OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Buguncha bayram... (hajviya)

Bayram o‘tib olgach, balki hamma tashvishlardan qutularmiz. Ertani kutib turaylik-chi...
Ha, tashvishu g‘alvalardan juda qon bo‘pketdim. O‘zi boshdayoq ishim yurishmagandi. Kalxo‘zdagi birodarlar meni chorshanba oqshomida partkom kotibligiga saylashgan bo‘lsa, payshanba-sahar Moskvadagi aynigan olomon komfirqani po‘pisalab, maydonga chiqdi. Kun bo‘yi televizo‘rning yoniga mixlanib, namoyishchilarning qo‘lidagi shior-piorlarni o‘qish bilan ovora bo‘ldim. Xayriyat, «Falonchi yo‘qolsin!», «Pistonchi o‘rnini bo‘shatib qo‘ysin!» degan yozuvlar ichida mening familiyam uchramadi. Moskvadagi ba’zi kattalarga nisbatan xalq orasida hali obro‘yim balandligini payqab, yengil tortdim.
Bu bilan «ishim besh, o‘zim yigirma besh», demoqchi emasman. Aytganimdek, boshimda kuniga bir tashvish, kun ora ikki g‘alva. Shunaqada shaharda tug‘ilmaganimga ko‘p afsuslanaman. Qishloqilarga hammasi bir go‘r – rahbar deyildimi, tamom: bu raismi, partkommi, bosh bug‘oltirmi, farqlab o‘tirmay, to‘yiga tandir kerak bo‘lsayam birinchi uchragan boshliqqa arz qilaveradi. Tunov kuni bir kombayinchi xonamga kirib, xotini qatorasiga qiz tug‘ayotganidan shikoyat qipketdi. Men partkomman, bu masalada zootexnikka uchrash, desam tushunmaydi-da.
Shu xildagi mayda masalalarda, ayniqsa, chollardan bezor bo‘ldim. Biri keksa kommunistligini pesh qilib eshagiga yem so‘rab kelsa, boshqasi «so‘qqaboshman, partiyadan o‘chgan bo‘lsayam mayli, bironta kampir topib ber», deb xarxashani boshlaydi. O‘rgildim bunaqa nayniq bolshavoylardan, gapi o‘qlovdek, siyosatdan – no‘l. Mirza buva degani Kuybishevni Qo‘ybeship, Kalininni Kallelin deydi. Abreyim oqsoqol jamoat joyida tap tortmasdan «zamon shunday turaversa, yaqinda o‘zingni xotiningniyam tallon berib o‘padigan bo‘lasan», deb masxarabozlik qiladi.
Oyning oxiri yaqinlashgani sayin, har safar bezgagim xurujini boshlaydi. Bu – asabdan, ishimning eng og‘ir pallasi – a’zolik badallarini to‘plash. Ba’zi muttahamnikiga uch-to‘rt bostirib borganingdan keyin qo‘shnilaridan uyalganidan zo‘rg‘a yarim-yortisini to‘laydi. Xudoyorxonning soliqchisi emasmanki, yonimda ikkita gurzimusht yigitim tursa. Shunaqalarni byuroga qo‘yib, shartta-shurtta javobini bervoray desam, a’zolar kamaysa oxiri o‘zimniyam shtatim qisqarishi mumkinligini o‘ylab, shashtim qaytadi.
Bular-ku mayli, bittasi suvchi, ikkinchisi molboqar... Keyingi paytda odamlarning ichki dunyosini kuzatib yurib, hatto idoradagi faollargayam ishonchim qolmadi. To‘g‘ri, idorachilar gazeta o‘qishadi, badallarni vaqtida to‘lab borishadi, majlislarda o‘zlarini yaxshi tutishadi. Lekin ikkitasi xoli qoldi deguncha, og‘izlariga tezda shayton qo‘nadi. Masalan, iqtisodchimiz O‘lantoyni eng sinalgan kommunistlardan deb yurardim: siyosiy saboqni o‘zi olib boradi, shiyponlarga chiqib ma’ruza aytib turadi. Bir kuni idora hovlisiga chiqsam, ferma mudiri bilan shaxmat o‘ynab o‘tiribdi. Bunaqa oyliksiz boshqotirmalarga toqatim yo‘q, sekin ortga qaytmoqchi bo‘luvdim, gaplari qo‘qqis quloqqa chalinib, to‘xtab qoldim. Kechirasiz-u, bunaqa gapni siyosiy raqiblarimiz ham ochiq gapirmaydi. Chetdan qaraganda, ikkovining ko‘zi go‘yo shaxmatda, aslida gapni chayishyapti. Ferma mudiri toshlardan birini «taq» etkazib urib: «Partiya tamom!» – dedi. Etlarim junjikib ketdi, «hozir O‘lantoydan eshitadiganingni eshitasan, kontur», deb o‘yladim. Buni qarangki: «Ha, bu partiyani yutqazdik», desa bo‘ladimi. Xonaga kirib, anchagacha o‘zimni bosolmay o‘tirdim. «Sotqin! Sen lappashang O‘lantoy balki partiyaviyligingni yutqazgandirsan, ammo biz partiyani yutqazmaymiz!» – deb stolni mushtlab yubordim. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, hammaga hushyor boqish zarurligini ana o‘shanda chuqurroq tushunib yetdim.
Boshqalarning fikrini bilmayman-u, menimcha, baridan xavflisi – yoshlar, hatto O‘lantoydan ham xavfliroq deyish mumkin. Ammo boshqa tomonini tan olish kerak, o‘ng kelib qolsa, yetagingga oson yuradigan toifa ham shu. Mana, temirchimiz Farmonqul juda tez yo‘lga kirdi. Garajdagi ayrim tanobi bo‘sh shaxslarning biz to‘g‘rimizda aytadigan gaplarini menga ro‘yi rost yetkazib turadi. O‘lmasam, shu bolani komsorg qilaman. Hozirgisi quyushqonga sig‘mayroq turibdi o‘zi. Yo anqov, yo dushman– hatto shundoq burnining tagidagi devoriy gazetani qolipga sololmaydi. Yaqinda bu gazetadagi aksiltarbiyaviy bir she’rni vaqtida yirtib olishga ulgurdim. Payti kelsa kerak bo‘ladi deb, mana, yonimda saqlab yuribman:

«Bismillohir rahmonir rohim!»
Partbiletni olaman asta.
Kotib chet el to‘lqinin buzgan
Apparatdek yo‘talar qasddan.
Rangim o‘chib to‘layman badal,
«Tap» etkazib urar u muhr.

– Kotib aka, bir oy bo‘shmizmi?
– Ha, qutulding...
– Ollohga shukur!
– Ollohing kim?
Seni majlisda –
Bir savaymiz, – der u g‘am yemay.
Cho‘kib o‘lgan eski partkomdek
«Agar xudo xohlasa», demay.
Qarang-a, bularga qo‘yib berilsa, ertaga yo Cho‘lpon, yo Fitratning «she’r» degan narsasiniyam siyosiy gazetamizga tiqishtirishadi. Indiniga ko‘ribsizki, baloga biz qolib o‘tiribmiz-da.
Keyingi vaqtda tepadagilarniyam uncha tushunolmay qolyapman. Aytmoqchimanki, ikki haftacha oldin markazqo‘mdan bir tekshiruvchi keldi. Ishimni ko‘rib, unimni o‘poqqa, bunimni so‘poqqa chiqardi. O‘zi partiyaga aloqasi yo‘q jo‘rnolist odam, shuni markazqo‘mga ishga olishibdi. Yozgan maqolalarini o‘qisang – «xalq», «xalq»... Xalqing bilan yuravermaysanmi! Bizni ish tamom boshqa olam, tushunmasang, aralashib nima qilasan? Bergan savolini qarang: «Sizni kotiblikka saylashda nima uchun boshqa nomzodlar ham qo‘yilmabdi?» – deydi. Buni raisdan so‘ra. O‘shanda uch kishining nomzodi qo‘yiluvdi – meniki, yana Tursinali bilan Yursinaliniki. Raisimiz: «Tursinali yaxshi mutaxassis, oliy ma’lumotli agronom, traktorchi Yursinaliniyam binoyidek kasbi bor, bularni ishdan qoldirmaylik», deb ikkalasining nomzodini oldirib tashladi. To‘g‘ri-da, men partiya maktabini tugatganman, bundan boshqa qaysi ishni uddalayman?
Tekshiruvchi menga uzoq tikilib turib: «Kam bo‘lmasinlar, akaxon!» – deb qo‘ydi. Xayriyat, oxiri ahvolimni tushundi shekilli. So‘ng chuqur uf tortib, o‘rnidan turdi, «ha, mayli, bayram o‘tib olsin, balki hamma tashvishlardan qutularsiz», deb jo‘nab qoldi.
Mana, bugun bayram...

1990 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.