Hisor tog‘ining Ko‘ragon suvayirg‘ichidan boshlanib, Dehqonobod va Qamashi nomli muzofotlar orasidan oqib o‘tib, G‘uzor to‘raligi qalamravida bo‘lgan Pachkamar dengiziga quyulguchi Katta O‘ra nomi bilan xaritaga tushgan bir daryoyi azim bo‘lgan ekan. Shu daryoyi azimning irmoqlaridan biri – jami bir tegirmon suv oqadirg‘on soyning ikki betida Terakli degan o‘ttiz tutun mudom tutab turguvchi bir qishloq ham bo‘lgan ekan. Deydilarki, bu qishloq haliyam bor. Haliyam o‘sha o‘ttiz tutun ko‘kka o‘rlab yotganmish. Shodi polvon shu yerda tug‘ilib o‘sgani uchun tarixda muqim va muhim o‘rni bor emish. Balki to‘g‘ridir.
Kunchiqar tarafida Chigirtkali nomli bir ulug‘ tog‘, qo‘y haydab chiqqan cho‘ponday shimolidagi Go‘balay tog‘iga yonboshlab yotibdi. Janubida Shuvoqli degan bir ming olti yuz ellik botmonlik tekis maydon. Qishloqning hamishalik poygajoyi shu yer. Teraklining kunbotar tarafida Olmali, shimolida Baqirchi, shimoli sharqida Yong‘oqli degan ovullar joylashgan. Qiblasida Kalta, Jiyda buloq, qarshisida Qo‘g‘a, Chit, biqinida Qo‘rg‘onu Ters. Ikki gaza narisida Qorangqo‘l, Qo‘shko‘l, uch gaza narisida Supa, Kuyuk, Tolli, to‘rt gaza narisida Iyrisuv, Qizilsoy, Oq qishloq, Almat va hokazo ovullar ham ushbu qissada o‘z maqomiga da’vogarlik qilsa, ajablanmang. Bu joylardan boshqalar qatori Shodiyam ot haydab o‘tgan.
Yashil baxmaldek sollanib turgan archazorlarga tutashib ketgan terakzorlar shu kunlarda ham Katta maydondan oshib, anvoyi yo‘sinlar bo‘yini olib kelayotgan tong yellarini chapak chalib kutib olarmish. Qo‘ying-chi, shu qishloqda o‘sib, ulg‘aygan bir alp yigit tilga tushibdi.
– Kim emish u? Kim emish-a, kim emish?
– Namuncha hovliqasan, Shodi emish, Shodi.
– Ha-a-a, Shodima? Uni men bilaman. Shodi Bekmurod Nurimning qozoq xotinidan tug‘ilgan o‘g‘li emish. Polvon emish! Qasd qilsa, uch qish ko‘rgan terakniyam sug‘urib olar emish. Odina polvonning davrasida bo‘lgan, O‘lja polvonning darsini olgan, Ko‘k g‘unonini minib, tovlardan oshib, bellarni bosib, soyday toshib, shamolday esib, Regardi kezib kelgan emish. Xudo kuchdan bergan emish va hokazo mish-mishlar...
Bahor o‘tib, yoz kelibdi, mezon uchib, kuz kelibdi.
Bedov otlar gul mixlarga boylanibdi.
Avval bir-bir, keyin o‘ynab aylanibdi.
Boylovlarda sovri taylab semiribdi.
Saharlarning salqinidan simiribdi.
Tong otguncha avval kalta, keyin uzab minilibdi.
Kuz qirovidan totibdi, tong shamolida qotibdi.
Tobga kelgan chin bedovlar yulduzga tikilib kishnabdi.
Maydon tusab umtilibdi, suvlig‘ini tishlabdi.
Rosa qirq kundan keyin elda to‘ylar mavsumi boshlanib ketibdi.
* * *
– O‘, jotasanma peshingacha?! Otlan, qarindosh! Kun chashka bo‘ldiyov! Endi qancha issiq bo‘sayam, xotinning qo‘ynidan chig‘adig‘on mahal keldi. Tur-aaa-heeeey, gala nonso‘g‘ar! Qoluvdordan kecha xabar keldi: ertaga Bozorto‘bada katta to‘y. Indiniyam to‘y... Keyiniyam to‘y! So‘nggi kuniyam to‘y emish. Ust-ustiga to‘rt to‘y chobiladi. Hammasi qo‘niqli to‘y, arpa-bedadan ko‘ngling to‘q bo‘sin, qo‘shxonadan topiladi. O‘o‘o‘o‘, Eshat, imirsima, otlan! O‘o‘o‘o‘ Tashat, xotiningnan so‘ra-da, senam biyangdi egarla! Qisir biyani minmay nima qilasan? Hozir jo‘nab ketamiz. Qichab haydasak, kech peshin manzilga yetamiz. Bu kecha qo‘shxonada damni olib yotamiz. Erta-mertan boshlab ko‘pkarini chobamiz. Bo‘l-ho bo‘l! Otla-a-a-n, qarindosh! Hayda-a-a, gala chobog‘on!
Bu Namoz Go‘lning tovushi. Quyosh qirlar ustidan ko‘rinish bergan mahalda otlanib, Toshbuloqning ustiga chiqib, qichqirayotir.
– Ahmadboy, shu Namoz kechasiminan uxlamagan deyman-da, – gap tashlaydi otini qashlab yopayotgan Boysin bobo.
– Namoz hamishagi Namoz-da. Fe’lini bilmaysizma, Boysin aka? Shuning muchali g‘ajirma deyman-da. Takaning isini uch kunlik yo‘ldan oladi, keyin dim yotolmay qoladi, – deydi Ahmadboy.
– Ahmadboy, o‘zingiz qaytdingiz? Sahar edi, chog‘i, tahoratga chiqsam, otingiz egarlangan. Chuho-chuv qilib, tong otguncha sovutib chiqdingiz-ov.
– A, jo‘g‘a, Boysin aka. Bir ovnatib yopdim, xolos. Qarasam, tong otib qopti. Saranjom deb, bir yo‘la egarlab qo‘ydim- da...
– Mahammadi ko‘rinmaydi, nima bormayma?
– Shu Namozding qobotida bir otli ko‘rinadi, shu bo‘masin Mahammadi. Boya bir ot dupuri kelganday bo‘lib edi...
– Ana, Mahmatrayimam Qora Qashqaga egar sozdi uribdi, ko‘chasida Mavlanam turipti...
Terakliliklar otlanib, yo‘lga tushdi. O‘n to‘rt otliq Shuvoqlining havorini qirqib o‘tib, Kaltaga o‘rlab borayotir. Otlar uzatiladigan qizlarday bezatilgan. O‘zlaricha shaylanishib, bir-birining sini-sumbatiga qarab, olam-jahon saltanat bilan o‘z ko‘ngillarini xushlashib, ne bir orzu-havaslar bilan mavsumning birinchi to‘yiga borishmoqda.
Kun kech peshinga doxil bo‘lgan. Daryoni yoqalab qurilgan loysuvoq uylarning mo‘rilaridan ko‘kka o‘rlayotgan tutunlar qishloq o‘choqlarida odatdagi kechlik qozonlari osilganidan darak. O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida hali shifer tomli uylar urfga kirmagan. Qishloqning o‘rtasida joylashgan to‘yxona gavjum. To‘ychilar to‘da-to‘da kelayotir, to‘da-to‘da ketayotir. Kimi qurga o‘tayotir, kimi to‘shga chiqib, qo‘niq kutib yonboshlab yotayotir, kimi qo‘niqli xurjunini otiga ortayotir, kimi otni yaydoq minib, qo‘shga qarab yo‘rtayotir, abjirlari imillagan sherigini bo‘sang-chi, deb turtayotir.
– Mehmonjo-o-on, o‘tkarib hayda, o‘tkarib! Yigitlar, mehmonning otini ushlab, qoziqqa torting.
Bir yoqda kelib tushayotgan mehmonlarning otlarini o‘spirin yigitlar ushlab bog‘layotir, ba’zilari egasining ko‘zini panalatib, otlarni minib bir maydon, yarim maydon yelayotir. Teri qotgan bedovlarning qaysilari qaytadan terlayotir.
– Mehmonlardi qurga torttiring! Abilboy, qarang!
Darvoza oldida oqsoqollardan bir guruhi kelganlarni kutib olib, ketguchilarni kuzatib turishibdi, to‘yda amal tegmagan havasmandlar kayvoniday u yon, bu yon yurishibdi.
– Mehmonjon, bu yoqdan, qurning to‘ridan kelib, ora tashlamay, tizzama tizza o‘tiring. A, barakalla!
Ichkaridagi bekovullar mehmonlarni kigizlar to‘shalib, dasturxon yozilgan uzun-uzun qurlarga taklif etib, izzatini qilayotir.
– Bekovul, qurga nondi juftlab tashlang! Ho‘o‘o‘v, mevachi qani, mevachi? Parvardani jiydaga, mayizni danakka, holvani pechakka qo‘shib to‘kmaysanmi, davra ko‘rmagan? Haaaa, eplamang, ichib to‘ymagan, yalab to‘ymaydi. To‘king, to‘ychilarning og‘zi totli ketsin. Choy obkeling, mehmonlar uzoqdan keganday. Hoooov, o‘choqboshi, qurga besh kishilik osh suzdiring. Moyli qilib, go‘shdi mo‘l-mo‘l qo‘ydiring. Olingizlar, osh bo‘sin, mehmonjonlar.
Osh yeb, choy ichgan mehmonlar qurni band qilib o‘tirmay, duo qilib turishmoqda. Otlarini yetaklashganicha, qo‘niq tayin qilinishini to‘da-to‘da suhbatlashgan ko‘yi kutishmoqda.
Bir qarashda arining inidek g‘ujg‘on ko‘ringan to‘yxonada harakat qat’iy yo‘rig‘ bilan tartibga solingan. Har kimning o‘z vazifasi bor. Ayollarga alohida, erkaklarga alohida qur tortilgan. Kayvoni xotinlar mehmonning qo‘lidan dasturxonini olib, o‘zini ichkariga taklif etishmoqda.
Mavridi keldi, aytib o‘tmasam bo‘lmas. To‘yga yuzlab ayollar dasturxon ko‘tarib kelishadi. Eshik oldida kayvonilar ularni kutib, qo‘llaridagi dasturxonlarini olib, sharbatxona otli bir joyga taxlashadi. Har bir dasturxon ichida tayin bir jo‘ra non, bir hovuch qand-qurs va bir kiyimlik gazlama bo‘ladi. Ayollar to‘yni to‘ylab, kimi kulib, kimi o‘ynab, xumordan chiqishgach, uzun-qisqa, chaqchaqlashib qaytishadi. Haligi kayvonilar dasturxon ichidagi gazlamaning xilini boshqalab, nonini taqalab, birini biriga almashtirib o‘rashadi, to‘da-to‘da qaytishayotgan ayollardan har birining qo‘liga o‘z dasturxonini bexato tutqazishadi. Holbuki, dasturxonga egasining ismi yozilmagan. Qaysi dasturxon kimnikiligini hali kirish payti eslab qolishadi, chog‘i. Ammo, qanday? Buning sirini o‘zlari bilmasa, erkak zoti bilolmaydi. Shu jumladan men ham.
Ayollarda tag‘in bir shunga o‘xshash g‘aroyib qobiliyat bor. Deylik, davrada to‘qqiz ayol o‘tiribdi, gurung avjida. Ya’ni to‘qqiz tarafdan to‘qqiz xotin gal bermay gapirayotir. Bir qarashda hech kim hech kimni tinglayotgani yo‘q, ammo... Vaqt o‘tib, to‘y tarqagach, sinash uchun so‘rab ko‘ring. Har biri o‘sha davrada aytilgan gaplarni, ya’ni kimi nima deyotganda kim nima degani, ayni shu payt o‘zi nima deganini xuddi diktofonga yozib olganday qaytarib aytib bera oladi. Qiziq... Shuning uchun ham telegraf komutatori xizmatiga nuqul ayollarni olishar, balkim...
– O‘o‘o‘o‘o‘ to‘yga kelgan umidvor qarindosh, eshit!
Eshnaning tovushi shunchalik baland ediki, qishloqning narigi chetidagi karlar ham seskanib tushgan bo‘lsa, ajabmas. Odatda har qishloqda shunday bir jarchi bosh bekovulning yonida bo‘ladi. Ularga shu xizmatlari uchun to‘ydan bir zot: bir qo‘niqlik ulush va bir to‘n belbog‘i bilan beriladi.
– Gapga quloq sol, chala eshitib, keyiniga o‘pkalab yurma, xaloyiq! Bugun mavsumning birinchi to‘yi boshlanayotir. El to‘y sog‘ingan. To‘rt o‘radan terilib ot kelgan. Bugun Bozorto‘bada mehmon ko‘p. Biz hisobini oldik. Har bir qishloq yo ovuldan kelgan to‘ychilarni to‘dasiminan bir uyga tayin qildik. Tobin, tobiniga qo‘sh tashlay berasiz. Agar mehmon do‘rji bo‘sa, bo‘linadi, qo‘niq olgan hamsoyasiminan kelishadi. Ust-ustiga to‘rtta to‘y chobiladi. To‘rtoviyam qo‘niqli, ikki kunlik to‘ylar. Tushgan qo‘shingizda nasib bo‘sa, to‘rt kecha mehmon bo‘lasiz. Qo‘niqdi to‘yxonadan olasiz. Xizmatdi uy egasi qiladi. Kami bo‘sa, bekovulga xabar qilasiz, to‘ldiradi. Yo nasib, hech kim noumid bo‘mas.
– Endi buyog‘ini eshit, qarindosh! Biz hozir qaysi qishloq, yo qaysi ovul kimning uyiga qo‘sh tashlashini ro‘yxatminan birma-bir jar qilamiz. Chuvillashmay, xo‘b eshit, tag‘in chala eshitib, qorong‘ida turtinib jurma.
* * *
Ana, terakliliklaram ko‘p qatori Qo‘chqor Badalning oftobro‘yaga qaratib qurilgan ayvonli hovlisini aylantirib, bedovlarni qoziqqa tortishayotir.
Qishloq suronga ko‘milib ketgan. Kim kim bilan ko‘rishayotir, kim bilan so‘kishayotir. Qaerdadir ot bo‘shalib, tepishayotir. Qishloqning itlari birvarakayiga isyonga kelgan, qo‘ylar ma’ragan, sigirlar bo‘kirgan, eshaklar hangragan. Xullas, salkam qiyomat qoyim deysiz. Kim erini, kim xotinini, kim o‘g‘lini so‘rog‘lab yuribdi. Kimi izlab topayotir, kimi shoshib chopayotir. Uzoq yo‘l bosib, horib kelgan otlarni otpazlar bir-bir qashintirib, ag‘anatib, yopayotir.
Ko‘pkarida bedovning juyrugi zo‘r chopadi.Bunday otlar suluvmijoz keladi: erkalashni xush ko‘radi. Badanining tangaday joyi teri bilan qolsa yoki bog‘langan yeri notekis yo toshloq bo‘lsa, damini ololmaydi. Xushnud bo‘lmagan ot ko‘pkarida horg‘in va asabiy bo‘ladi, qichovga yaramaydi.
Chopqir otlarga yetilib pishgan to‘q arpani tosh-u kesaklardan obdon tozalab, agar changi bo‘lsa, yuvib, bug‘doy somoniga qorib berishadi. Ha-a, keksa otpazlar bedovni bekorga suluvga mengzamagan.
Shodining Yo‘rg‘asiga oshxonaning biqinidan joy tegdi. Polvon bu do‘nan otni yaqinda ko‘liklikka sotib olgan. Yer-u ko‘kka ishonmaydi. Ko‘z oldimda tursin deb shu yerni tanlagan.
Ustiga chiqsang, yo‘lning tanobini tortadigan bu ot elda surgun yo‘rg‘aligi bilan nom chiqargan.
Otini qashlab yopayotgan Shodi polvonning nigohi shundoq yonginasidan qizg‘aldoqdek yashnab-ochilib, ipak ro‘molini yopinib, hayajondan ko‘ylagining etagiga qoqilib, sori toldayin buralib, yurakchasi hovuchida, ipak ro‘molining tagidan kishi bilmas qaranib, o‘tib ketayotgan to‘qqiz kunlik kelinchakka tushdi...
Ana, shom quyulib borayotir, qaynonasi «Ashurguluuv!» deb so‘rayotir, ammo kelinchakdan darak yo‘q... U negadir oshxonaga oy botgandek botib ketdi.
Mana, polvon Yo‘rg‘ani to‘qqizinchi marta yalang‘ochlab yopayotir, ammo, kelinchakdan hanuz darak yo‘q.
Ko‘ksiyoning ustida bir juft suluv ohu bor,
Quralay ko‘z ohuning nigohida jodu bor.
Shu nigohga ko‘zi tushgan yigitding, ay yoronlar,
Yuragiga muhrlangan bir umrlik dog‘i bor.
Ko‘zi tushdi. Ko‘zi tushdi-yu, keyinchalik necha bir maqomda talqin etilgan ishq dostoni boshlandi. Oradan qirq besh yil o‘tib ketdi, Biroq yangi-yangi qo‘shiqlar sahifalarga kabutarlardek kelib qo‘nishda davom etayotir.
Ehtimol, yolg‘iz mengagina shunday tuyular. Ehtimol, kuyovlik orzusida yurgan barcha bo‘z yigitlarga xos tuyg‘udir bu. Bilmadim-u, ammo kelinlik libosidagi ayol ko‘zimga ko‘kdagi behisob yulduzlar orasida yorqin shu’la bilan porlab turguvchi Mushtariydek suluv ko‘rinadi.
Nazarimda, yangi tushgan kelinchakda to‘qsonga kirgan chollarning-da ko‘zlarini yoshlaguvchi, yigitlarni jo‘mardlikka chorlaguvchi, nomardlarni el oldida xorlaguvchi sirli bir ohanrabo bor. Ayniqsa, hali chillali kelinlarni ko‘rganda ko‘ngil allanechuk bo‘lib ketadi-ey...
Aynan shu kunlarda kelinchakning yuzida baxt to‘lin oydek balqib yuradi. Keyin... Keyin esa sertashvish ayollik davri boshlanadi. Va ayollar o‘z umrlarining shu qirq kunini to yog‘och otga minguncha tusay-tusay o‘tib ketishadi.
Afsus, har bir ayol, albatta, baxti kulib boqsa, umrida faqat bir bor kiyadigan chin kelinlik libosini qirq birinchi kuni yechadi. Qaytib kiyishga yuragi betlamaydi... Yo‘q, kiyolmaydi va kiymaydi. Yo Tangrim, bu suluv libosni hech bir ayolga qaytib kiygulik qilmasin. Erdan chiqib, tag‘in erga tekkulik qilmasin! Qancha suluv bo‘lmasin, bu libos yesir xotinga yarashmaydi...
Taqdir elda dovruq solib, ot haydab yurgan polvonni bu quralay ko‘z kelinchakka ayni o‘sha safoli chog‘larda ro‘baro‘ qildi va qarshisiga mixlab qo‘ydi.
Bu O‘rada Shodining dovrug‘ini yettidan yetmish yoshligacha eshitgan, eshitmagan qolmagan. Axir, qishning uzun tunlari barcha mehmonxonalarda tongotar gurunglarning asosiy mavzusi ko‘pkari bo‘lsa, ko‘pkarini kimdir o‘zi chopadi.Kimningdir aka yo ukasi chopadi. Yana birovning hech kimi chopmasa-da, oti chopar-ku! Demak, hamma biladi...
Hovliga terakliliklar qo‘sh tashlagani, ular orasida o‘sha Shodi tayin borligini shu to‘qqiz kunlik kelinchak ham bilar edi... Ko‘zi ko‘ziga tushgan chog‘da qarshisida o‘shaning o‘zi turganini, nafaqat turgani, balki uni ko‘zlari bilan bag‘riga bosib, to‘yolmay turganini shu topda yelib o‘tgan ishq shabadasi quloqchasiga kishi bilmas shivirlab o‘tib ketdi... Naq yuragiga borib sanchilgan oniy bir zarbdan butun jismi yashin urgandek qalqidi: yiqilib tushishiga bir bahya qoldi.
“Oh, enajon! Oh,Tangrim! Endi oshxonadan qanday chiqaman?! Yonidan qanday o‘taman?! To uyga yetib olgunimcha uning bu ajabtovur nigohlari kuydirib kul qilib tashlamasmikin?!”
Oshxonada, allaqachon o‘chib qolgan o‘choq boshida lochindan berkingan kaklikday titrab, qaqshab o‘tirardi kelinchak.
Holiga qo‘ymagan, ermakka qiynagan,
Uyatni bilmagan, o‘yin qib o‘ynagan ,
Bir shirin, bir qiziq ertaklar so‘ylagan
Taqdirini yozg‘irardi kelinchak.
Gohida o‘ksitib, gohida siylagan,
Yo‘rg‘aning yoliga suyanib, bo‘ylagan,
Yo‘lida yo‘lbarsday ko‘z uzmay poylagan
Taqdiriga yolvorardi kelinchak.
Na o‘ynardi, o‘zginasi, xayol qayda, hush qayda?
Na o‘ylardi, o‘zginasi, xayol qayda, hush qayda?
Na qo‘rqardi, o‘zginasi, xayol qayda, hush qayda?
Na yig‘lardi, o‘zginasi, xayol qayda, hush qayda?
Shu rangin go‘shada turarmidi kelinchak,
Chiroqsiz uychada yurarmidi kelinchak,
Bir tovoq suv ichra suzarmidi kelinchak,
Oh, bilmasdi... Oh, bilmasdi... Oh, bilmasdi...
Bir g‘aroyib tush ko‘rardi kelinchak,
Ko‘rgan tushin xush ko‘rardi kelinchak.
Oshxonada bitta bo‘lib, qirqta bo‘lib,
Hushli, behush o‘tirardi kelinchak.
Ne bir suronli taloshlarni ko‘rgan poygali maydonlar, yolida shamol esgan arg‘umoqni qo‘msagandek, botirning bag‘rini qo‘msar edi kelinchak...
Oradan qancha vaqt o‘tgani yodida yo‘q. Ko‘zginasi faqat shu eshik tirqishidan ko‘ringan bir tasma olamni ko‘radi. Bu olamda bir alp yigit yolg‘iz yashaydi. Uning qiladigan ishi erta-yu kech bir ko‘k otni qashlab yopishdan iborat. Sho‘rlik ot qozig‘ida aylanishdan ham, ag‘anashdan ham allaqachon zerikkan. Har zamonda egasiga “buni nima jin chaldi” degandek hayron bo‘lib qarab qo‘yadi.
– Voy, o‘lmasam! Qaramagan joyim qomadi. Nima qib o‘tiribsan bu yerda?! – Qaynona kelinchakning qo‘llarini ushlab ko‘radi. – Muzlab qopsan-ku, bolaginam! Yo bir nimadan qo‘rqdingma? Nimaga jimsan, yo tildan qoldingma?! Yo biror joying og‘riyaptimi? Munga bir gap bo‘g‘an-ov. Hooy, tur joyingnan diyappan! Uyga kirib, isinib ol. O‘tirishini qara, muzlab! Yur deyappan senga! – Kelin qaynonasining soyasiga berkinib, bir amallab o‘tib oldi. Aks holda to qish chiqquncha qolib ketarmidi shu oshxonada.
Kelin chimildiqning ortiga o‘tib, to‘shakka o‘zini otdi, yuzini yostiqqa bosdi. “Oh, bu yostiqlar...” Ashurgul ularni ne bir orzular bilan, yuragida tug‘yon urgan ishqqa tashna tuyg‘ular rangini ipak tolalaridan tanlab olib, birin-birin tikkan edi, yuragida borini shu yostiqlarga ipak bilan bitgan edi, ammo...
Badaniga kirgan titroq sira bosilmasdi. Boya ko‘zlari uchrashgan chog‘da yuragida nimadir uzildi, nimadir abadul abad tugildi. Nimadir o‘sha zahoti tugadi, nimadir o‘sha zahoti boshlandi. Nimadir lip etib o‘chdi, nimadir yarq etib yondi...
Yo‘rg‘aning yoliga qo‘llarini tashlab, unga hayrat aralash tikilib turgan yigitning suvrati nigohlariga joylashib olib, bor olamni to‘sib qo‘ydi. Ko‘z yoshlari yostiqni jiqqa ho‘l qildi. Buncha ko‘p, buncha qaynoq bo‘lmasa ular!
Uni kim ranjitdi o‘zi? Kelinchakka qanday sitam o‘tdi? Yuragidagi sirli og‘riq nedan boshlandi? Kelinchak hozir bu haqda o‘ylamasdi, boshqa narsalar haqida ham o‘ylay olmasdi. Ko‘zlarini ochsa ham, yumsa ham o‘shani – ot yoliga suyanib qarab turgan yigitni ko‘rardi, xolos. Qoida-yu yo‘rig‘larga, o‘lchovlar-u hadlarga to‘la bu olamda na biror sobit qoida, na bir muayyan o‘lchov, na bir chegara qolmadi. Chimildiqdan boshlanib, ko‘k Yo‘rg‘aning qozig‘i boshida tugagan uzundan uzun, o‘tib bo‘lmas, yetib bo‘lmas yo‘l qoldi, xolos.
Bozorto‘baga quyuq tun cho‘kdi. Qarindoshning to‘yida xizmat qilgani ertalab ketgan kuyov oyoqda turolmaydigan mast bo‘lib qaytdi. Ana, chimildiqdan ancha narida uxlab yotibdi. Etiginiyam tortolmapti, to‘niniyam yechmapti, boyaqish. Uyqusida g‘udranib so‘kinib qo‘yadi...
Yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelmasa, qiyin ekan. Ashurgulning ko‘z yoshlari armonlariga qo‘shilib, rosmana jilg‘a bo‘lib oqa boshladi.
Boya otini yopayotgan yigitning mardona suvratini shu o‘tgan to‘qqiz kundan beri yuziga qiyo boqmagan kuyovga qiyoslab ko‘rib, taqdir o‘zini nechog‘li kamsitganini bor bo‘yicha angladi va alam bilan izillab yig‘lab yubordi.
Qaychilining xo‘rozlari tunning yarim bo‘lganidan, yo‘l yurib, qizib kelgan bedovlar sovib, tobga kelganidan, sug‘orib, yemini iladigan vaqt bo‘lganidan xabar berib, basma-bas qichqira boshladi.
Uzoq yo‘ldan horib kelgan ot birdan sug‘orilsa, bo‘g‘inlariga suv tushib, ishdan chiqadi. Ziyrak otpazlar buni xo‘b biladi: kam desa, to‘rt-besh soat sovigandan keyin sug‘orib, yemini iladi. Otning soviganini tuyog‘ini ushlab ko‘rib, aniqlashadi. Tobiga kelmagan otning tuyoqlari qizib turadi.
Ashurgul hanuz yostig‘ini quchoqlab yig‘lab yotibdi. Uni yupatadigan kuyov esa oyog‘idan etiginiyam yechmay, pech yonida pinakka ketgan.
Ana, kelinchakning ko‘z yoshlari chimildiqning ortiga sig‘may qoldi. Toshib chiqib, qaygadir yo‘l oldi. Yo falak! Ashurgulning ko‘z yoshlari qayoqqa borayotir?!
Ana, qo‘noqlar otlarini sug‘organi daryo tomonga yetaklab ketishdi. Kelinchakning ko‘zlaridan boshlangan jilg‘acha hojari gilam ustidan sirg‘alib o‘tib, pech yonida bir o‘zi bir dunyo bo‘lib uxlab yotgan kuyovga to‘qindi, seskanib, burildi. Demak, izlagani bu emas. Kuyovning bosh tarafidan aylanib o‘tib, derazaning tagidagi, sichqon kavlagan chuqurchaga oqib tusha boshladi...
Ana, qo‘noqlar otlarini sug‘orib qaytishdi. Ular to‘rvalardagi, oldindan tayyorlab qo‘yilgan yemni otlarga berishib, birin-ketin uyga kirishmoqda.
Ashurgul o‘n to‘rt otning ichidan Yo‘rg‘aning dupurini tanib oldi. Ana, polvon otidan sakrab tushdi. Ana, u otini bog‘lab, uyga tomon yurayotir. Ayvon ustuniga osig‘lik turgan to‘rvani olib, iziga qaytdi. Ana, u to‘rvani ot boshiga ildi va endi uyga qaytishi kerak. Ammo...
Kelinchak Shodining gurs-gurs qadam tovushini boshqalarning tapir-tupuri ichidan bexato tanib turardi.
Polvon negadir kechikdi. U yo‘laro negadir to‘xtab qolgandi. Nega? Ayvonga u hammadan keyin keldi. Yo‘rg‘a ham yemini eng oxirida oldi. Nega?! Kelinchakning yuragi to‘rga tushgan kaklikdek pitirlay ketdi.
Shodi qoziq tomon oqib kelayotgan mo‘‘jazgina jilg‘ani ko‘rib, hayron bo‘ldi.
– Ajabo, bu nechuk suv bo‘ldi? Nega bunchalik ingichka? – O‘yga botib, bir zum turdi-da qo‘lini suvga botirib ko‘rdi. Bu nimasi?! Suv panjalarini jizza kuydirdi. Kuygan uning panjalarimikin? Unda nega yuragi shig‘illab ketdi?
Polvon qiziqsinib, jilg‘aning o‘zaniga qaradi. Jilg‘acha derazaning shunday tagidan boshlanib, Yo‘rg‘aning qozig‘i yonida tugagandi.
– Qiziq, bu qanday sinoat bo‘ldi. Nahot, uy ichidan buloq chiqqan bo‘sa!? – Polvon asta-asta yurib, derazaga yaqinlashdi. Pardasi surib qo‘yilgan derazadan ichkariga mo‘raladi. Yangi tushgan kelinning ohorli sepi yoyib tashlangan rangin bir xona. Jilg‘a uy to‘riga tutilgan adras chimildiqning tagidan sizib chiqib, uyni to‘ldirib to‘shalgan hojari gilamning ustidan oqib o‘tib, deraza tagidagi sichqonning iniga tushib yotardi.
Qiziq, bu jilg‘acha nega gilamga singib ketmagan? Nega tashqariga chiqquncha sovib qolmagan? Nega u boshqa yoqqa burilmay, to‘g‘ri borib, Yo‘rg‘aning qozig‘i tagiga singib yotibdi? Polvonning boshi qotib qoldi.
Ajabo, chimildiq ortida nima bo‘layotganikin-a? Nega jilg‘acha sira to‘xtamaydi? Buloq chiqqan bo‘lsa-ya? Ammo, juda qaynoq-ku? Darvoqe, u yerda haligi quralay ko‘z kelinchak bo‘lishi kerak-ku! Hali kelinchak kuyib qolgan bo‘lsa-ya? Juda chatoq ish bo‘ldi-da!...
Polvonning deraza oldida qancha turgani yodida yo‘q. Bir mahal yoniga undan xavotirlangan otasi – Bekmurod Nurum keldi.
– Ha bolam, namuncha hayallab qolding?
– O‘zim, bir toza havodan nafas olayin dedim.
Qiziq, otasi haligi jilg‘achaning shunday yoqasida turardi-ku, ammo uni ko‘rmasdi.
– Yo otingga bir gap bo‘ldimi, bolam?
– Yo‘-o‘q, ot yemini yaxshi olayotir, dimog‘i chog‘. Shu Namozning gurungidan ozroq charchadim, chog‘i. Uyga kirgim kemayotir. Siz kirib, uxlaybering, ota. Men hoov gazalarga borib, bir aylanib kelayin. Keyin kirib uxlarman.
– Bu qishloqning iti qopqir keladi. Qo‘lingga bir tayoq olib ol. Ertan ko‘pkari. Uyquga qonmasang, qo‘lingda uloq turmay qoladi, bolam. Ko‘p hayallama, – deb chol kirib ketdi.
Polvon yana jilg‘aga qaradi. Jilg‘aning suvi bir oz ko‘paygandek, bug‘iga qaraganda tobora qaynab boradi. U shu jilg‘aning sirini yechmaguncha ko‘ziga uyqu kelmasligini endi aniq bilardi.
“Ammo qanday? Yolg‘izmikin? Yolg‘iz bo‘lsa-ya!? Manavi yotgan kuyov bo‘lsa kerak, tarrakday qotib qopti. Boya tentiraklab o‘tib ketgandi... Obbo, odam bolasiyam shunchalik suluv bo‘ladimi! Chindan suluvmikin, o‘zi-a!? Yuzini bir ko‘rsamidi... Bu sozda jinni bo‘p qolaman-ov...”
Polvon yana uzoq turdi. Bir mahal “Borey, nima bo‘sa bo‘lar!'’ deb shartta burilib, uyga tomon yo‘naldi. Mana, u kelinchakning eshigi oldida turibdi. Qishloqni g‘aflat bosgan, hatto, itlarniyam jag‘i tingan. Badalning hovlisida-ku tiq etgan sas yo‘q.
Polvon qo‘lini amallab ko‘tarib, eshik tutqichiga uzatdi... Uzatdi-yu, xuddi barmog‘i kuyganday shartta tortib oldi. Iziga qaytib, yo‘ldoshlari yotgan xona eshigiga keldi... Kirgisi kelmadi. Bir oz turib, yana kelinchakning eshigiga ro‘baro‘ bo‘ldi. Ammo, bu safar taraddud cho‘zilmadi: shartta ochib, ichkariga kirdi. Bo‘sag‘ada bir zum to‘xtab, pech yonida ko‘ndalang tushib, uxlab yotgan kuyovning ustidan hatlab o‘tdi. Mana, u jilg‘achani tizzasidan kechib, o‘zan bo‘ylab yo‘lga tushdi.
Polvon jilg‘a kechib qancha yurganini eslolmaydi. Ammo, juda olis yo‘l bosgani aniq. Ishqilib, kelinchak qarib, haligi sunbul hidli sochlari oqarib qolmagan bo‘lsin-da!
Polvon chimildiqni ko‘tarib, bamisoli Buyuk Sezar mashhur Rim imperiyasi chegarasini buzib, Rubikon daryosidan kechib o‘tgani kabi bir qadam bosdi. Kelinchak ko‘z yoshlariga g‘arq bo‘lishiga bir bahya qopti: to‘shagi bilan suv yuzida qalqib suzib yuribdi.
Polvonning shul dengizda cho‘milgisi keldi. Tavakkal dedi-yu, go‘zal kelinchakning qirg‘og‘i yo‘q bag‘riga sho‘ng‘ib ketdi.
Kelinchak xo‘rsina-xo‘rsina, polvonning yaylovday keng ko‘kragiga aziz boshini qo‘ydi. Nihoyat, ko‘ngli orom topgandek ko‘zlari o‘z-o‘zidan yumilib qoldi. Ular birgalikda o‘sha g‘aroyib qaynoq jilg‘a boshlangan chashmaning ko‘zida g‘arq bo‘lishdi.
Jilg‘a shu zahoti quridi. Endi bu chashmaning bor suvini bir tomchisiniyam isrof qilmay, polvon simira boshlagan edi. Lablari kuyib qoldi, ammo chanqog‘ini sira bosolmasdi.
Bag‘ri bir yon, cho‘g‘ quchgandek kuyar edi.
Kuysa, nima qilsin?
Bul farahli og‘riqni u suyar edi.
Suysa, nima qilsin?
Bul sog‘ingan olovli bir og‘ush edi,
qonolmasa, nima qilsin?
Bu bir xayol yoki shirin bir tush edi,
bilolmasa, nima qilsin?
Shul og‘ushda tutqun edi, istamasa,
turolmasa nima qilsin?
Tildan qolgan bir gung edi.
“Qaydaman?” deb so‘rolmasa, nima qilsin?
Shul oqshom Bozorto‘ba nomli qishloqni, hali aytganimizdek, g‘aroyib bir g‘aflat bosdi. Hali bir asrdan beri bul ovulda odamlar bunchalik qonib uxlamagan edi.
Quralay ko‘z Ashurgul, ko‘zlaringni yashirgin,
Qiyo-qiyo qarashing yuragimni shoshirdi.
Seni deb ot haydadim, ko‘rmadingma, Ashurgul?
Daryoyingni boyladim, angladingma, Ashurgul?
Quralay ko‘z Ashurgul, ko‘zlaringni yashirgin.
Jabr qilib zo‘rlarga, meni haddan oshirding.
Qamchi urdim bedovga, raqiblardan qutul deb.
Keyin esa parining tuzog‘iga tutil deb.
Ot haydadim havorda, Boychiborga barobar,
Ne zo‘rlar bor qatorda, men baridan zo‘rabor.
Quralay ko‘z Ashurgul, ko‘zlaringni yashirgin,
Kirmadima qo‘yniga, yuragimni qochirdim...
* * *
Bugun maydon Shodini o‘zgacha bir xurramlik bilan qarshi oldi. Bugun u elni tamom hayratda qoldirdi. Mingan oti Qaychilining havorini kesib, o‘zining va suvoriyning shonli tarixidan butun-butun sahifalar yozaberdi. Zap aytuvli katta zotlarni saralab, terib olaberdi.
O‘sha quchog‘ida quyoshni yashirgan, ko‘z yoshlari dengizlarni toshirgan quralay ko‘zli kelinchak ko‘z oldidan ketmaydi. Ashurgulning nazariga tushayin, qoyil qilib, yuragini iydirayin, shuytib, bag‘rini bu kechayam to‘ldirayin deb, havorda ne bir zo‘rlarning shavkatiga soya soldi. O‘zg‘ir bedovlar o‘zolmadi, Shodining oti o‘zdi. Olgir polvonlar ololmadi, Shodining o‘zi oldi. Bu kun uning kuni edi. Axir, mardlar suluvlarning qo‘ynida tug‘iladi-ku! O‘tganlar bekorga “Qalliq o‘ynagan yigitning bilagida qirq yo‘lbarsning kuchi bo‘ladi” deb aytishmagan.
Ko‘kbuloqlik Zulfiqor boboning Oqjoli bilan to‘y egasining bosh zotini, qo‘g‘alik Norqobil cholning Katta Ko‘ki bilan to‘y bolaning bobosi tashlagan zotni, hali tirikligidayoq yetti suvlotga afsona bo‘lgan Jo‘llining Tulpor Jiyroni bilan to‘ybekaning zotini, otasi Bekmurod Nurumning Katta To‘ri nomi bilan to‘daga kirgan oti bilan “Oxiri taka”ni ayirdi,
Endi hammasini Shodi oldi desak, lof bo‘ladi. Takasi yengil, zoti juda to‘kin, ya’ni ko‘p tashlandi. Ayirganam ayirdi, ayirmaganam ayirdi. Ammo, Shodi shu bugun hammaning esida qoldi va to shu kungacha qaytib esidan chiqqani yo‘q. Yurt o‘z alplarini unutmaydi. Bugun ko‘pkari sob bo‘ldi. Namoz Go‘l bugun Shodi ayirgan takani o‘ngarib olgan, unisi u, bunisi bu narsani juzlik qilib qo‘shxonaga qaytishdi. Ko‘pkaridan bo‘sh qo‘l bilan qaytish er yigitga ep emas.
Qo‘shxona bugun tag‘in-da obod bo‘ladigan bo‘ldi. “Oxiri taka”ni ko‘rib, Qo‘chqor Badalam shod bo‘lib qoldi. Ne bir kayvonilar kelib, past-balanddan gurung berayotir. Shodining nomi shu kecha hammaga yod bo‘ldi.
Takaning qovurilgan, qaynatilgan go‘shti bilan barkashlar to‘lib kelib, bo‘sh ketayotir. Palovning bozori kasod bo‘lib qoldi. Choy ustiga yana choy ichilayotir. Iliklar g‘ajilib, shimilayotir. Birovlar yechinsayam, badani terga cho‘milayotir. Hammaning dimog‘i chog‘, gap gapga qo‘shilayotir, ola chilbirday eshilayotir. Avji kelgan Namoz Go‘l do‘mbirani kalta-kalta qaytarib, hay-haylab, tobora ochilayotir. Qo‘noqlar zavqi kelib olqishlasa, birda yarim bilganicha termasiyam qo‘shilayotir.
Biror bir she’riyat o‘lchoviga tushmasa, tushmas, ammo yetganicha qo‘shib chatayotir, olamda adabiy tanqidchi degan g‘irromlar borligi bilan aslo ishi yo‘q. Bo‘shalgan ayg‘irday oldi nishab kelsa, bir qamchi, yarim qamchi yo‘rtayotir. Havasmandlarning mudom bo‘ydoq yuragini Go‘li tushgur, shuytib o‘rtayotir.
Tovlarding boshi o‘rama, echkining shoxi burama,
Kelinoying-a xumori tortayotir-da, so‘rama.
Qo‘y haydayman chog‘ilga, yigit umrim sabilma?
Sibiziqdi tortaman, kelinoy menga qoyilma.
Shovullaydi soylari, uxlamaydi boylari,
Muncha oydin bo‘masa, qachon botadi oylari?
Tug‘donadan yo‘nsamda, munchoq ossam bo‘ynig‘a,
Qulon otib kelsamda, kirib borsam qo‘ynig‘a.
Namoz deydi, davrimdi sursam deyman-da, yoronlar.
Olichaday labidan-ay so‘rsam deyman-da, yoronlar.
– Bo‘ldi qil-e, Namozjon, otlar yaxlab qoldi. E, kelinoyiyam boshingda qosin, elning esini ketkizding-ku! Yigitlar, otlardi sug‘orib, yemini ilinglar. Ertaga katta ko‘pkari, dam olaylik, – deb Boysin kayvoni to‘xtatmasa, Go‘lning hali mast bo‘lgan nordek bo‘kiradigan shashti bor.
– O‘v, Boysin aka, shashtimdi bejoy qayirdingiz-da.
Ajabtovur, bolalarcha soddaligi sabab “Go‘l” laqabini olgan bu devqomat yigitning Xudo bergan hunarlari ko‘p edi. Qaysi davraga kirsa, gullatib, odamlarning ichagini uzib, to‘polon bilan sho‘x gurung berib ketaverar edi. Agar gapirib charchasa, bulbullarni yig‘latib, sibizg‘ani tortar edi, sibizg‘adan labi tolsa, gumburlatib do‘mbirasini chertardi. Agar toshib zavqi kelsa, haliginday to‘qsonga kirgan cholniyam yashartiradigan gulgun termalarni chaparasta qalashtirib ketaberguvchi edi.
Ko‘pkarida esa endi Shodiga o‘xshab elni qoyil qoldirib ot haydamagan bo‘lsa ham, har to‘ydan ikki-uch takani ayirib, haqini olib yurguvchi edi. Eng muhimi, uning hamma joyda boshqalar bosa olmaydigan, muqim o‘z o‘rni bor.
Xizmatga ketgan kuyov bul oqshom uyga butunlay qaytmadi. Bugun roppa-rosa o‘n kunlik kelinchakning chimildiq ortida muzlab kutib o‘tirishi uning xayoliga ham kelmadi.
Shodi polvon esa, dami ichida, dardini birovga aytolmaydi. Yo‘ldoshlarini angizlatib, shartta turib ketolmaydi. “Bas qil-da endi!" deyin desa, Go‘lning ra’yidan o‘tolmaydi. Buyog‘i bo‘ronda qolgan musichaday mung‘ayib o‘tirishini eslasa, Ashurguldanam kecholmaydi: ikki jahonning ovorasi, yegan-ichganining ta’mini bilmay o‘tiripti.
Nihoyat, bedovlar bu kecha bir oz kechikkan yemlarini olishdi. Oshufta qalblarni visolga chaqiraberib, charchagan qishloqning oqko‘ngil xo‘rozlari ham, Namoz Go‘ldan keyin polvonni go‘shangaga kuzatib qo‘yishib, xotirjam uyquga ketishdi.
Chobog‘on xalqi beg‘am keladi: uxlasa, ketini kesib ketsa ham sezmay, qotib uxlaydi. Shunday ikki gaz narida, devor ortida tong bilan quvlashgan, dunyodagi eng shirin suhbatdan bebahra uxlashmoqda, boyaqishlar...
Ashurgul atirgul iforlarini taratib, oshiq bulbulni sayratib, polvonining jismini yayratib, gulpechakdek chirmashib ketdi. Yer bilan Osmon tutashib, parqu og‘ushga aylandi. Polvonning nor bilagi kelinchakning chilvir sochlariga boylandi. Harchand urinmasin, Shodi bu tugunni to tong otguncha yecholmadi...
Ertasiga yaqinda xotini o‘g‘il tuqqan, O‘raning nomdor chobog‘oni Nor qaychilining to‘yi boshlandi. Bir oy burun ovozasi yetti suvlotga ketgan edi. ‘‘– Ol-ha! Nor qaychilining onasi yaxshi kunimga yarar deb asrab yurgan bir kiyimlik amiri banotini shu to‘yning ko‘pkarisiga bosh zot qilib tashlar emish! Bul banot vaqti-zamonida malikalar mursak tiktiradigan toza ipakdan to‘qilgan; quyoshga solsang, yetti rangda tovlanar emish. Bir oti poshshoyi, yana bir oti esa, “tovusi” banot emish... ”
Shodining tushiga har kecha shu banot kirib chiqadi... Ayirsa-da, Ashurgulga mursak qilib kiydirsa... Kiydirsa-da, mehrini toza iydirsa. Kiydirsa-da, oti kelinni qo‘ydirsa! Keyin qo‘yniga kirib, tong otguncha suysa, suydirsa...
Ko‘pkari boshlandi. Chindan ham eng avval o‘sha zot – banot tashlandi. Qir-adirni otlar dupuri tutdi.
El bir qiziqqandan keyin hovrini bosishi ko‘p qiyin. Shul banotning dastidan ne bir bedovlarning beli, ne bir alplarning qo‘li toldi. Olti oy boqilgan besh yoshli mang‘i takaning kam deganda bir botmon yuki bor. Nimagaki chobog‘onlar ko‘tarib, egarga tortish nari tursin, bir ag‘darib tashlashgayam zor.
– Qar-a, chakkagir, uloq Abilaz polvonda ketdi-i-i! Iyrisuvlik pahlavon – Abilaz takani taqimlab, otning sovrisiga qamchini qor-yomg‘irdek yog‘dirib, hay-haylab surdovda ketib borayotir. Jonivor Tarlon jon sotib, to‘dani yorib borayotir. Tuyoq tuyoqdan qolmaydi, chekkada ozod ketib borayotgan chakkagirlar oldini o‘rab, qayta-qayta qo‘shilayotir.
Abilaz otining qutula olmasligiga ko‘zi yetdi chog‘i, shasht bilan ketib borayotgan otni bir tortishda joyida taqqa to‘xtatib, iziga qayirdi-da, yana qamchiga tutdi. Ammo, shashti bir qaytgan ot qaytib nafasini rostlaguncha, ildam chakkagirlar yaqinlashib kelib, yana o‘rtaga oldi. Polvon otni yana ikki bor haydab qaytardi. Ammo ot qutula olmadi. Abilaz takani tashlab, to‘dadan chiqdi.
– Hay attang-a, Tarlonjon, senam qari, menam qari. Bizdan davr o‘tganday, Shodi polvonga jetganday.
Keksa polvon boshini og‘ir-og‘ir chayqab, maydondan chiqib keldi.
– O‘-o‘ bosh polvon, berman bir qarang. Ko‘rib turdim, uch qaytardingiz. Ot qutulolmadi. Ay, qutulg‘onda, ayirardingiz. Endi qo‘lingiz quruq bo‘masin, polvon. To‘shda bir dagarcha bor. Oz bo‘lsayam, ko‘p o‘rnida ko‘rib, shuni ob keting. – Ha shoshmang, yanasi bor. Momosi sizdi cholimning uzangidoshi deb bir o‘naki chayraklik jipak ro‘mol beribti. Kampirining oldiga yuzi qizarib borsin degan-da.
– Ey, sizlarni Xudo izzat qisin! Kelinga qo‘sha-qo‘sha ullar bersin-da, ullari siz-u bizday el oralab ot chovub jursin! Rahmatlik Karvondiyam Tangri o‘z rahmatiga olib, jannatdan joy ato etsin. Omin, Allohu akbar!
Keksa polvonning duosiga turgan-o‘tirgan el barobar qo‘shildi. Abilaz polvonning polvonlik rutbasi elda shunchalik ulug‘ki, uning shu to‘yga kelib, ko‘pkariga aralashganini bekovullar o‘zlariga obro‘ sanab, qo‘chqor tortiq qilishdi.
Ko‘kbuloqlik Zulfiqor Qo‘chqor oq yolli, tulpor siyoqli otni Shodining oldiga o‘ngladi.
– Shodijon, bilmadim, bexabar qoldima, yo bir boshqa sabab bo‘ldima, Ibroyim do‘sing bu to‘yga kemadi. Bir terlatmasang, ot ichikib qoladi, bolam. Yig‘inni ko‘rib turibsan. Bugun qutulsa, Oqjol qutuladi. Oqjol qutulmasa, hech bir ot qutulolmaydi...
Hech kim o‘z otini kam ko‘rmaydi. Ammo, bu ot O‘rada ikki tulpor bo‘lsa, birovi, bitta bo‘lsa, o‘zi edi.
O‘tgan asrning qirqinchi yillaridan to yetmishinchi yillarigacha O‘rada O‘rol Qo‘chqor nomi bilan yurt so‘ragan bir rais o‘tgan. Yilqiga nasillikka qo‘yamiz deb, g‘unonligida Jizzaxning ot zavodidan olib kelgan. Aytishlaricha, o‘sha ot zavodining direktori raisning do‘sti ekan va o‘shanda toylarning eng sarasini bergan ekan.
Oltmishinchi yillarning oxirida yiriklashtirish kompaniyasi boshlanib, kolxozlar o‘rniga sovxozlar tuzildi. Bu yangi xo‘jaliklarga yangicha rahbarlar lozim bo‘lib, eski raislar otdan tushirildi. Shu kompaniyada raislikdan tushib, norasmiy “elbegi” maqomiga o‘tgan O‘rol Qo‘chqor shu toyni suruvdan ayirib olib, “tarbiya qilsang”, bir kun kelib yuzimizni yorug‘ qiladi deb, akasi – Zulfiqor Qo‘chqorga tortiq qilgan ekan.
Shu ot keyinchalik Oqjol nomi bilan mashhur bo‘ldi. To o‘lguncha tildan tushmay, maydondan chiqmay o‘tib ketdi.
Mana endi u Shodi polvonga o‘ngarildi. Shodining Oqjolni minib maydonga kirganini ko‘rgan to‘da birdan junbushga keldi.
Ko‘pkarida taraflik tartibi birdaniga buzildi: har kim o‘zi uchun jon sotib, chaparasta ot haydayotir. Ko‘zlarga takadan boshqa narsa ko‘rinmay qoldi. Ot shiddat bilan bir aylanib, to‘dani sachratib yubordi va nihoyat, taka uning o‘ziga qoldi. Hali boshqalar o‘zini o‘nglab, qaytib yopirilishga ulgurmay, Shodi shitob bilan yerga engashdi-yu, takani ozod egarga tortdi.
– A-hayt!
Oqjol taka o‘ziga tekkanini bilib, uchayotgan shunqorday silkinib, turgan joyidan yashin shashti bilan sakradi.
Ana, u to‘dani yorib, havorni adoqlab borayotir. Qolgan chobog‘onlar girdini o‘rab borayotir! Ko‘pkari shu holatda xuddi balanddan pastga tomon ko‘chib borayotgan qor ko‘chkisiga, yoki junbushga kelgan dengiz to‘lqiniga o‘xshardi. Oqjol nechog‘li o‘zg‘ir, Shodi nechog‘li kuchli bo‘lmasin, tuyoq tuyoqdan qolmaydi. Bugun bu havorga yurtning o‘zg‘irlari kelgan va bari, albatta, olaman deb kelgan.
Shasht bilan bir maromda nishablab ketayotgan to‘da daf’atan qalqdi. Shodi oyog‘ini uzangiga tirab, Abilaz polvonga o‘xshatib, otning jilovini bir tortishda to‘xtatdi. Tezlab borayotgan to‘da bul hunarga tayyor emasdi, barisi nishabga enib keta turib, qayrilganda vaqt o‘tgandi. Iziga burilib, havorda yulduz uchgandek yolg‘iz borayotgan Oqjolni endi quvib yetib bo‘lmasdi.
– Halo-o-ol! – Bekovul uch bor hayqirib, poshshoyi banot uchun boshlangan so‘g‘ishning tugaganidan xabar berdi. Banot egasini topdi. Ammo uning asl egasi kimligini Shodidan boshqa hech kim bilmasdi.
Ko‘pkari ayni yarim bo‘lib qizib turgan bir payt bekovul ot ustida yelkasiga qordek oq bosmani yelvagay tashlab oldi-da, to‘dani bir aylanib hammaga ko‘rsatdi.
– O‘, xaloyiq! Mana shu bosmani ko‘rdingizmi?
– Ko‘rdik! Ko‘rdik! Ay, o‘ziyam mening yelkama yarashami deyman-da...
– Ko‘rgan bo‘sangiz, biling: vaqti-zamonida munday bosmani elning beklari kiygan. Faqir-fuqarodan ayrilib ko‘rinib turish uchun shunday oq va shunday chin ustasining qo‘lidan chiqqan bosma kiyishgan. To‘y boshining denovlik juzlarga tushib ketgan ammasi jiyanimning to‘yiga deb atab to‘qib kepti. O‘rishi oq tuyaning junidan, arqovi jaydari qo‘yding junidan. Narxi bir qulunli biyaning narxidanam baland yuradi. Ayirsang-da, yelkangga taylab borsang, xotiningam tanimay qoladi. Balki eshon keldimi deb uzangingni tavob qilar.Hayda, qarindosh! O‘ngol ammasi obkegan shul oq bosmani taylayman!
Hali bekovulning gapi og‘zida, to‘da birdan buzilib, bir tomonga surilib jo‘nadi. Demak, kimdir takani yerdan ko‘targan.
– Berkit, Namoz!
– O‘mganingni ko‘ta-ar, Namoz!
– Taqimni oshir, enag‘ar, Go‘l! Nimaga endi ko‘rganday bo‘lasan?!
– Jilovdi bo‘shat, yuraging yorilg‘ir!
Namoz takani qo‘shqo‘llab ushlab, qamchini ko‘ndalang tishlab, o‘zicha bir nimalar deb g‘o‘ldirab borayotir. Ostida o‘zining Ko‘k Do‘ltasi. Oldi ochilaberganda, ot o‘zini rostlab, qo‘ltig‘ini yoza boshladi. To‘da orqada qoldi. Endi uni bedovning sarasini mingan yigirmatacha chakkagirlar o‘rab borayotir. Bir mahal Mo‘min Ko‘k laqabli amakisi yo‘l ko‘rsatdi.
– Namoz, otingdi yakkajilov qib, iziga qaytar! Bo‘lmasa, qutulolmaysan!
Shu bir nimani biladi deb o‘yladi, chog‘i, Namoz Go‘l takani bir qo‘llab ushlab, bir qo‘li bilan otning jilovini tortdi.
– Eh, attang!
Taka sho‘p etib tushib ketdi. Go‘l boshiga mushtlab, ovozining boricha amakisi Mo‘min Ko‘kni chapanilab so‘kkancha to‘dadan chiqib keldi.
– He, Mo‘min-a! Go‘l bo‘masam, sening gapingga yuramanmi?! Enag‘ar, umringda takaning poychasidan ushlamagan, senga kim qo‘yibdi birovga maslahat bermakdi!?
– Go‘l, aybni hech o‘zingdan ko‘rmaysan-a. Ana, Shodi qaytarib, ayirdi-ku!
– Shodiminan men baravarmi? Oqjolminan Ko‘k Do‘lta tengmi?
Amakisini ayamay so‘kayotgan Namoz asta-sekin tinchidi. To‘satdan havorda olamda yo‘q bir dilrabo ohang taraldi. Bu ohang shu qadar kutilmagan va shu qadar xush ediki, jon bitgan zavq-u hayratdan dong qotib qoldi.
Namoz Go‘l cho‘kkan ko‘nglini xushlash uchun qo‘ynidan sibizg‘asini chiqarib, chala boshlagan edi. Go‘l sibizg‘asini chalmasin, chalsa, ko‘kdagi qushlar ham parvozdan to‘xtaydi, uchib borayotgan turnalar karvoni osmonda doira yasab aylanib qoladi. Xudo unga shunday bir nodir hunar bergan edi.
Avval chetda turgan tomoshabinlar, keyin chobog‘onlar ham chuqurda yotgan takani tashlab, Go‘lning girdiga yig‘ila boshladi. Oradan o‘n daqiqa o‘tmay, taka havorda egasiz qoldi.
Egasi sibizg‘asini eshitganning esini olib jo‘shib chalayotir, oti sekin-sekin yurib borayotir... Bora-bora ot joyida turib qoldi. Bir mahal Go‘l oyog‘ini uzangiga tirab, qaddini rostladi. Boshini baland ko‘tarib, ko‘kka qarab avj bilan tag‘in bir pas chaldi. Ko‘pkari hammaning esidan chiqdi.
Bir mahal Go‘l asta-sekin yerga engasha boshladi. Ana, u otning yoliga yotib chalayotir. Odamlar bu boshqa bir usul ko‘rsatsa kerak deb, jon qulog‘i bilan tinglayotir.
Ana, Go‘l endi otning bag‘riga tomon engasha boshladi va butunlay ko‘rinmay qoldi. Ammo, sibizg‘asi sayrashdan bir zum ham tingani yo‘q... Shu payt to‘dadan:
– O‘, qara, xaloyiq! Go‘l takani obqochib borayotir! – degan alamli hayqiriq keldi va birdan sibizg‘aning uni o‘chdi.
– Eh, enag‘ar Go‘l, rostdanam takani o‘g‘irlab ketipti-ku!
– Quv-e, nayrangchini! Ha, sening sibizg‘angni...
Ammo, vaqt o‘tgan edi. Namoz Go‘l to‘dadan ozod chiqib, qaddini rostlab, takani taqimiga bosib, ko‘ksini O‘raning shamoliga tutib, Ko‘k Do‘ltaning ustida bir jahon bo‘lib ketib borayotir.
– Halol! Otangga osh ber, Namoz, halollading.
Bekovul xo-xolab kulib, yoniga keldi-da, oq bosmani yelkasiga yopdi.
– Ko‘p ishlardi ko‘rib edim, ammo, bu qiliqdi endi ko‘rishim. Shuncha elni kunduz kuni aldadi, bachchag‘ar. Tag‘in Go‘l emish. Ol bosmani, Namoz.
Ana endi Namozning avj qilishini ko‘ring. Bosmani halolladi. Hali boshqa zot aytilgani yo‘q. Go‘l ko‘pkarini kuy bilan to‘xtatdi. Sibizg‘asining jingala-jingala ohanglari butun olamni to‘ldirdi.
Bir mahal to‘y egasi ot chopib kelib, Go‘lning yelkasiga bir beqasam to‘n yopdi. Izidan qo‘g‘irchoqdek bezatilgan saman toychoq mingan to‘ybola kelib, chakkasiga o‘n sum pul qistirib ketdi...
Bul oqshom bazmi jamshid qizigandan qizidi. Go‘l kecha chala qolgan hunarlariniyam shul oqshom ko‘rsatdi. Do‘mbirani qo‘liga olib, avvaliga bir maydon jo‘shib chertdi. Rosa qizishib olgandan keyin kam-kam terma boshladi.
Vaqt allamahal bo‘p ketdi, otlarni sug‘orib, yemini berishgach, Go‘lning avji keldi. Uyning orqasidagi havorga chiqib, sibizg‘asini tortib qo‘yaberganda yon-atrofdagi qo‘ni-qo‘shnilar uylaridagi qo‘noqlari, bola-baqrasi bilan yig‘ilib kelishdi.
To‘yxona u yoqda qolib, Badalning uyida sahargacha tantana bo‘ldi. Saharga boraverib, Go‘l charchadi. Muxlislariga javob berib, xuddi ertaga urushga ketadiganday, har biri bilan alohida xayr-xush qilib, uyga kirdi va dong qotib uxlab qoldi. Go‘l o‘zining bugungi zafarini shu tarzda quturib, nishonladi.
Bu kecha Shodining ham, Ashurgulning ham istagani bo‘lmadi. Aksiga olgandek bugun go‘shangaga kuyov to‘ra egalik qildi, lekin uzoq qolmadi.
– En-a! O‘, ena!
Kuyov chimildiq ortidan chopib chiqib, enasini chaqirayotir. Kuyovning tahlikali tovushi hammani hushyor torttirdi. Hammadan ham rashk o‘tida o‘rtanib o‘tirgan Shodi ko‘proq xavotirga tushdi. “Nima gap bo‘ldiykin? Tinchlikmikin ishqilib!... Ashurgulga bir nima bo‘lganday-da...”
Bir mahal qo‘noqlar o‘tirgan uyga mung‘ayib qaynona kirib keldi.
– Boysin aka, ovzingizda kalimangiz bor. Baraka toping, akajon, shu kelinimga bir dam suv qib bering. Ichim-cha, ichim deb chiyanak bo‘layotir. Shunga kirna kirganday.
Boysin bobo bir piyola suvga dam solib berdi. Momo suvni olib, rahmat aytib chiqib ketdi. Harna ko‘p o‘tmay, hamma yoq tinchidi. Xuddi dam suv ta’sir qilganday. Bir oz o‘ylab ko‘rib, Shodi miyig‘ida kulib qo‘ydi.
Shu kecha visol sog‘inchidan ikkovi ham xuddi ilon chaqqandek uyqu ko‘rmadi. Kuyov kelinning betoqatligini haliyam kirnaga yo‘yib, chimildiqdan chiqib, pech yonida uxlab qoldi...
Polvon ko‘zini ochsa, kun choshgoh bo‘libdi. Hamrohlari otlanishib, ko‘pkariga jo‘nashayotir. Yo‘rg‘a egarlangan. Bu saharxez otasining ishi. Ammo, uning fe’li aynidi.
"Bir og‘iz so‘zini olmay ketmayman!"
Shodi qaytib joyiga yotib oldi. Ketdik deb qistaganlarga “Mazam bo‘mayotir. Ko‘pkari qiziybersin, keyinroq borarman" deb bahona qildi.
Ketishdi. Hamma, hatto, kuyov ham g‘unonchasini minib, ko‘p yaxshi niyatlar bilan ko‘pkariga jo‘nadi. Polvon qancha vaqt o‘tganini bilmaydi. Ko‘zi ilinib qolgan ekan, nimaningdir sharpasidan uyg‘onib ketdi.
Qarasa, o‘rtaga dasturxon yozilgan: choynakda choy, shokosada qorin moy, yonida issiq tova non. Eng muhimi, boshida mushki-anbar taratib, qiyg‘os ochilgan atirgulday dunyosini lolu hayron qaratib, peshonasini silab Ashurgul o‘tiribdi...
Hammasi yodiga tushdi. Namozning qiliqlari xuddi bosinqirash kabi bir zumda xayolini tark etdi. Yostig‘ining tagidan haligi mashhur ipak banotni olib, kelinchakning yelkasiga tashladi. Tashladi-da, bag‘riga tortdi.
– Voy, qo‘yib yuboring, polvon aka, birov keb qoladi!..
Ko‘pkari yarimlayberib, Shodi yetib bordi. Borsa, bugun kechagidan ham suronliroq talosh bo‘layotir. Kimlar olib, kimlar quruq qolayotir. Shodi shodiligini bugunam ko‘rsatdi: ust-ustiga to‘rt marta zot oldi. Ko‘pkari tarqadi...
O‘tgan kecha uyqudan qolgan qo‘noqlar bugun avval oqshomdanoq uyquning taraddudini ko‘rishdi. Ayniqsa Namoz Go‘lning dili xufton: ko‘pkarida ovi yurishmadi. Amallab bir nimkala zot ayirdi. Oq bosma qayokda-yu, bir bitlagan uloq qayoqda. Do‘mbira tobda, sibizg‘a g‘ilofda qolaberdi. Namoz Go‘l bugun sibiziqning o‘rniga ham xurrak tortadigan bo‘ldi...
Qaychilida jon bitgan shirin g‘aflat uyqusiga cho‘mgan bir paytda uch nafar mavjudot bedor edi. Egari urilib, yugani tugilgan, ustiga kelinning bo‘g‘chasi bo‘ktaruv qilib ortilgan Yo‘rg‘a, Shodi va quralay ko‘z Ashurgul.
Qaychilida soat rosa birga zang urganda, bu o‘zgacha zang ovozini uchovidan boshqa hech kim eshitgani yo‘q. Ashurgul Yo‘rg‘aning sovrisiga mindi...
– A, hayt! Biz ayirgan eng katta zot shu bo‘ldi, – deb Shodi Yo‘rg‘aning boshini kunchiqarni mo‘ljallab burib, jilovni bo‘shatdi...
Tunning baxmal qo‘ynida uxlab yotar ovullar,
Qizil kamning shamoli ot yolida shovullar.
Ko‘k yo‘rg‘aning tuyog‘i yo‘l torini chertadi,
Dupira dupir yo‘rg‘asi yozilmayin ketadi.
Asaldan ham totlidir suygan yorning visoli,
Piyodadir, otlidir, suyganida xayoli.
Ashurgulning bo‘ynida mushki-anbar hidi bor,
Baxtin topdi qo‘ynidan, Shodining ham didi bor.
Qarchig‘ay qaro bo‘lur, qanoti ola bo‘lur,
Yulduzga yulduz rost kelsa, ayrilmas balo bo‘lur.
Ot shashtidan andizlar shitirlaydi, yoronlar!
Kelinchakning yuragi pitirlaydi, yoronlar!
Eldan o‘zgan chobog‘on kam-kam ko‘nglin xushlaydi,
Ashurgulning belidan bir tutam qib ushlaydi.
Qaychilining dashtini changga belab boradi,
Savdo tushgan boshini har dam silab boradi.
Shirin o‘ylar surganda tilga shirin gap kelar,
Yo‘rg‘aning sovrisida kelinchak ajab kelar.
Balqib turar jamoli, parilarning xilidan,
Ot ustida burilib, g‘ovzalaydi belidan.
Qiqirlasa Ashurgul, xumoringni yozadi,
Bamisoli atirgul, mushkidan aql ozadi.
Jo‘l tanobin tortadi, Yo‘rg‘ani qichab keldi,
Terakliga yetguncha yo‘llari nishab keldi.
Chapak chalib teraklar, ovulg‘a jar solishdi,
Ashurgul checham keldi deb, xo‘rozlar gal olishdi.
O‘ttiz uylik ovulda hurmagan it qolmadi,
Oltmish yillik karlaram, tong uyqusin olmadi.
Teraklida sahardan gur-guma to‘y boshlandi.
Juftlab so‘yib sarkalar, qurga mucha tashlandi.
Qulun minib, toy minib, bo‘z bolalar kelishdi.
Ko‘pkari berasan deb, tol tushgacha urishdi.
Shiboqlining havori to‘zon bo‘ldi shu bugun.
Bo‘z bolalar dup-durust polvon bo‘ldi shu bugun.
– O‘, Panji, bor mulla Donani chaqirib kel. Sholporini minib, tezlab kesin. Avval boshlab bu ishdi shariatga o‘nglamasa, bo‘maydi.
– To‘g‘ri aytasiz, mulla Eshquvvat, oldin nikoh qiyib, juftini halollab olish kerak.
Shu kuni sahar chog‘i Teraklida to‘y, Bozorto‘bada esa, qiyomat qoyim boshlandi. Qo‘chqor Badalning kampiri ayuhannos solib, eshikdan chiqishi bilan el otli-piyoda ko‘chaga chiqdi, Ana-mana gapning tagiga yetguncha tong bo‘zarib otib qoldi. Qochguvchilar qochib qoldi. Oldingisi ikki qirdan, keyingisi bitta qirdan oshib qoldi.
* * *
– Voy otasi, uyimizni kuydirib ketibdi, jigit o‘lgir bul Shodi! Voy, endi nima qilaman? Elding ko‘ziga qanday qarayman! Qo‘shxona olmay, men o‘layin! Taka go‘shi yemay, men o‘layin, endi qaerga boraman! Dodimdi kimga aytaman!
Shovqin-suron erta sahar boshlandi.
– Nima gap? Nima to‘polon saharlab?!
Hamma uyqusirab kalovlanib yuribdi. It egasini tanimay chaparasta hurayotir. Egasi bekasini tanimay, kaltak olib quvayotir.Uyqusi uchgan qo‘noqlar tasir-tusir otlanishayotir. Hammadanam Namoz Go‘lga qiyin bo‘ldi. Boyaqish shoshganidan otni egarlayotib, jahannik qo‘yish yodidan chiqib, yaydoq otga egar bosib qo‘yipti....
– A, savil-a! Shoshganda labbay topilmas deb shuni aytadi-da.
Ko‘zi alang-jalang, atrofiga qaraydi. Hali terlikka, hali digilga, hali bosildiriqqa yugurgilayman deb, qadamida surinadi. Yo‘ldoshlarim ketib, bir o‘zim qo‘lga tushib qolmasam go‘rga edi deb terga botib, urinadi. Mana, nihoyat, otini amallab egarladi-da, irg‘ib mindi.
– Chuv, jonivor, Do‘ltajon! Endi o‘zing qutultirmasang, Shodisi qurg‘ur kecha o‘lib qoldi. Ne bir qorinli raislarning qizlari sochini tarab o‘tirib edi, Shodiga tegamiz deb, bu gapdi eshitib, bari “to‘ram”lab qoldi. Oti to‘satdan jo‘nay berib, taqqa to‘xtadi.
– Seni nima jin chaldi, Do‘ltajon? Nega yurging kelmaydi? Nima Shodiday bo‘b, Badalding g‘unojin biyasiga iliqdingmi senam?
Go‘l jon holatda otning sovrisiga qulochlab qamchi urdi. Qamchi jonidan o‘tgan jonivor Do‘lta uloqchi ot emasmi, shasht bilan turgan joyida sakradi... Sakradi-yu, o‘mbaloq oshib yiqildi. Otining tizgini uzilib, yiqilgan Go‘l turib qarasa, shoshilinchda tizginni qoziqdan yechishni unutibdi. Bog‘lovli turgan otga qamchi solgan ekan, boyaqish.
Dov solib kelgan Qaychilining yigitlari Mansurning kamida to‘p bo‘lib, ancha vaqt qarab turishdi-da, qishloqqa oralagani botinolmay, bir-biriga qarashib, qaytib ketishga bahona izlab, maslahat qilishdi.
– Izdi jetirdik, yigitlar, endi qaerdan izlaymiz ulardi? Momolarding bo‘g‘chasini axtarmaymiz-ku.
– Izlab topdingam deylik, qoluvdorliqlar shul Ashurguldi qaytarib berama, ol deb? Qaytarib bermaydi.
– Izlab topdingam deylik, Ashurguldi qaytarib berdiyam deylik, ol, olib ket deb. Shul Ashurgul senga mingashib, Qaychiliga qaytarmikan?
– Men biluvda shul Ashurgul senga mingashib Qaychiliga qaytmaydi.
– Izlab topdingam deylik, qoluvdorliqlar Ashurguldi qaytarib berdiyam deylik, ol, olib ket deb. Shul Ashurgul senga mingashib Qaychiliga qaytibam borsin deylik. Polvonning yaylovday qo‘ynini ko‘rgan shul Ashurgul Badalding uliga xotin bo‘larmikan?
– Bo‘lmaydi.... shul Ashurgul xotin bo‘lmaydi.
– Ke qo‘y, shul Ashurgulning yo‘lida o‘lib ketmaylik, yigitlar.
– Tuya ko‘rdingma?
– Yo‘g‘a ...O‘rani titi-piti qilib qidirdik, Qoluvdorda izini yitirdik. Otlarding bekordan-bekor ichini kuydirdik.
– O‘zini-chi?
– Yo‘-o‘q. Izi yo‘qning o‘zi yo‘q. Izini yitirdik.
– Qaytamizmi bo‘lmasa?
– Bo‘masa, nima qilamiz? Bo‘gan gapdi elga borib aytamiz.
* * *
Kun peshinga qoyim bo‘lganda Toshbuloqning gazasidan birin-ketin otliqlar oshib tusha boshladi.
– Ana, kelishayotir, egachilar!
– Sana qani, gazadan nechov oshdi?
– Yettov, sakkiz, to‘qqiz, o‘n, o‘n bir, o‘n ikki...Birovi ko‘rinmaydi-ku!
– Qaysi biri yo‘q?
– Qatorda Namoz akaning Do‘ltasi ko‘rinmaydi.
Ayollar jon halak, erlariga alag‘da...
– Hayla, orqada ekan, kelayotir, Namoz aka!
Mulla Eshquvvat shovqinni eshitib, tashqariga chiqdi.
– Ha, ana, bularam kelishdi. Endi yigitlar, to‘yni qaytadan boshlaymiz. Hov kelinlar, tur baring! Atagan, baylaganingni o‘rtaga tashla. Yigitlar omon-eson kelishdi. Bu juda katta davlat. Xudo bulardi tag‘in qaytarib qo‘ynilaringga soldi.
Rostdanam to‘y qaytadan boshlanib, to yarim tungacha davom etdi. Bekmurod Nurumning sarkalari so‘yilib bitdi, yigitlar endi o‘ylab o‘tirmay, Olloqul cholning qo‘rasiga kirishdi. Egasi bexabar, yetti sarka izma-iz so‘yilib, biri tandirda, biri qozonda pishib, yaxshi kunga yaradi.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.