgandek. Nobakor, b?r og‘?zg?na gap?r?b, taraf?n? olsa bo‘lard? shu topda!
– Shoh?d – men?ng shog?rd?m! – ded? G’aybarov ?ch?dag? gapn? t?l?ga ch?qar?b. – Un? anchadan buyon sens?rab kelaman. S?z shun? b?l?b tur?b, atay?n j?g‘?mga tegyaps?z.
Do‘stov Ma’sumovga o‘g?r?ld?:
– Shoh?d Kamolov?ch, o‘z?ng?z ayt?ng, shuncha odam ?ch?da s?zga sens?rab murojaat q?l?sh? to‘g‘r?m?? Bunaqada hurmat?ng?z qolad?m?, nega lom-m?m demays?z? Gap?r?ng manov? madan?yatl?ga! – shunday deb boshqa xod?mlarga o‘g?r?ld?: – S?zlar nega mum t?shlab olgans?zlar? Shu paytgacha q?ynagan? yetmaganm?d?? Ax?r, bo‘l?mn? tarqat?b, b?zn? sarson-sargardon q?lmoqch? ed?-ku bu! End? esa otdan tushsayam egardan tushmayapt?. Shuncha odamn?ng old?da boshl?qn? sens?ragan?n? qarang tag‘?n! O’rg?ld?m madan?yat?ngdan!
– Ablah! – deb yubord? G’aybarov.
Do‘stovga shu gap kerak ed?:
– N?ma ded?ng? – yana boshqalarga qarad?: – Hammang eshitding, bu meni haqorat qildi. Sha’nimni oyoqosti qildi. Men endi tinch qo‘ymayman. Kunini ko‘rsataman!
G’aybarov bo‘sh kelmadi:
– Qo‘lingdan kelganini qil! Qaerga borsang, bor.
– Albatta, boraman. Nima, sening mushugingni pisht deydiganlar yo‘q, deb o‘ylaganmiding? Bilamiz, hammasini bilamiz. Ombor mudirini aldab, hujjatga qo‘l qo‘ydirganingniyam bilamiz... Hali shoshmay tur.
Nihoyat Ma’sumov tilga kirdi:
– Bas qilinglar! Uyalmaysizlarmi? Kap-katta yoshda bo‘lsalaring, aytishib o‘tirishlaring yaxshimi? Bu gap jamoaga tarqalib ketsa, nima bo‘ladi?
– Men ketaman, – dedi G’aybarov. – Bunday odam bilan ishlagandan ko‘ra, uyda o‘tirganim ma’qul! Kecha balans-balans, deb, bugun tayyorlab bersam, endi yana bahona topib o‘tiribdi. Shu adolatdanmi?
Xadicha opa degani gapga qo‘shildi:
– Xalil Murodovich, balans tayyorlab berdim, deb hammaning boshini yorasizmi? Sal o‘zingizni bosib oling. Turob akaning yoshi sizdan katta, jahl ustida sensiraganiga shunchami, tavba?.. To‘g‘ri aytadi-da, boshliq sizning bolangiz emas-ku, hurmatsizlik qilsangiz!
– E, ketaversin, – qo‘l siltadi Do‘stov. – Allaqachon ketishi kerak edi. Avvalo, ketolmaydi. Shunday deb o‘zicha hurmat-izzatini oshirmoqchi! Aslida hurmati qolibdimi buning? Shoshmang, sudma-sud bir sudray, o‘shanda biladi, ablah degan so‘zning ma’nosini!
– Uyat bo‘ladi, Turob aka, – dedi Ma’sumov. – Bu haqda o‘ylamang ham. Ishxonaning nufuzi turibdi. Boshqa idoralar eshitsa, nima degan odam bo‘lamiz? Odam qizishganda har narsa devoradi-da!
– Yo‘q, siz bir savolga javob bering, – gapini to‘xtatgisi kelmasdi Do‘stov. – Boshliqni sensirash kerak, deb qaerda yozilgan, qaerda?.. Hoziroq kechirim so‘rasin sizdan, mayli, mendan so‘ramasin, zor emasman, ammo sizga nisbatan hurmatsizlik qilgani uchun kechirim so‘rasin. Biz shuni talab qilamiz. Biz – hammamiz talab qilamiz!
– Ha, talab qilamiz, – uning taklifini ma’qulladi Xadicha opa. – Sizlar nega indamaysizlar yoki noto‘g‘ri gapiryapmizmi?
Boshqalar ham noiloj g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz bilan qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishdi.
G’aybarovning qovog‘i soliq edi. Nazarida, bu tomosha avvaldan sahnalashtirilgan spektakldek tuyulib ketdi. Tavba, kechirim so‘rattirmoqchimi bular? Shogirdidan-a? Mana shu naynovdan? So‘rab bo‘pti! Shu yo‘l bilan g‘alaba nashidasini surishmoqchi bular! Ma’sumovning o‘zi ham kutib turganga o‘xshaydi. Moydek yoqdi-da bularning laganbardorligi! Chuchvarani xom sanabsizlar!
U indamay, stol ustidagi qog‘ozlarni sumkasiga joylay boshladi. Go‘yo hech kim yo‘qdek, atayin shoshilmay ish tutardi. Do‘stovning gapi nafsoniyatiga tekkan, Ma’sumovdan kechirim so‘ragandan ko‘ra, u bilan sudma-sud yurishni afzal bilayotgan edi hozir. Qani edi zamon ko‘tarsa-yu bunaqalarni oyog‘ing ostiga solib tepkilasang! Axir, turgan-bitgani tushov-ku buning! Ishxonadagi zararkunanda! Topgan bahonasi-chi! Ablah! Ha, haqiqiy ablah! Tag‘in tilyog‘lamalik qiladi. Nima deb gapirishni biladi bundaylar! Manovi Shohid Kamolovich ham laqqa tushib o‘tiribdi gapiga! Xushomad xush yoqsa, haqiqatni ham chetlab o‘tarkansan, shogird! Sadqayi odam ket! Ustozingni yer bilan bitta qilib o‘tirishibdi-yu, gapirgan gapingni qara!..
– Yo‘l bo‘lsin! – dedi Ma’sumov xuddi G’aybarovning ichidagini eshitib o‘tirgandek.
U lom-mim demasdan yanada shoshilmay papkasini yopa boshladi. Boshqalar ham indashmasdi. Hatto, Do‘stov, “qani, qaergacha borarkan”, degandek, qoshini kerib turibdi. Hammasi G’aybarovning ketishini kutish¬yapti. Bularga qolsa, G’aybarov hozir chiqib ketsa-yu, keyin boshqalarga, akang qarag‘ayni biz ketkazdik, deb maqtanishsa! Og‘zi bilan yuradi bular. Bo‘lim faoliyati bilan zarracha ishlari yo‘q. Boqimandalar to‘dasi! Tavba, avvallari ham shunchalikka borisharmidi?! Majlis-pajlisni pisand qilishmasdi, kirib qolganlarida ham bez bo‘lib, jangga shaylangandek o‘tirishardi. Shuning uchun ham bularning bo‘limi boshliq ko‘rmadi-da! Sig‘ishtirishmaydi! Bir cho‘qishda qochirishadi. Tavbangdan ketay, shu qadar ichiqora, badfe’l bo‘lish mumkinmi?
Qiziq, G’aybarov qo‘rqarmidi bulardan! Axir, mu¬shuklarini pisht demasdi-da! Bir-ikki tashlanib ko‘r¬ganida bilgandi-ya qanaqaliklarini! O’shanda yo‘lini qilib bo‘limni tarqatib yuborishi kerak ekan. Ma’sumov aytgandi-ya bu haqda. Attang!..
G’aybarov indamay serg‘alva xonadan chiqdi. Or¬ti¬dan Ma’sumov ergashdi. Do‘stov g‘olibona tarzda miyig‘ida kulib, boshqalar unga tan bergandek qo¬la¬verishdi.
– Qayoqqa ketyapsiz? – so‘radi Ma’sumov G’aybarovga yetib olarkan.
– Uyga, qayoqqa bo‘lardi!
– Nega?
G’aybarov taqqa to‘xtadi:
– Bu nima deganing? Ko‘ra-bila turib so‘raysan-a? Axir, yer bilan qorishtirib tashlashdi-ku meni! O’zi kecha sezgandim-a, senlarning niyatingni! Kalaka qilmoqchi edilaring, ko‘ngillaring joyiga tushgandir!
Ma’sumov yon-atrofga qarab oldi:
– Sekinroq... Unaqa qilmang. Yaxshisi, mening yonimga o‘ting. Bilasiz-ku, bularni. Vaqtida aytgandim sizga, shu bo‘limni yo‘q qilish kerak, deb. Mana, oqibati!
– E, sengayam qoyil emasman. Shuncha odamning oldida meni talatib o‘tiribsan.
– Xalil Murodovich, ko‘rdingiz-ku, mengayam gap bermaydi bular... Yuring, yaxshisi, xonamda gaplashib olamiz. Agar hozir ketib qolsangiz, yengilganingiz bo‘ladi. Do‘stov do‘ppisini osmonga otadi. Shuncha yil ishlab, bosh egib chiqib ketmang, deyman-da!
G’aybarov indamay yo‘lida davom etdi. Shogirdining bu gaplariga e’tiroz bildirmasa-da, kayfiyati nosoz edi. Ayni damda o‘zidan ham xafa bo‘lib ketdi. Nega keldi shu yerga? Xo‘p, keldi. Yeng shimarib ishga kirishdi. Aytganlarini bajardi. Baribir norozi bular! Nima qilish kerak? Nahotki boshqa ish topilmasa?
– Menga sizning yordamingiz kerak, – dedi ortidan Ma’sumov.
G’aybarov yana ikki-uch qadam yurib to‘xtadi. Orqasiga o‘girilib, qovog‘ini solgancha turdi. Ma’sumov tez-tez yurib, uning oldiga keldi. Rostdan ham G’aybarovning yordami kerakmikan? Tag‘in bir baloga duchor qilishni o‘ylayotgan bo‘lmasin.
– Uka, – dedi G’aybarov, – meni tinch qo‘yinglar. Shu bugungidek sira sharmanda bo‘lganim yo‘q. Kim bilsin, ertaga yana nimalar bo‘ladi! Vijdoning ham qiynalmasin, o‘sha amal seniki, xijolat tortma. Iltimos, meni boshqa bezovta qilma.
Ma’sumov bir so‘z demay, uni xonasiga sudradi. Kirib o‘tirishgach ham og‘iz ochmadi. Bir piyolaga suv quyib uzatarkan, keyin tilga kirdi:
– To‘g‘rimizdagi xona bo‘sh turibdi, o‘sha yerda o‘tirasiz.
– Yo‘q, – bosh chayqadi G’aybarov, – aytdim-ku, vijdoning qiynalmasin, dedim-ku!
– Bu gaplarni qo‘ying. Menga yordamchi bo‘lasiz!
– Yordamchi?
– Nomiga-da, Xalil Murodovich, nomiga. Hozir vaziyat shuni taqozo qiladi, o‘zingiz tushunasiz. Bo‘limdagilarga parvo qilmang. Bilaman, hali ko‘p jig‘ingizga tegishadi. Teringizni qalin qilib o‘tiravering. Menga chindan ham yordamingiz kerak. Ayrim ishlarga jur’at qilolmayroq turibman. Maslahatingizga muhtoj bo‘lib qolaman.
G’aybarov baribir o‘zining kerakligini his qilib, sal hovuridan tushgan edi. Ammo buni sezdirmaslikka harakat qildi. Umuman aytganda, Ma’sumovning taklifi ma’qul. Avvalroq qaerda edi? Biroq yordamchi bo‘lish... bo‘limdagilardan ham past ish-da! Anchadan buyon yordamchi yo‘q edi o‘ziyam. Mana shu shogirdi qilib yurardi yordamchining ishlarini. Majlis hujjatlarini tayyorlash, jadvallar tuzish, ko‘rsatma, buyruqlarni tayyorlash, bo‘limlarga tarqatish, ularga imzo qo‘ydirish... To‘xta, endi bu ishlar bilan G’aybarov shug‘ullanadimi? Yo‘g‘-ey, Ma’sumov shungacha olib bormas, “nomiga” deyapti-ku! Yaxshi bo‘ladi qaytaga, kotibaga u-bu ishni buyuradi, aytganday, Noilasini ham ko‘rib turadi, sog‘ingan uni. U ham sog‘ingandir?
– Mayda-chuyda ishlar bilan boshimni qotirmaysanmi? – deb so‘radi G’aybarov.
Ma’sumov nimanidir o‘ylab o‘tirgan ekan, shekilli, dastavval bu gapga tushunmadi. G’aybarov takrorlagach, kulimsirab qo‘ydi. “Qo‘ysangiz-chi”, deganimi yoki “yordamchi bo‘lgandan keyin qilasiz-da”, deganimikan bu? Ehtimol, bu gap endi ortiqcha, deya e’tirozini kulgiga yo‘yayotgandir?
– Yuring, Xalil Murodovich.
– Qayoqqa? – hayron bo‘ldi G’aybarov.
Ma’sumov yana kuldi:
– Xonangizga.
– Hm-m...
Keng qabulxonani kesib o‘tib, o‘sha xonaga kirdilar. Tuppa-tuzuk, orastagina! Farroshlar bir-bir tozalab olishsa bo‘lgani. Keyin G’aybarov pusibgina o‘tiradi. Aslida-ku, bu xonada o‘tirganini hech kim bilmasayam kerak, axir, kimsasiz deb o‘ylashadi-da! Anovi Do‘stovga o‘xshaganlar eshitib qolishmasa bo‘lgani!..
Farrosh xola xonani tozalab chiqqunicha G’aybarov qabulxonadagi kitoblarni ko‘zdan kechirgan bo‘ldi. Bir payt orqasida “taq-tuq” oyoq tovushi eshitilgach, sekin o‘girildi. Noila uni sezmay shundoqqina Ma’sumovning xonasiga kirib ketdi. Ish yuzasidan emas, aks holda qo‘lida u-bu qog‘oz bo‘lardi. Chaqirganmikan Ma’sumov? Bu bilan ikkinchi marta bo‘lyapti. Yoki Noilaning o‘zi ko‘zlarini suzib, nozlanayotganmikan? Axir, bir vaqtlar G’aybarovni shunaqa muqomlari bilan ilintirgan-da u! G’unajin ko‘zini suzmasa...
G’aybarov diqqat bo‘lib yangi xonasiga kirdi. Ish bilan andarmon bo‘lish uchun atayin Ma’sumovdan bir dasta hujjat olib, stol ustiga tashlagan edi. Ana shu yumush bilan shug‘ullanmoqchi bo‘ldi. Ammo ikki hushi Ma’sumovning xonasiga ketaverdi. Bir-ikkita qog‘ozni qo‘liga tutamlab, sekin turdi. Dastlab jur’at qilolmay turdi. Keyin bor kuchini jamlab, xona(si)dan chiqdi. Noilani qizg‘anishdan ko‘ra ikkovlon ichkarida nima ish bilan mashg‘ulligi ich-etini kemirayotgandi uning.
Qabulxonadan o‘tayotib, kotiba ichkarida odam borligini, “Shohid Kamolovich hech kim kirmasligi lozim”ligini tayinlaganiga qaramay, qiziqishi battar ortdi. Unga xo‘mrayib qarab, G’aybarov Ma’sumovning eshik tutqichiga qo‘l uzatdi. “Kirmang”, – dedi kotiba unga yaqin kelishga botinolmay. G’aybarov shartta eshikni ochib, ichkariga odimladi. Kirdi-yu kutganidek manzaraning ustidan chiqdi. Noila Ma’sumovga ancha yaqin turar, nimalardir deb kulayotgandi.
– Keling, – dedi Ma’sumov kutmagani uchun shoshib qolib xushlamaygina.
G’aybarov Noilaga g‘alati qarab qo‘yarkan, qo‘lidagi qog‘ozni uzatdi:
– Mana shuni koeffitsentlarga bo‘lish shartmikan, demoqchi edim.
Ma’sumov xiyol titragan qo‘llari bilan qog‘ozni olarkan, ko‘z yugurtirdi. Bu orada G’aybarov Noilaga yeb qo‘ygudek qarab oldi. U esa ko‘zlarini olib qochardi. Xonadan chiqib ketishniyam bilmasdi. Uch kishining o‘rtasida og‘ir sukut cho‘kkan, bu noqulaylikdan kimdir xijolat chekkan, kimdir darg‘azab, kimdir bir qadar xotirjam edi.
– Shart, Xalil Murodovich, koeffitsentlarga bo‘lmasak, aniq natijani ko‘rsatolmaymiz, – dedi Ma’sumov ko‘zlarini qog‘ozdan uzmay. – Aks holda ishni qaytarishlari mumkin.
Noila G’aybarovga qaray olmasdi. “Har holda vijdoni bor ekan, – deb qo‘ydi G’aybarov, – ammo baribir bevafo!..”
Ma’sumov qog‘ozni G’aybarovga qaytarib uzatdi, bu degani – bo‘ldi, aniqlik kiritdingiz, ketavering! Bizga xalaqit bermang!
G’aybarov chidab turolmadi.
– Sen chiqib tur, – dedi Noilaga.
Noila unga norozinamo qarab qo‘ydi-da, ohista qadamlar bilan chiqib ketdi.
– Sen bunga ishonma, – dedi G’aybarov Ma’sumovga. – Aldab-avrab ishonchingni qozonib olmoqchi! Kelin eshitsa, shovqin ko‘tarib kelmasin tag‘in.
Ma’sumov yutinib olib, javob berdi:
– Bu siz o‘ylagan narsa emas, Xalil Murodovich... Keyin... iltimos, taqillatmay kirmang bu yerga.
– Sen esa menga aql o‘rgatma. Tushunmadingmi, kelin eshitsa...
Ma’sumov beo‘xshov kuldi:
– Har holda keliningizga aytmassiz?
G’aybarov o‘zini tushunmaganga oldi:
– Nima qilmoqchisan o‘zi?
– Siz-chi, siz nima qilmoqchisiz? – tepa sochi tikka bo‘ldi Ma’sumovning. – Nima, endi ortimdan poyloqchilik qilib yurasizmi? Aql ham o‘rgatmang, bunaqa yoshdan o‘tganman. O’zi yaxshilik sizga yoqmas ekan, mana, oldimga olib kelib qo‘ygach ham, rahmat aytish o‘rniga indamay kirib kelaverasiz... Sababini bilasizmi, qiladigan ishingiz yo‘q, shuning uchun!
– Men sening marhamatingga zor emasman, – o‘dag‘ayladi G’aybarov. – O’zing qo‘yarda-qo‘ymay cha¬qiryapsan-ku ishga! Qo‘lingdan kelmaydi-da ishlash.
– Siz meni ko‘rolmayapsiz, Xalil Murodovich. Noilani rashk qilyapsiz.
– E, Noilang boshingdan qolsin. Arizamni yozaman!
– Yozsangiz, yozing... Jonga tegdingiz rosa!..
G’aybarov shartta o‘tirib, qo‘ynidan ruchka chiqardi-da, qo‘liga oppoq qog‘oz oldi. Yozishga tutindi. Ma’sumov indamay kuzatib turdi. Qitir-qitir qilib tezgina yozib bo‘lingan ariza chekkasiga “Buyruq uchun”, deb imzo qo‘ydi.
– Rahmat senga, yaxshi qol, – G’aybarov shunday deb eshik tomon yo‘l oldi.
– Boring-boring, uyingizda yaxshilab dam oling, – to‘ng‘illadi Ma’sumov.
– Yo‘q, men sening uyingga boraman, – bir to‘xtab oldi G’aybarov. – Xotiningni to‘ppa-to‘g‘ri shu yerga boshlab kelaman. Kelinning fe’lini bilmasam ekan. Shoshmay tur, sen hali sovunimga kir yuvmabsan. Hali hammasi uchun javob berasan, mansab o‘g‘risi!..
U eshikni taraqlatib chiqib ketdi...

* * *

G’aybarov pastga tushib, battar jig‘ibiyron bo‘ldi. Shu choqqacha bir gapini ikki qilmagan haydovchi hech qayoqqa olib borolmasligini aytsa bo‘ladimi! Eng yomoni, xuddi bilib tushgandek, ularga Do‘stov baqrayib qarab turardi. G’aybarov o‘sal bo‘ldi. Bu nimasi? Endi piyoda ketadimi? Piyoda emas-u, yo‘lovchi mashinada!
Shoshmay tur, Ma’sumov! Xotiningni olib kelib, bir sharmandangni chiqarmasammi?
Do‘stov uning holiga qaragancha cho‘zib-cho‘zib kuldi. Ha, odamlar shafqatsiz bo‘lib borishyapti. Chorasiz qolganingni bilishsa, kayfiyatlari chog‘ bo‘ladi. G’aybarov unga qarab bir xezlandi-yu, o‘zini zo‘rg‘a qo‘lga oldi. Alami ichida qoldi.
Yo‘lovchi mashinaga o‘tirarkan, Do‘stovdan uzoq¬lashish uchun savdolashib ham o‘tirmadi. “To‘g‘riga, uka, yo‘lda tushuntiraman, faqat tezroq”, dedi haydovchiga...
Mashina Ma’sumovning uyiga kelganida tezgina undan tushdi. Haydovchiga ketib qolmasligini, bir ayol bilan qaytib chiqib, hozirgina keltirib qo‘ygan joyiga yana eltib qo‘yishini so‘radi.
– Aldab ketmaysizmi, tog‘a? – dedi kulib jikkakkina haydovchi. – Tag‘in ertalabgacha devor suyab o‘tirmaylik.
G’aybarov unga xo‘mrayib qarab qo‘yarkan, pod’ezga kirib ketdi. Shu uy edi, adashmadi, shekilli? Qaysi qavat? Kichkina qizaloq o‘tib ketayotgan ekan, o‘shandan so‘radi. Oltinchi qavatda, deb javob berdi u. G’aybarov liftga zo‘rg‘a ulgurdi.
Oltinchi qavatga chiqqach, u yana o‘ylanib qoldi. Uchta eshik. Qaysi edi-ya? Axir kelganiga ancha bo‘lgan. Yetti-sakkiz kishi bo‘lib, “uy ko‘rdi”ga kelishgandi o‘shanda! O, G’aybarov boshqacha edi-da! Ikki xonali uyni mensimaygina ko‘zdan kechirgan, o‘zining ham bir vaqtlardagi katalakdek uyi yodiga tushgandi. Ablah shogirdi aylanib-o‘rgilgan o‘shanda. Boshqalar ham! Vaqti ko‘p ekanmi, Ma’sumovni rosa “tushirishgan”. Boyaqish ko‘chadagi do‘konga uch-to‘rt borib kelgandi-yov! Ertasiga bilsa, qo‘ni-qo‘shnidan qarz so‘rashga ham majbur bo‘lgan ekan. Mana endi g‘o‘ddayib o‘tiribdi ustozining joyida! Endi u mensimaydi...
G’aybarov tavakkal qilib bir eshikni taqillatgan bo‘lsayam, adashmabdi. Eshikni norg‘ul o‘spirin ochib, hayron bo‘ldi. Salom berarkan, Ma’sumovning uyi ekanligini tasdiqlab, savol alomati bilan qaradi.
– Oying uydami, chaqir bu yoqqa, – dedi buyruq ohangida.
Hayal o‘tmay, ostonada kelin ko‘rindi. G’aybarovni ko‘rib, u ham hayron bo‘ldi. “Keling”, dedi.
– Yo‘q, kelin, kirmayman, – bosh chayqadi G’ayba¬¬rov. – Bundayroq chiqing o‘zingiz, gap bor. Eshikni yoping.
Ayol biroz sarosimalanib, oyog‘iga shippagini ildi-da, eshikdan tashqariga chiqdi:
– Tinchlikmi? Xo‘jayinga bir gap bo‘ldimi?
– Ha, yomon gap, – past ovozda gapirdi G’aybarov. – Pastda mashina kutib turibdi, – shunday dedi-da, keyin nima deyarini bilmay, kalovlanib qoldi. “Tez yuring, eringizning ahvolini ko‘ring”, desinmi? Borgani bilan Ma’sumov bo‘yniga olarmidi! Tag‘in o‘zining sharmandasi chiqmasin!
Oraga noqulay jimlik cho‘kdi. G’aybarovning mang¬layida ter paydo bo‘lgan edi. Yuziga tashvishli tus berib, kelinning ichini qizitishi kerak edi, attang, eplolmayapti. Ayolginaning “nima deysan?” degandek savol alomati zohir bo‘lgan yuziga qarab, so‘zini tavakkal davom ettirdi:
– Shu... Men sizlarning oilangizni avvaldan bilaman. Agar hozir bormasangiz, eringizdan ajrab qolishingiz mumkin.
– Nima?! – uning gapini bo‘ldi kelin. – Nafasingizni issiq qiling, aka...
– Men sizga rostini aytyapman. Eringiz bir ayolga ilakishib qolgan. Unga to‘g‘rilikcha tushuntirdim. “Baraka top, uka, kelinni, oilangni, bolalaringni o‘yla”, dedim. Qani quloq solsa! Noila degan bir juvon boshini aylantirib yuribdi. Boya xonasiga kirsam, ikkalasi og‘iz-burun o‘pishyapti. Darhol ko‘z oldimga keldilaringiz. Axir, nima bo‘lgandayam bu xonadondan bir piyola choy ichganman. Ajralib ketmanglar, deyman-da! Qolaversa, eringiz – bizning shogird. Kelajagi bor yigit. Agar hozirdan shunday yo‘lga kirib ketsa, ertaga uzoqqa borolmaydi, kelin. Yuring, tezroq boraylik. Bu masalani issig‘ida hal qilish kerak.
Kelin hozirgina uyqudan uyg‘ongan odamdek, G’aybarovning gaplarini hazm qilolmayotgan edi. Daf’atan bu xabar esankiratib qo‘yadi-da!
– Siz hozir ham... ishlayapsizmi o‘sha yerda? – dedi birozdan so‘ng.
– Hm-m... Ha, ishlayapman. Eringiz bo‘shadi, deb aytdimi, o‘zi mendan yordam so‘rab yuribdi-ku, tavba! Mayli, hozir gap bunda emas.
Kelinning qoshlari chimirildi:
– Siz shu gapni aytish uchun keldingizmi? Tushunolmayapman... Erim telefonda bir nimalar dedi, hayron bo‘ldim. Lekin sizni kelasiz, deb kutmagandim. “Agar borsa, gaplariga ishonma”, – dedimi-ey! O’zi nimalar bo‘lyapti?
– Men bu savolingizga o‘sha joydan javob topasiz, deb keldim, – diqqat bo‘ldi G’aybarov. – Tushunyapsizmi, eringizni bir ayol tortib olmoqchi. Axir, siz uchun muhimi, oilangizning tinch-totuvligi emasmi? Yuring, aks holda eringizning qilmishlariga guvoh bo‘lolmaysiz.
Kelin o‘ylanib turib, hozir, dedi-da, ichkariga kirib ketdi. “Eringizga telefon qilib quymang”, – dedi uning ortidan G’aybarov.
Shu lahzalarda u, balki noto‘g‘ri qilayotgandirman, jahlga erk berib, o‘zimgayam jabr qilib qo‘yishim mumkin, deb ham o‘yladi. Har holda Ma’sumov indamay qo‘ymasa kerak. Nima bo‘lganda ham u – endi amaldor. O’ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan... Qofiyasini qarang! Ilgari tahlil qilib ko‘rmagan ekan. Xuddi G’aybarovning o‘ziga qarata aytilgandek, go‘yo.
Rostdan ham Ma’sumov Noilani o‘ziga qarshi qayrab qo‘ysa-chi? O’sha makkora ham, “yo‘q, aksincha men G’aybarovning o‘zi bilan osh-qatiq edim”, – deyishi mumkin-ku! Ammo qanday isbotlaydi? Ularni fosh etish esa oson. G’aybarov Ma’sumovni har holda yaxshi biladi. Qasam ich, deydi. Noilaga bir do‘q ursa, uni o‘chadi. Uning ayrim sirlari bor.
Umuman, nima bo‘lgandayam hozir Ma’sumovning xotini chiqadi va ular tezda ishxonaga yetib boradilar. Noila qochib ketgani bilan manovi ayol erini tinch qo‘ymaydi. “Mana, aka guvoh bo‘libdi-ku”, – deydi. Qasam ichish kerak bo‘lsa, G’aybarov ham qasam ichadi. Keyin kelinni tezlaydi. “O’sha ayol baribir tinch qo‘ymaydi, uni ketkazishdan ko‘ra eringiz boshqa ish topgani ma’qul”, – deydi...
Obbo, xayollar to‘zg‘ib ketyapti. Ishqilib er-xotin bo‘lib G’aybarovning o‘zini talashmasa edi! Har qalay xotin Ma’sumovniki! Yillar o‘tib, gah, desa kaftiga qo‘nadigan qilgandir balki? Yo‘g‘-ey, yillar o‘tgan sa¬yin ayolning hukmfarmoligi oshib boradi, shekilli! Qaysidir qiziqchi aytgan edi: “birinchi yili – xotin, uchinchi yili – xoti-i-in, yana yillar o‘tib – xotinjon, keyin-keyin – xotin aka-a-a...”
Nihoyat kelin chiqdi. G’aybarov unga zimdan razm solib, ko‘ngli to‘lganday bo‘ldi. Endi ayolning yuzida hayrat ifodasi yo‘q, o‘rnini qahr-alam egallagan edi. Mana, asl qiyofasi bu! Bir vaqtlar jamoa xodimlari bilan uyushtirilgan ziyofatda ko‘pchilik o‘zining rafiqasi bilan kelgan edi. Mana shu xonim ham borgan. Ma’sumovni yoshi kattaroq bir ayol o‘yinga taklif qilganida yumma talab berdi-ku! Juda chatoq ekan. Shuncha odam qarab turibdi demadi. Ayol kishining bu qadar rashk qilishini G’aybarov o‘shanda ko‘rgan. Shu bahona o‘zi ham qadamini bilib bosadigan bo‘ldi. Ehtiyot bo‘lgani yaxshi-da! “Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil”. Aniqrog‘i, yaxshigina xulosa chiqarib ol!
Ha-ya, esladi: kelinning ismi Shoira edi. Haligi opaga xuddi o‘zini yetti iqlim taniydigandek, “tanimaskansiz-da, meni Shoira deydilar, u qulog‘ingiz bilan ham, bunisi bilan ham eslab qoling”, – degan edi baqirib. Ma’sumov bechora boshqa xodimlardan ko‘ra G’aybarovning oldida o‘sal bo‘lgan. Yer yorilsaki, kirib ketsa!..
Pastga tushdilar. Mashinaga yaqinlashisharkan, Shoira qadamini sekinlatib to‘xtadi. Yuzida savol alomati zohir bo‘ldi:
– Bu qanaqa mashina? Ishxonaniki emasmi?
G’aybarov uni shoshirdi:
– Nima farqi bor hozir, kelin? Biz tezroq borishimiz kerak.
Shoira o‘ziga ishongani bilan xohlab-xohlamay mashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirdi. Odmiroq kiyingan haydovchiga past nazar bilan qarab qo‘ydi.
– Haydang, uka, – dedi G’aybarov old o‘rindiqqa joylashib, eshikni yoparkan. – Boyagi joyga haydang. Iloji boricha tezroq.
– Xo‘p-xo‘p, – javob berdi og‘rinib haydovchi, ko‘zguchadan Shoiraga norozi qarab. Mashinani o‘t oldirarkan, G’aybarovga to‘ng‘illadi: – Ancha qolib ketdingiz, vaqtimni ham hisobga olasiz endi. Bizdayam oila, bola-chaqa bor.
Mashina g‘izillab yo‘lga tushdi. “Dom” oldidagi ikki-uchta qo‘shni ayol ajablanib qarab qolishdi.
Yo‘l bo‘yi churq etmay ketdilar. G’aybarov hanuz o‘y-xayolini yig‘olmay ovora edi. Hammasi chalkashib ketyapti. O’sha Noilani deb bo‘lyapti! Tavba, nimasini qizg‘andi-ya? Ikkalasi qo‘shmozor bo‘lsin edi. Mana endi qanday kirib borishadi-yu nimalar bo‘ladi, unchalik aniq emas. Shuncha odamga tomosha! Eng yomoni, jamoa Ma’sumovning xotinini G’aybarov yetaklab kelganini bilsa, nima deydi? O’l, bu kuningdan demaydimi? Alam qipti-da, Xalil Murodovich! Ana shunaqa bo‘ladi. O’zing ham vaqtida rosa ko‘ngilxushlik qilgansan, hasad qilyapsanmi endi?..
Yo‘q, yaxshisi, G’aybarov kelinning o‘zini ishxonaga kiritib yuborib, o‘zi tashqarida qoladi. Foydasi bo‘larmikan? Ma’sumov hammasi tuhmat deyishdan toymaydi, axir! Kim isbotlab berardi? Anovi novcha kotibami? Be, qayoqda! Shuning uchun G’aybarovning o‘zi chiqmasa bo‘lmaydi-yov! Xodimlar gapirsa gapiribdi. Aks holda ish teskarisiga alanga olishi mumkin.
– Keldik, aka, – dedi haydovchi mashinani to‘x¬tatarkan. – Xuddi mana shu yer edi. Siz manovi tomondan chiqib, mashinamga qo‘l ko‘tardingiz.
– Yaxshi-yaxshi, – deb qo‘ydi G’aybarov, keyin orqaga o‘girildi: – Kelin, siz tushavering.
Shoira qovog‘ini ochmay mashinadan tushdi.
Haydovchi kattagina pul miqdorini aytib, G’ay¬barovning jig‘ibiyronini chiqardi. Tishini-tishiga bosib, cho‘ntagidan chiqarib berdi. Agar hozir savdolashadigan bo‘lsa, bu befarosat atayin ovozini ko‘tarib “kilometr”larni hisoblashga tushadi. Kelin ham uzoq¬qa bormay, mana shu yerda turibdi. G’aybarov ichida g‘ijinib so‘kindi: “Mashinangning g‘ildiragi teshilgur! Sen ham muttaham! Og‘ir paytda hamma-hammang faqat shilishni, qiynab, huzurlanishni o‘ylaysan”.
U pulni to‘lab, mashina eshigini qarsillatib yopdi. Indamay ishxona tomonga yurdi. Ancha yurib orqasiga o‘girildi. Shoira hamon joyida tek turardi.
– Yuring, kelin...
– Ichkariga kiramizmi? – shunday deb u qadam tashladi.
Shu atrofda qog‘oz-papka ko‘tarib yurgan bir-ikki xodim Shoirani tanib qoldimi, ovozini qirib salom berishdi.
To‘ppa-to‘g‘ri Ma’sumovning huzuriga kirib bordilar. U, xuddi kutib turgandek, oldida hech kim yo‘q ekan. G’aybarov va Shoirani ko‘rib, kayfiyati buzilgani shundoqqina sezildi. “Aytganingni qilibsan-da”, degandek Xalil Murodovichga boshqacha qarab qo‘ydi. Xotinining salomiga alik ham olmadi.
– Xo‘-o‘-sh? – dedi cho‘zib Ma’sumov. – Nega kelding? Yo‘q, avval javob ber, nima uchun qo‘ng‘iroqlarimga javob bermading?
Shoira avval yaxshilab o‘tirib oldi. Keyin qoshlarini chimirib sekin so‘z boshladi:
– Nega kelganimni juda yaxshi bilsangiz kerak, dadasi? Qani o‘sha ayol? Yoki qochib ketdimi?
Ma’sumov G’aybarovga imo qilib dedi:
– Sen hali menga ishonmay mana shu odamga ishonib, ortidan ergashib ham keldingmi? Juda qiziq yangilik-ku! Nima, qaerga ergashtirsa ketib qolaverasanmi?
Uning o‘rniga G’aybarov javob berdi:
– Ha, shogird, kelinni olib kelaman, deganimga ishonmading. Bilib qo‘y, men har bir oilaning tinchligini o‘ylayman. Yaxshilik bo‘lsin, deyman.
– Sizdan so‘raganim yo‘q, – dedi to‘ng‘illab Ma’sumov. – Bilaman, o‘rningizga o‘tirganim juda alam qilyapti. Bo‘lmasa qaysi ahmoq ishxonaga birovning xotinini boshlab kelardi!
G’aybarov hali o‘tirmagan edi. Ma’sumovning ustiga bostirib bordi:
– Nima deding? Ahmoq dedingmi? Yana bir qaytar.
Ma’sumov ilkis telefon go‘shagini ko‘tardi-da, buyurdi:
– Tezda militsiya chaqiringlar. Menga zug‘um qilish¬yapti.
Shoira G’aybarovdan so‘radi:
– Ismi nima edi uning?
– Noila... Familiyasi... esimda yo‘q.
– Yaxshisi, Noilani chaqirtiring. Bir ko‘rib qo‘yay-chi, husni jamolini!
Ma’sumov go‘shakni taraqlatib qo‘yarkan, xotiniga ming‘irladi:
– Menga qara, bu yer – ishxona. Janjallashadigan maydon emas... Xotin, endi eski odatlaringni yig‘ishtir, xo‘pmi? Ish yuzasidan ayollar bilan ham gaplashishga to‘g‘ri keladi, bilasan. Har xil qutqularga ishonib, kayfiyatni buzaverma!
– Sen hali o‘sha qilig‘ingni ish yuzasidan deyapsanmi? – yana gapga aralashdi G’aybarov.
Ma’sumov xuddi G’aybarov xonada yo‘qday so‘zida davom etdi:
– Bilasan, xotin, men senga qasam ichganman. Hech qachon xiyonat qilmayman... Noila Zohidova u. Oddiy xodima. Qolaversa, bir o‘zi emas edi. Do‘stov degan bo‘lim mudiri ham bor edi. Istasang, mayli, chaqiraman, – shunday deb u yana go‘shakni ko‘tardi: – Zohidova bilan Do‘stov kirsin.
Do‘stovning familiyasini eshitib, G’aybarovning ko‘zlari olayib ketgan edi. Ma’sumov uni ham chaqir¬ganini eshitib, battar xunob bo‘ldi.
– Kelin, siz ishonmang. Bu aldayapti. Hech qanaqa Do‘stov degani yo‘q edi. Bular kelishib olishgan. Qolaversa, Do‘stov bo‘lim mudiri emas.
Ma’sumov endi unga andak nopisandlik bilan qarab qo‘ydi. Stol ustidagi papkalarni titkilab, qandaydir qog‘oz oldi. Avval yaxshilab razm soldi-da, keyin xotiniga uzatdi:
– Mana, o‘zing ko‘r, Do‘stov bo‘lim mudiri bo‘lib ishlaydi. Ancha bo‘lgan. Yoshi katta odam. Menga ishonmasang, o‘sha mo‘ysafidning aytganlariga ishonarsan?
G’aybarov ichidan zil ketdi. Zo‘r tayyorgarlik ko‘¬ribdi shogird. Xuddi o‘zining taktikasi! Endi Ma’sumovning gaplari yolg‘onligini qanday isbot qiladi? Agar Do‘stov rostdan ham kirib kelsa, ko‘rasiz tomoshani! Iymonini yegan-ku u! Tushunarli! Demak, Noilaga nimalar deyishi tayinlangan? Ajoyib spektakl ko‘risharkan-da! Rejissyor – Ma’sumov! Aktyor ham, Noila bilan Do‘stov kirib kelsa, chinakam iste’dodlarini namoyish etishadi. Qoyilmaqom ijro! G’aybarovning o‘zi bir vaqtlar bunday “spektakl”larni necha martalab uyushtirgan... Ustozdan o‘zmagan shogird – shogird emas-da, a?.. Maraz! Mal’un! Boplayapti lekin!
Shoira qo‘lidagi qog‘ozni o‘qib chiqdi-da, G’aybarovga uzatdi.
– Sizni laqillatyapti bu, – dedi G’aybarov buyruqqa ko‘z yugurtirarkan. – Tavba, mening davrimda bo‘lim mudiri bo‘lib tayinlanganmish!.. Vo, qoyil, imzomniyam eplashibdi.
Ma’sumov xotinidan ko‘z uzmay so‘z qotdi:
– Bilasanmi, ba’zi odamlar qarisa, buning ustiga amaldan ketsa, esi kirdi-chiqdi bo‘lib qoladi. Har holda, mana, o‘zing guvohi bo‘lib turibsan. Qachon buyruq chiqargani-yu, qay paytda imzo chekkaniniyam bilmaydi. Shizofreniya deyilardi, shekilli? Shunday. Nima bo‘lganda ham kadrlar bo‘limi bor, u yerdagi qalin-qalin papkalar bor. Biz shuncha ishimiz qolib, mana shu qurib ketkur buyruqni tiqishtirib qo‘ymagandirmiz, hoynahoy!.. Eh, odamlar, qaysi xodimi nima bilan shug‘ullanganini bilmaydi-ya ba’zilar...
Eshik ochilib, avval Do‘stov, keyin Noila kirib keldi. G’aybarov Noilani ko‘rib, og‘zi lang ochildi-qoldi: ko‘zlarini xira ko‘rsatuvchi ko‘zoynak taqib olibdi u. Xuddi ishlari ko‘p odamdek aftini xiyol bujmaytirib olgan. Yuzida “nima gap?” degan savol alomati. Do‘stov ham qolishmaydi. Eng kulgilisi, u G’aybarov bilan ikki qo‘llab samimiy so‘rashdi.
– O’tiringlar, – dedi Ma’sumov ularga. – Uzr, qimmatli vaqtlaringni olyapmiz. Sal xijolatpazlik bo‘lib qoldi... Turob aka, gap shundaki, xotinim sizlar bilan yaqinroqdan tanishish uchun kelibdi. Ha, endi yaxshi xodimlarni bilib qo‘ysa chakki emas, to‘g‘rimi?
– Ie, shunaqami? – yasama kuldi Do‘stov. – Men, boshliq yana chaqiryaptilar, deyishsa, hayron bo‘libman... Yaxshi-yaxshi. Xo‘sh, kelin, tuzukmisiz, bola-chaqa katta bo‘lyaptimi?.. Zap qilibsiz-da kelib. Mana, Xalil Murodovich ham onda-sonda keladigan bo‘lib qolgan. Bizga yo‘l-yo‘riq o‘rgatib ketadilar.
G’aybarovning tili kalimaga kelmasdi. Ko‘z qiri bilan Noilaga qarab-qarab qo‘yardi.
– Iya, Xalil Murodovich, haliyam o‘sha odatingiz qolmabdi-da! – dedi Do‘stov yoqimsiz kulib, keyin Shoiraga o‘girildi: – Bu jiyanim bo‘ladi, kelin. Ismi – Noila. Yaqinda ishga kelgan. Ko‘zi yaxshi ko‘rmasayam juda bilimdon, dono. Hisob-kitobdan boshqasini bilmaydi, – shunday deb endi u tag‘in G’aybarovga kulimsirab qaradi: – Jiyanimdan ko‘z uzmaganingizga aytdim-da! Unaqa qilmang, Xalil Murodovich.
– Bas qiling, – o‘shqirdi G’aybarov. – Bu yerda nega maynavozchilik qilasizlar? Noila qanaqasiga yaqinda ishga kelgan bo‘lsin? Ming yildan buyon ishlaydi-ku! Hamma biladi. Meni ahmoq qilganlaring yetmaganday, endi manovi kelinniyam dub deb o‘ylayapsizlarmi?.. O’v-v, sen, Noila, ko‘zoynagingni olib tashla...
Noila o‘zini ovsarlikka oldi. Kapalagi uchib ketgandek, Do‘stovning biqiniga yaqinroq surildi.
– O’zingizni bosing, – dedi Do‘stov G’aybarovga. – Toki men shu yerda ekanman, jiyanimni bekorga xafa qildirib qo‘ymayman.
G’aybarov baqirib yubordi:
– E, artistlik qilma hammang!
Noila sekin unga dedi:
– Kechirasiz, siz meni taniysizmi? Iltimos, menga baqirmang, amaki, kasalman. Tutqanog‘im bor.
G’aybarov rosmanasiga qoyil qolayotgan edi. Ham¬masi risoladagidek. Asl haqiqat qayda-yu, manovilarning ijrosidagi nayrang qayda!
Do‘stov Ma’sumovga yuzlandi:
– Shohid Kamolovich, men tushunmadim, nega jiyanimni xo‘rlamoqchi bu? O’zi shundoq ham ishlar tiqilib yotibdi. Axir, vaqt ziq. Balanslarni topshirishimiz kerak. Bizga ruxsat bering, Shohid Kamolovich. Bu odam bilan keyin gaplashamiz.
Ma’sumov xotiniga, ko‘rdingmi, degandek, bir boqdi-yu ularning chiqishiga ruxsat berdi.
– Voy, bu ipirisqi-ku! – deb yubordi Shoira burnini jiyirib ular chiqib ketishgach. – Shunaqalarni chaqirib nima qilardingiz? Dovdirashini! Qanaqa ayol-a? Ko‘zoynagini olib qo‘ysang, boshini devorga urib oladi-yu!
– Ey, xotin, topib gapirasan-da, – xoxolab kulib yubordi Ma’sumov. Shu payt telefon jiringlab, u go‘shakni ko‘tardi: – Ha, militsiyami?.. Endi shart emas, menimcha. Bir bezori bilan kelishib oldik. Yoshi kattaligini hisobga olib, kechirdik. Hammasi joyida!
Ma’sumov go‘shakni qo‘yar-quymas, g‘azabini bosa olmagan G’aybarov yaqinlashdi-da, uning quloq-chakkasiga tarsaki tortib yubordi...

* * *

Ola-tasir bo‘lib ketdi. Ma’sumov emas, Shoiraning jahli chiqqan edi. G’aybarovning naq giribonidan olmoqchi bo‘ldi. Qaytaga Ma’sumovning o‘zi aralashib, ustozini uning changalidan xalos etdi. G’aybarov bo‘g‘riqib turgan bo‘lsa-da, qo‘rqib qoldi. Shoiraning shashti balandligi mayli, militsiya chaqirishsa, nima bo‘ladi? Axir kuppa-kunduzi jinoyat qilyapti-da G’aybarov!
– Nega indamaysiz? – dodladi Shoira eriga. – Nega sizga qo‘l ko‘taradi? Voy, zo‘ravon-ey! Tuhmat qilgani yetmagandek, bolalarimning otasiga qo‘l ko‘tardi-ya! Men buni shunday qo‘ymayman!
Ma’sumov uni hovuridan tushirish bilan band edi:
– O’zingni bos, xotin. Meniyam o‘yla. Ishxonadagilarga yomon ko‘rinishingni xohlamayman. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Odamzod shu-da: haqiqat oldida sharmandasi chiqsa, qo‘liga zo‘r beradi.
Bu gapi G’aybarovning yurak-yuragini teshib o‘tdi. Qanaqa haqiqat? Zo‘r “spektakl” uyushtirib berganimi haqiqat? Vijdonsiz ekan-ku bu Shohid Kamolovich degani! Shuncha vaqtini zoe ketkazmay, shuncha odamni obdon tayyorlabdi. O’l-a, xotiningdan qo‘rqar ekansan, shuni ochiqchasiga aytib qo‘ya qol!
Endi nima bo‘lishi haqida o‘ylamasdi G’aybarov. Ma’sumovning tarafini olgani unga aksincha kuch bera boshlagan edi. Militsiya chaqirmaydi – bu gap tashqariga chiqishidan cho‘chiydi. Nima bo‘lganda ham yangi boshliq u – yuqoriga noxush xabar yetsa, darhol surishtirib boshlaydilar.
– Men haqiqat oldida sharmanda bo‘lmadim, – dedi G’aybarov ko‘zlari yonib. – Sening yolg‘on o‘yinlaring jig‘ibiyron qildi.
– Keting, Xalil Murodovich, tinchgina chiqib keting, – eshikni ko‘rsatdi Ma’sumov.
– Ana, aybing ochilib qolishidan qo‘rqyapsan. Bilib qo‘y, menga vafo qilmagan bu odamlar ertaga seniyam ayab o‘tirishmaydi. Lekin... lekin-chi, zo‘r tayyorgarlik ko‘ribsan, qoyilman! Sen bu yerda emas, teatrda ishlashing kerak ekan. Hammangga firibgar, tovlamachilar rolini berish kerak bo‘ladi. Shunaqangi zo‘r sahna asari tayyorlay olasanki, olqishlar yog‘ilmasa, mana, men kafil.
Shoira shang‘illadi:
– E, bas qiling! Sadqayi odam keting... Indamasam, erimni g‘irt yolg‘onchiga chiqarib qo‘yasiz-ku! Ishonib kelibman-a! Mansabdan ayrilganingiz sizga alam qilganini o‘ylamabman-a, esiz vaqtim!
G’aybarov bo‘sh kelmasdi:
– Kelin... Kelin... Siz baribir haqiqatni bilmaysiz. Eringiz rostdan ham aldayapti.
– Bas! Shuncha odam kirganida tilingizga tushov tushganmidi? Ularning oldida gapiring edi. G’ing demadingiz-ku! Miyangiz aynib qolibdi sizning!
– Haddingizdan oshmang, – o‘dag‘ayladi G’aybarov.
Shoira hayratlangandek uning oldiga yaqinlashdi:
– Haddimdan oshsam, nima qilasiz-a, nima qilasiz? Meniyam urasizmi, ayting?
Ma’sumovning ovozi ham baland chiqdi:
– Bo‘ldi, dedim, xotin! Qari odamga teng kelma. Sen o‘zing ishonuvchansan! Begona erkak borsa, indamay oldiga tushib kelaverasanmi?
– E, men qayoqdan bilay! – yana shang‘illadi Shoira. – Bu odamning alamzada bo‘lib yurgani yetti uxlab tushimga kiribdimi?!.
– Eshik huv ana, – kalaka qildi Ma’sumov G’ay¬barovga qarata. – Marhamat, chiqib ketsinlar! O’ylay¬manki, endi bu muassasada qiladigan ishingiz qol¬madi.
– Qasam ich! – oxirgi chorasini ishga soldi G’aybarov. – Agar hozirgi tomosha spektakl bo‘lsa, bir umrga badnom bo‘lay, deb qasam ich!
– Qasam ichsam, tinch qo‘yasizmi? – dedi Ma’sumov xotiniga o‘g‘rincha bir qarab olib. – Yaxshi, qasam ichganim bo‘lsin!
U rostdan ham xuddi shunday qasam ichdi. G’aybarov titrab ketdi. O’sal bo‘ldi. Agar xotini bu yerda bo‘lmaganida Ma’sumovning qasam ichishi dushvor edi. Bir umrga badnom bo‘lishni o‘ylamadi. Xotinidan qo‘rqqani uchun ham shunday ish tutdi. Ichida tavba-tazarru qilyaptimi, ishqilib, endi rosmanasiga ustunlik qildi Ma’sumov.
G’aybarov undan ko‘z uzolmay qolgan edi. Attang, degandek bosh chayqadi. Bunchalikka boradi, deb o‘ylamagandi shogirdini! Yo‘q, nega endi bunday o‘ylamagan ekan? Ozgina o‘ylagandiyam. Har holda qoyil qildi Ma’sumov! Til jonivorga farqi yo‘q – qasam aytib yuboraveradi. Ammo keyin-chi? Nahotki Ma’sumov oqibatini o‘ylamadi?
Bu odamdan nihoyatda ehtiyot bo‘lish kerak ekan. Ertaga ustingga loy chaplashdan ham toymaydi. Kitob¬lardagi ablah xuddi shu! Aynan shu! Yo‘q, kitobdagi ablahlar bu qadar pastkashlikka borishmaydi. Faqat hayotda shunaqa ablahlar bo‘lishi mumkin. Ma’sumov – o‘shalarning tipik vakili! Do‘stovdan ham o‘tkazdi. Noiladan ham!..
Shu kuni G’aybarov ovloqqina qahvaxonada o‘lgudek ichdi. Keyin... rosa yig‘ladi. Yomon odamlarning dastidan dod dedi.
Kap-katta odamning ko‘z yoshi to‘kkanidan boshqa xo‘randalar hayron edilar. Kimdir ro‘parasiga kelib o‘tirdi. G’aybarov ko‘zlari suzilib unga boqdi. Bu qanday odam? Nimalardir deyapti? Eshitilmaydi. Kim bu? Ie... ie, shumqadam-ku, axir! Ustidan kulish uchun stoliga kelib o‘tiribdi-da! Veh, ahmoq!.. Umuman aytganda... ahmoq emas, dono! Donolar donosi! U G’aybarovni ogohlantirgan edi. Ko‘zlaringni och, gunohdan tiyilgin, degan edi. Aytganlarim to‘g‘rimikan, degandek, mana, yana nimalardir deb valdirayapti. G’aybarov ham allanimalarni vaysadi. Ammo tili g‘o‘ldirab, kalimasini o‘zi ham anglamadi.
Shumqadam odam G’aybarovning ustidan kulish o‘rniga unga achinish bilan qaradi. Uni turg‘azishga, opichlab ketishga chog‘landi. G’aybarov esa bu yerda yana qolmoqchi, kerak bo‘lsa, dunyoning ichimligini sipqorib, yuragidagi alamni bosishga harakat qilmoqchi edi. Ketmaydi. U shumqadamni siltab tashlamoqchi edi, sal bo‘lmasa ag‘darilib tushishiga bir bahya qoldi...
U ko‘zlarini ochganida boshi g‘uvillab og‘rir edi. Qaerda yotganini dastlab ilg‘ab ololmadi. Keyin idroki tiklanib xotirjam tortdi, shu bilan birga hayron bo‘ldi. Uyida ekan. Qanday kelgan, bilmaydi.
– Xotin, – dedi ovozi bo‘g‘ilib. – Nimalar bo‘ldi?.. Qaerdasan, hoy?..
Ship-ship qadam tovushlari eshitilib, xotini paydo bo‘ldi. Qovog‘i solingan:
– Nima deysiz?
– Meni sen olib keldingmi yo haligi shum¬qa¬dammi?
– Shumqadamingiz kim? O’sha do‘stingizmi?
G’aybarov o‘qchib, qayt qilib yuborayozdi. Uning ko‘ngli aynigan, ichi titrar, kechagi kasofat ichimlik uni tug‘ilganiga mingdan-ming pushaymon qildirayotgandi.
– Menga qarashib yubor!
– Odam bo‘lmay keting, – xotini shunday deb vannaxonaga ketdi. Zum o‘tmay, tog‘ora bilan qaytar ekan, uni taraqlatib yerga tashladi. – Shu yoshga kirib uyalmaysizmi? Bolalarning oldida sharmanda bo‘ldingiz-ku!
G’aybarov parvo qilmay dedi:
– Sen uni do‘st dema, tushundingmi?! Shumqadam u! Hammasini o‘sha qildi. Turqi qursin!
– E, shuncha joydan olib kelganiga rahmat, deng, xo‘pmi? – hanuz aftini burishtirib gapirdi xotini. – Siz o‘zi yaxshilikni bilmaysiz!
– Ha, men ko‘p narsani bilmayman, – achchiqlandi G’aybarov. – Faqat sen bilasan!
– Men ham bilmayman... Masalan, Noilaning kimligini bilmayman.
G’aybarov xiyol sergak tortib, xotiniga qarab qo‘ydi. “Ma’sumov qasdini olyapti ekan-da, – deb qo‘ydi ichida. – Ha, hali zo‘r-zo‘r tomoshalar uyushtirsa kerak...”
– Noila, Noila deb yig‘lab chiqdingiz. Nosir akaga, topib ber, dedingiz!
– Nosir?.. Nosir nima qiladi bu yerda?
– Siz gapni burmang. Noila kim?
– E, bas qilsang-chi! – qo‘l siltadi G’aybarov. – Eringni shuncha odam xo‘rlayotgani yetmaydimi? Endi sen o‘shalarga ishonadigan bo‘ldingmi? Hammasi artist-ku ularning!..
Telefon jiringladi. Xotini go‘shakni olib, unga uzatdi. G’aybarov kim degandek imo qildi. Ma’sumov yana o‘yin qilishidan zada bo‘lgan edi u.
– Bilmadim, kimligini! – ters gapirdi xotini.
G’aybarov telefonni olmadi.
– O’zing gaplash, – dedi.
Xotini chimirilib, telefonni qulog‘iga olib borarkan, xijolat tortib gapirdi:
– Voy, assalom alaykum, Nosir aka... Yaxshimiz? Yaxshi yetib oldingizmi?.. Ha, uyg‘onganlar. Mana, beraman.
G’aybarov yana hayron bo‘lib, go‘shakni oldi:
– Allo, Nosir, senmisan?..
Telefondan avval qahqaha eshitilib, so‘ng bo‘g‘iq ovoz keldi:
– Ha, bolapaqir, uyg‘onibsan-da! O’ziyam bir moshin ichding-e! Rosa xumori tutgan ekan-da! Hozir boraman, uyda bo‘lib tur...
G’aybarov telefonni o‘chirgach, dong qotib o‘tirdi. Hanuz tushunolmasdi u. Xotinidan yaxshilab surishtirib, aniqlik kiritdi. Kecha uni olib kelgan Nosir ekan-da! Shumqadam qayoqqa ketdi? Yo bo‘lmasa shumqadam degani Nosir edimi? Qiziq, shunchalik tanimas darajada ichdimi G’aybarov? Hartugul o‘sha yerga tashlab kelmabdi. Yaxshilar bor, mana, Nosir shularning biri! Sud¬rab kelganmi, opichlabmi, uyga olib kelibdi. Tavba, G’aybarov nimalar degan? Rosa vaysagan bo‘lsa kerak? Noilaning qanday aloqasi bor?..
– Ishqilib uni xafa qilmadimmi? – so‘radi xotinidan.
Xotini qisqa qilib javob berdi:
– O’zidan so‘raysiz!
Endi mana shunaqa qovoq-tumshuq qilib yuradi. Ishdan ketganiniyam kecha uzil-kesil eshitibdi. Faqat u emas, qo‘shnilarning qulog‘iga yetgan emish! G’aybarov baqirgan-da, shogirdimdan kutmagandim, joyimni tortib oldi, deb.
Nosir nega kelmoqchi? Ustidan kulish uchun bo‘lsa kerak-da!..
G’aybarov vannada bo‘lganida eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. U apil-tapil yuvinib chiqdi. Mehmonxonada Nosirni ko‘rib, harchand urinsa-da, kechagi gaplarni eslay olmadi. Uning oldida xijolat tortdi.
Nosir rostdan ham rosa kuldi. G’aybarovning qiliqlarini ko‘rsatib berdi.
– Xo‘sh, ketdikmi? – dedi nihoyat.
– Qayoqqa?
– E, qanaqa odamsan?! Esing shunchalik kirdi-chiqdi bo‘lib qolganmi? Bunaqaligingni bilishsa, biznikilar ishga olishmaydi. Yur, seni deb men ham kechikyapman.
G’aybarov jim bo‘lib qolgandi. Endi yanada mulzam tortdi. Nahotki, kecha Nosirga, ish topib ber, degan bo‘lsa? Shu haqda so‘radi.
– Menga qasam ichirding-ku, og‘ayni, – dedi bosh chayqab Nosir. – Qo‘rqma, ko‘chada qolib ketmaysan.
– To‘xta, qanaqa ish o‘zi?
– Obbo, kecha yuz marta so‘rading, yuz marta javob berdim... Yura qol, yo‘lda tushuntiraman. Kechikyapman. Xayriyat, ishxonaga qo‘ng‘iroq qilib qo‘ygan ekanman. Ketdik.
G’aybarov o‘rnidan jilmay, kechagi gaplarni yaxshilab eslab ko‘rishga harakat qildi. Natija chiqmadi. Manovi Nosir boshqarmada ishlardi, shekilli? Qanday ishni aytgan ekan? Tag‘in botqoqqa botirib qo‘yib, Ma’sumovlarga kulgi bo‘lmasin. Axir, har holda boshqarmaga boshliq bo‘lmaydi-ku! Nosirning o‘zi nima ish qilardi u yerda? Qaysidir bo‘limda bo‘lsa kerak.
– Men sendan nega ish so‘radim o‘zi? – dedi u Nosirdan.
Nosir eshikka yetib qolgan edi, burilib bosh chay¬qadi.
– Yana boshidan boshlaymi-a? Aytding, ketimga tepib haydashdi, deding! Ustimdan kulishyapti, deding! Yig‘lab-siqtading! Yomon ish emas, oshna, kadrlar bo‘limini boshqarasan.
G’aybarov sal o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Kadrlar bo‘¬limi... chakki emas. Nosirning “boshqarasan”, degan so‘¬zi ko‘proq yoqib tushgan edi unga. Bilmadi, jamoani boshqarmaganiga ancha bo‘ldi, sog‘inibdi, chog‘i! Qi¬ziq, shu ishning ham xumori tutarmikan yo? Ehtimol, G’ay¬barovning talvasaga tushayotgani asl sababi shudir?
– Necha kishi ishlaysizlar? – so‘radi u.
– Uf-f... Ikki yuzdan ziyod odam, dedim-ku! Ishing qiyin bo‘lmaydi. Onda-sonda rahbar chaqirib qolmasa, sen bilan hech kimning ishi yo‘q. Xonangda o‘tirib, bilganingni qilaverasan! Ishning hamma og‘irligi bo‘limlarga tushadi. Sen kadrlar bilan bog‘liq buyruq, hujjatlarga ko‘z-quloq bo‘lsang bas.
– Boshlig‘ing kim edi? Kim deyishadi uni?
– Juda yaxshi taniysan... Mirhodi Sa’dullaev. Yaxshi odam... uxlaganda, albatta, – shunday deb Nosir beo‘xshov kuldi. – Seni, har holda, ishga oladi, deb o‘ylayman. Taniydi-ku! Yuqoridan ayttirish shart emas, demoqchiman.
G’aybarov istar-istamas kiyina boshladi. Nachora! Endi eski ishxonasiga bora olmaydi. Vaqti kelib borar ham, Ma’sumovning ko‘ziga ko‘rsatar ham. Faqat hozir emas. Shogird qurmag‘ur ancha ilgarilab ketgan ko‘rinadi. Ayni paytda u bilan bellashish juda og‘ir. Har qanday janjalda kuchdan ko‘ra makr-hiyla ish beradi. Ma’sumov buni kecha yaqqol isbotladi...
Boshqarma G’aybarov o‘ylaganidan ham kattaroq ekan. Shahar markazida ko‘rk tashlab turibdi. Xodimlar ziyoli, tartib-intizomli.
Boshliq Mirhodi Sa’dullaev G’aybarov bilan samimiy ko‘rishdi. Anchagacha gaplashib o‘tirdilar. Sinov muddati borasida gap bo‘lishi mumkin emas. Buyruq shu zahoti chiqarildi. Eng qizig‘i, G’aybarov bu yerdagi ishni o‘zi haqidagi buyruqni hujjatlar ichiga tirkash bilan boshladi. Sa’dullaevning gapi, ishonchi unga ancha dadillik, qanot bergan edi. Qolaversa, kadrlar bo‘limi boshqarmadagi eng ko‘zga ko‘ringan, nufuzli bo‘lim ekan. Ana shunisidan xursand bo‘ldi.
G’aybarov tushgacha rosa hujjatlarni titkiladi. Xodimlar bilan shu tarzda tanishish ilinjida edi u. Ke¬yin arxiv hujjatlarini ko‘tardi. Aksirib-aksirib, chang bosib yotgan qog‘ozlarni erinmay titkiladi. Bu bejiz emas edi. U Ma’sumovga tegishli hujjatlarni izlash bilan ovora edi. E-he, ancha tagida ekan hujjatlarning, sarg‘ayib ketgan. Tavba, odamning ko‘zlari o‘zgarmas ekan-da, u o‘n sakkiz yilcha avval suratda qanday tushgan bo‘lsa, hozir ham ukki ko‘zlarini qadab gapiradi.
Bu hujjatlarni arxivdan sug‘urib olib, G’aybarov yanada yaxshilab o‘qib chiqdi. Qanday kamchilik topish mumkin? Nimadir qilish kerak! Balki o‘sha yillarga tegishli qandaydir hayfsanlar bordir? Jazoga tortilgan bo‘lishi mumkin-ku!
Topolmadi. Ma’sumovning o‘zi allaqachon kelib, bunday hujjatlarni yo‘q qilgandek tuyuldi. Ha. Shunday qilgan. Hamisha orqasini tozalab yuradi u. Qancha-qancha tuzoqqa tushmay, qutulib ketgan.
Bir jihatdan G’aybarovning hozirgi qilig‘i xuddi tovuqning go‘ng titganidek ko‘rindi o‘ziga. Erish tuyuldi. G’ashi keldi. Ma’sumovga tegishli hujjatlarni tap etkazib g‘aladonga tashladi. To‘g‘ri, hali-beri alami tarqamaydi, qasos o‘ti tark etmaydi. Ammo ko‘nglidagi istak, mayllarga ham bo‘yin egavermasligi kerak. Aks holda bu yerdagi ishlar qolib ketadi. Avvalo, boshqarma rahbarining ko‘ziga yaxshi ko‘rinishga harakat qilishi kerak. Sa’dullaev dilkash ko‘ringani bilan anchayin quv, tullak odam. Mana shu lavozimidan necha marta olib tashlanadi, yana joyiga qaytaveradi. Xuddi kim bilandir garov o‘ynagan-u, bor kuchini ishga solib kelayotgandek. Demak, u ham hiyla-nayrang ishlatsa kerak, hoynahoy!
G’aybarovning qo‘l ostida ikki xodim bo‘lsa-da, u boshqalarni ham o‘ziga tobe qilgisi kelardi. Xodimlarining aytishicha, jamoada eng tartibbuzar odam Nosir Isomiddinov emish! Ayniqsa, keyingi paytlarda u paydar-pay ishdan qoladi, ichki tartiblarga rioya qilmaydi. G’aybarov bu mavzuni chetlab o‘tmasa bo‘lmasdi. Axir, Nosir – azaliy qadrdoni. Qolaversa, G’aybarovning boshqarmaga ishga kelishiga u sababchi.
Ish boshlaganining uchinchi kuni Nosir Isomiddinov bilan birga tushlik qilishdi. Ovqatlanib bo‘lishgach, choy ustida G’aybarov uning o‘zini tutishi haqida o‘smoqchilab so‘z boshlamoqchi edi, Nosir tomdan tarasha tushgandek, g‘alati gap qildi:
– Oshna, buyruq chiqdi, tuppa-tuzuk ishlayapsan ham, ammo haligacha churq etmayapsan-ku! Mushuk tekinga oftobga chiqmaydi. Axir, nima deb kelishgan edik? Yo‘talmaysanmi endi?
G’aybarov avvaliga bu gapni, ziyofatga shama qilyapti, deb tushundi, keyin esa Nosirning yuz ifodasini ko‘rib, o‘shanda – mastligida tilidan ilinganini anglagandek bo‘ldi.
– Nega ovozing chiqmaydi? – davom etdi Nosir. – Menga qancha va’da qilganingni bilasanmi? Uch yuz ming so‘m!
– Nega ekan? – qoshlarini chimirib so‘radi G’ay¬barov.
– Nega bo‘lardi, ishga joylashtirib qo‘yganim uchun. Axir, o‘zing tavallo qilib yalinding-ku! Faqat, mast edim, deb bahona qilma. Mastmi, hushyormi, erkak bitta gapiradi. Bugun, mana, uch kun bo‘libdi. Boshqa kechikmasin!
G’aybarov unga “siyosat” qilmoqchi bo‘ldi:
– Sen bu pulni Sa’dullaevga bermoqchimisan?
– Ishing bo‘lmasin.
“Shuning uchun mehribonlik qilgan ekan-da bu, – o‘yladi G’aybarov. – Men buni eski qadrdonim deb yuribman hali. E, qadrdonlar ham qolmabdi bu zamonda... Pulni bermasam, nima qilarkan? Osmonni tashlab yuborolmas hartugul. Balki, Sa’dullaevga shipshib qo‘yarman? Eshitib, tepa sochi tikka bo‘lsa kerak. Yo‘q, ikkalasining tili bir bo‘lsa-chi?! Axir tezgina ishga qabul qildi-ku! Agar rostdan ham bularning tili bir bo‘lsa, navbatdagi tomoshani ko‘raverasan. Faqat ishtirokchilar boshqa-boshqa bo‘ladi... Ha-a, o‘sha kuni Nosir ko‘zimga shumqadam bo‘lib ko‘ringanicha bor ekan”.
– Men senga bir chaqa ham bermayman, – dedi G’aybarov tap tortmay.
Nosir ko‘zlarini xiyol qisib turdi-da, javob so‘zini aytdi:
– Yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarmasang, pushaymon bo‘lasan.
– Meni qo‘rqitma. Sen yaxshilik bilan poraxo‘r¬likning farqiga bormas ekansan.
Nosir indamay o‘rnidan qo‘zg‘aldi. G’aybarov ha¬nuz jahlidan tushmagan edi. Anchadan keyin o‘zining ziqnaligi haqida o‘ylab qoldi. Ammo gap uch yuz mingda emas. Shunchaki... G’aybarov berib o‘rganmagan, bunday ishlar uchun! Axir yerdan chiqqan emas-ku u!..
Tushdan keyin G’aybarov oldinroq otni qamchilab qolish uchun Nosir Isomiddinov tartib-intizomga bo‘ysunmayotgani haqida raport yozib, Sa’dullaevga kiritib yubordi. Keyin qulog‘ini ding qilib turdi. Kechgacha ham hech qanday “xushxabar” eshitmadi. “Qaytaga Nosirga indamaganlari yaxshi bo‘ldi”, – dedi biroz vijdoni qiynalib.
Uyga qaytar ekan, vijdonsizlik qilayotgani ha¬qida o‘ylardi. Shu qisqa fursat ichida naqadar ko‘ngilsizliklarga duch kelayotgani borasida ham bosh qotirdi. Uyiga barvaqt qaytgisi kelmadi. Negadir kimsasiz, ovloq ko‘cha bo‘ylab yurdi. Xayoliga chuvalashib kelayotgan og‘ir o‘ylardan xalos bo‘la olmasdi. Shumqadamni topmoqchidek, atrofga alangladi. Qani u? Qaerda ekan? Yana qaysi bir odamning huzuriga bexosiyat tashrifi bilan qadam ranjida qilyaptiykan?..
G’aybarovning ro‘parasidan ikki-uchta barvasta yigitlar paydo bo‘lganida, u ularning bir-birlariga o‘g‘rincha qarab olishganiga ham e’tibor bermadi. Dabdurustdan G’aybarovga tashlandilar. Ayamay tepkilashdi. Keyin esa oyoqlari ostida yotgan G’aybarovga engashgancha pichirlashdi: “Sizga kerakli odamdan salom. Kimligini o‘zingiz o‘ylab toping...”

* * *

G’aybarov o‘ziga kelganida ko‘chada yotardi. O’tgan-ketgan qaramaydi, aroqxo‘r, daydi, – deb o‘ylashsa kerak. Birov kasal bo‘lib yotibdi, balki yurak xuruji tutgandir, ehtimol, buni xo‘rlab tepkilab-tepkilab ketishgandir, ishlari yo‘q. Yo‘lovchilarning o‘rnida G’aybarov bo‘lganida nima qilardi? Yordam berarmidi! Hech-da! Ana shunaqa: boshga tushganni ko‘z ko‘radi, ammo... boshingga kaltak tushganini bu yotishingda sira ko‘ra olmaysan.
“Sizga kerakli odamdan salom. Kimligini o‘zingiz o‘ylab toping...”
G’aybarov bu so‘zlarni elas-elas esladi. “Nosir, – dedi u, – Nosirning ishi! Sen ham pul deb o‘lgan ekansan-da! Shunchalikka bordingmi?.. Yo‘q, balki Ma’sumovning ishidir? Axir, u ham tinch qo‘ymaydi-da! Obbo, yashashga qo‘yadilarmi o‘zi?..”
Yuzlari momataloq holda kirib kelganida xotinining kapalagi uchib ketdi. Bolalarining ham ko‘zlari ola-kula edi. G’aybarov ularning oldida xoru zor bo‘lgandek o‘pkasi to‘lib ketdi. Ichkari xonaga kirib, eshikni mahkam yopgach, ko‘z yoshini tiya olmadi. Ko‘z yoshi aralash yuzidagi jarohatdan qon ham oqa boshladi. Xotini kira solib, dokani suvga botirib bosdi. U tinmay javrar, kimlarnidir qarg‘ar, bilib bo‘lmasdi. Ovozi uzoq-uzoqdan eshitilardi, go‘yo.
... – nimalar bo‘lyapti-ya?..
... – shunchalik ham tez o‘zgarasizmi?...
... – siz birortasini topgansiz, hammasi ana shu yurishni deb bo‘lyapti...
... – o‘tgan safar ichib keluvdingiz, bu gal janjallashib...
... – Shohid degan yigit bor edi-ku, o‘sha kelib ketdi.
G’aybarov yana bir ko‘ngilsizlikni sezib, oxirgi eshitgan gapiga aniqlik kiritmoqchi bo‘ldi:
– Shohid? Nega keladi?
– Allaqanday konvert tashlab ketdi. Shaxsan o‘z¬lariga berasiz, ochmang, deb tayinladi.
– Olib kel-chi! – G’aybarovning yuragi zirqirab turardi.
G’aybarov xotini keltirib uzatgan konvertni ochgisi kelmadi. Ha, buning ichida nimadir bor. Bir ko‘ngli konvertni ochib o‘tirmay, tashlab yubormoqchi bo‘ldi. Biroq keyin ahvoli yanada battar bo‘lishini o‘ylab qo‘rqdi.
Konvert qalingina. Suratlar solinganga o‘xshayapti. G’alamis Shohid allambaloni o‘ylaganga o‘xshaydi.
– Oching, – qiziqdi xotini, – nega indamay o‘tiribsiz?
– Keyin ochaman, – G’aybarov shunday deb konvertni egni qon kostyumining ichki cho‘ntagiga soldi.
Shu asnoda ichi qizidi. Nima, nima u? Xotini ham xonadan chiqa qolmaydi. Endi atayin o‘tiraveradi shu yerda. Mabodo G’aybarov uxlab qolsa, konvertni ochishdan ham toymaydi. Eri uni ochmagani yanada qiziqishini orttirgan. Qiziqishini ham emas, shubha-gumonini. Shusiz ham har kuni kechqurun ishni o‘zgartirgani uchun ming‘irlagani-ming‘irlagan.
G’aybarov xotiniga ovqat suzishi kerakligini aytib, u chiqib ketgach, tezgina konvertni olib ochdi. Yuragi battar dukillab ketdi. Bir nechta suratlarda G’aybarov bilan Noilaning bir-biriga suykalib turgani aks etgan edi. Qariyb o‘n beshtacha surat. Hammasi bir vaqtda suratga olingan. Aftidan, Noila ham bilmagan bu haqda. Aks holda G’aybarovga bu qadar suykalib turmas edi. Ma’sumovning ishi! Ablah! Nima xohlaydi u? Mansabni tortib oldi, bo‘ldi-da! G’aybarov qo‘shqo‘llab berdi-ku!..
Xuddi suratni tomosha qilayotganini ko‘rib turgandek Ma’sumov qo‘ng‘iroq qilib qoldi. G’aybarov telefonga javob berishni ham, javob bermaslikni ham bilmay kalovlandi. Axir, po‘pisa qiladi-da!.. Jahl bilan telefonini butkul o‘chirib, o‘rnidan turdi. Suratlarni qayta konvertga joyladi-da, kostyumining cho‘ntagiga tiqdi. Oshxonaga o‘tdi.
Xotini hanuz qovog‘ini ochmay, kosada ovqat suzib, stolga taq etib qo‘ydi. G’aybarovning ishtahasi yo‘q, ovqatni qoshiq bilan shunchaki kavlashtirib o‘tirdi. Kallasida ming bir xayol! Keyin sakrab turib, o‘zini oynaga soldi. Ko‘zgudan mutlaqo boshqa – bir abgor qiyofa qarab turgandek edi. Bu ahvolda ishga borib bo‘lmaydi. Nima qilish kerak? Militsiyaga aytay, desa, ertaga qo‘ni-qo‘shni bilib qolib, gap-so‘zni ko‘paytiradi. Shifoxonaga boray, deganida ham shu gap! Ammo ishxonaga nima deydi? Boshliqqa bor gapni tushuntiradi... Yoshi ellikdan oshsayam ko‘chada tepalashib yurarkan, demasmikan? Nima bo‘lgandayam bu gapni aytish noqulay-da!
Nega G’aybarov ehtiyot bo‘lmadi? Nahotki xavf yaqinligini ilg‘amadi? Hushyor edi-ku! Ahmoqlar atayin yuziga urishdi o‘ziyam! Topshiriq shunaqa bo‘lgan-da! Otasi tengi odamga rahmlari kelmaydi!..
G’aybarov uxlay olmadi. Jismoniy og‘riqdan ko‘ra ruhiy qiynoqlar azob berardi unga. Bolaligini, o‘sha, shirin, beg‘ubor damlarini, hech kim qasd qilmagan, hech kimdan aziyat chekmagan kunlarini esladi. Ichidan achchiq yig‘i ko‘pchib kelarkan, zo‘rg‘a bosdi. Afsus, yig‘laganida yaxshi bo‘lardi. G’uborlari, alamlari chiqib ketardi. G’aybarov xotinini o‘ylab ko‘z yoshini tiydi. Tag‘in vahima qilib yurmasin. Eng yomoni, u mehribonchilik qilish, hamdard bo‘lish o‘rniga to‘ng‘illab, battar kayfiyatini buzadi. G’aybarov, ehtimol, uning ana shu fe’li uchun ham Noilani topgandir? E, kim bilsin, endi Noila uning hayotidan ketdi. Boshqaga ketdi.
U sekin to‘shakdan sirg‘alib chiqdi-da, shkaf tomon yurdi. Eshigini g‘iyqillatib ochdi. Kostyumiga qo‘l cho‘zib, konvertni oldi. Keyin katta xonaga o‘tib, qaychini qidirib topdi. Eshikka olazarak boqib, suratlarni bitta-bitta qirqib tashlayverdi. Qirqqan sari kayfiyati ko‘tarilishi o‘rniga ruhi tushib ketaverdi. Bir oy oldin ham bu gaplar yo‘q edi-ya! Nima ahvol?! Bugun-erta nima bo‘lishini bilmaysan!
Qiyqim suratlarni oshxonaga o‘tib, yoqib yubordi. Azbaroyi diqqat bilan tikilganidan, gulxanning chirsillab ovoz chiqarishigacha quloqlari ostida qoldi...
G’aybarov bir haftadan so‘ng qora ko‘zoynak taqib, ishxonaga keldi. E’lonlar taxtasidagi buyruqqa ko‘zi tushdi-yu, bo‘shashib qoldi. Ishga kelolmasligi haqida Sa’dullaev bilan telefon orqali gaplashgan bo‘lsa-da, u G’aybarovni ishdan bo‘shatibdi. Shahd bilan Sa’dullaevning huzuriga kirmoqchi bo‘ldi.
– Mirhodi aka yo‘q, – dedi kotiba. – U kishi xorij safariga ketgan. Ikki haftadan keyin qaytishi mumkin.
– Mabodo sizga men haqimda hech nima demadimi? – botinib so‘radi G’aybarov. – Men telefon orqali tushuntirgan edim, baribir ishdan bo‘shatibdi.
Kotiba kompyuterda allanimalarni terayotgandi, ishini to‘xtatib, boshqacha qaradi. G’aybarov bu tannoz hozir xunuk gapirib, yanada kayfiyatimni buzadi, deb o‘ylagancha yuragini hovuchlab turdi.
– Mirhodi Sa’dullaevich bizdan so‘rab ish qilmaydi, – dedi dona-dona qilib kotiba. – Siz, yaxshisi, hisobchilarga uchrashing. Qandaydir qarzingiz bor ekanmi-ey... Agar to‘lamasangiz, hujjatlaringizni berishmaskan.
– Nima? – G’aybarovning tepa sochi tikka bo‘ldi.
Kotiba ensasi qotganini bu safar ochiq-oshkora namoyon etgan edi, G’aybarov jahl bilan qabulxonani tark etdi. Hisobxonaga o‘tdi. Ha, haqiqatdan ham qarzdor. Tavba, uch kun ishlab, uch yuz ming so‘m qarzdor. Shunaqasiyam bo‘larkan-da! Sababini og‘zaki tushuntirishdi: seyfda pullar yo‘q!
– Bu Isomiddinovning ishi, – bo‘g‘riqdi G’aybarov. – Mening pul o‘g‘irlaydigan odatim yo‘q.
Nosirning oldiga yo‘l oldi. U yerda ancha aytishdilar. Nosir qasam ichib, bu gapdan xabari yo‘qligini aytdi. Ammo ko‘zlari biribir sotyapti, haqiqatni aytib turibdi: Nosirning Sa’dullaev bilan tili bir.
Hisobxonada o‘sha kuni tuzilgan dalolatnomani ko‘tarishdi. Yo, tavba, hammasi hujjatlashtirib qo‘yilgan. Aynan shundan keyin G’aybarovning ishga chiqmaganligi o‘lganning ustiga tepgan bo‘lgan. Aslida esa uni shundoq ham tepkilab ketishgandi. Qolaversa, yana bir ariza bo‘lib, unda uch nafar o‘spirin Sa’dullaevga Xalil Murodovich G’aybarov ismli xodimi kuppa-kunduz kuni ularni urib, so‘kkanligi qayd etilgan edi. Agar zudlik bilan chora ko‘rilmasa, ichki ishlar idorasiga shikoyat qilishlari ham qistirib o‘tilgandi...
G’aybarov, xuddiki, tush ko‘rayotgandek. Yolg‘on dunyo deganlarini eshitgan, ammo bunchalik emas-da! Yo‘q, bu yerda boshqacha nimadir bo‘lyapti. Gap Nosirda ham, Sa’dullaevda ham, Ma’sumov-u Noilada emas. Hammasi... hammasi o‘sha notanish shumqadamni deb!.. Aks holda uch yuz ming so‘m uchun manovi Nosirov shunchalik past ketarmidi!..
Nima qilish kerak? Mana shu pulni to‘lab, hujjatlarini oldi, ham deylik, yana-yana ishlari yurishavermaydi. Daydi tufayli! Ammo... aslida o‘zi aybdor. Bir vaqtlar qazib qo‘ygan chohiga o‘zi tushyapti...
G’aybarov gandiraklab boshqarmadan chiqib ketdi. Bugun topadi uni! Oyog‘iga yiqilib bo‘lsa-da, kechirim so‘raydi. Kerak bo‘lsa, yig‘lab-siqtaydi. Axir, bir umr shunday davom etaverishi mumkin emas-ku! Xalil Murodovich kecha kim edi-yu, bugun kim? Eng dahshatlisi, ertaga qanday odamga aylanadi?
U oyog‘i toliqib qolguncha ko‘chalarni aylanib yuraverdi. Ko‘ngliga hech nima sig‘mas, ko‘z oldida o‘sha shumqadam gavdalanaverardi. O’shanda nega uning dardini eshitmadi? Ketsa, o‘n-o‘n besh daqiqa vaqti ketardi-ku! Mayli, bir soat vaqti ketsin edi, har holda eshitib, gaplariga amal qilib, o‘zini yig‘ishtirib olardi. Yo‘q-yo‘q, bu hozir aytishga oson, o‘sha paytlarda G’aybarov yirtiq-yamoq kiygan tanish-notanishlarning gaplarini eshitishga qodir emas edi. O’zi anglagan xatosi shu!..
U aylanib-aylanib, eski ishxonasiga borib qolganini sezmay qoldi. Kirishga yuragi betlamasa-da, go‘yo shumqadam ichkarida yurgandek tuyuldi. Zo‘rg‘a ortiga burildi. Borar manzilini bilmay ketar ekan, ancha odimladi. Bir mahal o‘zi bilib-bilmay, shovqin-suronli bozorning qoq o‘rtasidan chiqdi. Agar ro‘parasida shumqadamni ko‘rmaganida hushini yig‘ib ololmasdi. Kutilmaganda paydo bo‘lgani uchunmi, G’aybarov unga nisbatan nima qilishni bilmay qoldi. Hash-pash deguncha shumqadam chap tomonga haydab soldi. G’aybarov, “hoy, to‘xta”, – degancha uning ortidan qolmadi. Ammo bir zumda shumqadamning ko‘zdan g‘oyib bo‘lishini qaerdan bilsin! Yo‘q, u odam emas, sehrgar! Ora-sirada ko‘rinib, ichingga otash tashlab qo‘yadi-yu, yo‘qoladi. Ammo nega G’aybarovga ko‘rinadi? Maqsadi nima? Borsin, ana, Ma’sumovga uchrashsin!..
G’aybarov har kuni uni mana shu yerdan izlaydigan bo‘ldi. O’y-xayolini shumqadam egallab olgan. Xuddi uni topsa, kechirim so‘rasa, avvalgi mavqei qaytib keladigandek. Mayli, qaytarib bermasin, ammo kimligini aytsin, aks holda G’aybarov bu dunyodan armon bilan o‘tib ketadi.
Xotini ming‘irlayvergach, u yana ish izladi. Eski, titilib ketgan yon daftaridan avvalgi tanishlarini topdi. Qo‘ng‘iroq qildi. O’zlari bilan uchrashdi ham. Endi u istiholani yig‘ishtirib qo‘ygan, oilasini, bolalarini o‘ylar, qanday ish bo‘lsayam rozi edi. Avvalgi G’aybarovdan asar qolmagan, u o‘z qobig‘iga o‘ralib qolgan edi. Ammo hali-hanuz shumqadamni izlashda davom etardi. Endi bu daydi tushlariga kirib chiqadigan bo‘lgan. Negadir har xil qiyofada. Bir gal G’aybarov uni yana tushida ko‘rib aniq tanidi, isminiyam esladi. Bundan quvonib ketdi. Afsuski, uyqudan uyg‘onar-uyg‘onmas, na ismi, na yuz ifodasi esida qoldi.
G’aybarov uni izlaganining yana bir eng muhim sababi, hozirgacha ishlari yurishmayotganida edi. Uch-to‘rt joyga bordi – olishmadi. Hatto uch yuz ming so‘m berib qaytarib olgan “oliymaqom” hujjatlari ham kor qilmadi. Shokir ismli tanishi bilan ilmiy institutga ham bordi. Yarimta joy bor ekan. Bir balo qilib joylashdi. Bir paytlar shu yerda ishlagani naf berdi, xolos.
G’aybarov endi faqat halol ishlashga o‘ziga-o‘zi so‘z berdi. U yuragini hovuchlab yurar, xuddi ortidan yana bir ko‘ngilsizlik poylayotgandek tuyulaverardi. Axir, Ma’sumov deganlaridan endi-endi qutuldi, desa bo‘ladi. Yaqingacha telefon qo‘ng‘iroqlari bilan po‘pisa qilib, qitiq patiga tekkani-tekkan edi. G’aybarov uning xotinini ishxonaga boshlab kelgani hanuz alam qilyapti, chog‘i! Bo‘lmasa, nega bunday qiladi?
Ammo qasd olish shungacha yetdiki, Ma’sumov Noilani G’aybarovning uyiga yuboribdi. Qo‘lida bir dasta surat. O’sha... ikkalasi tushgan tasvirlar. Noila ham Ma’sumovning aytganini qilib qo‘rqmay kelganini qarang! Nahotki, G’aybarovning xotini yumma talaydi, deb o‘ylamagan bo‘lsa? Xushomadgo‘y!
– Sen shu darajada uning aytganini qiladigan bo‘ldingmi? – dedi G’aybarov alamdan labi titrab.
– Iltimos, tushuntiribroq gapiring, – o‘zini go‘llikka soldi Noila. Keyin G’aybarovning xotiniga yuzlandi: – Men bu uyga haqiqat izlab keldim, opa. Eringizning gunohi ko‘p. U meni aldab, ishonchimga kirib, tashlab ketdi. Iltimos, menga yordam bering.
– Sen bunga ishonma, – dedi G’aybarov. – Hammasi nayrang, hiyla.
Xotini odatiga ko‘ra yanada qoshlariga zo‘r berib, qo‘lidagi fotosuratlarga imo qildi. G’aybarov nima deyarini bilmay qoldi. Bir zum chidadi. Keyin alami toshib, Noilaga tashlanmoqchi edi, u jon achchig‘ida dodlab, o‘zini “kundoshi”ning orqasiga oldi. G’aybarov nima deb tushuntirsin? “Ha, bu bilan bir paytlar osh-qatiq edik. Endi oramiz ochiq. Hozir bu Ma’sumov bilan shakarguftorlik qilyapti. Xotinini ishxonaga olib borganim uchun qasdini olyapti”, – desinmi?
– Nega kelding, ochig‘ini ayt? – jahli chiqdi G’aybarovning.
Noilaning “ma’yus” ko‘zlari namlandi:
– Bolani tug‘dirishga tug‘dirib, endi bu gapingiz nimasi, Xalil aka? Axir, tug‘dirgandan keyin boqish kerak-ku!
G’aybarovning miyasiga allanima o‘rmalab chiqqan¬dek bo‘ldi. Ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Xotin uni ushlab qolmoqchi edi, natija chiqmadi – G’aybarov gursillab orqasi bilan yiqildi. Qulog‘iga Noilaning gap¬lari eshitildi:
– Doim shunaqa qiladilar, opa, ishonmang. Men haqiqat izlab keldim...
G’aybarov o‘ziga kelganida labi bir tomonga xunuk tortilib qolgan edi. Gapirolmadi. Shundoq ustiga Ma’sumov engashib turardi.
– Qalay? – dedi pichirlab – Xotinni o‘rtaga tiqish mana shunaqa bo‘ladi.
“Ablah”, – dedi G’aybarov. Bu gap tiliga chiq¬ma¬ganidan alami kelib, ko‘zlarining ikki chekkasidan yoshlar sizib chiqdi. Qo‘lini qimirlatib ko‘rmoqchi bo‘ldi, eplay olmadi.
Xotini choynak ko‘tarib kirdi. Choyni qaytargach, avval o‘ziga, so‘ng Ma’sumovga bir piyola suzib uzatdi.
– Siz ajrashish haqidagi gapni qo‘ying, – dedi Ma’sumov unga. – Ustoz tuzalsalar, hammasi joyiga tushib ketadi.
G’aybarovning ko‘zlari katta ochilib ketgan edi. Na¬hotki, shu mavzu ko‘tarilgan bo‘lsa?
Xotini indamadi. U ko‘zlarini yerdan olmasdi.
– Men-ku, bir balo qilib tinchitaman, – davom etdi Ma’sumov. – Bor pulimni qo‘shdim, kennoyi. Baribir ikkita limon yetmayapti. Tushunasiz-ku, biz ham maoshga kun kechiradigan odam. Ana shu ikkita limonni bir balo qilib bersangizlar, jami beshta bo‘ladi. Ko‘nmay qayoqqa borardi! Avval tilxat olamiz-da!
G’aybarov avvalgidan ham besaranjomlanib qoldi. O’rnidan turaman, deydi, turolmaydi, gapiraman, deydi, tili lol. “Ishonma, xotin, bu firibgarlarga ishonma, xonavayron qilishmoqchi bizni. Hammasi yolg‘on...” Qani edi bu so‘zlarni ovoz chiqarib aytsa?
Alamining zo‘ridan yana uning ko‘z yoshlari chiqib ketdi.
– Ustoz yig‘layapti, – dedi Ma’sumov kennoyisiga bir qarab olib. – Ha, endi shunday kunda yordam bermasak, nima qilamiz shogird bo‘lib, to‘g‘rimi?
“Mal’un! Mana shunday shogirdni tayyorlaganmidim men? Ikkiyuzlamachi! Shunchalik hiyla ishlatishi xayolda ham yo‘q edi. O, falak, nima qilay?” – G’aybarovning ko‘z yoshlariga zo‘r berishidan boshqa chorasi yo‘q edi hozir...
U shu alfozda ancha kun yotdi. Bu orada xotini uydagi u-bu jihozni bir millionga sotib, ikkinchi millionni foiz hisobiga qarzga oldi. Keyin allaqaerga chiqib ketib, shumshayib qaytib keldi. Bolalariga otasini ko‘rsatib, “ana, xotinboz otangning ahvolini ko‘rib qo‘yinglar, hamma ishni qilib qo‘yib, endi bemalol yotibdi”, – deya yig‘lab yubordi. Bolalar ham ayuhannos solishdi...
G’aybarov oyoqqa turgach, birinchi bo‘lib Ma’sumovga qo‘ng‘iroq qildi. Aloqa shu ondayoq uzildi. U ham anoyi emas, allaqachon telefon raqamini o‘zgartirib olgan. Shundan keyin G’aybarov eski ishxonasiga qarab yo‘l oldi. Uni ichkariga kiritishmadi. Maxsus ruxsatnoma kerak emish! Bir paytlar G’aybarovni ko‘rganida pildirab borib, qo‘shqo‘llab ko‘rishadigan qo‘riqlash boshlig‘i uni tanimadi. Oldiga haydab soldi. G’aybarov shu yerdan turib ichki telefon orqali Ma’sumovga qo‘ng‘iroq qilmoqchi edi, u go‘shakni tortib oldi. “Bu telefon pullik”, – dedi bez bo‘lib. G’aybarov boshqalarning oldida o‘sal bo‘ldi: “Xo‘p, pulini beraman, qancha?” Qo‘riqchilar boshlig‘i bo‘sh kelmadi. Istehzoli kulib dedi: “Qancha deysizmi? Ikki million!.. Xo‘sh, qoniqtiradimi sizni, bera olasizmi?..”
Odamni bu qadar pastga urish bo‘lmasa kerak. G’aybarov yer bilan bitta bo‘lib ortiga qaytdi. Nihoyatda xo‘rligi keldi. “Senlargayam bir balo bordir”, – dedi ko‘zlari namlanib. Keyin ko‘chadan Noilaga qo‘ng‘iroq qildi. U, “hozir, bir daqiqa shoshmang”, – dedi-yu... go‘shakdan chaqaloqning ingalagani eshitildi. G’aybarov yana “sindi”. U taslim bo‘lgan edi. Yolg‘onchilar, munofiqlar oldida yerparchin bo‘lgan edi...
G’aybarov hozir institut xonalaridan birining derazasidan tashqariga tikilarkan, ichi huvillab qolganini, abgor, tushkun odamga aylanganini his qilardi...
Bu yerda ham uzoq ishlay olmadi. Sog‘ligi pand beravergach, pattasini qo‘liga tutqazdilar. Ha, sen bilan nima ishlari bor? O’lib ketmaysanmi? O’z darding o‘zingga! Bizga tashvish orttirib nima qilasan?..
U ko‘chada beixtiyor bir vaqtlardagi tanishi Qo‘ldoshni ko‘rib qoldi. Hali-hali quvnoq, sho‘x, ko‘zida olov chaqnab turardi uning. Qo‘ldosh G’aybarovni bir ahvolda ko‘rib, hayron bo‘ldi, ko‘nglini ko‘tardi. Ishlamayotganini eshitib, birga ishlashni taklif qildi.
G’aybarov sal ochilgandek bo‘ldi. “Bor ekan-ku dunyoda yaxshilar! Yasha, Qo‘ldosh! Mayli, ish topib bermasang ham yolg‘izlatib qo‘yma. Bir o‘zim siqilib ketdim, axir! Bilmadim, dunyo shunchalik tormikan yo...”
Qo‘ldosh bozorda ishlarkan. Yanayam yaxshi! Gavjum odamlar orasida bo‘lgani tuzuk!..
Soat uch-to‘rtlargacha rastada bo‘lishadi, keyin pivoxo‘rlik. Uch-to‘rt so‘m tushib turadi har qalay!
Dastlab tanishlarini ko‘rganida, G’aybarov teskari qarab turardi. Keyin-keyin “bez” bo‘lib ketdi. Tili ham aylanib, uncha-muncha savdolashadigan bo‘ldi. Lekin hanuz yuragi zada, qandaydir ko‘ngilsizlik bo‘lmasligi uchun boshqalar bilan o‘lib-tirilib muomala qilardi u. Har tugul Ma’sumov tinchib qolgandek, Noiladan ham sado yo‘q edi. G’aybarov “foiz” balosidan qutulish uchun bor kuchi bilan ishlardi. U endi anchayin o‘zgargan, bir qadar qo‘rqoq, mayin va sipolashib qolgan edi...
Bir kuni G’aybarov yana o‘sha notanishni ko‘rdi. Ko‘zlariga ishonmadi. Xuddi o‘sha! Ust-boshi ham, qarashlari ham o‘zgarmagan! Qandaydir sovuq va qahrli bo‘lishi bilan birga achinadigan nigohi ham bor.
– Hoy, birodar, menga qarang, shoshmang, – dedi G’aybarov unga.
Ammo shumqadam indamay yo‘lida davom etdi. G’aybarov rastani aylanib unga yetib olishni o‘yladi, biroq shuncha molni tashlab ketishga ko‘zi qiymay, yana bir balo boshlanishini o‘ylab, yuragi dov bermadi. Mana, ko‘rinyapti, shunisigayam shukr. Demak, ishlari yaxshilana boshlagani uchun bo‘lsa kerak! Ammo shumqadam bir borgina gaplashib olganida zap ish bo‘¬lar¬di-da!..
Ertasiga G’aybarov bir kampir bilan mollarni savdolashib turganida shumqadam yana paydo bo‘ldi. Ha, xuddi o‘zi! Yana keldi.
– Yaxshimisiz, birodar? – dedi G’aybarov o‘zini yo‘qotib qo‘yib.
Yonidagi Qo‘ldosh hayron bo‘ldi. Pichirlab dedi:
– Tavba, kampir bilan “birodar” deb gaplashyapsanmi?
– Yo‘q, yonidagi bilan, qara, yaxshi odam u.
Qo‘ldosh indamay o‘z ishi bilan band bo‘ldi. Bu orada shumqadam yana ko‘zdan yo‘qoldi.
G’aybarov bir qadar xotirjam edi. Har kuni kelyapti-ku!.. Tushlik mahali Qo‘ldosh bilan jindak tortishib qoldi. U “ko‘zingga har balo ko‘rinyapti”, – deya kulgandi, “Ertaga isbotlayman”, – dedi G’aybarov...
Ertasiga yana shumqadam bir ko‘rinib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, ammo bu vaqtda endi Qo‘ldosh yo‘q edi. U kelgach, aytgan edi, yana kuldi. “Fotoapparat bilan suratga tushirib, ko‘rsatsang ham ishonmayman”, – dedi.
G’aybarov rostdan ham fotoapparat topdi. Bo‘yniga ilib, shumqadamni kutadigan bo‘ldi. Aksiga olib, u sira kela qolmasdi. Oradan uch kun o‘tsa hamki, darak yo‘q.
Nihoyat to‘rtinchi kuni shumqadam paydo bo‘ldi-yu G’aybarov uni zo‘rg‘a fototasmaga muhrlashga ulgurdi. Yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortdi. Ertasi kuni fototasmani kerakli joyga topshirib, tushirgan suratini qog‘ozga chiqartirib oldi.
Mana, shumqadam! Mana, surati!
G’aybarov unga uzoq tikildi, kimgadir o‘xshatdi, am¬mo baribir eslay olmadi. Bir to‘p mollar bilan qayt¬gan Qo‘ldoshning oldiga suratni tap etkazib tashladi:
– Mana, og‘ayni, ko‘zingga har balo ko‘rinyapti, deganding!..
Qo‘ldosh istamaygina suratni qo‘liga oldi-yu qarab turib, ko‘zlari paxtasidan chiqib ketayozdi:
– Sen buni qachon suratga olding?
– Kecha.
– Nima?! Qanaqasiga?.. Axir bu Sharif-ku!.. Esingda yo‘qmi?
– Qaysi Sharif?
– Vaqtida birga ishlagan edik, nahotki eslolmasang? Sen uni Sharif emas, Sharf deb chaqirarding!
G’aybarov uzoq o‘ylab turib, qichqirib yubordi:
– Ha... ha... esladim. Sharif, Sharf... Sharf! Axir u bilan ne-ne kunlarni birga o‘tkazmaganmiz! Bo‘ynimizga taqamiz seni, deb jig‘iga tegardik, Qo‘ldosh...
– Xuddi shunday!
– Obbo, Sharif-ey!.. Qo‘ldosh, esingdami, Sharif meni, seni ne balolardan asrab qolgan. Nuqul halol, haromdan gapirar edi. Ammo nega u mendan o‘zini olib qochaveradi?.. Sharif! Men uni shumqadam deb yuribman-a!
Qo‘ldosh ma’yuslanib dedi:
– Ammo hamma gap shundaki, o‘sha Sharif bundan besh yilcha avval o‘lgan. Uni men o‘zim tuproqqa qo‘yganman.
G’aybarovning boshiga kimdir gurzi bilan tushirgandek bo‘ldi. U Qo‘ldoshning gaplarini eshitmas, shumqadam – Sharifning nima uchun paydo bo‘lgani-yu, uning G’aybarovni nimalardan ogohlantirganini idrok etayotgan edi. Sharif uni ko‘p balolardan asrab qoldi, hayotni, odamlarni beparda ko‘rsatdi. Shu bilan birga o‘zining ham esini joyiga tushirdi. U notanish emas, shumqadam ham emas, yaxshi, beozor odam.
G’aybarov beixtiyor Qo‘ldoshning qo‘lidagi suratga tikildi. Undagi Sharifning siymosi asta-sekin yo‘qolib bormoqda edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.