OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Ziyolicha olishuv (hajviya)

Hasharot uchsa, qanoti bo‘ksib yiqiladigan g‘ira-shira tong edi. Jig‘ildoniga mix tiqilgan qo‘ydek uvatda «xir-xir»lab tipirchilayotgan Parriq ming‘i cho‘chib uyg‘ondi-yu, yonginasida yonboshlab yotgan Mamashotining baqrayma ko‘zidan battar shaytonlab, «Abva-a!» deb chinqirganicha, nayzaga chap bergan to‘ng‘izdek chetga sapchidi.
– Ie, ha? Tushingda bolalar minan «qo‘rvoshi – savet» o‘ynab, qorindan o‘q yedingmi?
– Uf-f... uf-e! – Parriq ming‘i xiyol o‘ziga kelib, sherigiga talvasali tikildi. – Juda-a repo‘misa-rep tush ko‘rdim-ku, oshna. Xuddi qo‘tosga o‘xshab ketadigan temir duvol orqamdan quvib yurib, ustimga ag‘darildi.
Mamashotining baqrayma ko‘zlari yanada olayib, hozirgina chekkan nosini «cho‘lp» ettirib ariqchaga tashladi.
– Vey, uyingda birorta kasal-pasal yo‘qmidi?
– Yo‘-o‘...
– Bugundan qoldirmay Qurmon romchiga bor, – qat’iy tayinladi Mamashoti. – Kitob ko‘rib, ta’birini aytib beradi. Ta’bir ishkal chiqsa, qaytarma duo o‘qib, keladigan baloni dap qiladi.
Parriq ming‘i mazaxlab tirjaydi:
– Qurmoning g‘irt qallob-ku. Odam qurib ketgandek, o‘shaningga murid bo‘lamanmi?
Mamashoti bir narsani aytdimi, shuni boshqagayam ma’qullatmaguncha qirq kun och-yalang‘och olishishdan toymaydiganlar xilidan edi. G‘o‘zalari ko‘sak tuga boshlagan oxirgi besh gektarlik yerni peshingacha sug‘orib bo‘lishgach, Parriq ming‘ining: «Ovora bo‘lma, u hiylagaringga baribir ishonmayman», deya tixirlanishiga parvo qilmay, romchinikiga sudrab bordi. Sherigi ko‘rgan tush haqida gapirib bo‘lib, «shuning ta’birini chiqarib bering», deb, romchining kaftiga g‘ijim pul qistirdi. Surbashara Parriq ming‘i «be-e» deya chetga bosh burganini nazardan qochirmagan romchi, bir mo‘ylov uchirib qo‘ydi-da, kitob varaqlashga tutindi. Dastlabki sahifalaridan biri-dayoq to‘xtab, borgan sayin qovog‘i osilaverdi. Shipga termilib, uzoq mulohazalanib turgach, «ishning tagi ho‘lroq-ku, mulla Mamashoti», deb burnini balandlatdi. Keyin Parriq ming‘iga yuzlanib, salobatli ovozda zahrini sochdi:
– Gap shu, uka. Seni... «MAZ» moshinasi bosib ketadigan bo‘pturibdi.
Avvaliga Parriq ming‘ining rangi quv o‘chdi, so‘ng o‘zini tezda o‘nglab, pisanda bilan ming‘irladi:
– Bilsak bo‘ladimi, aka pochcha, oldingizdagi kitob qachon yozilganikin?
Boyagi «be-e» degan so‘zdan keyinoq o‘zaro hurmatsizlik yo‘liga batamom o‘tib ulgurgan sirtqi raqiblarning ichki o‘chakishuvi ayni shu lahzadan e’tiboran ochiq tus ola boshladi.
– Balki, ming yil oldin yozilgandir, – noxush hidni sezgandek burnini jiyirdi romchi. – Balki, undanam oldinroqdir. Buvomning buvosi achangning achasigayam shu kitobdan ta’bir aytgan bo‘lsa, ajabmas.
Parriq ming‘i gapni o‘ziga yuqtirmay, tosrayib kuldi.
– Eshitdingmi, Mamashoti? Ming yil oldingi kitobga «MAZ» moshinasi yozib qo‘yilganmish-a. Shundan keyinam o‘zimni go‘llikka solib turaveraymi?
Qurmon romchi ham, o‘z navbatida Mamashotiga qarab turib, uchinchi shaxsga kesatdi:
– Ba’zi balchiqmiyalarga o‘zlari tushuntiradilar-da endi, mulla Mamashoti. Bizdagi kitoblarda aniq narsaniyam shama bilan yozishadi. Qo‘tos to‘g‘risidagi gapga kelsak: «Ramziga tayanib, asosini qidirgil. Ramzidan emas, asosidan qo‘rq», deyilibdi. Zig‘irttak farosati bo‘lgan odam qo‘tosning ramzi dunyo bo‘yicha bittagina «MAZ» moshinasida borligini chaqqon payqagan bo‘lardi. Kallasini ajiriq bosganlarga buni qanday tushuntirsak bo‘larkin?
– Olamda o‘nta odamdan to‘qqiztasi arosat, taqsir, – piching yumalantirgan bo‘ldi Mamashoti ham. – Arosatlar desangiz, qachonki bo‘yniga bolta tushadi, boltaning keskirligiga shunda ishonadi. Ko‘p kuyinmasdan, ishingizni qilavering.
– Bu gap bizga ma’qul, – dedi romchi va sezilar-sezilmas tish g‘ijirlatib, Parriq ming‘iga pisandsiz ko‘z qadadi. – Xullas, «MAZ» moshinasi ertami-kech chalpagingni chiqaradi, uka. Sendaqalarning boriyam, yo‘g‘iyam menga bir pul. Jon shirin bo‘lsa, chorasini axtar.
Parriq ming‘i o‘zini bazo‘r dadil tutib, mitrig‘i mit etmay so‘radi:
– Qachon chalpak bo‘lishimizni bilib qo‘ysakmikin...
Qurmon romchi ham o‘sha bezligida turib, javob sachratdi:
– Balki, yarim yo‘lda orqangdan yetvolar... balki, seni ezadigan g‘ildirak moshina zavo‘tining omboriga hali kelib tushmagandir...
E, to‘xta-chi, qaerdandir eshituvdi-ya, kimdir aytgandi-ya. Kiborlar oilasida tarbiyalangan ziyolilar qattiq o‘chakishib qolishgandayam, mehribon og‘a-inilardek bir-biriga muloyim iljayganicha, soatlab g‘idi-bidilashib o‘tirishaverarkan. Vaholanki, bu mushkulotni uch-to‘rtta badbo‘y so‘kinish-u, bir-ikki juft telva tarsaki bilan osongina hal qilish mumkinligini eng ahmoq chapaniyam bolalikdan biladi. Ha, mayli, Qurmon romchi ziyolicha usulni tanlagan ekan, bizam birpas ziyoli bo‘lsak bo‘pmiz-da.
– Ha xo‘p, g‘ildirakning tagida uziladiganlarning ro‘yxatida turaturaylik, – ziyolilarcha sipolandi Parriq ming‘i. – Ammo-lekin, balodan hazar deb, bugundan boshlab uydan chiqmay yotvolsak-chi, aka?
– Ro‘zg‘orga ortiqcha chiqim keltirish shartmikin?– eng bezbet ziyoli qiyofasiga kirdi Qurmon romchi. – Birorta «MAZ»ning boshqaruvi izdan chiqib, seni tinchitish uchun uyingni buzib kirishiga to‘g‘ri kepqolyapti-ku.
Ziyolilikni bo‘yniga olgan Parriq ming‘i o‘zini ilmga chuqurroq urib ko‘rishga harakat qildi:
– Masalan, yopon olimlariga yolvorib, Qora dengizning tagiga uy qurdirvolsam-chi?
– Nima qipti? – ziyolicha «ermak-ermak»ni davom ettirdi Qurmon romchi. – Qibriz yo Tabrizga ketayotgan birorta yuk kemasi dovulga yo‘liqadi. Kemaga yuklangan «MAZ»lardan bittasi dengizga ag‘dariladi-yu, suvning tagidagi uyni bosib tushib, ichidagi maxluqniyam qazibop qipqo‘yadi.
Parriq ming‘ining ilmiy ishtahasi ochilib, endi fazoviy fanga panja urishga jur’at etdi:
– O‘zlari tilga olib o‘tgan maxluq fazo kemasiga chiqvolib, o‘lguncha osmonda uchib yuraversa, «MAZ» sho‘rlik dodini kimga aytarkin?
– Afsuski, uzoq ucholmaydi, – kutilmaganda, sira ikkilanmasdan e’tiroz bildiradi romchi. – O‘sha tug‘ma pandavaqining fazoviy aravasi qismatda belgilab qo‘yilgan kunga borib, ishdan chiqadi. Yerga qulaydi. Parchalardan sochilgan harom kulni «MAZ» degan moshina, albatta, tepalab o‘tadi.
– Bundan chiqdiki, qutulishning iloji yo‘q, – Mamashotiga bir tirjayib qo‘yib, yana romchiga mug‘ambirona suzildi Parriq ming‘i. – Shunaqa ekan, qandaydir xashaki kimsa jonimni saqlab qolishidan umidvor bo‘lishim to‘g‘rimikin, aka pochcha?
Parriq ming‘i, firibgar romchini oxiri jigidan ushladim-ku, degandek Mamashotiga g‘olibona nazar tashladi. So‘ng, romchiga boqib, uning avzoyi zarracha o‘zgar-maganidan taajjubga tushdi.
Qurmon romchi kiborlikda hanuz sobit turar, biroq ayrim iboralarning tobora shaloqlashib borayotgani hali yetarli darajada ziyoli bo‘lolmaganidan dalolat berardi.
– Men hech qaysi sassiqqo‘ng‘izning jonini saqlab qololmayman, – o‘sha o‘rtamiyona ziyoli darajasida sokin so‘zladi u. – Ammo, oldi-qochdi go‘rso‘xtalarning jonini egamdan tilab olish qo‘limdan keladi.
Shu yerda Parriq ming‘ining tili g‘o‘ldirab, gap topolmay qoldi. Ziyolicha olishuv davomida goh u og‘izga, goh bu og‘izga jovdirab, yuragi xitlanib ketgan Mamashoti nihoyat yengil nafas oldi. «Endi yetib bordimi? Masala talashishni senga kim qo‘yuvdi, yuvindi?» – deya sherigining yelkasidan turtdi. Bu gapdan Parriq ming‘i battar alangalandi, «e, buningni», deb romchiga qo‘lini shop qildi-yu, ziyolicha usul yana esiga tushib, tilini tishladi. Ziyolilikni qo‘ldan bermaslikka chiranib, gerdaygan kuyi eshik tomonga yurdi. Baribir chidolmadi. Boshqacha toifa bo‘lib yashashga ortiq qurbi yetmadi. Ostonada to‘xtab, romchiga ko‘zini lagan qildi:
– Eshitvol, sassiqko‘zan! Senga o‘xshagan tezakvachchaga ishonadigan to‘ngak endi tug‘iladi. Mard bo‘lsang, tek qo‘yib ber. Qani, o‘sha hezalak «MAZ»ing menga qanaqasiga yaqinlasharkin!
Mamashotining kapaligi uchib, shosha-pisha oraga tushdi:
– Bu tuzi pastdan xafa bo‘lmang, taqsir. Bola-baqralarini o‘ylamasdan gapirib qo‘ydi bu.
– Uchragan eshakcha bilan tepishaversam, tovonga kun ora taqa qoqtirishim kerak bo‘ladi, mulla Mamashoti,– uyqi elitayotgandek ko‘zini yarim yumib, mag‘rur so‘z qotdi Qurmon romchi. – Mayli, ko‘zini mo‘ltiratib oldimga kelganakan, bir tomondan sizning yuzingiz, bir tomondan norasida bolalarining hurmati, uni «MAZ» balosidan saqlab qolaman. Bu olamda marazlargayam joy topiladi, yaratganning bag‘ri keng.
Qurmon romchi so‘zini tugatib, Parriq ming‘iga zimdan tullakona chimirilib qo‘ydi. Vujudini zilzila qoplagan Parriq ming‘i bor ovozda «Av-v!» deb bo‘kirgisi, oldidagi eshikni vahshiylashgan ziyoli sifatida pachoq-pachoq qilib tashlagisi keldi.

1995 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.