YAXSHI XOTIN
– Muxtorjon, nima gap? Uyda janjal bo‘ldimi, deyman?
– Xotin bilan yana ozgina janjallashdik-da, oqsoqol.
– Janjal qildingmi yo kelinni urdingmi?
– Shu, tili chayon. Gap qaytarganida og‘zi yopilmaydi. Shunga urdim.
– Urganingda xotining ko‘chaga qochdimi yo uyga kirdimi?
– O‘zini darrov uyga urdi, oqsoqol. Nimaydi?!.
– Gap qaytarish xotinlarga tekkan bedavo kasal. Endi xotinni urma, bola. Qaytib qo‘lingni tekkizma, kelin yaxshi xotin bo‘ladi.
NON VA DORI
U har kuni ishga boradi va horib-tolib qaytadi. Avval do‘konga kirib, uzoq saralab non xarid qiladi. So‘ng ko‘chaning narigi tomonidagi dorixonaga kirib, talashib-tortishib dori sotib oladi.
Avval mazza qilib non yeydi, so‘ng huzur qilib dori ichadi.
UCHTA BANAN
U ishdan qaytishda uch nafar farzandiga goh uch dona banan, goh uch dona shokolad xarid qiladi. Ko‘proq banan albatta. Bundan bolalar benihoya xursand bo‘lib, bananni olishlari bilan uyni boshlariga ko‘tarishadi.
– Dadam banan olib keldilar, – deb qiyqirishadi. So‘ng qo‘llaridagi bananlarni po‘stidan ayirib, bir-birlariga maqtanib yeya boshlaydilar.
Bobo bilan buvi bir-birlariga sezdirmasdan qarab, astagina tamshanib qo‘yadilar. Ikkalasi ham beixtiyor “men bolamga, bolam bolasiga”, – degan maqolni eslaydi...
KAPALAK
Shahar har kungidek ulkan g‘ala-g‘ovur og‘ushida. Asabbuzar avtolar ko‘chalarni battar shovqin-suronga to‘ldirib yuborgan. Odamlar na g‘ala-g‘ovurlarga, na shovqinlarga aslo parvo qilmay, shoshgani shoshgan. Shovqin allaqachon ularning kundalik hayotiga singib ketgan.
Ko‘chalar liq to‘la shovqin. Metrolar tirband. Militsionerning hushtagi, avtolarning chinqirig‘i bir zum tinmaydi. Baqir-chaqirdan odamlarning quloqlari qomatga kelgan. Asabiy, telba-teskari suhbatlar avj pardalarga ko‘tariladi:
– Yo‘l bersangiz-chi, angraymay!
– Muncha hovliqasiz?..
– He, og‘zingizni yuming.
– Siz ham og‘zingizga qarang.
– Og‘izdan oldin ko‘zga qarash kerak, galvars!
– Ko‘rib-ko‘rmaslikka oladi-ya.
– Hozir hamma shunaqa...
– Qulog‘iyam karga o‘xshaydi.
– Faqat meniki emas.
Yana avtolar faryodi. Baqir-chaqir avjida. Shahar shovqinga g‘arq bo‘lgan. Qaysidir ko‘chada vodoprovod quvuri yorilgan shekilli, buldozer hayqirib yer kovlayapti. Yana bir ko‘chada ola-tasir asfalt yotqizilyapti... Tirband ko‘chadan tobut ko‘tarib borishyapti. “Bir tekis ko‘taringlar”, – degan shovqin eshitiladi.
Musiqani vadavang qo‘yib, qiy-chuv qilib ketayotgan to‘y mashinalari tobut ko‘targanlarni quvib o‘tmoqchi....
Yo‘lak chetidagi turfa gullar qiyg‘os ochilib yotgan kichik gulzorda bir beozor kapalak ohista uchib yuribdi. U shovqinga ham, baqir-chaqirga ham parvo qilmay mayin qanot qoqadi. Zavqlanib uchadi. Ana kapalak bir gulga qo‘nib, uning hididan mast bo‘lib, boshqa guldan zavq olish uchun yana qanot qoqdi. U guldan-gulga qo‘nib, ulardan bo‘sa olayotganga, gullar bilan sirlashayotganga o‘xshaydi... Uning shovqinzor bilan aslo ishi yo‘q...
ONA
Ona bedavo dardga yo‘liqdi. Davoning narxi baland edi...
Onaning besh farzandi bor edi. Ikki o‘g‘il va uch qiz. Ular uyli, joyli bo‘lib, bir-biriga suyanib yashashardi. Chunki ularning ham farzandlari bo‘lib, ro‘zg‘orlarini amallab tebratishardi. Otalari ikki yil burun qazo qilgan edi...
Farzandlar o‘zaro maslahatlashib qo‘llaridan kelgunicha onalariga madad bo‘lish, biror-bir yordam berish uchun yig‘ildilar. Ona ularning hol-ahvolini ko‘rib, dardini doston qilmadi. “Do‘xtirlar tashxis qo‘yishda yanglishibdi, – dedi. So‘ng sekin shivirladi: – Men soppa-sog‘man, jonim bolalarim, hech narsani o‘ylamanglar, tashvish chekmanglar”.
Bolalar asta boshlarini ko‘tarib, bir-birlariga “hayriyat” deganday yengil nafas oldilar. Ona ulug‘, bolalar esa hali bola edi.
Ona, sho‘rlik va mehribon ona bir haftadan so‘ng vafot etdi. Dono va oqila ona dardini o‘zi bilan olib ketdi.
QOSHIQ
Ular qirq yillik qadrdon bo‘lib, bir-birlari bilan inoq do‘st edilar. Taqdir taqozosi bilan quda bo‘ldilar. Biri qiz berdi, ikkinchisi kelin qildi.
Ma’lum bir vaqt o‘tib, ayon bo‘ldiki, kelinning tutqanog‘i bor ekan. Buni bilgan kelinning ota-onasi qudanikiga kam keladigan, kelsa ham tez ketadigan odat chiqardi.
Farzand ko‘rganidan so‘ng, kelinning kasali yanada kuchaydi.
“Farzandim uchun yashayman”, degan o‘g‘il, kutilmaganda ajralishga qaror qildi. Kelinni ota-onasinikiga barcha narsa-qorasi bilan eltib qo‘yishdi.
Ertasi kuni kelin tomonidan xabar keldi:
– Qoshig‘i qolib ketibdi...
HAZIL UCHUN ARIZA
“Bilmasdan hazil qilganim uchun o‘z xohishimga binoan ishdan bo‘shatishingizni so‘rayman”.
OTA KASBI
Go‘rkov qutlug‘ yoshga yetdi. Oshna-og‘aynilariga dasturxon yozdi. Unga ham so‘z berishdi.
– Ko‘pchilik farzandingizga nima berdingiz, deb mendan so‘rashadi. Men aziz farzandimga o‘z kasbimni berdim, – dedi u g‘urur bilan.
BEGONA
U korxonada qirq ikki yil chumoliday mehnat qildi. Mashaqqatlar va izlanishlar evaziga oddiy ishchidan rahbar o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi. Jamoaning hurmatiga sazovor bo‘ldi.
Kecha uni jamoadoshlari dil izhorlarini bayon etib qutladilar, samimiy tabrikladilar. U kishining sha’niga eng yaxshi niyatlar bildirildi, mo‘l-ko‘l qutlovlar aytildi. Xullas, to‘y to‘yday bo‘ldi...
U bugun ishga keldi-yu, o‘z-o‘zidan begonaga aylandi. Chunki u kecha nafaqa yoshiga yetgan edi...
G‘OYIBOTALIK TOSHBAQA
Mahmud akaga!
U tug‘ilib o‘sgan hovlining etagida o‘oyibota degan avliyoning qabri bor. Bu ziyoratgoh sho‘ro davrida yaratganning marhamati bilan qattol kommunistlar e’tiboridan chetda qoldi.
Ziyoratgoh atrofida sermeva daraxtlarga boy – bog‘ bunyod bo‘ldi. Lekin bu bog‘dan narsa olib ham, sotib ham bo‘lmaydi. Avliyo atrofidagi barcha narsalardan ham ehtiyot bo‘lish kerak, degan gapni ziyoratga kelganlar tez-tez takrorlaydilar...
Turobjon ham har gal uyiga borganida ota-onasi bilan xol-ahvol so‘rashib bo‘lgach, darhol o‘oyibotaga tushib tilovat qiladi.
Bir gal qishloqdan qaytishda hech kutilmaganda mashinasining g‘ildiraklari birin-ketin yorildi. Motorda ham ishkal chiqdi. Xullas, to‘rt soatlik yo‘lni o‘n soatda bosib, yarim tunda ming azob bilan poytaxtga yetib kelishdi.
O‘sha kunlari shofyorning ham omadi yurishmay qoldi. Mashina har qadamda pand beraverdi. Oxiri u boshliqqa yorildi:
– Sizga aytmasdan, bolalar o‘ynaydi, deb o‘oyibota avliyodan bir toshbaqa olib keluvdim. Toshbaqa xomush, hech narsa yemaydi ham, joyidan qimirlamaydi ham. Shu jonivorni joyiga olib borib qo‘ysakmikin?
Turobjon rozi bo‘ldi.
Ertasi kuni shofyor tong azondan yo‘lga chiqib, o‘oyibotaga yetib borib, toshbaqani qo‘yib yuboribdi. Toshbaqani uch-to‘rt toshbaqa kutib olibdi. Odamlarning aytishlaricha, bu toshbaqalar duo olganmish.
SODDALIK
Ramazon Botir bir jinoyat ustida qo‘lga tushdi. Tergovchi so‘roq jarayonida unga ozgina do‘q qilib, qulog‘iga salgina chertgan edi, qo‘rqib ketgan Ramazon Botir o‘zini oqlashga tushdi:
– Nega meni urasiz, akajon? Men qilib yurgan bu ishlarni qo‘shnilarimiz Zafar akaning o‘g‘illari, yana bir qo‘shnimiz Muhiddin ham qiladi-ku. Nega ularga indamay meni urasiz?
Ramazon Botir o‘zini oqlash bahonasida qo‘shnilarini sotib qo‘yganini bilmay qoldi. Eh, o‘zbekcha soddalik qursin!
DO‘PPISI YO‘Q DUNYO
Nabirasi Anvarjonga o‘zining goh yorug‘, goh mashaqqatlar bilan o‘tgan hayoti haqida hikoya qilgan Sulaymon bobo oppoq soqolini barmoqlari bilan tarab, xo‘rsinib shunday dedi:
– Hayot shunaqa shafqatsiz, bolam. Uning zarbalariga chidab, quvonchli lahzalarida o‘zingni yo‘qotmasang bo‘ldi. Bilasanmi, hamma gap nimada, bobom rahmatli aytganlaridek: dunyoning do‘ppisi yo‘qligida.
– Bobo, dunyoning ham do‘ppisi bo‘ladimi?
– Bilasanmi, Anvarjon bolam. “Do‘ppisi yo‘q dunyo”, degan iborani rahmatli bobom ko‘p aytardilar. U kishi, “agar dunyoning do‘ppisi bo‘lganida, odamlarning boshlariga shunchalar g‘am-tashvishlarni yog‘dirmasdi. Do‘ppisi bo‘lsa, hayotning past-balandini, odamlarning turmushini sal-pal bo‘lsayam yaxshi tomonga o‘zgartirardi” – derdilar. Ba’zan biror narsadan zerikkanlarida, andak diqqat bo‘lganlarida qo‘l siltab qolardilar: “E, do‘ppisi yo‘q dunyo”, – deb.
MAYIZ QANDAY BO‘LGAN?
Mehmondorchilik avjiga chiqqanida, davraga yana bir-ikki kishi kelib qo‘shildi. Lagandagi oshning ham tagi ko‘rinib qolgan edi. Oshning cho‘g‘i pasayganini ko‘rib, Said oqsoqol astagina qo‘lini artdi. Buni sezib qolgan Alijon oshpaz davradagilarni ham xijolatdan qutqargan bo‘ldi.
– Olinglar, olinglar. Oqsoqol qo‘lingizni artmang. Bir oshatib yuboring. Qadimdan: “bir mayizni qirq kishi bo‘lib yegan”, degan hikmat bor-ku!
– To‘g‘ri aytasiz, Alijon. Shunday hikmat bor. Lekin qadimgi mayizlar ham qo‘yday-qo‘yday bo‘lgan-da, – dedi Said oqsoqol donolik bilan.
FUTBOL TO‘PI
Hushtak chalindi. To‘p zarb bilan tepildi. Keyin oyoqlarga xudo berdi: to‘pni shafqatsizlarcha nishonga ola boshladilar. Ular orasida ikki odamgina rahmdil ekan, bot-bot to‘p sho‘rlikni qo‘llarida ko‘tarib ushlab qo‘yadilar. So‘ng ular ham shunday zarb bilan tepadilarki, sho‘rlik to‘p og‘riqdan yorilib ketay deydi.
To‘pning goh u, goh bu darvoza to‘riga tushib ketganini hisobga olmaganda, asosan maydon uzra zarblar og‘ushida charx uradi.
Stadion baqir-chaqirdan bir zum to‘xtamaydi. Yana hushtak yangraydi. Lekin to‘p bilan hech kimning ishi bo‘lmaydi. Oyoqlar odatdagiday ikki tomonga ajraladilar. Bir tomonga ketayotganlari ko‘pkarida uloqni olgan otning oyoqlariday shahdam va o‘ktam. Ikkinchi tomondagi oyoqlar jarohatlangan ilonday sudraladi.
To‘p esa stadionda yolg‘iz qoladi. U bu gal ham nimalar sodir bo‘lganini bilmadi. O‘ylay desa, boshi, ko‘ray desa, ko‘zi yo‘q sho‘rlik to‘pning...
Afsuski, hayotda futbol to‘piga o‘xshagan kimsalar borligini ko‘rib, achinib ketasan kishi.
KETMON – TABIB
Professor Vohid Saidov bir paytlar katta amaldor bo‘lgan. Uning qabuliga kirish yoki to‘y-ma’rakada qo‘lini olish ko‘pchilikka nasib etmagan. Savlatidan ot hurkadigan kimsalardan bo‘lgan.
U oltmish yoshga to‘lgan kuni do‘stlari, birodarlari va oila-a’zolari bilan chog‘roq anjuman qildi. Uning sha’niga barcha ezgu tilaklar aytildi, sovg‘a-salomlar berildi.
Ertasi kuni ishdan bo‘shaganligini ma’lum qilib, ariza yozib, haydovchisidan berib yubordi.
Uni ishxonaga qayta-qayta chaqirishdi, so‘rashadi, bir bor kelib ketishini iltimos qilishdi. Lekin Vohid Saidov ishxonaga qaytib qadam bosmadi.
U o‘sha kundan boshlab, bir vaqtlar xarid qilgan ketmonni qo‘liga olib hovlidagi bir parcha yer bilan oshno tutindi.
Onda-sonda sog‘ligidan shikoyat qilib qoladigan professor ketmon orqali yerga astoydil mehr qo‘ydi.
Vohid Saidov xudo umr berib, to‘qson yoshga to‘ldi. Jurnalist undan so‘radi:
– Shuncha umr ko‘rishingiz siri nimada?
U kishi olma daraxti shoxiga ildirib qo‘yilgan ketmonni qo‘llariga olib, shunday javob qildi:
– Mening tabibim – ketmon, shifoxonam – yer!