OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Talablarga binoan (hajviya)

– G‘at, g‘at! G‘ittir-g‘it! G‘at, g‘at! G‘ittir-g‘it!..
G‘ildiragi yog‘lanmagan ko‘takaravani eslatuvchi bu surunkali nag‘ma shoir Nashvatiyning jonini hiqildoqqa keltirdi, qalamini xontaxtadagi qog‘ozga sanchgudek urib, og‘zini qo‘shni xonaga zambaraklantirdi:
– Bas! Yig‘ishtir! To‘xtat! He, o‘sha o‘tmas arrangni…
– Ha?! Nima gap?!
Oshxona tomondan siltovli tovush eshitilib, so‘ng qo‘lida kapgiri bilan Mashmashaxonning o‘zi chiqib keldi. Nashvatiyning endigina buloqlanishni boshlagan so‘zlari kekirdagida tuyqus ko‘lmaklanib to‘xtadi: «ar-r-rangni… is-s-s…»
– Hey, inson! – kapgirni havoda selpitib shang‘illadi Mashmashaxon. – Marmarqo‘ziga yopishmang, deb sizga nechchi marta aytdim, a? Bolamning ilhomini bo‘g‘mang!
Qo‘shni xonadagi Marmarqo‘zi esa, ilhomi ancha-munchaga bo‘g‘ilmasligini oyijonisiga ma’lum qilib qo‘ymoqchidek, mashqini bir maromda davom ettiraverdi:
– G‘at, g‘at! G‘ittir-g‘it!..
– Men-chi? – irg‘ishlanib o‘rnidan turdi Nashvatiy. – Mening ilhomim tepalansa, maylimi?
– Ilhom? Voy, o‘laqolay! Siz yozgan narsalargayam ilhom kerakmi hali?
– Og‘zingni peshlab gapir, ho‘v! She’rlarimni «narsa» deyishga qanday tiling bordi?
Ha, «it vafo, xotin jafo», deganlari to‘g‘ri ekan. Shuncha birga yashab, xotini uning she’rlariga, ko‘ngil uchun bo‘lsa-da, ko‘z qirini tashlab qo‘yganini eslolmaydi. Vaholanki, dunyoning sinoatlariga uchinchi qavatdan razm tashlash ishtiyoqi ila kecha bolkonga chiqib, qo‘lidagi daftarni bexos tushirib yuborganida, pastda ivirsib yurgan yetti yot begona it o‘qdek uchib kelib, uning she’rlarini mislsiz qiziqish bilan uzoq iskab turdi. O‘zi it, lekin adabiyotga bo‘lgan izzatini qarang!
Odam degan unvon hayf bu xotinga. Agar, to‘laqonli banda bo‘lganida, avval xontaxtadagi qog‘ozni olib, undagi bitikni o‘qib ko‘rardi. Yap-yangi she’r-a!
Bahor keldi, aziz o‘rtoqlar,
Ariqlarni tozalaylik sal.
Bo‘lsin ular soqol qirdirgan – 
Oshnam Abrey ko‘sadek go‘zal!
Allomabosh er shunday noan’anaviy satrlarni tarsa-turs kashf etib tashlansa-yu, uvadafahm xotin bundan bebahra yursa. Tag‘in, o‘qituvchimish. Teshigini ko‘rmasa, nayni teshasopidan ajratolmaydi, musiqadan dars berganiga o‘lasanmi. Jonivorda qobiliyatning «Q» harfiyam yo‘q, tog‘asi maktab direktorligidan urilsayoq, buniyam kuni bitadi.
– «Narsa» bo‘lmay, nima? – masxaraomuz lab burishtirdi Mashmashaxon. – Agar ular «she’r» bo‘lganida, loaqal birortasi gazeta-pazetada bosilmasmidi? Bu uydan Hamza chiqmadimi, endi o‘g‘limni o‘zim Rastrapovich qilaman. Bizga xalaqit bermang!
Nashvatiy bu gapdan pishqirib kuldi:
– Voy, kallavaram-ey! Bo‘yniga hushtak osgan har bir so‘tak melisa bo‘lavermaganidek, yoltayoq ushlashni o‘rgangan hamma maxluqdanam Rastrapovich chiqavermaydi.
– Boshqalarni o‘zingizga o‘xshatmang. Qirqqa kirgandayam na ishingizda tayin bor, na birov otingizni biladi. Mana, o‘n bir yoshidayoq Marmarqo‘zining iste’dodini tan olishdi, shu bolaning orqasidan magnitafonli bo‘ldik, televizo‘rli bo‘ldik.
Nashvatiy o‘zini bu olamdagi eng chigal kalavalarning uchini ham bir zehn solishdayoq topmoqqa qodir shaxslardan deb hisoblasa-da, aynan ana shu magnitofon va televizor bilan bog‘liq jumboqni hali-hali yecholmay kelayotganidan qattiq iztirobda edi.
Bundan to‘rt oylar oldin kimdir eshikning qo‘ng‘irog‘ini cho‘zg‘ilantirib jiringlatishga tushdi. Uni choyxonapalovga chaqirmay qo‘ygan oqibatsiz ulfatlari haqida «Burgut va qorayaloqlar» degan masal yozib o‘tirgan shoir jonini ijod jannatidan mahrum etishga kuch topib, og‘rinibgina o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Borib, eshikni ochganini biladi, karton quti qo‘ltiqlagan tappakburun kimsa chala-pula salomlashgan kuyi ichkariga suqilib kirib: «Biz ashaddiy muxlislardanmiz, shu xonadondagi iste’dodli zotni bir ziyoratlab qo‘yishga keluvdik», deb, bolalarning mis surnaychasidek ping‘illadi. Buni eshitib, Nashvatiyning chehrasi yorishdi:
– Ortiqcha maqtab, odamni uyaltirmasinlar. To‘g‘ri, iste’dodimiz yetarli, ammo-lekin dovrug‘imiz hali-hozir yetti iqlimga taralib ulgurganicha yo‘q.
– Hedemay taraladi! – qat’iy ishonch bilan qosh kerdi tappakburun. – Zero, vilonchelning ishqibozi jahonda bitta menmas!
Bo‘ridan gapirsang, qulog‘i ko‘rinadi, deganlaridek, vilonchelning nomi tilga olinishi bilanoq, poygakdagi xonadan uning yuraktatalar ovozi labbaylandi.
– G‘at, g‘at! G‘ittir-g‘it!..
Tappakburun bir Nashvatiyga, bir ohang taralayotgan yoqqa qarab qo‘yib, «ie, maestro bu yoqda ekan-ku», deya beso‘naqay tuflisini popillatganicha xonaga bostirib kirdi. Yig‘lamsiragudek ahvolda mashq qilayotgan Marmarqo‘zi va uning boshi ustida musht o‘ynatib turgan zolim ustozi Mashmashaxon bilan tanishuv marosimi yakunlangach, tappakburun qo‘lidagi qutini «maestro»ga tutqazib, tantanavor tarzda so‘z qotdi:
– Qadrli Marmarqo‘zi! Ijro etayotgan kuylaringiz jamoamizga g‘o-o-yatda va niho-o-yatda manzur bo‘lyapti. Shu bois, «Oynaqopqon» qo‘shma korxonasi rahbariyati nomidan sizga mana shu magnitofon sovg‘a qilinadi. Tabriklayman! Bundan buyog‘igayam, talablarga binoan, to‘xtatmay chalaverasiz degan umiddamiz.
Tappakburunga qo‘shilib, er-xotin ham angraygan asno chapak chalishdi.
– Chet ellarda iste’dodli yurtdoshlarini qo‘llab yuradigan boylar ko‘pligini eshitgandim, – og‘zi qulog‘iga yetib gijingladi Mashmashaxon. – Xayriyat, o‘zbekdanam shunaqalar chiqibdi.
Oradan ikki oycha o‘tib, tappakburun ushbu xonadonga yana tashrif buyurdi. Bu safar Marmarqo‘ziga «Oynaqopqon» qo‘shma korxonasi boshlig‘ining nomidan «Samsung» televizorini topshirib: «Jamoamizning sizga bir iltimosi bor, Marmarqo‘zi. Bundan keyin, talablarga binoan, yarim kechadayam mashq qiptursangiz», dedi-yu, Mashmashaxonning: «Hech bo‘lmasa, bir piyola choy ichib keting», degan taklifini yerda qoldirib, zippa g‘oyib bo‘ldi.
Shundan buyon Nashvatiyning boshi garang, ko‘ngli xijil. Insof minbaridan turib aytiladigan bo‘lsa, Marmarqo‘zida iste’dod bor-yo‘qligini muhokamalashning o‘zi kulgili. Mana, bir yildan oshyaptiki, hamon o‘sha-o‘sha nag‘ma: «G‘at, g‘at! G‘ittir-g‘it! G‘at, g‘at! G‘ittir-g‘it!» Nashvatiy-ku hozircha tirik, bu kuyni hatto o‘likning yonida chalsang, kafanini yirtib tashlab, og‘zingga shapaloq tortvorishi hech gapmas. Paqqos chidab bo‘lmaydigan hol, agar, chidash mumkin bo‘lsa, Nashvatiydek og‘ir-bosiq shoir o‘z o‘g‘lining ishidan xitlanib, nishdor she’r yozarmidi?

«G‘at-g‘ut»lardan bezdi el,
Bosib kelar go‘yo sel.
Katta g‘ijjak, vahshiy g‘ijjak,
Gumdon bo‘lgur vilonchel!

Shak-shubha yo‘qki, bu g‘ayritabiiy voqealarning ortida yirik bir sir yashirinib yotibdi. Taxmin ko‘p, biroq shulardan ikkitaginasida g‘ira-shira mantiq bordek: yo xotini uning shoirlik g‘ururini toptash maqsadida bularni ataylab uyushtiryapti, yo bo‘lmasa, o‘sha tappakburun jinnixonadan qochgan puldor kimsa.
– Shu magnitofon bilan televizorni hadeb tumshug‘imga niqtayvermagin, – xotiniga zimdan ezginlanib tikildi Nashvatiy.– Bu dunyoda she’riyatga fahmi ilashadiganlar azaldan tanqis bo‘lsa, men nima qilay?
Eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringlab, Mashmashaxonning javob nutqi og‘zida qoldi. Nashvatiy burun jiyirganicha borib, eshikni ochdi. Xonadonning eski qadrdoniga aylana boshlagan tappakburun ichkariga lip etib kirib, Nashvatiy bilan qo‘l siqib ko‘risharkan, poygakdagi xonadan tinimsiz taralib turgan «g‘at, g‘at»ga berilib quloq tutgan asno, mahliyolanib tebrandi. So‘ng, shalviroq kostyumining cho‘ntagidan allaqanday qog‘ozni sug‘urib, boshi uzra hilpiratdi:
– Xushxabar bor! Meni tezda Marmarqo‘ziga ro‘para qilinglar!
Tappakburun xonaga kiriboq, Marmarqo‘zini quchoqlab o‘pishga tutindi:
– Tabriklayman, maestro! Mana, yana mukofot opkeldim sizga!
– Bu qanaqa qog‘oz? – qog‘ozga bir suqlanib olib so‘radi Mashmashaxon.
– O‘rder bu! – gavdasini selkillatib chimrildi tappakburun. – Ikki xonali tor kvartira yosh sozandaning erkini bo‘g‘adi. Shuni hisobga olib, yangi dahadan sizlarga to‘rt xonali uy ajratishga qaror qildik.
Nashvatiyning aqldan ozishiga sal qoldi. Tili tanglayiga yopishib, «a-a… o‘r… o‘r…» deya g‘o‘ldiraganicha ko‘zini baqraytirdi. Mashmashaxon o‘g‘lining qo‘lidan o‘rderni och sirtlondek yulqilab olib, undagi yozuvlarni qayta-qayta o‘qishga kirishdi.
Odatdagidek shoshib g‘oyib bo‘lishga shaylanayotgan tappakburun, Marmarqo‘zining yelkasiga og‘aynilarcha qoqib, ping‘illadi:
– Jamoamizning yana bir iltimosi bor, Marmarqo‘zi. Yangi uyga ko‘chgandan keyin, talablarga binoan, bolkonga chiqib mashq qiladilar-da, a?
Masovsirashi hanuz bosilmagan Nashvatiy tappakburunni pastgacha kuzatib tushdi. Maqsadi – u bilan nihoyat yolg‘iz qolib, asabini ko‘pdan beri yumdalayotgan savolga javob topish edi:
– Kechirasiz-u… Bir savol boridi-da…
Tappakburun Nashvatiyga iltifotlanib yuzlandi:
– Qulog‘im sizda, taqsir.
– Hm… «Oynaqopqon» korxonasidagilarning es-hushi joyidaligiga-ku shubham yo‘g‘-a, – chaynaldi Nashvatiy.– Shunga qaramay… hm… bu ishlarni tushunolmayroq turibman-da…
– Mayli, tushuntiramiz, – olimona gerdaydi tappakburun. – Mana shu ko‘p qavatli uyda ikki yuz oltmishta xonadon bor. Marmarqo‘zi «g‘at-g‘ut» qilishni boshlagandan beri atrofdagi ikki yuz ellik to‘qqizta qo‘shningiz tovush o‘tmaydigan eshik-derazalar qurdirishga majbur bo‘ldi. Bunaqa eshik-derazalarni faqat biz ishlab chiqaramiz.
Nashvatiyning sopollangan ko‘zi oldida nimadir yarq etib chaqnadi. Tilla tishlar shekilli. Demak, tappakburun iljayib turibdi.

2003 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.