OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Dilmurod. Qo‘ng‘iroq (hikoya)

Yarim kechada uyqusi qochgan Tugalboy muallim ko‘rpani siltab ustidan uloqtirdi, so‘ng bir chirillab yig‘layotgan Maqsudjonga, bir uni ovutolmay yuragi qonu zardobga to‘lgan Shafoatga parishon tikildi. Endigina uchni qoralagan yolg‘iz farzandning boshi darddan chiqmadi, Xudodan shifo so‘rayverib xotini ayniqsa qiynalib ketdi.
Tugalboy visol damlaridan birida Shafoatni hazilu chin aralash ko‘nglim guli, muhabbatim qo‘­riq­boni deb atagandi, mazmunli o‘tgan to‘ydan keyin ham uni, shirin muomalasini ayamay, iloji boricha kaftida ko‘tarishga urindi, peshonasiga aqlli-hushli, husni malohatda tengsiz ayol bitilgani uchun Tangriga shuk­rona aytardi.
Lekin iloj qancha, dunyo biri kam-da, bir yostiqqa bosh qo‘yishganiga yetti yildan ziyodroq vaqt o‘tsa ham tirnoq buyurmadi, eskichayu yangicha rasmu rusumlardan najot istab tinkai madorlari quridi. Oxiri taq­dir­ga tan berishgach, buni qarangki, ko‘p o‘tmay xonadonda chaqaloq "inga"ladi.
Otalik zavqu shavqi buyurgan Tugalboy o‘shanda os­monu falakda parvoz etayotgan qushga o‘xshardi. So‘ng kuchli bo‘ronda qanotlari singandek nogoh quyiga sho‘n­g‘idi. Xudodan tilab olingan go‘dak chillasi chiqmay kak­radek ko‘karib yig‘laydigan bo‘ldi.
Qishloq shifokori Odinaqul Maqsudjonni mehri iyib davoladi va u miyasida o‘simta orttirib tug‘ilgan degan xulosada to‘xtadi. Taxminiy tashxis shaharda tas­dig‘ini topgach, eru xotin paytavasiga qurt tushdi. Achchiq ichakday cho‘zilgan muolaja tayinli natija bermagach, topish-tutishlari qanaqa ekanidan bexabar pro­fessor aqldan ozdiruvchi fikr aytdi: yagona yo‘l xorijda davolatish!..
Hozir Maqsudjonning yig‘isidan halovatini yo‘­qotgan Tugalboy esiz shuncha muolaja degan o‘yda ezildi. So‘ng dilida umid shamini yoqqan farzand kelajagi endilikda qanday yo‘l-yo‘riq tutishiga bog‘liq ekanini xayolidan o‘tkazdi. Shunday ekan, arzimas maosh bilan kifoyalanmay, jonini garovga qo‘yib bo‘lsa-da, mo‘l-ko‘l mablag‘ topishi kerak. Tijorat ummoniga sho‘ng‘imay bunga erishmog‘i dargumon!..
Tugalboy tong otguncha mijja qoqmay shu haqda o‘yladi va boshqa imkon yo‘qligiga qayta-qayta imon keltirdi. Ahdu qarorini shahlo ko‘zlarida qayg‘u va hasrat balqib turgan Shafoat bilan bo‘lishar ekan, oldida boshqa muammo ko‘ndalang bo‘ldi, axir, pichoqqa ilinadigan yoru birodarining barchasidan ozroq yoki ko‘proq qarz ko‘targan, yana qaysi biri bu borada mushkulini oson qilishi mumkin?!
Muddaosi qat’iylashgach, betiga charm qoplab, ko‘p­­­dan beri tijorat nonini yeb uchovoraga qo‘shilgan de­vor-darmiyon qo‘shnisining naqshinkor darvozasini qoq­di. Serhasham ayvonda yolg‘iz bilyard o‘ynab ovunayotgan Akmal shirakayf ekan, to‘ldirib quyilgan paxta gulli piyolani uzatgach, arzini tingladi-da, ishqilib noumid qaytarmadi...
Tugalboy tong azonda tuman markaziga oshiqdi, it egasini tanimas to‘s-to‘polon bozorga oralar ekan, shovqin-suron orasidan bot-bot maktab qo‘ng‘irog‘i jiringlashi eshitilardi. Ajib ohang sehrini tuygani sayin necha yil mobaynida e’zozlagan kasbini begona hayot tarziga almashtirish uchun bu yerga ataylab qadam ranjida qilgandek xijolat cheka boshladi.
Tugalboy betartib kappon bo‘ylab onasidan adash­gan buzoqday uzoq tentiradi, oxiri tez-tez Xudoni yod etayotgan cho‘pdek ozg‘in ko‘sa kishi atrofida o‘ra­lashdi. So‘ng butun bozorda bundan sarasi yo‘q deb ta’riflagan g‘alvirak yong‘og‘iga talabgor bo‘ldi. Agar ikki tonnadan ziyod shu yukni shaharga eltib sotsa tuzukkina foyda qolishi mumkin – ichida bir ovoz shunday demoqda edi.
Faqat ish bexosdan teskari tomonga aylandi, yuk­ni shahar bozoriga tushirgan hamono kimdir g‘alati gap aytdi. Avval ishonmadi, yukni nazardan kechirgach, qoq boshiga so‘yil tekkan kabi dovdirab qoldi. Endi arzu dodini kim eshitadi, hayhot, barcha xalta dabdala bo‘lib, bozor lahjasi bilan aytganda, ustakorlik bilan “o‘qlab” qo‘yilgandi, ya’ni usti toza-yu, osti sidirg‘a toshday qattiq ko‘rak edi, mag‘zini ochofat kuya-mita ilma-teshik qilib tashlagan...
Tugalboy o‘limdan boshqasiga chora bor degan aqi­dani esladi, so‘ng qoshu ko‘zlari o‘ynoqlagan ol­g‘ir­larga taqlid qilib, molini eshilib maqtashga ki­­rishdi. Hayal orasida tomog‘i yirtilgudek holda shunchalar ko‘p ba­qirdiki, oxiri tovushi moylanmagan arava gupchagi g‘ichirlashiga o‘xshab qoldi. Faqat xaridor anqoning uru­g‘i bo‘ldi, yoniga kelgan kalondimog‘ va tantiq kaslar, og‘zi ochiq xaltalarga birrov qa­rashardi-da, sekin bosh chayqab jadal burilib ketishardi.
G‘animat fursat zerikarli va samarasiz kechaverdi, sovuq va ochlik jonidan o‘tgan Tugalboy kechayu kunduz uxlamay qurtlagan yong‘oqlarini qo‘riqlardi. Asta-sekin tavbasiga tayandi, maktabda tinchgina darsimni berib yursam o‘larmidim degan o‘ydan miyasi qatig‘i achib ketdi. Hatto yukni foyda deganda jardan tashlashga tayyor jalloblardan biroviga suvtekin yoki nasiyaga berib ketishni chamaladi, so‘ng qarshisida hali dumbulligi sezilib turgan qoraqosh yigitni ko‘rdi. Nogoh sergak tortib ishshaydi-da, zumda bisotidagi jami ko‘z boylovchi so‘zlarni gumbirlatib ishlatdi. Laqqa baliqday qarmoqqa ilingan yigit, arzon molga yo‘liqqani uchun sevinib, ko‘p o‘ylamay dangal qo‘l olishdi va bor baraka qildi...
Birdan o‘zini tutib olgan Tugalboy shahar bilan tuman markazi o‘rtasida erinmay bo‘zchining mokisidek qatnayverdi, ba’zan oppa-oson chuv tushdi, ba’zan buning alamiga kimgadir devor ushlatib ketdi. Bir safar binoyidek “o‘qlangan” yetti tonna olma va nokni hovliqmaroq mevafurushga amallab o‘tkazdi-yu, ko‘pdan beri uy-joyi, xotini va betob bolasidan hol so‘ramaganini eslab bozordan uzildi. Avtobus o‘rindig‘iga cho‘kib, birpas nafas rostlagach, xayolidan belni baquvvat qilish iloji oson ekan-ku tarzidagi ajib mulohaza kechdi, saldan keyin erta-kech maktab ostonasida yotib olgani Xudo urgan mirquruqqa aylanishiga xizmat qilishdan boshqasiga asqotmaganini afsus ila taroziga soldi.
Tugalboy qachondir pinak qilibdi, notekis joyda avtobus silkinib ilkis ko‘zlarini ochsaki, a’zoi badani isitma og‘ushida, ikkala tovoni g‘alati lovullab zirqirayotir, go‘yo etlari bilan suyaklari orasida bir necha danakday cho‘g‘ o‘rnashib olgandi. Ancha ilgari ko‘cha-ko‘yda yupun kiyinib yurgani bois qahraton sovuqda shamollab qolgandi. G‘alati lohaslik shuning asorati bo‘lsa kerak. Ammo tovonlari achishayotgani sababi nimada?! Uyda harorati pasaysa-da, do‘zax azobiga teng sirqirash bosilmadi, Maqsudjonning boshida parvona Sha­­foatni tahlikaga qo‘ymaslik ilinjida, ingranish yoki bo‘zlashdan arang tiyilardi.
Shafoat befahm emas-da, ertalab bir qarashdayoq ahvolini sezdi va nafsoniyatiga tegmaydigan qilib gap kavladi. Oxiri noiloj yorildi, faqat tovonlari­ni ishg‘ol qilgan cho‘g‘ nima balo ekanini umuman tushuntirib berolmadi. La’natini unutishga tirishib, sarmoya tiqilgan charm sumkani yelkasiga osdi-da, yana tuman markaziga shoshildi. Eshikdan chiqar payti Shafoat ehtiyot yuzasidan avval Odinaqul oldidan o‘tgani ma’qul ekanini ta’kidlagach, rejasi o‘zgardi.
Odinaqul top-toza va silliq tovonlariga qayta-qayta jiddiy nigoh yugurtirdi, barmoqlari bilan o‘rtasi va girdlarini goh avaylab, goh qattiq bosib-bosib ko‘rdi, achishib kuyishuv sababi xususida tasavvur beradigan nishona topilmagach, asabni tinchituvchi dori ichib turishni buyurdi.
To‘g‘risi, Odinaqulning muomalasidan barcha xa­vo­tiri tumandek tarqadi va ancha yengil tortdi, fa­qat asab bilan bog‘liq bo‘lsa bemalol davosini qi­lish mumkin degan o‘yda, dori qog‘ozini g‘ijimlab uloqtirdi-yu, tijoratni yanada tuzukroq yo‘lga qo‘yish niyatida avtobus bekatiga burildi.
Tuman markazidagi bozor bugun yanada to‘s-to‘polon ekan, g‘ala-g‘ovurda juda tez toliqdi, kallasi ari inidek g‘uvillardi. Qanday mol mo‘may pul tug‘ishini uzoq chamaladi. Oxiri qoshu ko‘zlarini bo‘yagan xushro‘y ayol bilan yigirma besh xalta devzira guruch ustida savdo pishitdi. Fahmicha, har jihatdan namunali mol xarid qilgandi. Yana xonadoniga qo‘ni-qo‘nji to‘lib borishini o‘ylab orziqardi.
Faqat nimagadir shahar bozori yotsirab qar­shi­ladi, savdosi hadeganda yurishmay, yana ruhi cho‘kdi, ming bir xayol ko‘chasida izg‘idi. Aftu basharalari sirli xaridorlar moliga xushlamay nigoh otib, burunlarini jiyirgancha nari jilishardi. Qachondir chap yonog‘ida no‘xatdek so‘gal bo‘rtgan, kalta mo‘ylovli daroz kishi, birodar, uyalmay-netmay g‘isht kukuni bilan bo‘yalgan narsani olib chiqibsiz-da deya, afsus aralash kesatdi-yu, ustidan qaynoq suv quyilgandek seskandi.
Tugalboy hushini yig‘saki, daroz joyidan qi­mir­lamay hamdardona tarzda javdirab sukutga tolibdi. Bir payt hali dum bermagan sapcha ekansiz ma’nosida iljaydi, so‘ng sizni o‘zim tarbiyalayman der ekan, ukki ko‘zlari yanada g‘ilaylashib sovuq porladi.
Nima qilarini bilmay gangigan va yuragi tagiga tortib gumirayotgan Tugalboy toshingni ter demoq uchun lab juftladi. Lekin nigohi nigohi bilan to‘qnashdi-yu, afsun bo‘lgan kabi tilini tishladi. Keyin esa u, past tovushda maslahat bergach, Xudo yo‘llagan najotkorga o‘xshadi.
Tugalboy daroz tanishtirgan keksaroq sotuvchidan yuz ellik kilo devzirani arzonroq bahoda nasiyaga oldi, qorong‘i tushib bozorda odam siyraklashgach, daroz ko‘magida barcha xaltani “o‘qlab” tashladi. Ertalab paydo bo‘lgan yangi oshnasi tug‘ishgan inisidek quyuq so‘rashdi, Xudodan xayru baraka tiladi. Hayal kechmay qayoqdandir tog‘lik cho‘ponni yetaklab keldi va asalday shirin lutflar bilan qariyb ikki tonnalik yukni ancha qimmat narxda olishga ko‘ndirdi.
Tugalboy qalin o‘rmonda ilk marotaba bahaybat filga yo‘liqqan bola taxlit anqayib qolgandi, omadi chopgani va xorij safari tezda amalga oshishini o‘ylagani sayin ruhi yuksalardi. So‘ng daroz va nasiyaga mol bergan odam bilan hisob-kitob qildi. Tobora qiziyotgan bozorni tark etgan damda mo‘maygina foyda ilashtirib qaytgan mulla jiring tafti bag‘rini yoqimli isitayotgan edi.
Tushunish qiyin, qachondir o‘sha taft yo‘qoldi, av­tobus gavjum shahar ko‘chalaridan g‘izillab yelayotgandami yoxud qishloqni yonlab oqadigan soy bo‘yiga yetgandami, butunlay so‘ndi. Hademay Shafoatning dilini charog‘on etishini o‘ylab mamnun borayotgani uchun e’tibor qilmadi, avtobusdan shoshilib tushgan chog‘da esa, tovonlari jizillab kuyishdi, go‘yo oyoqlari to‘pig‘igacha lang‘illagan cho‘g‘ga aylanib qolgandi.
Yigirma qadam yurmay masrurlikdan asar ham qolmadi, hushsiz odam kabi tevarakka ma’nosiz mo‘l­tirab boqardi. Qachondir g‘oyibda yangragan qo‘n­g‘iroq sadosi dilida aks sado berdi-yu, tovonlari sarjin kabi yona-yona titilib ketgandek tuyuldi. Muloyim jilmayib qarshilagan Shafoatga ko‘z qiri bilan beparvo qaragach, yig‘lamsirab chug‘urlayotgan Maqsudjonni dast ko‘tarib quchoqladi-da, endi men ham sendek xastaman ma’nosida qoshlarini chimirdi.
 Baxtu taxti qo‘rg‘oni Maqsudjonning dardi ma’lum, ammo uniki qanaqa ofat ekani qorong‘i – qonga tashna qiluvchi azobi boru o‘zi yo‘q, axir, qo‘yib bersa bemalol Luqmoni hakimman deb keriladigan Odi­naqul ham tunov kuni aniqlay olmadi.
Tugalboy bezovtaligini darhol payqagan Shafoat tijorat natijasini ezg‘ilab surishtirdi. Qaltis vaziyatni tasodifan uchragan kimsa yordamida daf etganini eslab bo‘shashdi-yu, ko‘nglingni to‘q qilaver, ey xotin, foyda tagida qoldik deya, tilini hakka cho‘qigandek ming‘irladi, bo‘g‘zidan arang uzilgan bo‘g‘iq ovoz ahvoli tang ekanini oshkor aylagandi.
Ana shu fursatdan boshlab Tugalboy poyonsiz va yorug‘ dunyoga sig‘may bo‘g‘iladigan, faqat o‘zi emas, yana allakimlar tomorqasiga g‘ijinib tosh otadigan bo‘ldi. Axiyri, shu qadar tajang bandaga aylandiki, yarimta gap kamlik, bitta gap ko‘plik qilardi.
– Tavba-ey, namuncha tegmanoziksiz? – Qaysi bir oqshom enajon deb chorasiz ingrayvergach, Shafoat chi­roqni yoqib to‘ng‘illadi. – Hatto andak ko‘kargani yo‘q, shish­gan yoki yiring-piring yig‘gan emas! Fol ochirsak nima deysiz, dadasi!..
Odinaqul ko‘magiga muhtoj ekanini chamalayotgan Tugalboy birdan olaydi va bas deb pishqirdi. Rah­matli otasiga o‘xshab, folbinu qushnochni xushlamasdi, ayniqsa, ko‘plar uydirmakash deb kamsitadigan Xayri momoni eslasa badani uvishardi.
Shafoat chiroqni o‘chirgach, Tangri qo‘lladi chog‘i, bor­lig‘ini ajib rohat egallab, kipriklari yumildi. Faqat tovonlaridagi danakday cho‘g‘ uyqusida ham so‘nmagani uchun bezovta inqillab qo‘yardi, qachondir tu­shida chap yonog‘ida no‘xatday so‘gal bo‘rtgan daroz bo‘yladi. Yeng shimargan daroz shaqillatib pul sanar­di va Tugalboyga ko‘z-ko‘zlab qiqirlardi. Sal narida esa tumshug‘ida girdlari kemtik qo‘ng‘iroq tutgan laylak quchoqlagan Xayri momo to‘rsayib o‘y surayotir, ba’­zan qoqsuyak qo‘li bilan devorlari suvog‘i ola-chalpoq ko‘chgan maktabni ko‘rsatib xo‘rsinadi...
Tugalboy cho‘chinqirab uyg‘onganda allaqachon oftob bir arg‘amchi bo‘yi ko‘tarilgandi, g‘alati tushini eslab qovog‘i uyildi. Tinmasak cho‘g‘ o‘chakishgan kabi to­vonlari osha to‘piqlarini qamrayotgandi. Bunaqada erta boru yo‘g‘im butkul noma’lum dard ixtiyoriga o‘ta­di shekilli qabilidagi taxmin xayolini o‘g‘irladi va bo‘sag‘ada mo‘ltirab xayolga tolgan Shafoatni ko‘rdi.
– Baribir o‘sha ta’viyani tavop qipsan-da?..
Ichida qandaydir loyqa yig‘ilgani sezilib turgan Shafoat so‘ylagani shoshilmadi. Odatdagidek xarxasha qilayotgan Maqsudjonni ovqatlantirib tashqariga yurgach, Xayri momo tilingni kesvoldimi tarzida tag‘in piching yumalatdi. Endi u kaftlari bilan ilkis qizargan betini yopdi-yu, zumda bir dunyo safsatani qalashtirdi.
Qanday tushunsinki, tovonlarini Alloh dar­go­hi­dan quvilgan shayton nafasidan urchigan, ikki dunyoda ham to‘ydim demaydigan qandaydir jondor kemirib yotganmish, oxir-oqibat u balo-qazodek butun jussasini bir hovuch talqonday yeb bitirarmish!..
Ana shunaqa, hassasi emas, jag‘iga suyanib qolgan Xayri momo gapga boplab to‘n kiygazibdi, bunaqasi hatto bir yolg‘ondan chiqqan qirq yolg‘on haqidagi alomat ertakda ham uchramaydi. Ota o‘g‘il-da, uydirmadan beshbattar folga ishonmay juda to‘g‘ri qiladi, qolaversa, mabodo ishongani bilan nima ham baraka topardi.
Bugun ertalab Tugalboy muttasil xuruj qilayotgan cho‘g‘ni la’natlab hovlidan uzildi. Mahalliy Luqmoni hakim endi albatta aniq tashxis qo‘yishiga umid bog‘­lab odimlardi. Shifoxona qarshisida ilgari sira bo‘lmagan uzun navbat ko‘rindi. Qovoqlari ko‘pchigan yoru birodarlari bilan issiq salomlashdi. Alik o‘r­niga tovonlarimiz olov ichida tarzidagi so‘zlar yang­rab, tik oyoqda bosinqirayotgan odam ahvoliga tushdi. Navbati yetib Odinaqul huzuriga kirgach, shu qadar mulzam va karaxt ediki, muzlagan kabi tili aylanmadi.
– Haligi... jondor g‘ajimoqda, shundaymi?! – ni­hoyat jimlikni buzdi Odinaqul. – Tavba, kim to‘qidi bu­ni, jigarim?!
– Jondorni bilmadim... Cho‘g‘ naqdina, – peshonasi tirishib g‘udrandi Tugalboy, xayolida Xayri momo jonlanib. – Davosini qil, yo‘qsa hozir poyingda yi­qilib tinchiyman, uvolimga qolasan!..
 Odinaqul nafasingni issiq qil ma’nosida boshini saraklagandan keyin qitirlatib qog‘oz qoraladi, qog‘ozni uzatayotib shaharda imkon katta ekanini ta’kidlab qo‘ydi.
Tugalboy uyga qadar go‘yo hovuch-hovuch cho‘g‘ni titrab-qaqshagan ko‘yi yalangoyoq bosib keldi, ertalab lovullash to‘piqlari osha boldiri tomon surilganini yaqqol tuydi-da, ikki boylam pulni qo‘yniga tiqib, qolganini Shafoatga tutqazdi va ahdu qarorini ma’lum qildi.
Imoni komilki, Odinaqul uqtirganidek, azim sha­­­­harda har taraflama imkoniyat katta, demak, o‘sha yerda samarali davolanib, noma’lum langdan qu­tu­ladi, agar loqaydlik tufayli to‘shakka mixlanib qolsa, xorij safari amalga oshmay xonumoni kuyishi mumkin, axir, mablag‘ do‘l emaski, duvillab osmondan yog‘ilsa!..
Tugalboy uydan chiqqanda ham, avtobus saloniga qa­dam bosgan chog‘da ham tovonlari va boldirlarida, etu suyaklari orasida, behisob cho‘g‘ donalari suvarak taxlit naridan beriga betinim o‘rmalardi, shahar chet­rog‘ida joylashgan kasalxona darvozasidan kirar ekan, beyoqim g‘ivirlayotgan donalar lov etib alanga oldi.
Tugalboy qabulxona eshigi oldida to‘plangan yoshu qaridan nariroqda kalovlanib to‘xtadi, ajabki, izdihom ahli olazarak holda tovon bilan bosh o‘r­­­­tasida aylanib yuradigan jondordan nolirdi. Qa­yoq­dandir paydo bo‘lgan nuroniy chehrali chol, min­g‘ir-ming‘irlarga andak quloq tutdi-yu, Tugalboy yaqi­niga ke­lib pichirladi:
– He-e, o‘g‘lim, seniyam g‘aflat bosibdi. Bilib qo‘y­ki, buning davosi inshoolloh o‘zingda, behudaga uni bosh­qa joydan izlama!..
Nogoh Tugalboy tasavvurida Shafoat iltimosi bilan fol ochgan Xayri momo gavdalandi, so‘ng ha­mon quloqlari ostida yangrayotgan tagdor so‘zlarga izoh so‘rash uchun chog‘landi. Lekin keksa suhbatdosh al­laqachon soyadek nomu nishonsiz yo‘qolgandi, noiloj alanglab qolaverdi.
Quyosh botar pallada dastlabki nazoratdan o‘tgan Tugalboy oq xalatga o‘ralgan nozikkina juvon izidan imillab palataga kirdi. Dori-darmon hidi anqiyotgan xonada uch bemor o‘zaro yovlashgandek to‘rsayib o‘ti­rardi, zimdan ularni kuzatib iljaydi.
Ko‘zlari Xudo haqqi aldamayotir, axir, aftu angorlari, tovushlari va kalomlariga qadar xotirasida naqshlanib qolgan dumbul, ko‘sa va darozni tanimay o‘libdimi?! Yetti uxlab tushiga kirmagan g‘aroyib uchrashuv ta’bini yanada xufton ayladi. Bozorda pashshani filu filni pashsha o‘rnida o‘tkazish hadisini egallagan shu qavm bilan taqdirdosh ekanini e’tirof etish behad og‘ir botayotgandi. So‘ng qaytar dunyo ekanini, ya’ni o‘rnida bular ham pand yegani va soch changallab qolgani ehtimoli dilidan kechar ekan, chegarasiz azob dengizida suzayotgandek nafasi tiqilib hansirardi. Daroz badaningga jir bitgandir tarzida kesatgach, lag‘cha cho‘g‘ yanada tezkor sur’atda hujumga o‘tdi va boldirlari orqali tizzalariga sapchidi. Zerikarli uzun kechada shu taxlit yuqori va quyiga sakrab orom bermadi.
Ertalab soat to‘qqizda palata vrachi Sobit Musaevich karavoti yonidagi stulga cho‘kkan paytda sonlari tortishib achishayotgandi. Ellikni qoralagan basavlat doktor qanaqa shikoyati borligiga qiziqmadi. Sirli cho‘g‘ tanasi bo‘ylab tobora yuqoriga siljiyotganini aytar ekan, negadir u ma’yus tortib inqillab qo‘ydi. Javob qilmay tomir urishini tekshirdi, qon bosimini o‘lchagach, bedana yurish bilan palatani tark etdi.
– Xo‘sh, mulla, ahvoling qanday? – eshik tovushsiz yopilgan zahoti bidirladi daroz. – Uff, mani... ichak-chavog‘im kul bo‘ldi-yov!..
– Biza bechorani enalarimiz tuvmay o‘lsin, tuvmay!..
– Iy-bi, o‘v, oting o‘chkurri otiniyam bilish­may­di-ya!..
Hamxonalar bidirlab yozg‘irgani sayin Tugalboy yarador qarchig‘ay misoli to‘lg‘anardi. Ba’zan shan­g‘il­layotgan quloqlariga elas-elas qo‘ng‘iroq jiringlashi chalinib ohista entikadi, so‘ng tanish ohang kechikma, aqling va imoning butun bo‘lsa kechikma! – degan xitobga evrilib, qishloq sari qanot bog‘lab uchgisi keladi...
 Shahar uzra galdagi tong shafag‘i taram-taram yoyil­gan paytda beli-yu qornini olovli halqa chirmadi. Hayrati oshib, hademay borliqni ko‘klam kelinchakday bezatishini o‘ylarkan, navbatchi hamshira xushchaqchaq ovozda hisob-kitob xonasiga chorladi. Nima gapligini darhol angladi va ensasi qotib og‘ir qo‘zg‘aldi. Torgina xonada saqich chaynab o‘tirgan juvon qornida lag‘cha cho‘g‘ga evrilgan kirpi ag‘anayotganidan nolidi, so‘ng sen sho‘rlik ham shunaqa dardi qattolga mubtalosan deb bashorat qilgach, cho‘ntagida boru yo‘g‘ini qoqishtirib jo‘­natdi.
– Kassani yo‘rig‘i bo‘lak, – palataga qadam bosgan hamono daroz yana yarasiga tuz sepdi. – Himm... Musaevich yaraydi kuningga, o‘sha pismiqning tomog‘ini yaxshiroq moyla!..
Olov halqa iskanjasida qaltirayotgan Tugalboy ma’qul ma’nosida iyagini bir tomonga asabiy qayirdi. So‘ng har nimani o‘z qarichlari bilan o‘lchashga odatlangan hamxonalariga ilk marta yo‘liqqan damlarini nadomat onlariga mengzadi. Faqat ularni go‘rdan olib go‘rga tiqqani behuda, yaxshisi aybni o‘zi­dan qidirsin, muhimi, tezroq sog‘ayishi, bozorga chiqishi va foyda evaziga Maqsudjon bilan safarga otlanishi lozim. Shu kungacha to‘plagan puli nestu nobud bo‘lsa-da, sog‘ayish alomati gardcha sezilmadi, mudom qovoq solib yuradigan Sobit Musaevich esa goh yuqoriga o‘rlab, goh quyiga enayotgan cho‘g‘ nima balo ekanini hanuz aytgan emas, negadir maxfiy tutayotir. Ba’zan negadir vaqt turli ofatlarni o‘ylab topayotganidan nolirdi, bugun ertalab, Tugalboy va boshqalarni hayron qoldirib, palataga kirgan hamono o‘zini duch kelgan karavotga otdi-da, qornini ushlagancha g‘ujanak bo‘lib yotdi, hamshira va enaga qo‘ltig‘idan olib turg‘izgan paytda ko‘zlari xonasidan otilib chiq­qudek holda g‘alati chaqnayotgandi.
– Ko‘zlarimga yaxshilab qara!..
Sobit Musaevich nimagadir Tugalboyga najot fa­­rishtasiga murojaat qilgan kabi iltijo ohangida so‘z qotdi, faqat ne bois bunday degani butkul noaniq qoldi. Anqovsirab boqqan Tugalboy nahot siz ham kamina dardiga yo‘liqqansiz ma’nosida bosh irg‘ab chimirildi, so‘ng g‘iltillab, langdan qachon qutulaman deya so‘radi, lekin javob nasiya bo‘ldi.
Vaziyat shunday davom etaverishi mumkin emas, oxir-oqibat savoliga tegishli javob topiladi. Kamgaplikni odat aylagan doktorni holi-joniga qo‘y­may tiqilinch qilishi kerak. Ammo bugun qorasini ko‘r­­sat­madi, eshik tiq etsa o‘girilib qarayverib to­liq­di. Kechroq navbatchi hamshira kirib sovuq tabassum hadya etarkan, nechundir mudhish xabar eshitadigan mah­kumdek yuragi ilkis shuv etdi. Ana sizga bejiz xavotir chekmabdi, tomog‘iga qadar tashvishga ko‘milgan muhtaram doktor dildan suhbatlashish uchun huzuriga chaqirayotgan ekan...
– Xudo to‘z-zum bersin, og‘ayincha!..
Daroz xitobi Sobit pismiq bilan yakkama-yakka uchrashmoq uchun beling baquvvat bo‘lishi kerak ma’nosida yangragandi. Yotgan joyida Tugalboy xitob mag‘­zini chaqdi, ammo pinak buzmadi. Cho‘ntagi ship-shiydam ekanini bilgan daroz iljaygancha bir dasta pul uzatdi, cho‘talni ber tezroq, qolgani bir gap bo‘lar deya, qo‘lidan tortib turg‘azdi.
Tugalboy nogoh Maqsudjonni eslab o‘pkasi to‘ldi, yo‘qsa o‘lganda ham qimirlamasdi, palatadan arang sudralib chiqdi-yu, yo‘lak to‘ridagi eshikni iymanib ochdi va Xudodan sabr tilab olg‘a bosdi. Ostonadan hatlagach, iloji boricha o‘zini xotirjam tutishga urindi. Baland suyanchiqli oromkursida yastangan doktor kirganini sezmadi yoki sezsa ham e’tibor qilmadi. Nima uchundir u noma’lum nuqtaga termilgancha dag‘-dag‘ qaltirardi. Saldan keyin esa og‘zini kappa-kappa ochib g‘uldiradi.
– Vo-ohh, ko‘zlarim yonmoqda!..
Tugalboy avval Sobit Musaevich kaminani masxara qilayotir degan o‘yda tutaqdi, sir tagiga yetgach, dilida jo‘shayotgan qahru g‘azab hayrat va achinishga evrildi. Bir zum taysallagach, cho‘talni stol girdiga qo‘yib, tezgina iziga burildi.
Tugalboy yo‘lakda tovonu tizzalari osha butun tanalarini qamrayotgan olovdan noliyotgan oq xalatli erkagu ayollar bilan to‘qnashdi. Keng va yorug‘ dunyo ular ko‘zlariga toru qorong‘i ko‘rinayotgani sezilardi. Palataga kirgan pallada rang-ro‘yi otashak urgan dovuchchaga o‘xshab qolgandi. Ancha muddat xayolidan dunyodan to‘ygandek behol ingrayotgan Sobit Musaevich va yo‘lakda sudralib yurgan xodimlar jilmadi.
Cho‘g‘ xuruji zo‘raygan paytda o‘rta yoshli navbatchi hamshira ajib nozu ishva bilan qo‘liga nimadir tutqazdi. Vo ajab, hali nedir xavotir va shubha bilan stolda qoldirilgan cho‘tal! Baraka topgur Sobit Musaevich sadaqangga zor emasman demoqchimi? Yo‘q, bu yerda boshqa muhimroq masala bor, bu narsa tog‘ni ham bir luqma qiladigan o‘radek og‘ziga noloyiq, shu bois fe’li aynib qaytargan, hoziroq eltib ber, gadoyni siylasin deb ming‘irlagan, evoh, endi peshonasini qaysi devorga uradi.
Tugalboy noiloj daroz sira qo‘lidan qo‘y­may­digan jajji telefon orqali Odinaqulga sim qoqdi, amallab muddaosini tushuntirgach, o‘likday jimgi­na joyiga cho‘zildi. Qattiq charchaganiga qaramay, tun bo‘yi uyqudan yolchimadi, nuqul miyasi ari inidek g‘u­villardi, so‘ng tushida qandaydir olomon bilan uchrashdi, qaygadir shoshayotgan olomon jismu joniga o‘t ketgani xususida jo‘rlashib qichqirardi, dahshatli nido qachondir qo‘ng‘iroq jiringlashi bilan qo‘shilib ketdi-yu, sachrab uyg‘ondi. Hushida ham o‘sha nido yang­ray boshladi, endi faqat hovliqma olomon emas, bag‘riga behisob bemorni olgan ulkan bino, hatto butun borliq va koinot sirli olovdan nolib xitob qilayotgan edi...
Ertalab o‘zini yolg‘ondakam xursand ko‘rsatayotgan Shafoat ozib-to‘zgan Maqsudjon bilan yetaklashib kel­ganda goh beli, goh qornini silay-silay behol yotardi. Nimanidir yoqtirmay tisarilgan Maqsudjon qaroqlaridagi lang ko‘lankasini ko‘rib o‘ksidi, bolajonim, xorijga safarimiz qoshu qovoq orasidek yaqin, katta samalo‘tda uchamiz deb, tugmadek bejirim burniga asta chertdi-da, kipriklari namlangan Shafoatga o‘girildi: xotin, doktor bilan quyuqroq salomlash!..
– Xudoyimga shukr, behisob shukr! Hademay otdek bo‘lib ketar ekansiz, dadasi! – Jigarrang sumkasi bilan Sobit Musaevich huzuriga kirib chiqqan Shafoat yonoqlari yashnab entikardi. – Nuqul maktab deyvurib asabni charchatibsiz, asab temir emas-da!..
– Ehtimol, dedi bo‘zarib Tugalboy. – Lekin shuncha chopganim bilan ilgari bunaqa og‘riq yo‘g‘iydi tanamda! Yaqindan beri... Xayri momoning folida bir hikmat bor shekilli?!..
Endi Shafoat negadir ko‘zlarini yashirdi, saldan keyin Maqsudjonning kasali ko‘p og‘ir emasligi, mahalliy do‘xtirlar ham uni bemalol davolashi mumkinligini isbotlashga tushdi. Yaqinda qadrdon dugonasi obuna bo‘lgan nufuzli gazetadan o‘zi hijjalab o‘qibdi: taniqli bir olim yirik maqolada barisini miridan-sirigacha hatto ko‘rsavod kishiyam oppa-oson tushunadigan qilib yozgan ekan...
Eshik tirqishidan hamshira ikkincha marta mo‘­ra­lagach, suhbat poyoniga yetdi. Ingranib so‘kinayotgan sheriklari bilan yuzma-yuz qolgach, o‘pkasi to‘ldi va ko‘zlarida halqa-halqa yosh g‘iltilladi. Tun bo‘yi goh o‘zi, goh cho‘g‘ bilan olishdi, ba’zan haligi nidoni eshitib xitlanardi. Ertalab yig‘ilib qolgan qumaloq dorilarni ilimsiq suv bilan yutdi-da, nedir tilakda derazadan tashqariga qaradi, qabulxona eshigi oldida to‘plangan bemorlarni g‘ashlanib kuzatgach, bular Tang­ri qarg‘agan qavmga mansub deb qo‘ydi, tavba, nahot toabad shu qavm ortidan ergashsa?!
Yoqimli jilmayib kelgan navbatchi hamshira tumba chetiga bir parcha sarg‘ish qog‘oz qo‘ygan paytda Tugalboy tutab-tutamay yonayotgandi. Gajakdor imzo chekilgan qog‘ozda ancha-muncha semirgan qarzi bitilganini payqab nochor tarzda bo‘zardi. Anchadan buyon qorni-yu beliga chirmashgan olov halqa esa yuqoriga hamla qildi, hademay yuragini butunlay taslim aylab, miyasiga ko‘chsa kerak...
Tugalboy afsuslanib bosh chayqadi, so‘ng barisi hoziroq ro‘y beradigan kabi og‘ir xo‘rsinar ekan, tuyqus g‘oyibda qo‘ng‘iroq jiringlab, qaygadir chorladi. Darhol boyagi qog‘ozni burdalab polga sochdi-da, jadal sur’atda lash-lushini yig‘ishtirdi. Endi chindan bu yerda zig‘ircha qiladigan yumushi qolmagandi, noma’lum dard davosi o‘zida ekanini ko‘ngli tobora yaqqolroq sezmoqda edi...

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 1-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.