OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Uch og’iz so’z (hikoya)

Qiz anchadan beri yuragida saqlab, o‘zini qiynab yurgan gaplarini yigitning betiga ochiq aytolmadi-yu, yaqin dugonasidan maktub orqali jo‘natdi. Tog‘ yonbag‘rida yonariq kavlab, bog‘ yaratayotgan yigit horib-tolib uyi tomon kelayotganda jini suymaydigan qiz yo‘lini to‘sib chiqdi. 
- Mashkuraxon berib yubordi, - dedi Salima beparvogina konvert uzatarkan. Bu xat yigitni sevintirishi lozim edi. Ammo Rejaboyning ko‘ngliga negadir xavotirlik tushdi, Salimaga o‘qrayib qo‘yib, konvertni yulqibroq oldi. “Alamzada bu, bir paytlar bilib-bilmay gap otganim uchun Mashkurani mudom yo‘ldan urib yuradi”, - o‘yladi yigit. 
Rejaboyning sabri chidamay, shu zahoti konvertni ochdi-da, yo‘l-yo‘lakay xatni o‘qib boraverdi. 
“Rejaboy aka, – yozardi Mashkura, – mana, ikki yillik amaliyotim ham tugab qoldi. Sizning taklifingizni obdan o‘ylab ko‘rdim. Rostimni aytay, men shaharda o‘sib-ulg‘aydim, balog‘at yoshiga yetib, o‘qishlarni bitirib, hech kimga ko‘ngil bermadim. Biron-bir yigit ko‘nglimga to‘g‘ri kelmadi. Endi iqrorman, so‘rovingizga ochiq javob ayta qolay, siz borlig‘imni band aylaganingiz rost. Ammo, ma’zur tutgaysiz, meniyam kichkinagina bir taklifim bor. To‘yimiz o‘tgach, shaharda yashasak. Bilasiz, oyimlarning yolg‘iz va kenja qiziman. Ish, uy-joy tashvishlarini o‘ylamang, akalarim katta joylarda, bir yo‘lini topishar. Javobingizni Salimaxondan berib yuborarsiz. Ezgu umid bilan javob kutib qoluvchi Mashkura...”
Xat Rejaboyning qalbini olovdek beayov kuydirib o‘tdi. To‘satdan tok urgandek u o‘zini yo‘qotib, bir joyda turib qoldi. “Oh taqdir! – shivirladi yigit lablari. Bu ne hol?! Ota-onasiz qancha azob-uqubatlarda katta bo‘lganim yetmasmidi?! “Yetimning ovlog‘i yo‘q, egni but bo‘lsa, shu uning tug‘ilgan joyi,” deganlari rost ekan-da! O’lib-tirilib yaratayotgan bog‘-rog‘larim nima bo‘ladi?..” Rejaboy qo‘lidagi xatni beixtiyor g‘ijimlar ekan, cho‘zinchoq qoramag‘iz yuzi oqara boshlagan, yirik qora ko‘zlari chaqnab, lablari bir-biriga mahkam qisilib borardi. – Toshkentliklar o‘zga yurtlarga qiz uzatmaydi, deyishardi- ya! 
G’azab otiga mingan yigit o‘girilib qarasa, Salima nari-beri odimlab, javob kutib turgan ekan. Rejaboy cho‘ntagidan yondaftarini oldi-da, bir varag‘ini shartta yirtib, unga uchta so‘z yozdi: “Tushingizni suvga ayting!..”
Dunyoning ishlari g‘alati ekan. Necha yil davomida bir-birini yeru ko‘kka ishonmay, qoshu ko‘zdek avaylab yurgan ikki qalb orasida birdaniga o‘tib bo‘lmas yomon jar paydo bo‘ldi. Oliy o‘quv yurtining biologiya fakultetini birga tugatishgach, bog‘dorchilik-uzumchilik instituti tog‘ filialiga ishga kelgan paytlarida Mashkura chinakam baxtini topgandek edi. Undan kelgan uch og‘iz so‘zni o‘qigach, butun dardi-dunyosi qorong‘i bo‘lib, kun bo‘yi bosh ko‘tarmay, yig‘lab yotdi. Axiyri hamma bilan xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, kechki avtobusda Toshkent sari jo‘nab ketdi...
Qizning ketib qolganini eshitgan Rejaboyga bu olam tor qafasga aylandi-qoldi. Yigit o‘zini ish bilan ovutishga urinardi. Tun bo‘yi ko‘ziga tayinli uyqu inmagan bo‘lsa-da, tong saharlab dalaga chiqib ketardi. Qo‘llari ish bilan band esa-da, xayolan Toshkent sari parvoz qilardi. Axiri chidamay, beixtiyor: «Oh, benavo dunyo, – derdi baralla tovush bilan, – qadimda-ku, sevishganlar orasida Qorabotirldar bo‘lardi. Bizning o‘rtamizda hech kim yo‘q-ku, bemavrid ayrilig‘ing boisi ne?» 
Bora-bora Rejaboyning ishtahasi yo‘qoldi, kuch-quvvatdan qoldi. Uyqusizlik, yelkasidan tog‘dek bosib turgan g‘am yuki tinkasini quritdi, keng yelkalari puchayib, rang-ro‘yi sarg‘ayib ketdi. Uni “sariq” deyishib, kasalxonaga yotqizishdi, “tif” deyishib, tit-pitini chiqarib tekshirishdi. Yigit soppa-sog‘ edi-yu, ahvoli tobora nochorlanib borardi. Shunday kunlarning birida palata eshigi ohista ochilib, Salima kirib keldi. Unga ko‘zi tushgan Rejaboy darhol teskari o‘girilib oldi. Jafokash yigit lablari pirpirab bir so‘zni takrorlardi: «Shumqadam, axiyri niyatingga yetding-a!»
– Rejaboy aka, men begunohni namuncha qiynamasangiz! – dedi Salima bemor yonboshidagi kursiga omonatgina cho‘kar ekan, – odamlarga yaxshilik qilay, derkansan-u, ba’zan aksi bo‘lib chiqarkan. O’shanda dugonamning maktubini sizga quvonib-quvonib eltib bergandim. Men-ku, kuydim, sevishganlar uchun sal bo‘lsa-da, yordamim tegsin, deb o‘ylagandim. Konvert ichida ne borligini men qaydan bilibman?! Mashkuraning to‘satdan Toshkentga ketib qolishi, sizning birdan bu ko‘yga tushishingiz... Bilaman, meni unutgansiz, hatto nafratlanarsiz ham! – Salimaning yuzlaridan yoshlar navbat kutmay yerga tomardi. – Cizga xushxabar emas, shumxabar olib borganimni keyinroq bilib qoldim. Mashkuranikiga tushib bordim. Meni yuziqaro qilgani uchun boplab ta’zirini bermoqchiydim. Qarasam, sho‘rlik shundoq ham siz kabi davosiz dardga mubtalo bo‘lib yotgan ekan. Ezmalikka berilib ketibman, Rejaboy aka, boshingizni ko‘tarib, qaddingizni tutib o‘tiring. Sizga shundayin bir noyob sovg‘a olib kelayki, ko‘rgan zahotingiz hamma dardlardan forig‘ bo‘lasiz!..
Rejaboy o‘girilib qarasa, Salima yo‘q. “Nimalar deb alahlayapti bu qiz? Noyob sovg‘asi nima ekan?” Yigit o‘rnidan turib o‘tirdi, yoyilib ketgan sochlarini tartibga soldi. 
Bir ozdan so‘ng eshik yana ohista ochilib, avval Salima, ortidan... Chaqnab, doimo kulib yuruvchi shahlo ko‘zlar ich-ichiga botib, xayolchan bo‘lib qolibdi. Qirmizi lablar, ozganigami, tiniqlashibdi, “bo‘yoq yetmay qolgan” chap burchi ko‘zga yanayam aniqroq tovlanardi. Qorato‘ri yuzlar cho‘zilibdi-yu, chiroyi yanayam ortibdi. Qizning bo‘yi ham uzayib qolgandek ko‘rindi yigit ko‘ziga. 
– Mashkura! Mashkuram!! 
Shu onda yigit nigohi nogahon Salimaga tushdi. U eshikdan astagina chiqib ketmoqda edi. 
 – Salima, to‘xtang, eshiting gaplarimni! – dedi Rejaboy baralla tovushda. – Siz, siz!.. Meni kechiring!!.
Bu payt Salima ko‘chaga chiqib ulgurgandi. Rejaboy bilan Mashkura bir-birlariga tikilib qolishdi. 
– Voy, Rejaboy akam-ey, qaysi toshbag‘ir sizga shunchalar sitam qildi? Menga ayting, agar Mashkura bo‘lmay, avliyosi bo‘lsa ham yaxshilab ta’zirini berib qo‘yay! – istig‘no aralash hazillashgan bo‘ldi qiz. Ammo o‘zini tuta olmay, yigitning ko‘ksiga yosh oqayotgan yuzini yashirib shivirladi. – Kechiring, azizim, bunchalik bo‘lar, deb o‘ylamovdim. Salimaning gaplarini eshitgan oyim ham rosa ta’zirimni berdilar. “Sen qaerda baxtli bo‘lsang, mening baxtim shu!” dedilar.
– Yo‘q-yo‘q, butun baxtimizni yo‘qqa chiqarayozgan uch og‘iz so‘zni yozishga jur’at etgan men johilni siz kechiring! – dedi yigit qizning lovullab, hovur ko‘tarilib turgan yuzlarini kaftlari orasiga olib. – Mayli, siz qaerda desangiz, shu joyda yashaylik! Nima bo‘lsa ham...
Qiz nafis va bejirim barmoqlarini yigitning lablariga bosib engashdi-da, qulog‘iga shivirladi:
– Xuddi mana shu qishloqda, siz istayotgan ushbu bog‘u rog‘larda yashaymiz! Men o‘shanda naqadar tor o‘ylagan ekanman. Rahmat oyimlarga, Salimaxonga, ko‘zimni ochdilar! Bu yer ham Toshkent, endi bilsam, Vatanimizning hamma joyi Toshkent ekan! Toshkentni diyorimizdan, diyorimizni Toshkentdan ajratib bo‘larkanmi, Rejaboy aka!..
Rejaboy mahbubasi ko‘zlariga termilib turib, yana uch og‘iz so‘z aytishga jur’at etdi. Ma’zur tutgaysiz, bu haroratli so‘zlarni o‘zingiz topib olarsiz...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.