Gulixon oynavand ayvonda nonushta qilib bo‘lib, tashqiga chiqdi-yu, to‘g‘ri gulzorcha tomonga chopqilladi. Bu – o‘z-o‘zining gulzorchasi. Buvisi erta bahorda ariqcha yoqasidagi yerning supradekkina joyini ketmonda yumshatib berdi. Gulixon gul urug‘larini sepib, yog‘och sopli qushtirnoqda ularni tuproqqa aralashtirdi. Mana, kunlar zuvillab o‘tib, pechakgul-u sapsarlar, chinnigul-u qistako‘zlar ranggo-rang bo‘lib ochildi. Uzoqdan qarasang, atlas ro‘molchaning o‘zginasi.
Gulixon gulzorchasining chiroyidan ko‘z uzolmay, zavqi toshib turganda, “viz-z” etgan tovush eshitildi. Qayoqdandir uchib kelgan durbinko‘z asalari surnaychalarni eslatuvchi pechakgullardan biriga qo‘nib, ichiga sho‘ng‘idi. Bundan Gulixonning zardasi qaynadi:
– Hey, G‘izg‘izqori, nima qilyapsan? Kish!
O‘zi to‘g‘risida “G‘izg‘izqori – og‘zi to‘la dori”, degan matal borligini kichkinaligidayoq bilib olgan asalari: “Ie! Nega meni haydamoqchi bo‘lyapsan?”, – deb so‘ragan edi, Gulixon: “Bu gullarni men ekkanman, ularga tegma!” – deya o‘shqirib berdi.
– He atta-a-ng! – deb bosh tebratdi, og‘zi shiralashib turgan G‘izg‘izqori. – O‘zing ekkan gullarga o‘zing yomonlik tilayapsan-a.
G‘izg‘izqorining tushutirishiga qaraganda, asalari gulga qo‘ngan chog‘da g‘unchadagi changlar og‘zi-yu oyog‘iga yopishib qolarkan, keyin boshqa gullarga qo‘nib, bu changlarni ularga yuqtirar ekan. Agar chechaklardagi changlar bir-biriga yuqtirilmasa, g‘unchalar nimjonlashib, ochilmasdanoq to‘kilib tusharkan.
G‘izg‘izqorini bilmasdan xafa qilib qo‘yganini anglab yetgan Gulixon o‘zicha pushaymonlanib turganida, yana bir gala asalarilar “vozira-vuzur” uchib kelishib, biri biridan go‘zal gullarni achom-achom qilishga tutindilar.
- Hey, oshnalar! – deya sheriklariga so‘z qotdi G‘izg‘izqori. – Gulixon bilan tanishib qo‘yinglar. Bu gullarni shu qiz ekkanakan.
Asalarilar Gulixonga birin-ketin salom bera boshlashdi:
– Salo-o-m, Gulixon!
– Salo-o-m, yaxshi qiz!
– Tanishganimdan niho-o-yatda xursandman, Gulixon!
Oxirida eng mitti asalari qanotini ko‘ksiga bosib, chuchuklandi:
– Achchalomalaytim...
– Gulzorchamga xush kelibsizlar! – deya asalarilarga quvnoqlanib boqdi Gulixon. – Mayli, gullarimga qo‘nib, mazza qilib o‘ynayveringlar.
– Biz kapalak emasmiz, biz guldan gulga qo‘nib o‘ynamaymiz, – deb, yana gap uqtirdi G‘izg‘izqori. – Chechaklarning tubida shirin totqilar bor. Biz o‘sha totqilarni simirvolib, asalga aylantiramiz.
Bu gapdan Gulixonning labi cho‘pillab, chehrasi ochildi.
– Voy! Qani o‘sha asallar? Chapira-chup, chapira-chup qilib yalagim kelyapti.
G‘izg‘izqori: “Yalaging kelayotgan bo‘lsa, egamizdan so‘rab ko‘r”, deb manzilni aytdi. Mahallaning etagida yashovchi Turdibek ota asalarilarga yog‘och uycha qurib bergan ekan. Asalarilar asallarni o‘sha uychaga eltib to‘plasharkan.
Ertasi kuni Gulixon yana gulzorchasiga chiqdi. Ariqchadan suv ochib, gullarni sug‘orayotganida, “viz-z, viz-z” qilganlaricha tag‘in o‘sha asalarilar kelib qolishdi:
– Salo-o-m, yaxshi qiz!
– Qaytib ko‘rishganimizdan niho-o-yatda xursandman, Gulixon!
– Achchalomalaytim...
Kecha Gulixon roppa-rosa to‘rt yoshga to‘lgan kun edi. G‘izg‘izqoridan daragini bilib olganidan so‘ng, tug‘ilgan kuniga Turdibek otaning asalidan sovg‘a qilishlarini so‘radi. Dadasi: “Xo‘p bo‘ladi, oposh qizim”, dedi-yu, bir kosa asal olib keldi. Buni asalarilarga aytib maqtanishi bilanoq, G‘izg‘izqori: “Xo‘sh, asalimiz senga yoqdimi?” deya shoshib savol bergan edi, atrofidagi asalarilar qanday javob bo‘lishini kutib, Gulixonning og‘ziga hayajonlanib tikilishdi. Gulixonning: “Shunaqayam shirin ekanki, mazasi haliyam tanglayimda turibdi”, deganini eshitib, shodlikdan “Hayuv-v!” deb yuborishdi. Keyin chechaklarga yopishib, totqilarni talashib-tortishib so‘rib olishgach, yaxshi kayfiyatda uylariga qayta boshlashdi:
– Xayr, Gulixon!
– Ko‘rishguncha omon bo‘l, qizaloq!
– Yachchi qol, Gulliy...
Gulixon asalarilar bilan qo‘l silkitib xayrlashayotib: “O‘rtoqlaring bugun rosa xursand ko‘rinishyaptimi?” – deb so‘radi G‘izg‘izqoridan.
– Asalimizni maqtab, barimizni quvontirib yubording, – dedi G‘izg‘izqori. – Ota-buvamizdan qolgan odatimiz bor – doimo boshqalarga foydasi tegadigan ish qilishga urinamiz. Qilgan ishimiz o‘zgalarga yoqsa, suyungandan suyunib ketamiz. Shunaqa oqko‘ngilligimiz uchun hamma bizni yaxshi ko‘radi.
G‘izg‘izqorining bu so‘zlari Gulixonning diliga chuqur o‘rnashib qoldi-yu, o‘sha kundan boshlab xulq-atvori ancha o‘zgardi. Endi u biron-bir yumushga qo‘l urayotib, bu ishimdan boshqalarga naf bormi, qilgan ishim birovlarga yoqarmikin, deya ichida o‘ylab qo‘yadigan, oyisining qo‘ldoshiga aylanib uy supurayotganida, idish yuvayotganida yoki tovuqlarga don sochayotganida yuragi yashnab-yashnab ketadigan bo‘ldi.
2007-yil