OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Abdurazzoq. To‘zon (qissa)

Bu la’nati to‘zon boshlanishidan ikki kunmi, yo uch kunmi oldin Olloberdi chol omonatini topshirdi. Xudoning qarg‘ishiga qolgan shaharchani o‘rab turgan qumtepalar tomondan g‘alati hovur ko‘tarilar, shamol bu yurtni butkul unutib yuborgan bo‘lsa kerakki, onda-sonda uchraydigan butalarning shoxlari ham zobitning oldida turgan askardek qilt etmas, osmon ham xira kulrang tusda edi. Biz bolakaylar tikansimlar bilan o‘rab olingan, har joy-har joyda soqchi minorasi qo‘qqayib turadigan shaharchadan bir amallab chiqib olib, bir necha chaqirim naridagi, sho‘r va sassiq suvli zovurda cho‘milib qaytayotgan pallada, Olloberdi cholning jon taslim qilayotganini ko‘rib qoldik.
Chol beton panellardan tiklangan to‘rt qavatli uyning birinchi qavatida bir o‘zi yashar, bizning maktabda qorovullik, go‘lahlik qilardi. U kechqurunlari, havo biroz salqin tortgan paytlarda, uyga kiraverishdagi yo‘lak yoniga o‘rnatilgan xarrakda o‘tirib xayol surishni yaxshi ko‘rardi. Biroq, o‘shanda u qoq tush pallasida, mis tovaday qizib turgan xarrakda boshi qiyshayib, iyak qoqib turardi.
Cholning ko‘rinishi dahshatli edi: yag‘ir do‘ppisi yonga surilib, kirligidan sarg‘ayib ketgan oq sochlari ko‘rinib qolgan, og‘zi qiyshayib, lablaridan qon aralash ko‘pik sizar, ko‘zlari olayib ketgan edi. Manzara dahshatli bo‘lsa-da, undan ko‘zimizni uza olmas­dik. Biz qo‘rqa-pisa ajal girdobida qolgan cholga yaqin­lash­dik.
– Ketinglar bu yerdan, – xirilladi chol. – Keting­lar… To‘zon yaqinlashmoqda…
Holbuki, bir haftadan beri bu sahro shaharchasi­da qilt etgan ojiz shabadaga ham zor edik.
– Meni to‘zon olib kelgandi… – xirilladi chol, so‘nib borayotgan ko‘zlari bilan bizga tikilib, – Endi u qaytarib olib ketadi, shekilli…
Chol xarrakning suyanchig‘iga o‘zini tashlab tirishdi, keyin bir xo‘rsingandek ojiz tovush chiqardi va boshi shilqillab yelkasiga tushdi. Biz qurbonining o‘limini kutib turgan kalxatlar kabi uni o‘rab turgandik. O‘limning etni junjiktiruvchi sovuq nafasini his qilib, saratonning jaziramasida, quyoshning olov nafasi ostida turgan bo‘lsak-da, titrab ketdik. Keyin esa cholning murdasini xarrak-da qoldirib, to‘rt tomonga tiraqaylab qochib qoldik.
Uchinchi qavatga hansirab chiqib, uyimizga kirdim. Otam ishdan kelmagan, onam esa uch oylik singlim bilan andarmon edi.
– Ona-a, – dedim, hiqillab, – Ona-a!
– Baqirma, – dedi onam yarim shivirlab, -singlingni zo‘rg‘a uxlatdim. Nima ilon-pilon ko‘rib qoldingmi, buncha elovriysan?
– Ona, Olloberdi chol… Olloberdi chol o‘lib qol­di!
– Nima? Qaerda o‘ldi? Nega o‘ladi?
– Yo‘lakning oldidagi xarrakda o‘lib qoldi.
Onam biroz sarosimada allanimalarni pichirlab, yuziga fotiha tortdi. Keyin menga o‘girildi.
– Yonida hech kim yo‘qmidi?
– Yo‘q edi.
– Bir mo‘minning jasadi ko‘chada qolmasin. Chopib borib komendantga ayt. Tushundingmi? Olloberdi bo­bo xarrakda o‘lib qoldi, degin. Keyin sandiroqlab yurmasdan uyga qayt.
Mening tashqariga chiqishga, bundan ham yomoni, chol yotgan xarrak yonidan o‘tishga yuragim betlamasdi. Onam tixirlik qilishimga e’tibor bermay, narigi ko‘chadagi komendaturaga jo‘natdi.
Komendant, sarg‘ish mo‘yloviga tamaki va aroq­ning omuxta hidi o‘rnashib qolgan, ellik yoshlardagi xomsemiz polkovnik, biz bolalar “Vasilich amaki” deb ataydigan Aleksey Vasilevich Dudko, me­ning g‘o‘ldiragancha, so‘zlarni chala yamlab yetkazgan xabarimdan keyin boshidan furajkasini olib, o‘y­lanib qoldi. Keyin ikkita askar bilan o‘zining shaloq “UAZ”ini bizning uy tomonga jo‘natib, murdani “Morg”ga olib borishni buyurdi. Komendaturadan chiqayotganimda negadir kunbotar ufqda xira tumanlik paydo bo‘layotganiga ko‘zim tushdi. Bunga e’tibor ham berib o‘tirmay uyga qarab chopdim.

* * *

Otam qamalganida men ikki yarim yoshda ekanman. To‘qqiz yasharligimda otamga biroz yengillik berilib, qamoqda emas, balki shu yopiq shaharchada ishlashga yuborildi. Buning ustiga oilasini ham ko‘chirib olib kelishga ruxsat berilgach, otam bizga xat yo‘llab, yoniga chaqirdi. Onam bir qo‘li bilan meni yetaklab, ikkinchi qo‘lida og‘ir jomadonni ko‘targancha yo‘lga tushdik. Mening esimda qolgani avval avtobusda qandaydir shaharga borganimiz, keyin vokzalda, qumursqadek g‘uj-g‘uj olomon orasida sarson-sargardon bo‘lib yur­ganimiz, keyin bir amallab, poezdga ilashib, lo‘­lilar, ipirisqi daydilar bilan to‘lib toshgan “obshi” vagonda ikki kun yurib shu ovloq stantsiyaga tushib qolganimiz, u yerda esa ikkita askar qurshovida otam bizni kutib olgani edi, xolos. Otam bizni olib kelib shu, uchinchi qavatdagi beton katak uyimizga o‘rnashtirgach, shoshgancha yana ortga, ishiga qaytib ketdi. Biz onam ikkalamiz begona uyda nima qilishni bilmay serrayib qoldik. Keyin men barcha eshiklarni bir-bir ochib xonalarga ko‘z tashlay boshladim. Birida ko‘rpa-to‘shakli karavot, shkaf, stol va uchta stul, birida kattakon lagan va ikkita yaltiroq jo‘mrak, birida esa gaz plitasi va idish-tovoqlar, yana biri esa poliga to‘shalgan eskiroq palosdan boshqa hech narsasi yo‘q, bo‘m-bo‘sh xona edi. Onam jomadonni shu xonaga qo‘ydi. Biroz o‘ylanib turganidan keyin oshxonaga o‘tib, kosa-tovoqlarni yuva boshladi. Gazni yoqib choy qo‘ydi.
Ko‘rpachalarni to‘shab, momom turshak, jiyda, qurut va kulcha tugib bergan olaquroq dasturxonni ochdi. Biz jimgina choy icha boshladik.
Shu payt eshik taqilladi. Onam seskanib tushdi. (Otamning qo‘llarini qayirib olib ketishganidan beri onam oyoq ostida qisirlagan xazondan ham qo‘rqadigan bo‘lib qolgan ekan). U qaltiragancha borib eshik ilgagini tushirdi. Eshik oldida to‘ladan kelgan, malla mo‘ylovidan tamaki va aroqning qo‘lansa hidi anqib turgan harbiy kiyimli kishi va askar turardi.
– Z-zdrasti, xozyayka! – dedi u bilinar-bilinmas chayqalib. – S novoselem!
Onam hech narsaga tushunmay, o‘takasi yorilgudek bo‘lib ortga tisarildi. Men ham uning keng ko‘ylagi ortiga bekindim.
Harbiy kishi bilan yelkasiga avtomat osgan askar hech qanday takallufsiz ichkariga kirishdi. Askar eshikni yopdi. Harbiy kimsa xuddi o‘z uyida yurgandek bemalol oshxonaga kirdi va kursiga o‘tirdi. Askar esa xuddi biz qochib ketayotgandek, avtomatining qayishini changallagancha faxriy qorovulda o‘tirgandek eshik oldida g‘oz turib qoldi.
– Polkovnik Aleksey Vasilevich Dudko, komendant kolonii U-ya 126/74 ! – Tanishtirdi o‘zini harbiy kishi. Onam uning tilini tushunmasdan qaltirab turardi. Men o‘zimni ancha bosib olgandim. Harqalay oltinchini tugatganman. Rus tili muallimamiz Alfiya opaning ta’rifi bo‘yicha shu tilni o‘zlashtirish bo‘yicha maktabdagi eng iqtidorli o‘quvchilardan edim.
– Ona, bu kishi shu yerning kattasi ekan, bizning qanday joylashganimiz bilan qiziqyapti.
Onam menga ko‘zlarini katta-katta ochib qaradi. Bu “chulchut”ning tilini uqishimga hatto onam ham ishonmasdi.
– Hammasi yaxshi, deb ayt. Tezroq keta qolsin.
Maktab darsligi bo‘yicha rus tilini yaxshi o‘z­lashtirgan bo‘lsam-da, hali biror marta tirik o‘ris bilan gaplashib ko‘rmagandim. Tutila-tutila gapirdim:
– Ispasiba. Vse xorosho.
Mening rus tilida gapirganim Dudkoga yoqib tushdi.
– Nu, tы molodets, paren! Kak tebya zvat?
– Bahrom, – dedim men, endi onamning etagidan nariroq surilib. Komendantning yaxshi muomalasi menda o‘zimga nisbatan ishonch uyg‘otgandi.
– Bax-xram, – dedi u biroz qiynalib, – tы ne protiv, yesli ya tebe Borey zovu?
– Net, ne protiv.
– Molodets, Borya! – U endi onamga o‘girildi. – U tebya slavniy paren, xozyayka! Vot mы i poznakomilis. Vecherom Alik pridyot, pust zaxodit v komendaturu. Tы ponyal menya, Borya?
– Da, ponyal, dyadya…
– Vasilich, – dedi u. Keyin qo‘shib qo‘ydi: – Zdes detvora menya dyad Vasilichom klichit. I tы toje tak zvat mojesh. Nu, schastlivo ostavatsya, xozyaeva. – Burilib ketar ekan, yana bir karra menga eslatdi. – Ne zabud, Bor, Alik vecherom zaxodit komendaturu.
– Ne zabudu, dyadya Vasilich!
Kechqurun otam kelganida komendantning kelganini va nimalar deganini oqizmay-tomizmay aytib berdim.
– Sen rus tilini qaerdan bilasan? – hayron bo‘l­di otam.
– Maktabda “besh”ga o‘qiganman! – Maqtanib qo‘y­dim.
Otam ulkan, temirdek qattiq qadoqli panjalari bilan boshimni siladi.
– Yaxshi! Bu ishing zo‘r bo‘pti. Tilni bilsang bu yerda qiynalmaysan. Tezda o‘zingga o‘rtoqlar topib olasan.

* * *

Otam to‘g‘ri aytgan ekan, kuzda yangi maktabga qat­nay boshlaganimga ko‘p o‘tmasdan o‘zimga yarasha o‘r­toqlar topib oldim. Birinchi bor sinfxonaga kirganimda, qator partalarda o‘tirgan bolalar ko‘zimga begona va sovuq ko‘ringan edi. O‘rta yoshlardagi to‘ladan kelgan oq-sariq ayol – rus tili o‘qituvchimiz va sinf rahbarimiz Lidiya Aleksandrovna meni o‘rta qatorda yolg‘iz o‘tirgan, malla yuzini sepkil bosgan, bo‘yi mendan bir kalla baland, suyagi buzuq qizning yoniga o‘tqazarkan, tanishtirdi:
– Bolalar, bu sizlarning yangi sinfdoshlaringiz Baxram Abdullaev. Umid qilamanki hali do‘stlashib ketasizlar.
O‘qituvchi ortiga o‘girilib, doskaga mashqning qol­­­gan qismini yoza boshlaganida sinfda misli ko‘­rilmagan shivir-shivir to‘zoni boshlanib ketdi. Men indamay sumkadan kitob-daftarimni chiqarib partaning ustiga qo‘ydim. Suyagi buzuq qiz mening har bir harakatimni yirik-yirik moviy ko‘zlarini yanada katta ochgancha kuzatib turardi. Oxir sabri yetmay so‘z qotdi:
– Mening ismim Masha...
– Menikini esa hozir eshitding, – dedim biroz qo‘rsroq ohangda.
– Isming g‘alati ekan... – u biroz tutilib qoldi. – Biroq, bizda senikidan ham g‘alati ismli bolalar bor. Misol uchun, uchinchi qatorning oxiridagi bolaga qara, uning ismi Nur-dau-let. Biz uni Davka deb ataymiz. Xuddi bo‘g‘ma ilonni atagandek.
Masha partada yolg‘iz o‘tirib rosa zerikkan ko‘­rinadi, labi labiga tegmay pichirlardi. Men u ko‘r­satgan tomonga qaradim. Uchinchi qatorning so‘nggi partasida boshqalarga nisbatan yoshi kattaroq shekilli, baland bo‘yli, polvon kelbatli, yalpoq va keng yuziga unchalik o‘tirishmagan mitti qisiq ko‘zlari yiltirab turgan o‘spirin o‘tirardi. Masha yana allanimalarni shoshilib gapira boshlaganida Lidiya Aleksandrovnaning qahrli ovozi eshitildi:
– Dudko! Agar yana shivirlay boshlasang, sinfdan chiqarib yuboraman!
– Kechirasiz, Lidaleksanna. Boshqa qayta­ril­may­di, – dedi Masha shosha-pisha va jim qoldi.
– Nima, sen komendantning qizimisan, hali? – so‘­radim uning familiyasini eshitganim zahoti.
– Ha, shuning uchun ham partada yolg‘iz o‘tiribman. “Zek”larning bolalari men bilan o‘tirishni xoh­lashmaydi, yaramaslar. – U g‘ijinib, yirikkina mushtini qisib qo‘ydi. Keyin menga o‘girildi. – Sening otang ham ariston, a? Sen mendan nafratlanmaysanmi?
Vasilich amaki menga yomonlik qilgani yo‘q. Tanishgan kunimizdan boshlab bu xo‘ppa semiz polkovnik menga sodda va samimiy odam bo‘lib ko‘ringandi. Bolalarga uning nimasi yoqmaskan. Tushunmadim. Otasi yoqmasa, qizida nima ayb.
– Yo‘q, – dedim Mashaning sepkil bosgan yuziga qarab. – Sen bilan endigina tanishdim-ku. Nima uchun nafratlanishim kerak.
Mashaning ko‘m-ko‘k ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi.
– Maylimi, seni Borya deb chaqirsam?
– Ixtiyoring. Otang ham meni shunday deb ataydi.
– Sen hali otam bilan tanishmisan?
– Ha, kelgan kunimoq tanishib olganman.
Mashaning ko‘zlaridagi quvonch alangasi bir zumda so‘nib, o‘rnini mubham, allaqanday g‘ussali tumanlik qoplab oldi.
– U otangni urdimi? – bir oz tin olib, hazin to­vush­da so‘radi.
– Yo‘q, – dedim biroz hayron bo‘lib, – nega unaqa deysan?
Masha og‘ir tin oldi.
– Otam ichib olgan paytlarda ko‘ziga tashlangan aristonni rezina tayog‘i bilan do‘pposlab qoladi. Gap qaytarganini esa qamoqqa tashlaydi. Yaqinda Davkaning otasini kaltaklab, mayib qilib qo‘yishiga sal qoldi. Shuning uchun ham Davka meni yomon ko‘radi. Agar xilvatda qo‘liga tushib qolsam, o‘ldirib ketishdan ham toymaydi, u!
– Lekin otang unaqa odamga o‘xshamaydi-ku?
– Ichmagan paytlarida yaxshi odam. Ichsa, hayvonga aylanadi, qoladi.
 Oradan bir necha kun o‘tdi. E’tibor bersam, ha­qiqatan ham Mashani hech kim, hatto qizlar ham o‘z saflariga qo‘shmasdilar. Yangiligimgami, yoxud, tavqi la’natga qolgan Masha bilan partadosh bo‘lib qolganim uchunmi, men ham beixtiyor ularning nafrat o‘qiga nishon bo‘lib qolgandim. Rasman sinfga “professor” laqabli qiltiriqqina, ko‘zoynak taqib yuradigan armani bola Gogik sinfboshi bo‘lsa-da, biroq butun sinf, hatto qizlar ham mushtumzo‘r Nurdaulet – Davka qozoqqa quloq qoqmay bo‘ysunishardi. Bechora sinfboshi esa uning xos g‘ulomiga aylanib qolgandi. Mashaning aytishicha uni qizlar orqaravotdan “Otnesi-prinesi” deb atasharkan.
“Qiziq, – xayolimdan o‘tdi shu tobda birinchi partada o‘tirgan Gogikka nazar tashlarkanman, – shu gavdasiga shuncha laqab og‘irlik qilmasmikan: “Professor”, “Otnesi-prinesi”, yana buning ustiga “Sinfboshi” ham...”
Tanaffusda bir chetda turib, to‘polon qilayotgan kichkina sinf o‘quvchilarini tomosha qilib turardim. Nariroqda esa Davka boshchiligidagi bir nechta o‘g‘il bolalar nimanidir qizg‘in muhokama qilishar, ahyon-ahyonda men tomonga qarab-qarab qo‘yish­la­ri­dan, suh­bat mening sinfda qo‘qqisdan paydo bo‘lib qolishim to‘g‘risida ekanligiga ishonchim komil edi. Men tabiatan kamsuqum bolaman. Odamlar bilan tez kirishib keta olmayman. Tortinaman. Shu tor­tin­choqligimni yashirish uchun xo‘mrayib olaman. Xuddi bu “yalangoyoq”larni pisand qilmayotgandek ko‘r­sataman o‘zimni. Bu qilig‘im menga ko‘p pand bergan. Bir necha bor kaltak yeb qovoqlarim ostini ko‘kartirib ham yurganman. Biroq bu odatdan qutulolmayman sira. Hozir ular ham bu g‘o‘ddaygan oliftaning adabini berib qo‘yishni o‘ylayotgan bo‘lsalar kerak. Achchiq tajribamdan bilamanki, ular bu ishni tanaffusda, maktab hovlisida amalga oshirishmaydi. Balki, shaharchaning bironta xilvat go‘shasida ora ochdi qilinadi. Ular hamon nimanidir qizg‘in muhokama qilishardi. Oxir-oqibat kelishib olishdi, shekilli, bir-birlariga qo‘l tashlashdi.
– Bo‘ldi, – xayolimdan o‘tdi, – endi ichlaridan bironta notavonroqni “elchi” qilib jo‘natishadi.
Aytganimdek bo‘ldi. Sinfboshi Gogik menga yaqin­lashib kela boshladi.
– Borya, – dedi u ko‘zoynak ostidan qora ko‘zlarini alang-jalang o‘ynatib, – yur, gaplashib olishimiz kerak.
Biz chetroqqa o‘tdik.
– Davkaga sening komendantsha bilan osh-qatiq bo‘­­lib yurishing yoqmayapti! – dedi u qariyb shivirlashga o‘tib ketayozgan past tovushda. – Bu ishga shu bugunoq barham berishingni talab qilyapti!
– Kim? – dedim o‘zimni go‘llikka solib, – kim talab qilyapti?
Gogik xuddi kirlanib ketgandek ko‘zoynagini yechib, cho‘ntagidan oppoq ro‘molchasini chiqardi va hafsala bilan oynaklarini artib chiqdi. Keyin avaylab uzun qirra burnining ustiga qo‘ndirdi.
– Nahotki tushunmagan bo‘lsang?! Davka talab qilyapti!
– Agar Davkangning talabini bajarmasam-chi?
– Unda o‘zingga qiyin bo‘ladi.
Ichimdan zil ketib turgan bo‘lsam-da sir boy bergim kelmadi. Oliftalarcha chetga “chirt” etib tupur­dim-da, bamaylixotir qo‘l silkidim:
– Boshga tushganini ko‘z ko‘radi, – dedim kattalardek salmoqlab va sinfxonaga tomon yurdim.
Goga yetti yildan beri shu sinfda o‘qib, shu yetti yil davomida sinfning tan olingan “qiroli”ga sadoqat bilan xizmat qilib yurib bunaqa “qahramonlik”ni ilk bora ko‘rib turgan bo‘lsa kerakki, ko‘zlarini hatto ko‘zoynakdan chiqib ketgudek qilib chaqchaytirgancha ortimdan hangu mang qarab qoldi.
Vaziyat ancha tarang edi. Muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilishning hali ham imkoni saqlanib qolgandi-yu, biroq... Men Davkaning barcha shartiga ko‘nsam va hammaning oldida undan kechirim so‘rasam, olam guliston bo‘lishini Gogik bir necha marta qu­lo­g‘imga quydi. Lekin men mag‘rurlik taxtidan tushmay har safar bechora sinfboshiga bepisandlarcha qo‘l sil­tab qo‘yardim.
Hamma tan olgan zo‘r – Davka qozoqdan qo‘rq­mas­mi­dim? Yo‘q, o‘lgudek qo‘rqardim. Hatto, so‘nggi kunlarda u tushlarimga kirganida alahlab uyg‘onadigan bo‘lib qoldim. Kun qorong‘ilashganida ostona hatlashga yuragim dov bermasdi. Har ko‘ringan qora qo‘yniga o‘tkir pichoqchasini yashirib poylab turgan Davka qozoq bo‘lib ko‘rinaverardi.
Maktabda esa ichimdagini sirtimga chiqarmay, yana o‘sha mag‘rur va bepisand qiyofaga kirib olardim. (To‘g‘risini aytsam, bu qiyofaga kirishning o‘zi bo‘l­masdi). Bu qiyofa Davkaning notavon yugur­daklari va qizlar o‘rtasida ancha-muncha obro‘ qozo­nishimga ham sababchi bo‘ldi. To‘g‘ri-da, kimsan dah­shatli Davka qozoqning dag‘dag‘asini bir tiyinga ol­magan yakkayu-yagona kimsa men edim-da. Xuddi shu ob­ro‘ni to‘­kib qo‘yishdan qo‘rqishim, Davkaning kaltaklashidan qo‘r­qishimdan bir necha baravar katta edi va mening mag‘­rur qiyofamni saqlab turishimga ko‘mak berardi.
Shunday, asablar tarang tortilgan kunlardan birida Mashaning qo‘llarimga tez-tez razm solayotgani e’tiborimni tortdi.

* * *

Otam qamalganida men ikki yarim yashar go‘dak bo‘lganligimni aytgandim. Oradan besh yil o‘tganida men ikkinchi sinfni tugatib uchinchi sinfga o‘tgandim. Turmushning butun tashvishi onamning yelkasida. Yarim­­jon keksa momom bilan meni oq yuvib, oq tarab bo­­qardi. Buxorodagi allaqanday texnikumda o‘qiy­digan Abdurayim amakimning tashvishi ham onamning bo‘ynida. O‘n besh kun, bir oyda bir kelganida onam uning cho‘ntagiga to‘rt-besh so‘m pul tiqib yuborishini bilaman.
– Obunaga bir so‘m pul so‘rasam bermaysiz-da, amakimga bus-butun beshtalikni qistirib yuborasiz! – deb g‘ishg‘isha boshlaganimda onam jerkib berardi:
– Sen o‘z uyingda yuribsan, tirmizak! Amaking esa musofirchilikda. Unga pul kerak!
To‘shakda yotgan momom mening xarxashamni eshitgan chog‘i ichkaridan ovoz beradi:
– Bahromjon, bolam, buyoqqa qaravor.
Men sekin momom yotgan uyga bosh suqaman. U yos­tiqqa suyanib o‘tiradi. Kamzulining cho‘ntagini kavlashtirib ikkita o‘n tiyinlik chaqa olib menga uzatadi.
– Ma, bolam, xo‘rozqand olasan. Hali otang kelsin, o‘zim senga ko‘-o‘p pul olib beraman.
Shosha-pisha momomning qo‘liga tashlanaman. Otam­­ni esa eslay olmayman. Lekin hali-veri kelmasligiga aqlim yetadi.
 Maktabdan kelasolib, chala-chulpa choy ichgancha, chog‘roq boltani yelkamga qo‘yib, to‘rt tirraqi echki va besh qo‘yni oldimga solib daryo bo‘yiga yo‘l olardim. Kechgacha qo‘ylarni to‘ydirib, bir bog‘ yulg‘unni yelkalagancha uyga qaytardim. Esimni tanibmanki, shu qo‘ylarning ortidaman. Yana tandir-o‘choqni o‘tin bilan ta’minlash ham mening bo‘ynimda. Ba’zan jonimga tegib ketadi. Bor-ey, deb barchasiga qo‘l siltab, chimzorda to‘p tepayotgan bolalarga qo‘shilib ketgim keladi. Biroq, onamning tappi yopaverganidan, gilam to‘qiyverganidan tarasha-tarasha yorilib ketgan qo‘llari ko‘z oldimga kelib, fikrimdan qaytaman. Bor kuchim bilan yulg‘un poyasiga bolta uraman.
Qish chillasida momom o‘sal bo‘lib qoldi. Onam yugurgilab Uljon tabibni boshlab keldi. Tabib xola momomni obdon ko‘zdan kechirganidan keyin boshini chayqab tilini chuqillatdi.
– Kelin, momoni ancha charchatib qo‘yibsiz. Illat o‘pkalarida. Asal topiladimi?
Onam indamay yerga qaradi.
– Asal hozir otliqqa yo‘g‘-u...
– Topmasangiz bo‘lmaydi, kelin. Momoning kurak­lariga asal yopib, illatni haydaymiz.
– Mayli, xola. Shu zormandani topsak, momo tuzaladilarmi?
Tabib xolaning biroz jahli chiqqandek bo‘ldi.
– Men sizga Xudomidim, kelin! Xudo shifo beraman, desa, men bir sababchiman-da, o‘rgulay. Siz asalni toping, Xudo xohlasa, momo ko‘rmagandek bo‘lib ketadilar. Ha, aytgancha, istansadagi Rauf no‘g‘oydan so‘rating. Shunda topiladi.
Rauf no‘g‘oyni men tanirdim. Gazeta qog‘oziga tamaki o‘rab chekadigan jizzaki chol. Temiryo‘l bo‘yidagi kichkina hovlichasida asalari boqadi. Bir banka asalni ikki shisha aroqqa almashtirganini ko‘rganman.
Tabib xola ketdi. Onam ortidan ming‘irlab qoldi:
– Rauf no‘g‘oyda asal borligini o‘zim bilmaymanmi? Qani unga beradigan pul? Nasiyaga ko‘narmidi u tirraqi...
Ernazar polvon nevaralariga kurashli to‘y ber­yapti. Kun sovuq bo‘lishiga qaramay davraga yugurdik. Qisilib-surilib davraning oldingi qatoriga o‘tib, chordona qurib o‘tirib olamiz. Biz – bu, men bilan Ravshan. Burnimizni kamzulning yengiga artgancha tez­roq olish boshlanishini kutamiz. Ikkita cholni yolg‘ondakam olishtirib, davrani boshlab olgan bakovul endi bolalarni kurash tushira boshlaydi. Shunda kimningdir baquvvat panjalari meni yerdan uzib davraningdir o‘rtasiga olib chiqadi. Bu panjalar otamning eng yaqin o‘rtog‘i Niyoz amakimniki bo‘lib chiqadi.
– Polvon bova, – deydi u bakovulning tirsagidan tortib, – bizning polvonchaga mos bir raqib toping.
Bakovul mening qo‘limdan ushlab davrani aylantiradi.
– Bahrom polvonga talabgor bormi?! – deb hay­qiradi.
Bir zumda to‘rt-beshta talabgor davraga chiqadi. Razm solaman. Barchasi mendan bir-ikki yosh katta bolalar. Zil ketaman. Biroq bilintirmayman. Bakovul qo‘shni qishloqdan Zokir degan bolani menga raqiblikka tanlaydi. Zokirni taniyman. Bizdan bir sinf yuqori o‘qiydi. Xo‘ppa semiz, shunga yarasha kuchiyam bor. Usulni yaxshi bilmaydi. Kuchiga ishonadi. Agar qo‘liga tushsang mijg‘ilab tashlaydi. Chap berib, yoqangni tutqazmay olishsang, tez charchaydi.
Bakovul zotni e’lon qildi:
– Bahrom polvonga Zokir polvon talabgor bo‘ldi. Bularning zoti uch so‘m pul! Qani, polvonlarim, halol olishinglar.
“Uch so‘m pul. Buni Rauf no‘g‘oyga eltib bersam, hech bo‘lmasa yarim banka asal berarmikan?” Zokir baqaloqning ortidan davrani aylanarkanman, xayolimdan shu so‘zlar o‘tadi. Nima qilib bo‘lsa ham Zokirni yiqitishim kerak. Menga, to‘shakda bir burdagina bo‘lib yotgan momomga shu pul kerak.
Zokir baqaloq suzong‘ich buqadek ustimga bostirib keladi. Chap beraman. Uning yoqamga uzalgan qo‘llari muallaq qoladi. U g‘azablanib bo‘g‘riqqancha yana tashlanadi. Chap bera turib oyog‘iga qoqma beraman. U yuztuban qulaydi. Davrani qiyqiriq bosadi.
– He, yashavor, ota o‘g‘il!
Bu Niyoz amakimning ovozi edi. Bakovulning guldiragan tovushi qiy-chuvni bosadi:
– Bu polvonlarning zoti oshdi! Niyozboy Bahrom polvon uchun yana uch so‘m qo‘shdi! Bu polvonlarning zoti olti so‘m bo‘ldi! Eshitmadim demangla-ar!
Zokir charchadi. Yelkasidan nafas ola boshladi. Changalida ham kuch qolmadi, shekilli, yoqamdan ushlaganida keskin siltab tashladim. Barmoqlari shalvirab, yoqamdan ajraldi. Payti kelgandi. Uning yoqasidan ikki qo‘llab changalladim va shu zahoti tiz cho‘kib yelkamdan oshirib yubordim. Zokirning og‘ir gavdasi qipiq to‘kilgan yerga gursillab tushdi.
– Halol!
Men cho‘ntagimga ulkan boylik – ikkita yashiltob uch so‘mlikni yashirgancha istansadagi Rauf no‘g‘oyning uyi­ga qarab uchib ketdim.

* * *

Qo‘llarim bolaligimdan issiq-sovuq kunlarda bol­ta ushlab o‘tin chopaverganimdan qoramtir, ser­qa­doq va gavdamga nisbatan katta edi. Uyalganimdan qo‘l­larimni parta ostiga oldim. Uning razm solayotganini sezib qolganim uchunmi, Masha “duv” qizardi.
– Sen sambo bilan shug‘ullangansan-a? –so‘radi u biroz o‘ng‘aysizlanib.
Sambosi nima ekanligini biroz bilaman. Lekin u menga yoqmaydi. Ba’zi tomonlari o‘zimizning kurashga o‘xshaydi. Lekin unda yotib olib ham olishaverarkan. Qo‘lni, oyoqni qayirishlari ham bor. Shunisi bizga to‘g‘ri kelmaydi. Mardmisan, tikka turib olish-da!
– Unchalikmas...
– Kamtarlik qilma. Hamma seni sambist bo‘lsa kerak, deyapti. Agar sambist bo‘lmasang, nega Davkadan qo‘rqmayapsan?
– Seningcha Davkadan qo‘rqmaslik uchun faqat sambist bo‘lish kerak ekanmi?
– Gapni aylantiryapsan. Gogik seni sambist, to‘rt-beshtani bir o‘zi chalpak qilib tashlay oladi. Shuning uchun ham doim g‘o‘dayib, hech kimga qo‘shilmay yuradi, dedi.
Men qachondir Davka qozoq bilan ro‘para kelishimga ishonardim. Davkaga o‘xshagan bolalar yo seni yengib bukib olishi, yo yengilib, tan berishi kerak. Bo‘lmasa o‘rtada pinhoniy jang davom etib kelaveradi. Lekin hal qiluvchi jang ortga surilaverdi. Davka yo bir zarb bilan tarozining posangisini o‘zi tomonga og‘dirib olishga payt poylayapti, yo bo‘lmasam, mening ortimdan yurgan mish-mishlarga ishonib ochiq jangga chorlashga jur’ati yetmayapti... Men esa tezda orani ochiq qilishni xohlardim. Arosatda, gumon va tahlikada yurish jonimga tekkandi. Yana ikki kun chidayman, deb o‘zimga o‘zim so‘z berdim, shundayam boshlamasa, o‘zim boshlayman!
Kechqurun otam odatdagidan ancha ertaroq ishdan keldi. Kayfi chog‘, ko‘zlari yiltirab turardi. Onam oshxonada kartoshka archar, men esa karavotga chalqancha cho‘zilgancha grammatikadan allaqanday mujmal, tushuniksiz qoidani yodlab o‘tirardim.
– Bahrom! – Bor ovozi bilan shang‘illadi otam. – Buyoqqa chiq!
Men kitobni tumba ustiga tashlab koridorga chiq­dim. Otam qo‘lidagi qog‘oz paketni menga tutqazib, o‘zi qo‘pol botinkasi bilan paxtaligini yecha boshladi.
– Oshxonaga olib kir. Bugun sizlarga bir qo‘lbola osh qilib beray!
Bizning shovqinimizga onam chiqib keldi. Qo‘lida chala artilgan kartoshka.
– Nima? Osh? Men makaron sho‘rva qilayotgandim.
– Yo‘qot makaron sho‘rvangni. Bugun osh qilamiz!
– Ibi, qanday yo‘qotaman? Qozonga solib bo‘ldim-ku!
– Oborib Vanyaning cho‘chqalariga berib kel!
Birinchi qavatda turadigan Vanya amaki uyning hovlichasi burchagida bostirmacha qurib olib cho‘chqa boqardi. Shu vajdan Xudoning bergan kuni Olloberdi chol bilan janjal qilar, chol uning ustidan ko­mendantga bir necha bor arz qilgan, biroq Vanya amaki komendantga bitta cho‘chqa bolasi va bir shisha sa­mogon berib suvdan quruq chiqib ketar va bemalol to‘ng‘izlarini parvarishlar, hovlini qo‘lansa isga bos­­tirib yuraverardi.
– E, Xudo olsin u isliqini. Halol oshimni harom qilib uning to‘ng‘izlariga yediramanmi! Ana balkonga chiqarib qo‘ysam turadi. Ertaga pishirib berarman.
– Bilganingni qil. Besh minutdan keyin qozon tayyor bo‘lsin!
Otam bugun maoshga qo‘shib mukofot ham olibdi. Pulning cho‘g‘i ancha baland ekanligi qulfi-dilini ochib yuborgan shekilli, “Mextsex”dagi (otam kombinatga qarashli mexanika tsexida chilangar-usta bo‘lib ishlardi) ulfatlari bilan mukofotni yuvib, yuzta-yuzta otgach, shaharchadagi yakkayu yagona gastronomga kirib oshning masallig‘ini olgancha uyga chopibdi.
Otam qappayib turgan cho‘ntagidan bir dasta qizil o‘ntalikni olib stol ustiga qo‘ydi.
– Ma, Bahrom bilan o‘zingga qishlik biron narsa olarsan.
Onam sekin pulni oldi-da pichirlab sanay boshladi. Keyin bir qismini ajratdi.
– Otasi, buni qishloqqa, momoga jo‘natamiz.
Otam unga hayron qaradi.
– Nega? Yaqinda jo‘natganding-ku. O‘zingga palto, Bahromga etik bilan quloqchin olmoqchi eding...
– Biz bir kunimizni ko‘rib turibmiz. Uyoqda momo nima qildilar ekan... Hali Abdurayim uylanishi kerak.
– Abdurayim... Abdurayim! – Jahli chiqadi otam­ning. – Yigirma beshga kirdi u! Haligacha onamning pensiyasiga ko‘zini tikib mo‘ltirab turadi! Onam bilan ikkalang shu bolani yomon erkalatdilaring-da!
Onam to‘g‘rayotgan sabzisidan qo‘lini olib otamga g‘alati qaraydi. Otam bir zumda soviydi. Bilganingni qil, deganday qo‘lini siltab qo‘yadi. Onam apir-shapir sabzini to‘g‘rab berib, ko‘chaga oshiqadi. Pochtaxona yopilmasdan ulgurishi kerak.
Oshxonada otam bilan ikkalamiz qolamiz. Otam qizib turgan qozonga bo‘laklangan dumbani tashlab jaz bo‘lguncha qovuradi. Keyin jazni suzib olib ustiga tuz sepadi. Qozonga to‘g‘ralgan piyozni tashlaydi. Oshxonani xushbo‘y, ishtahani qitiqlovchi piyozdog‘ hidi tutadi.
– Bahrom, anavini olib kel, bo‘lmasa oshimiz bemaza bo‘lib qoladi.
Men shkafdan shisha bilan stakanni olib stol ustiga qo‘yaman. Otam tishi bilan shishaning alyumin qopqog‘ini sug‘urib oladi va stakanni yarimlatib quyadi. Xuddi shuni kutib turgandek eshigimiz jiring­laydi. Otam g‘o‘ldirab so‘kingancha stakanni boshiga ko‘tararkan menga ko‘zlari bilan ishora qiladi. Eshikning ortida tirjaygancha yuqori qavatda turadigan Mishaning otasi Sergey amaki turardi.
– O, Alik! – shang‘illaydi u. – Znachit segodnya plovniy den!
– Zaxodi, Sergey, – deydi otam uncha yoqtirmay.
Sergey amaki pildirab kelib kursiga cho‘kadi. Qo‘y­nini titkilay boshlaydi. Otam unga e’tibor qa­ratmay qozondagi go‘shtni kavlaydi. Laganga uyib qo‘­­yilgan sabzini qozonga ag‘darib qopqoqni yopadi. Qo‘­­lini sochiqqa arta-arta kelib uning ro‘parasiga o‘ti­radi.
– Ichasanmi?
Sergey amaki yoyilib iljaygancha qo‘llarini yoya­di. Otam shkafdan ikkinchi stakanni olib stolga qo‘yadi va har ikkalasini yarimlatib aroq quyadi. Sergey amaki qo‘ynidan bitta uzunchoq bodring bilan bitta pomidor chiqaradi. Otam tuz sepilgan jazli tarelkani uning oldiga suradi. Bundan keyin nima bo‘lishini yoddan bilganim uchun o‘rnimdan turib narigi xonaga o‘taman. Tumba ustidagi titig‘i chiqib ketgan grammatika qoidalari kitobini qo‘limga olaman.
Ular shishani quritishadi. Ikkala ulfatning fe’li-xo‘yi turlicha. Sergey amakining kayfi oshgani sari sergaplashib, shang‘illay boshlasa, otam aksincha har bir quritilgan qadahdan keyin tundlashib, indamasga aylanib boradi. Shu narsa mayxo‘rlik davralarida tez-tez bo‘lib turadigan janjal va mushtlashuvning oldini oladi. Sergey amaki vaysab-vaysab charchagach, eng asosiysi shisha bo‘shab, uy xo‘jasi ikkinchi shishani qo‘ymasligiga aqli yetgachgina ketish taraddudiga tushadi. Otam indamay uni kuzatib qo‘yadi. Sergey amaki keta ketguncha podezdni boshiga ko‘tarib shang‘illaydi:
– Alik, tы zolotoy paren! I tvoi ruki toje zolotыe!
Otam indamay eshikni yopib ichkaridan zanjir­laydi. Tashqaridan Sergey amakining mastona g‘o‘l­dirashi eshitilib turadi:
– Shunday tilla yigit bu Xudo qarg‘agan joyda nima qilib yuribdi? Tu-shu-nmay-man! Ne ponimayu!
Otam indamay borib qozonga guruchni bosadi. Ke­yin idish-tovoq turadigan shkafni uzoq kavlashtirib yarmi ichilgan aroq shishasini topadi va uni boshiga ko‘taradi. Tamakidan sarg‘aygan mo‘ylovi shalpayib qoladi. Gazagiga bosib-bosib “Belomorkanal” tortadi. Oshxonani piyozdog‘ hidiga omuxta bo‘lib tamaki va aroqning achimsiq hidi tutadi. Ko‘nglim ayniydi. Derazaning bir tavaqasini ochib yuboraman. Xonaga kech kuzning qor hidi anqib turgan sarin havosi yopiriladi. Otam shundagina o‘zining yolg‘iz emasligini, xonada men ham borligimni sezib qoladi. Papiros qoldig‘ini derazadan otib yuboradi. Shishani olgan joyiga qayta yashiradi. Deraza oldida ko‘ksini sovuq havoga tutib bir dam turib qoladi. Keyin menga o‘giriladi. Unda kayfdan asar ham qolmagan bo‘ladi.
– Xo‘sh, o‘qishlar qalay? Yangi maktabingga o‘rganib qoldingmi?
– Yomonmas, – deyman ruhsizgina. – Chidasa bo‘­la­di.
Ko‘z oldimda Davkaning sovuq basharasi paydo bo‘ladi.
– To‘g‘ri, – deydi otam, ko‘zimga qattiq tikilib. – Chiday olgangina yakunda g‘olib bo‘ladi.
Shunda kunduz kuni ikki kun chidashga va Davka jim yuraversa jangni o‘zim boshlashga qaror qilganimni eslab uyalib ketaman.
Qariyb ikki haftadirki, asablar janggi davom etardi. Davka zimdan bosim o‘tkazar, qariyb har kuni Gogik menga Davkaning qanday kuchga ega ekanligi, hatto yuqori sinflarda o‘qiydigan nechta jo‘jaxo‘rozning esini kiritib qo‘yganligini shipshir, u bilan san-manga bormasdan, aytganini qilish eng to‘g‘ri yo‘l ekanligini uqtirishga harakat qilardi. Men esa hamon o‘sha-o‘sha, Gogikka yuqoridan kibrli nigoh tashlar va oliftalarcha “chirt” etib tupurar va “chepuxa” deb qo‘yardim. Vaqt mening foydamga ishlayotgan edi. Oldin butun sinf Davkaga so‘zsiz bo‘ysungan va unga ishongan bo‘lsa, mening bo‘ysunmasligim ularning ishonch qal’asini zimdan yemira boshlagan edi. Davkaga bo‘ysunmasdan ham yashash mumkin ekanligiga men yaqqol misol edim. Kechagina quldek xizmat qilgan yugurdaklari uning buyrug‘i­ni og‘rinib bajarishar, ba’zi bir jur’atliroqlari esa bajarmay qo‘ya qolishardi.
Kutilmaganda Gogik qaltis qadam qo‘ydi. Uch-to‘rtta o‘ziga o‘xshagan o‘rtog‘i bilan men tomonga o‘tganini tantanavor e’lon qildi. Bu hodisa darsdan keyin, sinf rahbarimiz Lidiya Aleksandrovna bilan birgalikda o‘tkazadigan sinf majlisimizda yuz berdi. Sinfboshi sifatida so‘zga chiqqan Gogik, mening a’lochi va faol o‘quvchi, yaxshigina sportchi ekanligimni maqtab, sinfdan tashqari sport musobaqalari o‘tkazishga mas’ul sinf faoli qilib saylashni taklif qildi. Shu orada oldingi faol Davkaning o‘zlashtirishi pasayib ketganligini, xulqi ham sinf faoli degan mas’uliyatli vazifaga mos kelmasligini ta’kidlab o‘tdi. Men sinf faoli bo‘lib saylandim. Bu Davkaning mavqeiga qaqshatqich zarba bo‘lib tushdi. Ertasiga ertalab maktabga kelar ekanman, hovlida Gogik bilan birga yetti-sakkiz bola to‘planib turganini ko‘rdim. Nariroqdagi Davkaning to‘pi esa anchagina siyraklashib qolgandi. Gogik men bilan birinchi bo‘lib salomlashdi.
– Borya, bugun navbatchilikka kimni qo‘yay? – so‘radi u yaltoqlanib.
– Sinfboshi sensan. Kimning navbati kelgan bo‘lsa, o‘shani qo‘yasan-da!
– Bugun aslida sening navbating kelgan, – dedi u ayyorona ko‘z qisib.
– Bo‘pti, – dedim to‘ng‘illab, – navbatim kelgan bo‘l­sa qilaveraman.
– E, yo‘q, – dedi qilpanglab yo‘limni to‘sgancha, – sen kechadan boshlab sinf faolisan. Turgan gapki, faollar navbatchilikdan ozod qilinadi. Bugun Davka navbatchilik qiladi. U endi faol emas.
“Bilganingni qil!” deganday qo‘l siltadim va ichkariga kirib ketdim.
Navbatchilik masalasi Davkaning shu paytgacha to‘­lib yurgan sabr kosasini toshirib yuboribdi. U ochiq jangga o‘tishga qaror qilibdi. Katta tanaffusda undan ultimatum keldi. Agar barchasini eski holiga qaytarib chekinmasam, u holda urush bo‘lishi muqarrar ekan. Davka o‘ziga xos tarzda yon ham beribdi. Undan uzr so‘rash majburiyatidan ozod qilibdi. Yana o‘z holimcha yuraverishim mumkinligini, o‘ziga bo‘ysunishga majburlamasligini ham pisanda qilib o‘tibdi. Faqat uning mulkiga (menimcha u o‘zining xizmatini qilib yuradigan yugurdaklarini nazarda tutgan bo‘lsa kerak) ko‘z olaytirmasam bas, ekan. Aks holda urush. Jang maydoni qilib yozgi kinoteatrning orqa tomonini belgilabdi. Darsdan so‘ng o‘sha yerda ochiqchasiga gaplashib olarkanmiz.
Mana, nihoyat men biroz xavotir va qo‘rquv bilan kutgan kun ham yetib keldi. So‘nggi dars tugaguncha bu xabar butun sinfning qulog‘iga yetib ulgurdi. Hamma dars tugashini sabrsizlik bilan kutardi. Nihoyat orziqib kutilgan qo‘ng‘iroq chalindi. Davka va uning yugurdak­lari tezda kitob-daftarlarini yig‘ishtirib chiqib ketishdi. Qolganlar esa menga ko‘z tashlamasalar-da, chiqishimni kutib imillagancha sumkalarini yi­g‘ishtirishardi. Sumkamni yelkamga ilib, sinfdan chiqdim. Ortimdan gurillab butun sinf qo‘zg‘oldi. Ko‘chada ketaturib yo‘limni chapga soldim. Yozgi kinoteatrga orqa tomondan bormoqchi edim. Ortimdan oyoq tovushlari eshitildi. Jo‘rttaga orqaga qaramasdan qadamimni tezlashtirdim.
Kinoteatrning orqasida Davka to‘rt o‘rtog‘i bilan kutib turardi. Davkaning qo‘lida he o‘sha, mening tushlarimga kirib chiqadigan o‘tkir pichoqcha, qolgan shotirlar esa oq qayin yog‘ochidan (bu shahar ruda qa­zib olish va uni qayta ishlashga moslashgani uchun, shax­talarga tirgak vazifasini o‘taydigan oq qayin g‘o‘la­­lari hamma joyda sochilib yotardi) yasalgan mus­tah­kam gavroncho‘plar bilan qurollanib olishgan edi. Ra­qibning tish-tirnog‘igacha qurollanganini ko‘rib ba­da­nimdan sovuq ter chiqib ketdi. Lekin endi ortga yo‘l yo‘q edi. Tizzam qaltirayotganini bilintirmaslik uchun yanada shaxdamroq yurib ularga yaqinlashdim. Davka ham ikki qadam oldinga yurdi.
– Borya, mening taklifimni o‘ylab ko‘rdingmi?
– Ha.
– Rozimisan?
– Yo‘q.
– Qaysar bola ekansan. Haliyam kechmas. Menga qo‘shil. O‘ng qo‘lim bo‘lasan. Birov pishagingni pisht demaydi.
– Birovlarning qo‘li, yo oyog‘i bo‘lib o‘rganmaganman.
– Unda urush bo‘ladi!
– Ixtiyoring.
Davka menga yeb qo‘ygudek tikildi. Men ham ko‘zimni lo‘q qilib unga qarab turaverdim. Nihoyat uning uning kipriklari pirpiradi. Bu mening ilk g‘alabam edi.
– Nima, sen qo‘rqmaysanmi?
– Yo‘q.
Uning o‘ng qo‘l barmoqlari bukila boshladi. Demak, u to‘satdan musht tushirib qolmoqchi. Men esa cha­paqayman. Buni Davka bilmaydi. Bu mening “kuzirim”. Uning musht bo‘lib tugilgan o‘ng qo‘lini ko‘zdan qochirmay yarim qadam ortga chekindim. Buni Davka qochish deb o‘yladi shekilli, oldinga tashlanib, o‘ng qo‘lini sermadi. Men lip etib qo‘ltig‘ining tagidan o‘tib oldim va shu zahoti chap qo‘lim bilan chakkasi va bo‘ynining tutashgan joyiga tushirib qoldim. Davka gursillab quladi.
– Nokaut!
Shundagina ortga o‘girildim. Ortimda qariyb butun sinf, qiz-o‘g‘il aralash chuvillashib turishardi.
Davkaning qulaganini ko‘rgan shotirlari al­la­­qachon quyonni surib ulgurishgandi. Jang maydonida bechora raqibimning bir o‘zi qolgan. Buning us­tiga tuproqqa qorishgan holda. Men unga qo‘limni cho‘z­­­dim. Davka bir zum menga g‘azabli nigoh tashlab turdi, biroq oxir-oqibat qo‘limdan ushladi. Tortib tur­g‘az­dim. Kurtkasiga ilashgan xas-xashakni qoqib tashlashga ko‘maklashgan bo‘ldim. Qo‘lini qo‘yib yubormay ko‘ziga tik boqdim.
– Yarashmi?
U bir zum tin oldi. Keyin qo‘lini bir siltab jilmaydi.
– Yarash.
Bizning sarguzashtlarga boy, ajralmas do‘st­li­gi­miz xuddi shu daqiqadan boshlangan edi.

* * *

Otam anchadan beri ichmay qo‘ygan. Basharasi tund, qovog‘ini solgancha tishining oqini ko‘rsatmay yuradi. Uyga kelganida ham yarim kosa makaron sho‘r­vani ishtahasiz ichar, bosib-bosib arzon va achchiq “Belomorkanal”ni tutatar va kirib yotardi. Otam uyda payti hatto qadam tovushini chiqarishga ham qo‘rqardik. Shivirlashib gaplashardik. Yuragim siqilib ketardi. Uyda o‘tirgim kelmay qolar, biron narsani bahona qilib tashqariga otilardim. Ko‘chani kesib o‘tib narigi kvartalga, Davkaning oldiga chopib qolardim. Davka esa hovlidagi bolalar maydonchasidagi temir halinchakni g‘ichirlatgancha uchib papiros tutatib turgan bo‘lardi.
– Kel, Borya, – surilib joy beradi u. – Senikiyam ichyaptimi?
– E, yo‘q, – deyman xo‘rsinib, – qaytaga ichgani yaxshi edi. Siqilib ketyapman.
Davka papirosni chuqur tortadi. Keyin og‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqaradi.
– Chekasanmi? – U yarmi chekilgan papirosni uzatadi.
– Yo‘q, – deyman, qo‘lini qaytarib, – chekib bo‘l­gan­man.
Ikki oycha oldin ilk marta tamaki tutunini tortganim esimga tushadi. O‘shanda achchiq tutundan boshim aylanib, ko‘nglim aynigan, rosa qayt qilgandim.
– O‘zing bilasan.
Davka papirosni so‘nggi bor tortadi va qoldig‘ini irg‘itib yuboradi.
– Meniki ichyapti. Uch kundan beri. Tinimsiz. Kecha onamni do‘pposladi. Bugun esa komendant uni. Nima qilishga hayronman.
Oxirgisiga men tasodifan guvoh bo‘lib qolgandim.
Onam pul berib, bir shisha yog‘ olib kelish uchun gast­ronomga jo‘natdi. Ishdan keyingi vaqt bo‘lgani uchunmi, gastronom gavjum edi. Odamlar ikki qator bo‘lib navbatga turishardi. Ikkita sotuvchi xotin qo‘li-qo‘liga tegmay mijozlarga xizmat qilishar, biroq shunda ham qatordan norozi g‘o‘ng‘illagan tovushlar eshitilib turardi. Men indamay borib qatorning oxirida turdim. Endi bir-ikki qadam siljigandim ham, safning o‘rtarog‘ida to‘polon ko‘tarildi. Bo‘ynimni cho‘­zib qaradim. To‘polonning epitsentrida Davkaning otasi Qo‘nisbay amaki turardi. Og‘zida uchi chaynalgan papiros buruqsir, qo‘lidagi qizil to‘rxaltadan vinodan bo‘shagan bir nechta shishaning og‘zi chiqib turardi. U hadeb chuvillashayotgan o‘ris xotinlarga o‘zining shu qatorda turishga haqqi borligini tushuntirishga harakat qilardi. Sotuvchi xotinlar esa bu yerda chekish mumkin emasligini aytib do‘kondan chiqib ketishni talab qilishar, Qo‘nisbay ham agar fuqarolik huquqlari tiklanmaydigan bo‘lsa xuddi turgan joyida ochlik e’lon qilishini aytib dag‘dag‘a qilardi. Shu payt gastronomga yaxshigina yutib olganidan bo‘lsa kerak, sarg‘ish mo‘ylovi shalpayib, tashlagan qadami mo‘ljalga yetib-etmay tushayotganidan biroz gandiraklab qolgan komendant ikki askar kuzatuvida kirib keldi.
– Bu nima to‘polon!? – dag‘dag‘a qildi xo‘ppa semiz polkovnik. – Davay, tez tarqaling!
– O‘rtoq polkovnik, – dedi malla sochli, to‘ladan kelgan ayol, – Manavi grajdanin ichib olib, jamoat tartibini buzmoqda! – U qo‘llarini bigiz qilib Qo‘nisbayni ko‘rsatdi.
Qo‘nisbay esa birdan hushyor tortib, sasib turgan papirosini polga tashlab tezda yag‘ir botinkasi bilan bosdi. Yuziga jiddiy tus berdi.
– Eh, la’nati Konus, yana boshlayapsanmi?
Qo‘nisbay g‘azabdan titragancha, beliga osilgan rezina tayog‘ini changallab turgan komendantga qarab tanbeh bergan kishi bo‘ldi:
– Hali meni piramida yoki kub ham deb atarsiz, grajdanin komendant. SSSR konstitutsiyasida sovet kishisini allaqanday geometrik shakllar nomi bilan emas, o‘z ismi bilan atalsin deb yozib qo‘yilgan.
– Shu holiga Konstitutsiyani ham biladi-ya... – pichirladi kimdir. Yana kimdir “piq” etib kulib qo‘ydi.
– U hatto “Inson huquqlari deklaratsiyasi”ni ham yoddan biladi! –xirilladi kimdir.
Bu ovoz tanishdek tuyuldi. Bo‘ynimni cho‘zib alang­lagandim, tarix o‘qituvchimiz Yan Grigorevichga ko‘zim tushdi. U har doimgidek ozoda kiyingan, tilla gardishli ko‘zoynagi ostidan mitti, qo‘y ko‘zlari yiltirab turardi.
Shu payt Vasilich amaki nihoyat belidagi qa­yi­shidan rezina tayog‘ini sug‘urib oldi va Qo‘nisbay amakining yelka aralash bo‘yniga gursillatib tushirib qoldi. Bechora jabrdiyda to‘rxaltasidagi shishalarni beton polga urilib sinishdan saqlab qolish uchun katta mahorat va jasorat namunasini ko‘rsatib, to‘rxaltani bag‘riga bosgancha chalqanchasiga quladi. Ikkinchi zarbani esa qo‘llari bilan boshini changallab g‘ujanak bo‘lib yotganida qabul qilib olarkan, shunda ham o‘z gapidan qolmay g‘o‘ldiradi:
– Ana ko‘rib qo‘yinglar, kommunistcha zo‘ravonlikni! O‘z huquqini talab qilgan mazlum proletariatni hatto imperialistlar ham buncha xo‘rlamaydi!
G‘azabdan qip-qizarib ketgan komendant ortida g‘o‘ddayib turgan ikki askarga o‘shqirdi:
– Qani olinglar bu ablahni! – Keyin g‘ujanak bo‘­lib yotgan Qo‘nisbayning ketiga o‘xshatib bir tepdi. – Hali senga huquqingni ham, imperialistlaringni ham ko‘rsatib qo‘yaman! Proletariatmish-a!

* * *

Tungi sovuq qalin paxtaligimning choklari orqali kirib tanamni qaltirata boshlaydi. Davkaning ham sovuq qotayotgani sezilib turardi. Biroq ikkalamiz ham halinchakning muzdek temir o‘tirg‘ichidan turib uy-uyimizga tarqalishni istamaganimizdan jimgina qaltirab o‘tiraverardik. Shu payt ko‘zimizga ko‘rindimi, bir sharpa shitirlab o‘tib ketdi. Tangla­yimizgacha muzlab uning ortidan qarab qoldik. Sharpa xuddi havoda suzayotgandek uzoqlashib bir zumda qorong‘ilik bag‘riga singib yo‘qolib ketdi. Ikkalamiz bir-birimizga termulib jim qoldik.
– Sen... sen ham ko‘rdingmi? – qiynalib tilga kirdi Davka.
– H-ha, – dedim men ham tilim zo‘rg‘a aylanib.
Qo‘shni uyning derazasidan tushib turgan xiragina yorug‘likda Davkaning rangi gezarib ketgani ko‘rinib turardi. Bir-birimizning pinjimizga tiqilib qancha o‘tirdik, bilmayman. Bizning sukutimizni quyuq, qop-qora tun bag‘rini xanjardek tilib o‘tgan qiz bolaning qichqirig‘i buzdi:
– Po-mogite-e! Mamu ubili!!!
Bu Mashaning tovushiga o‘xshardi. Darhaqiqat, komendant Davkalarning uyida, faqat boshqa pod’ezdning ikkinchi qavatida kasalmand xotini va qizi bilan yashardi.
Biz xuddi komanda berilgandek, oyog‘imizni qo‘­limizga olgancha tovush chiqqan tomonga chopdik. Yetib borganimizda qo‘shnilar allaqachon erkak-ayol aralash yig‘ilib bo‘lishgan ekan. Ikkinchi qavatga intilayotgan olomon orasida qisilib-turtilib Mashalarning kvartirasiga kirib borganimizda qiyomat qoyimning us­tidan chiqdik. Xona tartibsiz: stol ustida yegulik qoldiqlari, ichkilikdan bo‘shagan shishalar sochilib yotar, eshik oldida Mashaning onasining oriq tanasi g‘alati cho‘­zilgan, uning qoq peshonasiga avtomatning stvoliga o‘rnatiladigan harbiycha nayza-xanjar naq bo‘g‘zigacha qadalgan edi. Jasadning yonida singan tarelka, sochilib ketgan chuchvara, ikki pallaga bo‘lingan olma yotar, polga to‘shalgan guldor patgilam qondan jiqqa ho‘l edi. Masha onasining sovib borayotgan ko‘k­siga boshini qo‘ygancha hiqillar, yoshgina, kapitan for­­masidagi yigit rangi gezargancha qaltirab, hadeb papiros tutatar, komendant esa xira ko‘zlarini olomonga tikkancha hadeb “Ne p-ponimayu” derdi. Uning g‘irt mast ekanligi ko‘rinib turardi.
– Skoriy chaqirish kerak! – hiqilladi qo‘shni xotin.
– Foydasi yo‘q, – dedi oqish shop mo‘ylovli erkak ayolning peshonasiga sanchilib turgan nayza-xanjarga imo qilib, – joni o‘sha lahzadayoq uzilgan.
– Bo‘lmasa komendaturaga xabar berish kerakdir, – jahli chiqdi ayolning.
– Komendatura shu yerda! – dedi erkak divanda cho‘ch­qadek pishillab turgan badmast polkovnikka naf­ratli nigoh tashlab. So‘ng o‘girildi va xonadan chiqib ketdi.

* * *

Kapitan Semyon Veremeev U-ya 126/74 degan nom bilan ataluvchi, tikansimlar va soqchi minoralari bilan o‘rab olingan yopiq shaharcha komendantining o‘rinbosari lavozimiga tayinlov qog‘ozini ko‘targancha soat sakkiz yarimda komendaturaga kelganida, komendant – polkovnik Aleksey Vasilevich Dudko birinchi yuz grammni allaqachon otib ulgurgan edi. Veremeev unga tayinlov qog‘ozini topshirgach ro‘paradagi stolga o‘tirdi. Oldingi o‘rinbosari boshqa ishga o‘tib, shaharchani tark etganidan beri komendaturaning huj­jat ishlari o‘lda-jo‘lda qolib ketgan, shu bois bosh­liqlardan dakki eshitishga ham to‘g‘ri kelgandi. Tabiatan qog‘oz ishlariga uquvi yo‘q polkovnikning hujjat titkilab o‘tirishga hafsalasi yetmasdi.
– Yaxshi bo‘ldi, – xayolidan o‘tdi polkovnikning, – hisobot-pisobotlardan qulog‘im tinchiydigan bo‘ldi. Keyin qog‘ozdan boshini ko‘tarib kapitanga diqqat bilan razm soldi. – Yangi vazifa bilan tabriklayman, kapitan. Shu bugunoq ishga kirishishingizni istardim. Komendaturaning barcha hujjat va hisobotlarini ko‘rib chiqing. Chalkashliklar bo‘lsa tuzating. Yanagi haftaning boshida yuqoriga hisobot topshirishimiz kerak. Tushunarlimi?
– Xuddi shunday, o‘rtoq polkovnik, – Veremeev g‘oz turib chest berdi. Ketishga ruxsat bering, o‘rtoq...
– Shoshma kapitan... – Polkovnik tortmasidan, bir shisha va ikkita stakan oldi. Ularga yarimlatib aroq quydi. Bittasini kapitan tomonga surib qo‘ydi. – Qani yangi ishning omadli boshlanishi uchun...
Ikkalasi cho‘qishtirib qadahlarni ko‘tarishdi.
– Ulfat yigitga o‘xsharkan, – xayolidan o‘tdi komendantning.
Ikkinchi qadah bo‘shaganidan keyin kapitan Syomaga, o‘rtoq polkovnik esa Aleksey Vasilevichga aylanib, qirq yillik qadrdonlardek ulfatga ayla­nish­di-qo­lishdi. Polkovnikning tortmasidagi shisha qoq­­­langach, kechqurun Aleksey Vasilevichning uyida ul­­fat­­chilikni davom ettirishga kelishib tarqalishdi.
 Kechqurungi ulfatchilik uzoq davom etmadi. Bunga Aleksey Vasilevichning harbiycha nayza-xanjar bilan olma archishi sabab bo‘ldi.
Syoma polkovnikdan nayza-xanjarni so‘rab olib, uning tig‘ini bosh barmog‘i bilan siypalab ko‘rgan bo‘ldi. Keyin bilyard soqqasidek keladigan olmani qo‘lida salmoqlab ko‘rib tepaga otdi va yashin tezligida pichoqni sermadi. Olma teng to‘rt bo‘lakka bo‘linib tarelkaga tushdi.
– Qoyil, Syoma! – dedi polkovnik, kapitanga is­teh­zoli kulimsirab qararkan. – Qani, pichoqni menga ber-chi.
Polkovnik vazadan yana bitta olmani olib, eshik tomon otdi va uning izidan pichoqni irg‘itdi. Hammasi oniy lahzada ro‘y berdi. Eshik ochilib, polkovnikning tarelka ko‘­targan zahil yuzli kasalmand xotini ko‘rindi. Olma xotinning qoq peshonasiga urilib pastga tushishga ulgurmay o‘tkir nayza xanjar uni qoq ikkiga bo‘lib bechora jabrdiydaning bosh suyagini teshgancha sanchilib qoldi. Xotinning qo‘lidan tarelka tushib, bug‘i chiqib turgan chuchvara sochilib ketdi. Bechora maqtula esa yurakni zirqiratib yuboradigan darajada bo‘g‘iq ingragancha polga uzala tushib cho‘zilib qoldi. Hang-mang bo‘lib qolgan polkovnik nima bo‘lganini aroqdan xiralashgan aqliga sig‘dirolmas, hadeb bir gapni takrorlardi:
– Tushunmayman! Qayoqdan paydo bo‘lib qoldi bu jin urgur! Tushunmayman!

* * *

Maktabdan kelaman-u belimga ikki quloch arqonni bog‘lab, yelkamga boltani tashlab, bir parcha nonni kavshagancha daryo bo‘yiga yuguraman. Bu paytda momom qamishzorda qo‘ylarni o‘tlatib yurgan bo‘ladilar. Yonlarida hamishagidek men “Mishka” deb ataydigan qo‘ch­qorcha. Momom kamzullarining cho‘ntagidan bir hovuch paxta olib, chigitlab o‘tiradilar. Mishka esa tushgan har bitta chigitni isrof qilmay paqqos tushirib turadi. Shuning uchun momomdan bir qadam nari jilmaydi.
– Hali otang eson-omon qutilib kelsa shuginani uning oyog‘ining ostiga so‘yamiz. Bolam, shuni yaxshilab boq. Xo‘pmi? – deydilar va o‘rinlaridan turib uyga qaytish taraddudini ko‘radilar.
Qo‘ylar to‘yib, bir-bir daryo bo‘yidagi qumloqqa cho‘kkalab oladilar. Men ham chalqancha yotib, ko‘m-ko‘k bahor osmonida chiziq tortib uchayotgan reaktiv samol­yotni tomosha qilib ko‘zim ketib , mizg‘ib qolibman. Dar­yoning narigi qirg‘og‘ida qo‘y boqib yurgan bolalarning qiyqirig‘idan cho‘chib uyg‘onib ketdim. Bolalar dar­yo­ga imlab nimalarnidir tushuntirishga urinishardi. O‘rnimdan turib suv tomonga shoshdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, momomning arzandasi – Mishka qo‘chqorcha ba­horgi toshqin daryoning qoq o‘rtasida, bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay oqib borardi. U ancha uzoqlashib qol­ganidan, quvib yetishim uchun qirg‘oq bo‘ylab ancha halloslashimga to‘g‘ri keldi. Men bilan baravar narigi qirg‘oqdagi bolalar ham yetib kelishdi. Qo‘chqorcha oqib ketayotgandi. Biroz hayallasam to‘g‘on tomonga ketib qoladi. Keyin uni tirik qutqarib qolishning iloji bo‘lmaydi. Nima qilishning ilojini topolmay angrayib turganimda narigi tomondagi bizdan uch sinf yuqori o‘qiydigan Karim degan bola eshagining ipini yechib oldi.
– Men ipni otaman! Sen suvga tushib uni qo‘ch­qorchangning shoxiga bog‘la! Biz tortib olamiz.
Daryo bo‘yida o‘sgan bolamasmanmi, suzishni ep­lardim, biroq bahorgi toshqinda guvranayotgan daryoga tushishga yuragim betlamasdi. Lekin agar Mishkani oqizib yuborsam, momomning, onamning ko‘ziga qanday qarayman?!
Ko‘ylak-ishtonimni yechdim-da, ko‘zimni chirt yumgancha, o‘zimni daryoga otdim. Bir amallab qo‘chqorcham oldiga suzib borib, uning shoxlaridan ushlab oldim. Karimning otgan arqonini ushlab olib, ho‘piqa-ho‘piqa uni Mishkaning shoxiga bog‘ladim. Uyoqdan bolalar kuchanib arqonni torta boshlashdi. Mishka ik­­kalamiz asta-sekinlik bilan qirg‘oqqa yaqinlasha bosh­­ladik.
Bu voqeani ertasi kuniyoq momom eshitibdi. Men maktabdan kelishim bilan qo‘lida yulg‘un xipchinni o‘y­natgancha koyiy boshladi.
– Shu bitta beaql jonivorni deb o‘zing oqib ketsang nima bo‘lardi, betiyiq! Keyin otangga nima derdim, shuni o‘ylamadingmi?!
– Lekin momo, men Mishkani qutqarib chiqdim-ku!
– Ikkinchi shunaqa qilma, kasofat!

* * *

Komendant mavqeidan foydalanib xotinini tinchgina ko‘mib yubordi. Kapitan Veremeev ham bu qa­bih jinoyatga sherik ekanligi uchunmi, yo o‘zining birinchi ish kunidayoq shunaqangi ishkal chiq­qani uchunmi bu voqeaga aralashmay turdi. Boshqa guvohlarning ko‘p­chiligi aristonlar bo‘lgani uchun ham qahri qattiq komendantga qarshi chiqishni istamasdilar. Qo‘nisbay amaki va unga o‘xshagan bir-ikkita tili uzunlar esa komendantning “dubinka”si mazasini yana bir karradan tatib, o‘n besh sutkani qorong‘u va zax zindonda o‘tkazib, tavbasiga tayanib chiqqanlaridan keyingina tinchib qolishdi.
Biroq, Mashaning ko‘zidagi mung aralash alam hech so‘nmas, kundan kunga u odamovilashib, kamgaplashib borardi.
– Borya, – deb qoldi u bir kuni kutilmaganda, – senda zarur gapim bor edi. Kechqurun bizning “dom”imiz yonidagi bolalar maydonchasiga o‘tsang, gaplashib olar­dik. Davkani ham olivolsang, yaxshi bo‘­lardi.
Onasi o‘ldirilgandan beri bolalarning unga bo‘l­gan munosabati mutlaqo o‘zgargan. Chunki komen­dantdan eng ko‘p zarar ko‘rgan shu Masha edi-da. Bosh­qalarning otasini yo onasini urgan, so‘kkan bo‘lsa-da, o‘ldirmagan edi.
– Bo‘pti, kechqurun Davka bilan halinchakda bo‘­lamiz.
Uyga kelsam otam negadir ertaroq ishdan kelibdi. O‘z odaticha go‘sht maydalab o‘tirardi. Yana mukofot olganmi, kayfiyati yaxshi edi. Eshikni ochib kirishim bilan, ortiga o‘girilmasdan turib chaqirdi.
– Buyoqqa kel, Bahrom.
Dadamning ro‘parasidagi stulga cho‘kdim.
– Xo‘sh, o‘qishlar qalay?
– Yomon emas.
– Baholar-chi?
– Yaxshi.
– Eshitishimcha Qo‘nisbay alkashning o‘g‘li bilan, keyin anavi komendant cho‘chqaning qizi bilan osh-qatiq emishsan?
– Ular yomon bolalar emas, ota.
– Sen qaerdan bilasan ularning yomon emasligini. Otalarining kimligini ko‘rib turibsan-ku!
Indamadim. Bunaqa paytda otamga gap qaytarish o‘zingga dilxiralik sotib olish bilan teng.
– Ko‘zingga qarab yur, bola. Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi. Senga yoningdagilarga qarab baho berishadi. Tushundingmi?
– Tushundim, ota!
– Tushungan bo‘lsang, bor, onangga qarash.
Men sekin o‘rnimdan turib narigi xonaga chiqaman. Onam xonani tozalayotgan ekan.
– Keldingmi, hozir ovqatingni suzib beraman.
Negadir onamning ham kayfiyati yaxshi edi. Otam sipolik bilan buni bilintirmaslikka uringan bo‘lsa, onam ro‘yi rost xursand edi.
– Ona, nima gap? Bugun boshqachasizlar?
Onam ichidagini saqlay olmasdi.
– Otangning muddatini qisqartirishibdi. Yaxshi ishlagani uchun. Nasib bo‘lsa olti oydan keyin ketamiz!
Men momomni, qishloqdagi do‘stlarimni rosa so­g‘ingandim. Yuragim hapriqib ketdi.
– Rostdanmi?! – qichqirib yubordim. – Shuning uchun otam oshga unnayotgan ekan-da!
Oyim hamishagidek bir kosa makaron sho‘rva emas, to‘rtta qovurilgan tuxum suzib berdi. Tuxumni paqqos tushirganimdan keyin onamdan nima ish qilishim kerakligini so‘radim.
– Sen singlingga qarab tursang bo‘ldi.
Men oyimdan buni kutmagandim. Do‘konga biron narsa olib kelish uchun jo‘natsa, g‘iz etib Davkalarning domiga borib, Mashaning nima gapi borligini aniqlab kelardim. Singlimga qarab turish degani ko‘chaga chiqishni orzu ham qilib o‘tirma deganidir. Mashaning oldida noqulay bo‘ladi-da.
Singlim bilan bir soatcha andarmon bo‘lganimdan keyin mening muammomni otamning o‘zi yechib bera qoldi.
– Bahrom, nima qilyapsan?
– Singlimga qarayapman.
– Singlingga onang qaraydi, sen buyoqqa qaravor.
Singlimni onamga topshirib oshxonaga o‘tdim.
– Bahrom, sen gastronomga chopib borib kel. Menga yengillik berilganini bir-ikkitasi eshitgan. Yuvamiz deb kelib qolishi mumkin. Shunga ikkita aroq opkelib qo‘y.
Otamdan pulni olib Davkalarning uyi tomonga chopdim. Gastronom u yerga yaqin edi. Hovlichaga kirib halinchakka o‘tirdim va hushtak chaldim. Oldin Davka, birozdan keyin esa Masha chiqib kelishdi. Biroz uyoq-buyoqdan gaplashgan bo‘ldik.
– Men komendantni o‘ldirmoqchiman, – dedi tomdan tarasha tushgandek Masha. – Bolalar, menga yordam berasizlarmi?
Davka bilan men hayratdan ko‘zlarimizni katta-katta ochib bir-birimizga termulib qoldik.
– Nim-ma deding? – hayrat bilan so‘radim.
– Ha, komendantni o‘ldirmoqchiman. U onamni o‘l­dirdi!
– Axir u otang-ku!
– Nima qipti? Davka, u sening otangni bo‘lar-bo‘lmasga do‘pposlayveradi. Nima, senga alam qil­maydimi?
– Otam ham undan pesh emas! – dedi Davka va chetga “chirt” etib tupurib, cho‘ntagidan g‘ijimlanib ketgan “Belomorkanal” qutisini chiqardi. – U ham ichib olgan kunlari alamini onamdan oladi. Bir kun kelib men ham uni o‘ldirib qo‘ymasam edi, deb qo‘rqaman. – U jahl bilan gugurt chizib, papirosini o‘t oldirdi.
– Bolalar, bas qilinglar! – dedim jahlim chiqib. Indamasam shu yerning o‘zidayoq bu ikkalasi o‘z ota­larini o‘ldirib qo‘ya qolishadigandek. – Men bunaqa tuturiqsiz aljirashlarni tinglayman, deb kelganim yo‘q. Agar tuzukroq boshqa gaplaring bo‘lmasa, men ketdim. – Qo‘limga ikkita bo‘sh shisha solingan to‘rxaltani ko‘targancha o‘rnimdan qo‘zg‘aldim..
Masha yengimdan ushladi.
– To‘xtab tur. Nima qil, deysan bo‘lmasa? Men u odam bilan bir uyda yashay olmayman!
Men o‘yga cho‘mib qoldim. Unga nima maslahat berishga hayron edim. Mendan ko‘ra Davkaning kallasi tezroq ishlab ketdi shekilli, yuziga qizillik yugurdi.
– Balki Olloberdi cholnikida yashab turganing ma’quldir, Masha?
Olloberdi chol maktabimizning qorovuli. Qish oylarida esa go‘lahlik ham qilardi. U bizning pod’ezdda, birinchi qavatdagi uyida bir o‘zi yashar, ko‘pincha maktabdagi qorovulxonada tunagani uchun uyida kam­dan-kam bo‘lardi. Chol odamovi, uncha-muncha odam bilan ochilib suhbatlashganini hech kim ko‘rgan emas. Badmast, xo‘ppa semiz polkovnikdan qo‘rqmaydigan yakkayu yagona shaharcha fuqarosi edi. Hammani qon qaqshatadigan komendant Dudko negadir cholni ko‘rganda qalqoni teshilib, qilichi singan navkardek shalvirab qolardi. Ko‘chada noxosdan uchrashib qolganlarida polkovnik g‘o‘ldiragancha salom berib, zudlik bilan o‘tib ketishga tirishar, shu asnoda cholning g‘alati shu’lalanib turgan qora ko‘zlariga nigohi tushib qaltirab ketardi. Chol unga allaqanday g‘azab aralash nafrat bilan termular, polkovnik battarroq gandiraklagancha undan tezroq uzoqlashish harakatini qilardi. Bu nigohlardagi nafrat o‘ti ayniqsa komendant baxtsiz, bechora ayolini noxos o‘ldirib qo‘yganidan keyin yanada quyuqlashgan, endi polkovnikning bu nigohlarga dosh berishga holi qolmagan, cholni ko‘chaning boshida ko‘rishi bilan, ortiga o‘girilib, juftakni rostlavorardi, qo‘yardi.
Men bunday holatga bir-ikki bor guvoh bo‘lgach, Olloberdi cholda allaqanday g‘ayritabiiy quvvat borligiga ishonch hosil qilgandim. Bu ne quvvat ekanligini bilishga qiziqar, biroq buni kimdan so‘rab olishni bilmasdim. Otamdan so‘rashga tortinardim. Chunki yetti-sakkiz yillik ayriliqda o‘sganim uchun otamga yaqinlashib keta olmagan edim. Onam esa men qatori kelgan. Davka va Mashalar esa yelka qisib qo‘yishardi, xolos.
Masha Olloberdi cholnikida yashasa, komendant otasi huda-behuda uni uni bezovta qilishga jur’at qila olmasligi aniq edi. Biroq Olloberdi chol o‘zi qattiq nafratlanadigan kasning zurriyodini uyiga kiritishga rozi bo‘larmikan?
Ko‘nglimdan o‘tganini sezib turgandek Davka buning yo‘lini qilishini aytib qoldi.
– Otamdan iltimos qilamiz. Otam chol bilan yaxshi kelishadi, o‘zing bilasan-ku, Borya.
Ha, to‘g‘ri. Cholning yana bir qiziq tomoni: ham­ma unga yaqinlashsa biron joyiga najosat yuqib qo­ladigandek yetti ko‘cha naridan aylanib qochadigan Qo‘nisbay amaki chol bilan anchagina apoq-chapoq edi. Qo‘nisbay amaki navbatdagi piyonistalik xurujidan qutulib, keyingisigacha tanasiga dam berib, o‘zining ta’biricha “tiklanish” jarayonini o‘tkazayotgan pallalarida maktab qorovulxonasida, yo Olloberdi chol turadigan bizning pod’ezdimiz yo‘lagidagi temir xarrakda, alyumin krujkadan quyuq qora choy ho‘plab, soatlab gurunglashib turganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganman. Fe’li-xo‘yi bir-biriga mutlaqo zid: biri taqvodor va zohidona turmush kechiruvchi, ikkinchisi esa har maosh olganida bo‘kib ichib, uyidagilarni, qo‘shnilarni va mutlaqo begonalarning ham bezorini chiqarmasa ko‘ngli tinchimaydigan, oxir-oqibat komendantning rezina tayog‘idan ulushini olib, bir necha sutka zax va sassiq avaxtaxonada yotib, “mulla mingan eshak”dek muloyim tortib qoladigan hamsuhbatlarni nima bir-biriga bunchalar yaqinlashtirganini nafaqat men, balki bu Xudo qarg‘agan shaharchaning yarim fuqarosi bilishni istar, lekin yurak yutib so‘rashga hech kimning haddi sig‘masdi.
– Lekin otang Olloberdi choldan o‘zining dushmanining qizini himoyasiga olishni so‘rashga rozi bo‘­larmikan?
– Uni sen ko‘ndirasan, – dedi Davka menga sirli jilmayib.
– Qanday qilib?
– Qanday qilib bo‘lardi! Hozir sen do‘kondan ara­g‘ingni olib biznikiga kirasan. Shishalarni ko‘r­ganidan keyin otamning ko‘zi o‘ynab ketadi. O‘sha payt unga hozirgi iltimosni aytasan. “Cholni ko‘n­dir­ganingizdan keyin bizning uyga chiqing, otam palov qil­yapti”, – deysan, vassalom. O‘n besh minutdan ke­yin gvardiyachi katta serjant Qo‘nisbay Yenekeev hamma ishni “est” qi­lib mehmonxonalaringda o‘tirgan bo‘­ladi.
Davka xoxolab kulib yubordi. Mashaning ham biroz kayfiyati ko‘tarilgandek bo‘ldi. Men gastronomga qarab yurdim.
– Ha, – dedi otam, bo‘sag‘ada meni kutib olar ekan, to‘rxaltadagi “Moskovskoe” degan aroqning yorlig‘iga qarab, – naq Moskvaning o‘zidan olib kelyapsanmi?
Tabiatan yolg‘on gapirolmayman. Salgina yol­g‘on gapirsam ham xuddi ro‘paramdagi kishi sezib qo­la­digandek “duv” qizarib ketaman.
– Gastronomda ochirt ko‘p ekan, – so‘zlarni chala yamlab g‘o‘ldiradim.
– Shunaqami? Demak ocheredda Qo‘nisbay bilan valaqlashib, vaqt qanday o‘tganini bilmay qo­lib­dilar-da, a?! Kir, men oshni suzgunimcha oshnangni zeriktirmay o‘tir!
Ichkariga kirib ne ko‘z bilan ko‘rayki, Qo‘nisbay amaki, o‘g‘li Davkaning ta’biri bilan aytganda gvardiyachi katta serjant Qo‘nisbay Yenekeev mehmonxonadagi bundayroq tuzatilgan stolning to‘rini ishg‘ol qil­gancha taltayib o‘tirardi! Yo, alhazar! Davka bilan birgalikda uni Olloberdi cholni Mashani himoya qilishga ko‘ndirish uchun maktab qorovulxonasiga jo‘­natganimizdan keyin uch daqiqa ham ushlanmay uyga qaytgandim. Shu vaqt ichida u qanday qilib maktab qorovulxonasiga borishga, chol bilan suhbatlashishga va uyga kelib meni kutib turishga ulgurdiykin?
Qo‘nisbay amaki to‘rxaltadagi aroqdan ko‘zini uzmay, topshiriq bajarilganini, Masha ertadan boshlab bemalol cholning uyida yashashi mumkinligini bildirdi. Men shishalarni stol ustiga qo‘yib, uning ro‘parasidagi stulga cho‘kdim.
– Menga qara, Borya, – dedi Qo‘nisbay amaki bitta shishani qo‘liga olib, yorlig‘ini sinchiklab o‘qib o‘rgana boshlarkan, – bu deyman Davka bilan ikkalang anavi go‘rso‘xtaning qizi bilan ja-a yaqin bo‘lib qolibsanlarmi?
Men unga o‘zining uslubida javob berdim:
– “Otaning gunohi uchun farzand javobgar emas” degan ekan o‘rtoq Lenin!
Qo‘nisbay amaki mendan bunaqa aqlli gap kutmaganidanmi, birinchi marta nigohini shishadan olib, menga yuz burdi.
– Shunaqa degin. Buni ham o‘sha tepakal Yan Gri­gore­vich aytdimi?
– Yo‘q, o‘zim o‘qiganman.
Uning qisiq ko‘zlari battar qisilib, yalpoq yuzi yanada kengayib ketgandek bo‘ldi. Keyin bir nuqtaga tikilib qoldi. Eshik ochilib, onam choynak ko‘tarib kirib kelganidagina uyqudan uyg‘ongandek ko‘zlarini katta-katta ochdi. Men choynakni olib qaytardim va choy quyib uzatdim. Qo‘nisbay amaki piyolani ruhsizgina olib stolga qo‘ydi.
– Bilasanmi Borya, o‘sha Lenining bekor aytip­ti! Bola otasi uchun javob beradi! Bergandayam qandoq! – U choydan ho‘plab qo‘ydi. Negadir mitti, qisiq ko‘zlari yiltirab ketgandek bo‘ldi. – Buni boshimdan o‘tkazganman! Qani o‘zing ayt-chi, katta bo‘lsang kim bo‘lmoqchisan?
– Tarixchi bo‘lmoqchiman! Pedinstitutning tarix fakultetida o‘qimoqchiman, – dedim burro qilib. To‘g‘­ri-da, axir, sinfda tarixni bilish bo‘yicha mendan o‘tadigani bo‘lmasa. Kimsan, maktab direktorini hassasining uchi bilan ko‘rsatadigan injiqfe’l Yan Grigorevichning ishongan o‘quvchisi bo‘lsam, tarix fakulteti mendan qochib qutula olarmidi?!
– Agar sen tarixni suv qilib ichib yuborgan bo‘lsang ham, seni bu dargohga yaqin yo‘latishmaydi. Chunki sening otang qamalgan. U jinoyatchi! Tarix siyosiy fan. Unga har qanday o‘tmishi shubhali shaxslar yaqinlashtirilmaydi! Tushundingmi, Borya? Xo‘sh, bu ota­ning gunohi uchun farzand javob bermasligimi?
Mening boshimdan bir chelak sovuq suv quyib yuborilgandek bo‘ldi. Nahotki orzularimning barchasi sarob bo‘lsa?! Biroq yuragimning chet-chetida bir siqimgina bo‘lsa ham ilinj saqlanib qolgandi.
– Nega endi? Menga institutga kirish mumkin emasmi?
– Qog‘ozda mumkin. Biroq amalda seni u yerga yaqinlashtirmaslik uchun barcha chorani ko‘rishadi. – Qo‘nisbay amaki qo‘lidagi piyolani o‘ynab o‘tirib, ko‘zlarini qisgancha menga termulardi. – Bu gaplarni institutning ko‘chasiga ham yaqinlashmagan, qozonxonada go‘lahlik qilib yuradigan odam qaerdan biladi, deb o‘ylayotgandirsan-a, Borya. To‘g‘risini aytaman. Men ham yoshligimda tarixni yaxshi ko‘rardim. Ayniqsa kishilik jamiyatida yaratilgan qonunlar tarixini. Men huquqshunos olim bo‘lmoqchiydim. Biroq, meni u yerga yaqinlashtirishmadi. Chunki otam 37-yilda “xalq dushmani” tamg‘asi bilan otilib ketgan edi. U paytda Stalin tirik edi. Jimgina kolxozga qaytib molboqarlik qildim. Oradan ko‘p o‘tmay Mo‘ylov iniga kirib ketdi. Xrushyov uning kirdikorlarini ochib tashlagach, ko‘pchilik qamalganlar oqlana boshladi. Men ham Bosh prokuror nomiga xat yozdim. Oradan ikki oylar o‘tib, otamning o‘limidan keyin oqlangani to‘g‘risida rasmiy xat oldim. Shu xatni ko‘tarib yana institutga bordim. Istar-istamas hujjatlarimni qabul qilishdi. Biroq, konkursdan o‘ta olmading deb ortga qaytarib yuborishdi. Men esa ular ustidan hatto tsekagacha yozdim. Ustma-ustiga, tinimsiz. Vaziyat esa toshqotgandek, o‘zgaray, demasdi. Qishloqdan olib kelgan oxirgi chaqalarimga bir shisha pivo sotib olib do‘konning o‘zidayoq boshimga ko‘tardim. Chunki mavhumlikdan ichim yonib ketgandi. Shishani qaytarib peshtaxtaga qo‘yishim bilan ikkita norg‘ul yigitning qo‘ltig‘imdan olayotganiga e’tibor qaratgunimcha bo‘lmay qornimga kelib tushgan kuchli zarbdan ko‘z oldim qorong‘ilashib ketdi va bir zumda o‘zimni “qora qarg‘a” deb atashadigan, aristonlarni olib yuradigan melisa mashinasida ko‘rdim.
Qo‘nisbay amaki og‘ir so‘lish oldi. Piyolasidagi sovub qolgan choyni bir ho‘plashda quritib, menga uzatdi. Yana choy quyib berdim. U bu safar kalta-kalta ho‘plab o‘tirdi.
– Ana shungayam yigirma yetti yildan oshibdi. Shundan beri o‘tirsam o‘poqman, tursam so‘poqman. Anavi gurso‘xta komendantga o‘xshagan nazoratchilarning rezina tayog‘idan ulushimni olib yuribman. Lekin singanim yo‘q! Bu la’nati tuzumning qulaganini ko‘rsam armonim qolmasdi. Agar Olloberdi cholning bashorati rost bo‘lsa, bir dahshatli to‘zon yaqinlashayotgan emish. U yer yuzidan bu ikkiyuzlamachi iblis saltanatini supurib tashlarmish...
Masha Olloberdi cholnikiga ko‘chib o‘tishga ulgura olmadi. Otam Qo‘nisbay amaki va yuqori qavatdagi ulfati Sergey amaki bilan ikki shisha aroqni qu­ritishgan kechaning ertasi kuni, qoq tush mahali qizib turgan mis tovadek xarrakning ustida, iyak qoqa-qoqa Olloberdi chol omonatini topshirdi. Men qo‘rqa-pisa Olloberdi cholning jasadi yonidan o‘tib komendantga xabar qilgan kunim kechga tomon shaharchani o‘rab turgan biyday sahroning kunbotar ufqida xira sarg‘ish, bulutsimon tumanlik ko‘zga tashlanib qolgan edi. Negadir tikansimlar bilan o‘rab olingan bu shaharcha xuddi osmono‘par xitoy devori bilan o‘ralgandek, shamol aylanmas, havo dim va og‘ir edi. Negadir bugun nimadir sodir bo‘ladigandek, ko‘nglim g‘ash, uyga oyog‘imni zo‘rg‘a sudrab bosgancha istar-istamay yaqinlashdim. Ko‘z oldimda Olloberdi cholning jon taslim qilish manzarasi qayta-qayta jonlanar, qulog‘im ostida esa cholning xirildoq tovushi eshitilib turadi: “To‘zon yaqinlashyapti...” Qiziq, kecha kechqurun Qo‘nisbay amaki ham cholning allaqanday to‘zon yaqinlashayotganini aytgani xayolimga kelardi. Bugun quyosh ufqqa sekin bosh qo‘ymadi. Kunbotar tomonga sal og‘gach, sarg‘ish tumanlik ichra biroz qizarib turdi-da, birozdan keyin butkul g‘oyib bo‘ldi. Shaharchani xira sarg‘ish qorong‘ulik egallay boshladi. Uyga yaqinlashdim. Pod’ezdimiz oldidagi Olloberdi chol jon taslim qilgan xarrakda otam va Qo‘nisbay amaki qayg‘uli alfozda sukut saqlab turishardi. Men qariyb pichirlagancha ularga salom berdim. Otam boshini ko‘tarib menga ma’nosiz tikildi. Davkaning otasi esa nimalarnidir g‘o‘ldirab qo‘ydi. Chamasi salomimga alik olgan bo‘lsa kerak. Men indamay yurakni ezib yuboradigan sukunat hukmronlik qilgan yo‘lakni tark etib zinapoyadan yuqoriga ko‘tarildim.
Kechasi derazamiz ostida Davkaning hushtagini eshitib pastga chopqilladim. Kechqurun ojizgina boshlangan shabada biroz kuchaygan, shamol sahrodan qum aralash xas-cho‘plarni shaharchaga yetkazib kela boshlagan edi. Shamol daqiqa sayin kuchayib borar, g‘alati chang shaharchaning ko‘chalariga, ko‘pqavatli uylarning tomlariga yog‘ilardi.
– Tezda komendantning uyiga bormasak bo‘lmaydi, Borya, – shoshilganidan Davka apil-tapil gapirardi. – U yerda nimadir sodir bo‘lyapti!
Nima sodir bo‘layotganini tushunmasam-da, Davkaning ortidan oyog‘imni qo‘lga olgancha chopa boshladim. Komendantning pod’ezdiga yetib kelganimizda ikkalamiz ham yelkamizdan nafas olardik. Shamol endi uylarning tunuka tomlarini daranglatar, ochiq qolgan deraza tavaqalarini qarsillatib urardi. Shu shovqin-suron orasida kimningdir, qizbolaning ezgin, g‘ussali yig‘i tovushi elas-elas qulog‘imizga yetib kelardi.
– Bu Masha, – dedi negadir qat’iy ishonch bilan Davka. – Yur, ularnikiga kiramiz.
Mashaning onasi o‘ldirilgan o‘sha mash’um kechadan beri bu xonadonga kirishga yuragim betlamasdi. Bu dahshatli kvartirada Mashaning qanchalar qiy­nalayotganini his qilib, uning Olloberdi cholnikida yashashi uchun harakat qilganlarimiz esimga tushdi. Mashani la’nati otasining changalidan qutqara olishi mumkin bo‘lgan yagona odam ham endi yo‘q...
Bo‘ynimdan sudralgandek mayda qadamlar bilan Davkaning ortidan ergashib zinapoyaga qadam qo‘ydim.
Eshik qo‘ng‘irog‘ini uzoq jiringlatdik. Bir payt sochlari to‘zg‘ib, qovoqlari yig‘idan qizarib, shishib ketgan Masha ochdi. Bizni ko‘rgandan keyin oshkora ho‘ngrab, poyafzallar terib qo‘yilgan kichik tumba ustiga o‘tirib qoldi. Bizning so‘rab surishtirishlarimizga javoban qo‘li bilan balkon tomonga ishora qildi. Biz oshxona orqali kengish balkonga chiqqanimizda ofitserlar qayishiga osilgancha, basharasi ko‘karib, dahshatli qiyofaga kirgan xo‘ppa semiz polkovnikning jasadiga ko‘zimiz tushib, dahshatdan qichqirib yubordik. Komendantning joni uzilganiga bir necha soat bo‘lgan, dum-dumaloq qorni battar kattalashib, do‘mbira bo‘lib shishib ketgan, tili yarim qarich osilib, girih tishlari bilan g‘archcha tishlangan edi.
– Qo‘shnilarni chaqirish kerak, – deya pichirladim, komendantning vahimali jasadidan ko‘zimni uzolmay.
Keyin xuddi komanda berilgandek har ikkalamiz eshikka qarab yugurdik.
Komendant xotinini o‘ldirib qo‘ygan kechadan beri hech qaysi qo‘shni uning uyiga qadam bosmas, qotil polkovnikdan iloji boricha o‘zlarini olib qochishardi.
Qo‘shnilarning eshik qo‘ng‘iroqlarini bosa boshladik. Kimdir g‘o‘ldirab so‘kingancha bizni haydab yuborar, yana kimlardir eshikni mutlaqo ochishmasdi.
Oxir-oqibat Davkalarning uyiga borib, Qo‘nisbay amakini uyg‘otishga majbur bo‘ldik.
– Oxiri to‘ng‘iz qo‘pibdi-da, – dedi uyqusirab Qo‘­nisbay amaki. U kunduz kuni Olloberdi cholni dafn etganidan keyin ancha payt otam bilan uning uyi oldida ba’zan jim, ba’zan shivirlagancha gurunglashib uzoq qolib ketgan edi. Shuning uchunmi, Olloberdi cholning musibati sababmi, u har kunlik rejasi – yarim litr­ni yutmagan, hushyor edi. Biroq o‘zining azaliy dushmani – komendantning o‘li­midan quvonganini ham, xafa bo‘lganini ham bilib bo‘lmaydigan holatda, asabiy yurib koridordagi telefon go‘shagini ko‘tarib raqam terdi-da, gapni qisqa qildi:
– Allo, komendaturami? Bo‘lmasa eshiting. Komendantingiz Dudko balkonida o‘zini osib qo‘yibdi! Kimning xabar berganini bilishingiz shart emas! Xayr.
U go‘shakni qo‘yib, biroz tin oldi. Keyin bizga o‘gi­rildi.
– Komendantning qizi uyida yolg‘izmi?
– Ha, – dedi Davka, – bir o‘zi yig‘lab o‘tiribdi. Bironta qo‘shni bizga eshik ochishni istamadi.
– La’nati... – dedi u qo‘llarini asabiy silkib.
U kimni la’natlayapti, qo‘shnilarnimi yo komendantnimi – bilib bo‘lmasdi.
– Sizlar Mashani pastga olib tushib kutib turinglar. Hozir komendaturadan kelishadi. Keyin uni buyoqqa olib kelasizlar. U uyda qizni yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi.
Tashqarida esa shamol qariyb bo‘ronga aylanayozgan, u xas-xashakka qo‘shib yirik-yirik qum zarralarini yuzimizga urar, osmon qop-qora, “milt” etgan yorug‘lik ko‘zga tashlanmas, tinimsiz yuzimizga urilayotgan qum zarralari ko‘zni ochirgani qo‘ymas, tishlarimiz orasida yoqimsiz g‘ichirlardi.
Shu payt osmondan tushgandek ro‘paramizda otam paydo bo‘lib qoldi. U mening birdan yo‘qolib qol­ga­nim­dan tashvishga tushib qidira boshlagan va anchagina ovora bo‘lganligi yuzidagi g‘azabdan akslanib turardi.
– Qaerda yuribsan, ablah!? – U yuzimga yengilroq tarsaki tushirdi.
Shu paytgacha bunaqa tarsaki yeb ko‘rmagandim. Yo‘q, og‘riqdan emas, balki alam, g‘azabdan yuzim lovullab yonib, ko‘zlarimga yosh keldi.
– Alik amaki, Boryani urmang! Uni men chaqirgan­dim. Bilasizmi, komendant o‘zini osib qo‘yibdi. Shunga Mashaning oldiga kelgandik. – Davka poyintar-so­yintar qilib vaziyatni tushuntirgancha oraga tushdi.
– Nima deding? Komendant?
– Mashaning dadasi... Balkonda o‘zini osib qo‘­yibdi. Masha yig‘lab o‘tiribdi.
– Shunaqami... Sening otang qaerda?
– Uyda, hozir komendaturaga telefon qildi...
Otam bir pas boshini qashlab turdi.
– Sen uyga bor, – dedi menga o‘girilib, – onang xa­­votir olyapti.
Men shaharchamizga kunbotar tomondan balo-qazodek bostirib kelayotgan qum bo‘roniga qarshi qiy­nalib qadam bosgancha uyga qaytdim.
Keyingi kun ertalab ancha lohas bo‘lib uyg‘ondim. Osmon sarg‘imtir, quyuq to‘zon buluti qoplab olganidan kun nimqorong‘i, havo esa nafas olib bo‘lmas darajada quyqa va og‘ir edi.
 Olloberdi chol o‘limi oldidan bashorat qilib ketgan to‘zon bor bo‘y-basti bilan o‘zini namoyon qila boshlagan edi.
Onam choyga chaqirdi. Istamaygina o‘rnimdan turib yuvindim. Men dasturxon boshiga kelganimda otam o‘rnidan turib, allaqanday ezgin kayfiyatda ishga yo‘l oldi. Onamning qovoqlari ham soliq. Atigi bir yarim kun oldingi, otamning muddati qisqartirilib, bir necha oydan keyin qishloqqa qaytishimiz daragini eshitganidagi xursandchiligidan asar ham qolmagan edi. Hatto jajji singilcham ham xomushgina, belanchagida so‘rg‘ichini so‘rib yotardi.
Choyni chala-chulpa ichib, papkamni ortmoqlagancha uydan chiqdim.
Bo‘ron tundagidek uvillamas, ozgina bo‘lsa-da shashti pasaygan, biroq sarg‘ish chang tuman shaharchani butkul ishg‘ol qilganidan, ikki qadam oldinni ko‘rib bo‘lmasdi. Kecha tunda otam meni uyga jo‘natib yuborganidan keyin nimalar bo‘lganligini aniqlash maq­sadida yo‘limni Davkalarning uyi tomonga burdim. Yaqinlashganimda Davka bilan Mashaning birga chiqib kelayotganlariga ko‘zim tushdi.
– Kecha komendantning jasadini olib ketishganidan keyin, Masha biznikida, singlimning yonida qoldi. Hozir biznikidan chiqib kelyapmiz.
Mashaning hamon qovoqlari salqigan, ko‘zlari qi­zarib turardi.
– Endi meni detdomga topshirvorisharkan, – hi­qilladi Masha yana ko‘zlariga yosh olib, – men ham o‘zimni osvorsammikan. Negadir yashagim kelmay ket­yapti.
Uning gapi menga jo‘yalidek tuyuldi. Yuragim si­qilib borardi. Negadir to‘zon nafaqat shaharchamiz havosini, balki bizning miyamizni, qalbimizni xiralashtirib tashlagan edi. To‘zon endi abadiy davom etadigandek, bizning qolgan umrimiz shu tumanlikda xira ko‘lanka bo‘lib kechadigandek, oldda “milt” etgan yorug‘lik yo‘qdek tuyulib ketdi. To‘zon shaharcha ko‘chalari bilan birga bizning ko‘nglimiz ko‘chalarini to‘s-to‘polon qilib tashlagandi, go‘yo.
Maktabga kelganimizda negadir sinfxonalar jim-jit, unda-bunda ko‘rinib qoladigan o‘qituvchilar ham shoshgancha pichirlashib o‘tib ketishar, bizning ang­rayib turishimizga e’tibor ham berishmasdi.
Hammasini sinfboshi Gogik gapirib berdi.
Tarix o‘qituvchimiz Yan Grigorevich kecha tunda bilak tomirlarini kesib tashlabdi. Tongda uni vannaxonadan o‘lik holda topishibdi. Hozir uning tobutini maktabga olib kelish, motam mitingini o‘tkazish to‘g‘risida o‘qituvchilar maslahat qilishayotgan ekan. Bugun darslar o‘tilmasligi ham mumkinmish.
Gogik muhim ma’lumotni yetkazib, yengil tortgandek bo‘lib, ortiga qaytdi. U negadir Mashaning ko‘­ziga qaray olmasdi. Yiltiragan qora ko‘zlarini devorga, ba’zan deraza ortidagi to‘zon ichida qolgan shaharchamizga boqqancha gapirdi.
Yan Grigorevich yoshi ellik bilan oltmishning miyonasida, to‘ladan kelgan, tilla gardishli ko‘zoynak taqib yuradigan basavlat kishi edi. U hammaga bepisand, yuqoridan nazar tashlar, shuning uchun ham shaharchada do‘stlari yo‘q, ikki xonali uyda qarimsiq kampiri bilan yashar edi. Ular befarzandligi uchunmi, kattakon buldog it boqishardi. Kechqurunlari er-xotinlar o‘sha ko‘ppagini sayr qildirgancha, parkni aylanib yurishganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Ular hech kim bilan gaplashishmas, salom berganlarga esa bilinar-bilinmas bosh irg‘ash bilan javob qaytarishardi. Shuning uchun ham shaharchaning asosiy fuqarolari bo‘lgan sobiq aristonlar bu ziyolinamo olifta kimsalarni xushlamasdilar. Biroq u bilan bir kunda narigi dunyoga safar qilgan komendant unga hurmat bilan muomalada bo‘lar, uchrashib qolganlarida ehtirom bilan boshini egib salomlashardi.
Maktabda esa Yan Grigorevichdan hatto direk­tor ham hayiqib turardi. Biz o‘quvchilarni esa aytmay qo‘yaqolay. Biroq men tarixdan boshqalarga qa­raganda yaxshiroq edim. Buning ustiga u negadir otam bilan chiqishardi. Shuning uchun ham men ushbu “ki­bor” domlaning marhamatiga sazovor bo‘lgan sa­noq­li o‘quvchilardan edim. U menga yuksak marhamat ko‘rsatib, uyidagi kutubxonasidan ba’zi kitoblarni olib o‘qishga ruxsat bergan edi. Biroq uning bu “marhamati” menga unchalik xush yoqmasdi. Sababi u menga kitobni o‘zi tavsiya qilar, kitobni qo‘limga tutqazganidan keyin uni qanday asrash, betlarini g‘ijim qilmaslik, siyoh chaplamaslik to‘g‘risida chorak soatcha tushuntirish berardi. Bu ham yetmaganidek oradan bir haftani o‘tkazib kitobni qaytarganimda, uni o‘qigan-o‘qimaganimni obdon tekshirib, savol beraverib miyamning qatig‘ini chiqarib yuborardi. Shu muloqotlar tufayli uning uyiga bir hafta-o‘n kunda bir tashrif buyurib, Yan Grigorevichning oilaviy ahvoli to‘g‘risida yaxshigina bilimga ega bo‘lib ulgurgandim. To‘zon boshlanmasdan bir kun oldin olgan kitobimni topshirib, navbatdagisini olish uchun tarix o‘qituvchimizning ozoda va sokin kvartirasiga borgandim va er-xotinlarning motamsaro holatini ko‘rib hayron qolgandim. Yan Grigorevich esa bugun men bilan suhbatlasha olmasligini g‘o‘ldiragancha tushuntirib, opkelgan kitobimni qo‘limdan olgancha eshikni yuzimga yopdi. Qo‘shnilarining aytishicha ularning arzanda ko‘ppagi o‘sha kuni omonatini topshirgan ekan. Shunga chol-kampirlar aza tutib, ko‘ngillari xufton bo‘lib o‘tirgan pallalari ekan. Men ham har doimgi mujmal savollardan qutilganimga shukr qilib, shataloq otgancha ko‘chaga chopgan, ertasi kuni shahar tashqarisidagi zovurga cho‘milishga borish tashabbusini Davka va boshqa bolalarga yoyishga shoshilgan edim. Biz ushbu rejani muvaffaqiyatli amalga oshirib qaytgan kunimiz esa Olloberdi chol omonatini topshirgan kun, ya’ni yakshanba edi. Dushanbada esa Yan Grigorevichning bema’ni o‘lim topgani xabarini eshitib turibmiz.
Negadir yuragim siqilib borardi. Maktabdagi motamsaro kayfiyat menga yomon ta’sir qilayotgandi. O‘tgan soatlarda kutilmaganda ketma-ket sodir bo‘­layotgan bu voqealar meni esankiratib qo‘ygandi. Negadir uyga ketgim kelayotgandi. O‘qituvchilar o‘zlari bilan o‘zlari ovora bo‘lib qolganliklari uchun bilintirmay uyga surib qolishni afzal bildim.
 Otam negadir uyda edi. Aslida bunaqa paytlarda ishda bo‘lardi. Oshxonada Qo‘nisbay amaki bilan yarmi bo‘shagan shishani ermak qilib o‘tirishardi. Hamishagi odatga mos bo‘lmagan tarzda ikkalalarining ham kayfiyati joyida emasdi. Qo‘nisbay amakining qisiq ko‘zlari battar qisilgan, siyrak mo‘ylovi shalpayib, lablari ustiga osilib qolgan, tinimsiz uf tortardi. Otam esa miq emasdan tinimsiz papiros tutatar, papirosning qoldig‘ini kuldonga bosib o‘chirgani zahoti aroqni taqsimlar, Qo‘nisbay amakining olishini ham kutib o‘tirmasdan, stakanni quritar va gazagiga papiros tutatardi. Mening oshxonaga kirganimni Qo‘nisbay amaki sezib qoldi.
– Kel, Borya. Maktabda nima gap?
Men javob berishga ulgurmadim. Otamning ilkis bosh ko‘tarib, zildek og‘ir nigohlari bilan qattiq tikilishidan duduqlanib qoldim.
– Nega maktabdan buncha erta qaytding?!
– T-tarix o‘qituvchimiz Yan Grigorevich...
– Bundan xabarim bor.
– Sh-shunga o‘qituvchilar miting qilishmoqchi. Darslar o‘tilmasakan.
– Unday bo‘lsa bor, gastronomga o‘tib kel.
Otam cho‘ntagini kavlab papiros va bir shisha aroqqa yetadigan pulni sanab berdi.
– Imillama. Tez borib kel!
Men sumkamni qoziqqa ilib, yana ko‘chaga chiqdim. To‘zon hali veri tinadigan emas, qaytaga zabtiga olayotgan edi. Ko‘chada odamlar siyrak, borlari ham ustiga yog‘ilayotgan chang va qum zarralaridan qochib tezroq uyiga kirishga oshiqishardi. Men ham xaridor yo‘qligidan pashsha qo‘rib o‘tirgan badqovoq xotindan otam buyurgan narsalarni olib, ajdahoning bo‘g‘zidek vahimali va yoqimsiz ko‘chani tezroq tark etib uyga kirib olish uchun oyog‘imni qo‘limga olib chopdim.
 Ular yana icha boshladilar. Mening esa deraza ortidagi sarg‘ish tumanlik qoplagan kulrang tusdagi uylarga qarashga yuragim betlamas, bu to‘zon birin-ketin butun shahar aholisini o‘z komiga tortadigandek tuyulardi. Tushga borib boshim lo‘qillab ko‘nglim ayniy boshladi. Onam peshonamni ushlab ko‘rgach tipirchilab qoldi. Oshxonada ichishib o‘tirgan ikki ulfat ham birin-ketin peshonamga qo‘llarini bosib ko‘rishdi.
– Skoriy chaqirish kerak, – dedi Qo‘nisbay amaki.
Otam ham nimadir dedi, biroq uning ovozi uzoq­dan kelayotgandek tushunarsiz edi. Qovoqlarim o‘z-o‘zidan yumilib, ko‘z oldimni ko‘chadagi xira tumanlikdan biroz yorqinroq sarg‘ish tumanlik qoplab oldi.
Allaqanday qorishiq narsalar orasida uzoq vaqt sarson yurdim. Bunda tishini irjaytirib yurgan shoqollar ham, yuzi ko‘karib, tillari osilib qolgan komendant ham bor edi. Buning ustiga ular tinimsiz o‘zgarar, tishlari irjaygan shoqol zum o‘tmay komendantga, komendant esa qip-qizil tilini yarim qarich osiltirib, irillab turgan shoqolga aylanardi. Ke­yin esa ular ko‘z oldimdan yo‘qolib ucha boshladim. Sal e’tibor bersam, men to‘zon buluti orasida suzib yurgan ekanman. Keyin bulut pastlab, tarqadi. O‘zimni qadrdon qishlog‘imizda ko‘rdim. Momom bilan ikkalamiz qo‘y boqib yurgan ekanmiz. Daryo, mening qadrdon daryom ham to‘lib-toshib oqayotgan ekan. Shu tanamning sho‘rlab ketganini his qilaman. O‘zimni daryoga ota­man. Momom ortimdan hay-haylagancha qolaveradi. Men to‘lqinlar bilan bellashib uzoq suzaman. Narigi qirg‘oqdan Abdurasul amakim ko‘rinadi. Negadir uning qo‘lida oddiy yulg‘un tayoq emas, komendant beliga taqib yuradigan rezina to‘qmoq bor bo‘ladi. U menga to‘qmoqni o‘qtalib, yoniga chorlaydi. Ko‘rinishi vajohatli. Men to‘lqinlar ustida, ularning oqimtir-sarg‘ish ko‘piklari orasida suzib ketaveraman. Abdurasul amakim ham, momom ham ortda qolib, ko‘zdan yo‘qolishadi. Birdan daryo yana to‘zon bulutiga aylanib meni yuqoriga ko‘taradi. Yana o‘sha tusini tinimsiz o‘zgartirib turuvchi maxluqlar orasida parvoz qila boshlayman. Atrofimdagi maxluqlarning tinimsiz hayqirishi, bo‘kirishi, chinqirishi va chirillashidan qulog‘im qomatga keladi. O‘zimni allaqanday tushuniksiz, negadir xuddi kultepalarga o‘xshash qum barxanlari saf tortgan behudud sahroda ko‘raman. Sahroda to‘rt tomonga chopaman. Tikkaygan buta tugul, ojiz xas-xashak ham ko‘zga tashlanmaydi. Bitta ham tirik jon yo‘q. Sarhadsiz sahroda bir o‘zim... Intihosiz yolg‘izlik komida qolganimni his qilaman. Maxluqlar bilan qilgan parvozim paytidagi yuragimni qoplab olgan qo‘rquv o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi. O‘rnini tubsiz tushkunlik va g‘ussa egallab oladi. Shunda olis-olislardan ovoz eshitiladi.
– Bahromjon! Bolamu-u!
Bu tovush judayam olisdan kelayotgan bo‘lsa-da, aniq-tiniq eshitaman. Bu onamning ovozi edi. Ko‘z oldimni qoplab olgan qoramtir sahro chekina boshlaydi. Olisdan onamning oppoq ro‘moli shamolda silkinayotganini ko‘raman.
 Atrof sekin-asta yorisha boshladi. Uyg‘onib ket­dim. Sekin ko‘zimni ochdim. Tepamda yiltiroq ko‘­zoynakli, tepakal kishi o‘tirganini ko‘rdim. Oq xalatiga ko‘zim tushgach uning doktorligini, o‘zim esa kasalxonadaligimni angladim.
– O‘ziga keldi, – dedi doktor yonidagi sariq sochli xushbichim juvonga va men tushunmaydigan allaqanday atamalarni aytgancha unga topshiriq bergach, chiqib ketdi.
Juvon esa bilagimga nina sanchib ukol qildi. U chiqqanidan keyin palataga onam kirib keldi.
– Yaxshimisan, bolam, – degancha peshonamga qo‘l­la­rini bosdi. Issig‘im ancha tushgan bo‘lsa kerakki, bu safar uning yuzi xavotirli emasdi. – Bizni ancha qo‘rqitding-da, Bahrom.
Shosha-pisha uyda tayyorlab bankaga solib kelgan tovuq sho‘rvasidan majburlab bir necha qoshiq ichirdi. Ichimga kirgan issiq va mazali sho‘rva anchagina tetiklashtirdi. Miyamdagi xiralik tarqab, atrofga dadilroq nazar tashladim. Keyin menga nima bo‘l­gan­ligini so‘radim.
– Ikki kundan beri hushsiz yotganding, bolam. Bugun nihoyat ko‘zingni ochding. Anavi o‘rtog‘ing bor-ku, qozoq bola. O‘sha ham ikki kundan beri shu yerda edi. Doktor hushingga kelganini aytganidan keyin shoshilib chiqib ketdi.
Demak, meni bu yerga olib kelishganiga ikki kun bo‘libdi. Shu vaqt mobaynida Davka kasalxonada bo‘l­gan. Negadir uni ko‘rgim, quchoqlab bag‘rimga bosgim keldi.

* * *
Kechroq otam keldi. Ungacha boshimda girgitton bo‘lib turgan onam uning bir imosi bilan palatani tark etdi.
– O‘zingni biroz tutib olgin, o‘g‘lim, – dedi otam yo‘g‘on qadoq qo‘llari bilan peshonamni silab. – Har narsani o‘zingga olaverma. Tuzalganingdan keyin qish­loqqa ketasan. Hozircha bexavotir yotaver, bo‘ptimi, Bahromjon?
– Bo‘pti, ota.
– Mayli bo‘lmasa, men ketdim. Kechroq xabar olaman.
Otam tez-tez yurib chiqib ketdi. Birozdan ke­yin eshik qiya ochilib Davkaning paxmoq sochli boshi ko‘rindi. Uning keng yonoq, qisiq ko‘zli basharasidagi xavotir, meni ko‘rgach tarqalib, yoyilgancha iljaydi.
– Salom, Borya. Kirsam maylimi?
U javobimni kutmasdan o‘zini ichkariga urdi.
– Qalaysan endi? Tuzalib qoldingmi?
– Rahmat. O‘zingning ishlaring yaxshimi?
Davka aytsammi, aytmasammi, degandek biroz ikkilanib turdi. Keyin bir qarorga keldi shekilli, “yaxshi” deb qo‘ydi. Keyin biroz uyoq-buyoqdan gaplashib turgan bo‘lib men bilan xayrlashishga chog‘landi.
– Bo‘pti, Borya. Ertaga yana kelaman. Bugun bir zarur ishim bor edi.
Davkaning o‘zini tutishi menga g‘alati ko‘rindi. Oldingi dangalchi, ko‘nglidan kechganini sira tortinib o‘tirmasdan aytib yuboraveradigan, janjal va mushtlashuvga suyagi yo‘q Davkaga sira o‘xshamasdi. Go‘yo kutilmaganda boshlangan to‘zon uni butunlay o‘zgartirib yuborgandek edi. Uning bir gapi bor edi-yu, lekin aytishga ikkilanib qolganligi, apil-tapil xayrlashib chiqib ketishi menda g‘alati taassurot uyg‘otayotgan edi. Uning qanaqa zarur ishi bo‘lishi mumkin. Bunday to‘zonda u oldingiday ko‘cha changitib yurmasa kerak. Fikrlarim chuvalashib boshim og‘rib ketdi. Birozdan so‘ng hamshira kelib bilagimga nina sanchdi. Osma ukolning shaffof quvuridan tomchilayotgan dorini kuzata turib uxlab qolibman.
Ancha tetik bo‘lib uyg‘ondim. Keyinroq do‘xtir kel­di. U qulog‘iga stetoskopni tiqib tomir urishimni tekshirdi. Qovog‘imni yirib ko‘zimning oqiga nazar tashladi. Qon bosimimni o‘lchadi. Og‘zimga termometr tiqib qo‘ydi. Oxirida yengil tortgandek bir so‘lish oldi-da, “Hammasi joyida”, deb qo‘ydi.
Kechga yaqin otam keldi. Mening yonimga kirishdan oldin do‘xtir bilan gaplashib olgan shekilli, yuzi oldingidek tashvishli emas edi. U iljaygancha erta tongda menga javob berilishini darakladi. Oxirgi muolajani bugun kechasi olib, ertaga uyga ketaverishim mumkinligini do‘xtir aytibdi.
Ertalab onam kelib lash-lushlarimni yig‘ish­tirdi. Tushlikka qolmay biz o‘z uyimizda edik. Ertalab sal avzoyi ochila boshlagan osmon yana tundlasha boshladi. Shamol kuchayib sap-sariq changni shaharcha ko‘chalariga yog‘dira boshladi. Otam tushlikka yaqin qo‘lida ikki qadoqcha go‘sht, hamishagidek yonida ikkita shisha solingan to‘rxaltani ko‘tarib kirib keldi. Orqasida Qo‘nisboy amakining tirjayib turgan basharasini ko‘rib, o‘sha kasal bo‘lib qolgan kunimdagidek, ko‘nglim aynib ketdi. Ichkariga kirdim. Kitob o‘qishga holim kelmadi. Karavotga cho‘zilgancha shiftga termulib yotdim. Xayriyatki, otam menga ish buyurmadi. Hammasini onamning o‘zi bajardi. Onam bir qo‘lida injiq singlimni ko‘tarib, bir qo‘li bilan qozon kavlab, otam bilan Qo‘nisboy amakiga go‘shtni qovurib berdi. Qovurdoqni laganga solib, ustiga piyoz to‘g‘rayotgan paytda eshik jiringladi. Onamning ikki qo‘li ham band edi. Mehmonxonadan otamning ovozi eshitildi:
– Bahrom, qaravor. Hoynahoy Sergey bo‘lsa kerak. Hid chiqqan joyni ikki yuz chaqirimdan biladi, bu sulloh. Men erinibgina o‘rnimdan turib, eshikning ilgagini tushirdim. Otam haq edi. Ostonada og‘zidangina emas, balki butun tanasidan aroq hidi ufurib turgan Sergey amaki chayqalib turar edi. Uning bir cho‘ntagidan alyumin qopqog‘i o‘rniga sabzi tiqib qo‘yilgan yarimlab qolgan shisha chiqib turardi. U betakalluf, xuddi o‘z uyiga kirib kelganday, ichkariga kirdi. To‘g‘ridagi ochiq eshikdan ko‘rinib turgan otam bilan Qo‘nisboy amakiga qarab samimiy, shang‘illadi.
– Alik! Zdorovo moy priyatel! Kolya, tы toje zdes? Molodets, pozdravlyayu!
– Rahmat, Sergey, – dedi otam biroz qovog‘ini solib. Kel, o‘tir biz bilan.
Otam Sergey amakining sullohligini, so‘rab-ne­tib o‘tirmasdan bostirib kirib kelaverishini yoq­tir­mas­­di. Biroq kirib kelganida ko‘ksidan itarmasdi ham.
U kissasidan sabzi tiqilgan shishani chiqarib stolga qo‘ydi. Qo‘ynini paypaslab ikkita issiqxonada yetishtirilgan va bizning gastronomga tez-tez kelib turadigan uzunchoq va tepasiga “husnbuzar” toshib ketgan bodring va sarg‘ishtob pomidor olib qo‘ydi. Keyin menga o‘girildi-da, tuz va pichoq olib kelishni buyurdi.
To men tuz olib kelgunimcha, Qo‘nisboy amaki uzatgan piyolani qoqlab, o‘zi olib kelgan bodringdan bittasini betuz qarsillatgancha chaynab turardi.
– Borya, sen nega anavi komendantning qizini qidirishga bormading? Mening Misham, manavi Kolyaning o‘g‘li ham ikki kundan beri soldatlar bilan uni qidirishyapti. Seni qara-yu....
Otam stolni gursillatib urdi.
– Bas qil, Sergey! Bahrom hozirgina kasalxonadan keldi! Boshini qotirma!
– To‘g‘ri,– dedi Qo‘nisboy amaki otamni qo‘llab. Hech kim yo‘qolgani yo‘q. Davka hozir o‘qishda. Darsi tugagach, albatta, Boryani ko‘rishga keladi. Sen esa aljirama. Kayfing oshgan bo‘lsa uyingga kirib yot.
Sergey amaki norozilanib yana nimadir demoqchi edi, otam gapirtirmadi:
– Bahromjon, bor, xonangga kirib yotaqol. Senga charchash mumkin emas. Ko‘rib turibsan, Sergey mast bo‘lib qoldi. Nima deyayotganini o‘zi ham bilmaydi.
Men xonadan chiqayotganimda Sergey amaki g‘ud­randi:
– Men hecham mast bo‘lib qolganim yo‘q! Nega og‘­zimga urasizlar?! Komendantning qizi qochib ketgan! Buni yangi komendant Veremeevning o‘zi aytdi! Ha, xuddi o‘zi! O‘z qulog‘im bilan eshitdim.

* * *

O‘sha paytda otam temiryo‘l stantsiyasi yonidagi geologlar shaharchasi qurilishida ulkan samosval haydarkan. U qurilishga beton, g‘isht va allambalolar tashib berarkan. Abdurasul amakim esa o‘qishni shu yil tugatgan. Institutga hujjat topshirib, biroq u yerdan qilichi sinib, qalqoni teshilgan noshud askardek qaytib kelib, ko‘chaga chiqishga ham yuzi bo‘lmay qorong‘u uyga qamalib olgan amakimni otam mashinasiga mindirib qurilishga olib borib ishga joylab qo‘yibdi.
Bir kuni amakim kechga yaqin usti boshi dabdala, bir qovog‘i ko‘karib kirib keladi. Otam endigina mashinasini qantarib, supada maykachan bo‘lib olgancha sovuq choy ichib huzurlanib o‘tirgan bo‘ladi. Amakimning holini ko‘rib momomning esxonasi chiqib ketay, deydi. Onam esa o‘choqboshida kuymalanib yurarkan, uning holiga e’tibor bermaydi. Amakim indamay uyga zipillab qolmoqchi bo‘lganda otam to‘xtatib qoladi.
– Qani buyoqqa kel-chi, jo‘jaxo‘roz. Aftingni kim bunchalik bezab qo‘ydi?
Amakim xuddi oyog‘iga tosh bog‘langandek, supaga qarab sudraladi. Biroq savolga javob bermay ko‘z­lari yer chiza boshlaydi.
Otamning jahli chiqadi. Bunaqa paytda chap qoshi sal ko‘tarilib, yuz mushaklari pirillay boshlaydi.
– Sendan so‘rayapman?! – past, ammo bo‘g‘ma ilonning o‘ljasiga tashlanayotganida chiqaradigan tovushidek vishillaydi.
Amakimning gapirishdan o‘zga chorasi qolmaydi. Sekin boshini ko‘tarib avval otamga, keyin momomga qaraydi. Momom lablarini qimtigancha erkatoyini bag‘riga bosib, yuz-ko‘zidagi g‘urra va yaralarini silagisi kelar, biroq otamning haybatidan hayiqib, tipirchilab turadi.
Otam Abdurasul amakimning onasi oldida gapirishga uyalayotganini sezib momomga o‘giriladi.
– Anavi keliningiz hamma joyni tutunga to‘l­dirib yubordi. O‘zingiz yoqib bermasangiz, hozir ham­ma bo‘g‘ilib o‘ladi.
Holbuki, o‘choqda o‘tin gurillab yonardi.
Momom sergak kampir emasmi, darrov tushunadi. Og‘ir uf tortgancha o‘rnidan qo‘zg‘alib, o‘choqboshi tomonga yo‘naladi.
– Gapir! – deydi otam ukasiga g‘azab bilan tikilarkan.
Amakim chaynaladi. Biroq otamning o‘qdek qadalib turgan nigohiga ko‘zi tushgach, o‘zini o‘nglab oladi.
– Kim?!
Amakimning ko‘zlari pirpiraydi.
– Magomed... – deydi qaltirab.
– Kim-kim?!
– Magomed chechen...
– La’nati chechenga qanday ilakishib qolding?! Uning kimligini bilmasmiding?!
Otamning chehrasi qiyshayib ketadi. Yonoq mushak­lari yanada qattiqroq pirillab ucha boshlaydi.
– Men unga ilakishganim yo‘q. O‘zi tirg‘aldi.
– Nimani bo‘lisha olmading u bilan?
Amakim gapni nimadan boshlashni bilmay biroz kalovlanadi. Jim tursa akasining g‘azab alangasiga battarroq duchor bo‘lishini bilib gapira boshlaydi.
– Alfiya bilan do‘kondan chiqib kelayotgandik. Magomed bir-ikki ulfati bilan pivo ichib o‘tirgan ekan. Gap otdi...
Voqea bunday bo‘lgan edi.
Kechki payt. Kuni bilan sahroning sap-sariq qu­miga bor otashini purkagan oftob yotog‘iga ravona bo‘lgach, sahro bag‘rida qad rostlayotgan shaharchaga oqshomgi salqin shabada yopirilib kirgach, kuni bo‘yi issiqda qovrilgan kishilar o‘zini bu yerdagi yakkayu yagona do‘konga urar, bir zumda do‘konning ulkan sovutgichlaridagi bor pivo zahirasini jig‘ildonlariga joylash harakatida bo‘lishardi.
Bu sahrolar ming yillardan beri birovga kerak bo‘lmagan. Uch-to‘rtta tuyaboqar qozoqlarning o‘tovidan boshqa tikkaygan buta ko‘rinmaydigan bu cho‘lni tikkasiga kesib o‘tgan temiryo‘l stantsiyasi yonida bir nech­ta temiryo‘lchilarning g‘ishtin uylari ancha keyin qurilgan. Nima bo‘ldi-yu, bu sahrolar bag‘ri yermoyi va ko‘kimtir alanga berib yonadigan gazga to‘la ekanligi ayon bo‘lgach, shiraga talpingan chumolidek odamlar yopirilib kela boshladi. Avval geologlar, keyin parmalovchilar, keyin qazib chiqaruvchilar va quruvchilar kelishdi. Albatta, bu sahrolar bag‘rida qovurilib ish­laganlar kam pul topishmasdi. Bu kelguvchilarning ichida shu pulning ortidan quvgan, takasaltang va kazzoblar ham yo‘q emasdi. Do‘kon oldiga tanda qo‘yib, pivodan bo‘shagan yashikka o‘tirgancha qo‘lidagi shishani qoqlashayotgan Magomed chechen va uning uch-to‘rt hamtovog‘i shu toifadan edi.
Amakim aytgan Alfiya esa qurilishda kassir bo‘­lib ishlaydigan qiz edi. Ota-onasiga ergashib, olis Ufadan kelib qolgan bu qizga amakimning ishqi tushib qolgan. O‘sha kuni Alfiya bilan do‘kondan chiqib kelishayotganida anchagina “etilib qolgan” Magomedga shaharchadagi eng ketvorgan qizning shu qishloqi bilan yetaklashib yurishi erish tuyuladi.
– Alfiya, – deydi u ko‘zi kayfdan suzilib, – Feya! Ha, sen Alfiya emas, Feyasan! Farishta!
O‘rnidan turib, biroz gandiraklagancha ularning yoniga keladi. Qizning yonida turgan amakimga xuddi keraksiz buyumga nigoh tashlagandek mensimay qaraydi. Bu qarash amakimning suyak-suyagidan o‘tib ketsa-da, o‘zini bosadi. Mast odam bilan pachakilashgisi kelmaydi. Qizning qo‘lidan tutadi:
– Ketdik, Alfiya.
Lekin ketishga ulgura olishmaydi. Magomed qo‘­lidagi yarmidan ko‘prog‘i ichilgan pivo shishasi bilan amakimning boshiga tushirib qoladi. Yonidagi ulfatlari ham bu “xayrli” ishdan chetda qolmaslik uchun qo‘li yetgani mushtlab, oyog‘i yetgani tepkilab qolishadi. Bir zumda amakim tuproqqa belanib, yuz-ko‘zlari g‘urradan bezaladi. Alfiya qichqirib yordam so‘raydi. Uzoqdan militsionerning hushtagi chalinadi. Magomed va uning ulfatlari bir zumda “quyonni survorishadi”.
Otam amakimni yoniga olib samosvalini gurillatgancha oqshom qo‘nayotgan qishloqning tuproq ko‘chasini changga to‘lg‘azib shaharchaga yo‘l oladi va shu ketganicha qaytib kelmaydi. Momom bilan onam esa tiq etgan tovushga quloq tutib tonggacha mijja qoqishmaydi. Saharda amakimning o‘zi yolg‘iz keladi. Uning aytishicha, Magomedni do‘kon orqasidagi ishchilar oshxonasidan topishadi. Magomed ulfatlari bilan otamni ham masxaraomuz haqoratlar bilan kutib oladi. U g‘irt mast edi. Shuning uchun ham otamga yo‘llagan mushti mo‘ljalga aniq yetib bormaydi. Otamning zalvorli mushtidan u uchib ketadi. Ulfatlari ham birin-ketin tuproqqa qoriladi. Shu payt o‘rnidan turgan, biroz kayfi tarqagan Magomedning qo‘lida qaerdandir yarim qulochcha armatura paydo bo‘lib qoladi. U armatura bilan otamning yelkasiga tushirib qoladi. Otam gandiraklab ketadi, biroq yiqilmaydi. Magomed qo‘lida armaturani o‘ynatgancha ikkinchi zarba berishga chog‘langanda amakim g‘isht parchasi bilan ensasiga zarb bilan uradi. O‘zini o‘nglab olgan otam og‘ir kirza etigi bilan basharasiga tepib yuboradi. U yiqilayotib boshi bilan beton poydevorga uriladi va og‘zidan qon aralash ko‘pik oqa boshlaydi. Shu payt shaharchadagi yakkayu yagona militsionerga tegishli “Ural” mototsiklining tovushi eshitiladi.
– Sen ket! – deydi otam amakimga. Bu yerda sen yo‘q eding. Tushunarlimi?!
Amakim otamning g‘azabidan qo‘rqib o‘zini panaga oladi. Militsionerdan keyin ”Tez yordam” mashinasi kelib hushsiz Magomedni kasalxonaga olib ketadi. Otamni militsioner kajavaga o‘tqazib melisaxonaga olib ketadi. Amakim esa ularning ortidan qorama-qora melisaxonaga borib otamning chiqishini kutib o‘tiradi. Yarim tunda o‘zida jur’at topib melisaxona eshigidan mo‘ralaydi.
– Kim kerak, senga? – uyqusiragan militsioner­ning qo‘pol va xirildoq tovushidan u biroz kalovlanadi.
– Akamni qidirib keluvdim.
– E, anavi mushtumzo‘rning ukasimisan? Ie, sening ham basharang buzilibdi-ku! Janjalda sen ham qatnashganmisan?
Amakim seskanib ketadi. Biroq otamning unga aytgan gapi esiga tushadi.
– Yo‘q. Yiqilib tushdim. Akam shu yerdami?
Militsioner temir panjara bilan ajratilgan xo­naning to‘riga ishora qildi.
– Ana, o‘tiribdi qahramon akang.
Otam o‘rnidan turib panjaraga yaqin keladi.
– Abdurasul, sen uyga bor. Onam xavotir olayotgandir. Ularni tinchit. Mendan xavotir olishmasin. Tez orada o‘zim ham borib qolaman.
– Boradi-ya boradi, – zaharxanda qiladi militsioner. – Agar anavi Magomed o‘lib qolmasa, uch yildan keyin, to‘ng‘iz qo‘padigan bo‘lsa, o‘n yildan keyin boradi!
Otamning sho‘rpeshonasining yana ham tuzini ko‘­paytirgancha Magomed ikki kun hushsiz yotib, uchinchi ku­ni omonatini topshiradi.

* * *

To‘zon boshlanganining yettinchi, Masha yo‘qolib qolganining uchinchi kuni men ko‘chaga chiqdim. Maqsadim Davkani qidirib topish edi. Maktabda Olloberdi chol o‘lganidan keyin yangi kelgan qorovul va ikkita farroshdan boshqa hech kim yo‘q edi. O‘qituvchilar va yuqori sinf bolalari Mashani qidirish uchun askarlar bilan birga to‘zon qoplagan sahroga chiqib ketishgan ekan. Nima qilishni bilmay yana uyga qaytdim. Ko‘chamiz boshida esa halloslab kelayotgan Davkaga ko‘zim tushdi.
– Borya! – chinqirib yubordi u. – Borya, buyoqqa qara!
To‘zon odamlarni bir necha kun ichida shunchalik o‘zgartirib yubordimi, yo bo‘lmasa men o‘zgarib qoldimmikan, Davkaning o‘zini tutishi menga mutlaqo g‘alati tuyulardi. Bo‘lmasa men unga qarab ro‘parasida turibman-ku.
– Borya, hozirgina Mashani topishdi!
Bu yaxshilikka-ku, biroq Davkaning yuzida yaxshilik alomatidan asar ham yo‘q edi. Ranggi biroz oqarib, do‘rdoq lablari pir-pir uchib turardi.
– Bilasanmi, Borya, unga qarashga hech kimning jur’ati yetmadi... Bir qo‘lini nariroqdagi butaning orasidan topishdi, tanasining yarmini qum bosib qol­gan, yuzi o‘rnida oppoq g‘ajilgan suyak...
Davka gapini davom ettira olmadi. Ho‘ngrab yubor­di. Men qotib qoldim.
– Qanaqa qilib?!
– U sahroda adashib qolgan shekilli. Chiyabo‘rilar g‘ajib tashlagan bo‘lsa kerak...
Voqea bunday bo‘lgan edi.
Masha ko‘chada uzoq tentib yuradi. Ketma-ket onasi va otasi fojeali vafot etgan mudhish uylariga kirishga yuragi betlamas, otasining harbiylar qayishiga osilgancha ko‘zlari baqrayib, tillari osilib qolgan dahshatli basharasi ko‘z oldiga kelar va qo‘rquvdan o‘zini qaerga urishni bilmay qolardi. To‘zon uvillar, sarg‘ish chang egallagan ko‘chalar esa kimsasiz edi. Boshini xam qilgancha yuraverdi. Yurib-yurib u shaharcha chetiga, tikansimli to‘siq va qo‘qqayib turgan soqchi minorasi yoniga kelib qolgan edi. Minora ustidagi soqchi askar darhol unga avtomatini o‘qtaladi.
– To‘xta!
Masha uyqudan bexos uyg‘onib ketgandek ko‘zlari charaqlab ochilib, taqqa to‘xtaydi. Qaerga kelib qol­ganligini bilish uchun atrofga alanglaydi. To‘zon ust-boshini sarg‘imtir changga belagan askarga hayron bo‘lib tikiladi. Soqchi unga hamon avtomat o‘qtalgancha xo‘mrayib turardi.
– Orqangga qayt! – yana o‘shqiradi askar.
Masha beixtiyor ortiga o‘giriladi va imillagancha qadam tashlaydi. Askarning changga belangan basharasi va baqirishi uni uyqudan uyg‘otgan, ko‘z oldidagi ota­sining dahshatli qiyofasi chekingandi. Shunda xayolidagi xira tumanlik tarqalib, negadir qalbi g‘azabga to‘lib ketadi.
 Nimaga u o‘shqiradi? Nima, aristonmidiki uni tikansim ortida qo‘riqlashsa? Hatto aristonning bolasi ham emas! Xohlagan joyiga borishga haqqi bor!
U yurishdan taqqa to‘xtaydi. Keskin burilib soqchi minorasi tomonga yura boshlaydi.
Soqchi askar yana avtomatini yelkasidan olib unga o‘qtaladi.
– To‘xta! Otaman!
Masha to‘xtamaydi. Minora tomon tikka bostirib boraveradi.
– To‘xta! Otaman!!! – qattiqroq baqiradi askar va qo‘lidagi avtomatinining saqlagichini sharaqlatib tushiradi.
Masha to‘xtaydi. G‘azablangan askarning basharasiga bu safar qat’iyroq tikiladi.
– O‘tkazib yubor, – deydi u past tovushda.
– Mumkin emas! Ortingga qayt!
– Menga mumkin. Men ariston emasman! – ovozini ko‘taradi Masha.
– Mumkin emas!
– O‘tkazmaysanmi?!
– Yo‘q! Qani bu yerdan jo‘nab qol!
– Baribir o‘taman, ko‘rasan!
Shu payt uning xayoliga biz cho‘milishga borish yoki sahroda daydib yurish uchun tikansim devordan maxfiy tirqish ochganimiz keladi.
– Yana bir qadam yaqinlashsang otaman!
– Otib bo‘psan, qo‘riqchi!
Masha unga tilini ko‘rsatadi va ortiga o‘girilib chopa ketadi. Uning sarg‘ish gulli sarafani to‘zonda lipillagan ojiz gulxandek goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay boradi.
“Jinnimi bu qizcha, – xayolidan o‘tadi soqchining, yo bu la’nati to‘zon uning ham boshini aylantirgan, shekilli”. U cho‘ntagidan arzon papiros chiqarib, bar­moqlari bilan ezg‘ilay boshlaydi.
Bu paytda Masha bizning maxfiy tirqishimiz tomonga jon jahdi bilan chopardi. Uning xayolida bu baqiroq soqchini laqillatib, ustidan rosa kulishdan boshqa fikr yo‘q edi. Bu istak butun vujudini egallab olgan va horg‘in oyoqlariga kuch-quvvat bag‘ishlagan edi.
Soqchi hali papirosini chekib ulgurmay yana qizchaning ovozini eshitib g‘azabi alangalandi. “Tinch qo‘yadimi, yo‘qmi bu tentak!” Qizchaning tanish sarafani endi tikansim ortidan kelardi. Askar qotib qoladi. “La’nati, jinmi yo shaytonmi bu...”
Masha unga qo‘l silkiydi.
– Ko‘ryapsanmi baqiroq, men buyoqqa o‘tdim! Sen esa qo‘qqayib o‘tiraver, polizdagi qo‘riqchi!!!
Masha xo-xolab kuladi va soqchini battar hayratda qoldirib to‘zonda guvranayotgan sahro tomonga chopa boshlaydi. Birozdan keyin uning sarg‘ish gulli sarafani chang tumanligi orasida g‘oyib bo‘ladi.
Uni uch kun izlashadi va nihoyat shoqollar g‘ajigan loshinigina topa olishadi. “Uni sahro iblisi olib ketgan ekan-da,” – xayolidan o‘tkazadi askar va cho‘qinib qo‘yadi.

* * *

Shundan keyin ko‘chaga chiqqim kelmadi. Qachon qishloqqa qaytishimizni kutib, kun sanab uyda yotaverdim. Nihoyat uch kundan keyin otam to‘zon boshlanganidan beri ilk bora chiroyi ochilib keldi. Qo‘lidagi har qachongidan ko‘ra semizroq to‘rxaltasini stol ustiga qo‘yib, ko‘krak cho‘ntagidan bir nechta qog‘ozni oldi. Ular ozod qilinganligi to‘g‘risidagi hujjat va uchta qizg‘ish temiryo‘l chiptasi edi. Men hayajonlanganimdan qich­qirib yubordim. Onam narigi xonadan singlimni ko‘­tarib chiqib keldi.
– Harakatingni qil onasi, ertaga jo‘naymiz!
Otam qo‘lidagi hujjat va temiryo‘l chiptalarini yelpug‘ichdek siltadi. Onam esa stulga o‘tirib qoldi. Hayajonlanganidanmi tilida faqat bitta kalima aylanardi:
– Voy, Xudoyim! Voy Xudoyim-ey!
Ertasiga chang va xas-xashak bosgan stansiyaga bizni kuzatgani Davka va uning otasi Qo‘nisbay amaki, Misha va uning otasi Sergey amaki, Gogik boshchiligidagi bizning butun sinfimiz chiqishdi. Barchasi bilan quchoqlashib xayrlashdim. Otam Qo‘nisbay va Sergey amakilar bilan skameykaga o‘tirgancha “ketar jafosiga” yuzta-yuzta otayotgan edi. Skameykaga gazeta to‘shalgan va unda Sergey amakining doimiy hamrohi bo‘lgan og‘ziga sabzi tiqilgan shisha va ikkita uzunchoq issiqxona bodringi turardi.
Teplovoz gudok chaldi. Otash shoshilib stakanni boshiga ko‘tardi va biz joylashgan vagon tomonga chopdi. Uning ortidan Sergey amakining mastona g‘o‘ldirashi eshitildi:
– Alik zolotoy paren! Teper bez nego nash nes­chastnыy gorodok yeщyo skuchnee stanet...
Poezd taraqa-turuq qilib jildi. Birozdan ke­yin tikansimlar bilan o‘ralgan, to‘zon iskanjasida jon berayotgan ilondek to‘lg‘onayotgan shaharcha ko‘zdan yo‘qola boshladi.
Oradan yillar o‘tib, xotiramda bu shaharchadan faqatgina tikansimlar, to‘zon va Davkaning qisiq ko‘z­li keng yuzi qoldi xolos.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 6-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.