OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Oltiariq hangomalaridan

Oltiariqda o‘ta ajabtovur hulq-atvorli kishilari bilan mashhur bo‘lgan ikkita qishloq bor. Biz ularni shu qadar sevib-e’zozlaymizki, o‘z nomlari chetda qolib, birini Shakarqishloqqa, ikkinchisini Shirinqishloqqa aylantirib yuborganmiz.

* * *

Shakarqishloq chegarasini kesib o‘tuvchi sershag‘al yo‘lning chetiga: «STOP! OYOQ ARTIB KIRILSIN!» – deb yozib qo‘yilgan.

* * *

Shirinqishloqning chegarasida esa: «QISHLOQQA KIRAYOTIB, ESHAGINGNI YUVINTIRIB OL», degan ogohlantiruv taxtasiga duch kelasiz.

* * *

Shakarqishloqlik O‘rozmat o‘ng bilagini doim pashshaxonadan tashqariga chiqarib uxlarkan – chivin chaqib, kaftimni qichishtirsa, ertaga qo‘limga pul tushadi, deb.

* * *

Shirinqishloqlik G‘ildirmat oy-kuni yaqinlashib qolgan bo‘g‘oz sigirini shahar tug‘uruqxonasiga yetaklab borgan ekan.

* * *

Qishloqdoshimiz Mamasodiq-yuvg‘ichi eng mashhur g‘assollardan bo‘lib, ko‘rimli qad-qomati, yoqimli chehrasi, pokiza kiyinishi bilan yodimizda qolgan.
U birov bilan so‘rashganda, chiroyli jilmayib turib, muloyim tovushda ahvol surishtirishga tushar, totli duolar aytib xayrlashar edi. Agar biron-bir olifta unga pisandsiz qo‘l uzatgudek bo‘lsa, to‘satdan avzoyi buzilar, ovozi ham dag‘allashar va ko‘zini sovuq chaqnatganicha, kinoyali iljayib derdi:
– Yo... cho‘milamizmi?

* * *

Oynai jahon yangi rusum bo‘lgan chog‘larda shakarqishloqliklar antennani uy ichiga o‘rnatib, televizorni tomdagi baland yog‘och ustunga osib qo‘yishgan ekan.

* * *

Hatto otashkurakni qizining sepiga asrashni yoqtiradigan shirinqishloqliklar sandiqqa sig‘maydi deb, yaqingachayam yengil avtomashina olishmas edi. 

* * *

Oltiariqda asosan uch narsadan mo‘mayroq foyda ko‘radilar – mahsulot yetishtirib sotishdan, yovvoyi o‘rdaklarni otishdan, mehmonga borib yotishdan.

* * *

Oltiariqliklar asosan uch narsadan ko‘proq ziyon ko‘radilar – ekinga tushgan shiradan, qarzini uzmaydigan jo‘radan, mehmonga kelgan «xo‘ra»dan.

* * *

Kasalxonada davolanayotgan Odil akaga do‘xtir bundan buyon spirtli ichimliklarga yaqin yo‘lamaslikni tayinlabdi. Odil akaning bu gapdan kapalagi uchib: «Nima-a? Umuman ichmasligim kerakmi?» – deya na’ra tortgan ekan, uning ovchilikka havasmandligini yaxshi bilgan do‘xtir: «Juda qo‘msab qolsangiz, ana boringki, ovga chiqqan paytda oz-moz ichishingiz mumkin», deb sal yon beribdi.
Odil aka kasalxonadan chiqqach, sharobxo‘rlikni yana kuniga davom ettiraveribdi. Biroq, avvalgidan farqi shuki, endi u uyda ham, mehmondorchilikda ham yelkaga miltiq taqib o‘tirib ichadigan bo‘libdi. 

* * *

Oltiariqliklarning yoqtiradigani – ko‘taramachi xaridor, ovqat tanlamaydigan mardikor, tomorqa beradigan amaldor.

* * *

Oltiariqliklarning xushlamaydigani – turup ekilmagan bo‘sh maydon, bodringpoyaga kirgan hayvon, uzumning yashiklari taxlanmagan ayvon.

* * *

Ardoqli shoirimiz Erkin Vohidov noib sifatida Oltiariqdagi bir uchrashuvga kelganida, saylovchilardan biri mahallada ichimlik suvi masalasi yaxshi emasligidan shikoyat qildi. Erkin aka «sizlarda umuman suv yo‘qmi», desa, «borlikka bor-u...» deb, «quvur kerakmi» desa, «quvur yetarliku-ya...» deb mujmal-mujmal javob qaytara boshladi. Toqati toq bo‘lgan Erkin aka: «Dadil gapiravering, yo biron-bir tashabbusingizga kimdir to‘sqinlik qilyaptimi», deb so‘ragan edi, arzgo‘y: «Bizni-ku birov «kisht» degani yo‘g‘-u, ishni baribir u yoqqayam, bu yoqqayam siljitolmay turibmiz-da», deya yana dudmallandi.
Bu gapdan keyin, shaxmatning ashaddiy muxlisi bo‘lgan Erkin aka yengil nafas olib, dedi:
– Mana endi tushundim. Pot vaziyatga tushib qoldim demaysizmi, azizim.

* * *

Shakarqishloq aholisining ko‘pchiligini puchuqlar tashkil etgani uchun, bu o‘ramda burundor kimsalarga alohida ehtirom bilan qarashadi. Boshqa yerlardagi kirachi transportlarda yoshi kattalarni hurmatlash lozimligi uqtirilsa, Shakarqishloqdagi avtobuslarning ichiga «Burni kattalarga joy bering!» deb yozib qo‘yilgan.

* * *

Shirinqishloq ahlining aksariyati esa, bo‘ychan-bo‘ychan kishilardir. Shu bois, Tirkash pakana ko‘chaga chiqsa, tepasiga taxtacha qoqilgan tayoqni baland ko‘tarib yurarkan. Taxtachaga bundoq so‘zlar bitilgan ekan: «Xo‘shshayma! Pastdayam odam bor!»

* * *

Oltiariq bodring va turupdan tashqari novvotta’m uzumlari bilan ham dong taratgan.
Abdulla qiziq yengil mashinasiga o‘n yashik uzum bosib, Marg‘ilon bozoriga olib boribdi. Ko‘pga taniqli bo‘lgani uchun goh unisi, goh bunisi quchoq ochib kelib, u bilan quyuq ko‘rishaveribdi. Bunaqa xaridorlardan pul olishga kimning ham beti chidardi, o‘n yashik uzumdan to‘qqiz yashig‘i «qadrdon»larni siylashga ketibdi. Yonidagi olmafurush: «Xudo bergan yigitsiz-da, qaerga bormang, hurmatdasiz», desa, Abdulla qiziq lohas javob qilibdi:
– Ha, hurmat qiladiganlarning ko‘pligi katta baxt... agar uzum sotmayotgan bo‘lsang.

* * *

Oltiariqliklar mehmon kelsa, hatto, jonlarini berishadi... lekin, bodring urug‘ini emas.

* * *

Oltiariqlik otalar o‘g‘illariga shunday nasihat qilishadi: «Do‘stingni sotma! Ammo, turup do‘st emas».

* * *

Mashhur tadbirkor Hokimnazarbek yoshligida xususiy «KamAZ»iga meva bosibdi-da, Mirzarasul bilan Azizbekni yoniga o‘tirgizib, Rossiyaga yo‘l olibdi. Ertasi kuni tunda yaydoq cho‘ldan ketib borishayotsa, mashinaning chap yonidan nimadir zuvillaganicha quvib o‘tib, qorong‘ida ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. «Ux! Tulki-ku!»– debdi Mirzarasul. «Tulki bunaqa tez chopolmaydi, bo‘ri bu», deb e’tiroz bildiribdi Azizbek. Hokimnazar esa, mashinani shoshmasdan to‘xtatib, debdi:
– Orqadagi juft balonlardan bittasi chiqib, oldimizga o‘tib ketdi. Qani, tushib g‘ildirakni qidiringlar.
Shakarqishloqlik duradgor semiz xotinini randalashga urinib ko‘rgan ekan.

* * *

Shirinqishloqlik sartarosh bichiqchi qo‘shnisining o‘zigamas, o‘tkir qaychisiga oshiq bo‘lib uylangan ekan.

* * *

Xonqizlik Hoshim tanbur polosonlik Mamadali g‘ijjakni mehmonga chaqiribdi. O‘tirishda bunisi tanburni, unisi g‘ijjakni turli rivoyatlar asosida ko‘pirtib maqtashga tushibdi. Ittifoqo, shu davrada Abdulla qassob ham o‘tirgan ekan. Uning A’zamboy degan o‘g‘li armiyadan gitara chalishni o‘rganib kelib, qo‘shnilarni ko‘p besaranjom qilganini qisqacha aytib o‘tgach, ko‘z yumib tebranganicha debdi:
– Oh,oh,oh! Men sizlarga aytsam, azizlar, ayamay devorga urilsa, gitaradan ham nihoyatda shirali ovoz chiqarkan.
– Shakarqishloq bilan Shirinqishloq qaerda? 
– Shakarqishloq ariqning suvi kamaya borib, birdan daryoga aylanadigan joyda. Shirinqishloq esa, yorug‘lik Oyning orqa tomonidan tushadigan nuqtaga joylashgan.

* * *

– Shakarqishloq bilan Shirinqishloqning ramziy bayroqlari qanaqa?
– Shakarqishloqniki oq, Shirinqishloqniki oppoq.

* * *

Rahmon akaning og‘zidan sigaret ariganini ko‘rish hali hech kimga nasib etmagan. Ismining ortiga «sigaret» laqabi qo‘shib aytiladigan zot Oltiariq bo‘yicha bittaligidan Poloson ahli g‘ururlanib yuradi.
Aytishlaricha, u uxlagan chog‘da, xumorbosdiga is olib turish uchun, sigareti so‘ngan mushtukni tishlab yotarkan. Sartarosh uning o‘ng yuzidagi soqolni qirayotganida, sigaretni og‘zining chap tomoniga olib turarkan. Hammomga tushsa, og‘zidagi sigaretni ho‘l qilmaslik uchun faqat jag‘idan pastini yuvar ekan...
Bir kuni Rahmon-sigaret tomorqasidagi baland yong‘oqning ustiga chiqib meva qoqishni boshlabdi-yu, tuyqus oyog‘i toyib, gursillaganicha yerga yiqilibdi. Uydagilar yugurib borishsa, ilang‘ijon ahvolda yotgan odam lab orasidagi o‘chiq sigaretni bir-ikki tortib ko‘rib: «Gugurt chaqvoringla-a-r», dermish.

* * *

Oltiariqliklarni quvontiradigani – to‘yda kiydirilgan chopon, qo‘ylarini bozorda o‘tmaydigan bodringni olib boqadigan cho‘pon, eriga turup opkelishni tayinlaydigan juvon.

* * *

Oltiariqliklarni achchig‘lantiradigani – tish o‘tmaydigan bodom, oshga turup qo‘shib yemaydigan odam, bodring bozoriga yaqin yo‘lamaydigan madam.

* * *

Dovruqli ishbilarmon Hokimnazarbek futbolning ashaddiy ishqibozi, o‘zi qoyilmaqom hujumchilardan. Poloson qishlog‘iga o‘z mablag‘i hisobidan hashamatli stadion ham qurib berdi. 
Bir kuni qarasam, qishloq komandasining o‘ynovchi treneri Tillamat oqsab yuribdi. Sababini so‘ragan edim, kecha besh yarim taym futbol o‘ynab, oyog‘imda oyoq qolmadi, dedi. Futbol degani ikki taym o‘ynalardi shekilli, desam, u qovoq uyganicha javob qildi:
– Boshqa joylarda shunaqa. Bizda to Hokimnazar gol urmaguncha o‘yin tugamaydi...

* * * 

Kun ortiqcha qizib ketsa, shakarqishloqliklar katta gulxan yoqib, tutunning soyasida o‘tirishadi.

* * *

Shirinqishloqliklar yomg‘irda tashqariga chiqmoqchi bo‘lsa, boshlariga elak yopib olishadi.

* * *

Abdubannob Oxunjoniy oshnasi Odil Boboiyning uyiga borsa, qovoq-tumshug‘i osilib o‘tirganmish. Boisini so‘ragan ekan, Odil aka: «Urishqoq dakang xo‘rozim to‘satdan o‘lib qoldi», deb munglanibdi. Hozir kelaman, deb chiqib ketgan Abdubannob aka birpasdan so‘ng yigirmatacha odamni ortidan ergashtirib qaytibdi. Uy egasining ensasi qotib: «Bular kim?» – deb so‘rasa, Abdubannob aka shunday izoh beribdi:
– Bunisi mulla, bunisi yuvg‘ichi, bunisi go‘rkov, qolganlari janozachilar...

* * *

Shakarqishloqdagi maktabning «Tirik burchak»ka ajratilgan xonasida yakshanba kunlari g‘ozlaru tovuqlar, qo‘ylaru echkilar sotilar emish.

* * *

Shirinqishloqdagi muhtasham bino peshtoqiga: «Bemorlar uchun o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish kasalxonasi» deb yozib qo‘yilgan deyishadi.

* * *

Toshqo‘rg‘onlik Alivoyni og‘aynilari yevropachalashtirib, «Edik» deb chaqirishadi. Bu chalkashlikdan taajjublanib: «Nega Alik emas, Edik?»– deb so‘rasangiz, qitmir ulfatlari iljayganlaricha jo‘r bo‘lib javob qiladilar:
– Laqabi «eshak»-da!

* * *

Oltiariqda eng ko‘p uchraydigani – turup sotayotgan Avaz, uzum tashiyotgan «Damas», bodring yuklangan «KamAZ».

* * *

Oltiariqda eng kam uchraydigani – xurmoni cho‘qib ko‘rmagan jo‘ja, cheti so‘ritoksiz ko‘cha, hajga bormagan xo‘ja.

* * *

Shakarqishloqlik shirinqishloqlikni savolga tutibdi:
– Ha, qayoqdan?
– Bozordan. Sigirimni sotib, manavi ikkita eshakni oldim.
– Eshaklarni nima qilasan?
– Ularda sigirimga daladan xashak tashiyman.
– Iye! Sigirimni sotdim deyapsan-ku?
– Bir qishga yetadigan xashakni to‘plavolay, keyin eshaklarni sotib, yana sigir olaveraman-da, akasi bo‘yidan.

* * *

Oltiariqda eng qadrlanadigani – oilaning ulug‘i, bodringning urug‘i, sandiqdagi «qurug‘i».

* * *

Oltiariqda eng qadrsizi – cho‘lning suvsiz arig‘i, bodringlarning sarig‘i, hamyonlarning «orig‘i».

* * *

Bozor Egam ikki gapga uch so‘kish qo‘shib ishlatadigan kishi bo‘lgani uchun «qantovuz» (qand og‘iz) degan laqab orttirgan edi. 
Yigitligida ota-onasi bir qizga «oq kiyib», fotiha to‘yiga hozirlik ko‘rishayotganida, bo‘lajak kelinning qarindoshi uni yo‘lda to‘xtatib: «Eshitishimcha, og‘zingiz pesharoq emish, ukam. Endi sal epaqaga keling, tili yomon erkakka xotin chidamaydi», deb nasihat qilibdi. Shunda Bozor-qantovuz o‘zini zo‘r berib oqlashga tushibdi:
– To‘g‘ri, bo‘sh qo‘yilsa, bu onangni emgur til odamni pashshaning chotidan o‘tkazib, burganing lippasidan chiqaradi. Lokin, bizda bunaqa xunasa odat yo‘q... O‘zi meni sizga qaysi enag‘ar yomonladi?

* * *

Shakarqishloqlik bolalar bolarini tutib, qassobga olib borishadi – shuni so‘yib bering, go‘shti sizga, asali bizga, deb.

* * *

Shirinqishloqlik qizaloqlar ovchiga yalinishadi – bu safar bizga baldoq otib keling, deb.

* * *

Shoir Shuhrat og‘a deputatlikka nomzod bo‘lib Oltiariqdagi saylovchilar bilan uchrashuvga borganida, tuman gazetida goh to‘rt-besh qator xabari, goh «zamonabop to‘rtlik»lari bosilib turadigan bir zot unga she’riy daftarini tutqazib, «kamtarona» so‘z qotibdi:
– Meni birov mavlono Asqad Muxtorga qiyoslasa, birov mavlono Maqsud Shayxzodaga o‘xshatadi. She’rlarimga ko‘z tashlab, shu masalaga o‘zlari oydinlik kiritib bersalar deganidim.
Shuhrat og‘a daftarning ayrim joylariga ko‘z yugurtib chiqqach, muloyim tarzda piching qilibdi:
– Judayam o‘ziga xos shoir ekansiz, taqsir. Yozganlaringizni o‘qib, sizni mavlonolarning birortasigayam o‘xshatmadim.

* * *

Bir shakarqishloqlik «qo‘shnimning buqasi g‘arko‘z», deb sigirining yuziga chimmat tutib qo‘ygan ekan.

* * *

Bir shirinqishloqlik yangi tug‘ilgan xo‘tikchasiga «Tug‘ilish guvohnomasi» olmoqchi bo‘lib, tegishli mahkamaga borgan ekan.

* * *

Qo‘shnimiz To‘ravoy tog‘a halol, haqiqatchi, ayni chog‘da, cho‘rtkesar, so‘zi qo‘pol kishi edi. O‘zidan kattaroqlarni hisobga olmaganda, hammani birdek sensi-rardi.
To‘ravoy tog‘a kolxozda brigadirligida uning qo‘lida ko‘p vaqt ishlagan Husanboy-tuyadan shunday bir ta’rifni eshitgan edim:
– To‘ravoy aka tushmagur odamlar ishlayotgan joyga borib qolsa, «hormanglar» desam ham sizlaganga o‘tishi mumkin deb, «horma hammang», der edi.

* * *

Oltiariqliklar boshqa joylardan kelin olmaslikka urinishadi – bodring o‘stirishni bilmaydi, deb.

* * *

Oltiariqliklar chetga qiz uzatmaslikka tirishadilar – ertangi bodring yetishtirish sirlari boshqa joylargayam tarqalmasin, deb.

* * *

Oltiariqni eng uzoq muddat boshqarganlar qatorida turuvchi No‘‘monjon aka qo‘l ostidagi xodimlaridan biri xotini bilan ajrashmoqchi bo‘layotganini eshitib, uni qattiq tergab beribdi. Yuragi taka-puka bo‘lgan xodim: «Ochig‘ini aytsam, xotinni butunlay qo‘yvorish niyatim yo‘q, u la’natiga bildirmasdan boshqasi bilan shunchaki nikohdan o‘tib, tinchroq yashasammikin devdim», deya chuchmallanibdi.
– Kalta o‘ylama, kallavaram! – deb jerkibdi No‘monjon aka. – Bitta bodringchi erkakka ikkita bodringxo‘r xotin ko‘plik qiladi.
Bu tanbeh g‘irt oltiariqcha bo‘lgani bois, xomtama «kuyovto‘ra» o‘sha zahotiyoq niyatidan qaytgan ekan.

* * *

– Oltiariqliklar asosan nima bilan shug‘ullanishadi?
– Suvni semirtirib, yozda bodring, qishda turup deb sotishadi.

* * *

– Oltiariqda nega yo‘lbarslar yashamaydi?
– Bodringni chumchuqdan qo‘rishni hozircha mushuklar bemalol eplab turishibdi.

* * *

Said Ahmad domla oltiariqlik Mamatoji tog‘a bilan juda qalin edi. Bir gal Oltiariqqa borganida, Mamatoji tog‘a safarda yurgani bois, o‘g‘li Qodirjon akanikida mehmon bo‘ldi.
O‘tirishdagilardan biri qaysidir hasadgo‘y, ig‘vogar kimsa haqida gapirib: «Bunaqa odamlarni itday kaltaklab, esini kiritish kerakmikin», deb g‘ijindi. Qodirjon akaning turli xayriyalarga tez-tez bosh qo‘shib turishi, ko‘pgina savobli ishlarga homiylik qilib kelayotganini yaxshi bilgan Said Ahmad domla o‘sha kuyunchak yigitga qarab dedi:
– Aytayotgan odamingizni o‘zingiz do‘pposlab qo‘yaqoling, inim. Ana, Qodirjon homiy bo‘ladi.

* * *

– Shakarqishloq o‘z kinoxonasi bormi?
– Do‘qivoy tajang xotinini quvib kelib, qishloqning qaerda tutsa, o‘sha yer kinoxona.

* * *

– qahvaxona Shirinqishloqning qaysi tarafida?
– o‘lja piyonning «maskanim mayxonada» degan xirgoyisi qayoqdan eshitilsa, o‘sha yoqda.

* * *

Mozortagilik Abdurahmon go‘rkov juda qiziq kishi edi. qishloqda soatiga bitta o‘lik chiqayotgandek, doimo shoshib yurardi. Sovuq hazillari turli gurunglarda hanuz latifa bo‘lib yashamoqda.
Yo‘lda tanishlar uchrab qolsa, Abdurahmon tog‘a apil-tapil ko‘rishib, ikkala qo‘lini ko‘ksiga bosganicha orqaga tisarilardi va ship etib g‘oyib bo‘lishdan oldin: «Bo‘pti... Kutaman!» – deb qo‘yardi.

* * *

– Shakarqishloq bilan Shirinqishloqdagi ayollarning musiqaga havasi qalay?
– Juda baland! Bulari chirmandani «takatumg‘alvir» deb, ulari tanburni «ding‘ircho‘mich» deb e’zozlashadi.

* * *

– Erkaklarning Shakarqishloq yoki Shirinqishloqdan ekanligini qanday ajratish mumkin?
– Nos so‘rasangiz, shakarqishloqlik o‘zini karlikka solib turaveradi, shirinqishloqlik shunchaki eshitmagandek bo‘lib o‘tib ketadi.

* * *

Oltiariqdagi kabobchilarning eng totliqo‘li rahmatli Malik aka edi. Pazandaligining sirini bilmoqchi bo‘lganlarga: «Hamma gap zira-zirvakni me’yorida qo‘shib, go‘shtning so‘liga yaxshilab singdirishda», derdi-yu, so‘zga nuqta qo‘yardi.
Malik akaning ichkilikka mayli kuchliroq edi, masallig‘ni tayyorlab bergach, ertalabdanoq «otib» olib, lola-lola bo‘lganicha bir chetda suzilib o‘tiraverar, qolgan ishni o‘spirin o‘g‘li bajarardi. Ishgayam, gapgayam chechan bo‘lgan o‘g‘il esa, ko‘radagi kabobni yelpiyotib, o‘tgan-ketganga qitmirona qichqirib qo‘yardi:
– Kepqoling! Kabob ham tayyor, dadam ham tayyor!

* * *

– Oltiariqdan qachon fazogir chiqadi?
– Boshqa bir sayyorada turup bozori borligi ma’lum bo‘lganida.

* * *

– Oltiariq O‘zbekistonning poytaxti bo‘lishi mumkinmi?
– Bu qisman bor gap. Bodring pishguncha Oltiariq Farg‘ona viloyatiga bo‘ysunadi. Bodring pishgandan keyin, butun respublika Oltiariqqa qarab qoladi.

* * *

Oltiariqlikni savolga tutishibdi:
– Turupni yetishtirish osonroqmi, bodringnimi?
Oltiariqlik sirli suzilib, javob qilibdi:
– Yuk ortilgan tuyadan «barxanda tepaga chiqish osonmi, pastga tushishmi», deb so‘rashibdi. Shunda tuya «tepaga chiqishniyam enasini o‘pay, pastga tushishniyam», degan ekan. Hm... mana shunaqa...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.