OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Abdurazzoq. Oydek jamollar (hikoya)

Oyday ayol edi Oyjamol. Yoshi oltmishga yaqinlashib qolganida ham yaxshi saqlangan edi. Sip-silliq, oppoq kulcha yuzlari, atroflariga endigina bilinar-bilinmas ajin tusha boshlagan shahlo ko‘zlari doimo kulib turardi. Kelinchaklik davrining gashtiga to‘ymay tamshanib qolgan, umr bo‘yi judolikda, yolg‘izlikda yashayotgan bu ayolning irodasi dugonalarining havasini keltirardi. Ammo Oyjamol yolg‘iz qolganida, ayniqsa, yarmi bedor o‘tgan, o‘zining dilidagi ta’biri bilan aytganda «po‘choqqa chiqib ketgan» chala tunlarda qanchalik jiddiy, qanchalik xayolchan bo‘lishini bir o‘zigina biladi, xolos. Bironta dugonasi: 
— Hay, Oyjamol, kecha televizorda ajoyib kino bo‘ldi, ko‘rdingizmi? — deb so‘raguday bo‘lsa, biror narsa sabab bo‘lib ko‘rolmay qolganini aytadi. 
Aslida kino urush haqida bo‘lgani uchun televizorni ataylab o‘chirib qo‘yganini aytmaydi. O‘chirib qo‘yadiyu bir xil bo‘lib ketadi. Xayol uni o‘tmishga qaytaradi: bolaligi o‘tgan bog‘ ko‘chalar, ota maskani — chog‘roq qo‘rg‘oncha, bog‘idagi keng-keng ishkomlar, baqalari tinmay vaqillab turgan hovuz, hovuz labida supa, u yerda o‘zidek jamalak soch dugonalari bilan bog‘ qo‘rishib, o‘sma qo‘yishib, ashula aytishib o‘tirgan kezlari — ajib tarovatli yoz kunlari va hokazo... U zamonlar endi faqat ahyon-ahyonda tushlarida ko‘rinadi. Balki urushda yo‘q bo‘lib ketgan Jamoliddin qaytib kelaru, ammo bolalik... bog‘ ko‘chalar... Yo‘q, aslo...
U Jamoliddin bilan kechgan nurday ko‘z qamashtiruvchi kunlarini, ohularday tez o‘tgan chopqir tunlarini eslaydi. Jamoliddin ham o‘sha bog‘ ko‘chalik yigitlardan edi. Ular bir maktabda o‘qigan, bir ko‘chada o‘sgan, vaqt-soati yetib, bir-birlariga ko‘ngil qo‘ygan edilar. Afsuski, ularning quvonchlari — kelin-kuyovlik davru davronlari ko‘pga bormadi. Ular hali chillalik ekanidayoq urush boshlanib, ko‘p qatori Jamoliddin ham egniga shinel kiyib, qo‘liga qurol olib, jangga ketdi. Oyjamolga Jamoliddindan ikki yodgorlik qoldi. Biri — nikoh oqshomidan bir kun ilgari u taqib qo‘ygan uzuk bo‘lsa, ikkinchisi — bo‘yida endi paydo bo‘la boshlagan murg‘ak jonning yoqimtoy jonsarakligi edi. Birinchi esdalik hamon uning barmog‘ida. Ammo ikkinchisi... Yuz-ko‘zlari otasini, tiniq oqligi onasini eslatadigan paxtaday o‘g‘il bir yoshga yetib-etmay qizamiqdan nobud bo‘ldi. Jamoliddin bo‘lsa hali o‘g‘ilchasi dunyoga kelmasidanoq, ming to‘qqiz yuz qirq ikkinchi yilning fevralida Kiyev uchun olib borilgan janglardan birida shahid bo‘lgan edi. Ammo bu haqdagi xabar Oyjamolga urushdan keyin, ming to‘qqiz yuz qirq yettinchi yilning saratonida garmselday yetib keldi. Xabar bo‘lganida ham bema’ni: «... dom-daraksiz yo‘qoldi...»
Shundan keyin Oyjamolni shirin so‘zlar bilan yupatuvchilar, «do‘stona» maslahat beruvchilar avvalgidan ham ko‘payib ketdi. Birov:
— Iloyim yolg‘on bo‘lsin! — dedi. 
Yana birov:
— Asir tushib ketgandir, — dedi. 
Boshqa birov erga tegishini maslahat berdi. Xullas, bu birovlar bir necha kun ichida bechoraning ham boshini, ham ensasini qotirib yuborishdi. Oyjamol bo‘lsa hech kimning maslahatigayu nasihatiga quloq solmay, o‘la-o‘lguncha Jamoliddinni deb yashashga qaror qildi. Uni bunday qaroridan hech kim qayirib «yo‘lga» sololmadi. Dugonalari, hesh-aqrabolari uni aslo ko‘ndirolmadilar. U ne-ne «yaxshi joylardan chiqqan» nomzodlarni rad etdi. Ularning birortasini Jamoliddinga sal-pal bo‘lsa ham o‘xshatolmadi. 
— Axir, yuragim «jiz» etmasa nima qilay? — der edi o‘rtada turgan dalolatchilarga. 
Uning yuz-ko‘zlaridagi quvnoqlik faqat mana shu ko‘ngilga urgan dalolatchilar ko‘payib ketgandagina yo‘qolar edi. Shundan keyin bir muncha muddat qulog‘i tinchib yurar, biroq tinib-tinchimas savobtalablar yana miyasini achitishni boshlar edilar. 
Oyjamolning hovlisi buzilib, unga ham bir xonali kvartira tegdi. Lekin u kvartirani olganidan emas, qulog‘i tinchiganidan xursand bo‘ldi. Endi bu yerda avvalgi mahalladagi kabi bekorchi qo‘shnilari yo‘q. Hech kim erga teg, deb maslahat bermaydi, nasihat qilmaydi. 
Oyjamol yashaydigan uyda biz qo‘shni bo‘lib qoldik. Bir necha yil qo‘shnichilik qildik. Qo‘shnichiligimizning dastlabki kunlaridayoq u menga: 
— Aylanay, ko‘nglingizga qattiq botsa ham bir gapni aytib qo‘yay, — dedi mayin, siniq ovozda. 
— Ayting, ayting, — dedim men hayron bo‘lib. 
— Shu desangiz, menga nasihat qilgan, maslahat bergan odamni umrimda yomon ko‘raman. 
U so‘zini tugatmasidanoq men gapni ilib ketdim: 
— Xuddi mening o‘zim ekansiz, ona, — dedim men. — Men ham maslahat bergan, nasihat qilgan odamni o‘lguday yomon ko‘raman. O‘zim ham hech kimga aql o‘rgatmayman. Chunki hammaning ham o‘z aqli, farosati bor. Har kim ham ko‘ngli buyurgan ishni qilaversin. Mening odamlar bilan nima ishim bor? 
Bu gap qo‘shnimga juda ma’qul bo‘ldi. Shunday qilib biz bir necha yil, to‘g‘rirog‘i, o‘n yetti yil qo‘shnichilik qildik. 
Oyjamol yetmish yetti yoshida to‘satdan og‘rib, yotib qoldi. Ahvoli og‘ir bo‘lib, qarovchisi yo‘qligidan akasi bilan jiyani kelib olib ketishdi. Bir necha kundan keyin ular keldilar. 
— Oyjamol onamning ahvoli qanday? — deb so‘ragan edim, akasi: 
— Vafot etdi, — dedi. 
«Vo ajab... Shunday chiroyli kampir ham o‘ladimi?» — deb o‘ylabman nogahon. 
Bechora Jamoliddinning rasmini doim yonida olib yurar ekan. Uni bag‘riga bosgancha jon beribdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.