OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Ortig‘alining o‘zginasi (hajviya)

Oshxonadagi javon yonida seyfning kalitini yo‘qotgan g‘aznachidek uymalanib yurgani sayin, Umrzoqni ter bosib, bosh og‘rig‘i battar kuchaya bordi. Oxiri peshanasiga tang‘ilgan nam sochiqdan bug‘ taratganicha kelib, o‘zini divanga tashladi. Shu zahoti eshikning qo‘ng‘irog‘i g‘alayon ko‘tardi: «Jir-r-ring!»
– Kir-r-ring! –dedi Umrzoq, qo‘ng‘iroqqa kesatib.
Tarashalanganicha Ortig‘ali qadam ranjida qildi. Ko‘zi qirov o‘ray boshlagan g‘aynolini eslatardi.
– Ahvoling shashaligini biluvdim, – deb big‘illadi u. –To‘yniki tekin deb, kecha xurmachangdan ja toshirvording... Eyq! Ihiv... Uyda qolgan-qutganidan yo‘qmi? Bizni jig‘ildonam biyobon bo‘pketdi.
Umrzoqning bitay-bitay deb turgan yarasiga qovog‘ari nish urgandek bo‘ldi.
– Qolgan-qutgani deysan-a, – novvosho‘ngrov qildi u. – Ana, javonda bus-butiniyoq turibdi. Naq «Kristal» deganidan!
Ortig‘alining yuzi charaqlab, qo‘llarini bir-biriga ishqadi:
– E, tilingga shakar! Qani, o‘shani aldab-suldab bu yoqqa yetalab chiq-chi.
Umrzoq tugalay ho‘ngrak otib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiydi.
– Hademay xotinim bozordan qaytib keladi, o‘zidan so‘rab ichaverasan, – dedi lablari uchinqirab.
Ertaga xotinining tug‘ilgan kuni ekani, akalarim tabriklashga kepqolishsa, qittak-qittak qilishar deb, olib kelgan arag‘ini javonga qulflab tashlaganini uqtirguncha, jigari tutdek to‘kilayozdi. Ammo, Ortig‘ali hafsalasi ancha-munchaga pir bo‘ladiganlardan emasdi. Og‘ir asabiy sharoitga tushib qolgan sinaqta do‘stini azobdan tezroq qutqarish choralarini izlay boshladi. Nihoyat, topdi ham. Uning taklifini eshitib, Umrzoqni negadir tutqanoq tutdi.
– Esing joyidami, valat? Eshigimiz peshanama-peshana bo‘lsa. Xotinim seni tanimasdan o‘libdimi?
– Pardoz qilvolsam, tanib bo‘pti, – dedi Ortig‘ali. – Yigirma yildan beri bekorga artist bo‘lib yuribmanmi? Sahnada bir kun ministr bo‘lsam, bir kun so‘fiman. Birorta tomoshabin, bu kechagi nusxa-ku, deganmas.
Umrzoq jomchadagi qorataloqdek yoyilib, so‘rraygan asno bir zum o‘ylanib turdi. So‘ng, nafsi ustun kelib, chapanichasiga qo‘l siltadi:
– Bor-e, bir tavakkal qilsak qipmiz-da.
– Bo‘pti, men uyda bo‘pturaman, – dedi Ortig‘ali. – Ishqilib, telefo‘nimni chalkashtirvorma.

Bozor qilib qaytgan Naziraxon poygakda yechinib, ichkari xonaga yurdi. Ostonadan o‘tdi-yu, birdan «zim-m» etib tanasiga sovuqlik yugurdi. Eri g‘ujanak bo‘lganicha gilamda ingrab yotardi. «Voy o‘lmasam», deya yugurib borib, uning qo‘ltig‘idan oldi, amallab divanga yotqizdi.
– Sizga nima bo‘ldi, dadasi?
– Badan-badanim uvishib... vix... bir yoqdan biqin sanchib... vix... Xotin, rozi bo‘l endi... Voy-ey!
– Hoy, odamni qo‘rqitmang...
Naziraxonning yuzi quv oqardi. Umrzoq biqinini changallagan kuyi, divan yonidagi quti ustida turgan telefonga yopishdi. Inqillab-sinqillab raqam terdi.
– Alo‘v... vix... «Tez yordam»mi bu? Darrov kelinglar... voy-ey... Bordi-keldi bo‘pturibman... Alo‘v, alo‘v! Iy, uzilib qoldi-ku...
– Qiynalmay, bu yoqqa bersangiz-chi.
Naziraxon eshitqini erining qo‘lidan olib, endigina raqam terishga shaylangan ediki, eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Borib eshikni ochgan hamono katta qora ko‘zoynak taqqan, oq xalatli soqoldor kishi: «Men «Tez yordam»danman. Kasal qani?» –deya ostonadan shataloqlab o‘tdi.
– Voy, xash-pash deguncha qanday yetib keldingiz? – angrayib so‘radi Naziraxon.
– Biz... anaqalardanmiz... xo‘-o‘-sh, – deya taysallandi do‘xtir. – Ha! Bizni «Super tez yordam» deb qo‘yibdilar, xonim. Vertalyotda keldik.
– Adresniyam aytib ulgurmaganidik...
– Vertalyotdagi kompyuter hammasini aniq ko‘rsatib beradi.
– Harqalay...
– E, boshimni bo‘mbardimon qilvordingiz-ku! Gapni maydalamasdan, menga kasalni ko‘rsating!
O‘ta zamonaviy uskunalarni pesh qilayotgan do‘xtirning qo‘lida loaqal bironta eskicha asbobning yo‘qligi Naziraxonni battar taajjubga soldi. Do‘xtir bemorning qo‘l tomirini ushlab, soatiga tikilganicha «axa, axa» deya faylasufona suzilganini ko‘rganidan keyingina, ko‘ngli xiyla joyiga tushdi.
– Bari tushunarli, – dedi do‘xtir. – Eringiz tomirus tortishus kasaliga chalinibdi.
– Tomirus tortishus?!
– Ha, tomirus tortishus. Oddiy tilda tomir tortishish deyiladi. Eti uvishyaptimi, axir?
– Voy, voy-ey... shunaqangi uvishyaptiki! – deb tashxisni tasdiqlagan bo‘ldi Umrzoq. – Buning ustiga... vix... biqinimam sanchiyapti.
– Tushunarli, demak biqunus sanchig‘us ham bor, – deya Naziraxonga soqol cho‘chchaytirdi do‘xtir. – Eringiz kasalxonaga yetib borishni qiyin, xonim. Bu yog‘i pishib qopti.
– Voy o‘lmasam!..
– Qo‘rqmang, chorani sho‘tta ko‘rib, tuzatvorsak bo‘ladi. Spirt-mipirt topiladimi bu uyda?
– Yo‘g‘idi-ya...
– Balki... tozaroq araq bordir? Masalan «Kristal»?
– Bor! Xuddi o‘shandaqasidan bor! – dedi Naziraxon suyunib. Ayni paytda, do‘xtirga yana bir sinchilanib, g‘alati tikildi.
– Tasodifni qarang-a! – bezrayib xitob qildi do‘xtir. – «Kristal»ni opchiqib, tezda ixtiyorimga topshiring.
Naziraxon oshxona yoqqa bir talpindi-yu, picha to‘xtalib, do‘xtirga tag‘in kalovlanib tikildi.
– Ha? Savol bormi? – so‘radi do‘xtir.
– Mabodo-o... Ortig‘ali degan qarindoshingiz yo‘qmi? Agar soqolingiz bo‘lmasa...
– Hozir Ortig‘ali-portig‘aliga balo bormi? – o‘shqirib berdi do‘xtir. – Dorini opchiqing!
Naziraxon masovlangan siyoqda oshxonaga kirib ketgach, Umrzoq panjalarini mushuktirnoq qilib, Ortig‘alini po‘pisalashga tushdi:
– He, do‘mpaguvalak! O‘rgildim sandaqa artistdan. Hali telefonning eshitqisini qo‘ymasimdan turib, pirpirab kelishingni qara.
– Tomoq taqillab ketdi-da. Vertalyotda keldim deb, gapni to‘g‘rilavordim-ku.
– Vertalyotmish... Raketayam bunaqa tez kelmaydi. Buyam yetmagandek, dabdurustdan «Kristal» deb turibsan...
Naziraxon qaytib chiqib, janjal chala qoldi. Do‘xtir yutinib-tamshanib araqni ochdi. Piyolaga bosib quydi.
– Tomirni yozadigan manavi narsadan ozgina ichasiz endi, bemor. Agar, achchiq deb qo‘rqayotgan bo‘lsangiz, o‘zimiz ichib ko‘rsatishimizga to‘g‘ri kepqoladi.
Umrzoq yalanib ming‘irladi:
– Yo‘, ja unaqa qo‘rqoqmasmiz...
– Xo‘jayinim ichib yurgan odamlardan, – erining yonini oldi Naziraxon. – O‘lganakan shundanam qo‘rqsa.
Bu gaplardan do‘xtirning qovoq-tumshug‘i osildi.
– Endi-i, qo‘rqadimi-yo‘qmi, namuna ko‘rsatib qo‘yish bizning burchimiz, – dedi u. – Gippokrat qasami degan gaplar bor. Xullas, mana bundaqa qilib ichiladi.
Do‘xtir shoshmasdan suzi-i-b icha boshladi. Umrzoq yuragi tars yorilgudek bo‘lib, boshini likalanglatganicha kuzatib turdi. Nihoyat, piyola bo‘shab, yana araq quyildi.
– Voy-ey, biqinimdagi og‘riq kuchayib boryapti,– injiqlandi Umrzoq, uzatilgan piyolaga bo‘ylanib.– Dorini sal ko‘paytirsakmikin, do‘xtir? O‘zingizga quygandaqa qilib quying.
Do‘xtir: «Mayli, do‘zani qittay oshiramiz», deya ustiga ozgina qo‘shdi. Umrzoq ham daryoning suvini tarnovdan o‘tkazgandek qilib shoshmasdan ichdi-da, «xayriyat-ey, chap biqinim qo‘yvordi», deb mamnun iskalandi. Do‘xtir: «Yana bittadan kurs olsak, narigi biqinning ishiyam yurishib ketadi», degan edi, u bezillab shishaga qaradi va «Qolgan muolajani o‘zim davom ettirsamam bo‘lar», deb tixirlandi. Do‘xtirning bu gapdan astoydil jahli chiqdi.
– Bu preparatni, – dedi u shishani tingillatib, – shaxsan vrach nazoratida... yanayam aniqrog‘i, bevosita do‘xtirning ishtirokida qabul qilish tavsiya etilgan. Tartibni buzishga haqqim yo‘q.
Shunday dedi-yu, piyolaga yana limillatib quydi. «Yaxshilab o‘rganib turing, ikkinchisi mana bundaqa qilib otiladi», deya araqni bir ag‘daruvda gumdon qildi. So‘ng, bemorga quyib uzatdi. Naziraxon eriga do‘xtirning ko‘rsatmasiga qat’iy amal qilib ichishni tayinlab, «dori»ni bir zarbda yutishini hayajon bilan kuzatib turdi.
– Oh, oh, oh! – «malham»ni yumaloq-yastiq qilib, ko‘ksini rohatlanib silaganicha bolishga yastandi Umrzoq. – Bu «Kristal» degani mo‘miyoyi asilakan-ku. O‘ng biqinimam qo‘yvordi-ya.
Bemorning yashnab talmovsirashi do‘xtir uchun ayni muddao bo‘ldi, «Demak, davolash kursimiz oxiriga yetibdi», deb shisha tagida qolgan araqning hammasini shovullatib piyolaga to‘kdi. Uni qay tarzda selbosdi qilganiga ko‘z ilashmay qoldi. Umrzoq: «Iy-y!» deya o‘rnidan turib ketdi. Kech bo‘lgandi.
Do‘xtir piyolani dasturxonga to‘nkarib, uyqusirayotgan alfozda joyidan qo‘zg‘aldi. Tentiraklaganicha eshik sari yurdi. Ostonada to‘xtab, ortga o‘girildi va ko‘ksiga qo‘l bosib, Naziraxonga qashqirnamo tirjaydi:
– Mehmondorchilik uchun ka-a-ttakon rah-mo‘-o‘-t. Biz tomonlargayam aylane-e-b chiqib turinglar.
Do‘xtir ketgandan keyin, Naziraxon yoqa ushlab, eriga yuzlandi:
– Yo tavba! Mastlikda gapni cho‘zi-i-b xayrlashishiyam quyib qo‘ygan Ortig‘alaka-ya!
Vujudi shalvirab, divan suyanchig‘iga yoyilib qolgan Umrzoq yig‘lamsiragan tovushda nido qildi:
– E, nodon xotin! Xayrlashishini gapirasan-a. U yog‘ini so‘rasang, sherigining haqini liqqa ichib qo‘yishiyam g‘irt Ortig‘alakangni o‘zginasi.

1994 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.