OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bektosh Ismoilov. Muolaja (hikoya)

– Ena, hech bo‘lmasa bir hafta sabr qiling, – deb zorlandi Fayzulla shifoxona yo‘lagidagi panjaraga suyanib.
– Yo‘q, bolam. Ancha yaxshiman. Faqat belimda sal-pal sanchiq bor, dorilarimni ichib tursam, u ham o‘tib ketar.
– Ena, shahardagi eng zo‘r shifoxonalardan biri bu. Sizni bu yerga arang yotqizgandik. Endi andak chidang, yaxshi davolaning, qishloqqa qaytish qochmas.
Buvigul xola kenjasini uylantirgach, o‘rtancha o‘g‘il – Fayzullaning yalinib-yolvorishidan qutulish uchun shifoxonaga yotgan edi. Yo‘q, bu gal bolasiga osongina ergashib jo‘namadi. Axir jonga ishonch yo‘q, ba’zi bir yumushlarni ham ado etish zarur. Yoshligida onasidan har bir qiz farzand uchun ona bitta beshik qarzdor bo‘lishini juda ko‘p eshitgandi. Shuning uchun ham besh qiziga hamma rasm-rusumlari bilan beshik berib bu qarzlaridan qutulgan. Zim­masida o‘tgan yili uzatilgan kichkina qizi Nafisaning bolasiga beshik berish majburiyati qolgan. Shuni ko‘ngildagiday ado etsa, so‘ng... Yaratgandan, qismatdan boshqa o‘pka-ginasi yo‘q.
Buvigul xola shifoxonaga jo‘nashdan bir kun avval qo‘shni qishloqqa tushgan qizlari Dildora bilan Dilbarni chaqirib kenja kuyovi, Nafisaning eriga, quda-qudag‘aylarga anchadan beri yig‘ib qo‘y­gan sarpolarini sandiqdan oldirdi. Beshikni ham yaxshilab bezatib, qudasinikiga berib kelishni ta­yinladi. Qizlari bilan to‘yib-to‘yib suh­batlashdi.
“Uyga hech xavotir bo‘lmang, yaxshilab davolaning, xarajatlarini o‘zimiz qilamiz”, – deya qizlari har ikki gap orasida takrorlab turishdi. Buvigul xola indamaygina bosh irg‘ab qo‘yardi. Ha, turmush tashvishlari bilan bo‘lib sog‘ligi haqida uncha o‘ylamay qo‘ygan ekan. Bu yog‘i qarichilik-da, goh beli sanchadi, goh yuragi o‘ynoqlaydi. Bolalariga bular haqida umuman gapirib bo‘lmaydi. Sal og‘zingdan chiqib ketsa, darrov qo‘ltiqlab kasalxonaga yo‘rg‘alashadi. Shukur, shunday mehribon farzandlar ato etganligi uchun Parvardigorga shukur. Ko‘plar bu hayotga kelib nima ko‘rdim, bir etak bola tug‘ib, ularni boqib odam qilgunimcha umrimning yarmidan ko‘pi o‘tib ketdi, deb nolib yurishadi. Buvigul xola bunday shikoyatlarni hatto xayoliga keltirishga ham cho‘chiydi. Ahyon-ahyon, turmush tashvishlaridan charchagan kezlari goho beixtiyor og‘zidan norizo so‘zlar chiqib ketgan hollar ham bo‘lgan. Bunday paytlari xola darhol tavba ustiga tavbalar qilib qoladi. Eh, eri Tursunboy yonida bo‘lgan kezlari qanchalar baxtiyor edi! Mashaqqatlar butkul ko‘ziga ko‘rinmas edi. Eru xotin qo‘sh ho‘kiz deganlariday, ro‘zg‘or qiyinchiliklarini bahamjihat hal qilishardi. Eng yaxshi dam ularning nazdida hovli etagidagi so‘rida o‘tirib, achchiqqina ko‘k choydan ichib hordiq chiqarish edi. Afsus, taqdir ekan, eri endi yetmishning etagidan tutdim deganida, bandalikni bajo keltirdi. Xuddi kechagidek esida, Tursunboy bobo o‘limidan bir hafta oldin baland qilib osilgan vayishlarga uzoq tikilib ma’yus pichirladi: “Bu bahorgayam yetdik. Keyingisigacha bormizmi, yo‘qmizmi, Xudo biladi”
Birozdan so‘ng sekin o‘rnidan turib namoz o‘qigani uyga kirib ketdi. Erining so‘zlarini Buvigul xola har qanday keksa kishi aytadigan gapga yo‘ydi. Oradan bir hafta o‘tgandan keyin Tursunboy boboni janozasiga qishloqdoshlar to‘planishdi. O‘shanda choli tushmagurning ko‘ngli ketar paytini sezgan ekan. Shularni xayolidan bir-bir o‘tkazaverib dili vayron bo‘ladi. Buvigul xola ham o‘shanda ellik yil bir yostiqqa bosh qo‘ygan cholidan ayrilib, o‘zini ancha oldirib qo‘ydi. To‘g‘ri, bu dunyoda hech kim abadiy yashamaydi. Biroq bir umr tog‘day suyanch bo‘lgan insoningdan kutilmaganda ayrilish har qanday odamni ham dovdiratib qo‘yarkan. Bolalar o‘zi bilan o‘zi ovora. Biroq qishloqdagi do‘xtirlar ham o‘ziga yarasha. Hamma malakali do‘xtirlar, hoynahoy, markazda. Umuman, katta shahar qulayliklariga nima yetsin. Shuning uchun ham o‘rtancha o‘g‘li Fayzulla institutni bitirgach, uning poytaxtda qolib ishlashiga rozi bo‘lishdi. Eri o‘lgach, Buvigul xola goho shaharga, o‘g‘linikiga qishlagali otlanadi. Ammo oradan o‘n kun o‘tar-o‘tmas to‘rt devor orasida yuragi siqilib, yana o‘zining qadrdon qishlog‘iga oshiqadi. Mana, bugun ahvol yana shu. Shifoxonaga yotganiga hafta to‘lmay turib tag‘in uyiga qaytishni istayapti. Ochig‘i, hammasi qizi Dilbarning qo‘ng‘irog‘idan boshlandi. Qizi, nevarasi Asilbek boloxona shifti orasidagi musicha bolasini olaman, deb yiqilib tushganligi haqida gap orasida qistirib o‘tgan edi. Buvigul xola “Voy, sho‘rim”lab joyida o‘tirolmay qoldi. Dilbarning, hammasi yaxshi, tuman markazidagi vrachlar qo‘lini gipslab qo‘ydi, deganlari ham qulog‘iga kirmadi. Yotsa ham, tursa ham nevarasi xayolidan ketmadi. Axir kenjasining to‘ng‘ichi. Zerikkanda ovunchog‘i, charchaganda dastyori edi-da. Fayzulla xabarlashgali kelgandayoq qishloqqa qaytaman, deya injiqlikni boshlab yubordi. Mana, o‘g‘li bosh hakim bilan gaplashish uchun qaygadir ketdi.
Buvigul xola Fayzullani kutib o‘tirarkan, oppoq yostiqqa yonboshlagan ko‘yi pinakka ketganini payqamay qoldi...
 ...Izg‘irin esib turgan emish. Qarasa, Tursunboy bobo bog‘ oralab yurib kelyapti. Hali qishning chillasi bo‘lishiga qaramay, egnida har doim kiyib yuradigan oq yaktak. Yelkasiga ketmonini tashlab olgan, boqqa suv ochib kelaman, deydi.
“Hov, boboy, qiziqmisiz, hammayoq oppoq qor bo‘lsa, daraxtlar hali uyg‘onmagan. Ariqda suv nima qiladi hali. Undan ko‘ra, ustingizga biron narsa kiying, shamollab qolasiz.”
Tursunboy bobo kampirining tanbehlariga par­­vo qil­may, uning qo‘lidan tortdi.
“Qish ham oxirlab qoldi, kampir, bo‘yog‘i ko‘klam. Yur, senga bir narsani ko‘rsataman.”
Choli Buvigulni qator ekilgan giloslar yoniga boshladi. Yozi bilan bu yerdan ariq oqib o‘tganligi uchun har bahorda giloslar tagidan g‘ujum-g‘ujum bo‘lib yalpizlar chiqadi. Buvigul xola ularni keliniga terdirib, ismaloq, jag‘-jag‘ aralashtirib pichak qildiradi.
Bir payt choli uning qo‘lidan ushlab qabriston tomonga torta boshladi.
“Yur, ketamiz, tezroq bo‘l.”
“Shoshmay turing, boboy, hali qiladigan ishlarim ko‘p.”
“Bo‘ldi, shunchasini qilding-ku! O‘ziyam dorilardan qiynalib ketding. Qolganini sensiz ham bir amallashar.”
“Hali ketgim kelmayapti.”
Buvigul xola qo‘lidagi chimillagan og‘riqdan baqirib yubordi. Dimog‘iga allaqanday dorilar hidi urilarkan, sekin ko‘zlarini ochdi. Xayriyat-ey, tushi ekan. Qarshisida bilagiga nina sanchish uchun tomirini qidirayotgan hamshirani ko‘rdi.
– Bugun biroz yaxshimisiz, xolajon. Yana biroz davolansangiz yana ham tuzuk bo‘lardi. Afsus, bu hozircha oxirgi ukolingiz. O‘g‘lingiz sizni olib ketmoqchi, bosh vrach bilan gaplashdi.
O‘sha kuni Fayzulla onasini shifoxonadan olib chiqdi. Davolanish ham chala qoldi. Fayzulla nigohlarini onasining darddan so‘layotgan ko‘z­lariga, keksalikdan emas, mehnatdan qavargan qo‘llari, darddan oqargan sochlariga qadab ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Nahotki, otasi ketgani yetmaganday onajonidan ham ayrilsa...
Xayoliga kelgan yomon fikrdan qo‘rqib ketdi. Yo‘q! Bunday bo‘lmaydi. Onam hali o‘lmaydi! Buning uchun qanday dori-darmon kerak bo‘lsa topaman. Eng zo‘r malakali vrachlarni ishga solaman. Baribir davolashni kechga qoldirmayman, deya o‘ylarkan, ilojsizlikdan qishloqqa qaytishga rozi bo‘lganiga pushaymon yeb o‘tirardi.
– Mayli, ena! Hozircha sizning aytganingizga ko‘ndim. Nevarangizni ko‘rgach, yana bu yoqqa qaytamiz. Muolajani chala qolgan joyidan davom ettirishimiz shart.
Buvigul xola qishloqqa kelib qitmir nevarasi Asilbekni ko‘rdi-yu bahri dili ochildi. Belidagi sanchiq ham o‘z-o‘zidan yo‘qoldi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tsa hamki, o‘g‘li Fayzullaning qistashiga qaramay, Buvigul xola baribir shaharga qaytmadi. U tetik bir kayfiyatda yana turmush tashvishlari bilan andarmon bo‘lib ketdi.
 
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.