U qo‘lidagi kitobni yopib, tokchaga qo‘ydi. Derazadan qaradi – shom vaqti bo‘libdi. Sandal cho‘g‘iga qo‘yilgan obdastani olib, tashqariga chiqdi. Havo juda sovuq. Qor tizza bo‘yi yoqqan. Osmonning oqish rangi qalblarga huzur bag‘ishlar darajada tiniq. Yerdagi oppoq qor va osmon rangi birlashib, uyg‘unlik hosil qilganday ko‘rinar, ayniqsa, daraxtlarning ayrim shoxlari xuddi oq qog‘ozning u yer-bu yeriga qalam bilan chizib qo‘yilgan kabi tasvirga mengzab, ajib manzara hosil qilgandi. Go‘yo bu yerda rassom sen-u, unga xohlaganingni chizishing mumkindek edi.
Uyda o‘tiraverib dimiqib ketgan chol uchun toza havo jonning rohati bo‘lib ketdi. O‘ziga yo‘l ochish maqsadida kurakni olib, bir oz tanasini qizdirmoqchi bo‘ldi. Hojatxonaga qadar ellik qadamlar bor. Tomirlari bo‘rtib chiqqan qo‘llariga tuflab, kurakni ushladi. Ayvondan boshlab, yo‘l ochishga tushdi. Qor zilday ekan, hech qancha yurmasdan harsillab qoldi. Qaddini tiklab, xuddi charchoqlardan xalos bo‘ladigandek chuqur uh tortdi. Og‘zidan chiqqan hovur sekin-asta bostirib kelayotgan oqshom zulmati ta’sirida yo‘q bo‘layotgan oppoq tabiat qo‘ynida ko‘zga ko‘rinmay ketdi. Chol shunda e’tibor berdi – agar shoshilmasa, namozshom o‘tib ketishi mumkin. Yana bir oz shunday turgach, o‘z ishiga sho‘ng‘idi...
O‘n besh daqiqa ichida manziliga yetib bordi. Peshonasidan ter quyilardi. Dam olish uchun bir chekkaga cho‘kkaladi. Qo‘ynidan durrasini olib, manglayidagi reza terlarni arta boshladi. Qishda terlab ishlash yaxshi-yu, lekin sovuq urib ketishi chakki-da. Oqshom tobora kunni yengib kelardi. Osmon toqida bir kichkina yulduz xira bo‘lsa-da, nur sochishga tirishardi. Uni ko‘rib, cholning yuziga tabassum o‘rmaladi. Go‘yo shu yulduz ham oppoq qor lashkarini yorib o‘tmoqchi bo‘layotgan cholga o‘xshab qolgandi. Lekin u bor kuchi bilan harakat qilayotgandek edi. Chol ham: «Shu mitti yulduzchalik bo‘lolmaysanmi?» – deb o‘yladi-yu, shahd o‘rnidan turdi.
Obdastadagi suv ham sovib qolibdi. Biroq chol buni sezmadi yoki umuman e’tibor bermadi. Hozir uning xayollari boshqa samolarda parvoz etardi. Shomni o‘tkazib yubormaslik niyati ham qalbining bir chetida xira nur sochib turgani uchun asta qadam tashladi...
Ikki yonboshiga salom berib, asta o‘rnidan turdi. Joynamozni yuqoriga, o‘z joyiga qo‘yib, bir muddat sukut ichida qoldi. Endi qorin g‘amini yeyishi kerak. O‘ziga qolsa, ishtahasi ham yo‘q, ammo qorni xafa bo‘lishi mumkin. Uning arazlashi esa sog‘liqqa ham ta’sir etishi tabiiy. Shuning uchun kechki ovqat tashvishiga tushdi. Plitaga choy qo‘yay desa, doimgidek bu paytda chiroq o‘chgan. «Qurmagurlar, shuni o‘chirmasa, nima bo‘larkin?» – deya odatdagiday xayolidan o‘tkazdi chol. Yaxshiyamki, termos degan matohi bor ekan. Ertalab shunga qaynoq suv solib qo‘ygandi. Hali ham issiqqina turibdi. Tokchadan likopchada oqqand va gulli durraga o‘rab qo‘yilgan yarimta nonni olib, sandalga o‘tirdi. Termosdan piyolaga suv quyib, oqqand soldi. Oqqand xuddi tashqaridagi qorning nursiz quyosh jilvasidagi oppoq havoda erishiga o‘xshab, dog‘ suv ichida mayda zarralarga ajrab ketdi. Keyin u sal suvi qochgan nonni ham piyolaga botirdi. Ko‘zlarini bir nuqtaga qadab, o‘yga toldi. Chamasi u boyagina o‘qigan kitobi haqida o‘ylardi. Maktabda qorovullik qilib yurgan paytida bir yigit zerikib qolmasligi uchun unga tashlab ketgan kitob hozirda eng yaxshi ovunchog‘iga aylangandi. Shu-shu, bu kitob uning ajralmas do‘sti bo‘lib kelmoqda. Hozirgacha necha marta o‘qiganini ham eslay olmaydi. Lekin har mutolaa paytida yangicha ma’no topadi. Ba’zan esa o‘z-o‘zidan va soddaligidan hayratga ham tushib qo‘yadi. Nahotki, shunday katta asar bitta cholning so‘zlari, o‘y-xayollari bilan o‘tib ketsa?! Yozuvchi shuncha gapni qaerdan olgan ekan-a?
U suvda ivigan va oqqandning mazasi yuqqan nonni tishladi. Shu tishlagan bo‘lagini erinmasdan uzoq chaynadi. So‘ng shirin choyni simirib ichdi. Rohatlanib «vah», deb yubordi... Qorin masalasi hal bo‘lgach, asta o‘rnidan turib, non bilan oqqandni yana joyiga qo‘ydi. Tokchada yonib turgan shamni olib, yotadigan joyiga o‘rnatdi. Keyin boya shu tokchaga qo‘ygan kitobni olib, joyiga yotdi. Kitobni sham yorug‘iga tutib, kelgan yerini topib, ochdi. Shunda o‘zini ham cheksiz dengizda suzib yurgan qayiq ustida o‘tirgan asar qahramoni — Choldek tasavvur qildi: qo‘llarining kafti ancha qavarib ketgan, buning ustiga ochlik ham Cholning sillasini quritgandi. Harflar sekin-sekin chaplashib, muayyan bir shaklga kira boshlaganda uning ham kipriklari go‘yo og‘ir narsa qo‘nganday asta qoqildi-da, ko‘zlari chuqur oh tortganday yumildi...
U o‘zini cheksiz bir yalanglikda ko‘rdi. Atrof oppoq qor. Hech zog‘ yo‘q – yerda ham, osmonda ham. Bir o‘zi qalin qor bosgan cho‘lda turardi. Negadir o‘zini horg‘in sezdi. Boshi og‘irlik qilganday yerga egildi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, uning tanasi saksovulga aylanib qolgandi. Qimirlasa, hech yerga jilmaydi. Faqat kallasi bilan tevarakni kuzatishi mumkin. Izg‘irin tanasidan o‘tib ketdi shekilli, ingrab yubordi. Buning ustiga, qorni rosa ochgan. Negadir juda suvsagan ham edi. Shamol saksovul shoxlarini havoda uchirar, bu esa unga rosa azob berardi. Alamdan baqirmoqchi bo‘ldi, lekin ovozi chiqmadi. Balki chiqqandir, biroq uni eshitadigan biror kimsa ko‘rinmasdi.
Shu alfozda ancha vaqt qotib turdi. Xuddi ikkala qo‘lini ikki tomonga tortib boylab qo‘ygandek boshini osiltirgancha faqat ingranardi. Shu payt qaerdandir boyagi Chol paydo bo‘ldi. O‘zining qayig‘ida. Uning yoniga kelib, qo‘lini cho‘zdi-yu, lekin nogahon siltanib ketdi. Yelkasidagi chilvir Cholni tortib ketgandi. U o‘zini o‘ngladi, ammo qayiq juda katta tezlikda uzoqqa ketib bo‘lgan edi...
U cho‘chib, uyg‘onib ketdi. Yuziga quyosh nuri tushibdi. Yonida esa boyagi kitob. Ko‘rgan tushining ta’siridan qutulib, hushiga kelgach, bomdod qazo bo‘lganini angladi. O‘rnidan qo‘zg‘almoqchi edi, oyoqlari qimir etmadi. Qo‘llari bilan oyoqlarini jildirmoqchi bo‘ldi. Shunda kaftlari qavarib ketganini ko‘rdi. Kecha qor kuraganiga bo‘ldimikan? O‘rnidan turolmagach, bir muddat jim qoldi. U faqat kallasi bilan tevarakni kuzatishi mumkin edi. Sandaldagi cho‘g‘ ham allaqachon o‘chgan, shuning uchun izg‘irin tanasidan o‘ta boshladi. Ancha vaqtgacha shunday yotdi. Bular kamlik qilganday oshqozon surnay chalishga tushdi. Negadir rosa suvsagan ham edi. Lekin yordam beradigan odam yo‘q. Baqirgani bilan uning sust ovozini hech kim eshitmasdi.
Tasodifan xayoliga qayiqda o‘tirgan Chol keldi. Choldan ko‘mak so‘ramoqchi bo‘ldi. «Xudoyim, yeldek kel-u, seldek ol». U endi qanday madad so‘rashni bilardi. Qo‘lidagi kitobni ko‘ksiga qo‘yib, tilida bir nimalarni pichirladi va ko‘zlarini yumdi. Uzoqdan bulutlar uyumini yorib chiqishga muvaffaq bo‘lgan yorqin yulduz charaqlay boshladi. Go‘yoki u cholni o‘ziga chorlayotganday bir ko‘z qisib qo‘ydi. Buni ko‘rib, cholning lablariga xiyol tabassum yugurdi. Shundan keyin qayta ko‘zlarini ochmadi...
Boya charaqlagan yulduz yonida kattaroq yana bir yulduz paydo bo‘ldi...