O‘tirsa otning beli mayishadigan odamni uchratsam kerak, deb o‘ylagan edim. Tursunboy otaning andak o‘ktamligini, tetik va chayirligini hisobga olmaganda odatdagi xushmuomala mo‘ysafidlardan hech farq qilmasdi. U meni qir bag‘rida joylashgan hovlisiga boshladi. Hovlidagi kattakon sada tagidagi supaga joy qilindi, dasturxon yozildi. Bir piyola choy ustida gurung boshlandi.
– E, odamlar, odamlar-a… – deb gap boshladi Tursunboy ota, – bir umr odamlarning ardog‘ida, olqishida yashadim. Polvon degan nom chiqardim. Otam tayinlagandek solin uchun emas, elning ori uchun maydonlarga tushdim, qo‘l sinsa, yeng ichida, bosh yorilsa, do‘ppi tagida qabilida yashashga intildim. Biroq bir voqea sabab…
Tursunboy otaning beixtiyor ovozi titradi. Ko‘ziga ingan yoshni belbog‘iga artar ekan, nafasini rostlab, tuyg‘ularini jilovlab, piyolada soviy boshlagan choydan bir ho‘plam ichdi-da, davom etdi:
– Yaramni tirnadingiz-da, ha, mayli, dardimni birovlarga aytmay, ichimda saqlagandim, lekin negadir sizga gapirgim keldi… Ba’zan o‘tganlarni, ularning siymolarini, ishi-yu yurish-turishini eslasam ham, xayolga beriladigan, ko‘zimga yosh oladigan bo‘lib qolibman. Qanday odamlar o‘tdi-ya... Hay, siz menga ko‘p e’tibor qilavermang. Qarilik-da bolam, qarilik. Odam keksayaversa shunaqa bo‘b qolarkan, ilgari rahmatli kampirim bilan bir-birimizni so‘zsiz tushunib, suyanchiq bo‘b yashayotgandik…
Polvonni chalg‘itish ham ovutish maqsadida:
– E, ota, hali bizga o‘xshagan yoshlarning bir-ikkitasi bilan bemalol bel olishasiz, – dedim mulozamat qilib.
Gapim qariyaga ma’qul tushdi.
– Qani choydan iching, dasturxonga qarang… Manavi qatiq uyniki. Qarang, kosada qoshiq tik turibdi. Tog‘ning qatig‘i-da. Siz shahar bolasisiz, kam quvvat ko‘rinasiz, istalovoyning pirashkasi bilan loyqa choyi ovqat bo‘larmidi, bolam.
– Loyqa choy deganingiz nimasi, – deb so‘rayman azbaroyi qiziqib.
– Sizlar uni ko‘femi, kapemi deysizlar.
Kulgudan o‘zimni arang tutaman. Loyqa suvday chayqalib turgan qahva to‘la idish ko‘z o‘ngimda jonlanib cholning topqirligiga ichimda qoyil qolaman.
Hazil qilishga uringanidan sezdimki, Tursunboy ota xayollar girdobidan qutuldi. Yana polvonlik fe’li uyg‘ondi.
– Lekin bolam, bugun ketish yo‘q. O‘zim sizni bir mehmon qilay… Echkining taka tegmagan bolasini qozonga bosamiz. Kulasiz-a… Buning ma’nisini bilmaysiz-da. Echki paqat o‘tning gulini terib yeydi. Kiyikdan tarqagan-da. Uning sutini ichgan uloqchasi ming dardga davo bo‘ladi.
Gap ohangidan shaharlik bilmagan narsani o‘rgatayotganidan, meni hayratga solib qo‘yganidan g‘ururlanayotgani seziladi, ko‘zlarida allaqanday yolqin paydo bo‘ldi.
– Endi mehmon biroz zerikmay o‘tirib turasiz. O‘zim borib sizga atalgan jonliqni olib kelay. Yosh-yalangga aytsam ham bo‘ladi-ku, lekin ular buning ma’nisini bilmaydi. Anavi zormandadan ham bo‘sin-a?..
– So‘rab berguncha, urib ber, deyishgan…
Tursunboy ota u yon-bu yon alanglab:
– Islom polvon, hov, Islom polvon, Samantoyni opkeling-chi, – deb ovoz beradi.
Hovli etagidan besh-olti yashar bir bola saman otni yetaklab keldi.
– Akangizga salom bermaysizmi, polvon… Akasi xafa bo‘maysiz-da… Juda o‘r-da, ukangiz…
Tursunboy ota dasturxondan bir burda non oldi-yu, o‘rnidan turdi. “Samantoy, Samantoy” deb qo‘lidagi non burdasini otga yegizdi. So‘ngra “Yo pirim” deb o‘zini yengilgina egarga oldi. Harakatlaridan umr bo‘yi ot mingani sezilib turibdi.
– Endi mehmon, mana ukangiz bilan atrofni aylanib turasiz, pastda chorbog‘imiz bor. Bemalol kirib, tomosha qilib turing…
Minnatdorchilik ham rozilik alomati sifatida qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib bosh irg‘ayman.
O‘r ukamiz bobosi ketgach ham baribir mehmonning oldiga kelmadi. Bu hovlida kim xo‘jayin ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchiday, xo‘roz-tovuqlarni, no‘xtasini uzib hovliga kirib qolgan buzoqchani quvib solishga tushadi. Quloqlari kesilgan bahaybat itiga “Bo‘ribosar, ol, ol deyapman”, deb buyruq beradi. Biroq uning bu po‘pisalariga o‘rganib qolgan shekilli, Bo‘ribosar parvoyam qilmaydi, boshini yana tizzalari ustiga qo‘yib mudrashga tushadi.
– Ena, ena-a, deyman, – deb baqiradi bola yana. O‘zini tutishidan, ovoz ohangini o‘zgartirishidan bobosiga taqlid qilayotgani bilinib turadi. Bolaning ovozini eshitib, chorbog‘ tarafdan bag‘riga qo‘g‘irchog‘ini bosib olgan qizchani yetaklab chiqib kelgan juvon, meni ko‘rib ro‘molining uchini tishlab, ovozsiz bosh irg‘ab salomlashgan bo‘ldi.
– Charos, sen qoch, buzoqcha bosib ketadi, – deydi bola. Aftidan hamon bu hovli egasi o‘zi ekanini menga pesh qilishga tirishardi. Juvon bir tarafdan, bola bir tarafdan o‘ynoqlab yugurib yurgan buzoqchani og‘ilxonaga haydashdi. Bolaning gapini eshitgan qizaloq esa, turgan joyida bir barmog‘ini og‘ziga solib, menga angrayib tikilib turaverdi. Buzoqchani og‘ilxonaga qamashdi shekilli, boyagi juvon qizchani yetaklab etak tomon ketdi. Bola esa ko‘rinmadi…
Ulkan chinor ostidagi supada shu o‘y-xayollar og‘ushida qanday mudroq bosganini sezmay qolibman.
– Islom polvon, hov Islom polvon, – degan ovozdan uyg‘onib ketdim.
Saman otining egari qoshiga bir uloqchani o‘ngarib olgan Tursunboy ota kelgan ekan. Ota otdan tushib, uloqchani ham pastga oldi. Diydoriga yugurib chiqqan nevarasini otga mingazdi.
– Qani, polvon, otni joyiga eltib bog‘lab qo‘ying-chi…
Pastda turgan oftobadan suv quyib yuz-qo‘limni yuvdim-da ota huzuriga yurdim.
– Zerikmadingizmi, mehmon… Bahuzur dam olavermaysizmi?..
– Tursunboy ota, keling men ham yordamlashay, shaharga borib yor-u jo‘ralarga aytib yuraman-da.
– Ma’qul… Ma’qul… Kelin, hov kelin…
Chaqiriqni eshitgan boyagi juvon, ko‘p bora ko‘raverib ko‘zi pishgan shekilli, zarur narsalarning barchasini bir zumda muhayyo qiladi. Samanni bog‘lab kelgan nevara ham bobosining yonida pildirab qoladi. Shuncha yaxshi gapirmay menga haliyam yov qarashini qo‘ymaydi. O‘zini xuddi kattalardek tutib bobosiga qarasha boshlaydi. Mening no‘noq harakatlarimdan manmanlarcha kulib ham qo‘yadi.
Nihoyat yangi so‘yilgan uloqcha qozonga bosilgach, bobo bilan supaga qaytamiz. Peshin namozini o‘qigan Tursunboy ota ham yana bir salom berib supachaga joylashadi.
Yangilangan dasturxondan bir tishlam-bir tishlam non yeyilgach, ota ko‘p ta’rifini keltirgan qumg‘onda qaynagan choydan ho‘plab gurungni davom ettiramiz.
– Endi o‘g‘lim, oilada yolg‘iz farzand bo‘lib o‘sganman, – deb salmoq bilan gap boshlaydi Polvon, – mengacha opa-akalarim turishmagan. Shu sabab ismimni Tursunboy qo‘yishgan. Otamiz asli tog‘liklardan, volidamiz dashtdan. Rahmatli padarimiz shu atrofda dong‘i ketgan polvon bo‘lgan. Kurashchi polvon emas. Ko‘pkari chopgan. Bizda uloqchi chavandozlarniyam polvon deb ulug‘lashadi… Xullas, yolg‘iz farzand bo‘lganimdanmi, ota-onam meni hech narsaga zoriqtirmay o‘stirishdi. Aytganim – aytgan, deganim degan deng… Erta ot minishni o‘rgandim… Otamning sabog‘ini olib uloq chopdim.. Ozmi ko‘pmi nomim chiqdi. Faqat to‘g‘risi, shu ilmga ko‘p tobim bo‘lmadi. Shuning uchun o‘qigan odamlarga ixlosim katta. Mehmon qilgim, suhbatlarini olgim keladi…
Tursunboy ota choydan ho‘playdi. Biroz o‘y surgach, yana davom etadi.
– Qishloqning eng suluv qiziga uylandim… Otam rahmatli polvonlarga xos chapani, tilga botir, cho‘rtkesar odam edi. O‘g‘il nevara ko‘rishni intiqib kutdi. Biroq, dastlabki besh farzandimiz qiz bo‘ldi. Otam bildirmasa-da har safar o‘g‘il nevara kutib intiqayotganini barchamiz sezib yurardik. Har gal ayolim yukli bo‘lganda bir saman toychoqni yetaklab kelardi. Lekin o‘g‘il nevarasini ko‘rish otamga nasib qilmadi. O‘g‘lim tug‘ilishidan bir hafta oldin omonatini topshirdi…
Tursunboy otaning yana o‘pkasi to‘ldi. Nimalarnidir pichirladi. Balki, otasini eslab duo qilayotgandir, balki… So‘rashga botinolmayman. Ko‘nglining tub-tubidan otilib chiqayotgan tug‘yonni bo‘lib qo‘yishdan qo‘rqaman.
– Lozim ma’rakalarni o‘tkazib, o‘g‘lim bir yoshga yetganda elga katta to‘y berdim. Maqtanish emas, o‘ziyam ko‘pkarimisan ko‘pkari bo‘ldi. Buyog‘i Oloydan, buyog‘i qozoqdan polvonlar keldi. Dovrug‘ini hali aytib yurishadi. Otam o‘lib biroz cho‘kkan ko‘nglimga yana nur o‘rladi. Butun mehrimni bolamga berdim. Buyam polvon bo‘lsin, ota-bobosining yo‘lini bersin, deb niyat qildim. O‘zim bilgan aziz-avliyolarning ziyoratidan ayirmadim… Lekin, tavba, polvonning bolasi, polvonning qoni… Otga qiziqmasa bo‘ladimi. Qo‘lidan kitob tushmaydi. Oxiri bor-e deb qo‘l siltadim. Qizlardan taragan nevaralarimni chavandozlikka o‘rgata boshladim. Ammo, ulardan ham birorta dovruqli polvon chiqmadi. Buyam endi Xudodan ekan-da, bolam… Baribir o‘g‘limni juda yaxshi ko‘rardim. Mehr bilan o‘stirdim. Ota, ruxsat bering, shaharga borib o‘qimoqchiman, deb qoldi bir kuni. Biroq yolg‘iz o‘g‘il, oldimdan siljitgim kelmadi. Ruxsat bermadim. Ancha ko‘ngli o‘ksib, siqilib yurdi. Biroq, menga ters ish qilishga botinolmadi. Uylanib, bola-chaqali bo‘lsa, shaharni unutar, deb erta uylantirdim. Kelinim yukli bo‘lganda jo‘rttaga, ko‘z tegmasin deb, qiz nevara bo‘lsayam mayli roziman deb yurdim. Ammo yuragimning tub-tubida intiq bo‘lib o‘g‘il nevara kutdim. Kechalari iltijo qilib Xudodan so‘radim. Hech kimga bildirmay aziz-avliyolarning qabriga chiroq yoqib keldim. Ayolim rahmatli, otasi, suyunchi bering, o‘g‘il nevara muborak deganida qancha suyunganimni endi tasavvur qiling. Irim qilib hovliga saman ot opkirmovdim. Afsus qildim. Nevaramning qulog‘iga “azon” aytdim-u qirg‘iz og‘aynilarning oldiga yugurdim. Otning zo‘ri shularda bo‘ladi-da. Bitta samanni yetaklab kelib, ertasiga elga osh berdim. Nevaramning otini Islombek qo‘ydim. Bilmaysiz, polvonlarda ozgina o‘pkalik ham bo‘ladi. Elning erkatoyi bo‘lib o‘rgangan-da… Farzand ko‘rganidan boshi osmonda bo‘lsa-da mendan uyalib-qimtinib yurgan o‘g‘limni yonimga chaqirdim-da, shu bola atak-chechak bo‘lgan kuni, senga ruxsat, shaharga borib o‘qiyver, deb yubordim. Endi uning bolasi atak-chechak bo‘lishini intiqib kutganini, boshqatdan kitob-daftarini olib, dars qilishga kirishib ketganini ko‘rsangiz. Bir g‘ashim keladi, bir g‘ashim keladi, yana o‘zimni ovutaman. Ha, o‘zim o‘qimadim, bu polvon bo‘lmasa, olim bo‘lar, dedim… Biroq, haligacha shu ishimdan afsusdaman. Oldingdan siljitma, deb Xudoyim ko‘nglimga solgan ekan-da… Nevaram atak-chechak bo‘lib, “tushov uzdi” o‘tkazdik. Buning ma’nisi yurib boshlagan bolaning oyog‘iga irimiga tushov solib, kesib yuboriladi. Nega deysizmi? Bilmadim. Endi buyam, ota-bobodan qolgan udum-da. Xullas, o‘g‘lim shaharga otlandi. Chol-kampir duo bilan kuzatib qoldik… Lekin, ko‘nglim qandaydir noxushlikni sezdi, bolam, sezdi. Biroq o‘zimni ovutdim. Shaharga, bolalarimga bir qo‘yni tandir qilib, xurjunga sut-qatiq, meva-cheva solib borishimni, nevaram ozib ketibdi, deb ularni koyishimni, keyin nevaramni yelkamga mingizib “ot-ot” o‘ynayotganimni ko‘z oldimga keltirib, bir epkinlab, bir sevinib o‘zimni ovutdim. Sal esini tanisin, Xudoyim boshqa farzand bersa, bunisini baribir qishloqqa olib kelib polvonlikka o‘rgataman, – deb nevaramga tikilib-tikilib o‘tirdim… Lekin o‘g‘limning shaharga yetib borishi nasib qilmagan ekan… Yo‘lda mashina ag‘darilib…
Tursunboy ota yana jim qoladi. Lekin bu safar ko‘ziga yosh inmadi. Aftidan ko‘nglining tub-tubida yotgan armonlari tilga ko‘chib, zardob bo‘lib chiqa boshlagan va bundan u o‘zini yengil sezayotgan edi.
– Shumxabarni eshitgan ayolim “voy bolam” deb bir oh urdi-yu quladi. Shu-shu o‘ziga kelmadi. Ma’rakalar o‘tgach faqat soyasi qoldi. Menga bildirmayman, deydi. Nevarasini oldidan bir qadam siljitmaydi. Qoqinsa tagiga poyondoz bo‘lsam, deydi. Baribir kuyik yomon bo‘lar ekan,bolam, yomon bo‘lar ekan. Odam ichdan kuymasin ekan. Kuyik baribir qulatdi, ayolimni… Bolamning bolasini sizga, sizni Xudoga topshirdim, iloyo, tilaganingizday polvon bo‘lsin, rozi bo‘ling, deb omonatini topshirdi. Shunda bilibman deng, u sho‘rlik ham bizga bir polvon tilab, xuddi yolg‘iz o‘g‘il tuqqaniga o‘zini aybdorday sezib yurganini… Ichdan kuydim, bolam…
Tursunboy otaning ovozi titradi. O‘ktam yuziga yarashib turgan soqoli tagidan lunjlarining qimtingani, ko‘ziga quyilib kelayotgan yoshni ichiga yutayotganidan, qancha vaqtlardan beri uni o‘rtagan hissiyotlari bilan olishib kelayotganini bildiradi. Aftidan, u bu haqda o‘ylamaslikka, bezovta o‘ylarni xayolidan quvib yashashga intilgan va buni uddalay ham olgan. Hozirgi holati polvon bilan yuzma-yuz o‘tirgan har qanday odamni larzaga solgulik edi…
– Xudo dedim, bolam, Xudo dedim, – yana hikoyasini davom ettirdi Tursunboy ota. – Polvonman, dedim, begonadangina emas, yaqinlarimdan ham kuyigimni yashirdim. O‘zimdan o‘tganini esa o‘zim bilaman. Suyanganim, ovunchog‘im shu nevaram bo‘ldi. Yana Xudoga shukr qildim. Shu bolani qarigan chog‘imda peshonamga berganidan hikmat izladim. Endi taqdirning hazillarini qarang. Ertaga nima bo‘lishini odam bilmas ekan-da. Bo‘lmasa, qo‘shnimning qizini kelin qilarmidim. Boshqa bo‘lganda bolasini olib ketib qolganda, qaytardim… Kelinim, umridan baraka topsin, mana endi ikki uyning suyanchig‘i bo‘lib turibdi. Otasinikida tunasayam, ertalabdan kechgacha shu uyning xizmatida, issiq-sovug‘imizdan xabar olib turadi. Qudam ham imonli, mo‘min odam. O‘zi sinfdoshim. Hozir uyda yo‘q. Bo‘lmasa, bir tanishardingiz. Kichik o‘g‘lini o‘zi bilan olib qolgan. Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, bir qizchalari bor. Aftidan ota-bola cho‘lga tushib ketgan chiqar…
Tursunboy ota biroz tin oladi. Sovuq choydan bir ho‘plab tomoq ho‘lladi-da, fikrini yo‘qotishdan cho‘chiyotgandek yana hikoyasini davom ettiradi.
– Nevaram o‘zini tutib olgandan polvon pirlariga bir jonliq atab bolamni egarning oldiga o‘tirg‘izib, ko‘pkariga olib bora boshladim. Bolaning otdan cho‘chimaganini, “o‘zim-o‘zim” deb yuganni ushlashini ko‘rib bir sevinaman-bir sevinaman, deng… Bir kuni narigi betdagi qo‘shnimizning iti bolalabdi. Nevaramning shashtini qaytarmay o‘stirayotganimni hamma biladi, shu itning kuchugini, nevaram qo‘shnining bola-chaqasini izillatib, bermayman desayam uyga ko‘tarib kepti-da…
Shu o‘rindaTursunboy ota miyig‘ida bilinar-bilinmas kulib qo‘yadi, ovozida yashirin g‘urur seziladi.
– Keyin deng bola tushmagur shu kuchukka bog‘landi-qoldi. Faqat uxlaganda yonidan olib qo‘yamiz. Bunday qo‘lga olib qarasam kuchuk – sirtlon. Bu degani bunday zotdor itlar kam uchraydi. Ota-bobolarimiz ularni bo‘ridan tarqagan deyishadi. Sababi, ularda olti tirnoq – olti panja bo‘ladi. Ha, aqli yetmasayam, ko‘ngli sezibdi-da nevaramning, bo‘lmasa shunday kuchukni uyga ko‘tarib kelarmidi, deb qo‘ydim ichimda…
Tursunboy ota o‘zi bilmagan holda har qanday ota-ona bolasining qilig‘idan, gapidan ma’no izlab hayratlanganday hayratlanar, nevarasining polvon ko‘ngli uni boshqarganiga komil ishonch bilan gapirardi. Polvonning gaplarini jon qulog‘im bilan tinglar ekanman, undagi ishonch menga ham o‘tgan, bunda, albatta, qandaydir sinoat yashirin ekaniga chippa-chin ishongan edim.
– Hech kimga bildirmay men ham kuchukka xom go‘sht, bir parcha quyruq berib yurdim. Nega unday qildim – bilmayman… Endi mehrdan-mehr qaytar ekan-da. Sirtlon bir it bo‘ldi, bir it bo‘ldi… Birinchi bo‘rini olganda to‘rtgayam kirmovdi… Ajablanmang, bizda itning yoshi har olti oyda bir yil, deb hisoblanadi… Atrofda, Polvonning Sirtloni bo‘ri opti, degan gap tarqagach, uzoq-yaqindan cho‘pon-cho‘liq erinmay uyga kelib itni ko‘rib ketgich bo‘ldi. Zotidan berasiz, deganning sanog‘i yo‘q, deng. Endi o‘zingiz tushunasiz, chorvador xalqmiz. Yaxshi ot, yaxshi it bizda tillo baho…
Bir kuni uyga tog‘a yurtdan dashtlik og‘aynilar kelib qoldi. Izzat-hurmatlarini joyiga qo‘yib kutib oldim. Gurung chog‘i ularning nimanidir aytishga chog‘lanayotganini, lekin botinolmayotganini sezib turganimdan, davrada hammamiz yashirishga uringan noqulaylik hukmron, deng. Mehmon atoyi Xudo. Men so‘rolmadim. Ular esa bir necha bor o‘zaro ko‘z urishtirib, gapga og‘iz juftlaydi-yu aytolmaydi. Dasturxonga fotiha o‘qilib, xayr-xo‘sh qilar chog‘i, oxiri mehmonlardan biri yurak yutib, dardini aytdi:
– Tursunboy og‘a, sizni biz o‘zimizga yaqin qarindosh deb bilamiz. Orqangizdan maqtanib yuramiz… Tantiligingiz Oloygacha tilda… Endi kelishimizdan bir maqsad bor edi… Shu sirtlon itingizni bizga bersangiz. Qancha desangiz, narxini beraylik…
Bir zum lol qotib qoldim. Polvon xalqida shunday udum bor, mehmon. Avvalam, hech kim bir-birining otiga xaridor bo‘lmaydi. Agarda, ko‘ngli sust ketib og‘iz solinsa, albatta, beriladi yo sotiladi. Yo‘qsa, ot polvonga buyurmaydi. Lekin, it sotilganini to‘g‘risi, ota-bobolarimdan ham eshitmagan edim.
– Tog‘alar, hurmat qilib, xonadonimga kelibsizlar, ming rahmat. Boshim osmonga yetdi. Mana qo‘ram to‘la mol, istaganlaringni olinglar. Xohlasalaring Samanniyam sovg‘a qilay. Lekin, itni soting deganlaringiz…
– Ko‘nglingizga olmang, Polvon og‘a. Yo‘liga aytdik-da. Zamona zayli. Hozir hamma narsa sotilayapti-da… – deb ming‘illashdi ular
Mehmonlar hurmati yana o‘zimni bosdim.
– So‘rasalaring shunday ham berardim. Lekin, itni emas. Tog‘alari, bu it nevaramniki. Undan so‘ramay berolmayman. Bo‘lmasa, yigitning sazasini o‘ldirarmidim…
Men bir xijolat, mehmonlar bir xijolat, xayrlashdik. Sezdim, biroz ranjishdi. Ko‘nglim xira tortdi. Boya aytdim, polvon elning ardog‘idagi odam. Shu sabab, xonadoniga bir narsa so‘rab kelgan insonni noumid qaytarmaydi. Yetsa moli bilan, yetmasa so‘zi bilan yelkadosh bo‘ladi…
Tursunboy ota yana tin oladi. Polvonga tikilib o‘sha paytdagi vaziyatni ko‘z oldimga keltirdim. Beixtiyor o‘zim ham o‘sha kezdagi noqulay ahvolni boshdan o‘tkazganday bo‘ldim.
– Hali o‘zimga kelib ulgurmay, tog‘lik amaki qarindoshlar mehmon bo‘lib kelishdi, – hikoyasini davom ettirdi Tursunboy ota. – Ularning ham hurmatini joyiga qo‘yib kutib oldik. O‘tganlarni, ko‘pkari – uloqlarni yodga olib gurunglashdik. Askiya qilib xumordan chiqdik. Qishloqning yarmi mehmonga keldi, desam yolg‘on bo‘lmas. Davra qizib turgan payt, ozgina shirakayf mehmonlardan biri, tirsagimdan ushlab chetga tortdi.
– Polvon, – dedi tamakisini burqsitib, garchi mendan ancha yosh bo‘lsa-da tengiday muomala qilib.. – Siz endi o‘zimizning dovruqli polvonlardansiz. Biz tomonlarda nomingizni eshitmagan odam yo‘q. Eshitdik, dashtlik tog‘alaringiz ham kelishgan ekan, so‘rovlariga yo‘q, debsiz. Endi biz shu itingizga xaridor bo‘lib keldik. Har holda bizga yo‘q demassiz… Og‘zingizga siqqanini ayting…
Shu bilan gapini tugatsayam mayli edi. Kamiga beo‘xshov hazil ham qilib qo‘yadi deng, nima emish, biz amaki, ota bir emishmiz. Otasi boshqa el bo‘lmasmish.Bir jahlim chiqdi, bir jahlim chiqdi. Bir ko‘nglim, he o‘rgildim, senday amakidan degim keldi-yu…Boshqa joy, boshqa davra bo‘lganda-ku o‘zim bilardim. Biroq, men mezbon, ular mehmon edi, bolam… Ichimdan otilib chiqayotgan hapqiriqni kuch bilan zardobday yutdim. Sababini tushuntirib, uzrimni aytdim…
Bir kun-ikki kun qo‘noqlaymiz, deb o‘tirgan mehmonlar ertalab zarur ishlari chiqqanini aytib xayrlashib jo‘nab ketishdi. Og‘ir o‘yda qoldim. Elchilik-da, ba’zan uloq-ko‘pkarida tortishib qolsak, tog‘lik og‘aynilar “baribir dashtligiga bordi” deb, dashtlik og‘aynilar “tog‘lik-da” deb g‘ayirlik qilishini sezib qolardim. Ha, endi yutqiziq alamidan-da deb ko‘p e’tibor qilmasdim. Endi bir itning orqasidan “o‘zimizning tog‘lik”, “o‘zimizning dashtlik” bo‘p qolganim alam qildi, o‘g‘lim, qattiq alam qildi… Elning og‘ziga elak tutib bo‘ladimi, o‘g‘lim. Yon atrofga “polvon itini falon so‘mga sotayotganmish” degan mish-mish tarqabdi. Men bundan bexabar. Qudamdan eshitib, yana kuydim. Endi ko‘ringanni to‘xtatib, bu yolg‘on deyolmayman-ku… Shuncha yil elning ardog‘idan epkinlab yurgan odam, to‘y-u ma’rakada o‘zimni qanday tutishimni bilmolmay dog‘man deng… Ko‘nglimga chiroq yoqsa, yorishmaydi. Endi, o‘g‘lim, hamma odamda, yaxshimi-yomonmi o‘ziga yarasha do‘st-dushmani bo‘ladi. Birov kuchingizni, birov obro‘ingizni ko‘rolmaydi. Ochiq maydonga chiqib, bel olishsa, xo‘p-xo‘p, ammo o‘zini do‘st ko‘rsatib, ichiqoralik qilib yurganlardan qo‘rq ekan. Maydonda noiloj tan berganlar yana g‘imirlab qoldi, deng. Bir kun…
Shu kuni shivalab yomg‘ir yog‘ib turgandi. Nimadandir ko‘nglim alag‘da bo‘lib kechasi hovliga chiqdim. Ostonada Sirtlon ko‘rinmadi. Og‘il tomonga o‘tdim. Qarasam, it o‘sal bo‘lib, qon qusib yotibdi. Shoshib qoldim. Samanni yoydoq minib, moldo‘xtirnikiga choptirdim. Qishlog‘imizda Safarali degan moldo‘xtir bor. O‘zi yaxshi bola, molniyam biladi. Bir aybi manavi “zormanda»ga ishqibozroq… O‘zi qo‘lga qaragan bola emas. Shu kelib itni obdon tekshirdi.
– Tursunboy ota, itingizga birov igna yedirganga o‘xshaydi. Endi umid yo‘q..., – dedi.
Mening ichimdan bir nima uzilib ketganday bo‘ldi. Safaralisi tushmagur holatimdan xabari yo‘q, hazil qilib qo‘yadi:
– Ertalabgacha kutasiz, bo‘masa so‘yib yuboraverasiz…
O‘sha tunni qanday o‘tkazdim – bilmayman. Sirtlon duv-duv yoshlangan ko‘zi bilan xuddi odamday tikilib, madad izlab mo‘ltiraydi, deng…Qo‘shilib mening ham ko‘zimdan yosh oqadi. Nima qilishimni bilmayman…Tongga yaqin o‘zini u yoqdan bu yoqqa urib jon berdi…
Ertalab nevaram itini izlab topolmagach, yig‘ini boshladi. Nima deb ovutishga hayronmiz. Uning izillab yig‘laganini ko‘rib, oxiri yiqildim, o‘g‘lim. Umrimda bir marta “voy jonim” demagan odam ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qoldim. Kim qildi ekan, deb o‘ylayman. Axir begona qilmagani kundek oydin-ku. Do‘st-u dushmanning gapini chig‘iriqdan o‘tkazaman. Ammo, gumon iymondan ayiribdi. Qo‘lidan ushlanmagan o‘g‘ri – o‘g‘ri emas. O‘ylab o‘yimning tagiga yetolmayman. Qo‘pol bo‘lsa-da, alamda odam nimalar demaydi, itimga nisbatan ham itlik qilasilarmi, deb o‘sha nobakor bilan tortishib o‘rtanaman. O‘ylagan sayin o‘ylarimni hazm qilolmayman. Hazm qilay desam, ularni odam deyish ham ma’qulmikin, deb o‘ylab qolaman…
Tursunboy otaning ovozida alamga yo‘g‘rilgan nido seziladi. O‘sha kunlarni xuddi yana boshidan o‘tkazayotganday boshini sarak-sarak qilib “Odamlar-a, odamlar…” deb qo‘yadi.
Polvonning yarasini yangilashga sabab bo‘lganimdan noqulay ahvolga tushaman. Biroq, Tursunboy ota yana o‘zini bosib olib, hikoyasini davom ettiradi.
– Vaqt hamma narsani davolarkan, o‘g‘lim. Nevaram ham bola-da, biroz o‘tib itini unutdi. Yana kula boshladi. Uning qiyqirgan kulgusi meni yana hayotga qaytardi…Yana oyoqqa turdim, bolam… Mana endi shu nevaramni deb yashayapman. Uning birinchi marta mustaqil uloq chopganini ko‘rsam, zot tashlab, eldan olqish olganini eshitsam, rahmatli otamning ruhlari shod bo‘lganini bilsam, deb Xudodan so‘rab yashab kelayapman-da…
Kelinga ham ichim achiydi. Garchi ichimdan qirindi o‘tsa-da, onasi orqali “Mayli, ming bora roziman, endi boshqa oila qilsin”, deb aytib ko‘rdim. Oralarida ne hangoma bo‘lgan bilmadim, lekin kelinim o‘g‘limni unutolmayaptimi yoki yana boshqa o‘y-xayoli bormi, boshqa oila qilmayman, debdi.
Tursunboy ota tin olib uzoq vaqt sukut og‘ushida qoladi. Men ham o‘z xayolim bilan andarmon edim.
Chamasi yarim soatlardan so‘ng supachada, ochiq havoda Tursunboy otaning hikoyasi ta’sirida osmon to‘la yulduzlarga tikilib yotar ekanman, beixtiyor, qaerdadir o‘qiganim yoki eshitganim bir gap xayolimga keldi. Shaharda negadir yulduzlar kamday ko‘rinadi. Qishloq joylarda esa aksincha. Osmon to‘la yulduz. Go‘yo ular kattalashgandek, ko‘paygandek, yorqinroq nur sochayotgandek…Buning boisi, shaharda odamlar ko‘pda osmonga qarayverishmasa kerak, deb o‘yladim-u o‘z o‘yimdan o‘zimning kulgim keldi…Bolaligim yodga tushdi…
Esimda, o‘qituvchimiz Tovboy muallim bir kuni sinfga globus olib kirib, koinot, quyosh, yulduzlar, yer shari haqida so‘zlab berdi. Hayratlanarlisi, ular doim harakatda ekan. Hatto o‘tirgan joyimizda ham yer shari o‘z o‘qi atrofida aylanganda bir kecha kunduzda biz ham zamin bilan birga aylanib, quyoshu oyga ro‘baro‘ bo‘larkanmiz. Qolaversa, yil davomida zamin bilan birga butun koinotni kezib chiqarkanmiz.
– Yer shari doim shunday koinotni aylanib yuradimi, muallim, – deb so‘radi sinfimiz bilag‘oni Baxtiyor. – Aylanib-aylanib, nega yana o‘z joyiga keladi? Nega boshqa joylarga ketib qolmaydi?..
– Chunki, ular Quyosh atrofida aylanadi, o‘g‘lim, Quyosh atrofida. Dunyo yaralibdiki shunday. Butun olam tortishish qonunining mohiyati ham shunda.
– Oymomo-chi, – deb so‘raydi sinfimiz shoirasi, qaqajon Mehribon.
– Oymomo ham, qizim, Oymomo ham. Oymomo yerimizning tabiiy yo‘ldoshi hisoblanadi. U Quyosh atrofida ham, Yer atrofida ham aylanadi.
Adabiyotdan boshqa darslarda oxirgi partada o‘qituvchilar ko‘ziga ko‘rinmay o‘tirishga intiladigan kamina esa bu gaplarni eshitib hayratga tushaman. Cheksiz koinotda quyosh atrofida aylanayotgan oyni, planetalarni, yerni, undagi odamlarni, ular qatori o‘zimni tasavvur qilishga urinaman… Noqis shuurim qamrovi kamlik qilib, o‘xshatish izlayman. Ana Quyosh – Bobom, ana yelkalarida bizni ko‘tarib turgan Yer – Otam, Oymomo – Onam…Yulduzlar esa bizlar…
Xayollarim qaerda to‘xtab, tushlarimga ulanib ketganini sezmabman. Qancha uxladim – bilmayman, erta tongda uyg‘ondim. Toza tog‘ havosidan to‘yib-to‘yib nafas oldim… Mezbonlar esa mendan ham oldin uyg‘onishgan, aftidan hovlidagi yumushlarni saranjomlab ham bo‘lishgandi… Yuvinib-taranib kelganimda supaga joy qilingan, ikkita yangi uzilgan non, kosada qaymoq…
Tursunboy ota tunni bedor o‘tkazgan shekilli, qovoqlari sal salqigan, nevarasi tizzasida, menga tikilib, miyig‘ida jilmayib o‘tirardi.
Nonushtadan so‘ng yo‘lga otlandim. Samanga nevarasini mingazib, arqonidan o‘zi yetaklab olgan Tursunboy ota yo‘lgacha meni kuzatib chiqdi. Uzoqdan avtobus ko‘ringach xayrlashishga tushdik.
Nihoyat, menga el bo‘la boshlagan bola ham otdan tushib quchoqlashib xayrlashar ekan, “Biznikiga yana kelasizmi?”, – dedi.
– Ot minishni o‘rgatsangiz, albatta kelaman. O‘rgatasizmi? – dedim Tursunboy otaga ko‘z qisib.
– Bu qiyin emas, – dedi bola jonlanib. – Yana kelsangiz o‘zim o‘rgatib qo‘yaman…
– Nasib, nasib, – dedi Tursunboy ota. Yaqinlashib qolgan avtobusga nazar solar ekan, qo‘shib qo‘ydi:
– Bir iltimosim bor edi, o‘g‘lim.
– Bajonidil, Tursunboy ota.
– Ko‘rib turibsiz, nevaramdan uzoqlasholmay qoldim. Siz el kezadigan odamsiz. Mabodo aziz-avliyolar yotgan makonlarga yo‘lingiz tushib qolsa, shu polvon ukangizning haqqi uchun ham bir duo qilib qo‘ying…
Kutilmagan bu iltimosdan dovdirab, beixtiyor Tursunboy otaning so‘zlari bilan javob qaytardim:
– Nasib, nasib…
Avtobusning orqa o‘rindig‘iga joylashib, sharqqa qarab ketayotgan, bir kechada menga qadrdon, aziz bo‘lib qolgan bobo bilan nevarani to ko‘zlarimni quyosh nurlari qamashtirguncha kuzatib turdim…
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 5-son