Hazrat Huvaydo g‘azallari qora qo‘chqorning yog‘iga ilik qo‘shib damlangan polovdan ham kuchliroq ekanini bot-bot urg‘ulab yurguvchi Abdurazzoq qori bir pistachaqdi suhbatda: «Eslik ayol hatto qadamining tovushini tashqariga eshittirmaydi», deb naql qilgandi. Zap aytgan ekan-da. Pok-pokiza xonadonga mag‘zavasel yoprilishi Yursinoyning o‘sha oddiy madaniyatchaga loqaydligidan boshlandi – oshxonadan chiqayotib, qo‘ldagi piyolani tushirib yubordi, buning ustiga, seskanib ketib, «voey» degani ortiqcha bo‘ldi.
– Jarang! Voey!
Bu tovushlar devor ortidagi Mishmishaliga bejo eshitildi, ko‘cha sari yurishdan to‘xtalib, qo‘shni hovli tomonga zog‘lanib quloq tutdi. Idishning jarangdor sinishi-yu, ojizaning munglanib nidolanishi nihoyasida tuyqus yuzaga kelgan jimjitlik yanada shubhali tuyuldi.
Do‘kondan sigaret olishga borayotgan Vasvasaqul tomorqasiga ariqdan suv ochib turgan Mamajonga hani-huni salom berib o‘tishga chog‘lanarkan, ko‘chaning u yuzidagi darvozadan chiqib kelgan Mishmishalini ko‘rib, unga chalg‘idi.
– Ahvollar qalay, Mishmishali? – sariq tishlarini namoyishlab, mahalladoshining kaftiga tarsillatdi. – Uylar tinchmi?
Mishmishali bir Vasvasaqulga, bir Mamajonga sirli qarash qildi:
– Bizniki hozircha tinch. Omaleykin, ba’zi xonadonlar... Hm... Bu yoqqa chiqayotsam, Guldirmamatnikidan «Jarang!» etgan ovoz eshitildi. Keyin xotini «Voy-e-ey!» dedi-yu, jimib qoldi. Boyaqishning boshiga oshtovoq bilan urildi, menimcha.
Mamajon: «E, bor-e, doim bir gap topib yurasan», deb hovlisiga kirdi-ketdi, lekin Vasvasaqul do‘konga yetguncha xayol surib bordi: «Xotin «Voy-e-ey!» deb, birdan dami ichiga tushib ketganakan, demak ish katta». Agar do‘kondan chiqib kelgan Vahimaxo‘ja: «Ha, Vasvasaqul, garang ko‘rinasan?» – deya yo‘lida ko‘ndalang bo‘lmaganida, o‘yga berilib, manzildan o‘tib ketishiyam hech gap emasdi.
– Yaxshimisan? – hushini yig‘ib, Vahimaxo‘jaga dimog‘lanib qo‘l cho‘zdi u. – Xaltaga nimalarni to‘ldirvolding?
– Ro‘zg‘orda kirsovun uzilganakan. Xotin topshiriq berdi, biz bajaryapmiz.
– Haliyam xotinni qo‘lga ololmadingmi, Vahimaxo‘ja? Uyda xo‘jayinchilik qilishni Guldirmamatdan o‘rgansang bo‘lmaydimi? Azamatni qaraki, xotiniga achchiq qilib, bor idish-tovoqni pachoqlab tashlabdi. Keyin oshtovoq bilan boshiga urganakan, xotini «Do-o-d! Voydod!» debdi-yu, joyida shaytonlab qopti.
Bu gap Vahimaxo‘jani tarrakka aylantirdi.
– Shu Guldirmamat-a?! Dong‘i ketgan o‘qituvchi bo‘lsa! Yaqinda mukofot oldi!
Ayni damda, ustma-ust signal chalib, «Tez yordam» mashinasi o‘tib qoldi. Vasvasaqulning ikki ko‘zi qorason yong‘oqdek bo‘rtib: «Voh, Guldirmamat tushmagur hunukroq urganakan-da, Yursinoyni kasalxonaga opketishdi-yov», deya kalla tebratdi.
Bir qaraganda, Vahimaxo‘janing hozirgi vazifasi suv isitib kutayotgan xotiniga sovunni tezroq yetkazib borishdan iboratdek edi. Biroq, u bunday qilmadi, yarim yo‘lda o‘zini o‘zi mahalla oqsoqolining idorasiga yetakladi. Ichkariga kirdi-yu, ishyoqmas kuyovining ustidan arzlanib o‘tirgan ayolning so‘zini bo‘lib, oqsoqolni tikkasiga dakkiladi:
– Oqsoqolsiz-u, mahalladagi mashmashalarni doim oxirida eshitasiz!
Oqsoqol beixtiyor o‘rnidan turib, nima gapligini bezilloq qiyofada surishtirganini biladi, Vahimaxo‘janing jag‘i qarsakchaldi tarzida ishlashga tushdi:
– Guldirmamat uyidagi bor narsani kunpayakun qiptashlabdi! Xotininiyam majaqlab qo‘yibdi!
– Majaqlab qo‘yibdi?
– Ikkala qo‘lidagi oshtovoq bilan «Jarang! Jurung!» etkazib boshiga qo‘yvorganakan, xotini: «Odamxo‘rning dastidan dod!» – debdi-yu, og‘zidan oqko‘pik kelib, sulayib qopti! Uni kasalxonaga opketishganini o‘zim ko‘rdim.
Shu pallada tuyqus sirena ovozi yangradi, ikkovi tashqariga tikilishdi. O‘t o‘chiruvchilar mashinasi vozillab o‘tib ketdi.
– Obbo Guldirmamat pismig‘-ey! – ko‘zlari ola-kula bo‘lib bidirladi Vahimaxo‘ja. – Yomonning bir qilig‘i ortiq deganlaridek, uyigayam o‘t qo‘yvorgan shekilli?
Mamajon hovlisidan chiqib, tomorqaga oqayotgan suvni berkitishga kirishganida, oqsoqol mutasaddi militsionerni ergashtirganicha kelib qoldi-yu, uni to‘satdan savolga tutdi:
– Hey, Mamajon, Guldirmamatnikidagi to‘palangdan xabaring bormi?
– Qanaqa to‘palang?
– Iltimos! – Mamajonning ko‘ziga tazyiqli tikildi militsioner. – Bilganingizni yashirmang!
Ko‘chadagi nag‘malardan bexabar Guldirmamat qo‘ltiqda saxtiyon popka bilan ishga otlanarkan, qurigan kirlarni dordan yig‘ishtirayotgan xotini peshanasiga bo‘z laxtak tang‘ib olganini ko‘rib, ko‘nglidagi xotirjamlik xiyol darz ketdi. Xotindan ahvol so‘ragan edi, boshi negadir sanchib og‘riyotganini aytdi.
– Unda, dori-pori ichib, ozgina dam olvoling, – mehribonlandi Guldirmamat. – Boring, uyga kiring.
Yursinoy: «Mayli, shunaqa qilay-chi», deya uyga kirib ketgach, Guldirmamat ko‘cha tarafga to‘rt-besh qadam qo‘yib ulgurmasdan, darvozadan oqsoqol, militsioner, Mamajon o‘tib kela boshladi. Guldirmamatning salomi ham, so‘riga o‘tirish borasidagi taklifi ham yerda qolib, oqsoqol to‘g‘ridan-to‘g‘ri muddaoga ko‘chdi:
– O‘tirishni qo‘yib tur, Guldirmamat. Oldin bir narsani bilvolaylik, xotiningga nima bo‘ldi?
Guldirmamat tomdan tarasha tushgandek yangragan bu savoldan esankirab: «Shu desangiz... boshi og‘rib...» deya dudmallanayotganida, militsioner dag‘dag‘ali ohangda qo‘shimcha qildi:
– Boshi nima bo‘lganini bilamiz! Siz bizga sababini ayting!
Shu mahal, xuddi yerdan chiqqandek hovlida Mishmishali paydo bo‘ldi:
– Sababini, mana, mendan so‘ranglar! Sababini, mana, men bilaman! Avvaliga «Jarang!» etdi. Ana undan keyin «Vo-e-ey!» dedi-yu, jim bo‘pqoldi.
– Nima shovqin, dadasi? – uy ichkarisidan ovoz qildi Yursinoy, so‘ng tashqariga chiqib kelib, turganlarga jovdiradi. – Kelinglar...
– Oposh bo‘pqoldingizmi, Yursinoy qizim? – peshanadagi laxtakka xavotirli qarab qo‘yib, so‘z qotdi oqsoqol.– Kasalxonadan tez qaytganingizga qaraganda, xayriyat, boshingiz qattiq lat yemaganakan.
Yursinoy: «Qanaqa kasalxona?» – deya hayronlanib chimirilganida, militsioner: «Iltimos! Borini boricha gapiring, jabrlanuvchi», deb uni battardan hayratlantirdi. Mamajon: «Ha endi, boshini bog‘lagan odam bularning tilida «jabrlanuvchi» deyiladi-da», deb juvon sho‘rlikni tinchlantirishga chirandi.
Oqsoqol salobat bilan tomoq qirib, Yursinoyga yaqin keldi:
– Endi-i gap bundoq, qizim. Avvalo uydagi g‘alvani tashqariga chiqarmaslikka urinayotganingizdan xursandman. Tarbiya bergan ota-onangizga ming rahmat. Lekin, oyni etak bilan yopib bo‘lmasakan. Eshitishimizga qaraganda, ro‘zg‘orda ozgina kelishmovchilik chiqib...
Ko‘cha darvoza «Taraq!» etib ochildi-yu, oqsoqolning gapi bo‘g‘zida qoldi. «To‘ybuzar» laqabi bilan dong taratgan Mashmasha polvon: «Bosh yorish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yamiz! Kuchi ko‘paygan odam, mana, bizga yopishsin!» – deb bo‘kirganicha hovliga bostirib kirdi. Yursinoy boshini bog‘lab olganini ko‘rib, ikki hissa lovulladi:
– Ha opajonim-a, opajonim-a! Birovlardan eshitmasak, dardingiz ichingizda qopketarkan-da, a? Ve, pochcha, opamni nima qipqo‘ydingiz?
Oqsoqol: «To‘xta, Mashmasha polvon! Haddingdan oshma!» – deya mushtumzo‘rning yo‘lini to‘sdi. Militsioner esa: «O‘pkani bosing! Gapning tagiga yetaylik-chi, keyin chorani o‘zimiz ko‘ramiz», deb unga barmog‘ini bigizladi.
– Hey, musulmonlar! – turganlarga zorlandi Yursinoy. – Odamchasiga tushuntiringlar. Nimaning tagiga yetmoqchisizlar o‘zi?
Mishmishali lip etib, Yursinoyning yonida muhayyolandi:
– Nimani bo‘lardi, kelin? Bular eringiz nimaychun boshingizga oshtovoq bilan urganini bilishmoqchi. Yashirmang, o‘zim eshitib turuvdim. Oldin «Jarang!» etdi. Keyin «Voy-e-y!» deb baqirdingiz. Yo yolg‘onmi?
Yursinoy bu gapni eshitib, bir daqiqa so‘rrayib turgach, dugonasi qitiqlayotgandek, qotib-qotib kulishga tushdi:
– Voy o‘lmasam! Shunga yig‘ildilaringmi? Nima balo, sizlarni dastilaringdan bu uyda bitta piyolayam sinmasinmi?
Yursinoyning mazaxomuz kepatada jo‘shib-jo‘shib kulayotgani oqsoqolning g‘ashini keltirib: «Kulishni bas qiling! Qanaqa piyolani gapiryapsiz?» – deya po‘pisaladi.
– Ertaminan oshxonadan chiqayotib, bitta piyolani sindirib qo‘ygandim, – o‘zini kulgidan tiyishga tirishdi Yursinoy. – Cho‘chib ketib, «voey» deganimam esimda. Boshga oshtovoq bilan urishni kim o‘ylab topdi? Voy, odam bo‘lmay ketinglar-a...
Mamajon Mishmishaliga o‘qraydi:
– Hamma ayb senda! Bir nimaning tagiga yetmay turib tezda mish-mish tarqatasan. Ahilligiga hammaning havasi keladigan xonadonni mahallada gap-so‘z qilib o‘tiribsan-a. Uyatmasmi?
– Bularda uyat nima qiladi? – kuyinib ketdi oqsoqol.– Bunaqa hamiyatsizlar hatto mahallasiniyam, yurtiniyam mish-mish qilishdan toymaydi.
Mashmasha polvon: «Axa-a, gap buyoda ekan-da», deya g‘ijinib yeng shimarayotganida, Mishmishali: «Ana, hozir bunisiyam kalamushquvdini boshlaydi. Doim ahvol shu», deya bezovtalangan kuyi, raqibining hamlasini kutib o‘tirmasdan, qaldirg‘ochlanganicha o‘zini ko‘chaga urdi. Mashmasha polvon oyoqda yerni buqatimdalash qilib, joyidan qo‘zg‘aldi.
– To‘xta, hayvon! – quvib borayotib na’ra tortdi Mashmasha polvon. – Tilingni sug‘urib, o‘zingga yediraman! O‘shanda hamma sendan qutuladi! Vey, maraz, yaxshilikcha tormizingni bos!
Mishmishali ko‘chani changitganicha lo‘k-lo‘k yugurib borarkan, boshida bir o‘y charx urardi: «Bu la’nati ham baribir quvib yetadi. Yana appon-sappon boshlanadi. Chidaganmiz, chidaymiz...»
2004 yil.