Uning yoshi salkam bir milliardda edi. Shu yoshida endi bu tirmizakning ortidan chopishi qoluvdi. Tezligi biram tezki ularning. Qayoqqa yo‘qoldi ekan?.. Millionga kirgan og‘a-inilari orasida ko‘rinmaydi. Ularni unchalik hushlamasligini yaxshi biladi. Hoynahoy mingyillik akalari yonidadir. Yo‘q, u yerda ham emas. Yaralganiga qirq yil bo‘lmay shuncha tashvish orttirsa-ya. Hali ta’zirini berib qo‘yadi. Barkash bobosiga aytib bir tartibga chaqirtirmasa...
Nurbola Oftob momoga duvara edi. Shu avlodi sal boshqacha – ta’sirchanroq chiqdi. Butun qavmini eslaydi. Qaysi bir ajdodiga tortganini bilmaydi. Faqat tafti bor, xolos. Yoqimli, judayam yoqimli, ammo o‘ta muloyim. Yomonligi yo‘q hech. Ba’zan o‘zining ham havasi keladi unga. Dunyodan zerikkan paytlari erkalab, kuch oladi.
Qorong‘i tushayotgan edi. Zaminni tark etishlariga ozmuncha fursat bor. Uzoqdan ummonda mavjlanayotgan yaltiroq aksni ko‘rdi. Nurbola, deb o‘yladi. Borib qaradi. U emas. Og‘asining erka avlodi. Delfinlar bilan o‘ynashib, sho‘xlik qilib yuribdi. Yana qaerdan izlasin?!.. Boshi qotdi. Quyoshli yurtlarni ko‘rsa-chi! Bu fikri tuzuk tuyuldi. Bordi. Qir-adirlar orasidagi bir ko‘rimsiz kulbadan miltillab nur taralardi. Asta tirqishdan ko‘z tashladi. Zimistonda Nurbola to‘shakda ma’yusgina yotgan bolaga termulib charaqlayapti. Shunchalar berilib shu’la taratardiki, hatto uning kelganini ham sezmadi. Xona sovuq edi. U kirganda biroz ilidi. Shundagina ortiga qaradi Nurbola. Oftob momosini ko‘rib yanayam yorishib ketdi.
- Eplolmayapman, - dedi mahzun qarab. – Sovqotib titrayapti.
- Hechqisi yo‘q. Senday paytim menda ham shunday bo‘lgan, - dalda berdi.
- Uch kun oldin nurlarimga chalg‘ib, daraxtdan yiqilib tushgandi, - dedi aybdorlarcha.
- Ketish kerak. Hademay qorong‘i tushadi, - dedi Oftob momo.
- Uni shunday tashlab hech qayoqqa bormayman. U mening do‘stim, - qat’iy turib oldi u. – Biroz isiting, yordam bering!
- Iloji yo‘q. Odamlarning ishiga aralashma, - dedi yana beparvo Oftob momo. Lekin Nurbolaga termulib rahmi keldi. Beixtiyor uning aytganini qildi. Bolakayning tanasi qizib, biroz jon kirganday bo‘ldi.
- Rahmat, - dedi Nurbola.
- Endi qaytamiz. Kech qoldik, - deb achchig‘landi Oftob momo.
- Yashaydimi?.. – yana so‘radi umidvor.
- Buni Yaratganning o‘zi biladi, - dedi jiddiy.
Ular chiqib ketishdi. Ortlaridanoq zaminni zulmat qopladi. Yo‘lda Nurbolaga nisbatan yanayam mehri jo‘shdi. O‘ziga tortgan. Insonga taft beribdimi, demak, ezgu ish qilyapti. Ammo ular bilan do‘stlashish juda qaltis. Tartibga-qoidalarga rioya etishi shart.
Ertasiga sharros yomg‘ir yog‘di. Bu ayni muddao bo‘ldi. Barkash bobo bilan maslahat qildi momo. Ming urug‘larini to‘pladi. Nurbolani yoniga o‘tqizishdi. Barkash bobo hammasidan xabardor edi.
- Kenja avlodlaring inson bilan do‘stlashibdi, - dedi u. – Kecha Oftob momonglarni ancha xavotirga qo‘yibdi.
- Kim ekan u Nurbolaning taftini olgan odam bolasi?.. – hayron bo‘lib so‘rashdi qavmdagilarning bari.
Nurbola g‘ujanak bo‘lib doira shaklga kirib oldi. Shu ko‘rinishda u Porloq quyoshning kichkina bir aksini eslatardi.
- Yaxshi-ku! – dedi orqa tarafdan Oltin nur.
- Nimasi yaxshi!? – hayron bo‘lishdi Shafaq nurlar.
- Koinotda insondan boshqa tashvishlarimiz ham yetarli, - deyishdi mingyillik nurlar.
- Kengashga million boshilarni ham chaqirish kerak edi. Yuz million yillar oldin bunaqa gaplar yo‘q edi, - dedi Siniq nurlar. – Inson dunyoni halokat yoqasiga olib kelib qo‘ydi.
- Kuydirib tashlash kerak barisini, - deyishdi So‘niq nurlar alam bilan.
- Bizning ishimiz inson zoti bilan kurash emas. Aksincha, duyoni ilitish, yashnatish. Unutmang, muz qavmining abadiy muzliklar makonini ham eritib yuborish bizning maqsadimizga kirmaydi. Yoki shamol, qor, yomg‘ir, sovuq harakatlariga; osmon, yer va yana boshqa sayyoralarning taraqqiyotiga hech qachon g‘ov bo‘lmaymiz, shuni bilib qo‘yinglar! - dedi qat’iy Barkash bobo.
- To‘g‘ri. Biz insonlarga hali kerakmiz. Ular yomonlikni istashmaydi. Faqat koinotni bilishga intilishyapti. Buning nimasi yomon? - deyishdi shaffof nurlar ham.
Oftob momo kengash fikri o‘zgarib borayotganidan xavotirga tushdi. Suhbatning bu yo‘sin chuqurlashib ketishi yaxshilikka emas.
- Men Nurbolani biroz tartibga chaqirib qo‘yishini Barkash bobosidan so‘ragandim, xolos. Bu yerda dunyoning ishlarini muhokama qilishimiz shart emas. Faqat zaminda tun kechikyapti. Bu muvozanatni buzayotgan Nurbola. Kuni kelib arzi hol bo‘lmasin deyman-da.
- Inson koinotga intilyapti. Bunga jim qarab turishimizni xohlaysanmi!? - dedi alamzada keksa So‘niq nur. U Oftob momo bilan tengqur edi. So‘nganiga ancha bo‘lgan. Shu sabab butun borliqqa nafrat bilan qaraydi. Lekin u bilan ham hisoblashish kerak. So‘niq nurlar ham otash qavmining a’zolari.
- Inson hali yerning o‘zini tushunib yetganicha yo‘q. Koinotga intilishga nima bor?! - qo‘shilishdi Siniq nurlar.
- Nurbolaning inson bilan do‘st tutinishi yaxshi emas. Ular oxirgi yuz yillikda judayam shiddat bilan rivojlanib ketishdi. Odamlar Oyga intilishyapti. Sirlarimizdan voqif bo‘lishsa hademay porloq nurlar makoni bo‘lmish Quyoshni ham zabt etishga kirishadi, - dedi mingyillik nurlar ichidan Qizil nur.
- Kuydirib kul qilish kerak. Kuyik hidini ham sog‘indik, - dedi Olov nurlar.
Hech qaysi biri indamadi. Na Barkash bobo, na Oftob momo ularga qaradi. Bu kengashda ularning qatnashishi noo‘rin edi.
Olam yaralgandan buyon Olov nurlarining niyati shu. Hamma yoqni yondirib kulga aylantirsa.
Kengash bir to‘xtamga kelolmadi. Yaxshiyamki, yomg‘ir tinib, bulut tarqay boshladi. Kengash yana biroz cho‘zilsa, tortishuvga aylanib ketishi aniq edi. Mingyillik nurlar sekin-asta bulutlar ortidan shu’la tarata boshladi. Qolganlar ham o‘z yumushlariga tarqalishdi. Oftob momo Nurbolani qidira boshladi. Barkash bobosidan so‘radi. U ham hayron bo‘ldi. Nurbola allaqachon yer sari enib bo‘lgan edi. Oftob momo ikkilanib qoldi. Tinch qo‘ygani ma’quldir. Hartugul, vaqt o‘tib o‘zi hammasiga tushunib yetadi. Baribir xavotir oldi. Nurbola izidan yo‘l soldi. Uni yana o‘sha kulbada uchratdi. Bola o‘rnida yo‘q edi. Yotgan joyi nam. Bolaning suv-suv bo‘lib oqqani bilinib turardi. Yostig‘i ustida qalpoqchasi yotardi. O‘zi esa mehrob ichiga kirib olib:
- Menga yordam ber, ey Xudo! Boboquyoshga ayt. Hammayog‘im muzlab ketyapti! Men yashashim kerak. Yolg‘iz onam, kichkinagina singillarim bor. Otam yo‘q. Bog‘larga qarashim, ishlashim, onamga yordam berishim kerak. Men ularni tashlab ketolmayman. O‘tinib so‘rayman, Quyoshjon! Menga yordam bergin. Sovqotyapman, - derdi qaltirab.
Nurbola Oftob momoga mahkam chirmashib oldi.
- Kuyinma, - dedi zo‘rg‘a Oftob momo. Boshqa hech narsa deyolmadi.
Lekin million yillar oldingi kabi shunday nur taratdiki, buni yuqoridan turib Barkash bobo ham qo‘llab-quvvatladi. Zaminga iliqlik taraldi. Bolakay chehrasi yorishib tashqariga chiqdi. Osmonga termulib minnatdorchilik bildirdi. Nurbola inson bolasining quvonganini ko‘rib xursand bo‘ldi. Oftob momo bo‘lsa ularga qarab o‘y surdi: dunyoda issiqlik taftidan tashqari suvuq yoki shamol singari kuchlar ham mavjud. Inson shularning bariga chidashi kerak hali. Buni Nurbola ham, Porloq quyosh nurlaridan to‘yib-to‘yib bahra olayotgan bolakay ham vaqt-soati kelib bilib oladi. Axir olamning o‘zi shunday yaralgan.
“Guliston” jurnalining 2014 yil 4-sonida e’lon qilingan.