OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Yerliklar (hajviya)

Bichiqchilik bo‘limining boshlig‘i Qodir-qaychi o‘pkasi og‘ziga tiqilgudek bo‘lib, ichkariga otilib kirdi.
– Ishni to‘xtatinglar, qizlar! – xirqiradi u, bo‘limdagi yakkayu yagona erkakning ko‘ziga qaramaslikka urinib. – Bir soat ichida ish joyimizni gulxonaga, hovlini istirohat bog‘iga aylantirib ulgurishimiz kerak. Koinotdan kelgan odam-m... hm-m... shaxslar ishimizni ko‘risharmish.
– Voy o‘la-a-y! –deb yoqa ushladi Oyshabu. – Erimning oldida nima degan odam bo‘ldim? Marsda hayot bor, desa, nuqul aljiraganingiz aljiragan, deb mazaxlaganidim.
– Balki, Saturndandir, – barmoq tishlab turib, taxmin qildi To‘paxon.
Xorijdan keltirilgan boshqacharoq itni ko‘rsa ham, birdan hayajonlanib ketadigan Qumrixon Qodir-qaychiga toshiqib boqdi:
– Yo Yupiterdan kelishdimikin?
– Buni osmonga durbindan qaraydigan frapessirlardan so‘ra, – to‘ng‘illadi Qodir-qaychi. – Direktorimiz menga qo‘ng‘iroq qilib, gap shunaqa-shunaqa, senga bir soat muhlat beraman, dedi – vassalom!
Bo‘limdagi yakkayu yagona erkak, odatiga ko‘ra, xotinlarga suykanib turib, mayin tovushda gap qistirdi:
– Tilimizga tushunisharmikin u yer yutkurlar?
Qodir-qaychi yelka qisdi:
– Kim biladi deysan, aka Yoqub. Ishqilib, o‘zing tilingga ehtiyot bo‘lgin. Mabodo, maoshingni so‘rab qolishsa, mukofot pulini qo‘shib aytish esingdan chiqmasin... Ha, aytganday, kasaba uyushmasining raisi qani?
– Mana turibman-ku, – deya oldinroqqa chiqdi Mardonoy.
– Senga topshiriq shuki, Buhalchaga mo‘mayroq qilib yordam puli yoz!
– Voy! Buhalcha bizdan yordam so‘rabdimi?
– Unaqa buraqbozlarga yordam beradigan ahmoq yo‘q! – o‘shqirdi Qodir-qaychi. – Sen o‘sha pullarga bozordan xarajat qip kelasan. Osmondan tushganlarning tomog‘ini yog‘lash kerak. Yerliklarning ulfatchiligini ularga bir ko‘rsatib qo‘ymasak, yurganakanmiz.
Bir soat o‘tib-o‘tmay, mehmonlar bichiqchilik bo‘limining hovlisiga kirib kelishdi. Qodir-qaychi tep-tekis yo‘lakda qoqina-qoqina, ularning istiqboliga oshiqdi. Koinotliklarga qaysi tilda murojaat qilishni bilmay, tavakkaldan, «Gud... gud... gudibay», deya kuchukchaday g‘ingshidi.
Direktor boshlab kelgan uch nafar mehmondan ikkitasi ayol bo‘lib, ko‘rinishi va kiyinishi jihatdan mahalliy juvonlarga juda o‘xshab ketishardi. Lekin, mallasoch erkakning ko‘kish ko‘zida samoviy sovuqlik yaqqol aks etib turar, bujur yuzi esa, meteorlar yomg‘iridan g‘alvir bo‘lib ketgan olis bir sayyorani eslatar edi.
Koinotlik erkakning qo‘lida tanish sigaret qutisini ko‘rgan aka Yoqub, O‘zbekiston o‘z tamaki mahsulotlarini Yer yuzidan tashqariga ham eksport qila boshlaganini payqab, beixtiyor faxrlanib ketdi. Mehmon yirqiroq mischaqmoqni shiqillatib, sigaretiga o‘t bergan paytda, hozirgina nos kaftlagan qorovul cholning ko‘zlari bejo o‘ynadi.
– Ya ilavha illavla, – g‘o‘dirab, chalasavodlarcha kalima keltirdi u. – Yettinchi osmonning jinchirog‘ini qarang-ga!
Direktor mehmonlarni chinniday toza yo‘lakdan ishxona binosi sari yetakladi. Qunishganlaricha, bir-birovining pinjiga kirib olgan qizlar, eshik yonida hayrat va hayajondan qotib turishardi.
– Hormanglar qizlar! – koinotlik ayollardan biri ularga jilmayib so‘z qotdi.
Mehmonning iliq muomalasi, kutilmaganda, sovuqqina qarshi olindi. Qizlar o‘rtasida o‘zaro visir-visir boshlandi.
– Ie! G‘irt o‘zbekcha gapirdi-ku!
– Baribir g‘alizroq...
– Shunisigayam shukur qilsang-chi...
Biri-biridan so‘zamol qizlarning hozir tuyqus yovvoyilanib qolishganidan taajjublangan direktor mehmonlar oldida o‘ng‘aysizlanib, ustma-ust tomoq qirdi.
– Sizlarga nima bo‘ldi, qizlar? – «qizlar» desa-da, negadir aka Yoqubga ta’nador boqib so‘radi u. – Bu mehmonlar o‘zlaringga kasbdosh, ya’ni qo‘shni tumandagi «Koinot» modalar uyining vakillari. Mollarimiz xaridorgirligini eshitishib, tajriba o‘rgangani kelishibdi. Qani, yaxshilab tanishib olinglar-chi...
Hamma tengdan qalqib ketdi. Qorovul chol jahl bilan nos tuflab, belini qashiganicha asta nari jildi.

1977 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.