(Bir majlis hujjatidan)
To‘qqiz aymoq maqbarasi o‘t ola boshlagani munosabati bilan tunda atrof-muhit va yodgorliklarni muhofaza etish bo‘yicha tuzilgan Supershtabning shoshilinch yig‘ilishi chiqarildi.
Yig‘ilishni Supershtab raisi Mo‘min Itoatovich ochib, mo‘‘tabar idoraning mas’ul xodimi sifatida xalq xo‘jaligining barcha sohalarida katta yuksalishlarga erishilayotgani, jumladan shu yilning o‘tgan kvartalida majburiyatini bajarmagan bironta tarmoq qolmagani haqida bafurja to‘xtalib o‘tdi. So‘ng ayrim shaxslarning loqaydligi natijasida ba’zan xatolar ham uchrab turishidan afsuslanib, bunga misol tariqasida ko‘hna To‘qqiz aymoq maqbarasida yong‘in chiqqani, ayni daqiqalarda alanga tobora avjlanib borayotganini ilova qildi.
Tarix fanlari nomzodi o‘rtoq O‘sarxo‘jaev o‘z so‘zida To‘qqiz aymoq maqbarasi jahondagi eng qadimiy yodgorliklardan ekanini bildirib, uni Misr, Rum va Dorussalomdagi afsonaviy inshootlarga taqqosladi. Uning aytishicha, eramizdan ancha avval tiklangan bu maqbara Turondagi bir qancha vayrongarchilik urushlarida el-yurt mehri tufayli omon qolgan. Iskandar Zulqarnaynning (yosh olim o‘z nutqi davomida Iskandarni qandaydir Aleksandr bilan bot-bot adashtirib turdi) bosqinchilik yurishlari chog‘ida xalq daryodan kanal qazib kelib, pastqam joyga qurilgan maqbarani suvga bostirib yuborgan. Mazkur usul keyinchalik arablar istilosi davrida ham qo‘l keldi.
Oradan ko‘p yillar o‘tib, ikki marta suvdan quruq chiqqan To‘qqiz aymoq boshida yangi xavf paydo bo‘ldi– endi yovuz Chingizxon talonchilari yopirilib kela boshladi. Dushman kent jangchilarini holdan toydirish maqsadida daryoni bo‘g‘ib qo‘ygani sababli, vaziyat qaltisligiga qaramay bo‘lak chora o‘ylab topilib, maqbara hashar yo‘li bilan tashib keltirilgan qumga ko‘mib tashlandi.
– Bu bilan shuni aytmoqchimanki, – dedi notiq so‘zining oxirida, – sara granitdan qurilgan mustahkam maqbara suvda ivib ketmagani, qum ostida uqalanib tushmagani kabi o‘tda ham kuyib kul bo‘lmaydi. Binobarin, vahima ko‘tarishimiz uchun hech qanday asos yo‘q.
Shundan keyin akdemik Burunovskiy so‘z oldi. O‘rtoq Burunovskiy yosh olimning oxirgi gaplarini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, bu boradagi shaxsiy fikrini rad etib bo‘lmaydigan dalillar bilan isbotlab berdi.
– Har qanday tosh o‘zining fizik xususiyatiga ko‘ra o‘tga beqiyos darajada bardoshlidir, – deb uqtirdi o‘rtoq Burunovskiy, – zero bu turkumdagi jismlar tarkibida yonuvchi moddaning o‘zi yo‘q. Ayniqsa granit o‘ta chidamli bo‘lib, hatto po‘lat quyuv qozonida ham erimaydi.
Taniqli professor Mansabaliev, arxeologiya sohasidagi yirik mutaxassis Egilman, mashhur arxitektor Xo‘pbo‘larov, «Haromharishstroy» trestining quruvchi injeneri Pultoparov, shahar ijroiya komiteti raisining o‘rinbosari Sansalorov o‘rtoqlar o‘z navbatida akademik Burunovskiyning ilmiy asosdagi mulohazalariga qo‘shilib, ortiqcha bezovtalanishga hojat yo‘q degan xulosaga keldilar. Chunonchi, tarixda toshdan qurilgan turli qasr, ibodatxona va madrasalarda yong‘in sodir bo‘lish hollari kuzatilgan, solnomachilar bu ob’ektlar aytarli zarar ko‘rmaganini yozib qoldirishgan.
Fizika fanlari doktori o‘rtoq Otboshev akademik Burunovskiyga hamfikr bo‘lish bilan birga, qizib turgan toshning suv sepilishidan parchalanib ketishi mumkinligini, shu bois yong‘inni o‘chirishda ishqorli ko‘pikdan foydalanish maqsadga muvofiqligini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilishda yosh jurnalist Birkesarov so‘z so‘radi. U o‘z nutqida bir qadar pessimistlikka berilib, maqbaraning markaziy gumbazi ichidagi betakror naqshlar kuchli harorat ta’sirida chatnab tushib, zarhal bitiklarning butunlay erib ketishi xavfi borligidan tashvishlanib gapirdi.
– Mabodo, bular nobud bo‘lsa, yana asl holiga keltirishimiz amri mahol, – dedi u. – Vaholanki, Shermat qo‘rboshi bilan «qizillar» o‘rtasida bo‘lgan jangda qattiq shikastlangan kungirador so‘ppini hanuz qayta tiklay olmayapmiz.
– Bularni gapirishdan endi foyda yo‘q, – dedi o‘t o‘chiruvchilar rahbari o‘rtoq Narvonov. – Naqshlar taqdirini maqbarada turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi yog‘och do‘konchalar rastasi qurilmasdan ilgari o‘ylash kerak edi. Hali bunisiyam holva, maqbara ostidagi yerto‘laga qo‘shni avtokorxonaning yonilg‘i ombori joylashtirilgani boshimizni ko‘proq qotiryapti.
O‘rtoq Narvonov so‘zining yakunida o‘t o‘chiruvchilar ish boshlashi uchun Supershtab a’zolari tezroq biron qarorga kelishlari lozimligini eslatib, ulardan aniq ko‘rsatma talab qildi.
Shundan so‘ng muzokara qizib ketdi. Ertalabga yaqin kutilmaganda bahsni to‘xtatishga to‘g‘ri keldi – alanga yerto‘ladagi yonilg‘ilarga yetib borib, To‘qqiz aymoqning kuli ko‘kka sovurilgani haqida telefonogramma olindi.
Bir necha minut davom etgan nonushtali tanaffusdan keyin Supershtabning e’tiborli a’zolari yana dumaloq stol atrofiga to‘planishdi. Ular kun tartibidagi ikkinchi masala – qurib-qaqshab borayotgan Orol dengizini asrab qolish muammosini muhokama etishga kirishdilar...
1987 yil.