Bostirma ostida katta, qora it oldingi oyog‘iga jag‘ini qo‘ygancha yotibdi. Uning dumi va quloqlari kesik. Tumshug‘ining uchi tovuqlar titaverib mayinlashib ketgan tuproqqa botgan. Ko‘zlari yarim yumiq, go‘yo kattaroq ochishga majoli yo‘q.
It ko‘rinishdan horg‘in, beparvo bo‘lsa-da, tiyrak qaraydi. Uning butun diqqati hasharchilarning ayvondagi poyabzallarida. Poyabzallar bor-yo‘g‘i to‘rtta: poylari doimo og‘ib turadigan, qo‘njisi kalta etik, bog‘ichsiz ikki juft tufli va chelak yonidagi keda. Bular itga begona. Unga qarashlilari uch juft kalish. Kalishlar hozir ayvonda yo‘q. Tong-sahar tarqalishadi. Birinchi bo‘lib Beka kigizdan patak solinganini sigir tomonga sudraydi. Qiz yangi kalishni oyog‘iga ilib, paxtazorga jo‘naydi. Uchi salgina yirtilib, qizg‘ish lattasi chiqib qolgan kalishni esa Xo‘jayin xirmonga kiyib ketadi.
Xo‘jayin avval dalaga etik kiyardi. Oyog‘i shishib ketib kalish kiyadigan bo‘ldi. Etigi ulkan edi, qo‘njilari uzun, keng edi. It kuchukligida bolalardan qochib, ana shu etik ichida necha martalab jon sakdagan. U paytlarda itning ko‘ksidagi oqi bilinmasdi. Yunglari hozirgidek timqora emas, qizg‘ish, mushuknikidek mayin edi. Bolalar tortqilashganida yulinib ham ketardi. Dumi bilan quloqlari bus-butun edi.
Keyinchalik qirqishib... o‘ziga yegizishgan.
Xo‘jayin kalish kiyadigan bo‘lgach, etikka birov qaramadi. Ancha mahal chang bosib yotdi, so‘ngra qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Bu qutilmaganda yuz berdi. It ayvonga chiqqanida, etikning turaverib iz bo‘lib qolgan o‘rniga ko‘zi tushdi. Shundagina etikning yo‘qolganini sezdi. Iskadi, ammo qaerga olib ketilganini bilmadi. Narsa yerdan ko‘tarildimi, qayta yerga tushmasa, tamom, hidini topish qiyin.
Shu-shu ayvonda uch juft kalish qoldi. Hasharchilarning poyafzallari bular safiga yaqinda ko‘shilgan. O’sha kuni it qo‘nimini yo‘qotdi. Qancha oyoq-kiyim ko‘paysa itga shuncha yaxshi. Axir, uyga kirib ketganlardan qoladigan birdan-bir nishona shular. Shular yolg‘izlikni bilintirmaydi. Biroq hasharchilarning poyafzallari dastlabki kunlardanoq pala-partish yechiladigan, hatto ichkariga kirib ketadigan. bo‘ldi. Gohida qo‘njisi kalta etik bilan keda kalishlar ustiga chiqib qoladi. Bu — itning g‘ashiga tegadi.
Oqto‘sh, Oqto‘sh bo‘lgandan beri ularnikiga ne-ne poyabzallar kelib ketmadi. Lekin hech qaysisi bularchalik ko‘p turishmagan, betartib bo‘lmagan. Bunday mehmonlarning ularnikiga birinchi bor qo‘nishi...
— Oqto‘sh!
It Bekaning ovozini eshitib, sapchib o‘rnidan turdi. Butun gavdasi bilan silkinib, yungiga yopishgan tuproq quyqarini tushirdi-da, echkinikidek bo‘lib qolgan dumini likillatib yugurdi.
Beka tandirdan uzib tashlagan kuyik non issiq edi. Oqto‘sh birdaniga og‘ziga ololmay norozi vingilladi. Non hidi ishtahani qo‘zg‘ab shoshirdi. U og‘zi kuyganiga ham ko‘nikdi. Bir-ikki yerga tushirib bo‘lsa-da, bostirma ostiga olib keldi. Ostiga yarimta g‘isht qo‘yilgan ustun yoniga tashlab, kursillatib yeya boshladi.
It och edi. Tongda qizni paxtazorga kuzatib kelgandan keyin ham tuz totmagandi. Odatda yo‘ldan nimadir topilardi. Ayniqsa, hasharchilar kelgandan buyo go‘sht, suyaklar, chala yeyilgan non burdalari uchrab turardi. Bu gal hech narsa yo‘liqmadi.
Oqto‘sh nonni yeb bitirgach, yalandi, u yoq-bu yog‘ yana umidvor qaradi. Ko‘zga ilinadigan biror narsa yo‘q. Noiloj turdi, oldingi oyoqlariga tiranib o‘zi kerishdi. Ustiga shifer yopilgan uychasi oldidagi yalog‘iga qaradi. Qup-quruq. Yana yalandi va chanqog‘ini bostirish uchun tunkadan yasalgan tovuqlar suvdoni tomon lo‘killab ketdi.
It idishdan bosh ko‘tarayotganda makkajo‘xorisi yig‘ib olingan tomorqadan nimadir yaraqladi. It zudlik bilan u yerda hozir bo‘ldi. Bo‘sh shishani ko‘rib, bo‘shashdi. Lekin bari bir hidladi. Badbo‘y hiddan ko‘ngli ag‘darilib, bostirmaga qaytdi.
It nima yaltirab ko‘rinsa, albatta, o‘sha yerga boradi. U qachonlardir chala yeyilgan konserva topib olgan O’sha-o‘sha yaltiroq narsalarni konserva faraz qiladi! Tomatli baliqlarning mazasini to‘yib boraveradi! hidlayveradi.
Oqto‘sh oldin bunday narsalarning hidini ham bilmasdi. Xonadonning bisotini tinchgina qo‘riqlab yurardi. Ovqatni egalarining qo‘lidan yerdi. O’zga qo‘lga qaragulik qilmagan. Hammasi hasharchilar kelgandan keyin boshlandi. Bular keldi-yu. Xo‘jayin ham, xo‘jalikning tutumi ham o‘zgardi. Toza turadigan hovlida sigaret qoldiqlari, bo‘shagan shishalar, konserva qutilari paydo bo‘la boshladi. Chiroqlar kech o‘chadigan bo‘ldi. Kirdi-chiqdining me’yori bo‘lmay, xonadon oyoq ostida qoldi. Oldiniga it bu yangi muhitga ko‘nikolmadi. Hasharchilarning uy-anjomlaridan bemalol foydalanishlari, turfa xil odamlarning vaqt-bemahal kirib kelaverishlari itga alam qilardi. Go‘yo o‘ziniki bilan begonaning farqi qolmayotgandek edi. Kim bo‘lsa chaqirmay-netmay bostirib kirib kelaversa, ularni kiritmaslikning iloji bo‘lmasa, biror narsani qo‘riqlamasa itligi qaerga bordi buning?! Unga ham qiyin edi...
Kun ilib, Oqto‘shni pashshalar talay boshladi. Mudradi deguncha ko‘zining jiyaklariga, burnining teshiklariga qo‘nadi. Hol-joniga qo‘ymaydi. Toqati toq bo‘lgan it katta ko‘kish pashshani poyladi. Ro‘parasiga kelganidanoq, panjasi bilan urdi. Mo‘ljal xato ketib, chang ko‘tarildi. It alamidan boshini ikkinchi qo‘liga olib, ko‘zini yumdi.
Chang bosilgach, qaergadir g‘oyib bo‘lgan ko‘kish pashsha yana vizillab qoldi. Oqto‘sh qo‘zini salgina ochib, pashshani kipriklari orasidan kuzatdi, tumshug‘iga qo‘nishini kutdi.
Pashsha itning tumshug‘iga endi qo‘nmoqchi edi, ulgurmadi. Oqto‘sh og‘zini ochgan ko‘yi unga tashlandi. Pashsha bu gal ham chap berdi. Itning og‘ziga boshqa bir chirkov kirib ketdi. U chirkovdan qutulish uchun yutindi. Chirkov esa ichkariga o‘tmay tanglayiga yopishib qoldi. Oqto‘shning tanglayi qichimsirab, yo‘taldi, ammo og‘zidan chirkovni chiqarolmadi. Tili tanglayiga yetmadi. Boshini sarak-sarak qilib vingshidi, qisqa-qisqa pishqirdi, bo‘lmadi. O’rnidan turib g‘o‘za-poya g‘arami tomon chopib ketdi.
G’o‘zapoya ayvon yonidagi yalanglikka bosilgan. It pashshalardan bezor bo‘lganidan hamisha shu yerga keladi. Ayniqsa, g‘aramning mollar qashlanaverib yoydek o‘rlatib yuborgan tomonida umuman pashsha bo‘lmaydi.
Oqto‘sh shu yerga kelib yotdi. U hamon boshini sil-kitar, o‘qchir, oldingi oyoqlari bilan tumshug‘ini silab, nochor vingshirdi.
It chirkovdan qutulganida, Beka tandirdan ikkinchi marta non uzdi. U savatdagi nonni uyga tashlab chiqqach, hasharchilar yotgan pardasiz xonani taqillatdi. Ichkaridan ovoz bo‘lmadi. Mushti bilan urdi. Eshik ochilib, ostonada yelkasiga qora to‘n tashlagan yo‘g‘on kishi ko‘rindi. Bu qo‘njisi kalta etikning egasi edi. Beka unga quyoshni ko‘rsatib nimalardir dedi. Hasharchi bosh silkidi va oyog‘iga etigini ilib, sahn chetidagi gaz baloniga borib o‘tirdi. Og‘zini katta ochib esnadi va Oqto‘shga ko‘zi tushib, «Hu-u-ut» degancha po‘pisa qildi. It uning dag‘dag‘asidan norozi to‘lg‘andi. Osilib tushgan ustki lablari pir-pir uchdi. Ammo o‘rnidan turmadi.
Oqto‘shning kimir etmaganidan darg‘azab bo‘lgan «barzangi» tosh qidirdi. Buni payqagan it zipillagancha g‘aramning yon tomoniga o‘tdi hamda g‘o‘zapoya cho‘plari orasidan uni kuzatdi.
It yurak oldirib qo‘ygandi.Uning avjini Xo‘jayin qirqqan. Hasharchilarga hurdi deguncha, haydab soldi. Hatto bir gal mo‘ylov yigitni katak tomonga o‘tkaz-maganiga uchi singan o‘roq bilan urgan ham...
Pardasiz xonadan boshqa hasharchilar ham birin-ketin chiqib kelishdi. Oldinda ikkala ko‘zoynakli, ortidan mo‘ylovli yosh yigit. Ko‘zoynaklilar qora tuflilarning egalari. Ular beozor. Bo‘sh bo‘ldi deguncha, taxtachadagi donachalarga termilishgani termilishgan. Kedaning egasi mo‘ylovli yigit esa sho‘x. U ham qo‘njisi kalta etikning egasi singari tunlari uyda bo‘lmaydi. Undan hamisha badbo‘y hid anqiydi.
Oldinda Oqto‘sh, orqada yelkalariga etaklarini tashlagan to‘rt hasharchi uzun-qisqa bo‘lib yo‘nalganlarida anhor yoqasidagi yo‘l huvillab qolgandi. Yo‘lda faqat terimchilarning hamda tongda o‘tib ketgan qishloq podasining izlari. Paxtazorda esa xirmondagi arava va qaqqayib turgan hasharchilar. Qishloqliklar bosh ko‘tarmay terishayotgani uchun ko‘zga tashlanavermaydi. Ularning bor-yo‘qligi ham bilinmaydi.
Ular odatdagidek, Uchtepa etagidagi chimzorga borishdi. Chimzor pastqamroqda, ko‘tarma qilib qurilgan yo‘l, qishloq tomonni to‘sib turadi. Hasharchilar kelasolib o‘tirishni boshlab yuborishdi.
Oqto‘sh anhordan chiqarilgan loyqa uyumi ustida cho‘nqayib o‘tiribdi. Ko‘zlari dasturxonda, nimadir tashlanishidan umidvor. U kolbasa bo‘linayotganda tinchini yo‘qotdi. Bir-ikki tamshandi, chapillab yalandi. Yana tilini ostiltirgan ko‘yi bir tekis nafas ola boshladi.
Oqto‘sh intilgancha bor edi. U kolbasaning ta’mini bilardi. Yumaloqlab tayyorlangan xushta’m go‘shtni it xuddi shu yerda totigan... Dastlabki tashlangan kolbasa yog‘liroq edi. It irganibroq yaladi. Mazasini totib ko‘rgach, yana kutdi, lekin ular boshqa berishmadi. Ziyofat oxirida esa yog‘lisini ham, yog‘sizini ham Oqto‘shga irg‘itishdi. Biroq endi qorong‘i edi. Ko‘pi isrof bo‘ldi. Oqto‘sh hidlab topganlarinigina yedi. Nechtasi anhorga tushdi, nechtasini topib bo‘lmadi. Aslida hasharchilar bilan brigadir bu yerga tushdan keyinoq yig‘ilishgandi. Poda qaytganda turishmoqchi edi, bir-birini tortishib o‘tirib qolishdi. Bu orada mo‘ylovli yigit qishloqqa bir tushib chiqdi. Narsalarga ko‘z o‘tmay qolganda, o‘rinlaridan turishdi. Shu-shu bular paxta terishmaydi. Kunni chimzorda kech qilishadi...
Oqto‘sh ham ular bilan birga. Ba’zida ular nishxo‘rdlardan tashqari katta-katta kolbasa bo‘laklarini in’om qilib turishadi. Bugun negadir e’tibor berishmayapti, Qo‘njisi kalta etikning egasi boshiga to‘nini qo‘yib uxlayapti. Ko‘zoynaklilar shaxmat o‘ynayapti. Mo‘ylovli yigit tomosha qilyapti.
Oqto‘sh ularni kuzatishdan, kutishdan zerikdi. Orqa oyog‘i bilan kalta qulog‘ini qashidi-da, Uchtepa ortidagi paxtazorga qarab ketdi.
Terimchilar yaqinda bu kartadan chiqishgani uchun atrof kimsasiz yastanib yotardi. Egatlarga terim mashinalarining izlari muhrlangan. Shoxlari sinib yonlariga osilib qolgan g‘o‘za tuplari bebarg, befayz. Bu majruh qora cho‘plarning bir paytlar gurkirab o‘sga-niga ham, barg yozib gul tukkaniga ham ishonging kelmaydi.
It ana shu qora cho‘plar orasidan quruq barglarni qisirlatgancha bosib borardi. U maydonni qoq ikkiga bo‘lgan ariqchadan o‘tib, g‘o‘zasi ola ekilgan joyda to‘xtadi. Qisqa-qisqa iskadi, pishqirdi. Turgan joyida aylanib qoldi. U bezovta edi.
Oqto‘sh bu yerga kelganida tinchini yo‘qotar, ba’zida uzun-uzun uvlab ham olardi. It bu yerga hayotidagi unutilmas xotirotni tuygani kelardi. U o‘z xotirotini tiklayotganida ko‘z o‘ngida oqish pag‘a rang paydo bo‘lar, bu rang bora-bora itga aylanardi. Oq itga... Sekin-asta o‘sha Oq itning och jigarrang tumshug‘i, tiyrak ko‘zlari, bo‘ynidagi titilib ketgan chilviri, ixchamgina jussasi gavdalanardi. Keyinchalik o‘sha Oq it ortiga qayrilib, Oqto‘shning quloqlarini pushti tillari bilan yalayotgandek, erkalanib bo‘yniga bo‘ynini suykayotgandek, yuzlariga iliq, yoqimli nafasi urilayotgandek bo‘lardi. Hamda birdaniga gurillagan ovoz, dimog‘ni yorgudek badbo‘y hid yopirilib kelardi. Itni ko‘zi tinib boshi aylanardi; ko‘ngli ag‘darilardi. Oqto‘sh shunda bu shirin va achchiq xotirot iskanjasi-dan qutilish uchun ortiga qaytardi.
Oqto‘shga xotirot bo‘lgan voqea tundan boshlandi. Ular ko‘p yo‘l bosishdi. Charchoq nimaligini bilishmadi. Hamon yugurishardi. Oldinda bo‘yniga chilvir bog‘langan Oq it, ortida gala. Gala tobora ko‘payib borardi. Oq itning hidini bilganlar kelib qo‘shilishaverdi, qo‘shilishaverdi.
Gala suvni kechib o‘tmay, kanal yoqasidan yo‘l soldi. Shunda Oqto‘sh paytdan foydalanib gala boshiga shudgor orqali kesib chikdi. U halitdan buyon chilvirli itga hech qaysi itni yo‘latmayotgan Olaparga yetib bordi. Uni ko‘kragi bilan surib, o‘rniga o‘zi o‘tdi. Olapar irilladi, ammo hujum qila olmadi. Oqto‘shning yo‘g‘on gavdasidan, o‘t chaqnab turgan qo‘zlaridan hayiqdi.
Endi Oqto‘sh Oq it bilan yonma-yon borardi. U Oq itga yanada yaqinlasharkan, uning quloqlarini beozor tishladi. Tumshug‘i bilan tumshug‘iga, bo‘yniga turtkiladi, iskalandi. Quloqlarining ostini yalay boshladi, yalay boshladi. Shuday yaladiki, uning muloyim mayin yungidan huzurlanib ketdi. Oqto‘shning issiq nafasiga, gurkirab urayotgan balog‘at hidiga chilvirli it bardosh bera olmadi. Oqto‘shga yon berdi va uni boshqalardan ajratib ergashtira boshladi.
Shunda galada besaranjomlik paydo bo‘ldi. Itlar to‘xtovsiz hurib, Oqto‘shga hujum qildilar. Ular Oq itni qizg‘anishmokda edi. Hujumni Olapar boshladi. U vovillagancha Oqto‘shning orqa soniga tashlandi. Biroq tishlashga ulgurolmadi. Uning nojo‘ya harakatini payqagan Oqto‘sh unga bostirib bordi. Olapar o‘zini o‘nglaguncha, Oqto‘sh uning qulog‘i aralash bo‘ynidan tishlashga ulgurdi hamda uch-to‘rt siltab yoniga otdi. Olapar gandiraklab turib qoldi va akillab orqaga tisarildi. Bu bilan Oqto‘shga tashlanish taraddudida bo‘lgan boshqa iliqqan itlarning ham avji qirqildi.
Oqto‘sh yer titib irillar, bironta itni chilvirli Oq it tomonga o‘tkazmasdi. O’zi esa tislana-tislana unga yaqinlashib borardi.
Ularni bir necha itlar ta’qib qilib keldi. Ke-yin siyraklashaverdi, siyraklashaverdi. Bitta-bitta ortda qolaverdi.
Oqto‘sh chilvirli Oq it bilan mana shu g‘o‘zasi ola ekilgan maydonga tong otmay yetib kelishdi. Durkun g‘o‘zalarning barglari ho‘l, havo salqin, muzdek suvni simirgandek badan-badaningni yayratardi. Atrof tinch, yurakni hapriqtirib yuboradigan darajada osuda. Hech narsa halaqit bermasdi...
Quyosh Uchtepadan mo‘ralaganida ularning tinchi buzildi. Qovoqaridek g‘o‘ng‘illagan ovoz keldi. Birdaniga ovoz tobora yaqinlashib kuchayib bordi. Ular talvasaga tushib qolishdi. Qochishga ulgurishmadi. Osmondan ular tomonga qanotlarini kerib bir narsa bostirib kelardi. Bu narsa juda bahaybat va qo‘rqinchli edi. U yeru ko‘kni larzaga solib, borliqni kar qilgudek o‘kirib kelardi. Oqto‘sh har xil ovozlarga o‘rgangan, lekin bunday ovozga ilk bor duch kelishi edi. Osmondagi maxluq bir zumda bular tomonga sho‘ng‘idi. Kelayotgan bu fojiadan hamma narsa titrardi. Oq it dag‘-dag‘ qaltirardi. Qaltiroq Oqto‘shga ham o‘tdi. Ular qo‘rquvdan ovoz chiqarisholmasdi. Shu lahzada maxluq ularni bosib ketadigan darajada pastlab, hayqirgancha o‘tib ketdi. Bu juda tez ro‘y berdi. Itlar uni tuzukroq ko‘risha olmadi ham.
G’o‘zalar bosh tebratib shovullab yuborishgandagi-na, ularning garangsigani tarqadi. Vangillashib qochib qolishdi.Ular qayoqqa ketishayotganini bilishmas, faqat yugurishar, tinmay yugurishar, mana shu vahima quchog‘idan qutulishsa bas edi. O’ta nordon, badbo‘y hiddan Oqto‘shning boshi aylanib ko‘zi tinaverdi, oyoqlari chalkashdi, jufti ham shunday bo‘lmoqda edi. Ular butunlay bo‘shashib, badanlari o‘zlariga bo‘ysunmay pir-pir uchardi, yugurayotgan bo‘lishardi-yu, badbo‘y ajal muhitning cheti ko‘rinmasdi, ularni ta’qib etayotgandek edi. U sarsiz-sarhadsiz edi. Havoga tarqagan hid nafas olishgan sayin burunlarini kuydirar, tomoqlarini shilib yuborgudek achitib, azob berardi. Kun issiq, g‘o‘zalarning barglari qalin, dim, g‘ir etgan shabboda yo‘q, havo og‘ir, nafas olish borgan sari qiyinlashardi. Ularning madorlari qurib, holdan toyishdi. Ajralisholmadi ham. Serbarg g‘o‘zalarga suyanib, yotib qolishdi.
Oqto‘sh badanlariga botayotgan g‘o‘za novdalarini va o‘zining hayot ekanini sezdi. So‘ngra qaerdandir g‘o‘ng‘illagan ovoz eshitildi. Bu ovoz hali ham ikki-uch marta qulog‘iga elas-elas chalinganini tuydi. Lekin bunisi ancha uzoqdan kelar edi.
Atrofdagi qurt-qumursqalar harakatini to‘xtatib qotib qolishgan, pashsha, chivinlar, shalpaygan barglarga osmondan yog‘ilgandek yopishgan. Jufti — Oq it esa qaergadir g‘oyib bo‘lgandi.
Oqto‘sh badbo‘y hidni sezmayotganiga ajablandi. Tez-tez hidlab ko‘rdi. Bilmadi. Ammo o‘zining nihoyatda vazminlashib qolganini, boshini ko‘tarishga qurbi yetmayotganini sezdi...
Oqto‘sh o‘sha-o‘sha bo‘yniga chilvir bog‘lagan Oq itni boshqa uchratolmadi. Unga o‘sha kundan tez-tez bo‘lib turadigan bosh og‘rig‘i va ana shu unutilmas voqea xotirot bo‘lib qoldi. Uning g‘o‘zasi ola ekilgan maydonda har gal tuyadigan xotiroti ham ana shular edi.
Ayvondagi keda har kungidan oddinroq g‘oyib bo‘ldi. Endi faqat qo‘njisi kalta etik qoldi. Bu ham muzika tinmasdan qaergadir gumdon bo‘ladi. Itga hamroh bo‘lib qoladigan poyabzallar odatdagidek ikki juft qora tufli, o‘ziga qarashli kalishlar.
Uylardagi chiroqlar siyraklashdi. Dastlab Xo‘jayin bilan Bekaning xonasidagi, keyin qiz yotadigan xonaning chirog‘i o‘chdi. Atrof qorong‘ilashdi. Ayvondagy chiroq nursiz. Muzika hamon avjida. Chigirtkalarning chirqillashi tinmagan.
Oqto‘sh g‘o‘zapoya g‘arami yonida betob yotibdi. Uning bosh og‘rig‘i xuruj qildi. Eski dardi qo‘zg‘ab qoldi. Oddin oyoqlari uvishdi, yelkalariga, bo‘yniga o‘tdi. Bo‘g‘inlari qaqshadi. Sekin-asta boshiga og‘riq kirdi. Bir lahza borliq qorong‘ilashdi, hech narsani ilg‘amadi. G’aram yoniga amallab yetib oldi. Keyin nima bo‘lganini, qancha mahal yotganini bilmaydi. Mana, endi, og‘riq yengillashib ko‘zi ochildi.
Qiz yotgan xona tomondan nimadir kisirladi-yu, it og‘riqni unutdi. O’rnidan turib o‘sha tomonga yurib ketdi. Muyulishga yetmasidan deraza ochildi, ichkaridan Qiz osilib tushdi. Oqto‘sh uni qarshilab iskalandi, erkalandi. U itga parvo qilmadi. Derazani sassizgina yopdi-da, qo‘lidagi kalishini kiyib, oyoq uchida uyning ortiga o‘tdi.
Xojaning kiyimlari bugun boshqacha edi. Yurganida shitirlardi, yoqimli bir hid taratardi. U avvallari tunda tashqariga chiqmasdi. Chiqqanida ham uzoq turmasdi. Muzika eshitilayotgan tomonga qarab qolardi; ko‘proq turgudek bo‘lsa, onasining ovozi eshitilardi-yu, chuqur xo‘rsinib, noiloj xonasiga kirib ketardi.
Qiz o‘yin maydonidagilarni tandir yonidagi tuynukdan, Oqto‘sh esa makkapoya g‘arami yonidan kuzatdi. O’yinchilar orasidan birinchi bo‘lib kedaning egasi ko‘zga tashlandi. Uning uzun bo‘yi va qora mo‘ylovi boshqalardan keskin ajralib turardi. Xoja har damgidek unga berilib qarab qoldi.
Qiz hasharchilar kelgan kundanoq shunaqa edi. Uni tinimsiz kuzatardi. Ba’zan Oqto‘shga tinchlik bermasdi. Uni loyqa uyumidan quvib, o‘rniga o‘zi chiqardi. Chimzorga tikilardi. Hatto uning dordagi yuvilgan ko‘ylagi ostidan o‘tayotganida ham to‘xtar, yuzlarini ko‘ylakka bir zum tegizib, suykalib o‘tib ketardi. Atrofda hech kim bo‘lmasa, ayvondagi kedasini kiyib ko‘rardi, bir-ikki qadam bosardi ham.
Mana bugun tergan hamma paxtasini chimzorga el-tib, shu mo‘ylovli hasharchining etagiga ag‘darib berdi. Endi tuynukdan kuzatyapti. Ammo mo‘ylovli yigit Xo-janing unga intikdigidan bexabar, u sochi qirqilgan qizni bag‘riga singdirib yuborgudek quchoqlab, kuy ohangiga mos tebranadi...
Oyoq sharpasi Oqto‘shning diqqatini o‘ziga tortdi. Darhol tandir tomonga qaradi. Xoja tuynukdan uzoqlashib, uy tomonga ketayotgandi. It uning ortidan yurdi. Xojaning boshi egik, yelkalari titrardi. Uning boyagi shashti, yurishlaridagi chaqqonligi yo‘q edi.
Ular yana uylarning orqalaridan yurishdi. Oqto‘sh traktorchi qo‘shnining uyi ortidan o‘tayotganida to‘xtab qoldi. Uning dimog‘iga tanish poyabzal hidi urilgandi. Lekin qaysi poyabzal hidi ekanligini it bilmadi. Oldinga yurdi, ortga qaytdi. It iskab borarkan, Xojasi o‘z xonasiga kirib ketganini payqamadi. Hid qadam-baqadam yangilanib borardi. Qadamlar katta, masofalar tez bosib o‘tilgandi. Iz o‘zlarining hovlilaridan chiqqandi. It izning hididan adashmadi. Hid uni ayvonga, poyabzallar turadigan joyga boshlab keldi. Poyabzallar orasida qo‘njisi kalta etik yo‘q edi. Oqto‘sh ortiga qaytdi. Hid traktorchi qo‘shnining uyi orqasiga kelganda birdaniga izsiz yo‘qoldi. Atrofda dov-daraxt yo‘q. U tumshug‘ini shabboda esayotgan tomonga tutdi. Hidni tutolmadi. Alangladi va devorning yuqorirog‘idagi derazaga ko‘zi tushdi, hamda oldingi oyog‘i bilan deraza raxiga tirmashdi-da, iskadi. Tanish hid. Raxda qo‘njisi kalta etikning izi bor edi. Ichkariga barzangi hasharchining kirgani shubhasiz. Biroq derazaga oppoq parda tortilgan. Ichkari esa timqorong‘i, hech narsa ko‘rinmaydi.
Oqto‘sh tokchaga chiqmoqchi bo‘ldi. Lekin chiqishga qurbi yetmadi. Tokchani faqat qitirlatdi, xolos. Uning tirnoqlari beton tokchaga o‘tmay zirqirab og‘ridi. It norozi g‘ing‘illadi. Shunda ichkaridan qoraroq soyaga o‘xshash narsa ko‘zga ilindi. U g‘ing‘illashini bas qilib, soyaga tikildi. So‘ngra yana tataladi, intildi. Soyalar quyuqlashib, aniq bir juft soyaga aylandi va deraza oynasiga yaqinlashdi. Oppoq parda yengil tebrandi. It qattiqroq tatalab, irilladi. Soyalar bunga bardosh berisholmadi, sekin uzoqlashib qorong‘ilikka singib ketdi.
Oqto‘sh noiloj pastga tushdi. Tez-tez boyagi izlarni iskadi, deraza tomonga qarab vingshidi, vingshidi, lekin vingshishdan o‘zi qoniqmadi. U parda ortida qandaydir yomon bir narsa bo‘layotganini bildi. Yo‘l tomonga cho‘nqayib uliy boshladi.
It yo‘lga qaragancha uvlayapti. Yo‘lda marjondek yulduzlar tizmasi boryapti. (Ular aslida yulduzlar emas, zavodga paxta olib ketayotgan transportlarning chiroqlari). Yulduzlarning bir jufti uyning egasiniki. It shularni o‘ziga chorlayapti. Qaniydi o‘sha bir juft yulduz shu tomonga burilsa, tezroq burilsa. Hov anavi daraxtning yoniga kelganidayoq qarshisiga yugurardi. Qo‘shni yigitning kabinadan epchillik bilan tushishini kutardi. Oyog‘i yerga tekkanidanoq etigiga yopishardi. Doimo moy hidi keladigan etigiga. Mahkam quchoqlab olardi, vingshirdi, vingshirdi. Uyiga tezroq kirishini, u yerda nojo‘ya ish sodir bo‘layotganini, barcha-barchasini bildirardi. Tezroq burilsa edi, o‘sha bir juft yulduz. Odatdagidek tongga yaqin emas, hoziroq burilsa, g‘ayrining derazadan oshib kirganini bilsa, Burilsa, burilsa. Yo‘q, burilmaydi, burilmaydi. Ular jimirlaydi, xolos, jimirlaydi. Yul-duzlar faqat jimirlaydi, o‘zlariga chorlaydi. Chorla-ganingga kelmaydi, kelmaydi.
* * *
Hasharchilar ketganiga ham mana ancha kun bo‘ldi. Ular ketdi-yu, hammayoq huvillab qoldi. Yana xo‘rozlarning qichqirishlari, tunlari itlarning xurishlari qishloqqa o‘z hukmini o‘tkaza boshladi. Hamma narsa oldingi holiga qaytganday bo‘ldi-yu, Oqto‘shning ahvoli o‘zgardi. U qattiq og‘ridi. Uch kundan buyon tuz totgani yo‘q. Yalog‘idagi non to‘g‘ralgan sutga ham qaramadi. Ko‘ngli hech narsa tusamadi.
Dard bu gal kutilmaganda boshlandi. Badani umuman uvishmadi. Birdaniga ko‘zi tinib, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay qo‘ydi, yiqildi. Kechga yaqin xo‘jayin to‘shakka solib, uychasiga sudrab olib keldi. Shu yotgancha yotdi. Kecha kechqurun ketmoqchi edi, ketolmadi. Bu yerda qolib ham bo‘lmas edi. U nimanidir yaqinlashib kelayotganini va pgu nimadir uni olib ketishini tobora aniqroq bilardi.
Chiroqlarning o‘chishini kutdi. Hammasi ko‘ngildagidek bo‘lgach, zo‘rg‘a o‘rnidan turdi. o‘rnidan turishga turdi-yu, ko‘zi tinib chayqalib ketdi. Oyoqlar turib berdi. O’zini tutdi. Endi butun gavdasi qaltirardi. Ayniqsa, to‘rt tomonga tiralib turgan oyoqlar shunday qattiq qaltirardiki, egilib, jussani yerga tushirib yuboradigandek edi.
It yurmoqqa hozirlandi. O’ng oyog‘ini yerdan salgina uzgandi, muvozanati buzilib, og‘a boshladi. U darhol oyog‘ini joyiga qo‘yib, muvozanatni saqlashga ulgurdi. It tikka qoldi. Ammo qaltiroq battar avj oldi. Darmonsizlikdan tumshug‘ining uchini ter bosdi. Yeru ko‘k chirpirak bo‘la boshladi. Oqto‘sh ko‘zlarini chirt yumib, oyoqlariga tayandi. Bor umid oyoqlarda qoldi. Afsuski, vaqt o‘tgan sayin oyoqlaridan ham mador ketib borardi. It uzoq tik turolmasligini bilsa-da, yotmadi. U ketishi kerak edi. Yana oldinga qarab intildi. Bu gal o‘zini o‘nglayolmadi. Gavdasi og‘irlik qildi. Chap tomonga og‘ib yiqildi va hushdan ketdi.
Tongga yaqin o‘ziga keldi, tush ko‘rdi. Tushiga Oq it kirdi. Oq it uni qaergadir ergashtirib ketardi. Oqto‘sh Oq itning izlarini bosib borardi, izlar ol-dingi oyoqlarnikini orqa oyoqlar takrorlaydi. Ular tezroq yurishdi. Qadamlar hamon bir-birini takror-laydi. Yana tezlashishdi, yugurishdi, chopishdi. Ular cho-pishgandagina oyoqlar bir-birini takrorlamay qo‘ydi. To‘rttala oyoq o‘z holicha tusha boshladi. Ular uchib bo-rishayotgandek chopishardi. Yunglari havoda silkinardi. Qadamlarining tovushi eshitilardi. «Dukur-dukur, dukur-dukur, dukur-dukur». Keyin birdaniga oyoq tovushlari juda ham ko‘payib, tartibsiz va qattiqroq eshitildi. Shundoq qulog‘ining ostida dukurladi. «Dukur-dukur-dukur-dukur». It uyg‘ondi. Tovush o‘ngida ham yerdan eshitilardi. Oqto‘sh ko‘zini ochdi. Katakdan chiqarilgan tovuqlar ekin maydoni bo‘ylab yugurishardi. Oq xo‘roz qanotlarini qoqib qichqirdi, tovuqlar, qanotlarini kerishdi.
Shu payt qo‘shnining xo‘rozi shitob bilan yugurib keldi-da, tovuqlardan birini quvib ketdi. Oq xo‘-roz ququlab yer titish bilan ovora edi. Buni ko‘rmadi. Oqto‘shda esa begona xo‘rozni quvish istagi bo‘lmadi.
U bu mojaroga befarq tikilib yotaverdi. Oqto‘sh hasharchilar kelib ketganidan so‘ng ko‘p narsalardan judo bo‘lgandi. Birinchi bo‘lib egalik tuyg‘usidan, albatta. U avvallari qaramog‘idagilarga hukmrondek bo‘lib yurardi. Xonadon bisotiga begonani yaqinlatmasdi. Endi u ham oddiy bir uy hayvoni ekanini, mana shu miyasiz tovuqlardan, suzik ko‘zlarini unga baqraytirib turgan sigirdan, burni kertilgan qora eshakdan o‘zini farqsiz bo‘lib qolganini shu damda chuqur his qildi.
Tovuqlarga don sochib bo‘lgan Xo‘jayin Oqto‘shga yaqinlashdi. Yalog‘iga nazar tashlab, ro‘parasiga o‘tirdi.
— Oqto‘sh, senga nima bo‘ldi?
It nomini eshitib ko‘zlarini Xo‘jayinga tikdi Xo‘jayin uning boshini siladi.
— Kasal bo‘lib qolibsan-a? Qaniydi, sen jonivorning qaering og‘riyotganini bilsam...
Oqto‘sh Xo‘jayinning rahmi kelayotganini, lekin ilojsiz ekanini tushundi. It bu mehribonchilikka bardosh bera olmadi. Ko‘zlariga yosh qalqidi.
Xo‘jayin uning boshini siladi. So‘ng tizzalariga tayanib o‘rnidan turdi-da, og‘ir-og‘ir qadamlar bilan uy tomonga ketdi.
Tushga yaqin Beka yuvindi ko‘tarib keldi. U ham itga achinib-achinib qaytdi. Oqto‘sh Xojasi — qizni qorong‘i tushguncha kutdi, kelmadi. U negadir uch-to‘rt kundan buyon ko‘rinmasdi. Qaergadir ketgan.
Bugun havo kechagidan sovuq edi. Osmonda yulduzlar, xonadonlarda chiroqlar miltirab qoldi. Oqto‘sh endi yo‘lta tushishi kerak. Agar bugun ketmasa ertaga kech bo‘ladi...
It arang o‘rnidan turdi. Endi yurishi kerak. U kechagiga nisbatan, o‘zini yaxshi sezdi. Shunday bo‘lsa ham u oyoqlariga hamon ishonmasdi. Ammo ketishi shart, bu yerda qolib bo‘lmaydi, qolib bo‘lmaydi. Oqto‘sh ishonqiramay asta qadam bosdi. Keyin yana, yana. U sekin va bir tekis yurib ketdi. It avval hovlini aylanib chiqdi. Uzi uchun qadrdon narsalar va buyumlar oldida oz-oz to‘xtadi. Ular bilan bog‘liq bo‘lgan xotiralarni esladi. So‘ngra yo‘lga chiqdi.
It chimzorga kelganida harsillab qoldi. Yotsa turolmasligini bildi. Tik turgancha nafasini rostladi. Bu yog‘i endi shudgor. Qorayib turgan shudgorning ustki qismi yupqa muzlagan. Ostki qismi esa yumshoq. Yo‘lga qaraganda shudgorda yurish og‘ir. Buning ustiga yer tekis haydalmagandi.
Oqto‘sh chuqurroq haydalgan bir joyga kelganida o‘zini o‘nglayolmay qoldi. Oldingi oyoqlari bir zumda yupqa muzlamani sindirib tuproqqa kirib ketdi. Oyoqlarini yerdan chiqarib ulgurolmadi. Tumshug‘i tuproqqa botdi. It bu yerda ko‘p ovora bo‘ldi. Burnidan chiqayotgan hovurdan muzlama erib, nafas olishi qiyinlashdi. Dastlabki urinishi zoe ketdi. Oyoqlarini birdaniga yerdan sug‘urolmadi. Keyin yana qattiq intildi. Bu gal oyoqlari chiqishga chiqdi-yu, tizzalab qoldi. Endi tizzalar tuproqqa cho‘kib borardi. It bor kuchini to‘plab yana urindi, turib oldi. Yo‘lda behol davom etdi.
Oqto‘sh Uchtepa ortidagi g‘o‘zasi ola ekilgan joyga qarab borardi. Hozir yer haydalib, u joyni topish mushkul edi. Ammo it u yerni taxminan topib bordi. Bir daqiqa tuproqqa belangan tumshug‘ini yuqori ko‘tarib, havoni iskadi va yotdi. Bu gal u hayotida birinchi hamda oxirgi marta jag‘ini qo‘lining ustiga emas, shundoq muzlagan kesakchalar ustiga qo‘ydi va chuqur xo‘rsinib yubordi.
Havo sovuq. Osmonda yulduzlar bodraydi. Uchtepaning shundoq ustidan tuxumning sarig‘idek oy balqib turibdi. Oqto‘sh esa shu hayotga tashna ko‘zlarini tikkancha yotibdi.