OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ashurali Jo‘rayev. Ketmon yuzidagi oy (hikoya)

Ketmonning yuziga oyning aksi tushmay qo‘ydi. Yuzi kichrayib, xira tortib, zang bosib borayotgan ketmon esa oyni judayam sog‘ingan edi. Oy uning eski dildoshi, darddoshi va ushalib-ushalmagan orzu, armonlari edi. Afsuski, ketmon tush ko‘rmaydi. Boshi band, xotirasi yog‘ochga aylangan. Agar u tush ko‘rganda bormi, tushiga nuqul oy kirardi, to‘lin oy!.. Va u mazza qilib oy bilan armonlashardi. O’shanda ketmon yosh edi. G’ayrati jo‘sh urib hech qaerga sig‘masdi. Har gal yer bilan uchrashganida uning damidan o‘t chiqardi. Bu o‘t tuproqni jizillatardi. Ketmonning olovi yerni yondirmoqchi bo‘lardi.
Yer bunday dami o‘tkir haroratli ketmonlarni ko‘p ko‘rgani uchun ham ularga zarracha parvo qilmas edi. Yerning bag‘ri yerday keng va bepoyon edi. 
Ketmonning oy bilan sirlashgan daqiqalari umrining eng baxtli lahzalari edi. Oy aksi uning kaftday yuzlariga qo‘ngan oydin tunlar lazzatini hech qachon unitib bo‘lmaydi.
Oy, oydan-da go‘zal, ketmon, ketmondan-da haroratli va qudratli edi. Aslida oyning hasrati ham ketmonnikidan aslo kam emasdi. Ular bir-birlariga mahliyo bo‘lib, hatto hasratlashishni ham unutib qo‘yardilar. Bunday paytda hasratga balo bormi?..
Endi yer uning jon jonini sug‘urib olgan edi. Ne-ne dami o‘tkir ketmonlar kabi bu sho‘rlik ketmon ham yerning azaliy va ilohiy quvvatiga dosh berolmadi. Yer qanchalar yumshoq, qanchalar metin bo‘lgani bilan baribir yer edi. Abad-azal shu: temirchilar zo‘r berib, yuksak mahorat bilan ketmon yasayveradilar, yer esa ketmonlarning damini asta-sekin pasaytirib, jasoratini so‘ndirib boraveradi. Ming harakat qilgani bilan ketmon oxir-oqibat holdan toyyadi. Holdan qolish esa azob. So‘ngra ortiqcha buyum singari hech kimga kerak bo‘lmay qoladi. Yoningga yosh va zabardast ketmonlar kelib qo‘shiladi. Ular ham oxir-oqibatini o‘ylamay, zavq-shavq bilan tunu-kun yer chopgani-chopgan... Eh, shunday paytda ketmonning jasoratiga, shijoatiga na ta’rif, na taraf yo‘q. U ertasini va kelajagini o‘ylamay, yer bilan g‘ayrati jo‘shib kurashgani kurashgan. Ketmon odam bilan yerni bog‘lab turuvchi faqat mehnat vositasi emas, balki tiriklik manbai hisoblanadi. Vositachilik mushkul vazifa. Avvalo ketmonning qanday qo‘llarga tushishiga ham bog‘liq. Agar u haqiqiy mehnatkash dehqon qo‘li bilan oshno bo‘lsa, ya’ni o‘z qo‘lini topsa, bu ketmon uchun bayram, mo‘l-ko‘l xirmoni uchun hosil qo‘shig‘i yangraydi. Bunday paytda ketmon ketmon bo‘lib yaralganiga shukr qiladi, tinimsiz yer chopadi. Uning tanida ham, yuzida ham armon qolmaydi.
Endi ishyoqmas, dangasa qo‘lga tushgan ketmon armonda ketadi, shashti so‘nadi, hamma dardi ichida bo‘ladi. Egri qo‘llarga tushgan ketmon esa, faqat begonaning tomorqasi uchun ishlaydi, umri sargardonlikda o‘tadi. Begona egatlarda sandiroqlaydi.
Ketmon egasining yoshi ham bir joyga borib qolgan, endi uning gursillatib, qarsillatib ketmon urishga quvvati kelmasdi. Ketmon uning quvvatini uzum donasiday so‘rib olgan.
Bir vaqtlar egasining kuch-g‘ayrat to‘lib-toshib yotgan bilaklari dastaga tegishi bilan ketmonning bag‘riga o‘t tushardi. Ishga bir sho‘ng‘ib ketildimi, tamom, ilhomlangan qo‘llarning ketmondan, ketmonning po‘rsildoq yerdan uzilgisi kelmasdi. Tuproq elanib-elanib, titilib-titilib, ushoq-ushoq bo‘lib ketardi.
Yerning ham mehri jo‘shib, ketmon tushgan tuproqlar elanib, maydalanib borardi. Ketmon qanchalar bag‘rini tilka-pora qilmasin, yer o‘zini yayrab-yayrab hosilga tayyorlardi. Ketmon yengil-engil botsa, yer ham yayraydi, yer ham huzur qiladi. Yer ko‘pchiydi. Urug‘ni uyg‘otib, uning nish urgan ildiziga bag‘rini ochadi. Hosil bo‘luqlashadi.
Ketmon yer bilan urug‘ning qo‘shilishiga makon yaratib beradi. Lekin ketmon qanchalik kuyib-pishib mehnat qilmasin hosil qo‘shig‘ini eshitish baxtiga muyassar bo‘lolmaydi. Ketmonning qoq peshonasiga shu ko‘rgiliklar yozilgan bo‘lsa, u sho‘rlik nima ham qilsin? Mehnatni ketmon qiladi-yu, uning huzurini o‘roq ko‘radi. Hatto hosil to‘ylariga ketmonni taklif qilishni unutib qo‘yadilar. To‘rda to‘ralar o‘tiradi. Ketmon ushlamaganlar yo qadah, yo mikrofon ushlaydi. Abjir shoirlar ketmon haqida she’r o‘qiydi. Qo‘liga ketmon ushlamagan bittasi “Ketmon” degan doston yozibdi.
Ketmon bechora qachon ishlab, qachon dam olganini bilmaydi.
Qishda ariq-zovurni tozalaydi, sho‘ri yuviladigan dalalarning chelini tortadi, so‘ng sho‘r yuvadi.
Bahorda ko‘chat o‘tkazadi, urug‘ ekadi, nihollarni zavq bilan chopiq qiladi.
Yozda mehnat qaynaydi, ketmon qanday yumushlarni bajarganini eslab sanog‘iga yetolmaydi, oftobning tig‘ida terga botib mehnat qilgani-qilgan. Saratonda sarg‘ayib-sarg‘ayib ketadi ketmon. Og‘ir-og‘ir nafas oladi ketmon. Yerning taftidan chuqur-chuqur hansiraydi ketmon. Ketmonni qora ter bosadi. Bu marjon-marjon terdan ba’zan yer ham sho‘rlaydi.
Kuzda hosilni yig‘ib-terib olishda ketmonning o‘rni, vazifalari borki, buni ketmondan boshqa birorta texnikasi eplolmaydi.
Ketmonning yotog‘i yil o‘n ikki oy dala. Bunday ayvon peshtoqida yoki saysxonaning bir qorong‘u burchagida durustroq dam olganligini eslolmaydi.
Endi hamma ketmon ham o‘z egasidan rozi bo‘lavermaydi. Birovlar xuddi o‘z farzandiday ketmonni asrab avaylaydi. Toshga, temirga urib olishdan ehtiyot bo‘ladi. Agar ketmonning tig‘i biror qattiq narsaga tegib uchsa yoki jiddiy lat yesa, egasining ham yuragi og‘riydi, vujudi azob chekadi. Axir ketmon mehnat quroli-ku!
Berahm, beshafqat qo‘llarga tushgan ketmonning holiga voy! U ketmon bo‘lib yaralganiga ming-ming pushaymonlar yeydi, umri ozor bilan o‘tadi, alami, dardi o‘zi bilan ketadi. Bunday ketmon tezda safdan chiqadi, uning ketmonlik siyog‘i qolmaydi. Ketmon o‘z-o‘zidan qarib, holdan toyib, kasallikka yo‘liqadi, adoi tamom bo‘ladi. Bir kuni egasi ishdan qaytgach, odatdagiday ketmonni hovli etagiga uloqtirdi. Uloqtirish jarayonida jahl bilan “He, onangni...” deb haqorat qildi. Ketmon onasi bor-yo‘qligini bilmaydi. Lekin bu haqorat uning temir tanasini zirqiratib yubordi. Axir eng og‘ir haqorat onani so‘kish-ku! Qaysi kuni dalaga kelgan uch-to‘rtta yo‘g‘on kishi ham uning egasini boplab haqorat qildi. Biri qo‘yib, biri nuqul onadan keldi. Bechora dehqon, sho‘rlik dehqon tosh yutganday miq etmasdan, boshini ketmonday egib, mut’elarcha yerga termulib turdi. Uning alamdan butun vujudi titrayotganligini ketmon dastasini tutgan qo‘llarining titrayotganligidan sezish mumkin. Agar zamoni ko‘tarsa, onangni, degan bu haromxo‘rlarni ketmon bilan tillarini chopardi. Shunda hammayoqni chopilgan tillar bosib ketardi. 
Hikoyamizga qaytaylik. Ketmon ketmonligini unutmasdan oldin e’zozlangan paytlari ham bo‘lgan.
Uning egasi ancha bama’ni odam. Daladan qaytgach, ketmonni hovli etagidagi ariqda erinmay tozalab, qavarib ketgan kaftlari bilan ishqalab yuvadi. Kaftlarining qavargan joylari ketmonning qitig‘ini keltiradi.Bunday iltifotdan ketmon xijolat bo‘ladi. Uning qo‘llari qavarib-qavarib, barmoqlari yorilib-yorilib ketganidan uyaladi. Ba’zan yuvib bo‘lgach, ketmon dastasini olma shoxiga qistiradi, ba’zan ayvonning burchagiga egib qo‘yadi. Gohida yuvib bo‘lib, hovli o‘rtasidagi tomorqada qoldirib ketadi. Shunda ketmon rosa yayrab hordiq oladi. Ayniqsa, to‘lin oy ketmon yuzida paydo bo‘lsa quvonadi, oy bilan sirlashgisi keladi. Lekin uning yuzida oy bilan sirlashadigan na harorat, na iliqlik bor. Dardlashay desa, dardi oyga yetib bormaydi. Oyning ham dardi ko‘p, hasrati mo‘l bo‘lsa kerakki, ketmonga yetib kelmaydi.
Ketmon endi ketmon-da, yuziga oy aksi tushishi bilan mudraydi, mudrab tush ko‘radi. Tushida ham mehnat, jon-jahdi bilan berilib yer chopadi. Ketmondan oldin dastasi terlaydi, dastadan oldin qo‘llar, qo‘llardan oldin barmoqlardan ter sizib chiqadi. Ba’zan manglaydan, yuzlardan oqayotgan sho‘r, taxir ter ketmon yuziga ham tushadi. Ketmon tushida ham terdan tamshanadi, terdan tomog‘i achishadi. Ming yildirki, ketmondan ter hidi anqiydi. Ming yildirki, ketmondan dala hidi, tuproq hidi keladi.
Bu yil ketmonning o‘ttizinchi bahor dalaga chiqishi. O’ttiz yilki bajaradigan yumushlari aniq. Tinim bilmay yer chopadi, ariq qazadi, nihol o‘tkazadi, tomorqani chopiq qiladi, loyxandaqni tekislaydi, loy qoradi, zambilni o‘sha loy bilan to‘ldiradi. Ba’zan esa qo‘shni go‘rkov uni ijaraga olib turadi. Bunday paytda u ma’yus tortadi, to‘yib-to‘yib yig‘lagisi keladiyu, lekin yosh oqadigan ko‘zlari yo‘q... Oyog‘i yo‘qki qochsa, qo‘li yo‘qki talab qilsa, tili yo‘qki, dardu hasratini aytsa?.. Bechora ketmonga bunday imkon berilmagan. Berilganda ham nuqul mehnatdan gapiraverib quloqlarni qomatga keltirardi. «Sharafli mehnatimiz...», «Shonli mehnatimiz...» deb tinkani quritardi. O’shanda ham ter to‘kib, asl mehnat qiladigan ketmon miq etmasdan ishlayverardi. Mahmadona ketmonlardan xudo asrasin...
Ketmon qachon, qaysi ustaxonada toblanib tayyorlanganini bilmaydi. Ishlayverib xotirasi ham kesakka aylanib ketgan. Allaqachon eslash qobiliyatini yo‘qotgan. Ketmon sho‘rlikning bilgani dala bilan hovli. Egasi ham qiziq odam: bir gal uni e’zozlab yelkasiga tashlab yuradi, boshqa safar eshakka minib dastasini taqimiga bosib oladi. Ba’zan daladan qaytishda eshakka ortilgan o‘tning orasiga qo‘yib bog‘laydi. Shunda ketmon ancha ozor chekadi. Bularga chidasa bo‘ladi. Lekin ba’zan tinib-tinchimagur egasi tunda tomorqasiga suv qo‘yadi. Shunda ketmonga rosa alam qiladi-da! Kuni bilan yer chopgani yetmagandek, yarim kechgacha dahana bog‘lab, dahana ochadi. Kechasi ketmonning oromi buziladi, xayoli tarqaydi, halovati yo‘qoladi. Oy bilan sirlasholmaydi.
Shu zayil ketmon eskirib, zanglab adoi tamom bo‘lib borardi. Uni yasagan temirchi ustasini bilmasa ham bozorda bo‘lgan savdoni oz-moz eslaydi. Yaxshi ishlangani, yuzlari keng-mo‘l, ancha yengil bo‘lgani uchun ham tez sotilgan edi. Egasi uni xurjunga solib olib kelgan. So‘ng toldan qilingan dastani teshigidan ya’ni zo‘g‘atadan zo‘r berib o‘tkazganini biladi. Hatto dastani yorib kichik pona ham urgandi. Dasta g‘irvon bilan jipslashib ketdi. So‘ngra bir kecha suvga solib qo‘ygandi. Dasta o‘zidan-o‘zi shishib, zo‘g‘ataga chippa yopishdi. Shu yopishguncha qimir etmaydi.
Tong saharda dalaga chiqib ketgani, dalaga muhabbat qo‘ygani... Shu-shu dala bilan bog‘lanib, yer bilan oshno tutindi. U bir safar ilg‘or ketmonlarning umumiy yig‘ilishida minbarga chiqmoqchi bo‘lib rosa harakat qildi. Lekin uni majlisxonaga yaqin ham yo‘latishmadi. Eshikdayoq siltab-siltab irg‘itib yuborishdi. O’shanda dastasi qarsillatib yerga tegib, biroz darz ketgandi. Shu-shu qaytib majlisga bormaydigan bo‘ldi. Keyinchalik gilos daraxtidan qilingan dasta o‘rnatishdi. Zanglamasligi uchun tez-tez ot yog‘i surishardi. Keyinchalik otlar ozib ketib, yog‘ bermay qo‘ydi. Ketmondan har urganda duvullab zang to‘kiladigan bo‘lib qoldi.
Hademay handak yoki axlat o‘raga tashlab yuboriladigan ketmonning bir armoni bor: ketmonlar qachon o‘z mehnatining huzurini ko‘radi. Qachon?
...Ketmon yaroqsiz holga kelib qolgach, uni temir-tersakka topshirib yuborishdan oldin egasi yangi ketmon xarid qildi. Lekin yangi ketmon eskisiga parvo ham qilmadi, qayrilib qaramadi ham.
Yap-yangi ketmon dalaga talpinadi, tezroq yer bilan diydorlashgisi, diydorlashib muhabbat izhor qilgisi keladi. Yangi ketmon ham oy bilan sirlashishga tashna. Oyning oyday aksi uning yuziga tushishini istaydi. Yer bilan boshlanadigan o‘tli ishq oldidan ketmonga pirlari hazrati Dovud alayhissalom madad bersinlar. O’tgan barcha katta-kichik ketmonlarning dami qo‘llasin.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.