Yomg‘irali tahoratini yangilab, shom namozini machitda o‘qish uchun darvoza sari yurganida, ko‘chadan kimdir uni shang‘illab chaqirdi. U labbaylanib o‘tirmasdan, oxirgi uch qadamini tezlata borib, darvozani ochdi. Qarasa, o‘ng chirog‘i singan mashinaga o‘xshab, Shirmon birko‘z turibdi.
Chaqirgan odami shu zahotiyoq qarshisida hozir bo‘lishini kutmagan Shirmon birko‘z mushtlangan xontaxtadagi tuzdondek sapchib tushdi.
– Keling, Shirmon aka, – deb manglayini tirishtirdi Yomg‘irali. – Machitga shoshib turuvdim. Bizga xizmat bormidi?
Shirmon birko‘z sog‘ «chirog‘i»ni tergovchinikidek charaqlatib, Yomg‘iralining nigohiga qadadi.
– Mayli, shoshayotgan bo‘lsang, gapni kaltaroq qilay,– deya mushuklanib yalandi u. – Hm-m… Urayim novcha kalxo‘zimizdagi aptagarajga mudirligida sen unga shopirlik qilgansan. To‘g‘rimi?
Tasdiq javobini olgach, Shirmon birko‘z mog‘oryoqa kitelining cho‘ntagini titkiladi, chap qo‘lida muqovasi bujmaygan daftarcha, o‘ng qo‘lida dumi chaynalgan qalam paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng, Urayim novcha mudirlikda kimlarga nimalarni sotib tirikchilik qilgani to‘g‘risida u-bu narsalar bilib olmoqchi ekanligini, hozir borini shovullatib to‘kmasa, Yomg‘iralining o‘zini ham tovoqdoshlikda ayblab, sharmandasini chiqarishini aytdi.
Yomg‘irali pinagini buzmay, miyig‘ida kinoyali kulimsiradi:
– Bunaqa do‘qlar bilan chumchuqni qo‘rqiting. Qishloqda osilmaganingiz men qoluvdim.
– Qo‘rqma, senga astoydil osilmoqchi emasman, – muruvvat ko‘rsatgan bo‘ldi Shirmon birko‘z. – Urayim qilgan qing‘ir ishlardan, hech bo‘lmasa, bir juftini menga o‘rmalatgin-u, yaxshilik bilan tarqalaylik. Uqdingmi?
Yomg‘irali Shirmon birko‘zga chimrilib boqdi:
– Kalxo‘z yo‘qolib ketganiga ancha bo‘ldi. Urayim aka hozir pensiyada. Sizga nima qildi u?
– Ma’lumot berishdan oldin, aybini bilvolging kelayotgan bo‘lsa, xo‘p, aytay, – tulkilandi Shirmon birko‘z.– Urayim o‘zi birinchi bo‘lib menga yopishdi. Bo‘lmasa, uni paypaslashdan bo‘lak ishim yo‘qmi?
Dushmanlikka sabab bo‘lgan voqeani eshitib, Yomg‘iralining qornida kulgi chuldiradi. Shirmon birko‘z ko‘chadan ketib borayotsa, Urayim novcha tomorqasiga suv ochib turgan ekan. Bunisi o‘zini pastroq olib, «assalomu alaykum» desa, unisi noxushgina «val..» deb, xiyol bosh qimirlatib qo‘yibdi.
– Amaldorligida undan «Moskvich»imga bitta kardanniy val so‘rab borsam, ombordan topib berib, pulini bug‘oltirga to‘lab qo‘yarsiz, deganidi, – negadir g‘ijinib xotirladi Shirmon birko‘z. – Ana to‘layman, mana to‘layman deb yurib, paqqos esdan chiqib ketganakan. Mana, oxiri «val-l» deb, o‘sha eski temirni shama qildi-ya. Voy, o‘g‘rivachcha-ey! Shuncha o‘margan narsangdan bittasi tekinga ketsa, o‘lib qolmassan!
Yomg‘irali bo‘ynini qashib turib, Urayim novchaning juda halol odamligini urg‘ulagach, u «val» deganda o‘sha kardan valini xayoliga ham keltirmay, «vaalaykum»ni qisqartib aytgan bo‘lishi mumkinligini taxminladi. Keyin: «Shunchalik o‘pkalagan ekansiz, buni o‘ziga ta’nalab qo‘ya qolmabsiz-da, aka», deb qo‘shimcha qildi.
– Nima, meni indamay ketadiganlardan deb o‘ylayapsanmi? – cho‘chchangladi Shirmon birko‘z. – O‘rnidayoq tuzladim uni. Joyingda qimirlamay tur, dedim. Hozir boshqatdan salom beraman, odamday alik olishni o‘rgan, dedim. Uqdingmi?
– Uqdim, Shirmon aka, uqdim. Keyin nima bo‘ldi?
– Keyin, ikki qadam orqaga qaytib, yonidan yana salom berib o‘tdim. Baribir, o‘sha turish – o‘sha turish. Betimga qaramasdan, «valay…» deb qo‘ydi, xolos. Shunda aniq bildimki, menga ichida kiri bor.
Yomg‘irali Shirmon birko‘zga hafsalasiz tikilib: «Bunaqa tor bo‘lmang-da, aka. Keyingisida «valay» deb aniqroq aytibdi-ku», deya dakki bergan bo‘ldi. Buni eshitib, Shirmon birko‘z jahllanganicha lunjini titratdi:
– Bu kallami, nog‘orami? Keyingi gapi oldingisidanam battarligini payqamadingmi? Urayim «valay» degan gapni «valyay»ga o‘xshatib aytdi. «Valyay» bu– o‘rischada «qorangni o‘chir» degani. He, til bilmagan qoloq!
So‘fining azon chaqirayotgani eshitildi. Yomg‘irali: «Bo‘pti, men boray bo‘lmasa», deya suhbatni chala qoldirib, machit tomonga yurdi. To‘rt-besh odim tashlab ulgur-masidan, ortdan: «Vey, bola! Bu turishda o‘zinggayam yomon bo‘ladi-ya!» – degan vag‘illoq tovush taraldi. «Xudoning uyi»ga borayotgan Yomg‘irali qandaydir notavon bandaning dag‘dag‘asiga parvo qilmay, yo‘lidan jimgina ketaverdi.
2005 yil.