Xotinining yana jag‘i ochildi-yu, yuragiga sanchiq kirgan Shavlaev har safargidek ko‘chaga qochib qutuldi, yaylovga qo‘yvorilgan qirchang‘idek bosh ko‘tarmay, sangdiranglab boraverdi. Bir payt, tuyqus boshlangan g‘ala-g‘ovurdan seskanib ketib bundoq qarasaki, kinoteatr biqinidagi xiyobonda turibdi. Kinoxonaning to‘g‘onni eslatuvchi lang ochiq eshigidan toshib chiqayotgan tomoshabinlar maydonga daryoday yoyilib borishyapti. Shavlaev g‘arq bo‘lishdan cho‘chigandek beixtiyor kioska sari chetlanayotganida, nariroqdagi kattakon afishaga ko‘zi tushib, birdan afti bujmaydi, ta’bi battardan tirriqlashdi. Shaxsiy hujjatida mulzamlik tamg‘asi kabi bo‘rtib turuvchi «…qattiq hayfsan berilsin», degan qora siyohli yozuv ko‘z o‘ngidan chag‘ir ilondek sirg‘alib o‘tdi.
– Tovlamachilar! Firibgarlar!
Sobiq amaldorlardan ekanligi po‘rim va silliqsochligi-yu, bekorchi o‘spirinlarga qo‘shilib, kunduzgi seansda o‘ralashib yurganidan sezilib turgan g‘o‘dasha kishi g‘udrangancha kelib, kioskadan siyosiy gazetalar xarid qildi. So‘ng taqirbosh sherigiga yuzlandi.
– Nazorat bo‘shashib ketdi, – negadir qo‘lidagi gazetaning birinchi betiga barmog‘ini bigiz qilib turib, gapirdi u. – Davlat mablag‘ini ayamay sovurishayapti. Shuyam kinomi? Bir pulga arzimaydi! Bir pulga!
«Nima? Bir pulga arzimaydi?» Shavlaevning to‘satdan zardasi qaynadi, chidab turolmadi.
– Hey, og‘ayni chalish, og‘zizga qarab gapiring! Bu kinoda ishlatilgan bitta po‘stakning o‘zi ming so‘m turadi.
– Ming so‘m?! Bitta po‘stag-a?!
… Kinostudiya buxgalteri ham po‘stakning narxini eshitib, xuddi shu alfozga tushuvdi, ya’ni ko‘zlari kosasidan otilib chiqqudek bo‘lib, aynan yuqoridagi jumlani chinqiriq aralash aytgan edi. Sababini surishtirmay turib, namuncha vahima qilaverarkin bu odamlar?
Buxgalter qat’iy tarzda talab qilgach, o‘sha kuni zudlik bilan kasaba soyuz tashkilotining yig‘ilishi chaqirildi. To‘planganlar qisqa axborotni eshitiboq, yoppa na’ra tortib yuborishdi.
– Ming so‘m?! Bitta po‘stag-a?!
Keyin majlis yoqalashuvga aylanib ketishiga oz qoldi.
– Nima, bizni kalaka qilgani to‘pladinglarmi?
– Bu yoqda plan ishkal bo‘lib turibdi, shu topda hazil-mazaxga balo bormi?
– O‘rtoqlar, o‘rtoqlar! Yo Shavlaev aqldan ozgan, yo bo‘lmasa buxgalterimiz g‘irt mast.
Prafko‘m raisi majlis ahlini tartibga solguncha ancha kuyib-pishdi. Bunga qadar sho‘rlik Shavlaevni allaqachon bir ovozdan jinniga chiqarib ulgurishgandi. Endi esa, osoyishta bir kayfiyatda voqeaning sababini surishtirishga o‘tishdi. Tavba! Ishni shundan boshlasa bo‘lmasmidi?
– Keyingi ana shu filmga zavxoz… kechirasizlar, kulturniy aytganda administrator bo‘ldimu, boshim g‘alvadan chiqmay qoldi, og‘ayni chalishlar, – deya suzilib gap boshladi Shavlaev. – Bozorma-bozor hakillab yurib, Farg‘ona bosmachilariga uch yuzta parpasha to‘n topib kelsam, rejissyor shartta brak qildi. Boshida aytmadiki, bosmachilarimizga olacha beqasam kiydiramiz deb. Undan keyin artilda o‘tirvolib, qizillarga besh yuztadan ortiq budyonnipka tiktirdim. Turkman polkiga milliy qalpoq axtarib Ashxobodga bordim… «qalpoq bozori qaydadur», deb. Oxiri, «maxsim» degan pulemyotniyam o‘zim yasab berdim, o‘zim. Pechkani karnayidan yasadim…
– Studiyadagi pulemyotlar-chi? – uning so‘zini bo‘ldi yosh aktyor.
– Kinolarimizning yarimidan ko‘pida bosmachilar minan urishaverganingdan keyin senlarga qurol yetkazib bo‘larkanmi?
– Shavlaev, – prafko‘m raisi qalamni stolga taqillatib, bosiq ohangida so‘z qistirdi, – juda o‘tlab ketyapmiz.
– Gapniyam chandir qilvordilar-ku, – deya luqma tashladi keksa montajchi.
Shavlaev burnining uchidagi terlarni sidirib tashlagach, kaftini ro‘molchaga artdi.
– Yugurasan, yelasan, yana payti kelsa, rahmat deyish o‘rniga seni talon-taroj qilishadi, – dedi u battardan jig‘i biyroni chiqib. – Masalan, Qizilqumda bir poy batinkamni kalamush paqqos yeb ketdi. Uch yuz so‘mga tushdim, og‘ayni chalishlar!
– Po‘stak ming so‘m, batinka uch yuz, – qo‘lini shop qilganicha sapchib o‘rnidan turdi operator yigit. – Bu qanaqasi, o‘rtoqlar? Maynavozchilik evi bilan-da.
Shavlaev achchig‘lanib oyog‘i bilan polni qattiq do‘pillatdi:
– Oxirigacha eshitsalaring-chi, axir! – operator yelka qisib, indamay joyiga o‘tirgach, u bir tamshanib olib, davom etdi. – O‘zim nima g‘amda-yu, chet ellik savdogar ro‘lida o‘ynayotgan artist «menda ortiqcha batinka bor, besh yuz so‘lkavoy berasiz», deb tirjaydi. Avvaliga boplab bo‘raladim. Keyin qarasam, ahvol chatoq, ayni saraton payti, atrof sahro, yer cho‘g‘ bo‘lib yotibdi. Yarim kun savdolashib, uni zo‘rg‘a uch yuz so‘mga ko‘ndirdim.
Har joy-har joydan qiqir-qiqir kulgi eshitila boshladi.
– Shavlaev, Shavlaev, – qalamni yana stolga tiqillatdi prafko‘m raisi. – Tag‘in o‘tlayapmiz.
– Po‘stakka qaytaylik, po‘stakka, – bezovta qiyofada qat’iy qilib gapirdi buxgalter.
– Po‘stakmi?..
Shavlaev yechinishga yechinib qo‘yib, suvga tushishga yuragi betlamayotgan odamdek yelkalari titraganicha picha jimib qoldi. Nihoyat, shalvirab turib dedi:
– Xullas, rejissyor «po‘stak topib kelasan», deb do‘q urdi. O‘ttizinchi yillar emaski, uchragan xonadondan po‘stak topsang. Rejissyorga shuni aytsam, «bironta novvosning terisi bo‘lsa bas, o‘zimiz uni quritib po‘stak qilamiz», dedi. Xo‘jayinning gapi bizga qonun, ming so‘mga novvos olib, po‘stini shildik. Go‘shtini spisat qilvorib, terini po‘stakka aylantirdik, hammasiga hujjat bor, og‘ayni chalishlar.
…Asabiy javranib tarqalayotgan tomoshabinlardan biri Shavlaevning hakar kovushni eslatuvchi tuflisini bamaylixotir ezib o‘tayotgan paytda uning xayoli bo‘lindi-yu, to‘satdan eski tutqanog‘i xuruj qilib qoldi:
– Ho‘, bola, ko‘tar shippagingni! Oyog‘imdagi narsa uch yuz so‘mga kelgan-a!
Silliqsoch kishi bu safar negadir hayratlanmadi, taqirbosh sherigining yelkasiga turtib, u bilan zimdan ko‘z urishtirdi.
– Ketdik. Bunda ozgina kamroqqa o‘xshaydi.
Taqirbosh bir-ikki qadam yurib-yurmayoq, bidirlashni boshlab yubordi.
– E-e, odamzodni bilib bo‘lmas ekan. Qarang, ko‘rinishidan soppa-sog‘ deysiz. Men galvars, po‘stakni ming so‘m desa, og‘zim ochilganicha ishonib o‘tiribman-a… Xix-xix-xi…
– Siz-ku endi… Meni aytmaysizmi!
– Xix-xix-xi, xix-xix-xi…
1986 yil.