Piyonista demang meni. Bokschiman. Chertsam, shaytonlab qolasiz. Lekin, oddiy fuqarolarni nokaut qilish mashhur sportchilarning obro‘yini pastlatadi xolos. Yaratganga shukurki, meniyam hozircha obro‘yim baland.
Boyqoraevni bilarsiz? Boksdan Osiyo chempioni bo‘ldi... Televizo‘rda ko‘rganman deng? Zo‘r, a? Men o‘sha zo‘ravonni bir paytlar shunaqayam savalaganmanki, shunaqayam savalaganmanki! Boyoqish qaytib ringga chiqmasa kerak deb o‘ylagandim. Yo‘q, bolaning asabi metin ekan.
Undan keyin, Zufarovni do‘pposladim. Shamaevni esa, birinchi raunddayoq... Xe-xe-xe...
Endi kimligimni bilib olgandirsiz? Ha, men o‘sha mashhu-u-r... Umuman, kimligimni aytib o‘tirishim shart emas.
Xullas, yaxshi ish bo‘lmadi. Arzimagan chiptani surishtirib, mendek zotni bir avtobus odamning orasida xijolat qilib o‘tiribsiz-a, kando‘xtir aka.
1977 yil.