OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Nuriddinov. Ushalmagan orzu (hikoya)

Bir, ikki, uch...
Aytsa ishonmaysiz-da. Yerni qars-qars tepib yurganida tovonidan o‘t chaqnaydi. Sanoqni o‘rganganidan buyon harbiy bo‘lish dardida. Biron kuni yo‘qki, sanamay qadam bossa. Uch xuddi chegaradek u uchun. Hech qachon keyingi songa o‘tolmaydi. Aslida hammasi bog‘chadan boshlangan. Tili chuchuk tarbiyachisi bo‘lardi. Ba’zi raqamlarni aytishga qiynalganida, sanashdan taqqa to‘xtardi. Sizga lof – unga chin, birni “biy” derdi. Quloqlari shunga o‘rganib, tili shunday qotdi. Ulg‘ayib oq-qorani ajratgunicha “biy”, ikki, uch deb sanab yurdi. “To‘yt”, e-e, to‘rt u uchun go‘yo devor edi. Keyin-keyin uyalib tilini burab gapira boshladi. Maktabda o‘rtoqlari “chuchchi” deb masxara qilishga tushishgandi. Harqalay taqlidchiligi qolmagan ekan. Jismoniy tarbiya muallimi irillab gapirardi. Endi uyam shuni o‘rgandi: qarr-rrg‘a, arr-rrslon, arr-rra derdi. Aybini yuvishi kerak-ku! Ustiga ustak “r”ni ayta olishini hammaga isbotlash o‘sha payt u uchun kun tartibidagi bosh masala edi. Xullas kimni ko‘rsa irillaydi. Irr... irr...
- Itmisan? – deb urishdi bir kun adabiyot muallimi.
- Nimaga unaqa deysiz? – astoydil xafa bo‘ldi qovoq uyib.
- Kimni otida “r” bo‘lsa tishingni oqini ko‘rsatib, o‘shanga qarab irillaysan. Nima qiliq bu!.. - deya tanbeh berdi yana. O‘ylab ko‘rsa rost. Adabiyot mallimining ismida ham ikkita “r” bor edi. Ko‘proq irillab yuborganmi, jahli chiqqan ko‘rinadi. Shu kundan boshlab adabiyot muallimidek hammaga xushmuomalalik bilan gapiradigan bo‘ldi. Endi irillashni bas qildi. Kimni ko‘rsa egiladi, bukiladi. Tavoze qiladi. Hurmatini joyiga qo‘yadi. Harbiy ta’lim muallimiga bu odati yoqmadi.
- Sendan harbiy chiqmaydi, - dedi bir kun zarda bilan.
- Nima uchun?! – hayron bo‘lib so‘radi.
-  Fe’ling juda yumshoq. Yigit kishi sal abjir, cho‘rt kesarroq bo‘ladi-da. Seni qara, lapshaning o‘zisan. Qayoqqa tortsa o‘sha yoqqa cho‘zilasan, - deb koyidi.
Qattiq ta’sirlandi. Bu odat orzularini chilparchin qilib yuborishi tayin. O‘sha zahoti o‘zgardi. Maqsadi harbiy bo‘lish. Endi odamlarning oldidan “duk-duk” yurib, “gurs-gurs” ko‘rishib o‘tadi. Bora-bora qo‘rs-qo‘pol degan laqab oldi. Bunisiga chidaydi. Katta orzuyi havo qo‘shinlarida xizmat qilish. Bulutlar orasida suzish qanchalik maza ekanligini bilsangiz edi. Siz ham qiziqib qolardingiz. Haliyam kech emas, tasavvur qilib ko‘ring!..
Bugun orziqib kutgan damlar kelgan. Uchuvchilar tayyorlash bilim yurti ostonasida turibdi. Hademay sinov imtihonlari boshlanadi. Harbiy bo‘lish arafasida. Agar omadi chopib uchuvchi bo‘lsa hammangizni osmonda sayr qildiradi. Viz-zz...
Qayoqda?.. Tibbiy ko‘rikdan bo‘ying past deb qaytarishdi. Bilganida boshmaldoqda yurishni o‘rganardi. Sal balandroq ko‘rinardi-da, shunda. Ammo shifokorlar mehribon ekan. Umidini so‘ndirishmadi. Piyoda askarlar safiga tavsiya qilishdi. Bunisigayam rozi. Chegarachi bo‘ladi. Jismoniy tayyorgarlik mashqlarida barzangi-baqaloqni ko‘rib, yolg‘izmasligidan terisiga sig‘may ketdi. Esankiraganidan uning ham tili aylanmay qoldi. Baqirmoqchi bo‘ladiyu, ovozi chiqmaydi. Qo‘llarini tepaga ko‘tarib, chaqirishga harakat qiladi. Maktabda birga o‘qishgan. Doim oyog‘ini bosvolardi. Kichkina, deb qiynagani qiynagan edi. Bo‘yining o‘smay qolgani ham shundan asli. Yugurib borib tumshug‘iga tushirsinmikin... O‘zi zo‘rg‘a yuradi-yu, harbiy bo‘lishga balo bormi bu to‘nkaga, o‘yladi o‘zicha g‘ayrligi kelib, eski xotiralarni eslab. Hoynahoy harbiyda tekin ovqat berishini eshitgan-ov. Chuchvarani xom sanapti. Uni oldida baqaloqqa yo‘l bo‘lsin. Hali ko‘radi, ortda qoldiradi. Hammasidan o‘zib ketadi.
Bir... ikki... uch...
Mashg‘ulotlarda baland to‘siqlardan oshib o‘tolmadi. Osonmas ekan. Birda bir devor oshib yurovmidi. O‘g‘ri odat yo‘q unda. O‘ziga taskin izladi. Ammo baqaloqqa qoyil. Beso‘naqay bo‘lsa ham kuchi ko‘p. Tirmashib yurib o‘tdi-ey. Havasi keldi. To‘g‘risi biroz hasad ham qildi. Baribir maktablaridan ikki kishini harbiylikka olishmasdi, u o‘zidan kuchliroq. Shu tariqa biroz hovuridan tushdi.
- Xafa bo‘lma, - dedi yelkasiga qo‘lini tashlab maktabdoshi.– Seni kallang yaxshi ishlaydi. Matematikadan olimpiadada g‘olib bo‘lganingni bilaman. Ko‘chada qolmaysan.
Tili osilib hansirashi yetmay, uning zil-zambil qo‘lini ko‘tarishi qoluvdi. O‘zi nima ahvolda-yu, maslahatini qarang.
- Shu miyangdan chiqyaptimi bu fikr? – dedi g‘azabi qaynab. – Kalla katta bo‘lsayam ishlamasa chatoq ekan-da.
- Men senga yaxshilik qilmoqchi edim, - to‘ng‘illadi u qo‘lini bigiz qilib. – Baribir qabul qilishmadi-ku. Uyam xizmatda.
- To‘g‘ri aytasan. Senga o‘xshagan landavur, xomkallalardan dushman o‘tib ketsa, mamlakat ichkarisida mendek himoyachi-shovvozlar kerak bo‘ladi hali. Uzoqlarga ketib qolsang xat yozib tur, – deb o‘zini ovuntirdi xayrlashayotib.
Barzangi-baqaloq bilan pachakilashib o‘tirmay, shart o‘rnidan turib ketvordi. Yo‘lda hartugul uning gapida jon borligini tan oldi. To‘g‘ri borib hujjatlarini moliya ishini o‘rgatadigan o‘quv yurtiga topshirdi. Uch yil o‘qidi. Barzangi-baqaloq haq ekan. U yerda omadi chopdi. Yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishdi. Hozir kallasi zo‘r ishlaydi. O‘qiganda-a... axir. Har qanaqa hisob-kitobni eshvoradi. Nafsilamrini aytsa matematikaga bo‘lgan iste’dodi tug‘ma. Ajdodlaridan meros, qondan-qonga o‘tgan. Otasi aytdi. Bundan roppa-rosa bir yuz yetmish sakkiz yil avval bobosining bobosini bobosi xon saroyida mirzolik qilib, barcha hisob-kitob ishlari bilan shug‘ullangan ekan. Salkam ikki asr deganda bu iqtidor unda namoyon bo‘libdi, qarang. Xullas uzo-o-q urug‘ida bor.
A’loga o‘qigani bois o‘quv yurti ma’muriyati shahardagi eng katta charm-poyabzal korxonasiga yo‘llanma berib ishga jo‘natishdi. Borib moliya bo‘limiga joylashdi. Har xil o‘lchamda oyoq kiyimlari chiqarishadi: kattalarga, bolalarga, ayollarga, erkaklarga – hammasidan bor. Endi ko‘cha-ko‘yda dushmandek, odamlarning oyog‘iga qaraydi. Boshqacha tushunmang tag‘in, kasbi shunaqa. O‘lchamiga, fasoniga e’tibor beradi-da. Olti oy deganda barzangi-baqaloqdan xat keldi. Uch yil qayoqda eding shovvoz, deb qichqirvordi. Harnechuk gaplarini unutmagan ko‘rinadi. Uyidagilardan u haqida eshitib, xursand bo‘lganini yozibdi. Javob xatida uyam og‘zini ko‘pirtirib, toza maqtandi. Gap tagiga bir juft xrom etik sovg‘a qilishini qistirib o‘tdi. Hech qancha bo‘lmay undan yana maktub oldi. Etikni so‘rabdi zang‘ar. Butun boshli eski hujjatlarni titkilab, korxona omborini ostun-ustun qilib yubordi. Qani topilsa. Unaqasi tarixda ishlanmagan ekan. Faqat bozorda – kosiblarda bo‘larkan. Yaqindan beri korxonalarida zamonaviy oyoq kiyimlari ishlab chiqarilayotganini yozib, yoniga eng katta o‘lchamdagi pishiqqina charm shippak qo‘shib qo‘ydi. Bekorchilikda sudrab yurar, unga bo‘laveradi, deb o‘ylagandi. O‘n besh kundan so‘ng askarlarni quritilgan ovqatlaridan jo‘natvoribdi. “Nima ekan!”, deb o‘ylabdi. Bir enlik tamaki qutisining qog‘oziga jimjimador dastxat bilan, charm shippak yoqqanini, yonidagi o‘rtoqlari uchun yana o‘n juft yuborishini so‘rabdi. Sochlari tikka bo‘lib ketdi. Bu safar maktubni javobsiz qoldirdi. Shippakning puli maoshidan bosib qolinganini bilmaydi-da. Shuni deb boshliq bilan aytishib ham olgan. Hozir har kuni jiqqa musht. Qadamini poylaydi. Ikki yil shunday o‘tdi. O‘rniga boshqasi keldiyu, qutuldi. Lekin unisiyam anoyi emas ekan. Avvalgisidan o‘tsa o‘tadiki, qolishmaydi. U ham uzoqqa bormadi. Xullas bir yilda to‘qqizta boshliq o‘zgardi. Bu yog‘iga o‘ninchining o‘yini boshlandi. Bosh omon bo‘lsa ko‘raveradi-da. Yangining shashti baland. U uchun hamma narsa bir zumda muhayyo bo‘lsin ekan. Aytganini aytgan bajarish shart. Hechqisi yo‘q. Ko‘nikib ketadi. Har kuni majlis. Kiradi-chiqadi. Bosh qashishga vaqti yo‘q. Rahbar qurg‘ur quruq gapdan nari o‘tmaydi. Nima emish, ishlab chiqarishda o‘sish surati pastmish. Uni jadallashtirish uchun alohida topshiriq oldi. Avval yillik, keyin besh, so‘ng o‘n yillik reja ishladi. Ish surati shunaqayam tezlashib ketdiki, qo‘yaverasiz. To‘xtatib bo‘lmay qoldi. Omborlar mahsulotga to‘lib ketdi. Ba’zan kechasi ham ishlashga to‘g‘ri kelyapti. Odam juda charcharkan. Temirdanmas-ku, axir. Uylanishni bahona qilib ta’tilga chiqvoldi. O‘qib yurganida ko‘z ostiga olgani bor edi. Onasiga ham yoqdi. Oila qurishdi. Chillasi chiqmay ishga chaqirib olishdi. Noiloj bordi. Endi oilali. Ko‘proq pul topishi kerak. Yana avvalgi suratda ish boshladi. Zimmasiga shunaqangi yumushlarni yuklab tashlashdiki, adog‘i yo‘q. Kuniga ishlab chiqarishni o‘stirishadi. O‘n oy o‘tib o‘ylab ko‘rsa, moliyaviy hisob bo‘yicha ellik yil oldinga ketib qolishibdi. Hozir harqalay ikki ming oltimish beshinchi yilda yashashyapti-yov. Beiixtiyor hushtak chalvordi. Bu ketishda odamning jigari ezilib, kallasi tutab ketadi-ku. Ertasiga ishga chiqmadi. So‘rab kelganlarga “Yo‘q devor”, deb xotiniga tayinladi. Bunaqa korxonada ishlab bo‘ladimi. Galvars boshliqning naynov yordamchisi erinmay uch kun qatnadi. O‘zining ham rahmi keldi. Yonida yerga qarab jim o‘tiribdi. Naynov boshini liqillatib:
- Ishga chiqmasangiz bo‘lmaydi, - deydi.
- O‘zing o‘ylab ko‘r. Ellik yillik rejani do‘ndirib qo‘ygan bo‘lsak. Boshlig‘ingga yana nima kerak? Bo‘shayman, - turvoldi.
- Bo‘lmaydi, - deb toza tixirlik qildi.
Shu joyda miyasi ishlab qoldi.
- Bo‘lmasa nafaqaga chiqaman, - dedi.
Naynovning kapalagi uchib ketdi.
- Hal... hali yoshsiz-ku. Endigina yigirma ikkiga chiqdingiz, - dedi duduqlanib. - Ish tajribangiz ham yetishmaydi.
- E-e, o‘zing o‘ylab ko‘r. Hozir korxona ellik yil oldinda bo‘lsa... Demak mening yoshim ham yetmish ikkida. Taxminim bo‘yicha to‘g‘ri keladi.
Kallasiga kelgan fikrdan o‘zi ham cho‘chib tushdi. Naynov indamay o‘rnidan turdi. Ketayotganda arizasini yozib, qo‘liga tutqazvordi. Uch kun o‘tsa ham darak yo‘q. Birov yo‘qlab kelmadi. Sabri chidamay ertasiga o‘zi ishga bordi. Ahvol hamon o‘sha. Indamay yana yigirma yilga reja qildi. Boshliqning yonidan chiqayotganida naynov:
- Aka, nafaqadayam ishlayapsizmi? To‘qsonni ham urib qo‘yibsizmi? Keksa odam oyoq-qo‘lini uzati-i..ib uyda yotmaydimi? – deya qah-qah otib kuldi qo‘lidagi hujjatlarga ishora qilib.
Alam qilib ketdi. Rost. O‘ylab ko‘rsa odamning bunaqa yoshda yashashi osonmas. Xo‘p, shunday bo‘lganda ham durkun yurishi aqlga sig‘maydi. Uyga qaytib yana ko‘rpa-to‘shak qilib yotvoldi. Indingi kuni naynov shaharning bari tez yordamini boshlab kelibdi. Xotinining rangi quv o‘chib, oldiga xalloslab kirib keldi. Oyoq tovushlaridan butun boshli qo‘shin deysiz. Sodda xotini duduqlanib gapirguncha, bir zumda ular paydo bo‘lishdi. O‘zini behushlikka solvoldi. Boshqa ilojisi ham yo‘q edi. Ko‘zini mahkam yumib yotibdi. Berilib ketganmi, rostdan ham hushi uchib qolibdi. Ko‘zini ochib qarasa, ustida oq kiyimli odamlar chug‘urlab, aylanishib yuribdi. “Nima qilamiz buni?” deb bir-biriga imo-ishora qilishadi. Birovi uni o‘likxonaga, birovi jinnixonaga jo‘natishni aytishyapti. Boshqasi, “Hali tirik-ku!” desa, yana biri “E-e o‘zi aytyapti ekan-ku, yuzga kirdim, deb. Bu yoshda tirik bo‘lishi mumkinmas” - deydi. Ularning gaplarini eshitib, irg‘ib o‘rnidan turganini bilmay qoldi. Ichida: “Shifokormas, tirikni o‘likka chiqaradigan qassoblar bular” dedi-yu, kiyim-boshini kiyib ko‘chaga otildi. To‘g‘ri ishga kirib bordi. Orqasidan naynov yetib keldi. Ovsar boshlig‘i tirjayib kutib oldi. Kursiga o‘tirishi bilan yoniga bir uyum hujjatlarni tashladi. O‘qib “taxta” bo‘p qoldi. Narigi yoqdan buyurtma! Arvohlarga poyabzal chiqarisharkan. Qani ular ko‘rinsa. “Hali hushim qaytmaganmi?”, deya labini tishlab ko‘rdi. Joni qattiq og‘ridi. Endi bu yog‘iga kavushni oyoqqa emas, oyoqni kavushga moslashlari aniq. O‘lchamlarini bilib, ellik yilga reja ishlashi kerak tag‘in. Hozir shuni uddasidan chiqsa u yog‘i bir gap bo‘lar. Chuqur uf tortib derazadan tashqariga qaradi. Shaxdam qadam tashlab, askarlar ketib borardi. Quloqlari ostida gurs-gurs oyoq tovushlari bilan birga zobitning yoqimli ovozi eshitilardi: bir, ikki, uch...

2015 yil, 20 yanvar “Suhbatdosh” gazetasining 172-sonida e’lon qilingan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.