— Zulfiya xolaning eshigi oldiga chaqaloq tashlab ketishibdi, — Mansur nonushtaga o‘tirar-o‘tirmas onasi uni shu xabar bilan kutib oldi.
— Nima? — Mansur hayron bo‘ldi. Keyin esa kechasi bilan alahsirab chiqqani bejiz emasdek tuyulib ketdi. Bezovta qilgani mana shu chaqaloqning ovozi ekan-da! Lekin u... gapirdi, shekilli? «Dada, dada», deb qo‘llarini cho‘zdi.
— O‘g‘li tirnoqqa zorligini bilgan-da, — izoh berdi onasi. — Bo‘lmasa, shularning ostonasiga tashlab ketadimi? Qiziq, kimning bolasi ekan?
«Mening bolam. Boshqaniki emas...» Mansur bu gapni tiliga chiqarmadi, albatta.
Nazira bopladi lekin. Axir, qishloqda bolaga zorlar faqat mana shu darvoza egalari emas. Ana, Turob, keyin narigi ko‘chadagi Voris akaning o‘g‘liyam bor. Xotini bilan ajrashaman, deb turibdi. Sobit aka-chi, sakkiz yilcha bo‘ldi, farzand ko‘rishmaydi. Er-xotin bir-birini yaxshi ko‘rgani uchun ham sabr qilib yurishibdi. Nazira esa kelib-kelib Zulfiya xolaning darvozasi tagiga tashlab ketibdi bolani. Bular boqib olishiga aqli yetadi, muhimi, Mansurning tez-tez ko‘zi tushib, vijdoni bot-bot so‘roqqa tutishini anglab yetgan...
— Oyi, nima qilisharkan endi bular?
— Kim, Zulfiya xolami? Boqib oladi. Nima qilsin, kelini — o‘zining jiyani. Marhuma opasining yakkayu-yagonasi! Ajrashib ketishlarini istamaydi-da!
— To‘g‘ri-yu, ammo... aytdingiz-ku, kimning bolasi ekan, deb. Orqa-oldini surishtirmay, indamay asrab olishaveradimi?
Sanobar opa chuqur uf tortdi:
— Bilmasam, bolam, o‘zlari hal qilishadi-da! Chaqaloqda nima gunoh? Ahmoq onasi tashlab ketgan-da!
— Avvallari sira bunaqa voqea bo‘lmasdi, — dedi Mansur beixtiyor, o‘z aybini oshkor qilayotgandek.
Onasi ma’qulladi:
— Ha, nimasini aytasan! Kimdir tirnoqqa zor, kimdir tug‘ib tashlab ketadi. Ishqilib shu qishloqning qizi qilgan.
Mansur o‘ychan alfozda dedi:
— Yetimxonaga berishsin. Nima qilishadi asrab? Ertaga bir dahmazasi chiqib qolishi mumkin-ku!
— Bilmasam... Menga qara, sen hech kimga aytma tag‘in. Hali hech kim bilmaydi. Zulfiya xola bechora ichiga sig‘dirolmay, sekin kelib menga shipshidi. Bolani yetimxonadan oldik, deyishsayam ajab emas.
— E, qishloqda gap turarmidi, oyi, — Mansur dasturxonga fotiha o‘qib, o‘rnidan turdi.
Uning o‘y-xayoli chaqaloqda edi. Negadir ko‘rgisi keldi. Kimga o‘xsharkan? Hozir uncha bilinmasa kerak, kattarib Mansurga o‘xshasa-ya! Nima bo‘ladi o‘shanda? Kecha yarim tunda Nazira yo‘rgakka o‘rab kelganida bir qaramadi. Nahotki, yuragi jiz etmadi. Qo‘rqdi, birov ko‘rib qolishidan qo‘rqdi. Tezda iziga qaytdi.
«Nega unday qilding, Nazira? O‘ylab-o‘ylab topganing shu bo‘ldimi? «Siz nomardlik qilsangiz ham men nomardlik qilmayman», deganding-ku! So‘zingda turmabsan-da!»
Quloqlari tagida Naziraning javob so‘zlari jaranglagandek bo‘ldi:
«Axir ko‘z o‘ngingizda o‘ssa, yaxshi-ku! Nima qilganda ham bolangiz...»
«Bolangiz... Bolangiz...»
Nazira qancha yalindi-yolvordi-ya! Birgina nikoh o‘qitib qo‘yish qiyin edimi? Nega shunday? Nima uchun kutilmaganda ishlaring chappa-teskari ketib, rejalaring chippakka chiqadi?
Ishqilib Nazira yo‘rgakda xat-pat qoldirmaganmikan? Odatda, bolasini tashlab ketadiganlar shunaqa qilishadi-ku! Keyin yillar o‘tib, bolam, bolaginam, deb qaytib kelishadi. Nazira ham qaytib kelarmikan? Yo‘q, u qaytmaydi. Bolani Mansurga ishonadi. O‘zi... o‘zi qanday yashaydi? Kimga erga tegadi? Kim uylanadi endi unga? Balki qishloqdan bosh olib ketgandir? Yo‘g‘-ey, kasalmand otasini tashlab-a!..
Mansur bir haftacha o‘z yog‘iga qovrilib yurdi. Bu orada na bolani ko‘ra oldi, na Nazirani! U jur’atsiz, yanada qo‘rqoq odamga aylangan edi. Onasidan yangi-yangi gap eshitaverdi. Emishki, chaqaloqni qo‘liga olgan zahoti Yulduz kelinning ko‘kragiga sut kelganmish! Quvonib ketibdi. Eri uncha ro‘yxushlik bermagan ekan, yig‘lab-siqtabdi. «Bir umrga cho‘ringiz bo‘lay, shu bolani asrab olaylik, debdi. Odamlarning gapidan qochish uchun uzoq-uzoqlarga ketsak ham roziman», debdi.
Yana bir haftadan so‘ng Mansur dahshatli xabarni eshitdi. Soydan Naziraning o‘ligi chiqibdi. U karaxt bo‘lib qoldi. Hayal o‘tmay, Naziraning otasi Umarqul aka ham hayotdan ko‘z yumdi.
Mansur og‘ir o‘y-xayollar girdobida qoldi. Hayotning shunday zarbalari, vijdonining shu qadar og‘ir so‘roqlari bor deb o‘ylamagandi hali! Axir, ikki insonning o‘limiga sababchi bo‘lishi yetti uxlab tushiga kirmagan. Bu qanday razolat? Har kim aybi, gunohiga yarasha jazosini oladi deganimi bu?..
Kunduzi ota-bolaning qabriga borish fikridan qaytib, yana jur’at qilolmadi. Kechasi otlandi. Yarim yo‘lda iziga qaytdi. Qo‘rqdi. Xuddi Nazira go‘rdan chiqib, uni tuproq qa’riga olib kirib ketadigandek tuyulib ketdi. Yo‘q-yo‘q, Nazira unday qilmaydi. U bolasini Mansurga ishonib ketgan...
— Yur, chaqaloqni ko‘rasan, — dedi bir kuni Sanobar opa. — Chillasi chiqdi, endi hech nima qilmaydi. Biram chiroyli qizaloqki, burunchasini chimchilaging keladi.
Mansur nima deyarini bilmay qoldi:
— Yo‘g‘-ey, oyi, noqulay...
— Sen, bola, chaqaloqni ko‘rib, uylanishga qaror qilasanmi, degandim-da! Yuraverasanmi shunday?
— Siz, Naziraga nima bo‘lgan, shuni... bilmadingizmi?
Sanobar opa chuqur uh tortdi:
— E, har xil gaplar yuribdi. Yaxshi qiz edi, o‘ldi-ketdi. Otasini aytmaysanmi! Ko‘tarolmadi. Mana endi darvozasi qulf ularning. Uyini chang-g‘ubor bosib yotgandir.
Mansur yana siqildi: «Nega bunday qilding, Nazira? Axir, otam biladi, qon yig‘lasayam kechirdi, degan eding-ku! Yoki bola tug‘ilgach, keyin es-hushingdan ayrildingmi? Tug‘ib, uylaringda bemalol yashayversang ham bo‘lardi-ku! Sizlar bilan kimniyam ishi bor edi? Odamlar bir-ikki gapirishi mumkindir, bir umrga vaysab yurishmaydi-ku!»
— Nazirani Jo‘ra fermerning o‘g‘li o‘ldirgan, deganlar ham bor.
«Botir, Botir!.. Yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘lding! Hammasiga sen sababchisan! Nega meni qo‘rqitding? «Agar shu qizga yana bir marta yaqinlashsang, seni asfalasofilinga jo‘nataman!»
Nahotki shugina gap bular taqdirini hal qilgan bo‘lsa? Mansur nima uchun qo‘rqdi? Umuman, qo‘rqdimi yo bahona qildimi?
«Mansur, tog‘-tog‘ va’dalar berib, tashlab ketmoqchimisiz?»
«Meni kechiring, Nazira».
«Bu kechiriladigan ish emas. Iltimos, unaqa qilmang. Men sharmanda bo‘laman. Hech kimi yo‘q, otasi nogiron, deb tashlab ketmoqchimisiz? Otamning ko‘ziga qanday qarayman?»
«Menga qarang, Nazira, agar... shu ish bo‘lmaganida buncha jon koyitmasdingiz. O‘zingizni tiyib yuring edi».
«Nima?.. Men... sizning qasamlaringizga ishonib...»
Qasam...
Sanobar opa tanbeh berdi:
— Bas, birovlar uchun hadeb kuyaverma... Dadang yuborgan pulga mol olib qo‘yamiz. Aks holda opalaring eshitsa, yana tortib olishadi. To‘yning tadorigini hozirdan ko‘raverishimiz kerak. Rossiyadan kelsa, ko‘nglimizni siyoh qilib o‘tiradi...
Mansur qizaloqni ko‘rdi. Nazirani ko‘rgandek bo‘ldi. Yuragi chim etib ketdi. Xuddi atayin qilgandek ismini Vazira deb qo‘yishibdi. Qizchani Yulduz yangaga berar-bermas, darvozadan chiqib ketdi. Dalaga yugurdi. O‘sha yerda o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Nazirasidan kechirim so‘radi... Nazira kechirgandek tuyuldi...
Daladan qaytishda ularning darvozasiga o‘g‘rincha qaradi. Shu uyda baxt porlashiyam mumkin edi, deb o‘yladi. Unday bo‘lmadi. Mansur qo‘rqoqlik qildi, boshqa hech narsa emas. Mana, Botir ham uylanyapti.
Nazira qurmag‘ur chiroyli edi-da! Vazirasi undan ham barno bo‘lib voyaga yetsa kerak. Mansur bekor uni ko‘rdi. Endi oyoqlari o‘sha uyga tortaveradi.
— Hoy, to‘xta, — degan ovoz eshitildi.
Mansur to‘xtab, orqasiga o‘girildi. Botir halloslab yetib keldi:
— Menga qara, Nazirani men o‘ldirganim yo‘q, — dedi yon-atrofga qarab olib. — Uni yaxshi ko‘rganim rost, ammo bunday ish mening qo‘limdan kelmaydi. Sen...
— Nima, sen?
— Sen ham o‘ldirmagansan, bilaman. Bekor oralaringga to‘g‘anoq bo‘lgan ekanman, kechir. Seni yaxshi ko‘rishini aytgandi-ya!
Mansur g‘ashlandi:
— Endi bu gaplarning mavridi emas, Botir. Aqling kech kiribdi.
Botirning jahli chiqdi:
— Sening aqling butunmi? Agar tashlab ketmaganingda u o‘zini suvga otmasdi, tushunyapsanmi?.. Bitta mening vijdonim qiynalishi kerakmi?
Mansur indamay yo‘lida davom etdi. Vijdon... Xato qilib bo‘lganingdan keyin u bosh ko‘taradi. Nega doim shunaqa? U doim kech uyg‘onib, so‘roqqa tutadi. Bunday vijdonning nima keragi bor?
Nazira, sen o‘lmasliging kerak edi. O‘lib, boshqalarni o‘lgandan battar qilding...
Oradan uch kun o‘tib, onasi Vazirani hovliga ko‘tarib keldi. O‘g‘lining savol aks etgan nigohiga yaqinda er-xotin boshqa joyga ko‘chib ketishayotganini, bu qizchaga o‘rganib qolganini, endi qiynalishini aytib, diydiyo qildi. Yillar o‘tib, qaytishsa qaytishar, qaytishmasa, Zulfiya xolaning o‘zlari borib-kelib turar emish.
«Balki yaxshi bo‘lar», deb o‘yladi Mansur.
O‘sha kecha qizaloq tushiga kirdi: «Dad-da», dedi qo‘lchalarini cho‘zib».
Sakrab uyg‘ondi. Yo‘q, bunday yashab bo‘lmaydi. Gunohni qilishga qilib, qachongacha tomoshabin bo‘lib turish mumkin? Nazira ayol boshi bilan mardlik qilganida Mansur erkak bo‘lib, hammasini sir tutib yuribdi.
O‘zida qandaydir botiniy mardlik sezdi. Qabristonga yo‘l oldi. Qo‘rqqani sayin qo‘llarini musht qilib, o‘zini yengishga harakat qilaverdi. Nazirani ko‘mish paytida kelgandi, shu bois oy yorug‘ida qabrini qiynalmay topdi. Cho‘kkalab o‘tirdi. Kelgunicha o‘pkasi to‘lib ketgandi, endi esa bir tomchiyam ko‘zyoshi chiqmadi...
— Ketyapsizlarmi? — dedi u Nosir akaga.
— Ha, uka, ketyapmiz, — javob berdi qo‘shnisi. — Sendan iltimos, ukalarimdan xabar olib tur. Keyin... bu sirdan faqat sizlar voqifsizlar, hech kimga aytmanglar.
— Nosir aka, ketmanglar, — Mansurning ovozi iltimosdan ko‘ra buyruq ohangida yangradi. — Vazira... Vazira — mening qizim.
Nosir aka hang-mang bo‘lib qolgan bo‘lsa-da, tezda o‘zini yig‘ib oldi. Ayollarga bildirgisi kelmadi.
— Sen tashlab ketgan ekansan-da! Qilg‘iliqni qilib...
— Men emas, onasi.
— Kim o‘sha onasi?
— Jahl qilmang. Bu sir bo‘la qolsin... Nosir aka, qizimni menga beringlar...
Ketishdi. «Bekor qildim aytib», o‘yladi Mansur. Keyin, «to‘g‘ri qildim», dedi. Birok endi qanday yashashni bilmasdi.
Hammasini vaqt hal qiladi, deydilar. Muncha imillab o‘tmasa!
Onasiga ham bor gapni aytmoqchi bo‘ldi, xavotirga tushdi: onasining astma kasali bor. Ammo... Vazirani olib ketishdi. Jigarining bir bo‘lagini! Rostdan ham endi qanday yashaydi, qanday uxlaydi? Yashashdan, uxlashdan qo‘rqadi.
Yarim kechasi ko‘zi ilingan edi, Nazira tushiga kirdi.
«Yaxshi bo‘ldi, olib ketishgani, — dedi u. — Qizim endi ishonchli qo‘llarda».
«Men-chi?» dedi Mansur.
«Siz?.. Sizga ishonib, men nima bo‘ldim?»
«Men ham ketishim kerak edi...»
«Sizni men olib ketaman...»
«Unday dema».
«Yana qo‘rqyapsizmi? Bo‘ling. Uyg‘oning...»
Mansur bu buyruqqa itoat qilib, uyg‘ondi. Keyin qabristonga yo‘l oldi. Yuragi to‘xtashni buyurar, vijdoni yana oldinga qadam tashlashni amr qilardi.
U qabristonga yetganida esa kafanga o‘ranib olgan Naziraga ko‘zi tushdi...