OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bayram Ali. Kuz yomg‘irlari (hikoya)

Jafarsodiq!
Tahririyatimizga yaqindagina ishga olingan bu serg‘ayrat yigitcha hatto bosh muharir Kibriyo opadek talabchan va jizzaki ayolga-da ma’qul keldi. Bu ham bo‘lsa uning o‘ta tirishqoqligi sababidan, qolaversa, qalami ham durust chiqdi. Faqat uning bittagina chakki odati bor ekan. Buni biz kech kuz, yomg‘irlar mavsumi boshlanganda bildik...
Haftadan keyin jurnalimizning navbatdagi sonini bosmaga topshiramiz, bizda esa hamon kamchiliklar! Muharirdan eshitgichimizni eshitgach biz – to‘rtala ijodiy xodim nafasimizni yutib o‘z vazifalarimizni bajrib o‘tirgan edik, xonamiz eshigi zarda bilan ochildi va Kibriyo opa qaytadan ko‘rinish berdi.
– Haliyam kelmadimi?! – dedi oldin bino derazasiga “chirsillab” urilayotgan yomg‘irga, keyin bizga o‘ta jiddiy nigohlarini qadab.
– Haliyam...
– Yo‘q... – aytdik, galma-galdan.
Gap Jafarsodiq haqida ketayotgan bo‘lsa-da, to‘rtalamizda ham ung‘aysizlanish paydo bo‘ldi. Boshqani bilmadim-ku, hatto men yomg‘ir yog‘sa ishga kechikadigan hamkasbimni ichimda so‘kib ham qo‘ydim. Axir bu birinchisi bo‘lmasa...
– O‘zining telefoni bo‘lmasa, balki yaqin qo‘shnilarida telefon bordir?! – tag‘in so‘radi Kibriyo opa.
– Bilmadim... Kampirnikida ijaraga turaman, degandi, – mujmallandim, o‘tirganlar ichida yoshi kattasi bo‘lganimdan javob berishga zarurat sezib, – Keyin... Ko‘chada yurgan bo‘lishi ham mumkin. Shoirligi bor...
Kibriyo opa bir soatcha vaqtning ichida besh marta kirib bizdan uni so‘radi. Nihoyat eshigimiz oltinchi marta ochilganida biz yuragimiz uvishib o‘sha yoqqa tikilgan edik, Jafarsodiqning o‘zini ko‘rdik.
– Qonu-zardob qilding-ku odamni, shunaqayam mas’uliyatsizlik bo‘ladimi! – deb eng avval men zaxrimni sochdim.
Jafarsodiq esa o‘ziga hecham yarashmaydigan keng ko‘kish yomg‘irpushini  yechib ilgichga ilar ekan, masrurdan masrur iljaydi:
– Yomg‘irni ko‘rmaysizmi, aka... Bunaqada ishlab bo‘ladimi?
– Mana, hamma ishlayapti-ku! – o‘shqirib berdi, yoshi tahminan Jafarsodiq bilan teng bo‘lgan, ayni paytda negadir o‘rnidan turib olgan hamkasabamiz Lobarxon.
Jafarsodiq hech birimizning tanali o‘qirayishlarmiz-u, zardalarmizni nazarga ilmay odatiy sho‘xchan harakti ila popkasidan bir tahlam qog‘oz chiqardi:
– Men uyimda ham vaqtni bekor o‘tkazgan emasman. Ishonmaysizlarmi, mana!
– Ammo belgilangan shartnomada, o‘rtoq Raimov, – xonaga kirib kelganini hech kim sezmay qolgan Kibriyo opa gapni kesdi , –  uyingizda emas, haftasiga olti kun kuni bo‘yi shu binoda o‘tirib ishlashingiz qayd etilgan!
– Ha, men-n... Kechiring, balki oxirgisi bo‘lar, – xijolatga tushib duduqlandi Jafarsodiq, ammo yuzlaridan surbetona tabassumi uchmadi.
– A?! “Balki”!?.. – Kibriyo opaning ovozi g‘azabdan qaltirab ketdi.
– Xonamga boring!!! – dedi, so‘ng jaxl bilan eshik sari yo‘nalar ekan.
Jafarsodiq muharirimizning xonasidan qaytib o‘z o‘rniga o‘tirganda yuzi alamdan qizarib ketgan, bizga hech narsani bildirmaslikka tirishib zo‘r berib jilmayishga urinishlaridan esa ko‘zlari ham biroz yoshinqirab ko‘rinardi. Shundan to‘rtalamizning ham qaytadan ta’na-dashnom yog‘dirishga haddimiz sig‘madi. Ammo u tufayli boshliqdan gap eshitaverish jonimizga tekkan emasmi, kun bo‘yi unga  yoyilib gap qo‘shmadik.
Keyingi kunlari ish vaqtimiz ko‘ngilsizliklardan xoli o‘tdi. Biroq, oradan uch kun o‘tib qadirdon ijodiy jamoamiz ishxonamizga vaqtdan ilgariroq yetib kelar ekanmiz, qolganlarni ham men kabi jurnalimizning yangi soni qanday chiqishi emas, Jafarsodiqning ishga kechikish kechikmasligi ko‘proq qiziqtirgan bo‘lsa kerak, deya o‘ylayman. Shunday! Chunki bugun ham yomg‘ir yog‘ardi. Axir uning yomg‘irli kunlarda ishga kechikishi odat tusiga aylangan, buni esa hammamiz yaxshi bilamiz-ku! Kelib ishni boshlab yubordik, ko‘zlarimiz tez-tez soatni tekshirib qo‘yadi. Mana, kutilganidek nihoyat ish soatidan uch daqiqa o‘ta boshladi, Jafarsodiq... yo‘q!
– Yuzsiz ekan! – hammamiz ichimizda o‘ylab turgan gapni birinchi bo‘lib Lobarxon aytdi.
– To‘g‘ri, – tasdiqladi boshqa hamkasbimiz, – Hurmatsizlik bu! Axir kesakmidingki, yomg‘irda erib ketasan!
– Bu mas’uliyatsizni eshshak desang, eshaklar xafa bo‘ladi, – tutaqdim men ham, – Odam degani bunchalik bo‘lmas axir!
– Menimcha, bu uning shunchaki hazili, – pung‘illadi, odatda behuda gapirish u yoqda tursin, esnashga erinadigan musahihimiz. – Ishga kechikishlariga yomg‘irning daxli yo‘q. Yo‘qsa shuncha gap kor bo‘lardi...
Muhokamamizning ayni pallasida yetib kelgan Kibriyo opa, salomimizni javobsiz qoldirgancha ostonada turib qoldi.
– Kelmadimi?! – so‘radi asabiy. Hali ish boshlanganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, Kibriyo opaning bu qadar g‘azablanishi boisini hammamiz tushungan edik. U bir pas qotib turgach:
– Ayting, kelishi bilan xonamga chiqsin! – deb chiqib ketdi.
Opaning g‘azabi bizni yigitchaning “pattasi tayin bo‘lganov” degan shubha va gumonlarga solib qo‘ydi.
– Essiz, oz fursatda menda unga nisbatan sal-pal hurmat tug‘ilganday bo‘luvdi-ya, – boshini sarak-sarak qildi Lobarxon.
– Umuman olganda... Shu mas’uliyatsizligini aytmasa yomon yigit emasdi, – unga yon bergan bo‘ldi boshqa jamoadosh. – Yomon ishlaydi ham deyolmayman.
Qisqa vaqt birga ishlaganimiz hurmati mening ham Jafarsiddiqning shaniga biror yaxshi gap aytgim kelib ketdi...
Yomg‘ir tingach oradan bir, bir yarim soat vaqt o‘tib odatdatdagiday iljaygancha yigitcha kirib kelganida, negadir hammamiz unga nafrat bilan emas, shafqat nigohlari bilan qaradik.
– Assalomuuu alaykuum... – cho‘zib salom berdi hech narsadan bexabar Jafarsodiq. Beuxshov yomg‘irpo‘shini yechib, ilarkan, qo‘lidagi qog‘ozlarni ko‘rsatdi. –  Kechikdim, ammo ishoning, vaqtni bekor sarflaganim yo‘q! Lobarxon, bularni terib beraolasizmi?
Lobarxon unga javoban:
– Jafarsodiq, nega uyingizdan yarim soat ertaroq chiqmaysiz, yoki nega shularni ishxonaga kelib yoza qolmaysiz – dedi koyishga ham, xayrixohlikka ham o‘xshamagan xafsalasiz bir ovozda. So‘ngra:
– Oldin Opaning xonasiga o‘tarkansiz, – deya qo‘shib qo‘ydi.
Biz voqeaning qanday yakun topishini kutib behalovat turganimizda o‘z o‘rniga qaytgan Jafarsodiqning ahvolini ko‘rib nainki xolis hamkasblari, balki biror dushmani ham achinib ketishi tayin edi. Chunki Jafarsodiqning hamishagi surbet tabassumidan asar ham qolmagan, yuzini o‘ziga mutlaqo xos bo‘lmagan mayuslik egallagandiki, bu hammamizga g‘ayritabiiy tuyildi. Ha, u butanlay boshqa odamga aylanib qolganday edi nazarimizda. Bor umididan ayrilib or va nomusi yanchib tashlangan bir miskin holatda joyiga cho‘kar ekan, bizga hech narsa demay qo‘lidagi qog‘ozlarni kompyuter’da tera boshladi.
Odatda unga ko‘maklashib turadigan Lobarxon turib yoniga bordi:
– Bering, o‘zim terib beray.
– Yo‘q, rahmat, –   rad etdi Jafarsodiq. – O‘zim...
Xiyol o‘tib uning boshliqdan oxirgi marta ogohlantirish olgani hammamizga ma’lum bo‘ldi.
O‘sha kuni hech birimizning gapimiz bir-birimiznikiga qovushmay dilxun o‘tgan ish kunimizning yakuni xayrli kechdi. Anchayin kechikib qolgan maoshlarimizni undirishga muvafaq bo‘ldik.
Ammo ertasiga... Ammo ertasiga tahririyatimizning har bir xodimi rostakamiga “g‘alati” deya e’tirof etsa arziydigan voqea sodir bo‘ldi. Noyabr’ yomg‘iri keksa chinorlarning so‘nggi barglarini savalayotgan erta tongda ishjoyimizga birinchilardan bo‘lib kirib borsam, ne ko‘z bilan ko‘rayki, Jafarsodiq o‘z o‘rnida ishlab o‘tirgan ekan.
– Assalomuuu alaykuum. Kechikmaganimga ajablanayotgan bo‘lsangiz kerag-a? – aytdi u xayron turgan menga qarab iljayarkan. So‘ng mamnun alfozda stulga yastanib, oyoqlarini oldinga cho‘zdi va:
– Endi hech qachon kechikmayman, – dedi sirlidan sirli qilib, ayni paytda komil ishonch ila. Bir necha bor shunday kerishgan taqlid oyoqlarini yig‘ib uzatgach, g‘ayrat bilan ishida davom etdi.
Men beixtiyor Jafarsodiqning stol tagidan ko‘rinib turgan yap-yangi tuflisiga qarar ekanman, kechagina oyog‘ida bo‘lgan usti va yon tamonlari idrab qolgan eski oyoq buyimi “lop” etib xayolimga keldi…

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.