OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Targ’il olma (hikoya)

Taqdirimdan nolimayman. Diyorimiz markazida chiqadigan, jamiki ijodkorlar orzusidagi mo‘‘tabar dargohlarda mas’ul vazifalarda mehnat qildim. Baxtimizga elektr poezdi bor ekan, azonda jo‘nayman, kechga tomon yana ikkinchi vagonda qaytaman. Diltortar odamlar uyushib, davra tashkil etgan ekanlar, shularga qo‘shilib olganman. Fayzulla aka davraboshi. Safimizda Azimjon, O’ktamjon, Habibullo singari o‘n chog‘li sara yigitlar bor. Beshinchi bekatdan davra malikasi chiqadilar. Ul xonimga bitta joyni band qilib boramiz-da, Fayzulla aka yoniga o‘tkazib yuboramiz. 
Davraboshimiz ta’kidlashicha, qatorda ayol bo‘lgani ma’qul: “Erkaklar odob saqlashadi, haddilaridan oshmaydilar, chegaradan chiqib ketmaydilar...”
Umr shunday o‘taverdi. Ba’zan suhbatlasha-suhbatlasha manzilga yetganimizni bilmay qolamiz, ba’zan gap-gapga qovushmaydi. Shunda kimdir kitob o‘qishga tutinadi, boshqa birovni mudroq bosadi. Men ko‘pincha deraza osha atrofni kuzatib boraman...
Bahor o‘z o‘rnini yozga bo‘shatib berayotgan kunlar edi. Poezdimiz so‘nggi bekat – Solor sari ilgarilab borar ekan, o‘ng tomondagi bog‘lar orasida ajoyib manzaraga ko‘zim tushdi. Shu zahoti yodimda jonlandi: bultur aynan shunday kezlarda bu ajoyibotni ko‘rgan edim. Biroq fikran ikkilanib, ko‘rganimni hech kimga aytmagandim. “Yoz hali boshlanmagan bu paytda olma pisharmidi, o‘tgan yilgi xazon faslidan qolgan quruq barglar bo‘lsa kerak”. Endi esa, tikilib qarasam, ular chinakam pishib turgan targ‘il olmalarga o‘xshardi...
Yonimda o‘tirgan Fayzulla akaning qulog‘iga shivirladim:
– Taqsir, anovi bog‘ orasidagi olma daraxti mevalari chindanam pishganmi? Yoki!...
Davraboshi hushchaqchaq, shu bilan birga biroz askiyaboz, hozirjavob inson edi. U bor bo‘yi bilan men tomon o‘girildi-da, jilmaygancha ko‘zimga tikilib:
– Sinov muddatini o‘tamay turib, bizning mevalarga ko‘z olaytirganingiz nimasi? – dedi. So‘ng men ko‘rsatgan tomonga qarab, u ham hayron qoldi. – To‘g‘ri payqabsiz, mevalari shu qadar yirik va bunchalar ertapishar olmani umrim bino bo‘lib men ham shu joyda ko‘rdim. Bu haqda gap ochganingiz yaxshi bo‘ldi: vaqt topib borasiz-da, o‘sha targ‘il olmadan olib kelasiz. Sizga vagon jamoasining topshirig‘i. Sovg‘ani ikkita qog‘oz xaltaga joylashtirasiz: biri hammamizga, yana biri vagonimiz malikasiga!...
– Juda to‘g‘ri! – deyishdi davradoshlar bir ovozdan. Vagon malikasi indamadi-yu, chiroyli yonoqlari lolarang tusga kirib, ko‘zoynagining gardishlarini nafis ro‘molchasiga artib-artib o‘tiraverdi. Chamasi, Fayzulla akaning kutilmagan topshirig‘i iffatli bu ayolni tadbiridan adashtirib qo‘ygan edi...
Shu kunning ertasigayoq vazifani bajarishga kirishdim. Ishimni barvaqtroq tugallab, poezd jo‘nashidan bir soatcha oldin Solorga yetib bordim. Qo‘limdagi yuklarimni bekat navbatchisiga omonat topshirdim-da, chaqqon borib, bog‘ egasi eshigini taqillatdim. Ostonada bo‘ychangina, go‘zal bir qiz paydo bo‘ldi. Vagon jamoasi topshirig‘ini hazil aralash tushuntirgan edim:
– Marhamat, istaganingizcha terib oling, – dedi u jilmayib.
Daraxtga chiqishning hojati qolmadi, yerga to‘kilganlaridan saralarini ajratib, qog‘oz xaltalarni to‘ldirdim. Pul uzatgan edim, qiz rad etdi. 
– Unda, yana bir iltimosimiz bor, – dedim unga. Ulab ko‘paytirish uchun olma novdasidan bahorda olsam maylimi?
– Afsus, kelgusi bahorda bu hovliniyam, daraxtlarniyam, targ‘il olmalarniyam topolmassiz, degan xavotirdaman, – dedi qiz ma’yusgina.
– Nima uchun? – ajablandim men.
– Ana qarang, – yuqori tomonga ishora qildi u. – Qo‘shnilarimizning hovli-bog‘larini bir boshdan tekislab kelishyapti. Bu joylarda qandaydir ishxonaning binolari qurilarmish. Bizga ham muddat belgilashgan: shaharda yangi qurilayotgan ko‘pqavatli uylardan biri bitishi bilan ko‘chib o‘tishimiz kerak ekan. Shundan keyin, bu joylarni tekislab tashlaydilar...
– Xudo xohlasa, targ‘il olmani ulab ko‘paytiramiz, uni albatta saqlab qolamiz!
– Koshki edi! – dedi qiz men bilan xayrlashar ekan. 
Poezdda qatnab ishlayverdik, kunlar o‘taverdi. Davradagilar o‘z yumushlari bilan band, mening xayolimdan bir fikr arimaydi: “Ishqilib, bahorgacha targ‘il olmani yo‘q qilib yubormasalar bo‘lgani...” Aksiga olib, quruvchilar jadal harakat boshladilar: tevarak-atrofni tekislashib, qish davomida uyni ham buzib tashladilar. Shundan so‘ng bog‘ni bir boshdan qiyratishga tushdilar. Nihoyat, navbat targ‘il olmaga keldi. Men har kuni qo‘rqa-pisa olmaga qarab o‘taman, “uni panohingda saqla”, deb Tangriga iltijo qilaman. Yo, qudratingdan, shu joyda ish birdaniga taqqa to‘xtab, quruvchilar ancha vaqt ko‘rinmay ketdilar. Quvonchim ichimga sig‘masdi. Shaharga ham qalin qor tushgan, shu tufayli ish to‘xtatilgandir, balki. Bahor ham mo‘ralay boshlagan edi. Qor ketar-ketmas, quruvchilar yana paydo bo‘lishdi. Shu kuni ertalab so‘nggi bekatdan so‘ng hamma o‘z yumushiga tarqaldi, men targ‘il olma sari shoshildim. Yetib kelib qarasam, sho‘rlik daraxtni qo‘porib tashlashibdi. Ammo badani hali “issiqqina” edi. Shu zahoti miyamga bir fikr keldi:
“Hoziroq daraxt navdalaridan kesib olib, ortimga qaytaman va qishloqqa chiqib payvand qildiraman. Targ‘il olmani saqlab qolishim kerak!..” Surx navdalardan bir bog‘lamini qo‘ltiqlab qishloqqa jo‘nadim. Yetib kelib, dastlabki qilgan ishim – eng yaxshi payvandchini surishtirish bo‘ldi. Kimdan so‘ramayin, go‘yo hammalari kelishib olganday, Abdumannop aka Mirg‘ulom o‘g‘li ulagan payvandlar bexato ko‘karib ketishini aytishardi.
Hamma maqtayotganini aytib ko‘ndirishga urinar ekanman, Abdumannop akaning soddadil va beg‘ubor yuzida jilmayish paydo bo‘ldi. U bulut quyuqlashib borayotgan osmonga qarab-qarab qo‘yar ekan:
– Havoning avzoyi chatoq, yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Ustiga-ustak payvandlash fursati to‘liq kelgani yo‘q, balki biror haftadan keyin boshqa novdalar olib kelarsan? – dedi. Men kuyib-pishib voqeani tushuntirdim, bu so‘nggi imkoniyat ekanligini qayta-qayta ta’kidladim.
– Mayli, sazang o‘lmasin, ammo ko‘karib ketishiga kafolat berolmayman, tavakkal qilamiz-da, - dedi bog‘bon kerakli asbob-uskunalarini jamlab. 
Boqqa yetmasimizdanoq sovuq tomchilar boshlandi. “Aytmovdimmi”, deganday, Abdumannop aka menga qarab qo‘ydi. U novdalarni besh-olti tup olma daraxtiga ulab ulgurmay ikkalamiz jiqqa ho‘l bo‘ldik. Shunda ham men uni qo‘yarda-qo‘ymay, qolgan novdalarniyam ulab berishga qistayverdim. “Biri bo‘lmasa biri shoyad ko‘karib ketsa”, derdim qayta-qayta.
Sovuq yomg‘ir ho‘l qorga aylandi. Bir ahvolda qaytar ekanmiz, Abdumannop aka har doimgiday samimiy xayrlashar ekan: “Agar birontasi ko‘karib ketsa oshig‘ing olchi, mevaga kirganda meniyam chaqirarsan, - dedi. Buni qarangki, shuncha payvanddan bittaginasi tutib qolibdi. Quvonchim ichimga sig‘may, suyunchi olish uchun Abdumannop akaning uyiga yugurdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, Abdumannop akaning eshigida bel bog‘lagan qator odamlar boshlarini quyi egib turishardi. Sho‘rlik qo‘li gul bog‘bon! Katta ko‘chani kesib o‘tayotganda g‘oyat tezlikda kelayotgan mashina urib ketibdi!..
Bular ancha yil oldingi voqealar. Abdumannop aka ulagan olma hozir ko‘rkam va sershox daraxt. Har yili hosil beradi. Mevalari yirik, targ‘il. Azim shaharda qachonlardir ko‘zlarni quvontirib, hammani hayratga solib turuvchi mevalarning o‘zginasi! Faqat, tog‘ sharoiti tufaylimi, ular may oxirida emas, iyun o‘rtalarida pishadi.
Targ‘il olma sabab endi binoyidek bog‘bonmiz. Bog‘ ishlariga berilib ketib, tomorqamizni sarxil mevazorlarga to‘ldirib yuborganmiz. O’n gektardan ziyod tog‘ terassalarida ham so‘lim bog‘lar yaratib qo‘ydik. Bular bari bir taraf bo‘lsa, targ‘il olmaning tarovatu ko‘rki bir taraf. Unga mehrimiz chindan bo‘lakcha...
Elektr poezdining ikkinchi vagonida qatnagan serzavq insonlar hozir turli joylarda yashab, ishlab yurishgandir. Davra malikasi, go‘zal yuzli targ‘il olma egasi ham omon-eson bo‘lsalar kerak. Men ularni qo‘msayman, sog‘inaman. Olma pishganda ularni har yili bog‘imda kutaman. Abdumannop aka haqqi-hurmati uchun duoi fotihani hech qachon unutmayman. Siz ham shu tarovatli damlarda aziz mehmonimiz bo‘ling, azizlarim!...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.