Abdurahmonning buvasi bugun yana keldi. O’sha-o‘sha oq surp yaktak, shoyi qiyiq, oppoq soqoli va yarashiq sutdek salla...
Ammo, Abdurahmon «Keling buva» deya olmadi — boboning vajohati xunuk edi.
– Sen nima uchun meni mujmal yaltoqi qilib qo‘yding, bolam. Sendan umidim shulmidi! Men qachon nonu-tuz ko‘tarib yovuzlarga peshvoz chiqqan ekanman, qani, ayt! Bu qanaqasi, mana endi mo‘min-musulmon oldida yo sen xoin, yo men xoin. Nima degan odam bo‘ldim, axir, men senga bo‘lgan voqeani miridin-sirigacha hikoya qilib bermovdimmi? Yo Olloh, o‘zingdan chiqqan baloga qayga boray davoga.
– Axir, buva...
– Menga qara! Nahotki yodingdan chiqqan bo‘lsa mening hikoyalarim! Men aytgan edim-ku, ular avval qandaydir ekspeditsiya... ya’ni ilmiy sayr-sayohat degan bahona bilan kelishgan. Keyin qarasak, ular shubhali deb hisoblagan odamlar bitta-bitta g‘oyib bo‘la boshladi. Bizni nodon bilib, yerli qora xalq deb, ustimizdan hukm yurguzadigan bo‘lishdi. Bilsak, orqalarida minglab lashkarunavkarlari bor ekan. Biz panshahayu tayoq-cho‘kmor ko‘tarib dalaga, o‘sha qurolli kelgindilarga qarshi chiqdik.
«Mingboshi qani?» deb jerkidi qarqarali chakmon kiygan bir zot. Mingboshi qilichdan tap tortmaydigan tog‘li yigit edi.
— Kelgindini ko‘i ko‘rgan bu xalq — deb murojaat qildi qilich taqqan zobitlarga, — o‘lsa o‘ladiki yer surib lashkarlaringni boqmaydi! O’lsa o‘ladiki...
Shu payt o‘q ovozi yangrab, yalangto‘sh mingboshpmiz yer tishladi. Xalq oldinga tashlandi. Ro‘paradagilar nayzasini o‘qtalib, gurs-gurs odim tashlab, osmonga o‘q otib kelavergandan keyin, to‘xtadik. Buyruq bo‘ldi:
— Tiz cho‘k!
Tikka turaverdik.
— Tiz cho‘k!
Mingboshining gapi to‘g‘ri edi: hech qachon begonaga tiz cho‘kmaganmiz. Tikka turaverdik.
Ammo oldingn qator tutday to‘kilavergandan keyin yerga qapishdik.
— Bosh ko‘tarma!
Bosh ko‘targan o‘qqa uchaverdi... O’lganga qayrilib qaragan ham, yiqilganga yordam beraman degan ham, bu xunxo‘rlikka dosh berolmay seskangan ham, shunchaki qimir etgan ham yer tishlayverdi. Olti yuzga yaqin kishi edik. Bari qirilib ketdi. Yo eshitmovdingmi qon-yosh to‘kib aytgan bu hikoyalarimni: —Ayt, eshitmovdim degin!!!
– Buva...
– Shu xunxo‘r qotillarga men nonu tuz tutgan emishmanmi? Ye olloh! Qaysi shaytoni lain senga dars bergan, hey bola!
– Axir, buva, bu haqda hech qanday hujjat...
– Buvangning guvohligi kerak emas senga, hujjat kerak! Xudoning shahodati kerak emas, senga hujjat kerak! Qiron qishloq yaqinidagi begunoh qurbonlar qonini shimgan qutlug‘ tuproq bir yarim asrdan buyon dodu faryod solib, lovullab yotibdi, senga hujjat kerak!
– Buva, Buvajon, meni qarg‘amang, yosh edim, yoshlik qilibman...
Bu mahal haligi lovullab yotgan yerdanmi, qaerdandir issiq jizg‘inak hid anqib Abdurahmon uyg‘onib ketdi. Sapchib turib, negadir ikki qo‘llab, tirikmanmi deganday, o‘zini quchdi. Vujudi sovuq terga botgan edi.
Buning mudhish tush ekanini anglab hushiga kelganida birinchi o‘yi shu bo‘ldi:
«Obbo... yana yolg‘on gapirdim!—dedi u ichida, manglayini changallab,— yoshlik qilibman emish: asli bu kitobni yozganimda ellik yettiga kirgan fan doktori edim. Rasvo bo‘ldi. Yolg‘on gapirdim. Yanagi kelishlarida endi mana shuni yuzimga soladilar!»
U to‘shakka o‘zini yuz tuban tashladi. Lekin darrov sapchib turdi — tag‘in uyquga ketib qolishdan qo‘rqardi. Ko‘pdan beri uyqusida halovat yo‘q,— ko‘zi ketdi, deguncha bosinqirab tush ko‘radi. Tushda esa bobosi!
Aytganday, u bobosini ko‘rgan emas-ku! Qandoq qilib tanib olayapti? Tush ekan-da, ahmoqona tush... Buvasining aytganlari ham o‘z ko‘nglida g‘imirlagan, o‘zi bilgan o‘ylar. Uzing bilgan o‘ylar boshqa-yu, kitob boshqa ekan. Shunday bo‘lmasa doktorlik unvoni qayoqda deysiz? Yurar edi hali ham yettinchi sinfga dars berib.
Ikkinchi tomondan... o‘sha ham durust edi bu azobli tunlardan ko‘ra. Hozir hali yarim kecha. Abdurahmon yana uyqu elitishidan qo‘rqardi. O’z xayolida paydo bo‘lgan boboni yomon ko‘rib qoldi... Oq surp yaktak, Oq soqol... Arvohga o‘xshab tushiga kiradi. Deyarli har kuni... Arvoh ham asli yo‘q, odam xayolida yaratilgan narsa. Lekin baribir, xuddi bor narsaday ko‘rinadi, gaplashadi, so‘roq qiladi, qiynaydi, azob beradi.
Bundan qutulib bo‘lmaydi. Abdurahmon aka. Chunki bu — buvangiz ham emas; arvoh ham emas, bu — o‘zingiz. Odamning o‘zidan qochib qutulganini hech eshitganmisiz?